Sayyid Sharif Jurjoniy (1340-1413)

Sohibqiron Amir Temur tomonidan Samarqandning shon-shuhratini oshirish va uni jahon ilmiy markazlaridan biriga aylantirish niyatida o‘z poytaxtiga to‘plagan olimlaridan biri Mir Sayyid Sharif Jurjoniydir. 1387 yili Sheroz fath etilgandan keyin mashhur kishilar qatorida Jurjoniy ham Samarqandga jo‘natilgan. Temur vafot etgandan keyingina Sherozga qaytib, 1413 yilda olamdan ko‘z yumdi.

Ali ibn Muhammad ibn Ali Husayn Jurjoniy Astrobod yaqinidagi Tog‘u qishlog‘ida 740 hijriy (1339) yilda tug‘ilgan. Yoshlik davridan boshlab barcha fanlar qatori falsafa, mantiq va tilga juda ham qiziqqan. 1365 yili Jurjoniy Hirotga mashhur faylasuf Qutbiddin Muhammad ar-Roziy at-Taxtoniydan ta’lim olish uchun boradi. Taxtoniy o‘zining qarib qolganligini aytib, Misrdagi shogirdi Muborakshoh oldiga borishni maslahat bergan. Lekin Jurjoniy 1368 yilgacha Hirotda bo‘lgan. So‘ngra turk faylasufi Muhammad Oqsaroiydan ta’lim olish uchun Qoramon shahriga jo‘nagan. Muhammad Oqsaroiy shuhrati va uning asarlari Jurjoniyning e’tiborini jalb etgan bo‘lib, u mashhur faylasuf va mantiqshunos bo‘lib yetishgan Oqsaroiyning shogardi Muhammad Mullo Fanoriy bilan uchrashib, do‘st tutindi va birgaliqda 1370 yilda Misrga jo‘nashadi. Jurjoniy Qohirada 4 yil davomida mashhur mantiqshunos Muborakshoh va Akmaliddin al-Bobartiylar ma’ruzalarini tinglab, o‘z saviyasini oshirgach, 1374 yilda Istambulda ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. U yerdan Vataniga qaytib, 1387 yilgacha Sheroz madrasalarida dars berdi. So‘ng Samarqandda 20 yildan ortiq vaqt yashadi. Samarqandda yashagan davri Jurjoniy ijodida juda barakali bo‘ldi. Ilmu fanning barcha sohalariga bag‘ishlangan bir qator risolalar, o‘tmish mutafakkirlarining asarlariga sharhlar yozdi.

Jurjoniy umri davomida 50 dan ortiq asar yozib, bu asarlar fanning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan. Ammo Ulug‘bekka bevosita ta’sir etgani, shubhasiz uning XII—XIII asrlarda Xorazmda yashab o‘tgan Mahmud al-Chag‘miniyning astronomiyaga oid asariga yozgan “Sharh mulahhas al-haya” (“Astronomiyaga oid saylanmaga sharh”) va Nasiriddin Tusiy asariga bag‘ishlangan “Sharhe tazkiratul Nasiriyat” (“Astronomiya haqida eslatmaga sharh”) asarlaridir.

Jurjoniy bilish nazariyasi va mantiqqa doir “At-ta’rifot” (“Ta’riflar”), “Usuli mantiqiya” (“Mantiqusuli”) va ilmiy bahs faniga bag‘ishlangan “Odob ul-munozara” (“Munozara olib borishning qoidalari haqida risola”) kabi arab tilida yozilgan asarlarning muallifi hamdir. Bundan tashqari Jurjoniyning fors tilida yozilgan mantiqqa oid bir necha asarlari ham bizgacha yetib kelgan. Bulardan “Sug‘ro” (“Kichik dalil bo‘la oladigan hukm”), “Kubro” (“Katta dalil bo‘la oladigan hukm”), “Avsat dar mantiq” (“Mantiqda o‘rta xulosa”) va boshqalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Uning “Sharhe faroize Sarojiya” (“Meros bo‘lish majburiyatlarining Sarojiy ta’rifiga sharh”) asari huquqshunoslik masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, faqih Sajovandiy asarlariga javob tariqasida yozilgan.

Jurjoniy XIV asr faylasufi Eziddin Abdurahmon al-Ijiy (1300—1356)ning “Muvoqif fi ilm al-kalom” (“Kalom ilmidagi manzillar”) asariga yozgan “Sharhe mavoqif fi ilm al-kalom” sharhi uning zamondoshlari va undan keyingi avlod olimlari uchun falsafa va mantiq bo‘yicha o‘ziga xos qomus maqomiga ega bo‘ldi.

Sharhlardan tashqari Jurjoniy juda ko‘p falsafiy asarlarga hoshiyalar yozdi. Uning Abu Ali ibn Sinoning “Ishorat” (“Ko‘rsatmalar”) asariga yozgan sharhi, Nasiriddin Tusiyning “Tajvid” (“Abstraktsiya”) asariga sharh yozgan shayx Shamsuddin Mahmud Isfahoniy (1294—1349)ga javob tariqasida yozilgan hoshiyasi diqqatga sazovordir.

Jurjoniy dunyoqarashi, undan oldin o‘tgan salaflarinikidek, o‘rta asrlardagi butun falsafiy masalalarni, chunonchi, borliq haqidagi ta’limot, koinot jumboqlari, modda va uning shakllari, jonsiz va jonli dunyoning xususiyatlari, jismoniy va ruhiy munosabatlar, bilish muammolari, mantiqiy fikrlash ta’limoti, til va tafakkur aloqalari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. U koinot, inson va aqlni qamrab oluvchi dunyoning umumiy manzarasini yaratishga harakat qildi. Jurjoniy aqidasiga xos bo‘lgan narsa borliq manzarasini bosqimcha-bosqich tartibda tushuntirishdan iborat edi. Besh bobdan iborat bo‘lgan “Dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu” risolasining birinchi bobini vojib ul-vujud va mumkin ul-vujud mavjud ekanligini asoslashga bag‘ishlaydi. Jurjoniy shunday ta’rif beradi: “Yo‘q bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, bor bo‘lishi esa zarur bo‘lgan narsa vojib ul-vujud deb ataladi. Masalan, xoliqning o‘zligi kabi tushuncha. Borlig‘i ham, yo‘qligi ham zarur bo‘lmagan narsa esa mumkin ul-vujud deb ataladi”[1].

Jurjoniy fikricha, vojib ul-vujud xudo bo‘lib, mumkin ul-vujud moddiy olamdir. U borliqning birinchi sababi sifatida vojib ul-vujudni, ya’ni xudoning borligini tan oladi. Uningcha, mumkin ul-vujud o‘zining bor bo‘lishi uchun qandaydir tarzda bo‘lsa ham, biror-bir sababga ehtiyoj sezadi. U biror-bir narsa tufayli, ya’ni birinchi sabab qimmatiga ko‘ra vojib ul-vujud darajasiga ko‘tariladi.

Jurjoniy tabiatdagi hech bir hodisa sababsiz kelib chiqmaydi, deb ta’kidlaydi. Hamma mavjud ashyolardagi butun harakat va o‘zgarishlar faqat makon va zamondagina ro‘y beradi. Jurjoniy dunyo-qarashiga xos xususiyat, uning butun borliqni bir-biriga qonuniy ravishda bog‘langan bo‘lakchalardan iborat yagona tana sifatida ta’riflashdir. Uning fikricha, moddiy dunyoni tashkil etgan narsalar asosida to‘rt unsur, ya’ni olov, havo, suv va tuproq yotadi. Uch unsurdan iborat boshqa jismlar, ya’ni metallar, o‘simliklar va hayvonlar esa, yuqorida aytilgan to‘rt unsurning bir-birlari bilan qorishishining hosilasi sifatida kelib chiqqandir. To‘rt unsur doimo harakatda ekanligidan o‘zgaruvchan bo‘lib, biri ikkinchisiga aylanib qolishi mumkin. Havo suvga, suv tuproqqa va hokazo.

Jurjoniy falsafasida moddiylik g‘oyalarigina emas, balki dialektik dunyoqarash mavjud. Uning fikricha, moddiyliqdan xoli bo‘lgan bo‘sh joy yo‘q. Bu haqda u shunday yozadi: “Samoviy gumbaz buyuk doiradir. U barcha jismlarni qamrab olgan bo‘lib, moddiy dunyoni chegaralab turadi. Ammo u bo‘shliq emas, chunki uni moddadan tashqarida bo‘lgan tushuncha yoki biror o‘lchov bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Bundan tashqari bir-biri bilan o‘zaro yopishib, ayni vaqtda boshqa jism bilan ham bog‘lanib turgan narsaning o‘zi bo‘lishi mumkin emas. Har bir atrofdagi dunyo, o‘zi turgan narsaga tegib turishi zarur va bir-birining ketidan yuqoridagidek tartibda joylashishi lozim, chunki bo‘shliqning bo‘lishi mumkin emas. Mana shunday jismlar, unsurlar, samoviy doiralar, butun sayyoralar va moddiy bo‘lakchalarning tarkibiy majmuasi olam deb etaladi”[2].

Jurjoniy Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari mantiqiy merosining barcha oqimlarini tahlil etib, ularni yanada rivojlantirdi.

XV—XVI asrlar davomida mantiq ilmini o‘rganish va o‘qitish ishlari XIII asrda yozilgan darsliklarga XIV asrda yozilgan sharhlar, ayniqsa, mashhur mantiqshunos at-Taxtoniy, uning shogirdi ibn Muborakshoh, Taftazoniy, Jurjoniy tomonidan yozilgan sharh va hoshiyalar asosida olib borildi. Bu davrda arab tiliga nisbatan fors tilida ko‘proq asarlar yozildi. Mantiq ilmining huquq, til va ilohiyot sohasidagi tadqiqotlarda ishlatilish jarayoni ko‘paydi. Jurjoniy o‘z ijodida mantiqni falsafadan ajratmagan holda, uni ko‘proq huquq va til sohalarida qo‘llanilishini ta’minladi.

Jurjoniyning ta’kidlashicha, nazariy bilimlar hayotiy tajribada hosil qilingan boshlang‘ich bilimlar va ular to‘g‘risida fikrlash yo‘li bilan kiritiladi. Bunday fikrlash jarayonini u xulosa deb ataydi va uning uch turini ko‘rsatib o‘tadi. Bular: qiyos (sillogizm), esteqro (induktsiya — bo‘lakdan butunga tomon hukm yuritish) va hads (analogiya — o‘xshatish). Bulardan qiyos xulosaning bosh turi hisoblanib, nazariy bilimlar hosil qilishning asosiy vositasi bo‘lib maydonga chiqadi.

Jurjoniy to‘la bo‘lmagan induktsiya faqat taxminiy mulohazagagina olib keladi, deb o‘ylaydi va uning ko‘rsatishicha, biz olovning ayrim xususiy holatlarini kuzatsak, har qanday olov issiqlik chiqaradi, degan ayrim xususiyatga ega bo‘lgan bilimdan, ya’ni deduktiv (butundan bo‘lakka o‘tadigan) holatga o‘tadigan xulosa kelib chiqishi mumkin[3]. Shu bilan birga uning ta’kidlashicha, induktiv yo‘l bilan hosil qilingan bilimlar hamma vaqt ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi. Chunki inson tajribasi hech vaqt to‘la mukammallikni bermaydi.

Jurjoniyning induktiv va deduktiv xulosalar haqidagi fikri Arastu va uning Sharqdagi izdoshlari fikrini eslatadi. Ammo bu fikrga noyob xulosalar qo‘shilib, takomillashtirilgan.

Jurjoniyning ilmiy faoliyati tufayli mantiq Temuriylar davrida inson bilimlarining barchasiga qo‘llaniladigan qoida va mezon qonuniga aylandi. U har bir yuritilayotgan hukmning to‘g‘riligaii tortuvchi fanlarning toshu-tarozisi sifatida namoyon bo‘ldi. Natijada tez orada vujudga kelgan Ulug‘bek rasadxonasining ilmiy tadqiqotlarida keng qo‘llanildi.

Jurjoniy Ulug‘bekni madrasada bevosita o‘qitibgina qolmay, uning Akademiyasini vujudga kelishiga ham katta hissa qo‘shdi. Chunki uning shogirdlari bu ilmiy markazning negizini tashkil etar edi. Shuning uchun ham uning ilmiy merosini to‘laligicha o‘rganish mustaqil Respublikamiz ma’naviyatiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilishi shubhasizdir.

fals. f.n. M. Qodirov

[1] O‘zR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti. Qulyozmalar fondi: “Oynaye gininamo”, 1-sahifa.

[2] Jurjoniy. Sharhe mulaxxas al-haya al-Chag‘miniy. O‘zR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi 2655-raqamli qo‘lyozma, 225-a bet (arab tilida).

[3] 2 Qarang: Mir Sayyid Sharif Jurjoniy. At-ta’rifot, Istambul. “Dor-ul toboate omera”, 1818 y., 11-bet.