Yoqubjon Xo‘jamberdiyev. Bulutli kunlar

I

Tun yarimlab borayotgan edi. Qaylardadir shoshqaloq xo‘rozlar bu haqda qichqirib ham bo‘lishdi. Sog‘uniy domla nafl namozlari, tasbeh va salavotlarini ado etgach, joynamozdan turib tashqariga yo‘naldi. Savr osmoni tiniq edi. Garchi tabiat hali-zamon bahor quchog‘ida bo‘lsa-da, ammo havo xuddi yozdagidek iliq… Negadir yil quruq keldi. “Bu nimaning alomati ekan, – o‘yladi Sog‘uniy domla. – Ishqilib oxiri bahayr bo‘lsin-da…”

U ana shunday o‘ylar bilan yerto‘laga tushdi. Gugurt chaqib, burchakda turgan shamni yoqdi. So‘ng uni ko‘targancha yerto‘la ichkarisiga yurdi. Eng chetdagi un qutini nari surib, uning ostidagi tuproqni qo‘li bilan bir chetga oldi. Tuproq ostidan silliq to‘rt burchak yog‘och qopqoq ko‘rindi. Uning atrofini tuproqdan obdon tozalab, so‘ng qopqoqni ochdi. Qopqoq ostidan esa to‘rt tarafi zahdan yog‘och bilan ihotalangan kattagina kovak ko‘rindi. Bu joyda domlaning qo‘lyozmalari saqlanadi. U daftarlar orasidan birini ko‘zdan kechirib oldi-da, keyin kovak og‘zini qaytadan yopib, ustiga tuproq tortdi, so‘ng un qutini joyiga surib qo‘ydi. Shu ishlarni bajarib bo‘lib edi hamki, quti ustiga qo‘yilgan sham “lip” etib birdan o‘chdi-qoldi… Sog‘uniyning yuragi bir hapriqdi. Chap qo‘lidagi daftarni qorong‘uda paypaslab quti ustiga qo‘ydi-da, kissasidan gugurt olib shamni qayta yoqdi. Ammo gugurtni kissasiga solib ulgurmay, sham yana o‘chdi. “Bizga nima bo‘lyapti? – xayolidan o‘tkazdi Sog‘uniy domla. – Alloh, o‘zingdan boshqa panohimiz yo‘q. Yo‘q qilguvchi ham, bor qilguvchi ham o‘zingsan. Bandalaringdan rahm-shafqatingni darig‘ tutma…” Nogoh Sog‘uniy ko‘z oldiga Frunze[1] shahridagi akasi Olimxonto‘ra keldi. O‘smirlik paytlarida u bilan birga Saudiya Arabistonida o‘qigan kezlarini esladi. Olimxonto‘ra uzoq yillar davomida Qirg‘izistonning muftiysi vazifasida turdi. “Bu shamning o‘chishi nimadan ekan?”, deb yana xayolidan o‘tkazdi. Akasi kasal edi. Yaqinda Abdulla do‘xtir bilan borib, muolaja qilib kelishgan.

O‘shanda akasining betobligi haqidagi xabarni eshitib, qalbi g‘amga to‘lib o‘tirgan payti eshikdan shogirdi Abdulla do‘xtir kirib keldi.

– Yaxshi keldingiz-da, bo‘tam, – dedi Sog‘uniy Abdulla do‘xtirga qarab. – Akam Olimxonto‘ra betob yotgani haqida xabar  yetkazishdi…

– Farzandlardan birovini yetaklab, borib keling unda, ustoz, – dedi Abdulla do‘xtir domlaning ezgin ahvoliga qarab.

– Yo‘q, sizni olib ketaman, – dedi dabdurustdan Sog‘uniy Abdulla do‘xtirga  qarab. – Bu yerda turib bemorning qanday ahvolda ekanini bilmaymiz. Uning kasali ham bizga noma’lum. Qayerda bo‘lmayin, umrimning bir qismi kasallarni davolash bilan o‘tmoqda. Mening bu ishlarim avvalo, Allohga tavakkul, qolaversa, xalq tabobati tajribalariga asoslanadi. Ayni paytda men ayrim so‘qir tabiblar misoli bugungi  tabobatni inkor etmayman. Bularning har ikkalasining ham maqsadi bitta – shifo ul-ilal. Shundoq ekan, qani ko‘raylik-chi, bu ishda siz qanchalik mahoratga erishdingiz ekan.

– Meni sinamoqchimisiz, ustoz? – Abdulla do‘xtirning ovozi qaltiradi.

– Yo‘q. Sizni sinab bo‘lganman. Olgan ilmingizdan odamlar bahra olsin deyman, –  Sog‘uniy Abdulla do‘xtirga jiddiy qaradi…

 

* * *

– Kimdir aytmish ekan: “Sayr ham sayr, sargardon ham sayr” deb. Axir o‘zingiz ham bu yerlarga kelgunga qadar ozmuncha sargardonlikni boshdan kechirdingizmi, o‘g‘lim, – dedi Sog‘uniy domla “Toshkent-Frunze” avtobusiga o‘tirishgach, Abdulla do‘xtirga. – Mana endi, ham savobat, ham sayohat, deganday yana yo‘l yurishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Bu dunyoda oshxo‘rga osh, nonxo‘rga non doim muyassar bo‘lmasa-da, ammo yo‘lchiga yo‘l doim muhayyo. Zero, ota-buvangizni ham bilar edim. Buvangiz asli Marg‘ilonlik bo‘lib, ismlarini Muhammadamin Afg‘on choyfurush deyishardi. Hindustonu Kashmir yo‘llari u kishiga yod bo‘lib ketgan. Choy savdosi bilan shug‘ullangan. Marg‘ilonda o‘nlab choy do‘konlari o‘sha buvangizga qarashli edi. Chor Rusiyasining bosqini barchani xar tomonga tirqiratib yubordi. Otangiz Boybuva xojining yo‘li esa bizga o‘xshab G‘uljaga tushdi…

Abdulla do‘xtirga shularni aytar ekan,  Sog‘uniy uzoq o‘yga toldi. Umrim  mana, sakson yoshdan o‘tayapti, hamon   yo‘ldaman.  Shu muddatning yo‘q deganda oltmish yili ota Turkistonda kechdi. Qayerda bo‘lmayin, dinsizlikka, jaholatga qarshi goh qurol bilan, goh so‘z bilan kurashib keldim. Uning  xayolidan Nikolay ikkinchining 1916 yil yozining ayni chillasida chiqqan farmoni o‘tdi. Mazkurga muvofiq imperiyadagi g‘ayrirus aholining erkaklarini harakatdagi armiya turgan rayonlarda mudofaa inshootlarini va harbiy aloqa yo‘llarini qurish ishlariga, xuddi shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan  boshqa har qanday ishlarga safarbar qilish aytilgandi. Turkistondan mehnat armiyasiga 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 250 ming ishchi olinadigan bo‘ldi. Bu degani har bir hovlidan bittadan jon, demakdir. Hatto tul qolgan xotinlardan ham yakka-yu yagona farzandini mardikorga jo‘natishi talab etildi. Mana shunday aholi o‘z boquvchisidan ayrilib turgan bir paytda mustabidlar tomonidan “Har qanday mahalliy kishi boshqa odamni yollashi va o‘zining o‘rniga jo‘natishi mumkin” degan ko‘rsatma keldi. Ana shu ko‘rsatma shundoq ham paymonasi to‘lib turgan xalqning oyoqqa qalqishiga sababchi bo‘ldi. Chunki bu ko‘rsatma bilan boy-badavlat kishilar o‘z bolalari o‘rniga pul berib, beva-bechoralarning, yerni tatalab kun ko‘rayotgan dehqonlar, chorikorlar farzandlarini mardikorlikka jo‘natishga ruxsat berildi. Endilikda yuz minglab oddiy aholining boquvchisiz qolishi tayin edi. Shu bois  farmonga kelgan qo‘shimcha ko‘rsatma xalqning to‘lib turgan paymonasini toshirib yubordi… O‘sha paytlarda Qozon shahrida chop etiladigan “Vaqt” gazetasida: “turkistonlik boylarning o‘z bolalari o‘rniga 1000-1500 so‘m to‘lab odam yollaganlari” ham yozildi. Rus mustabidlarining bunday tutumiga qarshi butun O‘rta Osiyo, jumladan, Yettisuvda ham noroziliklar kuchaydi. O‘lkadagi qo‘zg‘olonlar farmon chiqqandan o‘n besh-yigirma kun o‘tib, uni amalga oshirish boshlangan paytda, dastlab O‘sh uyezdining Xo‘jaobod qishlog‘ida, Andijon Jome masjidi oldida jamoatning ko‘tarilishi bilan boshlandi, deb eshitdim. Uzun-quloq gaplar ko‘payib turdi. O‘sha paytlari otamiz Shokirxonto‘ra To‘qmoqda qurgan masjidda imomlik qilib turardim. Tirikchiligimni esa dehqonchilik va tabobatdan tushgan daromad bilan tebratar edim. Oqposhshoning yuqorida aytganim farmoni nega aynan mana shu jahon urushi ketayotgan vaqtda chiqarilgani sabablari haqida ko‘p o‘yladim. Urushning ayrim jabhalarida Rusiya qo‘li baland kelsa-da,ammo G‘arbiy frontda uning ahvoli og‘ir edi. Bu urushda, ya’ni, Birinchi jahon urushida endigina ozodlikka erishgan yosh Turkiya ham o‘zi istamagan holda ishtirok etardi. Men o‘ylardimki, Usmonli turklar bilan Turkiston turklarining kelib chiqishi, millat-elatining birligi Oqposhshoga, uning ma’murlariga ayon. Bir so‘z bilan aytganda, Turkiston turklarining front sarhadlarida rus armiyasining mardikori bo‘lib turishi o‘z millatdoshlariga qarshi tomonda turib ruslarga ko‘mak berayotganini ko‘rsatishdan tashqari, umumturkiy xalqlar ustidan masxaralash ham edi. Go‘yo, usmonlilar ko‘rib qo‘yinglar, Sizga o‘zingizning urug‘ingiz ham qarshi kurashyapti, deyish edi… Farmon zamiridagi bunday kishi bilmas besharmlikni o‘sha paytda kim qanday tushungan bilmadim, ammo men bu farmon – Turkiston xalqlari orasida qahatchilikni, urush-janjalni, otilish-so‘qilish kabi holatlarni keltirib chiqarganlikdan tashqari, ana shunday Usmonli turklar bilan Turkiston turklari orasida kin, adovatni kuchaytirish tadbiri ham borligini aniq-tiniq sezganimdan, masjidlarda, turli-tuman yig‘inlarda aytgan va’zlarimda Oqposhshoning mazkur farmonini bajarmaslikka da’vat etdim… Bu borada yana bir muhim hodisani yodda tutish lozim, deb bilaman. Ma’lumki, ruslar Turkistonni bosib olgach, bu yerlarga ko‘plab rus “mujik”larini ko‘chirib keltira boshladi. Bu hodisa ayniqsa, Rossiyada o‘tgan asrning 90-yillarida yuz bergan qurg‘oqchilik va ocharchilik munosabati bilan yanada keng quloch yoydi. Ko‘chirilgan odamlarning aksariyati kambag‘allikdan xonavayron bo‘lgan dehqonlar, bir necha martalab qamalgan aroqxo‘r piyonistalar edi. Shahri atrofi, bu yog‘i to To‘qmoq va boshqa kentlargacha cho‘zilgan joylardagi o‘rus qishloqlari shu tariqa paydo bo‘lgan. Tabiiyki, bunday sersuv, serhosil, sero‘t joylarga ko‘plab o‘shanday “hayot jonidan to‘yg‘azgan” odamlarni ko‘chirish mahalliy qirg‘iz, o‘zbek, tungon xalqlarini o‘z yerlaridan siqib chiqardi. Qirg‘izlar uchun sero‘t yaylovlar, o‘troq xalq uchun esa serhosil dalalar tanqis bo‘lib qoldi. Bundan junbushga kelgan qirg‘iz xalqining ayrim toifalari yerlarini tortib olgan “mujik”lar ustiga tez-tez bosqinlar uyushtirib turar edilar. Oqposhshoning farmoni esa mahalliy aholini paymonasini butunlay to‘ldirib yubordi. Yuqoridagi kabi bosqinlarga, tinch aholining mardikorlikka qarshi isyonlari qo‘shilib ketdi. Shusiz ham qirg‘izlardan qanday o‘ch olishni bilmay turgan chor hukumati jazo otryadlarini ishga soldi. Natijada, Shimoliy Qirg‘izistonning o‘zida yuz minglab qirg‘izlar qirg‘in qilindi. Yuz mingga yaqin qirg‘iz esa Xitoyga qochib o‘tdi. Ular orasida men ham bor edim… Bu hodisa tarixda “Urkun” ya’ni “Qochqin”nomi bilan qoldi. Qirg‘izistonning janubida esa bu voqea “qoch-qoch” degan nom oldi.

– Otangiz Boybuva xojim bilan biz G‘uljaga ana shunday og‘ir kunlarni boshimizdan kechirib borib qolganmiz, – dedi Sog‘uniy Abdulla do‘xtirga qarab va yana bir qur tarixlarni esladi.

 

* * *

TARIX. Sog‘uniyning olis 1914–1916 yillardagi faoliyati xususida uning o‘g‘li Qutlug‘xonto‘ra Shokirov shunday deydi: “Otamiz Buxorodagi amir Olimxon madrasasi tahsilini tugatib qaytgach, ona shaharlari To‘qmoqda keng diniy ma’rifatchilik faoliyati bilan xolisona shug‘ullanadilar..

Bu orada Birinchi jahon urushi boshlanib, chor ma’muriyati mahalliy aholini front ortida (yoki frontning o‘zida) ishlatish uchun mardikorlikka safarbar qila boshlaydi. Otam chor hukumatining mazkur siyosatiga qat’iy ravishda va ochiqdan-ochiq qarshi chiqib, aholini ommaviy tarzda bo‘ysunmaslikka, o‘z farzandlarini mardikorlikka bermaslikka chaqiradilar. Jumladan, Yettisuvda ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlarining yo‘lboshchilaridan biri sifatida musulmonlarning urushda ishtirok etishlariga qarshi fatvo[2] beradilar. Bu haqda adashmasam, Turkiya Islom entsiklopediyasida bitilgan. Shu bahona bo‘lib, chor maxfiy politsiyasi tazyiq choralarini ko‘rib, ortiga odam qo‘yiladi. Biroq hukumat xalq ommasi g‘azabidan cho‘chib, otamizga zarar keltirolmadi, o‘shanda. Otam qirg‘izlarning qurolli chiqishlarida faol qatnashdilar va ular shafqatsizlarcha bostirilgach, Qoshg‘arga siyosiy qochqin sifatida ketishga majbur bo‘ldilar”[3].

Tarixiy manbalarda Sog‘uniy keltirgan voqea – Urkun haqida shunday ma’lumotlar bor: “Urkun Qirg‘izistondagi 1916 yilgi xalq ko‘tarilishi bo‘lib, qirg‘iz turklarining chor Rusiyasi mustamlakachilik siyosatiga qarshi milliy-ozodlik harakatidir. Ayniqsa, Birinchi jahon urushi yillarida aholining turmushi nihoyatda og‘irlashdi. Shunday bir vaziyatda Yettisuv oblastidan urush ketayotgan joylarga oziq-ovqat yetkazish uchun 55 mln so‘m (rubl hisobida bu juda katta raqamlarni tashkil etadi – Yo.X.) yig‘ildi. Narx-navo ko‘tarilib, soliqlar miqdori oshib ketdi. Buning ustiga jon boshiga 1 so‘m 84 tiyinlik harbiy soliq ham joriy etiladi. Podshoh amaldorlari urushni bahona qilib, mahalliy aholining ot-ulovi, kiyim-kechagi, kigiz va bo‘z uylarini ham tortib ola boshlaydi. Eng dahshatlisi urush yillarida qirg‘izlarning yaylov va suvli yerlarini tortib olish avjiga chiqadi. Masalan, Chuy vohasida 1915 yilga kelib mahalliy aholining 700 ming gektardan ortiq yeri tortib olingan. Qirg‘iziston janubida esa dehqonlardan 82 ming gektar yer tortib olinib, “mujik”lar ixtiyoriga berilgan. Norozilikning kuchayishiga rus to‘ralari, rus mujiklarining mahalliy aholi madaniyati, an’analari, dini va tillarini mensimaslik­lari ham turtki bo‘lgan.

1916 yil iyuniga kelib pichoq suyakka yetdi, ya’ni podshoh Nikolay ikkinchining Turkiston aholisini o‘rmonlarni kesish, yo‘l va ko‘priklar qurish, okoplar qazish ishlariga jalb qilish haqidagi farmonidan so‘ng qirg‘izlar oyoqqa turdi, ularni yaxshi qurollangan rus askarlari ham qo‘rqita olgani yo‘q. Qo‘zg‘olonlar butkul Turkistonni qamrab oldi. Bu isyon 10 million aholi yashaydigan katta hududda ro‘y berdi. Iyul oyida boshlanib avgustda qurolli qarshilikka aylangan xalq g‘alayoni oktyabr oyining oxiriga qadar davom etdi. Xalq ko‘p joylarda, masalan Kemin, Issiqko‘l, Tangri tog‘ hududlarida o‘z xonlarini ham ko‘tarishdi. Jumladan, Keminda qadimiy urf-odatlar bo‘yicha xalqqa boshchilik qilish uchun Shobdon botirning o‘g‘li Mokush xon qilib ko‘tarilgani tarixdan ma’lum. Yettisuvning butun hududi taloto‘p bo‘lib ketdi. Isyonlar va jazo otryadlari o‘rtasidagi so‘nggi yirik to‘qnashuvlar 23 avgustda Qorako‘l yaqinida, 28 avgustda esa Tulda bo‘lib o‘tdi. Bu janglarda mahalliy aholidan 7 mingdan ortiq odam qatnashdi. Ammo yaxshi qurollangan rus kazaklariga bas kelish qiyin edi, shuning uchun kuzga borib qo‘zg‘olonchilar toqqa qarab chekinishga majbur bo‘lishdi. Sentyabr oyida ular mudofaa janglarini olib borishdi. Podshoh qo‘shinlarining shafqatsiz qisuvlariga bardosh bera olmasligini tushungan xalq ota yurtni tashlab Xitoy va boshqa joylarga ketishga majbur bo‘ldi.

Shunday qilib, Urkun fojiasi 1916 yilning kech kuzida boshlanib, 39 ta volostning aholisi o‘z uylarini tashlab chiqib ketdi. Xitoyga qochganlarning soni 160 ming kishidan ortiq bo‘lib, shundan 130 mingga yaqini qirg‘izlar bo‘lgan. Urkunga tushgan xalqning mol-mulki talanib, qolgani it-qushlarga yem bo‘lgan. Birgina Prjevalsk uyezdida 2,5 mlnga yaqin talon-taroj holatlari qayd etilgan”[4].

Hozirgi Qirg‘izistonning shimolida, o‘sha paytdagi Yettisuv o‘lkasida yuz bergan “Urkun” – “Qochqin” fojiasi kabi voqea, hodisalar janubda, ya’ni Farg‘ona vodiysida va janubiy Qozog‘istonda ham kechganki, chor Rusiyasi va uning “taxti”ni egallagan sovetlarning Turkiston aholisiga o‘tkazgan jabr-sitamlari, qirg‘inlari ko‘p bo‘lganini tarixiy ma’lumotlar tasdiqlaydi.

YaNA TARIX. Andijonda o‘sha 9 iyulda boshlangan to‘polonlarda chor askarlari tomonidan  uch kishi o‘ldiriladi. o‘n ikki kishi jarohat oladi. Qo‘zg‘olonchilar bor-yo‘g‘i tosh-kesak, ketmon, panshaxa, tayoq bilan qurollangan edi. Ularga qarshi Turkiston harbiy okrugining kazak otryadlari yuboriladi. O‘sha kunlari Namanganda qo‘zg‘olonchilardan o‘n ikki  kishi kazaklarning o‘qiga uchib o‘ladi. Albatta, kuchlar teng emasdi. Chor hukumati qo‘zg‘olonlarni bostirish maqsadida 1916 yil 17 iyuldan e’tiboran Turkistonda “harbiy holat” e’lon qilib, mahalliy ma’murlarga xalqni yanada ezish uchun katta huquqlar beradi. Oradan bir necha kun o‘tib esa (21 iyulda) Sankt-Peterburgdan shunday buyruq keladi: “Mahalliy xalq (tuzemtsы) barcha idora ma’murlari va ofitserlarga hurmat bilan egilib salom bersin!”[5]. Ushbu  buyruqqa  binoan yerli xalqning to‘planishlari man qilib qo‘yildi. Poyezdga faqat u’ezd boshlig‘ining ruxsati bilan bilet sotiladigan bo‘ldi. Farg‘ona vodiysi, jumladan Jalolobodga kelgan poyezdda odamlarga oziq-ovqat emas, balki qurol-yaroq, askar, o‘q-dori olib kelib, bu yerdan pud-pud ko‘mir, paxta, mis, oltingugurt tashib ketildi. Hatto temir yo‘llar yaqinida dehqonchilik qilish ta’qiqlab qo‘yildi.

Mana shunday taloto‘p bo‘lib turgan kunlarda Rossiyada Fevral revolyutsiyasi g‘alaba qilib, Oqposhsho taxtdan uloqtirib  tashlandi va Muvaqqat hukumat tuzildi. Rusiyada 300 yil davom etgan monarxiyaga chek qo‘yildi. Mamlakatda ikki hokimiyatchilik vujudga keldi. Bir tomonda knyaz Lvov boshchiligida burjua-pomeshchiklar hukumati – Muvaqqat hukumat, ikkinchi tomondan esa, ishchi, dehqon va askarlar deputatlari Sovetlari ish boshladi. Rusiyadan farqli o‘laroq Turkistonda uch hokimiyatchilik qaror topdi:

Birinchisi. Rusiya Muvaqqat hukumatining Turkistondagi vakili – Turkiston qo‘mitasi va uning joylardagi idoralari.

Ikkinchisi. Ishchi-dehqon va askar deputatlarning Turkiston o‘lka Soveti (Sho‘rosi) va joylardagi bo‘linmalari.

Uchinchisi. Turkiston Musulmonlarining Markaziy Sho‘rosi, uning joylardagi sho‘balari.

Kuchlarning bu xildagi taqsimoti Turkistondagi inqilobiy demokratik harakatning asosan ikki yo‘nalishda rivojlanib borganligini ko‘rsatadi. Birinchi yo‘nalish nomilliy yo‘nalish bo‘lib, ikki xil ko‘rinishda faoliyat ko‘rsatganligidan qat’iy nazar uning asl va bosh maqsadi bir edi: qanday usul va shaklda bo‘lsa-da, turli xildagi hiyla va nayranglarni ishga solib, Turkistonni Rusiya mustamlakachiligi asoratida saqlab qolish, o‘lkada ulug‘ rus millatchiligi siyosatini olib borishdan iborat edi. Bu yo‘nalish Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasi va ishchi-dehqon va askar deputatlari Turkiston o‘lka Soveti shaklida namoyon bo‘ldi.

 

Ikkinchi yo‘nalish. O‘rta asrchilik tartiblariga qarshi, demokratik, milliy mustaqillik harakati ko‘rinishida bo‘ldi. Bu yo‘nalishni Turkiston musulmonlari Sho‘rosi atrofida uyushgan Turkiston o‘lkasining ilg‘or va progressiv qarashdagi vatanparvar, istiqlolchi ziyolilari va islom dini ulamolari boshqardi. Kuch va qudrat o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘rosi tomonida bo‘lib, uni mahalliy xalqning ko‘pchiligi qo‘llayotgan edi.[6]

Aholisi aksariyat o‘zbeklardan iborat Suzoqda fevral inqilobidan so‘ng bir tomonda Muvaqqat Hukumatning quyi organi – jamoat xavfsizlik komiteti va uning raqobatbardosh “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti faoliyat ko‘rsatdi. Mana shu bir-biriga qarama-qarshi turgan ikki kuchning hokimiyat uchun kurashi o‘z nihoyasiga yetmay Andijonda, Jalolobodda, jumladan Suzoqda bolsheviklar zo‘rlik bilan  hokimiyatini o‘rnatdilar.

Suzoqda o‘zbek aholisi orasida tashkil etilgan va samarali faoliyat ko‘rsatayotgan “Sho‘roi Islomiya” va front ortidagi mardikorlarning 1917 yil fevral inqilobidan co‘ng Suzoqqa qaytib kelgan o‘zbek ishchilari tashabbusi bilan tuzilgan musulmon ishchi deputatlar Soveti (Mussovet) ham 1917–1919 yillarda aholini hurriyat sari yetaklash, uyushtirish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdilar. Ular 1917 yil 26-29 noyabrda Qo‘qon shahrida tashkil etilgan o‘lkadagi birinchi milliy, demokratik davlatni – Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatladilar. Biroq, 1918 yil fevral oxirlarida bu qonuniy hukumat bolsheviklar tomonidan qurolli kuch yordamida beshikdagi chog‘idayoq qonga belandi, tugatildi. Butun Farg‘ona o‘t ichida qoldi. Bolsheviklar, dashnoqlar, qizil gvardiyachilar vodiy qishloqlaridan 180 tasiga o‘t qo‘ydilar, aholini qatliom qildilar. Suzoq ham ana shunday fojeali kunlarni o‘z boshidan kechirdi. Bu xunrezliklar, tajovuzlar, qatliomga qarshi mahalliy musulmon aholisining noroziligi, nafrat-g‘azabi ortdi. Qurolga qarshi qurol bilan javob berib, yurtni bolshevizm bosqinidan ozod etish uchun qurolli kurash, urush boshlandi. Bu norozilikni bolsheviklar “bosmachilik harakati”, milliy ozodlik uchun kurashuvchilarni esa “bosmachilar”, “banditlar”, “g‘azovotchilar”, “xalq dushmanlari”, “boy unsurlar” degan turfa nomlar bilan atadilar. Suzoq Sovetlarga qarshi istiqlolchilar olib borgan jang maydonlaridan biriga aylandi.

So‘zimizga qaytaylik. Ayni tirikchilikning ustuni bo‘lib turgan 123 mingdan ortiq erkakning Qora dengizdan Boltiq bo‘yiga qadar cho‘zilgan front orqasidagi og‘ir ishlar uchun mardikorlikka olib ketilgani, qo‘zg‘olon tufayli minglab aholining halok etilishi va qamoqlarda saqlanayotgani, chor hukumati tomonidan minglab gektar ekinzorlarga bug‘doy o‘rniga faqat paxta ekdirilishi, qurg‘oqchilik, Rusiya va Qozog‘istondan vaqtida don yetkazib berilmagani oqibatida Turkistondagi 7 millionlik (1917 yilda) aholi uchun ochlik, qahatchilik xavfini yuzaga keltirdi. 1916 yilning dekabr oyida Samaradan Farg‘ona viloyatiga keltirilishi va’da qilingan 373 vagon un kelmadi. Vodiyda ocharchilik alomatlari paydo bo‘la boshladi. Xalqning g‘azabidan sarosimaga tushgan ma’murlar Rusiya markazidagi rahnamolaridan oziq-ovqat o‘rniga ham qurol-yaroq, o‘q-dori, yuz minglab askarlar jo‘natishni talab qilishardi.

Turkiston xalqining boshida ko‘p kaltaklar singani tarixdan ma’lum. Birinchi jahon urushi garchi Rusiya, Yevropa hududlarida kechgan, Fevral, Oktyabr inqiloblari Sankt-Peterburgda yuz bergan bo‘lsa-da, bu voqealarning asl fojialari rus imperiyasi hududlari, jumladan, Suzoqda ham og‘ir oqibatlarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, mardikorga olishga qarshi qo‘zg‘olonlar, Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi, 1917 yilgi “qoch-qoch” mahallari xalqka o‘tkazilgan jabr-sitamlar, to‘kilgan qonlar o‘zbek, qirg‘iz xalqining hech bir yodidan ko‘tarilmaydi. U haqdagi fojiali voqealar, gap-so‘zlar quloqma-quloq avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Albatta, ana shunday, “qoch-qoch”lar Turkiston va Farg‘ona vodiysining boshqa joylarida ham bo‘lgan. Yuqorida aytganimizdek, Yettisuvda bu fojea “Urkun” nomini olgan. Ammo, juda ko‘p joylarda bo‘lar ekanmiz, “qoch-qoch” degan gaplarni deyarli eshitmaganmiz. Biroq, “qoch-qoch” degan gapni Suzoqlikning kattasidan kichigigacha yaxshi biladi.“Ho‘, o‘sha 1916-20 yillardagi qoch-qoch-da!” deya tasdiqlab ham qo‘yishadi. Suzoqning peshqadam ulamosi, marhum Zuhriddin maxsum buva o‘sha davrlarni eslarkan, chor amaldorlari Suzoq va suzoqliklarni o‘ta yomon ko‘rar edi, degan edilar. Chunki Suzoqda din kuchli bo‘lgan. Boylar ko‘p edi. Odamlar to‘q yashagan.

Suzoqlik Sobirjon Mazaitov gap orasida mardikor olishga to‘xtalib, bir voqeani so‘zlab berdi. Katta dadalari Ismatilla hojining Yunus hoji, Yusuf hoji degan o‘g‘illari bo‘lib, Yusuf hojining hatto pista (adir pistasi) tozalaydigan idorasi ham bo‘lgan ekan. Yana bir amaki-dadasi Isoq hoji esa paxta zavodining egasi bo‘lgan (tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1913 yilda hozirgi O‘sh va Jalolobod viloyatlari hududida 5 ta paxta tozalash zavodlari mavjud bo‘lgan. Mazkur zavodlarda suv, bug‘ va neft bilan ishlaydigan motorlar qo‘llanilgan). Mardikor olish paytida Isoq hojining oti rus amaldorlariga yoqib qolibdi. Ular mardikorga tushgan soliq sifatida ana shu otni talab qilishibdi. Bir kun ertalab Isoq hoji jiyaniga olib borib topshir deb, otni yetaklatib yuboribdi. Jiyan (Sobirjonning dadasi) otni olib borib topshiray, deb egar-jabdug‘ini ko‘tarib qarasa, otning belida bir karich yag‘iri bor ekan… Shu tariqa amaldorlar Isoq hojini qattiq g‘azabga olishibdi, keyingi yillarga kelib hamma aka-ukalar quloq qilinadi. Shunday qilib, Mazaid tartibning ajdodi “qoch-qoch” davrlarda (Sobirjonning katta dadasi doim amirkon kovush kiyarkan. Yomg‘ir yog‘sa mis tog‘orani boshiga kiyib olarkan. Shundan bu odamni Mazaid tartib deyisharkan) otilib-chopilab, o‘ziga qolgan mol-mulkni ham qizillar tortib olishib, Eski Suzoq mahallasiga ko‘chib ketibdi…

90 yoshga borib vafot etgan, ikkinchi jahon urushi nogironi Abdulla aka Xo‘jamberdiyev “qoch-qoch” mahallarni shunday xotirlaydi: “Otuv bir hafta davom etdi. Ko‘p odamlar Qoradaryoga, soytol, to‘qayzorlarga qochishdi. Uylariga esa o‘t qo‘yib yuborishdi…”

– Guzar tomondan shovqin-suron ko‘tarilib, miltiq, to‘plarning ovozi eshitildi, – deya hikoya qilgan edi 1955 yillarda Mirzaboy oqsoqol Olimqul o‘g‘li Mahkamboy akaga.  – Qandaydir olov sochuvchi qurollardan o‘t purkashar, olomon “qoch-qoch”ga tushib qoldi. Ularning qochayotganlarini ko‘rib, biz ham bola-baqrani olgancha, Ko‘gartsoy bo‘ylab soytol tomonga qochdik. Orqada esa dod-voy qilgan ovozlar, o‘qlarning qarsillashi tinmasdi. Har kim boshi oqqan tomonga qochdi. Bu o‘sha 17-yilda Suzoqda bo‘lgan eng fojiali kunlar edi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, davlat Suzoqni kulini ko‘kka sovurib, aholisini bitta qo‘ymay otib tashlashga hukm qilgan ekan. Bunga ham qoniqmay Oqboshda in qurgan “mujik”lar, harbiy kazak otryadlari Suzoqni bir hafta davomida g‘orat qilishdi. Keyin odamlar asta-sekin o‘z uy-joylariga, mahallalariga qayta boshlashdi. Shaxsan o‘zim yonib-kul bo‘lgan uy-joylarimizni ko‘rib, qaytganimga pushaymon bo‘ldim. Ammo, bir o‘zim emasman, bola-chaqam, xotin-xalaj bor. Ularga qarash kerak. O‘sha qochishda ko‘p odamlar soytolda jon saqlashgan. Bozorqo‘rg‘on tomonlarga qochganlarni otliq “mujiklar”, kazaklar adirlar ichida bitta qo‘ymay kirib tashlashganiga guvohmiz. Uylarimiz tunuka tom edi. Tirik qolganimizga shukr qilib qishgacha tuproq tom qurib, kirib oldik.

Mirzaboy oqsoqolning “qishga ham kirib oldik” deganiga ko‘ra “qoch-qoch” mahallar 1917 yil bahor oylarida yuz bergan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilamiz. Ha, taxmin qilamiz xolos! Chunki xalq xotirasida saqlanib qolgan o‘sha fojiali kunlar hujjatlarda saqlanmagan. Saqlansa ham biz buni bilmaymiz. O‘sha paytlar Andijon shahrida qozilik qilgan Mirza Olim Mirza Tolib o‘g‘li Javhariydan meros qolgan bir she’rda shularni o‘qiymiz:

Biz musulmonlardan o‘n oltinchi yilda hukm ila
Bordi askar xizmatiga necha yuz ming mardikor.

Bermagan joy turktozu javr ila o‘ldi xarob,
Qoldi istibdod – zulm ostida cho‘q shahru diyor.

Kuydi masjidlar, imoratlar, buzildi xonalar,
Qatl asru g‘orat o‘ldi anda behaddu shumor.

Hukmlar joriy o‘lurdi, dam-badam bizlarg‘a ham,
Bosh sunub, lekin qabul aylar eduk chor-nochor.

Olinurdi oqcha cho‘ntakdan, pichoq el yonidan,
Ot-anjomini ham gar o‘tsa yo‘ldan bir suvor[7].

Albatta, she’rda keltirilgan jabru zulmlar Suzoqda va To‘qmoqda  yuz bergan “qoch-qoch” fojialariga ham bevosita aloqador.

1917 yilgi “qoch-qoch” fojialariga yana bir misolni Suzoqlik Kamoliddin misgarning 1960 yillarda biz o‘sha paytdagi yoshlarga aytib bergan hikoyasi ham tasdiklaydi, deydi Mahkamboy Mirzaboyev. Kamoliddin akaning Najmiddin ismli o‘g‘li bor. U uzoq yillar Suzoqdagi 2-maktabda fizika fanidan dars berdi. Juda dilkash, samimiy inson edi. Xullas, o‘sha Najmiddin akaning otasi Kamoliddin misgar bizga shularni aytib bergan edi: “O‘sha 17-yilgi “qoch-qoch” kunlari tevarak-atrofda to‘s-to‘polon bo‘layotganini, kazak harbiylarining odamlarni ko‘zini pirpiratmay otayotganini eshitsam-da, ustaxonamdan chiqmay o‘tiraverdim (ustaning do‘koni Guzar boshida edi). Bunga sabab “ruslar temirchilarni hurmat qilishadi” degan “mish-mish”lar qulog‘imga chalingandi. Shu vajdan ustaxonamda qimirlamay ishimni davom ettiraverdim. Qolaversa, Guzar boshidagi aholining qochishga iloji qolmadi. Otchopardan otilgan zambaraklar o‘qi to‘ppa-to‘g‘ri kelib, shu yerda yorildi. Buning ustiga kazak askarlari shunday Guzarboshining tepasiga kelib, joylashib olishdi. Askarlar “temirchi”larni otmaydi deb xato qilgan ekanman. Bir payt ishlab turganim ustiga bir o‘ris askari kirdiyu miltig‘ini menga to‘g‘rilab tepkisini bosib yubordi. Ammo, miltiq “chiq” etdi-yu, otilmadi. Menga qarab, tepkini yana bosdi, yana otilmadi. Men esam joyimdan qimirlamasdan ishimni davom ettiraverdim. Rus kazagi esa, aftidan, mast shekilli, dovdiraganicha tashqariga chiqib ketdi. U hatto miltig‘ining o‘qi tamom bo‘lganini ham sezmadi. Meni esa Allohning o‘zi asradi”.

Shu joyda Suzoqda yuz bergan “qoch-qoch” fojialari qachon va kim tomonidan sodir etilgani masalasiga aniqlik kiritib o‘tish mavridi keldi, chog‘i. Ba’zi tadqiqotchilar “qoch-qoch” voqealarini mardikor olishga qarshi qaratilgan qo‘zg‘olonlar bilan bog‘liq deyishsa, o‘qituvchi I. Abdurahmonov “mujik”larning Jalolobod hududiga ko‘chirib keltirish bilan bog‘liq bo‘lgan fikrlarni aytadi. Masalan, I.Abdurahmonov o‘zining “Suzog‘im– qaynar bulog‘im” maqolasida chor hukumati askarlari o‘sha “Oqbosh” qishlog‘i orqali Otchoparga keladilar va bu yerga to‘plarni o‘rnatib, Suzoqni to‘pga tutadilar. Mahalliy aholi o‘z boshpanasini tashlab, turli tomonlarga qochadi. Ba’zilari o‘sha “qoch-qoch”da ketgan bo‘yicha Suzoqka qaytib ham kelmaydilar[8] deb yozadi. Ayni paytda ushbu muallif o‘z maqolasida “Nurilla Maxsum va uning 300 nafar otliq yigitlari 5-6 oygacha Suzoqqa qizil askarlarni kiritmaganini”[9] ham yozadi.

Suzoqdagi “qoch-qoch” voqealarining qachon va kim tomonidan sodir etilganini jurnalist Tohirjon Xayrullayevning “Nurilla Maxsum” kim bo‘lgan: bosmachimi yo milliy qahramon” tarixiy ocherki aniq ochib bergani bilan ham ahamiyatlidir. “Inqilob (1917 yilgi Oktyabr to‘ntarishi nazarda tutilmoqda – Yo.X.) haqida biror narsa o‘qib, ko‘rib yoki eshitib qolsam, darrov ko‘z oldimda rahmatli opam – onamning onasi Badalbibi Mamaroziq qizi gavdalanadi. U zukko, oqila, shirinsuxan va eng muhimi xotirasi o‘tkir ayol edi… Uning suhbatlaridan men sobiq Sho‘ro tuzumi va davlatiga nisbatan e’tiroz va ayrim norozilik alomatlarini sezib, bunga hayron bo‘laverar edim. Ayniqsa, Suzoqning qizillar tomonidan uch kun otuvga qo‘yilgani meni rosa taajjubga solgan…”[10]

“Suzoq qirg‘inining ildizlari o‘sha vaqtlarda sodir etilgan Qo‘qon fojealariga borib qadalmasmikan?” deb yozadi T. Xayrullayev. Darhaqiqat, tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, qizil qonxo‘rlar o‘zlarining shum niyatlarini 1918 yilda Qo‘qonda dastlab amalga oshiradilar. Sho‘rolar tomonidan mahalliychilik va millatchilik tamg‘asi bosilgan “Qo‘qon muxtoriyati” deb nom olgan “Turkiston muxtoriyati” qonga botirildi. “Dashnoq tsutyun” partiyasi askarlari 1918 yil 5 fevralda Qo‘qon shahriga xujum uyushtirib, 180 ta qishloqqa o‘t qo‘yganlar. Qo‘qon uch kun olov ichida qolib, mingdan ortiq turkistonliklar o‘ldirilgan ekan[11].

Naqadar o‘xshashlik. Demak, Suzoqda ikki marta qirg‘in amalga oshirilgan. Bittasi 1916 yilgi mardikor olish bilan, ikkinchisi esa suzoqliklarning milliy-ozodlik harakatiga qo‘shilishi oqibatida yuz bergan. Suzoqdagi yana bir “qoch-qoch” fojealari aholining Sho‘ro hokimiyatini qabul qilmagani va unga qarshi Nurilla Maxsum rahbarligidagi milliy vatanparvarlarning qizillarga qarshi kurashi bilan bog‘liq. Qizillarni bunday yovuzliklarga Sho‘ro hokimiyatining bevosita o‘zi boshlagani va bunga “oq fotiha” bergani haqida ham ma’lumotlar tarixda mavjud. Jumladan, “1921 yilda “Qizil Armiyaning bosmachilarni tugatishdagi roli” nomli qo‘llanmada (bu qo‘llanma Turkiston fronti jangchilari uchun harakat dasturi bo‘lgan): “Biz bosmachilardan faqat yerli aholini qirib tashlash orqaligina qutulamiz” deb aniq va ravshan yozib qo‘yilgan. (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1992 yil, 8-son).

Chor ma’murlari o‘tkazgan siyosat, ular joriy etgan “axloq printsiplari” bolsheviklarniki oldida holva bo‘lib qoldi. Chor ma’murlari otgan edi, chopgan edi, bosib olgan edi. Ammo, urf-odatlar, diniy marosimlar, to‘y-turkin, umuman, musulmonning yashash tarzlariga ko‘p ham aralashmagandi. Bolsheviklar esa Makiavellining “davlatlarni bosib olish va ularni boshqarishdagi har uch tavsiyasini” to‘la va oshirib bajarishga kirishdilar. Birinchidan, sovet hokimiyati mahalliy aholini davlat ishlaridan chetlashtirdi. Zo‘ravonlik siyosati avjga chiqdi. Mahalliy xalqlar ruhoniyatiga butunlay qarama-qarshi bo‘lgan kommunistik (xudosizlik deb o‘qi – muallif) mafkurani asos qilib olgan sovet tuzumi elu yurtning milliy qadriyatlarini, e’tiqodlarini tahqirlash, ziyoratgohlarni vayron qilish, masjidu madrasalarni buzib tashlash yoki ulardan butunlay boshqa maqsadlarda foydalanish ( qamoqxona, oshxona, o‘g‘itxona, askarlar uchun yotoqxona v.h.) odatiy hol bo‘lib qoldi. Nainki, iqtisodiy, yer osti qazilmalari, ayni paytda madaniy-ma’naviy qadriyatlarimiz talon-taroj etildi. Yuksak axloq va madaniyatga ega xalqning ruhoniyatiga, turmush tarziga tajovuz boshlandi.

Albatta, bunday g‘ayriinsoniy, g‘ayridiniy tajovuzlar hech qachon izsiz ketmagan. Bu safar ham shunday bo‘ldi: Qadim Turkiston zamini azamatlari sovet zo‘ravonligiga qarshi qo‘liga qurol oldilar… Sovet “solnomachilari; ta’biriga ko‘ra” Bosmachilik “harakati”, aslida esa “Milliy vatanparvarlik harakati” Farg‘onadan boshlandi. Viloyatning Qo‘qon, Andijon, O‘sh, Namangan, O‘zgan, Novqat, Suzoq kabi uezd va volostlarida boshlangan ozodlik harakati keyinroq Toshkent, Sirdaryo, Samarqand va Buxoro, Xorazm, Surxondaryo kabi boshqa viloyatlarda davom etdi.

Mazkur harakat tarixiy nuqtai nazardan uzoq davom etmadi. Ammo  ana shu qisqa muddatda Sho‘ro zo‘ravonlarini sarosimaga tushirib qo‘ydi. Ularning o‘z aqllarini rostlab olishga, mahalliy xalqlarning ijtimoiy, milliy, diniy va boshqa kundalik urf-odatlari, an’analarini hamma vaqt hisobga olishga majbur ekanliklarini ko‘rsatib ulgurdi. Shundan bo‘lsa kerak, Qizil armiyaning Turkiston fronti qo‘mondoni M.Frunze bu haqda quyidagi fikrlarni bildirgani bejiz emas: “…Bu yurtdagi Sovet hokimiyati ilk tuzilish davrida rus va yerli ishchi, dehqon ommasini o‘ziga tortish o‘rniga mehnatkash xalqni o‘zidan uzoqlashtirish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qildi. Ishlab chiqarishni natsionalizatsiya qilinishida faqat burjuaziyaning mol-mulki emas, balki o‘rtahol dehqonlarniki ham tortib olindi… Bu yerda harakat qilgan qizil askar qismlari, inqilobni himoya qilgan ba’zi rahbarlar tub aholining manfaatlari bilan hisoblashmadilar, uning arzu dodiga quloq solmadilar. Bosmachilik harakati shu asosda vujudga keldi. Bosmachilar oddiy qaroqchilar emas. Shunday bo‘lganda ularni tezda yo‘qotish mumkin bo‘lardi”[12].

Darhaqiqat, bu vatanparvarlik harakati, birinchi navbatda xalq g‘am-alamiga hamdardlikdan tug‘ildi. 1918 yil bahoridan Farg‘onada Madaminbek, Marg‘ilon atroflarida Shermuhammadbek, Omon polvon, Namanganda Rahmonqul, Andijonda Parpi Qo‘rboshi, Qo‘qon atrofida Ergashlar, O‘zganda Jonibek qozi, Novqotda Muhitdinbek, Suzoqda Nurilla maxsum, Mamasidiq qo‘rboshilar milliy ozodlik harakatining yo‘lboshchilari bo‘lishdi.

Mazkur vatanparvarlar orasida tajribali, yuksak harbiy sarkardalik iste’dodiga ega bo‘lgan Madaminbek Ahmadbek o‘g‘li (1892-1920) oradan ko‘p vaqt o‘tmasdanoq vodiy kurashchilari sardoriga aylanadi. Vodiy hududidagi jangchilar Madaminbekning Yashil bayrog‘i (jami 25 ming kishilik askar) ostiga birlashib, 1919 yilning yanvar-aprel oylarida Marg‘ilon, Skobelev, Chust, Namangan va Qo‘qon atroflaridagi janglarda g‘olib keladi. O‘sha kezlarda uning muxoliflaridan biri: “Madaminbek turli siyosiy oqimdagi kishilarni birlashtira oldi. Shuning uchun ham hech qaysi qo‘rboshi uningchalik kuch-qudratga ega bo‘lmagan edi”, deb yozgan edi.

Sovetlarning rasmiy hujjatlaridan birida ta’kidlanishicha, “o‘z oldiga sovet hokimiyatini ag‘darish va Turkiston muxtoriyatini tiklash vazifasini qo‘ygan” Madaminbek tadbirkor siyosatchi va uddaburon tashkilotchilik fazilatlariga ega edi. “U bizning rahbarlik faoliyatimizda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimizdan ustalik bilan foydalanardi. Uning o‘z “boshqaruv” apparati, o‘zining “tribunali”, o‘zining “genshtabi” bo‘lgan. U qonunlar chiqargan”[13], deb e’tirof qiladi Madaminbekka qarshi kurashgan Gramatovich. Buni boshqa qizil qo‘shin boshliqlari ham tan olganlar.

1989 yilda Toshkentdagi “O‘zbekiston” nashriyotida ikkinchi marta to‘ldirilgan va to‘g‘rilangan holda chop etilgan “Qo‘rboshilar, mauzerni topshiring!” deb nomlangan tarixiy-inkilobiy romanda shularni o‘qiymiz: “Ming to‘qqiz yuz o‘n sakkizinchi yil oktyabri oxirlayotgan edi. Amir lashkarboshi Madaminbek o‘z qo‘rboshilariga Hazrati Ayyub Payg‘ambarning ziyoratiga bormoqchi ekanini bildirdi. Bu xabar yigitlarni ham, atrof qishloqlarda yurak oldirib qo‘ygan aholini ham – barcha-barchani quvontirdi. Nihoyat, jangchilar muqaddas dinlari uchun Marg‘ilondan ketishsa, odatdagi turmushni boshlash mumkin bo‘ladi; har kunlik besh mahal ibodatni bajarib, dala, savdo kabi kundalik ishlar bilan band bo‘lish mumkin…”, “…Madaminning ikki mingdan ortiq bandasi Jalolobodgacha ikki soatlik yo‘lda joylashgan Suzoq qishlog‘ida to‘xtadi. Ushbu dahshatli xabar atrof qishloqlarga uzun-quloq bo‘lib shamol tezligida tarqaldi…”

 

II

– Bilasizmi, Abdullajon, hozir xayolimga shunday fikr kelib qoldi, – deb hamrohiga qaradi Sog‘uniy. – “Bosmachi” degan so‘z turkiy lafzdir. Bu so‘zni mujohidlarga nisbatan dastlab qizillar qo‘llashdimi yoki yerlik xalqmi? Buning sirini o‘sha Andijonga qilgan safarim davomida anglaganday bo‘lgan edim,  – deb yana o‘z xayollariga berildi u. – Shundayin, shahar ichiga kirgach, ruhi o‘chgan kishilarni, har tarafi o‘qlardan titilib qora kuyaga aylangan paxta toylari, tosh-kesakdan tiklangan to‘siqlarni oralagancha Xo‘tan ariq bo‘yida  ota mahallamizdan pochchamiz Abdulla hoji uyiga tushdik. U kecha orom olib, ertasiga Olimxonto‘ra akamiz bilan ko‘rishgandan keyin, bu yerda hafta-o‘n kunlab turishga to‘g‘ri keldi. Shu muddat ichida ko‘pgina kishilar bilan so‘zlashgan bo‘lsam ham, u kunlarda dushmanlar tomonidan qo‘llanilayotgan siyosat sehriga tuvalik (tugal) tushungan birorta kishini uchratolmadim. Shundoqki, Maskov sehrchilari “bosmachi” nomida chiqqan qo‘zg‘alonchilarni hech kimga tuydirmay (sezdirmay) o‘zlarining eng yaqin qurollik askarlari qatoriga qo‘yib, ulardan foydalanmoqda edilar. Chunki, inson nasli yer ustiga tarqalgandan beri hech davrda ko‘rilmagan buzuq, jirkanchli tuzumini bolsheviklar hech kimga qabul qildirolmagach, insonning hayotiy yemak-ichmak, oziq-ovqatlariga osilib, biror kishi uyida don urug‘idan ortiqcha (ayrim manbalarda hatto urug‘lik donlargacha – Yo.X.) hech narsa qoldirmay yig‘ib olishdi. Shu orqalik xalqni ochdan o‘ldirish qo‘rqinchi bilan o‘zlariga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldilar. Lekin bu zulmlarini shahar ichlarida qamov-haydov kabi har turlik vahshiyliklar orqali tezda bajara olgan bo‘lsalar ham, shahar atrofi qishloqlarda sharoiti to‘g‘ri kelmagach, bu siyosatni yurgiza olmadilar. Chunki, bu kabi boshi tuyuq (berk), qorong‘u ko‘chaga xalqni kirgizish faqat iqtisodiy, siyosiy majburlik orqaligina bo‘lishi mumkindir. Shuning uchun bolsheviklar atrofidagi o‘zlariga qarshi bosh ko‘tarishgan nodon dushmanlarga ostirtdan (yashirincha) qurol yetkazib turish siyosatini qo‘lladilar.  O‘lka bo‘yicha o‘n mingdan oshiq taxminlangan qo‘zg‘olonchilar askarlarini bir maqsad, bir nuqtaga keltirib, bir tug‘ ostiga to‘plagudek yerliklar ichidan ishga yaramlik birorta odam chiqmaganlikdan (borlari esa jamiyat-jamiyatga bo‘linib olib, o‘zaro g‘oya, mansab talashib bir-birlarining ustlariga mag‘zava og‘darish bilan band edilar – Yo.X.), bu qora botirlar nima qilishlarini bilmagach, o‘zlarini ta’minlash uchun xalq boyligini talashga kirishdilar. Natijada butun xalq borliq boyligidan ajrab, qanot-quyrug‘i yulingan qarg‘adek och-yalang‘och, bir tishlam nonga zor bo‘lgan holda “gah” desa qo‘lga qo‘ngudek bo‘ldi. Zamonga tushunmagan u qora botirlarga xalqning nafrati oshdi va ular “bosmachi” degan nomni oldi.

Bularning ichida bir oz bo‘lsa ham zamonasiga tushungan, xalq oldida hurmati bor, ishonchligi ortgan Madaminbekni o‘rtadan ko‘tarish zarur bo‘ldi. Qandaydirki, bu masalani qurol kuchi bilan emas, balki makr-hiyla orqali hal qilishga kirishganlikdan tubandagi moddalarni qabul qilgan bo‘lib, u bilan bitim tuzmish edilar:

  1. Farg‘ona Muxtoriyatini tasdiqlash;
  2. Sharoitga qarab o‘n mingdan qirq minggacha Madaminbek qo‘l ostida milliy askar saqlash va bularning qurol-yaroqlarini markaziy hukumat tomonidan ta’minlash;
  3. O‘quv-o‘qituv ishlari yerlik hukumat ixtiyorida bo‘lib, o‘z ona tillarida yurgizish;
  4. Musulmonlarning diniy va o‘zaro da’vo ichki ishlari butunlay o‘z qo‘llarida bo‘lish va shariat buyrug‘iga amal qilish.

Mana shular kabi eshitishga ancha foydalik ko‘ringan ishlar bilan kelishim tuzilgan so‘nggida (1920 yil, 6 mart – Yo.X.) Madaminbek Toshkentga chaqiriladi. Uning kelish hurmati uchun chet davlatdan kelayotgan hukmdorlarga qilgandek, ko‘chalar bezatilgan holda tantana bilan qarshi olinib, katta marosim o‘tkazilmish edi. Buni ko‘rgan musulmonlarning ruhlari ko‘tarilib, tarixiy an’analari qo‘zg‘alganlikdan millliy ozodlik umidi bilan milliy hukumatlarini eskarmish (eslash) edilar. Bundan foydalangan Vatan bosqinchilari o‘zlarining oldindan o‘ylab qo‘ygan makr-xiylalik rejalarini tezlik bilan amalga oshirish siyosatiga kirishdi. Yo‘q esa har ikki tomon rizoligicha to‘xtam qilingan bitim moddalarini xalqaro qonun bo‘yicha amalga oshirishlari lozim edi.

Bunga qaramay bekka iltimos qilgan bo‘lib, Farg‘onada qolgan Ko‘rshermat, Xolxo‘ja kabi  qo‘zg‘olonchilarni ham Toshkentga keltirishni unga taklif qildilar. Bu ham “Ular mening so‘zimdan chiqmaydi” deb, ishonganlikdan ehtiyot yo‘lini o‘ylamay to‘g‘ri bular oldiga kelmishdir. Holbuki, makkorlar allaqachon o‘z qo‘llari bilan chuqurlar tayyorlab qo‘ymish edilar. Shundoqki, “Mana sizlar ishongan Madaminbeginglar kofirga sotilib, o‘z foydasi uchun sizlarni tutib bermoqchi bo‘ldi. Bu ishni bajarish vazifasi unga topshirilmishdir. Yaqin orada kelib qolsa, shunga qarab chora ko‘rish kerak” degan fitna so‘zlarni tarqatib, u ongsiz qora botirlarni ishontirib turgani ustiga, Madaminbek ham kelmishdir. Haqiqatdan ham ko‘krak kerib ot chopishdan boshqa hech bir ishni bilmagan, maslaksiz qora botirlar ko‘zlari unga tushishi bilanoq gapirtirmasdan “Hoy, sen bizlarni kofir bolsheviklar qo‘liga bermoqchimisan?” – deb uni o‘ldiradilar.

Madaminbekning qizillar bilan bitim tuzgani  sabablarini ko‘p o‘yladim, deb fikrlashda davom etdi Sog‘uniy. Balki bunday holat o‘zimning ham boshimdan o‘tganidan bo‘lsa kerak, ko‘nglimdan ko‘pgina ishtibohlar kechdi. Sal bo‘lmasa butun Farg‘ona vodiysini qo‘lga kiritgan Madaminbek nega birdan qizillar bilan bitim tuzishga kelib qoldi?

TARIX. Madaminbekni ham xiyonatlar sindirdi. Dastlab o‘zining armiyasidagi rus mujiklari, keyin qarorgohidagi rus ofitserlari va, nihoyat, mahalliy qo‘rboshilar unga ko‘p pand berishdi. Bu haqda yozuvchi Alisher Ibodinov o‘zining “Qo‘rboshi Madaminbek” (Toshkent, “Yozuvchi” nashriyoti, 1993 y.) qissasida shunday yozadi: “Andijon qamalidan so‘ng Madaminbek hayotida xuddi Mirzo Bobur taqdiridagi bir voqega o‘xshash (Bobur Samarqandni yetti oy qamal qilib Boysung‘ur Mirzodan tortib oladi. Uch oy podshohlik qiladi. Bu orada ko‘pgina beklari va lashkarlari Andijonga qaytadi. Andijondan turli shum xabarlar kela boshlaydi. Bu orada Bobur qattiq hastalanadi. Bundan foydalangan xiyonatchilar Andijonga “podshohning og‘ziga suv tomizilmoqda” degan gaplarni yetkazishadi. Oqibat shunday bo‘ladiki, “Andijon qo‘lda bo‘lsa, “Samarqand ham bir kuni qayta qo‘lga kirar” degan umid bilan Bobur Samarqandni tashlab Andijon sari yo‘lga tushadi. Ammo Xo‘jandga yetganda xabar keladiki, xiyonatchilar Andijon darvozalarini dushmanga ochib bermish – muallif.) hodisa ro‘y beradi. Madaminbekning  qo‘shinlari Andijondan chekinib, O‘shga kelayotgan paytda shahar hokimlari sotqinlik yo‘liga o‘tadilar. Shabadaning qayoqqa qarab esayotganini darhol his qilgan general Alekseevning shotirlari ikkiyuzlamachilik qilishdi. Shu kuni turmalardagi sho‘ro rahbarlari chiqarildi. Ular yana o‘z joylariga qaytarildi. O‘sh qal’asidagi dehqonlar qal’ani yevropalik qurollangan ishchilarga qoldirib, o‘zlari qishloqlariga jo‘nab ketishdi. Musulmonlarning yakkam-dukkam qarshiligi tez sindirildi. Kechagina Madaminbekni olqishlagan O‘sh bugun uni sovuq nazar bilan, o‘qlar yog‘dirib kutib oldi. Armiya izidan esa Sokolovning qozon polki, Kujeloning otliq polki quvib kelardi. Ikki o‘t orasida qolgan Madaminbek Jalolobodga chekinishga majbur bo‘ladi. Jalolobod yo‘lida dehqonlar armiyasining katta qismi qochib, tarqalib ketdi. 30 sentyabrda qonli janglardan so‘ng qizil qismlar Jalolobodni egallashdi. Madaminbek qo‘shinlari uchun Pomir tog‘lariga chiqib ketishdan o‘zga iloj qolmadi. Pastda esa urush tufayli vayronaga aylangan vodiy shaharlari tutab yotardi.

Ayni o‘sha kunlari Andijonga tashrif buyurgan Alixon To‘ra Sog‘uniy (matnda shunday yozilgan – Yo.X.) Andijon jangidan so‘nggi shahar ko‘rinishlarini shunday xotirlagan edi: “Urganch qishlog‘idan chiqib, Andijonga yaqinlashgan sayin urush alomatlari ko‘rina boshladi. Shundoqki, Andijon, Namangan poyezdlari butunlay to‘xtatilgan, temir yo‘llar buzilib, stantsiyalar kuydirilgan ekan. Shu kabi alomatlar ichida yurib o‘ltirganimizcha, omon-eson Andijonga yetdik. Shahar ichiga kirgach qarasak, butun ko‘chalarda chuvalib-sochilib yotgan paxta toylari hisobsiz edi. So‘rasak, biz kelishdan uch-to‘rt kun ilgari Madaminbek shaharga hujum qilib kirganida har ikki tomon askarlari toypaxtalarni o‘zlariga qalqon qilib otishgan ekanlar. So‘ngra bularni shahardan chiqarish uchun qal’aga qamalgan bolshevik askarlari tomonidan otilgan to‘p-zambaraklar zarbalaridan shahar xalqi, xonadon uylari, bozor-rasta do‘konlari anchagina zararlanmishdir.

– Ha, o‘sha borishda Madaminbek butun vodiyni qo‘lga olar edi,  – deb o‘yga toldi Sog‘uniy Andijon safarini qayta eslarkan. – Ammo xiyonat… Xiyonatchining millati bo‘lmaganidek, xiyonatning ham katta-kichigi bo‘lmaydi. Madaminbekni Xolxo‘ja qo‘rboshi o‘ldirgan, deb eshitganman. Aytishlaricha, Xolxo‘ja bekka nisbatan tishini qayrab yurar ekan. Madaminbekning qizillar nomidan bitimga qo‘shilishni taklif etib muzokaraga kelgani bir bahona bo‘lgan, xolos. Shundoqki, Madaminbek o‘zining bir qism yigitlari bilan Jaloloboddagi hazrati Ayub (a.s.) hazratlari ziyoratiga borgan paytda Monstrovning dehqon armiyasi bilan o‘rtada tuzilgan sulhga qaramay, Xolxo‘ja Jalolobod qishloqlarini yigitlariga talonga qo‘yadi. Bundan qattiq jahli chiqqan Madaminbek Xolxo‘jani yaydoq otga mindirib o‘sha o‘zi talonchilik qilgan qishloqlar bo‘ylab sazoyi qildirgan. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, Madaminbek  adolatli qo‘mondan bo‘lib, o‘z qo‘rboshilariga talon-tarojlik, o‘g‘irlik bilan shug‘ullanishni ta’qiqlab qo‘ygan. U bu ishni nafaqat ta’qiqlaydi, ayni paytda bu haqdagi farmon jarchilar tomonidan Farg‘onaning janubiy-sharqiy qismidagi Islom qo‘shinlari qo‘mondoni tasarrufidagi barcha qishloqlarga tarqatildi. Xolxo‘ja qo‘mondonning ana shunday buyrug‘iga tupurgani  uchun ham yuqorida aytganimizdek jazolanadi. Endi esa u g‘azabdan tishini g‘ijirlatib, payti kelganda Madaminbekdan  o‘ch olishga qasam ichdi.

– Endi Madaminbekning qizillar bilan bitimga kelishining asosiy sababi shunda ediki,  – dedi yumib borayotgan ko‘zlarini ochib Sog‘uniy. – U uzoqni ko‘rgan, mulohazali qo‘mondon edi. Andijon mag‘lubiyati uni ko‘p narsalarni qayta o‘ylab ko‘rishga undadi. Shahar uchun bo‘lgan janglarda Madaminbek qo‘shini katta talofat ko‘rdi. Botirlar-ku yo shahid, yo g‘oziy, deb jangga kiradilar. Ammo tinch aholi-chi? Uning aybi nimada? Andijon shahrining, Qo‘qon shahrining, yuzlab qishloqlarning xonavayron uy-joylari, masjid-madrasalar, bozorlar, rastalar, eng dahshatlisi begunoh odamlarning to‘kilgan qonlari uchun kim aybdor bo‘ladi?! Bularning xunini kim to‘laydi? Bu yoqda bolsheviklar harbiy kuch va qurol-yaroqlari, to‘p-zambaraklarini vagon-vagonlab keltirib turibdi. Shunday sharoitda men ularni yenga olamanmi?

Madaminbekning qizillar bilan sulhga kelishi uning yuqoridagi savollariga javobi bo‘ldi. Bu javobda hamma narsa: mujodalaning oqibatidan qo‘rquv ham, “balki…” degan  ikkilanish va ruhoniy bir ishonch ham mujassam edi. Albatta, Sharqiy Turkistonda men boshimdan kechirgan voqealar bilan Madaminbek sharoiti o‘rtasida farqlar bor. Bizning sharoitimizda sovetlar Ikkinchi jahon urushini yutib chiqqan, qarshisidagi uncha-buncha to‘siqlarni bir chilpishda hal etadigan holatda edi. Madaminbek harakat qilgan bolsheviklarning boshlang‘ich davrida esa sovetlar bir joyda yutsa, ikkinchi joyda yutilib turgan xollari ham bo‘lgan. Mana shunday ahvolda Madaminbekning sulh vositasida Turkiston Muxtoriyatini saqlab qolishga bir ishonchi bo‘lganini tushunish mumkin. Zotan, hamma ishlar Alloh irodasi bilan yechilgusidir. O‘qiganim borki, Azroildan qochgan bir odamning ahvoli shunday kechibdi:

Men ko‘rib nogoh uni yo‘l ustida,
Bir zamon qoldim taraddud ostida.

Chunki haq aytmishda: bir kun o‘lush bor,
Senga Hindistonda jon etgay nisor.

O‘yladim: olisda jon bergay ajab,
Yuz qanoti bo‘lsa ham mushkul bu gap.

Bo‘yladir ushbu jahonda qilu qol,
Och ko‘zingni, boq jahonga ibrat ol.

Sen o‘zingdan-ku qocholmassan aniq,
Bas, netib haqdan qocharsan, ey rafiq.

Yana bir misolki, xalqda shunday gap bor: aytsam o‘ldirurlar, aytmasam o‘lam… Madaminbekning ham… Mening ham taqdirimiz o‘shanday edi! Bu yerda faqat taqdiri azalning qismati kimga qachon bitilganida farq qiladi, xolos…

 

III

– Akamni aytaman, Abdullajon, – dedi bir payt Sog‘uniy domla hamrohiga qayrilib. – Uning ham boshidan ko‘p savdolar kechdi. Bular haqida yozayotgan “Turkiston qayg‘usi” kitobimda qayd etish niyatim bor.

Sog‘uniy domla Abdulla do‘xtirga ana shular haqida so‘zlar ekan, xayolidan tutqunlikdan chiqib, Andijonga borganda akasi bilan uchrashib qilgan suhbatlari, Millat majlisining taqdiri singari bir qur tarixlarni esladi.

 

* * *

– Nihoyat, zindonband etilganimga o‘n besh – yigirma kun deganda yana so‘roqqa chaqirishdi,  – xayolidan o‘tkazdi Sog‘uniy.

– Joningiz, uy-ro‘zg‘oringiz omon bo‘lishini istaysizmi? – dedi qovog‘ini uyub o‘sha “davlat yozuvida” tushuntirish yozishni talab qilgan tergovchi.

– Har bir inson dunyoga kelar ekan, uning kelgusidagi butun hayoti Lavhul mahfuzdayoq yozib qo‘yilgan bo‘ladi,  – deb tergovchiga qaradi Sog‘uniy. – Shunday ekan, jonim sizlarning qo‘lingizdami-yo‘qmi, bu Xudodan. Sizlardan omonlik so‘rasam yoki so‘ramasam ham yozug‘imda bo‘lsa, Allohning buyurgani nasib etadi…

– Sizning murod-maqsadingiz nima o‘zi?  – dedi biroz sukutdan so‘ng Sog‘uniyga  tik qarab tergovchi. – Butun xalq yangi zamonni olqishlab  turibdi. Biroq siz olib borayotgan tashviqotlar bizning bugungi siyosatimizga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Biz bugun ishchi-dehqonlarning kelajakda baxtli qiladigan bir davlat qurish uchun kurashyapmiz. Xabaringiz bo‘lsa, har joy-har joyda bosmachilar bosh ko‘tarishyapti. Bundan uch-to‘rt yil oldin Xitoyga ketganlar qaytib kelib, yana o‘z yer-suvlarini qaytarib berishimizni talab qilishmoqda. Ularning joylarida esa davlatimizning markazidan ko‘chirib keltirilgan rus kazaklari o‘tirishibdi. Bu to‘polonlarning oldini olmasak, yana isyonlar chiqishi, bu yerlarda ham janubdagiga o‘xshash bosmachilar paydo bo‘lishi mumkin. Mana shunday to‘polonlarning yo‘lini qirqishimizda bizga yordam berishingiz kerak!

– Men shundoq ham sizlarga yordam beryapman,-dedi mahbus tergovchining  ko‘ziga tikilib. – Axir Vladimir Ilichning “Millatlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilashlariga biz qarshi emasmiz”, degan fikrlarini el orasida eskartib, ularni tinch-totuvlikda yashashga targ‘ib etmoqdaman,  Shuning  o‘zi  yetarli  emasmi? – qizishdi  Sog‘uniy. Leninning nomi tergovchini sergak torttirdi.

– Bizda sizning mavjud tuzumga bo‘ysunmaslikni targ‘ib qilayotganingiz  haqida ma’lumotlar  bor…

– Ha, men bo‘ysunmaslikni targ‘ib qilganman, lekin bu ish hozirda emas, balki, iqtidorga sovet hukumati kelmasidan oldin, chor hukumati siz bilan menga o‘xshagan turkistonliklarni mardikorga olgan paytda bo‘lgan…

– Nima bo‘lganda ham, Sizning har bir harakatingiz bizga ma’lum… Ehtiyot bo‘ling. Bugun esa sizni ozod qilamiz,  – dedi tergovchi qo‘limga qamoqdan bo‘shaganim haqidagi hujjatni tutqazar ekan.

…Ayyorga ayyor, shaytonga shayton bo‘lishni, dinimiz qaytarmaydi, deb xayolga cho‘mdi Sog‘uniy “Turkiston qayg‘usi” asari ustida ishlar ekan oradan yillar o‘tib. Meni hibsga olishdan asl maqsadlari esa o‘zlariga sherik qilish ekanligini yaxshi bilganimdan keyin savollariga bergan keskin-keskin javoblarim ularni dovdiratdi chog‘i, bu haqda gap qayta qo‘zg‘olmay, ozodlikka chiqib ketdim. Qamoqda yotgan kunlarim tergovchiga yon bermaganim va birinchi galda Allohning qudrati sabab omon qolganim so‘ngida qamoqdan chiqib yana o‘z ishimga mashg‘ul bo‘ldim. Yana qamoqqa olingunimcha din targ‘iboti, dehqonchilik, kasallarni davolash bilan ovundim. Andijonga safar qildim. Bu safardan maqsad, Qo‘qon shahrida tuzilmish Millat majlisi (Turkiston Muxtoriyati  – muallif) a’zosi bo‘lmish akamiz Olimxonto‘radan xabar olish edi. Mana bir qancha vaqtki, bu majlis ikki oy yashab-yashamay qonga botirilgan so‘ngida akamdan xabar topolmadik. Shunda o‘zim uni  izladim. Jigarchilikning ishi qiyin ekan…

…Bir-birimiz bilan  yuz ko‘rishgan oqshom akamiz Olimxonto‘ra bilan boshlangan suhbatimiz tongga ulandi. Shundayki, o‘sha paytlari musulmonlarning eng alamli orzusini  ro‘yobga chiqargan Turkiston Muxtoriyati haqida gapirish butunlay man etilgan edi. Bu haqda so‘zlagan odamning boshi kundaga qo‘yilishi hech gap emasdi. Bir payt qarasam, akamning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib turibdi:

– Alixon, ukajonim, mana ikki yildan ko‘proq bo‘ldiki, u eshikdan bu eshikka, u qarindoshnikidan bu qarindoshnikiga qochib yuribman. Ba’zan yotar joylarim og‘ilxona, o‘t-hashaklar orasida bo‘ldi. Qo‘qondan Andijonga yetgunimga qadar ona sutim og‘zimga keldi… Eshitdimki, Mustafo og‘a Muxtoriyatimiz ag‘darilgandan so‘ng qanday omon qolgani haqida “Ulug‘ Turkiston” gazetasida hikoya qilibdi. U kishim hozir chet o‘lkaga chiqib ketmish… Bu yerda sen bilan bizga qiyin. Qachongacha yashirinib yuraman. Shularni o‘ylasam, yuragim orqaga tortadi.

TARIX. 1917 yil Fevral inqilobi romanovlar taxtini uloqtirib tashlaganini aytmasa, Rusiyada bo‘lganidek, uning chekka o‘lkalari, xususan Turkistonda to‘y o‘tib, quloqlarda faqat karnay sadosi qolgandek, gap bo‘ldi xolos. Bu inqilobdan ruslar bilan bir qatorda boshqa millatlar ham juda katta o‘zgarishlarni kutgan edi. Sirasini aytganda, bu inqilob o‘z izidan daryo-daryo qonlarni yetaklab keldi. Albatta, har qanday ko‘tarilish qurbonlarsiz bo‘lmaydi. O‘sha Germaniya, Frantsiyada yuz bergan inqiloblarda ham qon to‘kilgan. Ammo Rusiyadagidek emas… Boshqalar o‘z inqiloblari orqali  mamlakatlarini fuqaroviy davlatlarga aylantirib olganlariga bir asr va undan ko‘p vaqt bo‘lgani barobarida Rusiya va uning sobiq mustamlakalarida hamon ur-yiqitlar davom etib kelyapti. Ruslar “nufuzli joy bo‘sh qolmaydi” deyishadi. Nikolay ikkinchining taxtini tez orada bosh oyog‘igacha qonga belangan bolsheviklar egallab olishdi. Bunga Vaqtli hukumatning irodasizligi va mamlakatni boshqarishga qobiliyatsizligi sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, karnay-surnay va nog‘oralarning ovozi mudrab o‘tirgan odamni seskantirib yuborganidek, Fevral inqilobi ruslarni bilmadigu, ammo chor Rusiyasi va xon, amirlar zulmi ostida g‘aflat bosib yotgan turkistonliklarni, xususan, bu o‘lkadagi oq-qorani tanigan ziyolilar qatorida boshqalarni ham asriy uyqudan uyg‘otdi. Shunisiga ham shukr. Ahmad Zakiy To‘g‘on bir joyda shunday deydi: “Bu inqilob oylarining bir kunini o‘tgan davrlarning yillariga tenglashtirish mumkin edi”. Ammo to‘kilgan qonlar-chi? Yashalmagan umrlar-chi? Shuncha qurbonlar evaziga o‘sha besh-olti oylik “sarrin shabadalar”dan boshqa nimaga erishildi? Balki, hokimiyatga bolsheviklar kelmaganida bu darajada ko‘p qon to‘kilmasmidi? Balki… Ammo o‘sha Fevral inqilobi kunlarida Qo‘qondagi o‘qituvchilar uyushmasi raisi L.N. Nekora degan janobning so‘zlari ham tarixda muhrlanib qolgan ekan: “Inqilobni rus inqilobchilari, rus ishchilari, rus soldatlari amalga oshirdilar. Shu bois Turkistonda boshqaruv va hokimiyat biz  –  ruslarga tegishlidir. Mahalliy aholi esa biz ularga nimani bersak, o‘shanga shukr qilishlari kerak!” Fevral inqilobchilarining ham oktyabr inqilobchilarining ham yo‘li aynan mana shu so‘zlarda ifodalandi. Rostdan ham toki “SSSR” degan mustabid tuzum qulamugunga qadar bir paytlar yalakat mamlakat bo‘lgan Turkistonga hech qanday huquq, erkinlik berilmadi. Amirning  oltinlaridan tortib Mirzacho‘lning paxtasigacha Rusiya ichkarisiga tashib ketildi. Bu tuzum qulagan kundan boshlab esa o‘sha parchalangan Turkiston zaminida millatlararo, aslida bir millat – musulmon millati o‘rtasida yana daryo-daryo qon oqa boshladi… Xalqning xurram kunlari ham bo‘lganmi? deb savol beradi kimdir ichimda. Zulm ostida yashagan odamning xurram kuni tug‘ilganda va bu dunyoni tashlab ketganidagina bo‘lmasmidi?!

 

* * *

– Akam Olimxonto‘raning ruhi juda ham tushkun edi,  – deb xayolga toladi Sog‘uniy. – Bo‘lmasa akamiz juda oriyatli, mag‘rur kishi bo‘lgan. Nahot, bo‘lib o‘tgan voqealar uning irodasini sindirgan? Olimxonto‘ra akamiz Turkiston Muxtoriyatining Millat majlisi a’zoligiga Yettisuvdan saylangan edilar. O‘sha paytlarda bu o‘lkada xalq bilan Muvaqqat hukumat o‘rtasida turli ziddiyatlar ham chiqqanki, Olimxonto‘ra bu voqelarning bevosita shohidi bo‘lib va xalq tarafida harakat qilgan. Shu bois ham Yettisuv xalqi o‘zining diniy arbobini yangi tuzilajak haqiqiy xalq hokimiyati – Turkiston Muxtoriyatiga o‘z nomidan vakil etib Qo‘qonga yo‘llagan. Shundayki, 1916 yilgi “Urkun” voqeasida o‘z vatanlarini tashlab tog‘u toshlarga, asosan Xitoyning Shinjon o‘lkasiga ketgan odamlar o‘z joylariga qaytib kela boshlaydi. Jumladan, Xitoydan kelayotgan qirg‘izlarni ularning uy-joy, yer-suvlarini egallab olgan “mujik”lar o‘z yerlariga kiritmaydi. Oqibatda o‘rtada katta janjallar qo‘pib, ur-yiqitlar boshlanadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu masala Vaqtli hukumatning Toshkentdagi Turkqo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilib, bu qochoqlarning, ya’ni Urkunda vatandan chiqib ketgan qirg‘iz va boshqa millat vakillarini Prjevalskiy hamda Pishpek uyezdiga kiritmaslik va ularni yaydoq, toshloq yerlarga joylashtirish haqida qaror qabul qilinadi… Shuni aytish kerakki, Vaqtli hukumatning bu qaroridan nafaqat mahalliy xalq, shuningdek rossiyalik musulmonlar ham g‘azablanganlari haqida o‘sha paytlari ko‘p yozilgan. Akamiz Olimxonto‘ra ana shunday qaltis paytlarda xalqning tomonida turib, uni himoya qilganini yaqin-yaqinlargacha ham ona yurtimiz To‘qmoqda, uning atrof shahar va qishloqlariga borganimizda qariyalar so‘zlab berishar edi, o‘ylaydi Sog‘uniy. Ana shunday og‘ir damlarni boshdan kechirgan odam mana bugun boshini xam qilib o‘tiribdi… Bu sovet jallodlariga ham jismonan, ham ruhan bas keladigan shaxs topilarmikan, o‘zi?! Ey Xudo, ularning jazosini o‘zing bergaysan! Bu shaytonlar qancha-qancha oriyatli, boshi osmon qadar yuksak odamlarning xolini zabun qilmadi deysiz?! Qancha-qancha man-man degan siyosatchilar, olimlar, ulamolar ularning shashtiga tob berolmadilar. O‘zlarining yo‘liga solib yuborishdi. Shaytonning yo‘lidan O‘zi asrasin!..

– Aka-uka o‘rtamizdagi sukut uzoq cho‘zildi,  – deb eslaydi Sog‘uniy. Bir payt akam so‘z aytishga turdi.

– Siz qochqinda edingiz. Fevral inqilobi amalga oshgandan ko‘p o‘tmayoq Toshkentda ham, boshqa joylarda, xususan bizning Chuy vodiysi, Yettisuvda ham kishilarni bitta masala, mamlakat boshqaruvi masalasi qiziqtirib qoldi. Markaziy Vaqtli hukumat dastlab Turkqo‘mitani tuzdi. Makur qo‘mitaga rais bo‘lganlarning barchasi ruslardan edi. To bolsheviklarning davlat to‘ntarishi yuz bergan oktyabr oyigacha o‘tgan muddatda Turkistonga va Rusiyaning boshqa mustamlakalariga Muxtoriyat berish haqida ko‘p gapirildi. Ammo quruq so‘zdan nariga o‘tilmadi. Albatta musulmonlarning turli tashkilotlari, kasaba ittifoqlari tuzildi. Lekin bular hokimiyat emas edi. Hatto “Sho‘roi Islomiya” ham hukumat emas edi. Hukumat aslida Fevral inqilobidan keyin ham chor ma’murlarini almashtirgan yangi ruslarning qo‘lida qolaverdi. Bu voqealar ko‘proq Toshkentga aloqador. Yettisuv, Chuy vodiysi kabi chet viloyatlarda esa xalqni hamon o‘sha chor ma’murlari boshqarib kelardi. Chunki, bu yerlarga yillar mobaynida Rusiyadan ko‘chirib keltirilgan rus mujiklari hamma narsaga egadorlik  qilshardi… Musulmonlarning masjidda namoz o‘qishdan boshqa narsaga haqlari qolmagandi. Mana shunday sharoitda, 1916 yilda yurtni tashlab Xitoy va boshqa joylarga ketganlar guruh-guruh bo‘lib qayta boshlashdi. Ularning qatoriga mardikorlikdan qaytgan, Sibir va Rusiyaning boshqa joylariga surgun qilingan odamlar qo‘shildi. Yana ur-to‘polonlar boshlandi. Turkqo‘mita tomonidan voqeani o‘rganishga borganlar haqiqat qilishmadi. Vaqtli hukumat yurtga qaytganlarni o‘z ota-bobolari yashab kelgan zaminga qo‘ymaslikka qaror qildi… Musulmonning masjiddan boshqa arz qilib boradigan joyi yo‘q edi. Men o‘shanda To‘qmoqda imom edim. Bu voqelarning hammasiga bevosita shohidman. Jonidan to‘ygan kishilar qirg‘iz otliqlarining panohida Pishpekka yurish qilishdi… Pishpek albatta xonu monidan ayrilgan olomonni quchoq ochib kutib olgani yo‘q… Yana qon to‘kildi… Kishini hayron qoldiradigan holat shu ediki, bolsheviklar zo‘r berib yaratmoqchi bo‘lgan ishchilar sinfi Turkistonda yo‘q edi. Bu yerda boylar va kambag‘al dehqonlar, eshon va murid, nihoyat ularning hammalarini ezib yotgan chor ma’murlari bor edi, xolos… Bolsheviklar esa mana shunday sharoitda bu yerga o‘zlarining maslaklarini tiqishtirib, zo‘rlik bilan ishchi diktaturasini o‘rnatishdi. Bu maslak Turkiston xalqining tabiatiga zid maslak edi. Asrlar mobaynida Islom dini aqidalari asosida tarbiyalangan kishilar avlodini allaqanday “Sho‘ro demokratiyasi” asosida yashashga majbur qilib  bo‘lmas  edi. Ularni  ko‘proq va  birinchi  navbatda  chor  Rusiyasi  zulmidan qanday  xalos  bo‘lish  masalasi  qiziqtirar edi. Sirasini  aytganda,  jabrdiyda  Turkiston  50  yildan  beri  chor  Rusiyasi   hukumati  qo‘li  ostida  yashab  kelmoqda. Bu  hukumat  yerli  aholining  diniy, milliy sud ishlariga  darrov aralashmasa-da, asta-sekin o‘lka  hayotining barcha  jabhalariga qo‘l cho‘zib, changallariga  olishdi. Fevral inqilobidan so‘ng Turkiston xalqi endi ozodlikka erishdik, deb xursand bo‘lgandi. Bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng, zudlik bilan Muxtoriyat e’lon qilarmish, deb bizga uqtirishdi. Mayli, bolsheviklarning ham Muxtoriyatini ko‘rarmiz, agar o‘shangacha omon bo‘lsak, lekin ular turkiy musulmonlar o‘zlarining diniy, milliy huquqlarini himoya qilish uchun endi o‘limdan qo‘rqmasliklarini unutmasinlar… Men bu gaplarimni 1917 yilning 26-29 noyabr kunlari Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi minbaridan turib ham aytganman. O‘sha qurultoyda bir qator diniy arboblar qatorida men ham Turkiston Muxtoriyatining millat majlisi a’zoligiga saylandim. Shuni aytish kerakki, Turkiston xalqining orzu-umidlarini ifoda etgan ana shu hukumatning ichida ham birlik yo‘q edi. Hukumatning bir qanotida “Ulamo” o‘tirgan bo‘lsa, ikkinchi qanotini bolsheviklarga qarshi bo‘lgan chor armiyasining zobitlari va ayrim zodagonlar egallagan edi.  Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mustafo Cho‘qayev, Muhammadjon Tinishboyev kabi Muxtoriyatning haqiqiy jonkuyarlarining esa otashin so‘zlari va fidoyi jonlaridan boshqa hech narsalari yo‘q edi. Aslida Muxtoriyatni ana shu kishilar olib kelishdi. Xalq ularga ishonib Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatladi. U roppa-rosa oltmish kun yashadi… Muxtor hokimiyatning qanotlarida o‘zaro kelishmovchiliklar kuchaydi. Albatta, Toshkentda o‘tirib olgan bolsheviklar hokimiyati ham tek o‘tirgani yo‘q. Zotan ular shaytonning  bolalari edi… Kadetlar va mensheviklar kabi o‘ng sotsialistlar amalga oshirgan Fevral inqilobini oradan to‘qqiz oy o‘tib-o‘tmay chetga surib, taxtga o‘zlari chiqib olishdi. Millat majlisi a’zolarining har bir yig‘ilishlari bahs-munozara bilan o‘tar, ammo xazinada pul emas, balki xazinaning o‘zi yo‘q edi. Chiqarilgan zayomdan va boshqa ionalardan tushgan mablag‘ “Birlik tug‘i” va “Svobodnыy Turkiston” gazetalarining o‘zidan ortmasdi. Bu yoqda ikki mingga yaqin Milliy armiya askarlari ham yuqoridagi kabi ionalarga ko‘z tikib o‘tirardi. Bu orada Qo‘qon ishchi, askar va dehqonlar sho‘rosi bilan Muxtoriyatchilar o‘rtasidagi tortishuvlar keskinlashdi. Yanvar oyi oxirida ayrim ig‘vogarlar tomonidan sho‘rolar o‘tirgan binoga xujum uyushtirildi. Albatta, bunday ig‘vogarliklarni bolsheviklarning o‘zlari, urush qilish bahonasida uyushtirdilar. Ammo… Muxtoriyat ichidagi ulamo va oqlarning ham tek o‘tirganiga shubham bor. To‘g‘ri, bular haqida batafsil gapirishning hozir mavrudi emas. Men juda charchadim… Bir millat o‘rtasidagi tushunmovchiliklardan, ixtiloflardan, ilmsizlik, mansabparastlik kabi qusurlarimizdan charchadim. Bilasizmi, uka, Muxtoriyatni bolsheviklardan saqlab qolish mumkin edi. Uni o‘zimiz, o‘z ichimizdagi ixtiloflar, johillik sindirdi. Ag‘darib, yer bilan yakson qildi… Mana, siz aytyapsiz, qashqarliklar orasidagi johillik, bilimsizlikni ko‘rib ruhim ezildi, deb. Bu yerda jaholat Qashg‘ardagidan o‘n chandon baland. Ulamoning o‘zi xalqni qo‘riqlashga da’vat etib, Qo‘qon militsiyasiga boshliq etib tayinlagan Ergash o‘zini “xon” deb e’lon etdi. Bu ishni kim qildi? Muxtoriyatning o‘ng qanotimi yoki so‘l qanotimi? Yoki bolsheviklarmi? Bilmayman, bilmayman…

– Akamning ko‘zlarida yosh miltiradi,  – deb eslaydi Sog‘uniy akasi bilan bo‘lgan  o‘sha  suhbatni. Shu daqiqalarda uning ko‘z oldidan “Ulug‘ Turkiston” gazetasida Mustafo Cho‘qayning kechmishlari haqida o‘qiganlari o‘tdi:

“Xo‘qondda bo‘lg‘on voqeaning siyosiy sabablarining boshdan-oyoq yozuvini hozirgi zamon ko‘tarmaydi, – deb boshlagan edi Mustafo og‘a o‘z maqolasini. – Men bolsheviklar quvg‘inidan qochib, Ho‘qand tegrasidagi qishloqlarda sartiya qardoshlarimiz orasida besh-o‘n kun yurdim. Shu ozgina muddatda chekkan jabru-jafolarimni, dushman bo‘lsalar-da, Xudoi taolo bolshevik­larning ham boshiga solmasin.

Ergash sartlar tarafindan Ho‘qandning eski shahriga saylab qo‘yilgan qo‘rboshi edi. Bu odam avvallari ham o‘g‘rilarga bosh bo‘lib yurardi. Xullas, shu kimsa bosh bo‘lib, Ho‘qand sartlari bolsheviklar bilan urush boshlagach, “engilamiz” degan so‘zni eslariga keltirmadilar. Shuning uchun “Endi sart zamoni keldi! Ergashni xon etamiz! Farg‘onada sartlardan boshqaning jonini olamiz. Qozoq bilan bolsheviklarning farqi yo‘q. No‘g‘oy bo‘lsa, musulmon emas! Ho‘qandda bitta no‘g‘oy muallimning oyog‘ini qiblaga uzatib uxlab yotganini ko‘rdik!” deyishib, qishloq yoshlari sartlardan boshqa xalqlarning barini o‘ldirmoq niyatida qo‘llariga bolta, pichoq, cho‘t, ketmon, o‘roq, arqon, zanjir olishib to‘dalashib yurdilar. Bolsheviklardan qochib, musulmon og‘a-inimiz deb ana shu xalq orasiga kirdim…”. Shunday qilib Mustafo Cho‘qay afandi Qo‘qon atrofidagi Govxona, Qumbosdi, Iloj qabi qishloqlar oralab borar ekan, sal bo‘lmasa o‘lib ketishiga oz qolgani haqida yozib, “…Do‘st etib xizmat etarga tutingan xalqimdan dushmanlik ko‘rganim ko‘nglimga xafalik soldi. Shunday bo‘lsa-da, Qumbosdidan boshqa yerni, boshqa elni ko‘rmagan avomning qilgan yomonliklarini sart xalqining ustiga yuklashni istamayman” degan edi o‘z vaqtida Turkistonning asl farzandi Mustafo Cho‘qay. Alloh uni rahmat qilsin.

– Ko‘rinib turibdiki,  – fikrlashda davom etdi Sog‘uniy. – Turkiston Muxtoriyatini garchi, bolsheviklarning tazyiqi kuchayib, Muxtor hukumat har tomondan qisuvga olingan bo‘lsa-da, uni o‘zining odamlari – ulamo yiqitgan. Yiqilganni tepish esa mardning ishi emas edi… Shunday voqea yuz beradiki, o‘ng qanot va so‘l qanotga kirmagan, Muxtoriyatdan xalqning ozodligi, erkidan boshqa manfaati bo‘lmagan haqiqiy muxtoriyatchilar bolsheviklardan qochib Ergashni xon ko‘targan  mutaassib olomon g‘azabiga duchor bo‘ladilar…

TARIX. “Mustafo bilan men 1913 yilda Farg‘onaga qilgan ilmiy safarim chog‘ida tanishgan edim,  – deb yozadi Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on o‘z xotiralarida. – O‘sha vaqtda u Toshkentdagi rus litseyida tahsil olar edi.  Keyinchalik Peterburg universitetida o‘qib yurgan davrlarida ham uchrashib turdik. Otasi Sirdaryo qipchoq urug‘i qozoqlaridan bo‘lib, Qo‘qon xoni xizmatida dodxoh (Qozixonalarni nazorat qiluvchi amaldor) rutbasida bo‘lgan. O‘tgan asr o‘rtasida chor Rusiyasi bu yerlarni bosib olgach, general Perovskiyning xizmatiga kirgan, rus tilini o‘rgangan va keyinchalik tarjimonlik qilgan bir kishi edi. Uning oilasi Qo‘qon xonligi davrida o‘zbeklarning ulug‘lariga, keyin rus davrida esa dvoryanlarga yaqin bo‘lgan… 1916 yilda men Dumaning musulmon fraktsiyasiga Ufadan, Mustafo esa Sirdaryo viloyatidan a’zo etib saylangandik. U kadet partiyasi a’zosi bo‘lishiga qaramasdan doim men bilan hamfikr edi. 1917 yil inqilobidan so‘ng Qo‘qon Muxtoriyati harakatiga qo‘shildi. 1918 yil boshida Qo‘qon sho‘ro tarafidan ishg‘ol etilgach, Mustafo qochib Toshkentga keldi. Toshkentda kadet partiyasidan bir rus zobitining uyida bo‘lib, xotini bilan To‘g‘ay yo‘li orqali bizning Yurmatidagi uyimizga keldi, keyin Orenburgga ketdi. Mana endi Parijda bizni mehmon qilmoqda. Uning Mariya Yakovlevna ismli ayoli bilan bizning Timasdagi uchrashuvimizdan buyon oramiz yaxshi edi. Ular avval biznikiga kelib, keyin Afg‘onistonga o‘tishni ma’qul ko‘rishdi.

Mustafo bilan uch kun (Parijda) suhbatlashdik. Mustafo kambag‘al edi. Milyukov va Kerenskiyning gazetalariga yozgan maqolalari hisobidan tirikchilik o‘tkazardi”.

 

* * *

– Polshalik yurist Og‘ayevni aytmaysizmi uka,  – dedi bir payt Olimxonto‘ra Sog‘uniyga qarab. – O‘zingiz bilasiz, chor hukumati yiqilgan so‘ngida Polsha va boshqa Boltiqbo‘yi millatlari tez birlashdilar. Qarang, o‘sha Og‘ayev nima degandi: “Shundayki, o‘zim nasroniylar ichida o‘sgan musulmonman. – Yurtimda sezmagan edim, ammo bu yerga kelib bildimki, musulmonlar o‘rtasida birdamlik yo‘q ekan…”

Akasining ana shu aytganlarini “Turkiston qayg‘usi” ustida eslar ekan, Sog‘uniyning xayolidan Ahmad kalla[14] o‘tdi. U mana bunday degan edi: “Hasadgo‘ylik, ko‘rolmaslik, ittifoqsizlik, takabburlik kabi buzuq, yaramas ishlar boshqalarga qaraganda musulmonlar ichida ko‘proqdir. Kofir ahllarining ittifoqlari ularning bir-birlariga qilgan yordamlari, shunga o‘xshash bir qancha yaxshilik ishlari borki, ularning o‘ndan birini ham musulmon nomini olganlar qila olmaydilar. Masalan, ulardan birontalari kasb qilishdan ojiz bo‘lib, muhtojlikda qolsa uning gadolik qilishiga yo‘l qo‘ymay, darhol o‘sha odamga yetarli darajada moddiy yordam qiladilar va hokazo. Agar tijoratidan ziyon ko‘rsa kamchiliklarini to‘ldirib, sarmoya va kasb asboblarini tayyorlab, muflislikka (qashshoqlikka) tushishidan uni qutqaradilar. Agar safar yo‘ldoshi yo‘l ustida kasallanib qolar ekan, tuzalguncha yoki uyiga yetib olguncha u bilan birga boradilar. Ana endi musulmon degan kishilarga qarang! Musulmonlarda shunday odamlar borki, safarda yo‘ldoshining joni bo‘g‘ziga kelganda ham uning tomog‘iga bir qatra suv tomizg‘isi kelmaydi; kasbdan ojiz qolganlarga yordam qilib, gadolikdan qutqarishni esa xayollariga ham keltirmaydi. Agarda birov tijorat ishlarida sinar ekan, ajab bo‘pti, deydi va “o‘zi shunday bo‘lishi kerak edi” deb malomat ham qiladi. Shuningdek, hokim va amaldorlarning jabr-zulmlari, o‘lim-etimning ko‘pligi, kasb va tijoratning ziyonga uchrashi, bir-birlariga do‘stlik va ittifoqlikning yo‘qligi, mana shunga o‘xshash va ofat– balolar boshqalarga qaraganda musulmonlarda ko‘proqdur”.

– Akam Olimxonto‘ra o‘sha o‘lka musulmonlarining qurultoyida “Mayli, bolsheviklarning ham Muxtoriyatini ko‘rarmiz, agar o‘shangacha omon bo‘lsak, lekin ular turkiy musulmonlar  o‘zlarining diniy, milliy huquqlarini himoya qilish uchun endi o‘limdan qo‘rqmasliklarini unutmasinlar…” deganida bir narsani, ularning Og‘ayev aytgan intifoqsizligini, Ahmad kalla ogohlantirgan tarqoqligini, hasadgo‘yligini va eng ­fojiali tomoni takabburligini hisobga olmagan edi, – deb fikrlashda davom etadi Sog‘uniy – Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etilgan “Sho‘roi islomiya”, shu tashkilot tomonidan Qo‘qon militsiyasiga boshliq etib tayinlangan Ergash qo‘rboshi ana shu yuqorida aytganimiz birgina polyak musulmoni Og‘ayevdan o‘rnak olsalar edi… Bu odam bizim Turkistonga ne uchun kelgan edi? Sayru-sayohat bilan kelmagan edi-ku! O‘zining yurtida bo‘lganidek, musulmon o‘lkalarda ham Hurriyat bo‘lishini istadi. Bunga tushunib haq talab qiluvchi va ham bu ishni boshqaruvchi bizning Turkistonimizda kishilar kamligini bilgan chet ellardagi musulmon ziyolilarining diniy hislari qo‘zg‘alib, Turkistonda qardoshlarining birinchi martaba yangidan qurilayotgan yosh davlatlariga yordam yetkazish uchun u kishini yubormish edilar. O‘zi yurist bo‘lib, chor hukumatiga qarshi musulmon polyaklarining milliy inqilobchilaridan edi. Ho‘qandga kelishi bilanoq oz-ko‘p tushungan kishilar buni taqdirlab, yangi qurilayotgan milliy Muxtoriyat hukumati raisining o‘rinbosari etib saylamish edilar. Og‘ayev Turkistonga ana shunday ulug‘ maqsad bilan kelgan edi. Bu kishi butun ishlarni tartibga solib endigina ishga kirishayotgan chog‘ida dastlab mutaassib ulamolarning fatvosi bilan davlat to‘ntarishi yasagan Ergash qo‘rboshi, bir kun o‘tib esa bolsheviklarning qatag‘oniga uchradi. Ergash bir kungina xon bo‘ldi, xolos. Ana shu bir kunlik “xon” yuz yillar mobaynida xon va amirlar, keyin esa chor hukumati zulmidan bag‘ri qon bo‘lgan avlodlarning orzu-istaklarini chippakka chiqardi. Mutaassib olomonni va eng dahshatlisi bir burda non tashvishida oylarni yillarga, ertani kechga ulayotgan tinch aholini bolsheviklar, armani dashnoqlar, rus kazaklarining qirg‘iniga duchor etdi. Muxtoriyatning qochishga ulgurgan a’zolari qochdi, ulgurolmaganlari qo‘lga tushdi. Ana shu baxtsizlarga yordam berish uchun oilasi, Vatani, balki butun baxti-taxtidan voz kechib kelgan Og‘ayev qardoshimiz yerlik baxtsizlar qatorida qafasga solinib, bizning ozodligimiz yo‘lida qurbon bo‘ldi…

– Maslak yo‘lida qurbon bo‘lganlarning o‘lik-tirigi bo‘lmaydi,  – deb o‘ylashda davom etdi Sog‘uniy. – Vaqteki, o‘lganlari  tiriklaridan sharafli bo‘lg‘ay. Olloh taolo va taborak o‘zining kalomi bilan shunday deydi: “…Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (ya’ni o‘ldirishdan bosh tortsa) demak go‘yo barcha odamlarga hayot ato etibdi…” Mazkur oyat Qur’onda kelgan Qobil va Hobil qissasiga aloqador bo‘lib, Islomning insonparvarligi nazarda tutiladi.

Qizil bolsheviklar esa bitta odamni emas, minglab, yuz minglab gunohsiz kishilarni o‘ldirdilar. Akamning so‘ziga qaraganda, bolshevik­larning vahshiylik maslagidan Og‘ayevning xabari yo‘q bo‘lishi kerak.

Butun dunyo bo‘ylab har yerdagi insonlar o‘z huquqlariga erishayotgan XX asr davrida o‘tgan vahshiylarcha otish-chopish bilangina ish olib bormasalar kerak, bular bilan ko‘rishib so‘zlashaylikchi, maqsadlari nimadur? Uni bilaylik”, deb yuristlik qilib, huquqshunoslik yo‘li bilan bu yirtqichlarga so‘z o‘tkazmoqchi bo‘lib, qo‘lga tushmishdir. Yo‘q esa, boshqa jon qutqazgan “botir”lar kabi fursatdan foydalansa, qochib qutilishi mumkin edi.

Bu qahramon qo‘lga olingandan so‘ngra shundayin xorlik, zulm ostida turishdan o‘limni ortiq ko‘rib, ochlik bildirmishki, bu kabi eng so‘nggi dahshatlik choradan insoniyat olamida foyda berishi kutilur edi. Bular oldida e’tiborsiz bo‘lganlikdan o‘n besh kunlab och qoldirilmishdur. Aqli ozib, o‘lar holga kelganda boshqa yoqqa olib ketganlar. Undan keyingi taqdiri noma’lumdir…

Turkiston tarixida bu bolshevik deganlarning, Lenin va Stalin deganlarning siyratiga, so‘z aldoviga laqqa tushgan chet ellik dindoshlarimizdan Og‘ayevdan tashqari Anvar posho, Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on va boshqa minglab qalblari Qur’onda kelgan Hobilnikidek pok insonlar bor ediki, hammalari bolsheviklar qo‘lidan o‘lim topdilar yoki qochib qutuldilar. Turkistonning mangulik orzusi – mustaqilligini yelkasida ko‘tarishga chog‘langan Ho‘qand esa vayronaga aylantirildi. Xom loydan yasalgan tandirdan chiqqan Ho‘qandning yangi xoni Ergash bolsheviklarning bir hamlasiga ham dosh berolmadi… Xonlikni da’vo qilib shaharga o‘zi tomonidan chorlab keltirgan qipchoq jangarilaridan avvalroq qochib qoldi. Shunday bo‘ldiki, bolsheviklar musulmonlarning eng kekchil dushmanlari sanalgan armanilardan to‘plangan askarlarni to‘liq qurollantirib, xalq ustiga keltirdilar. Bularning boshchi qo‘mondonlari esa turk qoniga chanqagan, qonichgich Dashnoq firqasining a’zolari bo‘lganlikdan Ho‘qand shahri ustida ko‘rsatgan vahshiyliklari o‘rta asr yirtqichlaridan Chingiz dahshatlarini unuttirmish edi. Ongsiz xalq buni unutgan bo‘lsalar ham, dushman suqqan nayzalarning zarbalaridan yuraklari parchalanmish, ko‘z qonlari bilan ko‘ngil sahifalariga dahshatli zulm xatlarini yozmish tarixchilar bu kabi fojialarni hech qachon unutmaydilar. Garchi, kimki yozuv va kitobat yo‘lini tanlarkan tazyiq hamda yomon otliqqa chiqarilsalarda, biz ham bolsheviklarning bunday vahshiyliklarini yozmasdan tura olmadik. Xalq ko‘zini qo‘rqitib, ularga dahshat solish uchun, bir tomondan otish-chopish boshlangan bo‘lsa, ikkinchi  yoqdan zambaraklardan to‘p otib, o‘t qo‘yib, butun shaharni kuydirmish edilar. Bu voqeadan besh-olti yil keyin Ho‘qandga borganimizda buzilib, vayron-talqoni chiqqan ko‘p imoratlarni, kuydirilgan bozor rastalari o‘rnida to‘dalanib yotgan hisobsiz kultepalarni ko‘zimiz ko‘rdi.

Ana shu tariqa, bir alloma aytganidek, “insonligi, yashash huquqi paymol etilgan xalq noiloj qo‘zg‘oldi. Xalq o‘z holicha qo‘zg‘oldi. Agar Ergash xonlik da’vosida, atrofiga o‘ziga o‘xshagan azaldan qaroqchilik qilib kelgan kishilar bilan bolsheviklarga qarshi jang qilgan bo‘lsa, endi xalqni hech kim boshqarmadi. O‘z orasidan o‘ziga boshliq sayladi. Ammo boshliqlar ham avom edi. Ular qayon borishni ham, kimga qo‘shilishni ham bilmasdilar. Yurtni tashlab muhojirlikka ketishni esa xayollariga keltirmasdilar. Chunki ular o‘z tog‘laridan, qishloqlaridan boshqa joylarda yashash mumkinligini tasavvurlariga sig‘dirolmasdilar”. O‘z dinini va shu asosda tili, madaniyati va insoniylik sha’nini saqlash uchun  hijrat ham Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan qolgan sunnat ekanini go‘yo unutgan edilar.

Sog‘uniy xayollar og‘ushida ekan, akasi aytgan Ishoqxo‘ja Saidxo‘ja ismli xalq qo‘rboshisining o‘z og‘asiga yozgan maktubini esladi:

“Zoti oliylari! – deb boshlanadi o‘sha maktub. – Biz oxirgi marta suhbatlashganimizdan beri ham ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q. Lekin biz bu orada uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi bo‘linmalarga qarshi jang qildik. Xudoga shukr, biz bu janglarda turib berdik. Islom albatta g‘olib bo‘lajak! Iqror bo‘lish lozimki, jang nihoyatda qizg‘in bo‘ldi. Ajabki, biz dushmanlar safida milliy hukumatimizning bir nechta a’zosini ko‘rdik (Gap Buxoro milliy hukumati haqida ketyapti – Yo.X.). Ular dushman tarafida turib bizga qarshi jang qildi. Dushman bizni butunlay mahv etmoq niyatida edi. Lekin biz bardosh berdik, ular bizni mahv etolmadilar. To‘g‘ri, biz holdan toydik, safimizda parokandalik ham bo‘ldi. Ammo hammasiga chidadik.

Shu yil zulqa’da oyining o‘n beshinchi kunidan e’tiboran dushman Eskij, Kuxun, Dahona, Xo‘jachixil, Dasht qishloqlarini talon-taroj qilishga kirishdi. Ular mol-qo‘ylarni haydab, qo‘liga ilingan narsani olib ketishyapti.

Hisor tumanidagi bir qishloqdan nufuzli oilalardan to‘rt-beshtadan askar olishyapti. Bir qismi ixtiyoriy ravishda olindi, bir qismi majbur qilindi. Dushmanning bundan ko‘zlagan maqsadi – o‘sha mahalliy yigitlar yordamida bizning qayerda turganimizni aniqlab olishdir. Dastlab, o‘sha yigitlarning hammasi tergov qilindi, ulardan bizning qayerdaligimizni so‘rashdi. So‘ng bizni qidirib topishga jo‘natdilar. Zoti oliylari! Biz sizdan iltimos qilamizki, dushmanning bunday harakatlariga qarshi nima qilishimiz to‘g‘risida maslahat bersangiz, buyruqlaringizga muntazirmiz! Biz o‘z burchimizni to‘g‘ri ado etayotganimizga ishonch hosil qilishimiz uchun ham sizning ko‘rsatmalaringizga muhtojmiz!”

Bu maktub Mirzo Saidxon G‘oziy nomiga yuborilgan. Ma’lum bo‘lmoqdaki, yurtni bolsheviklardan himoya qilish uchun yetarlicha kuch bor edi. Bu kuch – xalq bo‘lgan. Ammo uni boshqaradigan boshvoq yo‘q. Bor boshvoqlarning esa birining gapi ikkinchisiga to‘g‘ri kelmay qirpichoq bo‘lishdi. Yurtning bir qanotida dahriylik, ikkinchi qanotida esa mutaassiblik in qurib, oxir oqibat uni bolsheviklar qopqoniga tushirishdi…

 

* * *

Sog‘uniy xayoli yana o‘sha Andijon safari, akasi bilan bo‘lgan suhbatlar, Turkiston muxtoriyati qonga botirilgach xalqning oyoqqa qalqishi haqidagi voqealarga do‘ndi.

– Akam Olimxonto‘rada yoshlikdan olimlik siyog‘i bor edi. O‘sha Makka shahrida o‘qib yurganlari paytidayoq Qur’on va Hadisni o‘qib-o‘rganishda arab grammatikasini chuqur bilish lozimligini anglab, bu ilmni maromiga yetkazib o‘rgandilar. Buxoroda o‘qib yurganlarida esa “Inshoolloh bir kun kelib arab tilidan darslik tuzib, talabalarga o‘qitaman”, degan niyatni yuraklariga tugib qo‘ydi. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, o‘sha paytlari arab tili grammatikasi bo‘yicha darsliklar kam bo‘lishidan tashqari ular juda murakkab edi. Shu jihatdan talabalar darslarni o‘zlashtirishda ko‘p aziyat chekishardi. Balki qadimchilarning “Madrasaning yigirma yil tuprog‘ini yalab shu birgina sarf va nahvni o‘rgandik xolos”, deganlarida arab grammatikasining murakkabligini nazarda tutishar. Haqiqatda shunday edi. Akamning o‘zi ham bundan qiynalgani bois sarf va nahvni o‘rganish bo‘yicha soddalashtirilgan kitob tuzishni maqsad qilib o‘sha chor hukumati paytidayoq, ya’ni 1915 yilda “Miftahun nahv” ya’ni “Nahv kaliti” nomli kitob yozib, uni adashmasam Toshkentdagi bir o‘rusning bosmaxonasida chop ettirdi. Bu kitob o‘sha alg‘ov-dalg‘ov yillardan omon-eson o‘tib shu bugungacha ham madrasa va hujralarda o‘qitilmoqda. Inshoolloh kitobning umri boqiy bo‘lg‘ay.

… O‘sha tundagi suhbatlarimizdan angladimki, Turkiston muxtoriyati xoinlar va bolshevik jallodlari tomonidan qonga botirilgach, akamning hukumat ishlaridan ko‘ngli qolgan edi. O‘zi aslida u kishi ham, men ham dinni mahkam ushlagan oddiy bir fuqaro edik. Ammo biz Allohning bu muqaddas dinini atrofimizdagi odamlarsiz, ularning hayotisiz, bu hayotning og‘ir-engilliklarisiz, jamiyatning, mavjud hokimiyatning o‘sha odamlarga, ularning hayotlariga munosabatisiz tasavvur etolmasdik. Zotan, bu har bir musulmonning, har bir odamning oddiy hayoti edi. Bu dunyo-yu hayotda o‘zingni qaydan kelib qayon borayotganingni, qo‘shningni, qo‘shningning qo‘shnisini, mahalla-ko‘y, urug‘-aymoq, qo‘yingki, butun jamiyatning turmushi qanday kechyapti, bizlar o‘zi qanday odammiz, bizlarni yo‘lboshchilarimiz kimlar degan savollarga har bir odam qiziqishi va unga javob topishi lozim bo‘ladi. Biz aka-ukalar ana shu savollarga o‘zimizcha javob qidirar edik. Albatta, topgan bu javoblarimiz har-xil bo‘lishi tabiiy. Bu ham ro‘zi azalning ishi…

Akam bir necha yil Andijon va boshqa joylarda yashirinib yurgandan keyin To‘qmoqqa qaytdi. Bu voqea mening qamoqqa olinishimdan sal oldinroq bo‘ldi. To‘qmoq xalqi akamni katta quvonch bilan qarshi olishdi. Ularning ko‘plari akamning muxlislari, orqasida turib namoz o‘qigan qavm edi. Islomda shunday odat bor. Imomlikka ilmlik va yoshi ulug‘ odam, agar yoshi ulug‘larning ilmi bundayroq bo‘lsa yosh bo‘lsa, ham ilmi mukammal odam o‘tadi. Ana shu taomilga ko‘ra, akam otamiz qurdirgan masjidda yana imom bo‘lib qoldi. Xalqimiz azaldan og‘zida ilmi bor kishini o‘ziga juda yaqin olgan. Agar bu odam ana shu atrofdagi odamlarning issiq-sovug‘idan, turmush tarzidan xabardor bo‘lib, o‘zini ulardan uzoq tortmasa unga bo‘lgan mehr-oqibat o‘n chandon ortgan. Akamiz Olimxonto‘ra esa o‘shanday ulamolardan edi. Turkiston Muxtoriyatining qonga botirilishi, o‘zining safidagi ulamolarning mutaassibligi Olimxonto‘raning keyingi hayotiga qattiq ta’sir qilgan, deb o‘ylayman. Unda ilgarigi shijoat, ilgarigi mardonavorlik so‘nganday edi. Dastlab Ergash qo‘rboshidan, keyin esa bolsheviklardan qochib qishloqma-qishloq yurish, ikki-uch yillik sarson-sargardonliklar uni charchatib qo‘ygandi.Har holda men uning gap so‘zlaridan, harakatlaridan shuni tushundim.

– Bolsheviklar butun rasm-rusumlarimizga ham o‘zgartirishlar kiritmoqchi, – dedi u bir nuqtaga qarab o‘tirar ekan. – Mahalla oqsoqollaridan tortib jome masjidlarining imomlarigacha o‘zlari tayinlashmoqchi… Ammo ularning bu harakatlari o‘zimizdagi mavjud yasoq va yusunlardan avlo emas. Faqat ustidagi to‘ni bilan ostidagi otini almashtiradilar, xolos.

– Darhaqiqat shunday,  – dedi Sog‘uniy akasining so‘zlarini ma’qullab, – aslida Turkiston va Movarounnahr sultonlarining o‘z paytlarida tutgan askariy va xalq ustidagi yasoq va yusunlari Chingizxonning yasoq va yusunlaridan olingandir. Chingizxon xalq ko‘zida o‘z saltanatini haybatli ko‘rsatish uchun shunday yasovni qurgan edi. Chunki u haddan osha zolimligi ustiga, bir qancha katta davlatlarni mag‘lub etib, ularni o‘ziga qaratgan edi. Dunyoning har tomonidan uning o‘rdasiga podishohlar, elchilar uzilmay kelib turardi. Har joyda g‘alaba qozongan kishi boshqalarning undan g‘olib bo‘lishidan qo‘rqadi. Shu sababli Chingizxon o‘rdadagi soqchilar va to‘qsovullar boshlig‘i qilib eshik og‘asi qo‘yishga majbur bo‘lgan. Toki xalq o‘z ixtiyoricha uning oldiga kira bermasin; yoki jondan kechgan bir kishi unga yomonlik qasd qilmasin. Yana yo‘lda ketayotganlarida po‘sht-po‘shtchilar, safar boshlig‘i qilib salom og‘asini tayinlaydilar. Bularning vazifalari podshohga piyodalarni yaqin keltirmaslik, ularni uzoqroqqa surib, otliqlarni otlardan tushirish edi. Shunday qilib, bu yusunlar (odatlar, vazifalar) Turkistonning keyingi xonlariga (bizning kunlarimizgacha  – muallif) meros bo‘lib qoldi. Bu yusunlar shu darajaga yetdiki, bir o‘lkaning kichik xonligiga ega bo‘lganlar ham bu qoidani tashlamadilar…

Sog‘uniy xayolidan otasi Shokirxonto‘ra va muhtarama onalari Norbuvi o‘tdi. Har ikkalalari ham bolajon, oq-qorani tanigan mo‘tabar insonlar bo‘lishgan. Akamning oila davrasiga qaytgani, mening ham o‘zining bag‘rida ekanligim onamizni juda quvontirgan edi, otam…

TARIX. Sog‘uniyning o‘g‘li Qutlug‘xonto‘ra bir suhbatda shunday degan edi:

– To‘qmoq shahrida Navro‘z kuni o‘zbek oilasida ikkinchi o‘g‘il – mening otam Alixonto‘ra tavallud topdilar. Onalarining nomi Norbuvi, afsuski ular haqida bilganlarim hozircha juda oz. Otalari Shokirxonto‘ra asli andijonlik, Naqshbandiya sulukiga mansub diniy olim bo‘lib, Shokirxo‘ja eshon nomi bilan ham mashhur edilar. Katta buvamiz Muhammadxo‘ja ularning otalari Mirniyozxo‘ja va shu yo‘sinda yigirma nechanchi buvamiz Qilich Burxon ekanlar, bularning maqbaralari hozir ham O‘zgan shahrida qad ko‘tarib turibdi. Otamizning ulug‘ bir islomiy bo‘g‘inga mansub ekanliklarini to‘qmoqlik qariyalar aytib bergan rivoyatlar ham isbotlaydi. Aytishlaricha, Qurbon Hayit bayrami kunlari ekan. Bir to‘p bolalar quvonishib, shovqin-suron solishib masjid yonidan o‘tib borardilar. Masjid darvozasiga yetganda guruhdan birgina bola ajrab taqqa to‘xtab qoladi. Ichkaridan “Huv Olloh, huv” maqomida aytilayotgan haq taolo zikri uning borlig‘ini chulg‘ab olgan, butun vujudi bilan titrardi, ko‘zlaridan duv-duv  yosh oqardi. Shu ahvolda bola zikr davrasi tomon yaqinlashdi. Darveshlarning keksasi buni ko‘rib turgan edi, bolani yerdan azot ko‘tarib, davra o‘rtasiga olib qo‘ydi. Shundagina u asta-sekin o‘ziga kelib, norasida ingichka ovozi bilan zikr oqimiga qo‘shildi.

Bolalikdan o‘chmas xotira bo‘lib qolgan boshqa bir voqea ham diqqatga molikdir. Shundoqki, otamiz 10-11 yoshlarida buvamizdan bir chiroyli qulun hadya olgan ekanlar. Uni mehr bilan parvarishlab boqib, yuvib-tarab, o‘stirib, toy bo‘lib qolgan kezlarda, bir kun mahalla bolalari yugurib kelib deydilarki! – “Alixon! O‘tkinchi qozoq o‘rislari (kazaklar  – muallif) toyingni olib ketyaptilar”. Bu o‘rinda shuni eslatib ketish kerakki, oq poshshoning erkalari hisoblangan kazaklar o‘sha vaqtlarda mahalliy xalqning xohlagan uyiga kirib, istagan narsasini tortib olaverardi, mol-chorvasi-yu, yilqisini ham haydab ketaverardi. Ularning qilichi va o‘qidan, kaltagidan omon qolgan jabrdiyda esa dardini kimga aytsa aytaversin, baribir befoyda edi.

Buva-buvilarimizning “hay-hay”laganiga qaramay, bunday zulmga chidayolmagan otamiz, boshqa otga mina solib kazaklarni quvib yetadilar va jon halpida toychoqning bo‘ynidan mahkam quchoqlab oladilar. Bosh-ko‘zlari mo‘mataloq bo‘lib, qamchi zarbidan qon shar-shar oqayotgan bo‘lsa-da, kazaklar uni toychoqdan ajrata olmaydilar. Oxiri, xaloyiq to‘planayotganini ko‘rib, kazaklar qo‘l siltagancha o‘ljadan voz kechib, so‘kina-so‘kina jo‘nab qoladilar. Otam rahmatlidan boshqa yana ko‘p g‘aroyib kechmishlarni eshitgandim. Biroq, mazkur ikki voqea mening tahlili ojizimga ko‘ra, bir mantiqiy butunlikka ega. Ya’ni,  yurt boshiga bulutli kunlar tushganda, ona Turkistonimiz bag‘rida Allohga qattiq bog‘langan, dushmanga egilmas farzandlaridan biri yorug‘ dunyoga keldi…

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 9-son

__________________

[1] Hozirgi Bishkek shahrining avvalgi nomi.

[2] Tarixda chor hukumati olib borgan siyosatga qarshi musulmon ulamolari, jumladan Alixonto‘ra Sog‘uniy imzo chekkan fatvo kam uchraydigan hodisa. Rus patriarxi Tixon ham 1922 yili  cherkovlardagi qimmatbaho bezaklar Sovet hukumati tomonidan zo‘rlik bilan taron-taroj qilinayotganiga qarshi fatvo bergan edi – Yo.X.

[3] “Sharq yulduzi” jurnali, 7-son, 1992 yil.

[4] B.G‘oziyev, “Jalolobod tongi” gazetasi,2015 yil, 7 dekabr.

[5] Istoriya Uzbekskoy SSR, T.1, kniga vtoraya, izd. AN UzSSR. Tashkent – 1956 g.,  S.393.

[6] Shamsutdinov Rustambek, Karimov Shodi, “Vatan tarixi”, 3-kitob, Toshkent, “Sharq” –2010y., 10-13 bb.

[7] She’riy parcha “Milliy uyg‘onish” kitobidan olindi.

[8] I.Abdurahmonov, “Suzog‘im – qaynar bulog‘im”, “Diydor” gazetasi, 2009 yil, oktyabr soni.

[9] Shu gazeta.

[10] T.Xayrullayev “Nurilla Maxsum kim bo‘lgan: bosmachimi yo milliy  qahramon”, “Jalolobod tongi” gazetasi, 1992 yil, 7 aprel soni.

[11] “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1992 yil,8-son.

[12] Q.Usmanov, M. Sodirov “O’zbekiston tarixi” (1917–1991 uu.) “Sharq” Toshkent – 2009,47-bet.

[13] O‘sha asar, 46-bet.

[14] Ahmad Donish (kalla), XIX asr musulmon ma’rifatchisi, “Navodirul Vaqoye” asarining muallifi. Bu kitobni Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘zbek tiliga tarjima qilgan (1964y.).