O‘tgan asrning mashhur davlat va siyosiy arbobi J.Neru 1889 yilning 14 noyabrida Hindistondagi Ollohobod shahrida dunyoga keldi. Uning sermazmun hayoti istiqlolga erishgan yangi Hindistonni yuksaltirishga bag‘ishlandi. Javoharla’l Neru Bal Gangadhar Tilak, Moxandas Karmchand Gandi singari Hindiston xalq-ozodlik harakatining rahbarlaridan biri edi. Uning faoliyati milliy mustaqillikka erishish uchun hal qiluvchi kurashlar ketayotgan, hind mustaqil davlatining tashkil topishi va rivojlanishidagi murakkab davr, ya’ni Hindiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatiga asos solinayotgan payt bilan uzviy bog‘liqdir.
J.Neruning otasi Mo‘tila’l Neru Hindistonning taniqli va nufuzli huquqshunoslaridan biri bo‘lgan. U mamlakatdagi eng yirik siyosiy partiya – Hindiston Milliy Kongressi (HMK) ishida faol qatnashadi. Javoharla’l 16 yoshida otasining talabi va qistovi bilan bilimini takomillashtirish maqsadida Angliyaga boradi va Xarrou, Kembrij o‘quv yurtlarida ta’lim oladi. 1910 yilda Neru Kembrij universitetini faxriy diplom bilan bitiradi. Vataniga qaytgan Neru o‘z ustozi, Hindiston xalq-ozodlik harakatining rahbari Maxatma Gandining yaqin safdoshi sifatida mamlakat siyosiy maydonida ishtirok qila boshlaydi. 1916 yilda Neru Kashmir braxmanining qizi Kamolaga uylanadi. 1921 yili ingliz mustamlaka ma’muriyati Javoharla’l Neruni otasi Mo‘tila’l Neru bilan birga hibsga oladi. J.Neru bir necha bor qamoqqa hukm qilingandi, u 10 yil mahbuslik jabrini tortdi. 1923 yilda qamoqdan chiqqandan so‘ng Hindiston Milliy Kongressining bosh kotibi etib saylandi. 1927 yilda u Bryussel (Belgiya) shahridagi mazlum xalqlar antiimperialistik kongressi ishida qatnashib, Yevropa, Osiyo va Afrika xalqlari milliy-ozodlik, inqilobiy harakatlarining rahbarlari bilan uchrashdi. 1929 yilda J.Neru Hindiston Milliy Kongressi raisligiga saylandi.
1936 yilda J.Neru og‘ir judolikka uchraydi. Uzoq vaqtdan beri bedavo dardga chalingan umr yo‘ldoshi Kamola Shveytsariyada vafot etadi. Samolyotda Rim orqali o‘z vataniga qaytayotgan Neruni Italiya fashizmining asoschilaridan biri Mussolini o‘z huzuriga taklif etadi. Ammo Javoharla’l Gitlerning bu yaqin sherigi bilan uchrashuvni rad etadi. Bu fashizmni keskin ravishda qoralagan siyosiy arbobning javobi edi. O‘sha vaqtlarda Nerudan “eng yomon ko‘rgan odaming kim?” – deb so‘rashganda, “Gitler”, deb aytgan. Neru o‘sha vaqtdayoq xalqaro maydonda tinchlik, adolat, demokratiya va taraqqiyot g‘oyalari uchun izchil va dovyurak kurashchi, fashizm va militarizmni keskin qoralovchi sifatida tanilgan edi. 1938 yilda u Franko rejimiga qarshi kurashayotgan Ispaniyaga hamda yapon istilochilariga qarshi jang qilayotgan Xitoyga borib, fashizm va militarizmni oshkora qoralaydi.
1939 yilda Hindiston Angliya tomonidan Ikkinchi jahon urushi girdobiga tortildi. HMK Angliya tomonida bo‘lsa-da, J.Neru, M.Gandi va ularning safdoshlari mamlakat mustaqilligi uchun kurashni davom ettirdilar.
Shunday vaziyatda HMKning ko‘zga ko‘ringan arboblaridan Subxas Chandra Bos boshqacha yo‘l tutadi. U Germaniyaning ittifoqchisi Yaponiyaning harbiy kuchiga tayanib, Hindistonni ingliz mustamlakachilaridan xalos qilmoqchi bo‘ladi.
Neru S.Ch.Bosning bu xomxayol rejasini yoqlamaydi. 1941 yil yanvarida Bos yashirincha Hindistonni tark etib, avval Germaniyaga, so‘ng Birmaga borib, yapon qo‘shinlari bilan muloqotga kirishadi. Yapon harbiylari 1942 yilda Sharqi-Janubiy Osiyodagi bir qator mamlakatlar, jumladan, Birma, Tailand, Vetnam, Singapur, Indoneziyani bosib olgandilar. Bos shu mamlakatlarda yashayotgan 50 ming hindlarni to‘plab, “Hind milliy armiyasi”ni tuzadi va ingliz-amerika qo‘shinlariga qarshi jang olib boradi. Ammo muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. 1945 yilning avgustida Bos yapon samolyotida Vetnamning Saygon shahridan Tokioga uchadi. Yo‘lda Taybey (Tayvan)dagi aeroportda to‘xtab o‘tgan samolyot noma’lum sabablarga ko‘ra halokatga uchraydi. Og‘ir yarador bo‘lgan Bos Yaponiya kasalxonasida vafot etadi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ingliz mustamlakachilari Hindistonda barpo etgan tuzum ommaning kurashi tazyiqi ostida inqirozga yuz tutganligi ayon bo‘ldi. O‘zlarini Hindistondan uloqtirib tashlanishidan tashvishga tushgan ingliz ma’muriyati davlatni boshqarishni hindlarga topshirdi. 1947 yil 15 avgustda Hindiston istiqlolni qo‘lga kiritdi. O‘sha kuni Javoharla’l Neru Dehlidagi tarixiy Qizil Qal’ada Hindistonning oq, yashil va zarg‘aldoq rangli milliy bayrog‘ini tantanali ravishda ko‘tardi.
Hindistonning ozod bo‘lishi bu mamlakatning eng so‘nggi vitse-qiroli Mauntbetten hukmronligi vaqtida sodir bo‘ldi. Mauntbetten Angliya mustamlaka imperiyasining gullagan davridagi qirolichasi Viktoriyaning evarasi edi. Aynan shu qirolicha 1876 yilda tantanali ravishda Hindistonning hukm-dori deb e’lon qilingandi. Oradan 70 yil o‘tgach, uning evarasi “Britaniya imperiyasi tojining marvaridi” bo‘lmish Hindistonni batamom hindlar ixtiyoriga o‘tishida ishtirok etdi.
Istiqlolga erishgan mamlakat oldida yangi Hindistonni barpo etishdek og‘ir va murakkab vazifa ko‘ndalang turardi. Buyuk mutafakkir Neru mamlakatning kelajak taraqqiyoti xususida o‘ylar ekan, turli-tuman ijtimoiy qarashlar, g‘oyalar va nazariyalarni o‘rgandi. G‘arb ”siyosatchilari” Neruga Hindiston agrar mamlakat, uning iqtisodi azaldan qishloq xo‘jaligiga moslashgan, shuning uchun u faqat qishloq xo‘jalik sektoriga e’tibor berishi kerak, sanoat mahsulotlarini esa g‘arb davlatlaridan xarid qilishi mumkin deb ”maslahat” berdilar. Ammo Neru bunday ”taklif” va ”tavsiyalar”ni qabul qilmadi. Uzoqni o‘ylab ish tutadigan Neru siyosiy mustaqillikni iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash bilan birgalikda olib borish zarurligini tushunardi. Shu sharoitda mamlakat chet davlatlarga qaram bo‘lib qolmasligi zarurligini u yaxshi bilardi. Pirovardida, yangi Hindistonni barpo etishda Neru hind xalqining mentaliteti, ya’ni uning o‘tmish tarixi, milliy an’analari, urf-odatlari, turmush tarzi, ko‘pmillatliligi va turli dinlarning mavjudligidan kelib chiqib, o‘z nomi bilan atalgan ”Neru kursi”ni hayotga tatbiq qildi.
Neru bosh bo‘lgan hukumat kuch-g‘ayrat va katta qat’iyat bilan iqtisodiy qoloqlik va diniy nizolar natijasida butun Hindistonni qamrab olgan dahshatli xunrezlikni bartaraf etdi. Mamlakatdagi 500 dan ziyod katta-kichik xonliklarni birlashtirdi. 1950 yil yanvaridan Hindiston Respublikasining konstitutsiyasi kuchga kirdi. 1951-1952 yillarda dastlabki parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi.
1950 yilda Neru raisligida mamlakat xalq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida beshyilliklar rejalari komissiyasi tuzildi. Mamlakatda 11 ta besh-yillik rejalari amalga oshirildi. Umuman, iqtisodiy o‘sish sur’ati borasida Hindiston dunyoda eng yuqori pog‘onalardan birini egalladi.
Bugungi kunda Hindiston guruch, bug‘doy, choy, sut, shakar yetishtirishda, axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlashda, mototsikl, tamaki mahsulotlari, kinofilmlar ishlab chiqarishda dunyoda birinchi o‘rinni, aholi soni, olimlar soni, tsement ishlab chiqarish, tekstil sanoati mashinalarini ishlab chiqarish, bug‘doy, guruch, meva, sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda ikkinchi o‘rinda turibdi. Hindiston AQShdan keyin dunyoda eng ko‘p dori-darmon ishlab chiqaradigan zavodlarga ega. U avtomobil eksport qiladigan eng yirik davlatlardan biri hisoblanadi. Hindiston kompaniyalari dunyoning eng yirik sarmoya kirgizuvchi kompaniyalari qatorida turadi. AQShdagi eng ko‘p chet ellik talabalarni hindistonliklar tashkil qiladi. Hindiston dunyodagi eng uzun temir yo‘liga ega. U dunyodagi uchinchi eng yirik sarmoya bazasiga ega. Hindiston oliy bilimgohlarini har yili 3 millionga yaqin mutaxassislar bitirib chiqadi. Shulardan yarim millioni muhandis va axborot texnologiyalari mutaxassislaridir. Hindiston AQSh va Yaponiya qatorida superkompyuterni ixtiro qilgan. Hindistonlik axborot texnologiyalari mutaxassislari 175 davlatda ishlaydilar.
Ayni paytda bu mamlakatda hali o‘z yechimini topmagan murakkab muammolar ham mavjud. Jumladan, aholining bir qismi hamon qashshoq. Ishsizlik, uy-joy tanqisligi, oilada tug‘ilishni rejalashtirish, diniy jamoalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar kabi muammolarni hal etish mamlakat oldida ko‘ndalang bo‘lib turibdi.
Ichki siyosiy masalalarni hal etishga Neru juda katta hissa qo‘shdi, ayniqsa, uning xalqaro munosabatlar sohasidagi xizmatlari beqiyosdir. Birinchi hukumat boshlig‘i va tashqi ishlar vaziri sifatida u Hindiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillarini ishlab chiqdi, qo‘shilmaslik asoslarini shakllantirish va hayotga tatbiq etishda shaxsan ishtirok etdi.
Qo‘shilmaslik siyosati va harakatining muhim tamoyillari – bu suverenitet, chegaralarning dahlsizligi, davlatlar hududlarining butunligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlar o‘rtasida hamkorlik va, albatta, harbiy uyushmalarga qo‘shilmaslikdan iborat.
Neru turli mintaqalarda ro‘y bergan harbiy mojarolarni daf etishda faol qatnashdi. Jumladan, Jazoir, Koreya (50-yillarning boshlari), Vetnam, Laos, Kampuchiya (1954 yil), Misr (1956 yil) va boshqa bir qator mamlakatlardagi qurolli to‘qnashuvlarni bartaraf etishda Neru Hindiston rahbari sifatida o‘z hissasini qo‘shdi. Neru va u boshliq hukumat davlatlar o‘rtasidagi urushlarga chek qo‘yishda tinch, diplomatik usullar, chunonchi, o‘zaro uchrashuvlar, muzokaralar, vositachilik, kelishish, yarashtirish, arbitraj yo‘llaridan keng foydalandi.
Neru yirik davlat va siyosiy arbob, iste’dodli tarixchi, publitsist, faylasuf, iqtisodchi va huquqshunos olim sifatida butun dunyoda tanilgan edi.
Britaniya mustamlakachilarining o‘ziga tobe bo‘lgan xalqlar ustidan hukmronlik qilishini Neru adolatsizlik va shafqatsizlik deb qoraladi. Hindistonning ozodlik uchun olib borgan kurashini esa tabiiy harakat deb hisobladi. Uning ”Tarjimai holim”, ”Hindistonning kashf etilishi”, ”Dunyo tarixiga bir nazar”, ”Hindistonning tashqi siyosati” asarlaridan o‘zbek kitobxoni ham bahramand bo‘ldi. Neru bu kitoblarni asosan qamoqxonalarda yotgan chog‘larida yozgan edi. Mazkur kitoblarda muallif o‘tmishning madaniy merosidan eng yaxshi tomonlarini o‘ziga qabul qilib olish va uning yordamida yangi, dunyoviy, demokratik davlat barpo etish haqida fikr-mulohazalar yuritadi. Neruning faqat tanlangan asarlarining o‘zi to‘qqizta salmoqli jilddan iborat.
Neru o‘zining ham ijodiy, ham amaliy faoliyatida Hindistonning qo‘shni va do‘st mamlakatlari xalqlarining tarixi, jumladan, arablar va afg‘onlar, Eron, Xitoy, Rim va Yunoniston, Rossiya va, tabiiyki, Hindiston tarixi haqida so‘z yuritadi. Shuningdek, u O‘zbekiston bilan ko‘pqirrali munosabatlarga alohida e’tibor qaratadi.
U “Hindistonni kashf etilishi” asarida “buyuk istilochi Temurning nomi tillarda doston bo‘ldi”, ”Temur vafotidan so‘ng uning vorislari ko‘proq harbiy ishlarga emas, balki san’atga homiylik qilishga moyil ekanliklarini ko‘rsatdilar va O‘rta Osiyoda temuriylar davri boshlandi”, – deb yozadi. Neru O‘zbekiston xalqining ilmiy va madaniy merosiga yuqori baho beradi. Mashhur o‘zbek allomalari Al-Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Al-Beruniy, Z.M.Bobur va boshqa olimlarning buyuk xizmatlarini taqdirlaydi. U buyuk qomuschi olim Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asarini ilmiy va tarixiy ahamiyatini yuksak baholaydi, bu asarni hurmat va ehtirom bilan tilga oladi. ”Beruniy, – deydi Neru, – yunon falsafasini mutolaa qilmoq uchun sanskrit tilini o‘rganadi. Beruniy hind va yunon falsafasini bir-biriga solishtirib, ularda mavjud bo‘lgan umumiylikni ko‘rib hayratda qoldi. Beruniyning kitobi daliliy ma’lumotlarni qamrab olish bilan birga, u urush, talon-taroj, ommaviy qirg‘in bo‘lishiga qaramay, fan ahllari o‘z ishlarini davom ettirganini ko‘rsatib beradi”.
Neru yana bir vatandoshimiz Bobur va uning nabirasi Akbarni ta’riflar ekan: “Bobur dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan, u san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq bo‘lib, ko‘p yaxshi fazilatlarga ega bo‘lgan”.
1955 yil iyunida J.Neru qizi Indira Gandi bilan O‘zbekistonga keldi. Mehmondo‘st o‘zbek xalqi ochiqko‘ngillik, bag‘rikenglik bilan Hindiston rahbarlarini olqishladilar. Neru va I.Gandi o‘lkamizdagi bir qator madaniy muassasalarga tashrif buyurishdi, respublikamizning iqtisodiyot, ilm-fan va madaniy sohalardagi yutuqlaridan xabardor bo‘lishdi.
J.Neru va I.Gandi qadimiy va navqiron Samarqandga ham borishadi. Ular Samarqand me’morchiligining ajoyib namunalarini tomosha qiladilar, undagi tarixiy obidalar – maqbara, masjidlar, Go‘ri Amir, Ulug‘bek rasadxonasini ziyorat qiladilar. Neru shahardagi me’morchilik yodgorliklaridan birini ta’mirlayotgan ustaga: “Shunday yodgorliklarni hozirda ham bajara oladigan mutaxassislar bormi?” – deb savol beradi. Usta avvaliga javob berishga shoshib qoladi, so‘ng u Neruni tabassum bilan qarab turgan yuziga ko‘zi tushib, tarjimonga: “Bizda bundan murakkab ishlarni bajaradigan mohir ustalar hozir ham mavjud. Ularning kasbidan zamonaviy binolarni badiiy jihatdan bezashda keng foydalanishayapti”, – deb javob beradi. Neru javobdan qoniqqanligini yuz ishorasi bilan tasdiqlaydi.
Neru qayerda bo‘lmasin, xalq uni xursandlik bilan sidqidildan kutib oldi. Bunday mehmondo‘stlik eng avvalo o‘zbek xalqining Neruga va u rahbar bo‘lgan hind xalqiga ko‘rsatilgan hurmat va ehtiromi belgisi edi. Neru mamlakatimizga qilgan safaridan batamom mamnun edi. U vataniga qaytar ekan, o‘z minnatdorchiligini izhor qildi: “Men o‘ylaymanki, – dedi u, – bu yerdan bir vaqtda ham badavlatroq, ham kambag‘alroq bo‘lib qaytayapman, buning sababi bizni samimiy kutib olganingiz borasida oliy darajadagi taassurotlar bilan boyidim. Men bu zaminda yuragimning bir bo‘lagini tashlab ketayotganim bois o‘zimni kambag‘alroq his qilayapman…”
Mamlakatimizga bo‘lgan kuchli ishtiyoq 1961 yili J.Neru va I.Gandini yana O‘zbekistonga yo‘lladi. Ikkala safar ham nihoyatda samarali bo‘lib, uning natijasida o‘zbek va hind xalqlarining do‘stligi yanada chuqur ildiz otdi. Neru umrining oxirigacha o‘zbek xalqining sodiq do‘sti bo‘lib qoldi.
Neru sofdil, xushfe’l, kamsuqum, ammo juda ishchan, talabchan va dovyurak inson edi. U she’riyat, adabiyot va san’atning chinakam ixlosmandi bo‘lgan. Neru bilan uchrashgan kishilarda u chuqur taassurot qoldirardi. Neruda hind xalqining donoligi, mehnatkashligi, oqko‘ngilligi mujassamlashgandi. XX asrda Hindistonda Maxatma Gandini istisno qilganda, hech kim hind xalqining hayotiga mazkur “Hindiston brillianti” (Javoharla’lning ma’nosi “Qizil gavhar”) kabi ta’sir ko‘rsatolmagan.
Neru chuqur qomusiy bilim sohibi, keng falsafiy mushohada kishisi, mutafakkir va shoir hisoblanadi. U siyosat bilan shug‘ullanmagan taqdirda ham o‘z ilmiy tadqiqotlari bilan diqqat va e’tiborga sazovor bo‘lardi. Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida teran mujassamlashtirgan buyuk inson Neru Yevropa, Osiyo, Afrika tarixiga bir xilda yondashdi, ularni bir-biridan past yoki yuqori qo‘ymadi, kishilik tarixini barcha insoniyat uchun baravar va umumiy deb hisoblab, G‘arb bilan Sharqni yaqinlikka da’vat etdi.
Insoniyat taraqqiyoti g‘oyalariga batamom sodiq qolgan Javoharla’l Neru 1964 yilning 27 mayida olamdan o‘tdi.
Neru XX asrning buyuk daholaridan biri bo‘lib, hozirgi zamon tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
Temur G‘iyosov,
tarix fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 11-son.