Rim va Misr imperiyalari tarixida o‘chmas iz qoldirgan davlat arboblari Yuliy Sezar, Kleopatra va Mark Antoniy shaxsiyatiga daxldor turfa xil qarashlar shakllangan. Sezarni – yengilmas lashkarboshi va Rim imperiyasi bunyodkori, Antoniyni mahoratli qo‘mondon va sadoqatli inson, Kleopatrani esa o‘z tanasini qurbon qilib bo‘lsa-da, mamlakat mustaqilligi yo‘lida bor imkoniyatini ishga solgan, zamonasining eng salohiyatli va eng mashhur ayoli sifatida e’tirof etadiganlar oz emas.
Ularga muqobil, qarama-qarshi nuqtai nazarni himoya qiladiganlar ham yetarli. Kimdir Yuliy Sezarni Misr malikasining chiroyi va latofati qarshisida ojiz qolgani uchun qoralaydi, uning go‘zalligiga mahliyo bo‘lish buyuk Sezarning davlat ishlaridan uzoqlashuviga sabab bo‘lgani va, ayni damda, o‘z hayoti va taqdirini ham o‘ylamay qo‘ygani, alal-oqibat g‘aflatda qolib, raqobatchi-hamkorlari uyushtirgan suiqasd qurboni bo‘lganini alam bilan tasvirlaydi.
Boshqa birov esa, Kleopatra makkorligi, manfaatparastligi bilan nafaqat Sezar va Antoniyni, balki o‘sha zamonning boshqa erkaklarini ham ana shu mayllarga bo‘ysundirgani, bu borada chiroyi, jozibasi va ayollik karashmasidan ham foydalangani to‘g‘risida g‘azab bilan so‘ylaydi.
Mark Antoniyni esa Sezar o‘limidan so‘ng Rimga xizmat qilish o‘rniga, Kleopatra yalovbardoriga aylangan, Misrni va o‘z ma’shuqasini so‘nggi nafasiga qadar himoya qilgan, hatto o‘limidan so‘ng Misr malikasi yoniga dafn etishni vasiyat qilgan xoin va munofiq deya ayblaydilar.
Aslida shundaymikan? Tarixiy haqiqat va voqealar jarayoni qanday kechgan? Har uch shaxsga nisbatan yangrayotgan tanqidlarda g‘oliblarning, ya’ni aslida ularni o‘ldirganlarning qarashlari aks etmayaptimi? Bunday qarashlarning hozirga qadar bot-bot uchrab turishi sabablari nimada?
Miloddan avvalgi 100 (yoki 102) yilda dunyoga kelgan Gay Yuliy Sezar Qadimgi Rimning mashhur lashkarboshilaridan biri, o‘z davrining atoqli siyosiy arbobi edi. U miloddan avvalgi 44 yilning 15 martida, ellik olti yoshida, fitnachilar tomonidan o‘ldirilgunga qadar turfa voqelarga boy, sermashaqqat hayot yo‘lini bosib o‘tgan. O‘n olti yoshida otasidan yetim qolgan Gay Yuliy ne-ne mashaqqatlar evaziga, asta-sekin xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilib borgan, davlat ishlari va harbiy sohaning yetuk bilimdoniga aylangan.
Uning harbiy yurishlari mobaynida Rim chegaralari Shimoliy Atlantika va Buyuk Britaniyagacha kengaygan, G‘arbiy Yevropaning siyosiy va madaniy qiyofasi tubdan o‘zgargan. O‘zining ulkan iqtidori tufayli ko‘plab janglarda g‘alaba qozongan, o‘sha davrda Rimni larzaga keltirgan fuqarolik urushiga barham berib, mamlakatning yagona hukmdoriga aylangan Sezar safdoshlari bilan birga davlat boshqaruvi va jamiyat qurilishi sohasida tub islohotlarni amalga oshirgan. Bu o‘zgarishlar uning vafotidan ko‘p o‘tmay Rimning imperiyaga aylanishiga olib keldi. Garchand bu borada ba’zi raqiblar Sezarni yakka hukmdorlikka intilganlikda ayblagan bo‘lsa-da, aynan u o‘tkazgan islohotlar Rim Respublikasi boshqaruvini markazlashtirib, davlatning kuchli hokimiyatga ega bo‘lishini ta’minlagan. Uning o‘limi esa mamlakatda fuqarolik urushi qayta boshlanishiga, Rimda respublika shaklidagi davlat tuzumi darz ketishi va hokimiyatning kuchsizlanishiga sabab bo‘lgan. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, Rim hukmdorlari Sezar islohotlari natijasida shakllangan davlat tuzumini qayta tiklash va uni isloh qilishga majbur bo‘lganlar. Rim taxtini egallagan keyingi imperatorlar ham ko‘plab masalalarda Sezarga taqlid qilgan, nemischa “kayzer” va ruscha “tsar” atamalari uning nomidan kelib chiqqan.
Sezar o‘z naslini Rim xudosi Venera bilan bog‘lagani, Rim hukmdoriga aylanib, shon-shuhrati yuksalgan davrda (miloddan avvalgi 54 yilda) o‘ziga atab ulkan ibodatxona qurdirgani, o‘zini davlatning bir umrlik diktatori deb e’lon qilgani rost. Umri poyonida Misrning so‘nggi fir’avni, tarixda “Iskandariya malikasi” deya nom olgan Kleopatrani suyuklisiga aylantirgani, undan Sezarion ismli farzand ko‘rgani, u bilan Rimda ikki yil yashagani va hatto ma’shuqasiga Venera ibodatxonasida oltin haykal o‘rnatgani ham bor gap. Tarixchilar Sezar avvalgi ayolining bepushtligi sabab undan farzand ko‘rolmagani, yakka-yu yolg‘iz o‘g‘lining onasi bo‘lgan “Iskandariya malikasi”ni qonuniy nikohiga olish uchun senatdan o‘ziga ko‘pxotinlilik huquqi berilishini so‘ragani haqida yozganlar. Kleopatraga bo‘lgan muhabbati Sezarni suyuklisiga tegishli davlatni Rim viloyatiga aylantirishdan tiygan, bu ham yetmagandek, eng iqtidorli qo‘mondonlaridan biri Mark Antoniyni qariyb yuz ming kishilik qo‘shin bilan “Iskandariya malikasi”ning toju taxtini himoya qilishga yuborgan. Aksariyat tarixchilar Sezarga nisbatan suiqasd aynan ana shu sabablarga ko‘ra uyushtirilgan, deb hisoblaydilar.
Sezar o‘ldirilgach, Rim toji uning jiyani Oktavian Avgustga o‘tgan bo‘lsa-da, yakkahukmronlikka intilish, zodagonlar orasidagi nizolar yanada kuchaygan. Sezar vafotidan keyin e’lon qilingan vasiyatnomada o‘g‘li Sezarion emas, balki jiyani taxt vorisi, deya e’lon qilingani Oktavianga qo‘l kelgan. Hukmronlikka da’vogarlarga qarshi kurashda u Sezar safdoshlaridan foydalangan, ularning ba’zilari bilan ittifoq tuzgan. Xususan, miloddan avvalgi 40 yilda singlisi Oktaviyaning yaqindagina beva bo‘lib qolgan Mark Antoniy bilan nikohdan o‘tishi ana shunday siyosiy ittifoqning bir ko‘rinishi edi. Afsuski, Rimning yagona hukmdoriga aylanayotgan Oktavian bilan oilaviy rishtalar ma’quldek ko‘ringan bo‘lsa ham, bu vaqtga kelib Antoniyning qalbini Oktaviya emas, balki boshqa bir ayol, “Iskandariya malikasi” Kleopatra egallab bo‘lgan edi. O‘sha yili Kleopatraning Antoniydan egiz farzand – Aleksandr Gelios (Quyosh) ismli o‘g‘il va Kleopatra Selena (Oy) ismli qiz ko‘rishi buni yaqqol isbotlaydi.
O‘sha davrni yaxshi biladigan tarixchilar keyingi uch yil davomida Rimdagi ichki kurashlar ko‘pchilik qatori Antoniyni ham domiga tortganligini va nihoyat u miloddan avvalgi 37 yilda Misrga kelib, Kleopatra bilan yashay boshlaganini, ana shu paytdan ularning sevgisi va siyosatida yangi davr boshlanganini ta’kidlaydilar. Antoniyni Rimga qaytarish yoki uni Rim rahbariyati bilan yaqinlashtirishga urinishlar zoye ketadi. Hatto, Antoniyning huzuriga qonuniy rafiqasi Oktaviyani yuborish ham foyda bermaydi. Antoniy xotini bilan ko‘rishishni istamaydi va uni Afinadan ortga qaytib ketishga majbur qiladi. Bu endi Oktaviya uchun haqorat, Rimni o‘ziniki qilib olib, imperiyani uzoq yillar boshqarishni rejalashtirayotgan, keyingi to‘rt-besh yilda siyosiy maydonni egallab olganlar bilan ochiqdan-ochiq ziddiyatning boshlanishi edi. Qolaversa, Kleopatraning nafaqat Sezardan bo‘lgan o‘g‘li Ptolemey Sezarion, balki Mark Antoniydan dunyoga kelgan o‘g‘ili ham kelajakda Rim taxtiga da’vo qilishi, juda bo‘lmaganda Antoniy va Kleopatra ittifoqidan mustahkamlangan Misr podsholigini egallab, bir oz vaqt o‘tgach, hatto Rimga ham xavf solishi mumkin edi.
Aynan shu davrda Kleopatraning o‘zini “Fea Neotera Filipator Filopatris”, ya’ni “Vatan va otasini ulug‘lovchi kichik ma’buda” deya e’lon qilishi rimliklarni cho‘chitib yubordi. Bu nom, bir tomondan, Kleopatraning nafaqat Misr, balki Suriya, Parfiya va Sharqning boshqa mamlakatlariga da’volarini tarixiy jihatdan[1] asoslashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, uni Makedoniyaning buyuk hukmdorlari Shoh Filipp va uning o‘g‘li Aleksandrga voris ekanini anglatar edi. Bu esa Kleopatra ajdodlarining Rim uchun begona emasligi, avlodlarining esa kelajakda ana shu tarixiy an’anani davom ettirishga haqqi borligiga ishora edi. Rim siyosatining nuktadonlari voqealarning bu tariqa rivojlanishidan tashvishlanayotganlari bejiz emasdi.
Ba’zi tarixchilar fikricha, avvaliga Sezarning suyuklisi va farzandining onasiga aylanish Kleopatra uchun tobora kuchayib borayotgan Rimning tazyiqi va tahdidlaridan omon qolishning yagona yo‘li edi. Shu sababdan ham Rimni yenga olishiga ko‘zi yetmagan malika, uning hukmdori qalbini zabt etgan va o‘z davlatining mustaqilligini nisbatan saqlab qolgan. Sezar o‘ldirilgandan keyin esa, zudlik bilan yurtiga qaytishga majbur bo‘lgan 28 yoshli Misr malikasining Mark Antoniy bilan dushmanlarga qarshi ittifoq bo‘lish va yaqinlashishdan o‘zga chorasi qolmagan. Bir tomondan, ichki dushmanlar Kleopatrani bosqinchilarga sotilganlikda, istilochidan farzand ko‘rib, Rimga ketganlikda, Misr fir’avnligining ming yillik mustaqilligini boy berayotganlikda ayblab, ikkinchi tomondan, tashqi yov mamlakatni g‘orat qilib, toju taxti, o‘zi va farzandini yo‘q qilish uchun chog‘lanayotgan bir paytda “Iskandariya malikasi” shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganini ta’kidlovchi tarixiy asarlar ham uchraydi. Sezar vafotidan keyin Rimda uni qoralash va yaqinlarini quvg‘in qilish, hatto, o‘ldirish avj olgani, bu borada ayniqsa toj da’vogarining onasi Kleopatra ustiga ko‘plab malomatlar yog‘ilgani ma’lum. Bu harakatlar zamirida malika hamda uning Rim hukmdoridan tug‘ilgan, fir’avnlar avlodidan bo‘lgan o‘g‘lining Rim taxtini ishg‘ol qilishga urinishi mumkinligidan qo‘rquv mavjud edi. Shuning uchun ham, fuqarolik urushi bartaraf qilinishi va Rim qaddini rostlashi bilanoq, Oktavian Avgust boshchiligidagi qo‘shin Misrga bostirib kirdi va fir’avnlar davlatini yo‘q qilib tashladi. Kleopatra va Antoniy halok bo‘ldi, toj da’vogari Sezarion o‘ldirildi.
“Iskandariya malikasi”ga nisbatan salbiy baholarning aksariyatida siyosiy yondashuvlar ustuvor bo‘lganini alohida e’tirof etish zarur. Haqiqatan ham, Kleopatra Misr fir’avni sifatida podsholik taqdiri uchun va ushbu davlat tarixida eng oliy maqom egalari bo‘lgan ajdodlar ruhi va kelajak avlodlar oldida mas’ul edi. Shu ma’noda, tojdorlar sulolasining vakili va davomchisi bo‘lgan Kleopatra siyosiy arbob va davlat boshlig‘i sifatida o‘z taxtini omon saqlashi va uni avlodlariga meros qoldirish uchun kurashishi zarur edi.
Kleopatrani ayblashdan ko‘ra, tushunishga harakat qilgan, uning siymosida murakkab zamonning xavf-xataridan nafaqat o‘zi, balki toju taxti va farzandlarini ham asrashga intilgan, buning iloji qolmagan va barcha orzu-umidlari xazon bo‘lgani xolda o‘zini ajal domiga tashlagan ayolni tasavvur etadigan mutaxassislarning fikrlari esa ayricha. Ularning nazdida, Kleopatra avvalo Ayol va Ona edi. Ayol sifatida u o‘sha zamonning nomdor va mard erkaklarini sevish, ularga ko‘ngil qo‘yishga haqli edi, albatta. Ona sifatida esa, toj da’vogari bo‘lgan farzandining taqdiri va kelajagi haqida qayg‘urganidan zamonga moslashgani, davrning eng kuchli erkaklariga suyukli bo‘lgani va ulardan panoh izlagani shubhasiz.
Kleopatrani turli zalolatlarda ayblaydiganlar ham Misr malikasi bilan bog‘liq ikki dalil qarshisida lol qoladi. Ya’ni, Kleopatraning xatti-harakatlarida fir’avnlikni yo‘qotish emas, uni mustahkamlash va saqlab qolish tarixiy haqiqat edi. G‘oliblarning qo‘shini ortida Rimga bandi bo‘lib kirib borishdek xorlikdan ko‘ra o‘limni afzal bilgani ham rad qilib bo‘lmas dalolat. haqiqatdir. Shu ma’noda Kleopatra davlat boshlig‘i sifatida o‘z mamlakatining mustaqilligini saqlashga intilgani, umri poyonida insoniy qadr-qimmatini toptashlariga yo‘l qo‘ymagani uchun aybdor emas. Holbuki, tarixda jonini saqlash ilinjida yurtini sotgan, xalqining manfaatlariga xiyonat qilib, sharmandai sharmisor bo‘lganlar qancha!
Biz bugun uzoq tarix qa’rida qolgan Rim va Misr imperiyalari tojdorlarining qay biri haq yoki nohaq, degan savolni qo‘yib, kimnidir oqlab, boshqasini qoralash niyatidan yiroqmiz. Qisqa umrlari mobaynida nainki toju taxt, balki o‘z jonlarini saqlash uchun kurashgan va murakkab voqeliklar po‘rtanasida halok bo‘lgan Sezar, Kleopatra va Antoniylar kimlarningdir nazdida o‘sha davr qahramonlari, boshqa birovlar uchun esa mansabparast, shuhratparast insonlar, yanada o‘zgacharoq o‘ylaydiganlar fikriga ko‘ra esa, zamona qurbonlaridir.
Kleopatraga va uning hukmronligi davridagi Misr podsholigi hayotiga nisbatan baholarga e’tibor qilsangiz, tarixnavislikda ustuvor bo‘lib qolayotgan yana bir holatga duch kelasiz. Ya’ni, dunyo tarixi ko‘proq G‘arb talqinida, bir tomonlama yozilavergani uchun, insoniyat haligacha Sharq, xususan Qadimgi Misr va uning malikasi borasida ana shu bir yoqlamalik ta’siridan qutila olmayotgandek. Aksariyat biryoqlamachilar nazarida, Sharq tarixi jaholat va yovuzlik timsoli bo‘lib qolayotgani kabi, Kleopatra makkorlik ramzi, o‘sha davrdagi Misr esa zalolat makoni bo‘lgan emish.
Vaqt o‘tgani sari haqiqat o‘rnini afsonalar egallay boshlaydi va oxir-oqibat haqni nohaqdan ajratish qiyin bo‘lib qoladi. Insoniyat tarixining bu qoidasi maqolamiz mavzui bo‘lgan kishilar va ular yashagan zamonga nisbatan ham mos kelishi shubhasiz. Lekin haqiqat shuki, Kleopatra o‘lgani va Antoniy halok bo‘lganidan keyin ularning sha’nini himoya qiluvchilar qolmadi. Bolalari, qarindosh va yor-birodarlari o‘ldirildi, quvg‘in qilindi yoki mute bo‘lib yashab, jimgina jon saqlashga mahkum etildilar. Qahramonlarimizga nisbatan o‘sha davrdagi baholarda ko‘proq “G‘oliblarni sud qilmaydilar’’, mag‘lublar xususida esa doimo ‘‘jinoyatchi la’natga loyiq’’, degan tamoyil ustuvor bo‘lgani ko‘rinib turadi. O‘sha davr tarixi g‘oliblarning nazdida qanday bo‘lsa, shunday bitilgan va asrlar davomida imperiya aholisining ongi va qalbiga shunday singdirilgan. Keyinchalik bu davr haqida yozganlar yoki uni o‘rganganlar ham o‘sha davrdan qolgan manbalarga murojaat qilganlar. Bu manbalarda esa g‘oliblarni olqishlovchi “haqiqatlar” aks etgani shubhasiz.
Nima bo‘lganda ham Sezar, Kleopatra va Antoniylar hayoti, ularning taqdiri va o‘zaro munosabati haligacha odamlar diqqatini o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Ijodkorlargina emas, ko‘pchilik ziyolilar ham bu to‘g‘rida muayyan ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun turli manbalarga murojaat qiladilar. Har uchala shaxsning hayoti fojiali tugagani, o‘limidan keyin va hozirgacha ham ularga nisbatan turlicha baholar, qarashlar va yondashuvlar mavjudligi esa bunday qiziqishlarning so‘nmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Qiyomiddin Nazarov, falsafa fanlari doktori
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son
___________________
[1] Tarixiy manbalarga ko‘ra, Sezar mazkur mamlakatlarni ba’zi siyosiy shartlarga ko‘ra aynan Kleopatraga berishga ahd qilgan edi (Muharrir).