Ulug‘bek Dolimov. Millat muallimi

Saidrasul Saidazizov – islohotchi pedagog, “usuli savtiyai tadrijiya” – tovush metodida tuzilgan birinchi barqaror “Ustodi avval” (“Birinchi muallim”) alifbo darsligining muallifi sifatida Vatanimiz tarixidan o‘ziga xos sahifa egallashga haqlidir. Bunday alifbo darsligi usmonli turklarda ancha ilgari – 1868 yildayoq “Xojai avval” (“Birinchi muallim”) nomi bilan Ahmad Midhat tomonidan yaratildi. Shuning uchun ham turklar uni “Birinchi muallim” deb ulug‘laydilar. Gapning sirasini aytganda, bunday ulug‘ nomga Saidrasul domla ham sazovor – u xalqimizning yangi davrdagi birinchi muallimidir. Akademik V.V.Bartold Saidrasul Saidazizovni “O‘lkada o‘quv-tarbiya ishlariga katta isloh kirita olgan” pedagog sifatida ta’riflaydi. U o‘zbek, fors, arab tillarida “Aziziy” taxallusida ijod qildi, ilm-ma’rifatga da’vat etuvchi maqolalar, she’rlar bilan vaqtli matbuot sahifalarida tez-tez chiqib turdi. Ammo uning hayoti va ijodi, ayniqsa, pedagog sifatidagi faoliyati pedagog mutaxassislar tomonidan maxsus o‘rganilgan emas. To‘g‘ri, u haqda pedagog olim Yo‘ldosh Abdullayevning “Eski maktabda xat-savod o‘rgatish”, professor Sharif Yusupovning “Furqat yo‘llarida” hamda Begali Qosimov va Ulug‘bek Dolimovlarning “Ma’rifat darg‘alari” risolalarida qimmatli ma’lumotlar berilgan.

Saidrasul Saidazizov 1866 yili Toshkentning Shayxovand Tahur dahasi, Baland masjid mahalla (Navoiy ko‘chasi, 15-berk ko‘cha, 16-uy – hozirda uning o‘rnida katta ma’muriy binolar qad ko‘targan – U.D.)sida tavallud topgan. Uning otasi Saidazizxo‘ja o‘z davrining ilm-ma’rifatli kishilaridan bo‘lib, o‘g‘lining ilm olishiga barcha sharoitni yaratib berdi. Saidrasul dastlab mahalla ibtidoiy maktabida o‘qidi. 1880 yildan boshlab, Toshkentdagi Mahmud dasturxonchi madrasasida tahsilni davom ettirdi. U talabalik yillarida ona tili bilan barobar fors va arab tillarini ancha mukammal o‘rgandi, ma’rifatparvarlik ruhida she’rlar bitdi va o‘sha davrning yagona vaqtli nashri “Turkiston viloyatining gazeti”da e’lon qildi. Dastlab mustaqil ravishda rus tilini o‘rgana boshladi. Bu haqda keyinchalik bir maqolasida quyidagilarni yozgan edi: “Tahsil qilg‘on zamonimda ittifoqo mening qo‘limg‘a rusiya alifbosi tushmak ila goho ovqat mahalida anga nazar solib, bir muallim huzurida kasb qilmasam ham rusiya xatini o‘qumoq va chiroyli bo‘lmasa ham yozmoqqa qodir bo‘lgan edim”[1].

Saidrasul Saidazizov talabalik davrida “Turkestanskiye vedomosti”, “Turkiston viloyatining gazeti” hamda Bog‘chasaroyda chiqadigan “Tarjimon” gazetalarini muntazam kuzatib bordi, ta’lim-tarbiya, o‘qish-o‘qitish sohasidagi yangiliklar ta’sirida bo‘ldi. Madrasada o‘qib yurgan kezlarida 1-rus-tuzem maktabiga o‘qishga kiradi va 1896 yili madrasa bilan bir vaqtda bu maktabni ham muvaffaqiyatli tugatadi. Shundan so‘ng Saidrasul domla o‘zi o‘qigan madrasada mudarrislik qila boshlaydi.

1898 yilda butun Turkiston o‘lkasi xalqlarini istiqlol sari uyg‘otgan Shayx Muhammadali Eshon boshchiligidagi Andijon qo‘zg‘oloni mustamlakachi ma’murlarni rus-tuzem maktablari tizimini ham birmuncha isloh qilishga, musulmon sinflarini ham bilimli, malakali pedagoglar bilan ta’minlashga majbur qildi. Shu munosabat bilan o‘zbek, arab, fors tillari bilan bir qatorda rus tilini ham mukammal egallagan S.Saidazizovni 1-rus-tuzem maktabi direktori S.Sichyov o‘qituvchilikka taklif qiladi. Shunday qilib, Saidrasul dom­la o‘zi o‘qigan rus-tuzem maktabida Turkiston o‘lkasida birinchi musulmon o‘qituvchisi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda u quyidagilarni yozadi: “1900 yilda Toshkent shahrida ruski-tuzemnoy maktabda ahli millat sabilarig‘a ulumi islomiya ta’limi uchun muallimlik mansabig‘a mansub bo‘lg‘on edim. Anda bir necha yil xidmat qilib, maqbuli al-xidmat bo‘lg‘onim sababli ilmiya nozirlari (taraqqiy qildurib) Toshkand shahridag‘i uchitelski seminariyag‘a Turkiston dorilmuallimin madrasasida alsinai sharqiya muallimlikg‘a chaqurub intiqol (ko‘chirish) qildurdilar, alhol ham xidmat qilmoqda bo‘lib, bul miyonada Rusiya dorussaltanasini sayr qilmoq xayolg‘a tushsa ham zindagonidan marxus bo‘lolmay, bu xayol mahfuz bo‘lmoqda edi”[2].

U rus pedagoglari ta’sirida o‘qitishdagi analitik-sintetik tovush metodini chuqur o‘rgandi, o‘z pedagogik faoliyatiga tatbiq etdi. Saidrasul Saidazizov pedagogika sohasida tug‘ma qobiliyatga ega edi. Uning uyida o‘zbek, rus, tatar, ozarbayjon, turk, arab, fors tillarida qo‘lyozma va nashr etilgan o‘nlab alifbolar, darsliklar va pedagogik asarlar mavjud edi. Rus-tuzem maktablari ochilganiga 15 – 20 yil bo‘lganiga qaramay, ta’lim-tarbiya ishlarida, o‘quv dasturlarida biror ijobiy o‘zgarish amalga oshirilmagan, mahalliy sinflar o‘quvchilari uchun o‘zbek tilida hatto alifbo darsligi ham yo‘q edi. O‘qituvchilik kasbini yaxshi biladigan muallimlar ko‘proq tatarcha va ozarbayjoncha (turk tilidagi darsliklardan foydalanish mustamlakachilar ma’muriyati tomonidan man etilgan edi – U.D.) alifbolardan foydalanar edilar. O‘quv jarayonini nazorat qilishni kuchaytirish maqsadida general-gubernator S.Duxovskiyning ko‘rsatmasiga muvofiq Sirdaryo oblasti xalq maktablari direktori S.M.Gramenitskiy dastlab Toshkent shahridagi 4-rus-tuzem maktabi o‘zbek sinfi o‘qituvchisi Karimqori Ko‘chakboyevga tovush metodi asosida alifbo darsligi tuzishni topshiradi, ammo uning darsligi tovush metodi talablariga to‘la javob bermaydi. S.Gramenitskiy bu vazifani 1-rus-tuzem maktabi muallimi Said­rasul Saidazizovga topshiradi. Uning shu munosabat bilan yaratilgan “Ustodi avval” deb nomlanuvchi alifbo darsligi Turkiston o‘lkasiga endi kirib kelayotgan “usuli savtiya”ga – tovush metodi talablariga to‘la muvofiq kelar, muallifning bu o‘qitish metodini ancha chuqur o‘rganganligi ko‘zga yaqqol tashlanib turar edi. S.Saidazizov bu alifbo darsligini yaratgunga qadar usuli savtiya metodida yaratilgan Ahmad Midhatning “Xo‘jai avval”, Ismoilbek Gasprinskiyning “Xo‘jai sibyon” (“Bolalar muallimi”) alifbo-darsliklaridan to‘la xabardor, ularni o‘rganib chiqqan bo‘lib, bu hol Saidrasul domla alifbosining nomlanishida ham ko‘zga tashlanadi. Darslik qo‘lyozmasi bilan tanishib chiqqan Duxovskiyga, birinchi navbatda, undagi rus adabiyotidan qilingan tarjimalar ma’qul bo‘ldi.

Darslik Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan rus-tuzem maktablari mudirlari, yetakchi pedagoglari muhokamasidan ancha muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Bu haqda S.Gramenitskiy 1902 yil 4 iyunda Turkiston o‘lkasi Bosh inspektori Kerenskiyga ma’lum qiladi: “Toshkent rus-tuzem maktablari mudirlari va mahalliy o‘qituvchilar baholarida S.Saidazizovning alifbo darsligi mutlaqo tovush metodi asosida yaxshi tuzilganligi ta’kidlanadi. Darslikda bolalar tushunib o‘qishlari uchun matnlar ham berilgan”[3], – deb yozadi va asarni nashrdan chiqarishga ruxsat so‘raydi. Ushbu “Ustodi avval” alifbo darsligi 1902 yil sentyabr arafasida 3000 nusxada bosib chiqarildi va rus-tuzem maktablariga tarqatildi.

Hoji Muin Shukrullayev “O‘zbek alifbolari tarixi” maqolasida ta’kidlaganidek: “Turkistonda boshlab chiqqan o‘zbekcha alifbo toshkantlik Saidrasulxo‘janing 1900 yilda yozilib bosdirg‘an “Ustodi avval” ismli risolasidur. Bu alifbo ruski-tuzemni maktablar uchun tuzilgan bo‘lsa ham ba’zi muallimlar kitob yo‘qlig‘idan shuni vaqtincha o‘z maktablariga kiritdilar”[4].

Usuli savtiya metodida o‘zbek tilida birinchi marta yaratilib, nashr etilgan asar Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval” alifbo darsligi bo‘ldi. Muallif o‘z alifbosida ushbu metodning asosiy xususiyatlari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Masalan, “Saboq boshlatmoq tariqasi” bobida o‘quvchi qanday o‘tirishidan, “fulod qalam”ni qanday ushlashigacha mulohaza yuritiladi: “Hurmatli nozir va muallimlarg‘a vozeh o‘lsunki, osori jadid kitob va alifboning ibtido va ta’limida bir necha kayfiyat bordur. Masalan, bir bola maktabga yangi kelgan vaqtida osori jadidamiz ila ibtido shunday o‘lurki, bolaning qo‘lina fulod qalam va daftar berub, qalam ushlamoq va xat bitmoq tariqasini ko‘rsatilur. Chunonchi, fulod qalamning dumi ushlaguvchining qulog‘iga to‘g‘ri tursa, kog‘azni teshmasdan xat tuzuk bitilur va ham bitguvchining tirsagi daftar qo‘yilgan taxtani(ng) ustida turmog‘i lozimdur. Andin so‘ng huruf hijodin bir nechasini mashq berub, xat bitmoq yo‘lini tobgandan so‘ng ushbu kitobni boshlatub, har kuni bir saboq berilur”[5].

“Ustodi avval” alifbosining “Saboq bermoq tariqasi” qismida muallif savtiya usulining o‘ziga xos fazilatlari, savod o‘rgatishda uning “usuli hijo”dan afzalliklari haqida to‘xtaladi: “Hurmatli muallimlar saboq bermakni ibtido qilmoq bo‘lganlarida, masalan, har jamoa shogirdlarni batartib o‘tqazib, qalam, siyoh va daftarlarni bolalarning oldig‘a tayyor qilib, boshlab ko‘rsatadurgon harfni katta qora taxtag‘a bo‘r bilan bitib ko‘rsatib, qandoq bitilur, qandoq boshlanur va qandoq qalam tortilurini yaxshi tahqiq ila fahmlatib, bolalarni ham daftarlarig‘a bitmakg‘a buyurgaylar va ham ul vaqtda hurmatlu muallimlar janoblari bolalarning oldig‘a borib, xat bitmoqlarig‘a tahqiqi nazar ila qarab, ba’zi nochorlarig‘a yordam va ionat qilib turmoqlari juda mufid va zarurdur. Mazkur tariqa boshlaganlaridan so‘ng har kunda bir saboq berub, o‘qutub va ham ul saboqni yozdirilur va lekin ushbu kitobni o‘qitmoqni va yozmoqni tamom qilmasdan ilgari boshqa saboq qo‘shmagaylar”[6].

Alifbo muallifi arab yozuvining ancha murakkabligini, unda harflarning so‘z boshida, so‘z o‘rtasida va oxirida turli shakllarga ega bo‘lishini ko‘zda tutgan holda o‘qitishni so‘zning hamma o‘rinlarida bir xilda yoziladigan, o‘zidan keyingi harflarga qo‘shilmay yoziladigan munfasil harflardan boshlaydi. Undan keyin yozuvdagi shakllari bir-biriga yaqin bo‘lgan, faqat nuqtalarining soni hamda o‘rniga ko‘ra farq qiladigan va o‘zidan oldingi hamda keyingi harflarga qo‘shib yoziladigan muttasil harflarni tartib bilan o‘rgatishga o‘tiladi. Bu usullar yosh bolalarda o‘quv va yozuv ko‘nikmalarini hosil qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Hatto hozirda ham arab grafikasini o‘rganishda ushbu usulni qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Harflar to‘liq o‘tib bo‘linganidan keyin harakatlar, ularning shakllari, vazifalari, qo‘llanish o‘rinlari o‘rgatiladi va hamma o‘quvchilar oson tushunadigan tarzda ifodalanadi. Masalan, Saidrasul domla “tashdid” alomatini shunday izohlaydi: “Tashdid amali har qaysi harfning ustida kelsa, ul harfni ikki marta aytib o‘qilur”[7].

Alifbo-darslikdagi ifodali o‘qish uchun tavsiya etilgan matnlarning katta qismini muallifning o‘zi yaratgan hikoyalar va xalq og‘zaki hamda o‘zbek mumtoz adabiyotidan olingan axloqiy-ta’limiy matnlar tashkil etgan. Muallif hikoyalaridagi bolalarbop jihat shundaki, ularda ikki xil fe’l-atvor: ezgulik va qabohat, yaxshilik va yomonlik bir-biriga qarama-qarshi qo‘yiladi; yaxshilik va ezgulik ulug‘lanadi, yomonlik va qabohat qoralanadi. Shu jihatdan, “Zuluk birla Ilon” masali e’tiborga loyiq. Bir kuni Ilon Zulukka do‘stlik izhor etib, dil zorini bayon qiladi:

Manga taajjub ko‘rinur ikki ish,
Ko‘rsa mani xalq qochar har qayon.
Sanga ajab rahmu muruvvat qilib,
Bergaylar alar o‘z tanidan toza qon.

Zuluk insonlarni darddan forig‘ qilish uchun hatto o‘z jonini ham fido qilishi, Ilon insonlarga zahrini sochib, ularga azob-uqubat berishini badiiy shakllarda ifodalaydi va masal oxirida o‘quvchilarni ezgulikka chaqiruvchi qissadan hissa bilan yakunlaydi:

Xalq so‘zidur mani doru demak,
To shu muloyimsan va zahring nihon.
Anda Ilon sharm qilib fe’lidin,
Muztarib o‘ldi, biling, ahli jahon.
Bilsa bo‘lur bul so‘zi ma’nosidin,
Har kima xush fe’l kerak har qachon[8].

Alifbo-darslik bilan chuqur tanishish shuni ko‘rsatadiki, muallif darslikni yaratish jarayonida pedagogika va uning ajralmas qismi – o‘qitish metodikasi talablariga izchil amal qilgan: mavzular va hikoyalarda qo‘llangan axloqiy munosabatlar, hatto gaplar soddadan murakkabga rivojlanib boradi. Darslikning alifbo qismida ko‘proq sodda yig‘iq gaplar ifoda usulini tashkil etsa, keyingi ifodali o‘qish qismida sodda yoyiq, ba’zan qo‘shma gaplar ham qo‘llanadi. Bu uslub o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. S.Saidazizov o‘quvchilar og‘zaki nutqini o‘stirishda suhbat metodiga, shu bilan birga, nutqni chiroyli, ta’sirchan qiluvchi xalq hikmatlari, maqol va iboralar qo‘llash masalasiga katta e’tibor qaratadi: alifboda ellikdan ortiq xalq maqollari, iboralari darslik qatlariga singdirib yuborilgan.

Alifbo-darslikning yana bir o‘ziga xos fazilati shundaki, unda kichik hajmdagi hikoyalarda o‘zbek va fors axloqiy-ta’limiy, didaktik adabiyotning go‘zal namunalari: Shayx Muslihiddin Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston”, Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” (“Ko‘ngillarning sevgani”), Xojaning “Gulzor”, “Miftoh ul-adl” (“Adolat kaliti”) kabi asarlarining ta’sirini sezish mumkin.

Darslik 1917 yil oktyabr o‘zgarishigacha 17 marta qayta-qayta nashr etilgan bo‘lib, keyingi nashrlari davomida alifbo qismi deyarli o‘zgartirilmagan bo‘lsa-da, alifbodan keyingi ifodali o‘qish uchun tavsiya etilgan matnlar yangilanib borilgan. Ayniqsa, rus adabiyotidan qilingan “Bo‘ri bilan Laylak”, “Tulki birla Echki”, “Tulki birla Xo‘roz”, “Pashsha bila Ari”, “Ayiq birla Qishloqi”, “Bo‘ri birla Echki”, “Qurbaqa birla Ho‘kiz” kabi tarjimalar olib tashlanib, mustaqil, original asarlar bilan to‘ldirilgan. So‘nggi nashrlargacha rus adabiyotidan qilingan tarjimalardan faqat kichik hajmdagi besh asar: “Qishloqi birla bolasi”, “Yolg‘onchi cho‘pon”, “Vatani rus”, “Bola va otasi”, “Tulki birla uzum” davom etgan. Bunday o‘zgartirishlarga juz’iy masala sifatida qaramaslik kerak, bu milliy darslik yaratishdagi dastlabki qadam edi. E’tibor bering: sho‘rolar davrida o‘zbek maktablari uchun tuzilgan “O‘qish kitobi”, “Vatan adabiyoti” darsliklarining 50–60 foizigacha rus adabiyotidan tarjimalar bilan to‘ldirilar edi. Natijada, darsliklarning milliy xususiyati butkul yo‘qqa chiqarilar edi.

Darhaqiqat, akademik Ibrohim Mo‘minovning “XX asr boshlarida “Ustodi avval” kitobining nashr etilishi O‘zbekiston madaniyati tarixida yangi bir voqea bo‘ldi va o‘sha davrda O‘rta Osiyo xalqlari ma’naviy hayotini rivojlantirishda progressiv qadam bo‘ldi”[9], degan so‘zlari zaminida katta haqiqat yotar edi.

“Ustodi avval” alifbosining dastlabki nashrlariyoq o‘lka bo‘ylab keng tarqaldi: yangi ochilayotgan “usuli jadid”, hatto “usuli qadim” maktablariga ham kirib bordi, juda kam nusxada chop etilgani uchun uni to‘laligicha ko‘chirib oluvchilar ham ko‘paydi. Bir so‘z bilan aytganda, “Ustodi avval” pedagogikamiz tarixida buyuk o‘zgarish yasadi. Darslik nashr etilgan yillar “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarini varaqlar ekansiz, ushbu asarga munosabat bildiruvchi taqrizlar, turkum maqolalarga ko‘zingiz tushadi. Chimkentlik maktabdor Umarjon Abdug‘affor o‘g‘li so‘zlariga e’tibor bering: “Ushbu “Ustodi avval”ni o‘qig‘on yosh shogirdlar eski tartib birlan o‘qishni(ng) azob va mashaqqatlaridan qutulib, tez fursatda muddaolarig‘a va maqsadlarig‘a, ya’ni qora xatni o‘qumoq va yozmoq davlatig‘a osonliq birlan yetib, oz vaqtda bul Turkiston muzofotida turg‘uvchi fuqarolarni(ng) aksarlari yozadurg‘on va qora xatni o‘qiydurg‘on bo‘lib qolsalar ajab emas, deb umid qilamiz”[10].

Saidrasul Saidazizovning bunday maorifparvarlik faoliyati silliq kechgan emas. Uning rus maktablarida, Toshkent o‘qituvchilar seminariyasida dars berishi, ta’lim-tarbiya sohasidagi yangiliklarni mahalliy maktablarga tatbiq qilishi mutaassiblar, “usuli qadim” tarafdorlari qarshiligiga uchradi, uni “nasora maxzum” (kofir maxzum) deb jar soldilar. Bunday dashnom va ta’qiblar faqat Saidrasul domlagagina qaratilgan emas edi. Ammo mutafakkir o‘zi tanlagan yo‘ldan aslo chekinmadi, aksincha, sobitqadamlik bilan faoliyatini davom ettirdi.

S.Saidazizovning “Turkiston viloyatining gazeti” (1910 yil 72, 78, 79, 83, 86 hamda 1911 yil 5, 10-sonlar) sahifalarida “Obrazovatelnaya poyezdka uchyonogo tuzemtsa v Moskvu i Peterburg v 1910 g.” (“Mahalliy olimning 1910 yilda Moskva hamda Peterburgga qilgan ma’rifiy safari”) sarlavhali turkum maqolalari e’lon qilingan. Maqolada yozishicha, S.Saidazizov bilan yaqin hamkorlikda bo‘lgan harbiy xizmatchi va sharqshunos Blyumer (ismi ko‘rsatilmagan – U.D.) uni Moskva va Peterburgga taklif qiladi va u 1910 yil 5 iyulda safarga chiqadi. Blyumer unga safar davomida hamma sharoitni yaratib bergan, dastlab 3 kun Ryazan shahrida, 12 kun Moskvada va bir oy davomida poytaxt Peterburgda bo‘ladi. U poytaxtning e’tiborga loyiq maskanlarida: muzeylarida, istirohat bog‘larida bo‘ladi, hatto fon Kaufman 1868 yilda Samarqanddan olib, Rusiya podshohiga taqdim qilgan muqaddas “Mushafi Usmoniy”ni o‘qish, ko‘ziga surtish sharafiga muyassar bo‘ladi, uni muzeyda qay darajadi ehtiyotkorlik bilan saqlayotganliklarini ko‘rib, hayratga tushadi. Ammo safar ta’til vaqtiga to‘g‘ri kelgani uchun Moskva va Peterburg o‘quv muassasalarining faoliyati bilan yaqindan tanisha olmaganligidan afsuslanadi: “Ba’zi bir oshnolar Maskov shahrida katta madrasalarni ko‘rgaysiz va ondagi tartib va taomillarni bilgaysizkim, siz uchun alarni bilmoq foydali va manfaatlik bo‘lsa kerak, deganlariga qarab, ba’zi katta madrasalarni ko‘rmoq uchun bordim. Ta’til sababli alarda hech kim bo‘lmay, hammasi berk ekanlarini, hech kim bo‘lmag‘on vaqtda ko‘rmoq o‘zimg‘a ma’qul bo‘lmag‘oni uchun ko‘b mayl qilmay, andak afsus qilg‘on edimki, andagilarni(ng) tahsilin ko‘rmadim va anda tahsil qiladurg‘onlar qayu ilmlarni qayu darajada bo‘lishi ma’lum o‘lmadi deb”[11].

Shunday bo‘lsa-da, u Moskva, Peterburg oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan kishilar bilan suhbatlashdi, ular orqali Rusiya oliy o‘quv yurtlari faoliyati bilan tanishishga harakat qildi: “Ammo otash aroba bilan safar qilg‘an vaqtimda yo‘lda bir vagonda bir odam birla rafiq bo‘lib tanishdim. Ko‘rdimki, ul odam Moskvadag‘i Lazarevskiy instituti (Lazarev nomidagi Sharq jonli tillar instituti – U.D.)da xatm qilg‘on va ul madrasaning yaxshi xatm qilg‘onlarig‘a beriladurgon nishonin taqqan zohiro bir oriyontalist, ya’ni alsinai sharqiya olimlaridan ekan”[12].

Saidrasul Saidazizov 1910 yildan e’tiboran Toshkent o‘qituvchilar seminariyasiga sharq tillari o‘qituvchisi etib tayinlanadi. Uning seminariyadagi faoliyati uzoq davom etdi. Bu haqda marhum professor Sharif Yusupov mutafakkirning 1907 yilda tug‘ilgan qizi, mashhur tibbiyot olimi professor Tursunxo‘ja Najmiddinov rafiqasi Oyposhsha ayaning e’tiborli so‘zlarini keltiradi: “Otam barvasta gavdali, paxtadek oppoq, ozoda odam edilar. Sobir Abdullaning “Mavlono Muqimiy” kitobida tasvirlangan hujramizda kechalari to xo‘roz qichqirguncha mutolaa qilar edilar. Inqilobdan avval o‘ninchi yillarda kunora ot minib, yangi shaharga chiqar va Turkiston o‘qituvchilar seminariyasida dars berib qaytar edilar. Furqat va Muqimiy mehmon bo‘lgan tashqari hovlimizdagi mehmonxona-hujramizga Peterburg va Moskvadan taniqli rus olimlari ko‘p marta kelishgan. Sovet davrida ham otam ilm-ma’rifat yo‘lida xizmat qildilar, yigirmanchi yillar o‘rtalarigacha maktablarda dars berdilar, hayotlarining oxirgi yillarida Respublika davlat arxivida xizmat qildilar”[13].

Saidrasul Saidazizov sho‘rolar davrida ham o‘qituvchilik faoliyatini tark etmadi, uzoq vaqt Turkiston Sharqshunoslik institutida arab va fors tillaridan dars berdi. XX asr boshlarida hamda sho‘rolar davrida yaratilgan “Alifbo” darsliklarida bevosita “Ustodi avval”ning kuchli ta’sirini kuzatish mumkin. Uning “Ustodi avval” alifbo darsligi XX asr tongida millat uchun islohot ramzi bo‘lib qoldi. O‘tgan asrning birinchi choragida o‘zbek pedagoglari tomonidan Saidrasul Saidazizovning mazkur alifbo darsligi ta’sirida yigirmadan ortiq alifbo darsliklari yaratildi. Bu ulug‘ pedagogning xalqimiz oldidagi buyuk xizmatidir.

Saidrasul domla 1933 yil 3 fevralda vafot etdi.

“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 12-son

____________________

[1] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1910 y., 72-son.

[2] O‘sha manba.

[3] O‘zbekiston Davlat Markaziy tarix arxivi. 47-fond, 561-delo, 28-bet.

[4] “Maorif va o‘qutg‘uvchi” jurnali, 1926 yil, 2-son.

[5] Saidazizov S. Ustodi avval. 9-nashr. –T., 1910. 7-bet.

[6] Saidazizov S. Ustodi avval. 9-nashr. –T., 1910. 20-bet.

[7] O‘sha manba, ko‘rsatilgan bet.

[8] Saidazizov S. Ustodi avval. 9-nashr. –T., 1910. 44-bet.

[9] Muminov I. Iz istorii razvitiya obщestvenno-filosofskoy mыsli v Uzbekistane. –T., 1957. S. 72.

[10] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1903 y., 48-son.

[11] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1910 y., 86-son.

[12] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1910 y., 86-son.

[13] Yusupov Sh. Furqat yo‘llarida. –T., 1984. 38-bet.