Aql bilan boylik topish mumkin, lekin boylik bilan aql topib bo‘lmaydi.
Faylasuf fikri.
Bir vaqtlar yapon maktablaridan birida insoniyat tarixidagi eng buyuk kashfiyot nima, degan so‘rovnoma o‘tkazilgan ekan. So‘rovnoma ishtirokchilari o‘z javoblarida olov, dvigatel, mashina, telefon, televizor, atom bombasi, elektronika, xullas o‘zlari eng zo‘r deb bilgan 100 ga yaqin ixtiro va kashfiyotlarni tilga olgan. Lekin hay’at a’zolarini hayratga solgan 6-sinf o‘quvchisining ushbu javobi ma’qul bo‘lgan ekan: “Eng zo‘r kashfiyot — bu kitob”.
Hay’at a’zolarining nima uchun aynan kitob, degan savoliga u “Qolganlarning fikrlari ham to‘g‘ri, lekin kitob bo‘lmasa, ularning birortasi ham ixtiro qilinmasdi-ku”, deb javob bergan.
Nazarimda, o‘zini anchayin ziyoli, aqlli deb biluvchi ko‘pgina katta yoshdagilar ana shu 12 yoshli qizchaning darajasiga yetmagan ko‘rinadi… Jahon adabiyotida kitob, umuman, mutolaaning insoniyat tafakkuriga, dunyo taraqqiyotiga qanchalik samarali ta’sir ko‘rsatishi borasida ko‘plab allomalar, mashhur ijodkorlarning fikrlari keltirilgan va bu bejiz emas, albatta. Shu o‘rinda o‘zimning ayrim kuzatishlarimni aytib o‘tmoqchiman.
London metrosida qiziq bir holatni ko‘rganman. Vagonlarning u yer bu yeridagi bo‘sh o‘rindiqlarda gazeta-jurnallar yotadi. Kirgan kishi ularni bemalol olib o‘qib, tushadigan joyida yana tashlab ketaverarkan. Umuman, bu shaharda 3 qavatli, eskalatorli kitob do‘konlarini ko‘rib havasingiz keladi. Uzunligi 3-4 km. masofaga yetadigan, bir ko‘chaning boshidan boshlanib keyingisiga ulanib ketadigan kitob rastalari mavjud. Bu tom ma’noda kitoblar olami. Uni kezib, butunlay o‘zgacha ruhga tushasiz, o‘zgacha manzarani tuyasiz, beixtiyor dunyoni, odamlarni yanada yaxshi ko‘ra boshlaysiz, yaxshi ishlar qilgingiz kelaveradi. Ongingizda ezgulik uyg‘ota olgan bu kuch — kitob sehridir. Shundan so‘ng haqiqatan eng zo‘r kashfiyot — kitob, degan fikrga tan berasiz.
Ayni paytda bizda nega bunday rastalar ko‘rinmay qoldi, degan savol tug‘iladi. Albatta, ko‘p qavatli yoki bir-ikki chaqirim bo‘lishi shart emas, lekin kitob do‘konlarining sahrodagi “yakka quduq” darajasiga tushib qolishidan xavotirlanish kerak. Hali ham respublikamizda kitob do‘konlari yo‘q tumanlar ko‘p desam, ishonavering.
To‘g‘ri, nashriyotlar uchun shahardan yer sotib olish, bino qurish mushkul ish bo‘lishi mumkin, shu ma’noda bu ishlarni hokimliklar fuqarolar ma’naviyatini o‘ylab o‘z zimmasiga olishi kerak. Hozircha “Sharq” nashriyoti o‘z sa’y-harakati bilan ko‘pgina viloyatlarda kitob markazlarini ochdi. Farg‘ona viloyatida esa deyarli barcha tumanlarda shunday zamonaviy ko‘rinishdagi markazlar, ya’ni kitob do‘konlari tashkil etilgani ko‘ngilga biroz taskin beradi. Masalaning iqtisodiy tomonini olganda ularni qurish, ta’mirlash, jihozlashga tabiiyki ancha mablag‘ ketadi. 30 ga yaqin shoxobcha ochishga ketgan xarajatlar hali iqtisod nuqtai nazaridan o‘zini qoplamagan bo‘lsa-da, ma’naviyat, ma’rifat mezonlari bo‘yicha yaxshi ish bo‘ldi. Qolgan viloyatlar ham bu jarayonga yanada faol qo‘shilishsalar, degan istakdamiz.
Bugun noshirlar uchun ma’naviy va mafkuraviy, g‘oyaviy jihatdan yuksak ruhdagi kitoblarni chop etish anchayin ahamiyatli, nufuzli. Ammo aholi ularga qanchalik ehtiyoj sezayapti, ya’ni ular qanchalik sotib olinayapti degan savol tug‘iladi. Besh-olti yil oldin nashr qilganimiz, durdona asarlar “Avesto”, “Boburnoma”, “Abdullanoma”, “Zafarnoma”, “Navoiy asarlariga ishlangan miniatyuralar” kabi kitoblar endi-endi sotib bo‘lindi. Ochig‘i, ularni yana qayta nashr qilishga o‘ylanib qolasan, kishi. Vaholanki, ushbu kitoblar atigi 3 ming nusxadan chop etilgan, xolos. Nega shunday? Gap nimada? Shu o‘rinda mashhur nemis Yozuvchisi German Gessening “Kitoblar sehri” asaridagi shunday fikrlari esga tushadi: “Ayrim kishilarning bema’ni ko‘ngilxushlik, pivo yoki arzimas lash-lushlar uchun ko‘zini chirt yumib, xarjlayotgan pullarining yuzdan birini kitobga sarflashga kelganda og‘rinishi hayratga soladi kishini”.
Kitobni e’zozlash orqali insonlar o‘z xalqini ham e’zozlaydi, sharaflaydi. Braziliyalik Paulo Koyeloning “Alkimyogar” asari dunyoning 70 dan ortiq tillariga tarjima qilingan. Lotin Amerikasida eng ko‘p sotilgan bu asar “Ginnesning rekordlar kitobi”dan o‘rin olishga sazovor bo‘ldi. O‘zini savodli deb bilgan har bir braziliyalikning uyida bu kitob saqlanarkan. Ular nafaqat Braziliya futboli, shuningdek, yaxshi kitoblari bilan ham faxrlanarkan.
Albatta, chop etilayotgan kitoblarimiz adadi, kitobxonlar nufuzi qanday degan masalani chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Hozir badiiy adabiyotning o‘rtacha adadi 3-5 ming nusxaligidan bizda o‘quvchilar soni shu ko‘lamda ekan-da, degan xulosa chiqmasligi kerak. Aksincha, bu bizning u yoki bu kitobni o‘quvchiga yetkazib berish imkoniyatimizni ko‘rsatadi, xolos. Agar kitoblarni joylarga yetkazib berishni yaxshi yo‘lga qo‘ysak, nafaqat viloyat markazlarida, tumanlarda, qishloqlarda kitob do‘konlari tashkil qilinsa, o‘rtacha kitobning adadi kamida 50 ming nusxada bo‘lardi. Bu quruq adad ketidan quvish emas, balki shunda kitobning narxi ham hozirgidan 3-4 baravar arzonlashardi. Mana gap qayerda!!! Kitob adadi kamaygan sari uning narxi ham oshib boraveradi-da.
Mana shu faktdan ko‘rinib turibdiki, mamlakat miqyosida kitob savdosini yaxshilash lozim. Hozircha nashriyotlar o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib, chiqargan adabiyotini o‘zi sotish bilan ovora (“O‘zkitobsavdo” tashkilotining bu jarayondagi ishtirokini sezayotganimiz yo‘q). Biz keyingi yillarda “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”ni 3-4 marta qayta nashr qildik. Lekin shu yillar davomida na “Urush va tinchlik”ni, na “Anna Karenina”ni, na “Jinoyat va jazo”ni chop etdik. Sababi — botinolmadik. Jazm qila olmayapmiz. Nega? O‘qilarmikin, sotilarmikin? “Azizim”, “Dekameron” kabi kitoblarga kim nima derkin? Noshir ahlini qiynaydigan doimiy savollar bular.
O‘tgan yili “Sharq” nashriyotida 100 dan ortiq nomda, umumiy adadi qariyb yarim million nusxada adabiy-badiiy, tarixiy, bolalar adabiyoti asarlari chop etildi. Azaldan “Sharq”da badiiy adabiyotga alohida e’tibor berilishini nazarda tutsak, qolgan nashriyotlarni ham qo‘shib hisoblaganda, 2-3 million nusxada, boring 500 nomda kitob chiqariladi. Respublikamizda kitob o‘qish salohiyatidagi aholini yurtimizda 15 million kishi deb olsak bu raqamlar qo‘pmi yo ozmi, o‘zingiz xulosa chiqaravering.
“Oynai jahon”da “Bizning kutubxona” degan ko‘rsatuv bor. Unda yaqinda o‘quvchilarni kitobxonlikka o‘rgatish haqida gap ketdi. Yunusoboddagi maktablardan birining adabiyot o‘qituvchisi Mahmuda Valiyeva bilan suhbat bo‘ldi. Opa matbuotda ham muntazam chiqib turishini bilaman. Dars o‘tishning yangi, o‘ziga xos, o‘quvchilarni kitobni sevishga undovchi usullardan gapirdi. Masalan, oqsoqol adibimiz Xudoyberdi To‘xtaboyev shu maktabda 10 martadan ortiq bo‘lgan ekan. Darsni birga o‘tisharkan, bolalarga baholarni Yozuvchimizning o‘zi qo‘yarkan. Tasavvur qiling, Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘zidan baho olish, boringki, u “uch” baho bo‘lganda ham qanday hayajonli! “5” olganlarga o‘zlarining kitoblaridan dastxat tushirib berarkan. Opaga qoyil qoldim, Xudoyberdi akaga undan ham. Shu yoshda ham tinmaydi, yo maktabda, yo oynai jahonda kitob targ‘ib qiladi, sovg‘a qiladi. Nazarimda, ustoz bormagan, yoshlarni kitobga qiziqtirmagan, rag‘batlantirmagan maktab qolmagan-ov!
Bu maktabga Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjonlar ham tez-tez borib turisharkan. Kitob targ‘ibotining eng faol jonkuyarlari bolalar adiblari shekilli. Kattalarga yozadiganlar uchun bu “kichik” masala bo‘lsa kerak.
Tohir Malik borganda bolalar “Shaytanat”dan lavha sahnalashtirishibdi. Buni ko‘rib, Tohir aka:
— Bolalarni biroz qiynab qo‘yibsiz. Lekin o‘ylab qarasam, “bolalarbop sahna asarlarim yo‘q ekan. Endi albatta yozib beraman”, — debdi.
Shu maktab adabiyot o‘qituvchisidek opalar ko‘paysa, qaniydi. Qolaversa, har xil nishon, belgilarimiz bor. “Kitob jonkuyari”, “Kitobsevar” kabi nishonlarga ham ehtiyoj bor, shekilli. Kitob kunlari, haftaligi, oyliklari susayib ketdi. Soha rivojiga xizmat qiladigan katta-katta tadbirlar ham o‘tkazish maqsadga muvofiq. Kitob ko‘rgazmalari, bayramlari, kitob lotereyalari, kitoblarga imtiyozli obunalar tashkil qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Bir vaqtlar Kitobsevarlar jamiyati bo‘lardi, yaxshi narsani qayta jonlashtirish xijolatli ish emas. Umuman maktablarda o‘quvchilarning kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish uchun kitob o‘qish yoki “mutolaa” degan qo‘shimcha predmet kiritilsa, qanday bo‘larkin?
Erkin Malikov degan hamkasbimiz bor. Bolalar kitoblari chiqsa, xuddi nevara ko‘rganday boshi osmonga yetadi. O‘sha kitobni “oynai jahon”ga, radioga olib boradi, targ‘ib qiladi, gazetalarga taqriz qiladi. Muallifini yoniga olib maktabma-maktab yurib, uchrashuvlar, taqdimotlar uyushtiradi. Ishxonasida bolalar kitoblarining mo‘jazgina ko‘rgazmasini tashkil qilib, “Bolaning bir qo‘liga non, bir qo‘liga kitob bering” deb shior yozib qo‘ygan. Menga qolsa, bu shior barcha maktab, mahalla, kutubxonaga, hatto metro, avtobus, tramvaylarga ham joylashtirilishi kerak. Bolada nonga bo‘lgan oiladagi tarbiya, munosabat, hurmat kitobga nisbatan ham shakllanishi darkor. Bu ko‘nikmani bolalar ongida biz ota-onalar shakllantirishimiz lozim bo‘ladi. Erkin aka shahardagi bolalar shifoxonalaridan birida kitob burchagi tashkil qilgan. Yangi kitob chiqsa, olib borib berib keladi. Boshqa nashriyotlarda chiqqan kitoblarni ham yetkazadi. Umuman, shifoxonalarda, dam olish uylarida, sanatoriylarda kutubxona, boringki, mo‘jazgina burchak tashkil qilish uchun katta mablag‘, harakat kerakmas-ku. Qolaversa, kitob ham muolajaning bir shaklidir.
Kitobsiz hayot yo‘q desak, kitobsiz ham umr kechirayotgan, kechirganda ham boy-badavlat, to‘kin-sochin yashayotganlar yetarli. Qo‘liga kitob ushlamagan baxtli bo‘lolmaydi deb ham aytolmayman, baxtli yashayotganlar bisyor. Faqat hamma gap baxtni kim qanday tushunishida. Mening nazarimda hayot — tirikchilik, ma’naviyat — tiriklik. Qorinni to‘yg‘azish mumkin. Ma’naviyatni-chi? Qalbni-chi? Imon-e’tiqod, ezgulikni-chi? Ularni kitobsiz, ilm-ma’rifat ziyosisiz to‘ldirib, to‘yg‘azib bo‘larkanmi? Kitob o‘qigan odamdan yomonlik chiqmaydi, sotqinlik chiqmaydi. U o‘zini kamroq, yurtni, millatni ko‘proq o‘ylaydi. U xudbin bo‘lmaydi.
“Sharq” nashriyotida hozir bolalar adabiyotiga, lotin imlosidagi asarlarga ko‘proq e’tibor qaratilayapti. Farzandlarimiz ertaga dunyoga yuz tutganlarida hamma bilan barcha sohada bab-baravar fikrlasha olsinlar degan yaxshi niyatda bu ishga qo‘l urilgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu kelajakka sarflangan o‘ziga xos investitsiya. Lekin, afsuski, kelajak uchun qilingan sa’y-harakatga bugun mablag‘ berilmaydi. Yarim hazil, yarim chin ma’nodagi bu gapimni tushuntirsam, hozir ayrim, ayniqsa, kichik, xususiy nashriyotlar faqat pulli kitoblarnigina yoki tez pul bo‘ladigan oldi-qochdi “narsa”larni chop etayotgan yoki boshqa bir nashriyotlar davlat byudjeti hisobidan chop etiladigan darsliklarnigina poylab ishlayotgan bir paytda ma’naviyatga xizmat qiladigan adabiyotlarni chop etish bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida uzoqni emas, bugunni ko‘ra bilmaslikka o‘xshab ketadi. Lekin shu ishlar ham qilinishi kerak-ku. Aytaylik, hamma ham bugun Shukur Xolmirzayevning 4 tomlik, O‘lmas Umarbekovning, Said Ahmad, Tog‘ay Murodning 3 tomlik asarlarini chop etishga jazm qilolmaydi. Chunki bu kitoblar tezda sotilib ketmaydi. Pulini qoplashiga bir-ikki yil vaqt ketadi. Ikki yilda xarajatini qoplagan loyiha bugungi kun uchun samaralimi? Ammo bu asarlarni xalqqa yetkazish burchimiz. Beixtiyor ma’naviyatga xizmat qiladigan adabiyotlarni chop etishga muayyan imtiyozlar yaratish kerakmikan, deb o‘ylab qolasan.
Mustaqillikning muhim shartlaridan biri — barcha sohalarda dunyoga chiqish. Mana, sportchilarimiz dunyoni zabt etishmoqda, ishlab chiqarishda jahon andozalariga tenglashayapmiz. Noshirchilikda ham xalqaro darajaga ko‘tarilish bosh vazifamiz. Bunga baholi qudrat erishayapmiz ham.
Ilgarilari yaltiroq, rangli kitoblar, albomlar Turkiyada, Germaniyada, Malayziyada bosib kelinardi. Hozir birorta kitob chet davlatda bosilmaydi. Hammasi o‘zimizda, xorijnikidan qolishmaydigan o‘z nashriyotlarimizda nashr etiladi.
Har yili Germaniyaning Frankfurt shahrida eng yirik xalqaro kitob yarmarkasi bo‘ladi. Deyarli har yili mamlakatimiz nashriyotlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishadi, sovrinlar olib kelishadi. Dunyo bizga noshirchilik — matbaachilik sohasida ham tan bermoqda. Shu o‘rinda bir gapni ham aytib o‘tay. Frankfurt yarmarkasida “Dunyoni kitob qutqaradi” deb yozib qo‘yilgan. Men tashkilotchilardan qiziqsinib so‘radim:
— “Dunyoni go‘zallik qutqaradi”, degan gap bor. “Dunyoni iste’dod qutqaradi” deganini eshitganmiz. Lekin bunisi tadbir bahonasida so‘z o‘yini emasmi?
Ular kulib shunday deyishgani esimda: go‘zallik ham, boringki, u xoh ichki, xoh tashqi go‘zallik bo‘lsin, iste’dod kabi kitob orqali yaratiladi. Chunki kitob go‘zallik va iste’dod uyg‘unligining mevasidir.
Bu gapga bir narsa qo‘shish qiyin. Mening birdan-bir orzuim bor. Bayramlarda, tug‘ilgan kun, to‘ylarda yaqinlarimizga kitob sovg‘a qilishni odat qilsak, qandoq ajoyib ish bo‘lardi. To‘ylarda qilinadigan sarpolarning sanog‘i yo‘q. Ularni kamaytirish hisobiga yana bir sarpo qo‘shilsa — kitoblar taxlami. Qilingan garnitur, mebellar to‘plami turli billur idishchalar, vaza, qadahchalar bilan to‘ldiriladi. Lekin uning kitobga mo‘ljallangan joyi ham bor. Ko‘p holda kuzatganman ana shu joy yo bo‘sh turadi yoki u yerga ham ko‘z-ko‘z qilinadigan buyumlar qo‘yib tashlashadi. Vaholanki, asosiy vazifasi mehmonlar oldida “obro‘, havas, maqtov” olib berish bo‘lgan bunday buyumlardan farqli ravishda kitoblarga mehr qo‘ygan kishiga ular bir umrlik do‘st, ziyo chashmasi bo‘lib xizmat qiladi. Faylasuflardan biri “Aql bilan boylik topish mumkin, lekin boylik bilan aql topib bo‘lmaydi” deb bejizga aytmagan.
Bir necha yil oldin bir do‘stimning tug‘ilgan kuniga “Boburnoma” kitobini sovg‘a qilib bordim. Atrofda o‘tirganlar ichida hayron bo‘lganlari ham, ensasi qotganlari ham bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tib qariyb o‘sha davrada o‘tirganlar yana do‘stimnikida yig‘ildik. “Boburnoma” chiroyli javonning eng ko‘zga ko‘rinarli joyida turardi. Hammaning e’tibori shunda bo‘ldi. Ketishda o‘shanda ensasi qotgan ikki tanishim meni sekin chetga tortib, shu kitobni qayerdan topish mumkin deb so‘radi…
Shu-shu bu odatimni kanda qilmayman.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).