Ulug‘bek 1394 yilning mart oyida Eronning g‘arbidagi Sultoniya shahrida, bobosi Temurning harbiy yurishi paytida tug‘ildi. U Shohrux Mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, unga Muhammad Tarag‘ay ismi berilgan, lekin bolaligidayoq u Ulug‘bek deb atala boshlab, bu ism keyinchalik uning asosiy ismi bo‘lib qoldi.
Ulug‘bekning bolalik yillari bobosi Temurning harbiy yurishlarida o‘tdi. 1405 yil Xitoyga qilinayotgan yurish boshida Temur vafot etgach, ikki yil davomida uning avlodlari o‘rtasida taxt uchun kurash davom etdi va bu kurashda Temurning kenja o‘g‘li Shohruxning qo‘li baland keldi. Lekin Shohrux o‘ziga poytaxt qilib Hirotni tanlab, Movarounnahr poytaxti Samarqandni esa o‘g‘li Ulug‘bekka topshirdi. Shunday bo‘lsa ham Shohrux Eron va Turonning yagona xoqoni deb hisoblanardi.
Shohrux to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bekni 1411 yili Movarunnahr va Turkistonning hokimi etib tayinlaydi. Ulug‘bek 17 yoshida hokim bo‘lib, bobosidan farqli o‘laroq harbiy yurishlar bilan qiziqmas, ko‘proq ilm-fanga moyil edi. Afsuski, Ulug‘bekning boshlang‘ich ma’lumoti va murabbiy hamda ustozlari haqida aniq ma’lumot saqlanmagan. Ulug‘bek bolalik yillarida buvisi Saroymulk xonim tarbiyasida bo‘lgan. Albatta biz bu ayol o‘zining sevimli nabirasiga o‘quv-yozuvni o‘rgatgani hamda tarixiy mavzudagi hikoya va ertaklarni so‘ylab berganligini taxmin qilishimiz mumkin. 1405—1411 yillarda amir Shoh Malik yosh mirzoning otabegi bo‘lgan. Lekin u Ulug‘bekka asosan harbiy va siyosiy tarbiya bera olishi mumkin edi.
Ulug‘bekning ustozlaridan biri munajjim Mavlono Ahmad bo‘lganligini taxmin qilish mumkin, chunki bu kishi Temurning saroyidagi eng yirik olimlardan bo‘lib, sayyoralarning kelajak ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuza olgan. Lekin Ulug‘bekning o‘zi keyinchalik asosiy asari bo‘lmish “Zij”ida faqat Qozizoda Rumiyni “ustozim” deb ataydi. Haqiqatan ham Qozizoda 1360 yillarda tug‘ilgan bo‘lib, 20—25 yoshlarida, ya’ni Ulug‘bek tug‘ilmasidanoq Temurning safiga o‘tadi. Natijada Ulug‘bek umrining ilk davridanoq Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi astronom va matematiklar ta’sirida ulg‘ayadi. Shu sababli uning hayotida aniq fanlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ulug‘bek yigirma yoshlarida o‘z davrining yirik olimlaridan bo‘lib, uning hokimligi davridagi muhim yangiliklar butun o‘rta asr madaniyati tarixida ulkan ahamiyat kasb etdi. Ulug‘bekning xodimi bo‘lmish G‘iyosiddin Jamshid Koshiy 1417 yili Samarqanddan Koshonga otasiga yozgan maktubida Ulug‘bekning faoliyati va bilimdonligini quyidagicha ta’riflaydi: “Allohga va uning ne’matlariga shukronalar bo‘lsunkim, yetti iqlimning farmonbardori, Islom podshohi (ya’ni Ulug‘bek — A. A.) donishmand kishidirlar. Men bu narsani odob rasmi yuzasidan aytayotganim yo‘q. Haqiqat shuki, avvalo u kishi Qur’oni Karimning aksariyat qismini yoddan biladilar. Tafsirlarni va mufassirlarning har bir oyat haqidagi so‘zlarini aqlda saqlaydilar va yoddan biladilar va arabchada g‘oyat yaxshi yozadilar. Shuningdek, u kishi fiqhdan ancha xabardorlar, mantiq ma’nolarining bayoni va usullaridan ham xabardorlar.
U kishi riyoziyot fanining barcha tarmoqlarini mukammal egallagan va shunday jiddiy mahorat ko‘rsatganlarki, kunlardan bir kuni otda ketayotib, 818 yil rajab oyining o‘ninchi va o‘n beshinchi kunlari orasidagi (melodiy 1415 yil 15—20 sentyabr) dushanba kuni yil mavsumining qaysi kuniga munosib kelishini aniqlashni aytadilar. Shunga ko‘ra otda ketayotib, xayoliy hisob bilan Quyoshning taqvimi o‘sha kuni bir daraja va ikki daqiqa ekanligini toptilar. Keyin otdan tushgach, hisob to‘g‘riligini bu bandai bechoradan (Koshiydan — A A) so‘rab, aniqlab oldilar.
Haqiqatan ham, xayoliy hisobda ko‘p miqdorlarni yodda tutmoq va boshqa miqdorlarni bularga asoslanib topmoq kerak. Lekin insonning yodlash quvvati zaifdir va u daraja daqiqalarini u qadar aniq topolmaydi. Inson bino bo‘lganidan beri shu kungacha hali hech kimsa bu qadar aniq hisoblay olmagan edi.
Qisqa qilib aytmoqchimanki, u kishi bu fan sohasida g‘oyat katta mahoratga erishganlar, yulduzshunoslikka taalluqli amallarni yaxshi bajaradilar va chuqur dalillar bilan xuddi keragidek isbotlaydilar. “Tazkira” va “Tuhfa”dan shu qadar zo‘r dars o‘tadilarki, ularga hech qanday qo‘shimcha qilishning hojati qolmaydi”.
Ulug‘bekning ilmga qiziqqanligi va mamlakatning ravnaqini ko‘zlaganligi tufayli yangi usuddagi bilim yurti — maktab va madrasalar barpo qilishga qaror qilib, deyarli bir vaqtning o‘zida Samarqand, Buxoro va G‘ijduvonda uchta madrasa barpo etadi.
Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417 yili boshlanib, uch yilda nihoyasiga yetkaziladi. Tez orada Ulug‘bek madrasaga mudarris va olimlarni to‘play boshlaydi va shu tariqa uning Samarqanddagi astronomik maktabi shakllanadi. Bu maktabning asosiy mudarrislari ilmiy ishlariga qulay sharoit va panoh izlab Temur davridayoq Samarqandga kelgan Taftazoniy, Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi olimlar edi. Qozizodaning maslahati bilan Ulug‘bek Xurosonning Koshon shahridan G‘iyosiddin Jamshid Koshiyni chaqirtiradi. Samarqandga Movarounnahrning turli shaharlaridan va Xurosondan to‘plangan olimlarning soni, 1417 yilga kelib 100 dan ortib ketadi. Ular orasida adiblar, muarrixlar, xattotlar, rassomlar, me’morlar bor edi. Lekin astronomiya va matematika sohasidagi olimlar sharafliroq va obro‘liroq edi. Ular orasida Qozizoda bilan Koshiy eng salobatli va nufuzli edilar.
1420 yili Samarqand madrasasining tantanali ochilishi bo‘ladi. Zayniddin Vosifiy “Badoi’ ul-vaqoi’” kitobida aytishicha, birinchi mudarris etib mavlono Shamsuddin Muhammad Xavafiy tayinlanadi. Madrasada asosiy ma’ruzalarni Qozizoda, Ulug‘bek, Koshiy va keyinroq Api Qushchi o‘qiydilar.
Ulug‘bek barpo etgan Samarqand madrasasi va ilmiy to‘garagi Sharq madaniyati va fani tarixida ulkan ahamiyat kasb etdi, mamlakat ravnaqiga, shuningdek, ko‘p xalqlarning madaniy rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu yerda ko‘plab buyuk siymolar shakllandi. Jumladan, Xurosonning Jom shahrida 1414 yili tug‘ilgan bo‘lajak ulkan shoir Jomiy Ulug‘bekning Samarqand madrasasida tahsil ko‘rdi. Bu yerda u Qozizoda, Ulug‘bek va Ali Qushchi kabi ulkan olimlarning ma’ruzalarini eshitdi va ularning tarbiyasida bo‘ldi.
Ulug‘bek atrofida to‘plangan Samarqand olimlari katta ahamiyat bergan eng muhim ilmiy yo‘nalishlardan biri astronomiya fani edi. Islomdagi eng avvalgi astronomik asarlar “Zij” deb atalib, ular asosan jadvallardan iborat bo‘lgan. Ulug‘bekdan avval yozilgan eng mukammal “zij”lar Beruniyning “Qonuni Mas’udiy”si va Nasriddin Tusiyning 1256 yili yozib, Xulashxonga taqdim etgan “Ziji Elxoniy” asari edi. XV asr boshlarida yozilib, Shohruxga atalgan Jamshid Koshiyning “Ziji Xoqoniy” asari asosan xitoy va mo‘g‘ul an’analariga asoslangan bo‘lib, islom mamlakatlari uchun deyarli ahamiyatta ega emas va ilmiy jihatdan ham ancha sayyoz edi. Movarounnahrda esa mo‘g‘ul istilosidan keyin birorta “zij” yozilmagan edi. Ana shu sabablarga ko‘ra Ulug‘bek eng avvalo astronomik izlanishlarni yo‘lga qo‘yishi, buning uchun rasadxona barpo etishi kerak edi. Bu haqda Abu Tohirxo‘ja bunday xabar qiladi: “Madrasaga asos solinganidan to‘rt yil keyin Mirzo Ulug‘bek Qozizoda Rumiy, Mavlono G‘iyosiddin Jamshid va Mavlono Muiniddin Koshoniylar bilan maslahatlashib, Ko‘hak tepaligida Obi Rahmat ari-g‘ining bo‘yida rasadxona binosini qurdiradi. Uning atrofida esa baland hujralar barpo etadi”.
Rasadxona qurilishi 1424 yildan 1429 yilgacha davom etadi. Rasadxona bitishi bilan astronomik kuzatishlar boshlanib ketadi. Rasadxona bilan madrasaning birgaliqdagi faoliyati Ulug‘bek ilmiy maktabida astronomiya va matematikani o‘rta asrlar davrida eng yuqori pog‘onaga ko‘tarish imkonini berdi.
Davlat ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan yurish-ko‘chishlar, rasadxonadagi kuzatishlar va madrasadagi darslar, undan tashqari ilmiy ishlarga umumiy rahbarlik qilish xam Ulug‘bekning ko‘p vaqtini olardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bevosita Ulug‘bekning qalamiga mansubligi ma’lum bo‘lgan ilmiy asarlar soni jihatdan ko‘p emas — ular to‘rtta.
Ulug‘bek ilmiy merosining eng asosiysi, ma’lum va mashhuri uning “Zij”i bo‘lib, bu asar “Ziji Ulug‘bek”, “Ziji jadidi Guragoniy” deb ham ataladi. “Zij”dan tashqari uning qalamiga mansub matematik asari “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola”, astronomiyaga oid “Risolayi Ulug‘bek” (yagona nusxasi Hindistonda, Aligarh universiteti kutubxonasida saqlanadi) va tarixga doir “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asaridir.
Ulug‘bek “Zij”i o‘z tarkibiga ko‘ra VIII—IX asrlarda boshlangan astronomik an’anani davom ettirsa ham ilmiy darajasi ularga nisbatan beqiyos balanddir. Bu asar ikki qismdan: keng muqaddima va 1018 sobita yulduzning o‘rni va holati aniklab berilgan jadvallardan iborat bo‘lib, muqaddimaning o‘zi mustaqil to‘rt qismni tashkil qiladi. Muqaddimaning boshida Qur’ondan yulduzlar va sayyoralarga taalluqli oyatlar keltiriladi. Ulug‘bek bu bilan astronomik kuzatishlarning zarurligini g‘oyaviy asoslamoqchi bo‘ladi. Muqaddimaning keyingi qismida Ulug‘bek ushbu so‘zlarni bitgan: “So‘ng, parvardigor bandalarining faqiru haqiri, ulardan Allohga eng intiluvchisi Ulug‘bek ibni Shohrux ibni Temur Ko‘ragon bunday deydi…” Bu so‘zlardan ko‘rinadiki, “Zij”ning muallifi Ulug‘bekning o‘zi bo‘lgan. Biroq bu ishda unga yordam berganlarni Ulug‘bek quyidagi so‘zlar bilan odilona taqdirlaydi: “Ishning boshlanishi olimlar allomasi, kamolot vahikmat bayrog‘ini o‘rnatgan, tahlil va tahqiq maslakida bo‘lgan Qozizoda Rumiy deb shuhrat qozonmish janobi hazrat Mavlono Saloh al-milla vad-din Musoning, unga rahmat va g‘afronlar bo‘lsun, va hazrat Mavlonoi A’zam, olamdagi hukamolarning iftixori, qadimga bilimlarda mukammal, masalalar mushkilotlarini hal etuvchi Mavlono G‘iyos al-mil-la vad-din Jamshid, Alloh taolo uning qabrini salqin qilsun, ikkisining qo‘llashi va yordamida bo‘ldi…
Ahvol boshida hazrat Mavlono marhum G‘iyosiddin Jamshid: “Ajibu do’i Alloh” chaqirig‘ini eshitib, toat bilan ijobat etdi va bu jahon dorulg‘ururdan u jahon dorulsururga rixlat etdi. Ish asnosida, hali bu muhim asar bajarilib tugatilmasidan, hazrat ustoz Qozizoda, Alloh taolo uni rahmat qilsin, parvardigor rahmatiga payvasta bo‘ldi.
Biroq farzandi arjumand Ali ibni Muhammad Qushchi bolalik yillaridan fanlar sohasida ilg‘orlab boradi va uning tarmoqlari bilan mashg‘ul. Umid va ishonch komilki, uning shuhrati inshoolloh, yaqin zamon va tez onlarda jahon atroflari va mamlakatlarga tarqaladi. Va bu muhim kitob tamomila yozilib bo‘ldi. Yulduzlarning sifatlaridan kuzatilgan barcha narsalar imtihon qilinib, bu kitobga kiritilib sobit etildi”.
Bu keltirilgan katta parchadan ko‘rinadiki, Qozizoda Ulug‘bekning ustozi bo‘lgan va “Zij”ning ancha qismi uning ishtirokida yozilgan. Bundan yana shu narsa ko‘rinadiki, Ulug‘bek Samarqanddagi yana bir yirik olim Jamshid Koshiyni ustoz demaydi, balki uning yoshi Rumiydan katta bo‘lgani uchun Mavlonoyi A’zam deyish bilan cheklanadi. Haqiqatan ham, u kishi Samarqandga 1416 yili, ya’ni Ulug‘bek 22 yashar navqiron yigit va olim sifatida tanilganda keladi va u rasadxonadagi kuzatishlar boshlanishi bilanoq vafot etadi. Biroq fan tarixidan shu narsa ma’lumki, Koshiy “Zij”ning nazariy qiyemini arab tiliga tarjima etgan va hozir bu tarjimaning nusxalari mavjud. Demak, bundan ko‘rinadiki, Ulug‘bek avval “Zij”ning nazariy qismini yozgan, so‘ng jadval qismi uzoq kuzatishlar natijasida tuzilgan. Koshiy esa nazariy qism yozilishi bilan uni arabchaga ag‘dargan va jadvallar ustida ishlar boshlanishida vafot etgan.
Yana bir diqqatga sazovor narsa, bu Ulug‘bek Ali Qushchini “farzandi arjumand” deyishidir. Aslida Ali Qushchi uning farzandi emas, shogirdi bo‘lib, ilm sohasida ustoziga Abdullatif va Abdulazizlardan, ya’ni o‘z farzandlaridan ham sodiq va vafodor edi. Shuning uchun ham Ulug‘bek unga o‘z o‘g‘lidek qarar edi va uning yordami bilan “Zij”ni “farzandi arjumand Ali ibn Muhammad Qushchi… ittifoqligida” poyoniga yetkazdi.
Endi “Zij”ning mazmuni haqida to‘xtalaylik. Asarning birinchi — “Ta’rix, ya’ni xronologiyaning ma’rifati” deb nomlangan maqolasi (kitobi) yetti bobdan iborat bo‘lib, u eralar va kalendar masalalariga bag‘ishlangan. Bu boblarda islomda qo‘llaniladigan asosiy era — hijriy erasi, sur’yoniy-yunoniy erasi, “jaloliy” erasi, xitoy va uyg‘ur erasi, forsiy-qadimiy erasi va bu eralarda keltirilgan sanalarni biridan biriga moslashtirib ko‘chirish hamda bu eralardagi mashhur kunlar haqida bahs yuritiladi. Bundan tashqari ushbu maqolada turkiy muchal yillari haqida ham mufassal bayon etiladi.
Ikkinchi — “Vaqtlar va unga taalluqlik nimarsalar” deb nom-langan maqola 22 bobdan iborat. U asosan matematika va sferik astronomiya masalalariga bag‘ishlangan. Ikkinchi va uchinchi boblarda o‘rta asrlar uchun eng aniq bo‘lgan sinuslar va tangenslar jadvallari keltiriladi. Maqolaning to‘rtinchi bobida Ulug‘bek ekliptikaning (falak ul-burj) osmon ekvatoriga (mu’addal un-nahor) og‘ish burchagining miqtsorini keltiradi. Bu haqda u bunday deydi: “Bizning kuzatishimizcha, eng katta og‘ish (ya’ni ekliptikaning osmon ekvatoriga og‘ishi) burchagini yigirma uch daraja o‘ttiz daqiqa o‘n yetti soniya topdik”. Ulug‘bek topgan bu miqdor o‘rta asrlar davri uchun ancha aniq edi. Shuni ham aytish kerakki, bu burchakning miqtsori barcha davr astronomlari uchun katta ahamiyatga ega edi, chunki yoritgichlar va yashash joylarining aniq koordinatlarini topish shu burchak miqdoriga bog‘liq edi.
“Zij”ning uchinchi maqolasi 13 bobdan iborat bo‘lib, faqat astronomiya masalalariga bag‘ishlangan. Bunda Quyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari haqida bahs yuritiladi. Asarda keltirilgan jadvallarning aksariyati shu maqolaga taalluqlidir. Bu jadvallar orasida eng ahamiyatga ega bo‘lgani 13-bobda keltirilgan va “Turg‘un yulduzlarning uzunlama va kenglama bo‘yicha holatlarini aniqlash” deb atalgan yudtsuzlar jadvalidir. Ulug‘bek “Zij”ining boshqa “zij”lardan farqini ko‘rsatish uchun shu yerda mazkur jadval boshidagi uning so‘zlarini keltiramiz. U aytadi: “Ptolemeygacha bo‘lgan astronomlar bir ming yigirma ikki yudduzning holatini aniqladilar. Ptolemey esa ularni oltita kattalik bo‘yicha tartib-lab, o‘z “Almajistiy”sida keltirdi. Ularning eng kattasi — birinchi kattalikda, eng kichigi esa oltinchi kattalikdadir. Har bir kattalikni u uch qismga ajratdi. Ularni bir-biridan farq qilish uchun qirq sakkiz yulduz turkumiga joylashtirdi. Ularning yigirma bittasi falak ul-burjdan (ekliptika) shimolda, o‘n ikkitasi falak ul-burjda va o‘n beshtasi falak ul-burjdan janubda joylashadi. Bu yulduzlardan ayrimlari shu yulduz turkumlarining o‘zida, ayrimlari esa turkumdan tashqarida joylashadi. Bu keyingilarni yulduz turkumlarining tashqi yulduzlari deb hisoblanadi.
Abdurahmon So‘fiy turg‘un yulduzlarni aniqlash to‘g‘risida maxsus kitob yozgan, barcha kishilar unga murojaat qiladilar va uni qabul etadilar.
Biz esa yulduzlarning osmon kurrasidagi holatini kuzatishimizga qadar ular haqida Abdurahmonning kitobidagiga asoslanardik. Biroq o‘zimizda kuzatganimizdan keyin ba’zi yulduzlarning holati uning kitobidagiga mos kelmasligini ko‘rdik. Alloh bizning kuzatishlarimizga taovun berganidan so‘ng, bu yulduzlar va boshqa yudduzlarning holatlari Abdurahmonning aytganiga zid ekanligining shohidi bo‘ldik. Biz bu yulduzlarni o‘z kuzatishimizga mos kelgan holda kurraga joylashtirganimizda esa kuzatganimizga hech zid kelmaganligini ko‘rdik. Biz bunga imonmiz. Biz barcha yulduz turkumlaridagi yulduzlarni kuzatdik. Lekin bundan yigirma yetti yulduz mustasno, chunki ularning janubiy masofalarining kattaligi tufayli ular Samarqandda ko‘rinmasdi. Bu Samarqandda ko‘rinmaydigan yulduzlardan yettitasi Mijmara (“Kurbongoh”) yulduz turkumidan, sakkiztasi Safina (“Kema”) turkumidan — bular 36 nchi yulduzdan 41 nchigacha va 44, 45-yulduzlar; o‘n bittasi Kentavrus (“Kentavr”) turkumidan — bular 27 nchidan oxirigacha va yana bitta Sab’ (“Hayvon”) yulduz turkumidan — bu 10 nchi yulduz.
Shu yigirma yetti yulduzni biz kitobimizga Abdurahmon So‘fiy sanasi bilan keltiramiz. Qolgan sakkiz yulduz haqida Abdurahmon So‘fiy o‘z kitobida ularni Ptolemey ko‘rgan yerda hech qanday yulduz topmaganligini aytgan. Biz ham har qancha harakat qilsak-da, o‘sha joylarda hech qanday yulduzni topmadik. Shuning uchun biz ham u sakkiz yulduzni bu kitobimizda keltirmaymiz. Bu yulduzlar Mumoik al-ainna (“Jilov ushlovchi”)ning 14-nchi, Sub’ning 11-nchi yulduzi va Hutdan tashqarida, janubdagi oltita yulduzdir”.
Keltirilgan parchadan ko‘rinadiki, Ulug‘bekning yulduzlar jadvali o‘rta asrlar davridagi eng nodir va mukammal jadval bo‘lgan. Bu parcha Ulug‘bek rasadxonasida yulduzlar globusi yasalgan, degan xulosaga ham olib keladi.
“Zij”ning oxirgi — “Yulduzlarning doimiy harakati” deb nomlangan to‘rtinchi maqolasi ikki bobdan iborat va u asosan ilmi nujumga bag‘ishlangan.
Ulug‘bek “Zij”i o‘rta asrlardagi eng mukammal astronomik asar bo‘lib, tezda zamondoshlarining diqqatini o‘ziga jalb etdi. Eng avval bu asar Samarqandda Ulug‘bek atrofida to‘plangan olimlar ijodiga ta’sir ko‘rsatdi. “Zij”ni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, u asosan amaliy qo‘llanishga mo‘ljallangan bo‘lib, nazariy masalalarni bayon etishni Ulug‘bek oldiga maqsad qilib qo‘ymagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Zij”ni birinchi bo‘lib Samarqand olimlarining o‘zi, xususan Ali Qushchi sharhlaydi. Undan keyingi sharhlarni Miram Chalabiy va Husayn Birjandiylar yozadi.
1449 yili Ulug‘bekning fojiali halokatidan so‘ng Samarqand olimlari asta-sekin Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari bo‘ylab tarqalib ketadilar. Ular o‘zlari borgan yerlarga Samarqand olimlarining yutuqlarini va “Zij”ning nusxalarini ham yetkazadilar. Xususan Ali Qushchi 1473 yili Istambulga borib, u yerda rasadxona quradi. Shu tariqa Ulug‘bek “Zij”i Turkiyada tarqaladi va Turkiya orqali Ovro‘po mamlakatlariga ham yetib boradi.
Hozirgi kundagi ma’lumotlarga ko‘ra “Zij”ning yuzga yaqin forsiy nusxasi va 15 dan ortiq arabiy nusxasi mavjud. O‘rta asrlarda yozilgan hech bir astronomik yoki matematik asar bunchalik ommaviy va keng ma’lum bo‘lmagan. “Zij” musulmon mamlakatlarining deyarli barchasida o‘rganilgan va sharhlangan. Uni sharhlagan olimlardan quyidagilarning nomlarini eslatish mumkin: Shamsiddin Muhammad ibni Abul Fath as-So‘fiy al-Misriy (vaf. tax. 1495), Abulqodir ibni Ro‘yoniy Lahijiy (vaf. 1519), Miram Chalabiy (vaf. 1525), Abdulali Birjandiy (vaf. 1525), G‘iyosiddin Sheroziy (vaf. 1542).
Ulug‘bek “Zij”i ayniqsa Hindiston olimlariga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Samarqand olimlarining ilmiy an’analarini Hindistonga Boburning o‘zi yetkazgan degan ma’lumot bor. Boburning vorislari o‘tmishdagi shohlarga o‘xshab atroflariga olimlarni to‘playdilar va ularning ilmiy izlanishlariga sharoit yaratadilar. Hind olimlari ko‘p tarafdan Samarqand olimlariga taqlid qiladilar. Masalan, Shoh Jahon avval zamonida Lahor va Dehlida ishlagan Farididdin Mas’ud al-Dehlaviy (vaf. 1629) “Ziji Shoh Jahoniy” nomli asar yozadi: undagi maqola va boblarning soni xuddi Ulug‘bek “Zij”idagidek va jadvallarning ham ko‘p qismi Ulug‘bekdan olingan. Yirik hind olimi Savoy Jay Sing (1686—1743) ham o‘zining “Ziji Muhammadshohiy” asarini Ulug‘bek “Zij”ining katta ta’siri ostida yozgan.
“Zij”ning G‘arbiy Ovro‘po faniga ham ta’siri katta bo‘ldi. Umuman olganda G‘arbiy Ovro‘po Temur va uning farzandlarini, ayniqsa Ulug‘bekni XV asrdanoq bilardi. Ali Qushchining Istambuldagi faoliyati tufayli Ulug‘bekning olimligi haqidagi xabar ham Ovro‘poga tarqaladi.
1638 yili Istambulga ingliz olimi va sharqshunosi, Oksford universitetining professori Jon Grivs (1602—1652) keladi. Qaytishida u o‘zi bilan Ulug‘bek “Zij”ining bir nusxasini Angliyaga olib ketadi. 1648 yili avval “Zij”dagi 98 yudduzning jadvalini chop etadi. O‘sha yilning o‘zida Grivs “Zij”dagi geografik jadvalni ham nashr etadi. 1650 yili esa u “Zij”ning birinchi maqolasining lotincha tarjimasini nashr etadi. Grivs 1652 yili mazkur oxirgi ikki ishni qayta nashr etadi.
Yana bir ingliz olimi va sharqshunosi Tomas Hayd (1636—1703) “Zij”dagi turg‘un yulduzlar jadvalini 1665 yili forscha va lotinchada nashr etadi. Shunisi diqqatga skzovorki, Hayd Grivsning ishlaridan butunlay bexabar edi. Demak, “Zij”ning nusxalari qandaydir yo‘llar bilan unga ham yetib kelgan.
Haydning nashridan 15 yil keyin polyak olimi Yan Geveliy (1611—1687) Dantsigda “Zij”ning ayrim jadvallarini nashr etadi. Bundan keyin XVIII va XIX asrlarda qator Ovro‘po olimlari “Zij”ning ayrim qismlarini nashr etadilar. Frantsuz sharqshunosi L. A. Sediyo (1808—1876) “Zij”ning to‘rttala maqolasi oldidagi so‘zboshilari va muqaddimasining frantsuzcha tarjimasini 1847—1853 yillarda) nashr, etadi. Va nihoyat, XX asr boshlarida amerikalik olim E. B. Nobl “Zij”ning Angliya kutubxonalarida saqlanadigan 28 qo‘lyozmasi asosida yulduzlar jadvalining inglizcha tarjimasini nashr etadi (Vashington, 1917).
Shunday bo‘lishiga qaramay Ulug‘bek “Zij”i umuman olganda to‘liq ravishda o‘rganilmagan va biror zamonaviy tilga to‘la tarjima etilmagan.
1994 yili Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan “Ziji jadidi Guragoniy”ning birinchi bor to‘lig‘icha rus tiliga tarjimasi bosib chiqarildi[1]. Shu yili yana Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” asari xam o‘zbek tilida Toshkentda nashr etildi[2].
t.f.d. A. Ahmedov
[1] Mirzo Ulug‘bek Muxammed Taragay. Zidji djadidi Guragoni. Novыe Guraganovы astronomicheskiye tablitsы. Vstupitelnaya statya, perevod kommentarii i ukazateli B. Axmedova. T.Izd. “Fan”. Akademii Nauk Respubliki Uzb. 1994.
[2] Mirzo Ulug‘bek. “To‘rt ulus tarixi”. B. Ahmedovning kirish so‘zi, izohlari va tahriri ostida, forschadan B.Ahmedov, N.Norqulov, M.Hasanovlar tarjimasi.