Markaziy Osiyoda IX-XX asr boshida madaniyat rivoji tarixidan

1. MARKAZIY OSIYoDA IX-XII ASRLARDA MADANIY UYG‘ONISh

Markaziy Osiyo xalqlari uzoq tarixga egadir. Eramizdan avvalgi 1 minginchi yillarda bu o‘lkada, yunon manbalarida ko‘rsatilishicha, skif (sak)lar deb nomlangan xalqlar istiqomat qilgan. Lekin aholi o‘zi yashagan joyning nomiga qarab turlicha atalgani ham adabiyotlarda keltiriladi. Masalan, Amudaryoning quyisida yashaganlar — xorazmliklar; Zarafshon vodiysida yashaganlar — so‘g‘dlar; Murg‘ob daryosi vodiysida yashaganlar — margianlar; Farg‘ona vodiysida yashaganlar — parkanlar kabi nomlar bilan ma’lum bo‘lgan.

Markaziy Osiyoning shu vodiylarida boshlang‘ich madaniyat markazlari vujudga kelgan. Eramizdan avvalgi V—VI asrlarga kelib bu o‘lkalar Eron davlati tomonidan bosib olingan va shu davrlarda eng yirik dinlardan — Zardushtiylik shakllangan. Taxminan shu davrlardan boshlab Markaziy Osiyoda shaharlar va shahar madaniyati ham tashkil topa bordi. Eramizdan avvalgi IV asrlarga kelib Markaziy Osiyo Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Zulqarnayn) tomonidan bosib olingach, bu yerda yunon va yerli xalqlarning qorishgan davlatlari vujudga keldi. Yerli madaniyatga yunon madaniyati, afsonalari ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatdi va aksincha, xalqlarimiz hayoti, afsonalari haqidagi ma’lumotlar qadimgi yunon mualliflarining asarlariga kirib bordi. Masalan, Kliment Aleksandrskiy, Ksenofont, Strabon, Ptolomey, Gerodot asarlarida qadimgi xalqlarimizdagi turli madaniy-ma’naviy qadriyatlar, xalq qahramonlari: Tomaris, Sparetri, Zarina, Shiroq haqidagi ma’lumot va afsonalar keltiriladi.

Bu davrda Markaziy Osiyoda keng tarqala boshlagan Zardushtiylik faqat sof dingina bo‘lib qolmasdan o‘z davri ma’naviyatining eng muhim yo‘nalishini tashkil qildi, o‘sha davrdagi xalqlarning madaniyati, ma’naviyati, urf-odati, axloqi kabi masalalarni o‘zida aks ettirdi va ularga ta’sir ham ko‘rsatdi.

Zardushtiylikning asosiy qoidalari ayrim mualliflarning ta’kidlashicha Xorazmda yaratilgan “Avesto”da o‘z ifodasini topgan. Zardushtiylik dastlab mehnatkash xalqning axloqiy qoidalarini o‘zida ifodalagan bo‘lsa, keyinroq ruhoniylar qo‘lida siyosat yurgizishning asosiy quroliga aylanib qoldi. Bu davrga kelib Xorazmdagi yerli xalqlarning davlatchiligi shakllana boshlagan.

Eramizdan avvalgi 1 minginchi yillar hamda eramizning I—II asrlarida Moni asoslagan manixeylik harakati va ta’limoti vujudga keldi. Bu ta’limot hukmron ruhoniy zodagonlar ta’limotidan farqli o‘laroq, muhim ma’naviy qadriyatlar — boshlang‘ich adolat, erkinlik, mehnatga intilish kabilarni targ‘ib qildi.

V—VI asrlarga kelib hukmron ruhoniylarga, zardushtiylikka qarshi qaratilgan Mazdak boshlab bergan mazdakizm ta’limoti shakllandi. Bu ta’limot dehqonlarni, ularning huquqlarini himoya etib, tenglik, adolat o‘rnatishga xizmat qildi. Mazdakning o‘zi esa, 529 yili jazolandi. VI—VII asrlarda shimolda Turk hoqonligi vujudga kelib, u Erondagi sosoniylar bilan uzoq kurash olib bordi va Markaziy Osiyo xalqlarini o‘ziga qaratdi. Bu yerda qadimgi turk tili tarqala boshladi.

Qadimgi davr madaniyati, ma’naviyati, jumladan, axloq, ma’rifat, ta’lim-tarbiya haqidagi fikrlar xalq og‘zaki adabiyotida, folklorda, turli xalq an’analarida ham o‘z aksini topib kelgan. Go‘ro‘g‘li, Alpomish, Rustam haqidagi dostonlarda xalqimizning qadimgi urf-odatlari, ruhiyati, xulq-odoblarining ifodasini uchratishimiz mumkin. Bunday ma’lumotlar qadimgi sug‘d, manixey, xorazm, turkiy yozuvlar namunalarida saqlanib qolgan manbalarda ham uchraydi.

VIII asrga kelib Markaziy Osiyoni arablar istilo qildilar va ular o‘zlari bilan yangi din — Islomni olib keldilar va bosib olingan xalkdar orasida turli yo‘llar bilan bu dinni tarqata boshladilar.

Bu davrda Markaziy Osiyo qadimgi Sug‘d, Xorazm, Farg‘ona, Usrushana, Chag‘oniyon kabi o‘lkalardan iborat bo‘lib, G‘arb bilan Sharq mamlakatlarini bog‘lovchi “Ipak yo‘li” markazida joylashgan va madaniy jihatdan ancha rivojlangan mintaqani tashkil etar edi.

Bosib olingan o‘lkalarni boshqarish uchun xalifalar tayin etila boshlandi. Islomning vujudga kelishi bilan bog‘liq holda yangi shakllangan arab davlati — Xalifat nomini oldi. VII—VIII asrlarda Markaziy Osiyo ham arablar tomonidan (Qutayba ibn Muslim boshchiligida) bosib olinib, xalifatga bo‘ysundirildi. VIII asrning oxirlarida Atlantika okeanidan Tyan-Shangacha, Kavkazdan Hind okeanigacha bo‘lgan ulkan hududda, turli tilda gaplashuvchi xalqlarni o‘z ichiga olgan Arab imperiyasi vujudga keldi. Albatta, Markaziy Osiyoni arablar tomonidan bosib olinishi osonlik bilan bo‘lmadi. Ular bosqinchilik siyosatini yuritish bilan birga qadimgi madaniyat, dinlar, yozuvlar, bilimdonlarga qarshi ham keskin kurashni avj oldirdilar. Islom orqali bu yerlarda arab tili va arab yozuvi ham tarqaldi. Qadimgi yozuvlar: xorazm, so‘g‘d, turk yozuvlari yo‘qotilib, ularning himoyachilari jazolandi.

Arab bosqinchilariga qarshi Abu Muslim, Muqanna, Hamza al-Xorij, Rafi ibn Layslar boshchiligida qator xalq qo‘zg‘olonlari bo‘lib o‘tdi. Bu qo‘zg‘olonlar ayrim hollarda diniy tus oldi, ayniqsa, Muqanna boshliq “Oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloni mustaqillik uchun olib borilgan uzoq yillik harakat sifatida xalq ongida chuqur iz qoddirdi. VIII asr oxiriga kelib Osiyoda arab xalifaligining hukmronligi va islom dini uzil-kesil o‘rnatilib, mustamlakaga aylantirildi.

Islom dini o‘rnatilgan Osiyoning juda katta hududi keyinchalik musulmon Sharqi nomini oldi. Xalifalik kuchsizdanib, faqat Yaqin Sharq doirasi bilan chegaralanib qolsada, islomning boshqa xalqlar orasida tarqalishi davom etdi.

VIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab islom ichida shialar, sunniylar, mutaziliylar, mutakallimlar, ismoiliylar kabi turli oqimlar vujudga keldi. XI asrlarda islom va boshqa ta’limotlar ta’sirida tasavvuf shakllandi va musulmon Sharqiga tarqaldi. Arab tili musulmon Sharqida, xususan Markaziy Osiyoda fors va turkiy tillarni chetlab o‘tib, umumiy din va ilm-fan tiliga aylanib, turli xalklar madaniyatining o‘zaro aloqasiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Arablar Amudaryo va Sirdaryo o‘rtasidagi boy vodiyni Movarounnahr deb atay boshladilar.

VIII asr oxiri IX asr boshida xalifalikning markazi Bag‘dodda ilm-fan rivojlandi, qadimgi yunon olimlari Platon (Aflotun), Aristotel (Arastu), Sokrat (Suqrot), Gippokrat (Buqrot), Galen (Jolinus), Yevklid (Iklidus) kabilarning asarlari arab tiliga tarjima etildi. Xristian va islom olimlari o‘rtasida hamkorlik ishlari amalga oshirildi. Xalifa Xorun ar-Rashid o‘limidan (813 yil) so‘ng, uning o‘g‘li al-Ma’mun xalifa etib tayinlandi. U ilm-fan, madaniyatga qiziqqan odam bo‘lib, unga qadar xalifalikning Markaziy Osiyo va Xuroson bo‘yicha vakili sifatida Marvda (xarobalari hozirgi Mari yaqinida) hokimlik qilar edi. Otasining o‘limidan so‘ng xalifa sifatida Bag‘dodga ko‘chgach (819 y), u yerda ilmiy Markaz tashkil etib, unga barcha musulmon o‘lkalari, jumladan, Movarounnahrdan ham olimu fozillarni to‘pladi. Bu markazda Movarounnahr, Xurosondan chiqqan Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Marvaziy, Marvarudiy, Javhariy kabi olimlar faoliyat ko‘rsatib, Bag‘dod ilmu madaniyatini, arab ilmini olamga mashhur qilishda ulkan hissa qo‘shdilar. Bu ilmiy markaz tarihda “Bayt ul-hikma” (Donishmandlar uyi) nomi bilan mashhurdir.

Markaziy Osiyoda arab xalifaligining ta’siri susayib, yerli feodallar, xususan Tohiriylar hamda Somoniylarning nufuzi kuchaya bordi. IX asrning oxiriga kelib Markaziy Osiyo mustaqillikka erishdi va bu yerda arablar ta’siridan qutulgan birinchi davlat

— Somoniylar hukmronligi shakllandi. So‘ng bu hududda Xorazmshohlar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Qoraxoniylar davlatlari faollik ko‘rsatdi. Buxoro, Samarqand, Marv, Ko‘hna Urganch, Xiva kabi shaharlar o‘z davrining madaniyat markazlari sifatida ma’lum bo‘ldi. Bu yerdarda savdo-sotiq, ijtimoiy-siyosiy hayot bilan bir qatorda madaniy aloqalar, bilim o‘choqlari rivoj topdi. Bunday iqtisodiy-madaniy markazlar ulkan musulmon Sharqining turli o‘lkalarini, G‘arb va Sharq, Shimol va Janub mamlakatlarini bog‘lab turuvchi qadimgi “Ipak yo‘li” an’analarini davom ettirgan holda, aloqa o‘choqlari sifatida mashhur bo‘ldi. Movarounnahr feodal davlatlari boshqa musulmon o‘lkalar bilan yaqindan aloqa o‘rnatdilar, yerli olimlar o‘zga mamlakatlarga borib ilm olish, hamkasblari bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bu davrda Markaziy Osiyodan Xorazmiy va Farg‘oniy, Ismoil al-Buxoriy va Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ismoil Jurjoniy, Marg‘inoniy, Zamaxshariy, Mahmud Qoshg‘ariy kabi ulkan olimlar yetishib chiqdi. Ular o‘z ijodlari, asarlari bilan o‘z xalqlarini dunyoga mashhur qildilar.

Adabiyot sohasida ham Markaziy Osiyo dunyo madaniyatida o‘chmas iz qoldirgan nomlar bilan mashhur bo‘ldi. Rudakiy, Daqiqiy, Yusuf Xos Hojib kabilar shular jumlasidandir. Badiiy adabiyotda fors, turk va arab tillarida ijod qilinib, manbalarda juda ko‘p shoirlar haqida ma’lumotlar saqlangandir. Bu davrda yashab ijod etgan Abu Mansur as-Saolibiy (961—1038) Buxoro va Xorazmda yashab, arab tilida ijod etgan qator shoirlar haqida ma’lumotlar keltiradi. Markaziy Osiyoda ilm-fan, madaniyat rivojida X asr oxiri — XI asr boshida faoliyat ko‘rsatgan Xorazmdagi shoh Ma’mun boshchiligidagi ilmiy jamoa — akademiya muhim rol’ o‘ynadi.

Erli feodal davlatlarining o‘zaro urushlariga qaramay me’morchilik, qurilish ishlari, hunarmandchilik, obodonchilik, madaniy aloqalar ham tez sur’atlar bilan avj oldi. Madaniyatning turli sohalaridagi bunday yuksalish avvalambor arab mustamlakachiligidan qutulish, yerli mustaqil feodal davlatlarning vujudga kelishi, boy madaniy an’analarning tiklanishining natijasi edi. Shu bilan birga Markaziy Osiyoning juda katta mintakadagi musulmon Sharqi davlatlari bilan din va til asosida madaniy aloqalarining kuchayishi ham bu madaniy yuksalishda muhim sabab bo‘lib xizmat qildi.

XI asrlardan boshlab Markaziy Osiyoda ham tasavvuf keng tarqala boshladi. Xususan, Yusuf Hamadoniy (1048—1140) Buxoroda tasavvuf ta’limotini o‘rgatish va targ‘ib etishga kirishdi. Birinchilardan bo‘lib uning qo‘lida Xoja Ahmad Yassaviy (vafoti 1166 yil) ta’lim oldi, tasavvuf sirlarini o‘rgandi va Turkistonga borib, u yerda tasavvufni targ‘ib qildi. Uning ta’limoti Yassaviya nomini oldi.

Hamadoniy ta’limoti asosida Abduxoliq G‘ijduvoniyning “Xojagon” tariqati vujudga keladi. So‘ng shu tariqat Bahovudtsin Naqshband davrida keng yoyilib, nakshbandiya yo‘nalishini tashkil etadi.

XII asrda Xorazmda ham tasavvuf ilmi keng yoyila borib, Najmiddin Kubro (1146—1221) boshchiligida tasavvufning kubroviya oqimi shakllanib, Markaziy Osiyo va boshqa Sharq mamlakatlarida keng yoyildi.

Tasavvuf ta’limotlari boshqa musulmon mamlakatlarida bo‘lganidek, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati va ma’naviyatining so‘nggi rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Qadimgi arab va fors tilidagi manbalarda bu davrda yashab ijod etgan juda ko‘p olimu fuzalolar, qomusiy bilim egalari, badiiy so‘z ustalari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Masihiy, Habash al-Hosib, Bayhaqiy, Ishoq al-Buxoriy, Daqiqiy, As-Suxayliy al-Xorazmiy, Abdulla Xorazmiy Abu-l-Fadl, Al-Xorazmiy al-Adoliy, Ahmad al-Axsikotiy, Saolibiy al-Muzaffar al-Naysaburiy, Rashididdin al-Vatvot, Zakariya al-Forobiy kabilar shular jumlasidandir. Bu allomalarning hammasi haqida hikoya etish imkoni yo‘q, nimagaki, ularning ko‘pchiligining hayoti va ijodi hali o‘rganilmagan va ular haqida kam ma’lumotga egamiz.

Juda ko‘p manbalarda VIII—XIII asrlarda hunarmandchilik, savdo-sotiq, savdo yo‘llari, dehqonchilik, qurilish ishlarining avj olganligi, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Shosh, Biskent, Axsi-kas, Farg‘ona, Quba, Marg‘inon, O‘sh, O‘zkand, Usrushona, Xavokand, Xojand, Jend, Urganch, Xiva, Marv, Termiz kabi qator rivoj topgan shaharlar, ulardagi me’moriy yodgorliklar, bozorlar, obodonchilik haqida muhim ma’lumotlar keltiriladi. Markaziy Osiyoda arab, fors va turkiy tillar keng tarqalganligi, aholi o‘rtasida, ayniqsa, turkiy va forsiy tildan keng foydalanilganligi haqida ham noyob ma’lumotlar serobdir.

Arab tili Markaziy Osiyoni islom dini, arab dunyosi, bu tilda yaratilgan madaniy-ma’naviy boyliklar, qilingan tarjimalar yordamida qadimgi islom ilmiy-madaniy boyliklaridan bahramand bo‘lishga olib kelgan bo‘lsa, fors tili qadimgi va o‘rta asrdagi Eron madaniyatini, she’riyatini chuqur o‘rganish, madaniy aloqalarni rivojlantirish imkonini berdi.

Keng tarqalgan turkiy til O‘rta Sharq va shimodtsagi, Koshg‘ardagi barcha turkiy tilli qabilalar bilan tarixiy keng aloqada bo‘lishga olib keldi. Ko‘p tillilik bu davr rivojlangan madaniyatining muhim xususiyati va muhim sabablaridan biri hamdir.

IX—XII asrlar davomida Movarounnahr butun musulmon olamida ilmiy-madaniy jihatdan eng rivoj topgan o‘lka sifatida mashhur bo‘lib, bu yerda qadimiy an’analar bilan arab, fors, qisman hind hamda qadimgi yunon ilmiy-madaniy an’analari qorishuvi asosida islomiy, falsafiy va tabiiy ilmlar — astranomiya, matematika, tibbiyot, kimyo, dorishunoslik, jug‘rofiya kabilar rivoj topdi. Bu yerda mashhur hadisshunoslik va islom fiqhshunoslik maktablari shakllanib, tarixshunoslikda muhim asarlar vujudga keldi.

Bu davr ma’naviyatining muhim tomonlaridan biri shundaki, olim, donishmand, shoirlarning ko‘pchiligi qomusiy bilimlarga ega bo‘lib, ilmlar bir-biridan ajralmasdan, uzviy bog‘liq holda mavjudligi xarakterli edi. Shuning uchun ham al-Forobiy, ibn Sino, al-Beruniy, az-Zamaxshariy, Ismoil Jurjoniylar juda ko‘p sohalarda ijod etib, o‘chmas iz qoldirdilar. Shu bilan birga matematika, astronomiya, tibbiyot, mantiq, tilshunoslik, tarix kabi ilmlar, madaniyat, ma’naviyatning rivojida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etgan din, islom dinining nazariy masalalari bilan birga axloqiy tomonlari ham keng rivoj topganini ko‘ramiz. Umuman, bu davrda islom musulmon Sharqida nafaqat din sifatida, balki yaxlit madaniyat, ma’naviyatning shakllanishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. U madaniyatning boshka sohalari: ilm-fan, san’at, axloq, siyosat kabilarning rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Musulmon Sharqi, shuningdek, Markaziy Osiyo Uyg‘onish davri madaniyati yuqorida ko‘rsatilgan o‘ziga xos xususiyatlarni ifodaladiki, bu xususiyatlar bu yerda madaniyat, ma’naviyatning so‘nggi rivojini belgilashda yetakchi rol o‘ynadi.

IX—XII asrlarda Markaziy Osiyoda tarqalgan va rivojlangan tasavvuf ta’limotlari va oqimlari ham jamiyat ma’naviy hayotining rivoji uchun xizmat etib, uning o‘ziga xosligini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ma’lumki, G‘arb adabiyotlarida Ovro‘po mamlakatlarida keskin madaniy yuksalishga olib kelgan XV— XVII asrlarni Renessans — Uyg‘onish davri nomi bilan yuritadilar. Biroq ko‘pchilik mualliflar Sharqda shunday jarayon bo‘lganligidan ko‘z yumadilar. Holbuki, IX—XII asrlarda Markaziy Osiyoda Ovro‘podan bir necha asr ilgari madaniy yuksalish yuz berganligini hech kim inkor eta olmaydi. U Ovro‘podagidek yangi siyosiy-iqtisodiy jarayon, ya’ni burjua munosabatlarining vujudga kelishi bilan bog‘liq bo‘lmagan bo‘lsa-da, madaniyat tarixida so‘nmas iz qoddirdi va Ovro‘po Renessansining vujudga kelishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Shuning uchun biz IX—XII asrlardagi Markaziy Osiyo madaniy yuksalishini Uyg‘onish davri, aniqrog‘i ilk Uyg‘onish davri deb atashga ham to‘la asosimiz bor. Bu ilk Uyg‘onish davri madaniyati siyosiy-iqtisodiy jihatdan Ovro‘po mamlakatlaridan farqli o‘laroq mustaqillikka erishish va bu mintaqada mustaqil davlatlarning vujudga kelish jarayoni bilan uzviy bog‘liqdir.

Bu davrda Markaziy Osiyoda arab, fors va turkiy tillardagi dastlabki she’riy asarlar vujudga keldi.

Bu davr madaniy yuksalishi haqida gap borar ekan, ma’naviyatga, Uyg‘onish davri madaniyatiga xos quyidagi xarakterli tomonlarni qayd etib o‘tish mumkin:

— koinotning vujudga kelishi, bosqichlari, olamning tuzilishi, modda va ruhning xususiyatlari kabi umumiy ilmiy masalalarga qiziqish;

— insonni koinotni Yaratguchining eng oliy mahsuli deb baholash. Avvalo ilm, inson ahli tafakkurini ulug‘lash, unga ishonch bildirish, targ‘ib-tashviq etish, ularni Yaratguchining eng ulug‘ va yuksak ijodi deb baholash, ma’rifat tarqatish, jamiyat, jamoani yaxshilikka eltish insonning muhim vazifasi deb bilish;

— axloq, odob, muomalani inson tarbiyasining asosiy maqsadlaridan deb bilish. Insonning adolat, yuksalish, ma’naviyatga intilishiga yo‘l ochish, imkoniyat yaratish. Aqlda, axloqda, ma’naviyatda yetuk bo‘lish, komil insonni yaratish, insonparvarlik, vatanga, odamlarga xizmat qilish, insonlar orasidagi do‘stlik, o‘zaro yordam, ko‘maklashuvga chaqirish bu davr madaniyatining yetakchi jihatlaridandir;

— komil inson rivojlangan davlatchilikda shakllanadi. Bunday davlatchilik esa aql va ilmga o‘zaro kelishuv, birlikka ega bo‘lish natijasida amalga oshiriladi. Mustahkam davlatchilik turli ilm-fan tarmoqlarining rivojini ta’minlaydi;

— mustahkam davlatchilik fozil jamoani vujudga keltira oladi — bu davlat, jamoaga rahbarlik, hokimlik qilayotgan shaxsning ma’rifatli, ilmli, axloqli bo‘lish, jamoani kelishib boshqara olishiga bog‘liqdir. Ma’rifatli shoh, jamoa yaratish, davlatchilikni mustahkamlash bu davr ijtimoiy ta’limotlarining muhim xislatidir.

XIII asrning boshida Markaziy Osiyo xalqlari Chingizxon boshliq mo‘g‘ullar bosqiniga uchradi. Bu bosqin katta hududni o‘ziga bo‘ysundirgan Xorazmshohlar davlatiga qarshi shiddatli janglar bilan boshlandi, deyarli ikki yil davomida Movarounnahr ham bosib olindi, ko‘p shaharlar, madaniy yodgorliklar vayron etildi. Olimu fozilar o‘ldiridtsi, boshqa mamlakatlarga quvg‘in bo‘ldi, ilm-fan, madaniyat keskin tushkunlikka yuz tutdi. Lekin ilk Uyg‘onish, IX—XII asrlardagi madaniy yuksalish Markaziy Osiyoning so‘nggi ma’naviy rivojida o‘chmas iz qoldirdi.

XIII asr boshida Markaziy Osiyo yana o‘z mustaqilligini yo‘qotdi, u mug‘ullar tomonidan bosib olindi. Shuning uchun ilk Uyg‘onish davri deyishimizga sabab bunday jarayon — madaniy yuksalish XIV—XV asrlarda mo‘g‘ul mustamlakachiligidan qutulib, Amir Temur va Temuriylarning mustaqil davlati barpo etilishi bilan bog‘liq holda yana bir bor yuz berganini ko‘ramiz.

2. XIV ASR OXIRI – XV ASRLARDA MOVAROUNNAHR VA XUROSONDA MADANIY YuKSALISh

(Temur va Temuriylar davri)

Jahon madaniyatini Muso Xorazmiy, Ismoil Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Zamaxshariy kabi nomlar bilan bezagan Markaziy Osiyoning IX—XII asrlardagi madaniyati — Uyg‘onish davri keskin ro‘y bergan tarixiy voqealar tufayli birdan uzilib qoldi.

XIII asrning boshida Xorazmshohlar davlati Chingizxon qo‘shinlarining dahshatli va ayovsiz hujumiga uchradi. Bu hujum 1219 yilda Xorazmshohlarning shimoliy chegarasidagi O‘tror qal’asini zabt etishdan boshlandi va 1220—21 yillarda Xorazmshohlar markazi Ko‘hna Urganch dushman qo‘liga o‘tdi. Xorazmshoh qo‘shinlari yaxshi qurollangan bo‘lishiga karamay, ichki nizolar va kelishmovchiliklarning kuchayganligi, qo‘shinning shaharlar himoyasi uchun bo‘lib yuborilganligi, birlikning yo‘qligi Chingizxon hujumiga bardosh beraolmay tezda barbod bo‘lishiga olib keldi. Shaharlar, madaniy markazlar vayron etildi, aholi qirg‘inga uchradi. O‘lka to‘lig‘icha mo‘g‘ullar mustamlakasiga aylandi. Markaziy Osiyoni turli tumanlarga bo‘lib yuborgan mo‘g‘ul xonlari o‘rtasidagi o‘zaro nizolar va kurashlar ham avj oldi — bular hammasi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, madaniyat o‘choqlari so‘ndi. Juda ko‘p madaniy boyliklar, ilm maskanlari, madrasa va kutubxonalar yo‘q qilindi, san’at va ilm-fan vakillari: olimlar, shoir va yozuvchilar, munajjimlar, me’mor va musavvirlar o‘ldirildi, tasodifan omon qolganlari esa Shimoliy Hindiston, G‘arbiy Eron va Xurosonning turli viloyatlariga qochib, jon saqlab qoldilar.

Shunday sharoitda mo‘g‘ullar va mahalliy amaldorlarning o‘zboshimchaligi va jabr-zulmning kuchayib borishi xalq ommasining ko‘tarilishiga olib keldi. Bu xalq qo‘zg‘olonlarining eng yirigi — 1337 yilda Sabzavor shahrida boshlanib, qariyb 45 yil davom etgan sarbadorlar chiqishidir.

Xalq ommasining ajnabiy istilochilar hamda mahalliy ezuvchilarga qarshi ayovsiz kurashi, Markaziy Osiyoda mo‘g‘ullar hukmronligini ancha zaiflashtirdi va ularga qarshi keskin kurash kuchayishi uchun kulay zamin yaratib berdi. Shunday sharoitda Amir Temur (1336—1405) maydonga chiqdi va ijtimoiy jarayonda tezda ko‘zga tashlandi hamda mamlakat hayotida juda katta rol o‘ynadi.

Amir Temur tarqoq va uzoq urushlardan xonavayron bo‘lgan Movarounnahr va Xuroson yerlarini mo‘g‘ullar mustamlakasidan ozod etib, yagona, mustaqil va mustahkam davlatga birlashtirdi. Uning markazi etib Samarqand shahri tanlandi.

Amir Temur davlati o‘z davrida Ovro‘po va Osiyodagi eng yirik, mustahkam va rivojlangan davlat sifatida tanildi.

Temur vafotidan so‘ng ham XVI asr boshiga qadar uning avlodlari mamlakatga hukmronlik qildilar. Temuriylar davrida markaziy davlat ikkiga — Movarounnahr va Xurosonga ajratilib idora etildi. Samarqand va Hirot bu ikki davlatning markazi bo‘lib xizmat qildi. Ayniqsa, Temuriylardan uzoq vaqt hukmronlik kilgan Shohrux, Ulug‘bek, Husayn Boyqaro davrlarida madaniyat gullab-yashnadi.

Musulmon Sharqi, ayniqsa, Markaziy Osiyoning madaniyati tarixida Temur va Temuriylar hukmronlik davri — XIV asrning ikkinchi yarmidan XVI asrning boshlarigacha bo‘lgan davr so‘nggi umumiy tarixiy rivojlanishga juda katta ta’sir ko‘rsatgan yorqin, sermazmun, samarali davr hisoblanadi.

Bu davrda o‘zbek tili adabiy til sifatida uzil-kesil shakllandi va Markaziy Osiyoning so‘nggi madaniy rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Bu yuksalish birinchi navbatda Amir Temur nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liq bo‘lsa, uning o‘g‘illari, nabira va boshqa avlodlari u boshlab bergan ijtimoiy-madaniy hayotdagi yo‘nalishlarni davom ettirishga, Temuriylar saltanatining an’analarini saqlab qolishga xarakat qildilar.

Markaziy Osiyodagi IX—XII asrlardagi ilm-fan, madaniyatning gurkirab yashnashi Markaziy Osiyo xalkdari tarixida ilk Uyg‘onish davrini tashkil etgan bo‘lsa, XIV asr oxiri va XV asr mo‘g‘ullar mustamlakachiligidan qutulib, mustaqil davlatning shakllanishi va rivoji asosida madaniyatda yana ko‘tarilish va keskin rivoj ro‘y berdi. Bu davrni madaniyatdagi keskin ravishda bo‘linib qolgan Uyg‘onish davrining yakuni — so‘nggi Uyg‘onish davri deb atash mumkin. Bu ko‘tarilish avvalgi madaniy yutuqlarga, ularni yanada yuksaltirish va zamona ma’naviy talablari asosida yangilash natijasida vujudga keldi. Bu davrda arab tili qisman fan tili bo‘lib qolsa-da, asosan ilm va badiiy adabiyot, san’at tili sifatida turkiy va forsiy tillarning mavqei kuchayib, asosiy o‘ringa chiqdi. Davlat ishlari ham shu tillarda olib borildi.

Temur va Temuriylar davlati deyarli bir yarim asr Osiyo, ayniqsa, Markaziy Osiyo tarixida nihoyatda ko‘p, serqirra, rang-barang madaniy-ma’naviy boyliklarni yaratishga, xalq talantlari uchun imkoniyat yarataolganligi, turkiy xalqlar madaniyati tarixida tamoman yangi, uzoq asrlarga ozuqa bergan qatlamlar, yangi sahifalar vujudga keltirgani bilan mashhurdir.

Temur mamlakatning iktisodiy qudratini oshirishga harakat qildi. U ishg‘ol qilgan xorijiy mamlakatlardagi ilm ahlini o‘z panohiga oldi. Movarounnahr va Xuroson shaharlarini obodonchiligi uchun jon kuydirdi. Rus olimi A. Yu. Yakubovskiy Temurning bu sohadagi ishlari haqida yozgan edi: “U yaxshi hisob-kitoblik xo‘jayin edi. U Movarounnahrga nafaqat turli-tuman boyliklarni, balki hunarmand, musavvir, me’mor va olimlarni ham olib keldi. To‘g‘ri, Movarounnahrning o‘zi mutaxassis va olimlarga boy edi. Lekin fan va madaniyat arboblari, hunarmandlar qancha ko‘p bo‘lsa, hunarmandchilik, madaniyat va ilm-fan ham shuncha tez rivojlanadi”.

XIV asrning oxiriga kelib Samarqand Sharqning eng go‘zal va obod shaharlaridan biriga aylandi. Bu yerda ulkan binolar, keng xiyobonlar qurishga katta e’tibor berildi. XV asr boshida Movarounnahrga kelgan ispan sayyohi Rui Ganzales de Klavixoning ma’lumotiga qaraganda, Samarqandning boyligi faqat oziq-ovqatning mo‘lligi bilan emas, balki, shoyi matolari, atlasi, mo‘ynadan qilingan kiyimlari, turli mamlakatlardan keltirilgan son-sanoqsiz mollari, bozor va maydonlari, ko‘chalarining keng va ko‘rkam-ligi bilan ko‘zga tashlanadi.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida mamlakatda har xil qurilish inshootlari barpo qilinib, irrigatsiya shahobchalari tuzatilib, Mug‘on cho‘li o‘zlashtirildi. Xurosonda va boshqa joylarda kanallar o‘tkazildi, ko‘priklar qurildi, yo‘llar ta’mirlandi. Turli xil hunarmandchilik — ip gazlama, shoyi va jundan to‘kilgan matolarni ishlab chiqarish, kiyim-kechak tikish keng yo‘lga ko‘yildi. Olacha, duxoba, kimxob va boshqa matolarni to‘qiydigan va ularga bezak beradigan maxsus ustalar paydo bo‘ldi. Bu davrda paxtadan tayyorlangan matolarga, xususan, dag‘al matolar va polotnolarga bo‘lgan talab kuchli edi. Zargarlik, kulolchilik hunarlari keng rivojlandi.

XIV asrning ikkinchi yarmidan boshlab Movarounnahr va Xurosonda ichki va tashqi savdo ravnaq topa boshladi. Samarqand qadimdan Sharqning savdo markazi bo‘lib, bu yerdan boshqa mamlakatlarni bog‘lovchi “Ipak yo‘li” o‘tar edi. Ayniqsa, Hindiston, Xitoy, Rusiya, arab mamlakatlari bilan savdo aloqalarini o‘rnatilishi Temur davlatining iqtisodiy qudratini mustahkamlashga xizmat qildi. Amir Temur savdoning rivojiga, karvon yo‘llarini yaxshilash, ularni turli talon-tarojlardan himoya qilish, chetdan keltiriladigan mollarga solinadigan soliqlarni tartibga solish, savdogarlarga imkoniyatlar tug‘dirish ishlariga katta e’tibor bergan edi. Bularning barchasi ishlab chiqarishning rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi va moddiy boyliklarning ko‘payib borishiga olib keldi. Bu haqda Temur “Tuzuklar”da shunday degan edi: “…Agar kasbu hunar va ma’rifat ahllaridan bo‘lsa, bundaylarga saltanat korxonalaridan yumush berilsin. Bulardan boshqa bilagida kuchi bor faqir miskinlar esa o‘z ahvoli va kasbu koriga qarab ish tutsinlar. …Sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarlarga o‘z sarmoyasini qaytadan tiklab olish uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilsin. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tikin uchun zarur urug‘ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, unga yordam berilsin” (“Temur tuzuklari”, Toshkent, 1991, 66—67-betlar).

XIV asrning ikkinchi yarmidan boshlab qurilish va obodonchilik ishlari tez taraqqiy eta boshladi. Xususan, Samarqandda bibixonim, Ko‘ksaroy masjidi, Shohizinda maqbarasi, Kesh (Shahrisabz) shahrida Oqsaroy, Samarqand atrofida Bog‘i Shamol, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i nav, Bog‘i Chinor kabi bog‘lar, Amudaryo va Sirdaryoga ko‘priklar, karvon saroylari, rabotlar qurdirildi, ko‘plab madrasa va xonaqohlar, hammomlar barpo qilindi.

Ulug‘bek davrida Samarqandda 1417—1420 yillarda ulkan madrasa, shu yillarda Buxoroda, 1432—1433 yillarda G‘ijduvonda madrasalar barpo qilindi. Bulardan tashqari, Ulug‘bek Temur davrida qurila boshlagan Bibixonim masjidi, Go‘ri Amir maqbarasini qurib bitkazdi. Lekin bu davrdagi eng nodir me’morchilik san’ati namunasi — bu Ulug‘bekning falakiyot rasadxonasidir.

Shohrux va Husayn Boyqaro davrida Hirotda va Xurosonning boshqa shaharlarida ham katta qurilishlar ro‘y berdi. Xususan, Hirotda “Dorushshifo” shifoxonasi, Qurbon Shayx, Feruzshoh, Chaqmoq Shoh, Alayh Ko‘kaldosh madrasalari, “Bog‘i bayt ul-imom”, “Bog‘i xamsa oroyi” kabi bog‘lar bunyod etildi. Tarixchi Xondamirning yozishicha Husayn Boyqaro davrida Xurosonda 40 ga yaqin inshootlar vujudga kelgan.

Markaziy Osiyoda madaniyatning rivojlanishida qo‘shni mamlakatlar bilan madaniy aloqalar muhim rol o‘ynadi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo Eron bilan qadimdan mustahkam aloqa o‘rnatgan bo‘lib, XIV—XV asrlarda bu ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy, madaniy aloqalar ham kuchaya boshladi. Bu davrda Xitoy bilan ham aloqa kuchaydi. 1420 yili Shohrux mashhur rassom G‘iyosiddin Naqqosh boshchiligida Xitoyga elchilar yubordi. Ular Xitoy xalqining urf-odati, turmush tarzi, madaniy hayoti, davlatni boshqarish uslubi bilan tanishib qaytdilar. Shuningdek, Shohrux davrida Hindiston bilan ham aloqa yaxshilanib, 1442 yilda u tomonga elchilar yuborildi.

Temuriylar davrida madaniyat yangi bosqichga ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda qadimgi yunon va hind olimlarining falakiyot, riyoziyot, tibbiyot, kimyo va boshqa fan sohalaridagi tadqiqotlari keng tarqaldi. Ilk o‘rta asrlarda yunon olimlarining risolalari arab tiliga tarjima qilinib, asarlariga ko‘plab sharhlar bitildi. Shuning uchun qadimgi yunonlarning arab tiliga tarjima qilingan asarlari, xususan, Arastu, Aflotun, Ptolemey va boshqalarning tabiiy-ilmiy va falsafiy asarlari XIV—XV asrlarda ham Markaziy Osiyo olimlari uchun yangilik emas edi.

XIV—XV asrlarda ma’naviy-madaniy rivojlanish islom diniy qarashlarining mustahkamlanib borishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, hukmron mafkura sifatida madrasayu masjidlarda keng o‘qitilib, o‘rganilib, qonun-qoida, odat, an’analar esa shariat asosida olib borilar edi. “Temur tuzuklari”da din arboblari, shayx, sayyid, ulamolar faoliyatiga alohida o‘rin ajratilib, ularning davlat ishlaridagi ishtiroki maxsus va bir necha bor qayd etilib o‘tiladi. Lekin bu davrda shu bilan birga xalq orasida, ayniqsa, ziyolilar, aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi ilm-fan, san’at, madaniyat xodimlari o‘rtasida o‘z davrida islom qoidalarini zamona talablari, ijtimoiy yuksalish zaruratlari asosida talqin etishga intilish natijasida yuzaga kelgan tasavvuf ta’limoti keng tarqaladi.

Markaziy Osiyoda XI asrdan boshlab yoyila boshlagan tasavvuf ta’limoti bu davrga kelib Movarounnahr va Xurosonda tasavvufning yassaviya, kubraviya, qadiriya va ayniqsa, naqshbandiya tariqati ma’naviy hayotda katta rol o‘ynaydi.

Naqshbandiya tariqati Yusuf Hamadoniy, G‘ijduvoniy va XIV asrga kelib Bahovuddin Naqshband nomi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bu ta’limot XV asrda nazariy va amaliy jihatdan yanada rivoj topib, u saroy ahli, ko‘p hollarda temriyzodalar faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Amir Temurning o‘zi ham mutasavvuf olimlarga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lib, tasavvufning naqshbandiya suluki targ‘ibotchilaridan Sayyid Mir Kulolni (Shamsuddin Foxuriy, vafoti 1371 yil) o‘ziga pir deb bilgan. Shuningdek, turli o‘lkalardagi yirik mutasavvuflarga ham hurmat ko‘rsatgan. Uning hamadoniya tariqatiga asos solgan yirik mutasavvuf Sayyid Hamadoniy bilan uchrashib suhbatda bo‘lganligi, 1398 yilda Turkistonning Yassi shahrida yirik mutasavvuf Ahmad Yassaviy qabrini ziyorat etganligi, uni ta’mirlatib, ustiga oliy bino qurishni buyurgani tarixiy manbalarda ko‘rsatib o‘tilgan.

“Tuzuklar”da: “…mashoyixlar, so‘fiylar xudoni tanigan oriflardir. Ularning xizmatlarida bo‘lib, suhbatlar qurdim va oxirat foydalarini oddim. Ulardan tangri taoloning so‘zlarini eshitib karomatlar ko‘rdim”, — deb yozadi Amir Temur.

XIV—XV asrlarda Markaziy Osiyoda keng tarqalayotgan tasavvuf ta’limotining Sufi, Porso, Charxiy, Mahdumi A’zam, Xoja Ahror kabi yirik vakillari naqshbandiya tariqatiga oid qator risolalar yaratish bilan birga, jamiyatning ma’naviy poklanishi va rivojlanishi yo‘lida faol xizmat qildilar, taniqli arboblar bilan muloqotda bo‘lib, ularga ta’sir o‘tkazdilar. Bu jihatdan, ayniqsa, Xoja Ahror faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Navoiy, Jomiy, Qosimiy, Lutfiy, Bobur kabi shoirlar tasavvufni targ‘ib qildilar.

Bu davrda Samarqand, Hirot va boshqa shaharlarda musavvirlik, naqqoshlik san’atining mohir ustalari paydo bo‘ldi. Xususan, “Sharq Rafaeli” deb tanilgan Kamoliddin Behzod o‘z ijodi bilan butun Sharqdagina emas, balki Ovro‘poda ham mashhur bo‘ldi. Xattotlik va muqovasozlik san’ati ham taraqqiy etib, bu sohada yangi uslublar paydo bo‘ldi. Masalan, Mir Ali Tabriziy xattotlikning nasta’liq uslubini ixtiro qildi. Bu uslub keyinchalik butun Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga keng yoyildi.

“Rafiqiy” taxallusini olgan Mir Ali Majnun ibn Kamoliddin Mahmud, samarqandlik xattot Xoja Abdulqodir Ruyanda, “Xatotlar sultoni” nomini olgan Sulton Ali Mashhadiy va boshqa xattotlar ijodini ham alohida qayd etish lozim. Ustod Shayx Foniy Nayi, Mavlono Qosim Rabboniy, Husayn Udiy, Xoja Yusuf Andijoniy, Shohquli G‘ijjakiy, Darvish Ahmad Qonuniy, Ustod Shodiy kabi musiqashunoslar ham shu davrda yashab ijod etganlar. Ulug‘bek, Navoiy, Jomiy, Binoiy kabi buyuk mutafakkirlar ham muzika sohasida ma’lum ishlarni amalga oshirganlar.

XIV—XV asrlarda fanlarning ko‘p sohalari: tibbiyot, riyoziyot, handasa, jug‘rofiya, falakiyot, tarix, mantiq, adabiyot, falsafa, axloqshunoslik va boshqa fanlar taraqqiy etdi. Adabiyot va adabiyotshunoslik yuksalib, she’riyat, nazm sohasida ijod kiluvchi mashhur shoirlar yetishib chiqdi. Yirik shoirlar Davlatshoh Samarqandiy, Sakkokiy, Bisotiy Samarqandiy, Javhariy, Xoja Sug‘diy Samarqandiy, Mirzabek, Vosifiy, Niyoziylar Samarqandda, Ismoil Buxoriy, Hofiz Xorazmiy, Yaqiniy, Hiloliy, Gadoiy, Atoiy, Suxayliy, Husayn Ali Tufayliy, Binoiy, Sayfiy Buxoriy, Mullo kabilar Movarounnahr va Xurosonning turli shaharlarida yashab, ijod etib, bir qancha she’riy va nasriy asarlar yaratdilar.

XV asrda o‘zbek tili va adabiyoti, she’riyati, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy timsolida o‘zining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Navoiy o‘zbek adabiy tilining fazilatlarini har tomonlama ochib, asoslab berdi. Jomiy va Navoiydan tashqari, til muammolari bilan shug‘ullangan Xoja Jaloliddin Fazlulloh Abu-l-Laysiy, Abul-l-Qosim ibn Abu Bakr Laysiy Samarqandiy hamda Isomuddin Ibrohim ibn Muhammad ibn Arabshoh Isfaroiniy kabi yirik olimlarning nomlarini keltirish mumkin.

XV asrning ikkinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyoda falakiyot va riyoziyot fanlari rivoj topdi. Ulug‘bek asos solgan falakiyot maktabi bunga yorqin misol bo‘lib, bu maktabdan juda ko‘p iqtidorli olimlar yetishib chiqdi. Ular Mansur Koshiy, Miram Chalabiy, Abduali Birjandiy, Ali Qushchi, G‘iyosiddin Jamshid va boshqalardir.

Bu davrda tibbiyot ilmi ham o‘zining yirik namoyandalariga ega edi. Samarqandga kelib ijod qilgan tabobat ilmining yirik vakillaridan Burhoniddin Nafis ibn Evaz hakim al-Kirmoniy Sulton Ali tabib Xurosoniy, tabib Husayn Jarroh shular jumlasidandir.

XIV—XV asrlarda Markaziy Osiyoda mantiq va falsafa fanlari bilan shug‘ullangan yirik olimlar paydo bo‘ldi. Bu fanlarning rivoji, asosan ikki yirik mutafakkir Saadiddin bin Umar Taftazoniy va Mir Sayyid Jurjoniy nomlari bilan bog‘liqtsir. Jurjoniy va Taftazoniylardan tashqari, Samarqandda o‘sha davrda Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsiddin Munshiy, Mavlono Abdulla Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nug‘moniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Jalol Hoqiy va boshqa olimlar yashab ijod etganlar. O‘z davrining ilg‘or ijtimoiy va axloqiy fikrlari badiiy adabiyotda, tasavvuf she’riyatida, nazm va nasrda, g‘azal va ruboiylarda mufassal bayon qilina boshlandi. Navoiy, Jomiy, Lutfiy, Binoiy, Qosimi Anvar va boshqalarning badiiy asarlari boy falsafiy va axloqiy mazmunga egadir.

Bu davrda axloq va ta’lim-tarbiya muammolariga bag‘ishlangan maxsus risolalar paydo bo‘ldiki, ularning orasida Husayn Voiz Koshifiy va Jaloliddin Davoniylarning merosi alohida o‘rin egallaydi.

Temur va Temuriy shahzodalar o‘z davri tarixini yozib qoldirish, Movarounnahr va Xurosonning mo‘g‘ullar zulmidan ozod etilishi tarixini o‘rganish va yoritishga katta e’tibor berdilar. Nizomiddin Shomiy, Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Hofizi Abru, Natanze, Fosih Xavofiy, Muyiniddin Isfizoriy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar Temuriylar davri tarixini yozib qoldirdilarki, ular yozib qoldirgan asarlar hozirda biz uchun o‘sha davr hodisalarini, madaniy yuksalishini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Movarounnahr va Xurosonda XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrda ro‘y bergan madaniy yuksalish butun musulmon Sharqinigina emas, Ovro‘po mamlakatlarini hayratga soldi. Bu yuksalish Markaziy Osiyoning so‘nggi madaniy-ma’naviy rivojinigina belgilab bermay, qo‘shni mamlakatlardagi madaniy taraqqiyotga ham katta turtki berdi. Temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonni 1425—26 yillarda o‘ziga qaratib, “Mo‘g‘ullar imperiyasi” deb nom olgan davlatga asos soldi va bu davlatda XV asrdagi Markaziy Osiyo madaniyatining an’analarini davom ettirdi va rivojlantirdi.

Temur va Temuriylar davridagi madaniy yuksalishning umumiy omillarini aniqlash shuni ko‘rsatadiki, ular o‘zaro uzviy bog‘langan va yaxlit bir butun holdagina qisqa vaqt ichidagi madaniy-ma’naviy yuksalishni yuzaga keltira olgan.

Bulardan birinchi navbatda siyosiy-ijtimoiy omilni ko‘rsatish mumkin. Movarounnahr va Xurosonda tarqoq, o‘zaro nizo va urushlar natijasida turli viloyat, amirliklarga bo‘linib ketgan va kelgindi hukmronlar — mo‘g‘ullar tomonidan ayovsiz ezilgan xalqning mustamlakachilikdan qutilishi, mamlakatda yagona birlashgan davlatning barpo etilishi, yagona davlatchilik asosida boshqarish qoidalarining joriy etilishi, zo‘ravonliklar, o‘zbilarmonchilik kabi illatlarning tugatilishi ijtimoiy yuksalishni ta’minladi.

Ikkinchi — iqtisodiy omil — Movarounnahr va Xurosonda yagona idora tizimining joriy etilishi iqtisodiy osoyishtalik ishlab chiqarishning so‘nggi rivojlanishiga olib keldi. Davlat tomonidan dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiqning rivojiga e’tibor berilishi va bu sohada qator tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatning ma’naviy-madaniy taraqqiyoti uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi.

Uchinchi — ma’naviy omil — avvalgi madaniy meros, ma’naviy qadriyatlar, boyliklardan keng foydalanish, ular asosida rivojlanishni amalga oshirishdan iborat bo‘ldi. Markaziy Osiyoda avvalgi asrlarda, xususan IX—XIII asrlarda yaratilgan ma’naviy-madaniy boyliklardan, Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Chag‘miniylar merosidan; arab, fors va turkiy tillarda yaratilgan Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Rumiy, Tusiy, Attor kabi allomalar merosidan; musulmon Sharqi ma’naviy merosida keng ahamiyat kasb etgan qadimgi yunon ilmiy-ma’naviy boyliklaridan keng foydalanildi.

Bu davrda Amir Temur davlatining ta’sirida bo‘lgan va bo‘lmagan boshqa mamlakatlar o‘rtasida madaniy aloqalar tez rivojlandiki, bunday aloqalar ma’naviy boyliklarni o‘zaro almashishga keng yo‘l ochib berdi. Eron, arab mamlakatlari, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlar bilan bo‘lgan aloqalarda madaniy boyliklar almashinuvi ham muhim ahamiyat kasb etdi.

To‘rtinchi — g‘oyaviy omil — bu omil ma’naviy omilning uzviy davomi bo‘lsa-da, uning muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi va o‘z davri ma’naviy hayotida katta rol o‘ynaganligi uchun alohida ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir. Bu XV asrga kelib Movarounnahr va Xurosonda keng tarqalgan tasavvuf — xususan naqshbandiya ta’limotidir. Markaziy Osiyoda Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy ta’limotlarini rivojlantirish asosida shakllangan naqshbandiya ta’limoti va uning yirik vakillari XIV—XV asrlardagi siyosiy-ijtimoiy hamda madaniy hayotda nihoyatda muhim rol o‘ynadi, ma’naviy o‘zgarishlar ma’lum erkinlik uchun g‘oyaviy asos, omil bo‘lib xizmat qildi. Temur va temuriy shahzodalar, ko‘p olim-fozillar, hunarmandlar naqshbandiya ta’limotidan ozuqa oldilar, o‘z faoliyatlari, ijodlari bilan uni har tomonlama boyitdilar.

XV asrda yashab ijod etgan naqshbandiya ta’limotining yirik vakili Xo‘ja Ahror Vali faqat madaniy hayotdagina emas, siyosiy-iqtisodiy tinchlik va rivojlanish ishida muhim ijobiy rol o‘ynadi.

Bu kabi omillar Temur va Temuriylar davri madaniyati va ma’naviyatining tez va yuksak darajada ko‘tarilishiga olib keldiki, uning yutuqlari so‘nggi uzoq asrlar davomida madaniy rivojlanish uchun ozuqa bo‘ldi.

* * *

XIV asrning oxiri XV asr Markaziy Osiyo, aniqrog‘i Movarounnahr va Xuroson tarixida — o‘rta asr uchun oliy darajadagi madaniy-ma’naviy yuksalish davri bo‘ldi. Bu yuksalishni Markaziy Osiyo zaminida IX—X asrda ro‘y bergan va sun’iy ravishda uzilib qolgan madaniy-ma’naviy yuksalish — Uyg‘onish davrining tiklanishi va oliy darajasi deb atash mumkin. Bu yuksalishlar bir jarayonning ikki xil bir-biriga bog‘liq bo‘lgan davrining boshlanishi va yakunidir. Chunki ular iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy jihatdan nihoyatda o‘xshash, ayrim hollarda bir xil asoslarga egadir.

Birinchi davr arablar istilosidan so‘ng mustaqillikka erishuv va yerli davlatlarning vujudga kelishi zaminida shakllandi. Shuningdek, so‘nggi XIV—XV asr ma’naviy-madaniy rivojlanish davri mo‘g‘ullar istilosidan qutulib, mustaqil davlatning vujudga kelishi zaminida yuzaga keldi. Har ikki holda ham ishlab chiqarish, hunarmandchilik, Sharqqa xos bo‘lgan institutlarning rivoji va mustahkamlanishini va ular madaniy yuksalishga katta ta’sir ko‘rsatganligini ko‘ramiz. Har ikki holda ham islom dini va uning qoidalari ma’naviy hayotda ustunlik va belgilovchi ahamiyat kasb etdi. Lekin shu bilan birga davrning ijtimoiy-siyosiy omillari, ma’naviy mazmunida tafovutlar ham ko‘zga tashlanadi.

IX—XII asrlarda Movarounnahr va Xuroson hududlarida arab mustamlakachiligidan qutulish va mustaqil davlatni barpo etishga intilish jarayoni yerli davlatlarning paydo bo‘lib, so‘ng yo‘qola borishi, ular o‘rtasidagi o‘zaro kurashlarning uzluksiz davomi bilan xarakterlanadi. Uch asr davomida Tohiriylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar davlatlarining vujudga kelib, keyin tarix sahnasidan surilib ketgani buning yorqin misolidir.

XIV—XV asrda mo‘g‘ullar mustamlakachiligiga qarshi kurashda Movarounnahr va Xuroson hududida yaxlit, yirik va mustahkam davlat qad ko‘tardi. Bu — yuksak davlat arbobi va sarkarda sohibqiron Amir Temur nomi va faoliyati bilan bog‘liqdir. Madaniyatning yuksalishi ham Amir Temur va Temuriylar faoliyati, harakati, siyosatining natijasidir.

IX—XII asrlar Movarounnahr va Xurosonda islom tarqalganiga endigina II—III asr bo‘lgan, u ma’naviy hayotning turli sohalariga singib bormoqda edi. XIV—XV asrlarga kelib islom, shariat mustahkamlanishi bilan tasavvuf va ayniqsa, uning xalq hayotiga juda yaqin ko‘rinishi — Naqshbandiya tariqatining ustun bo‘lishi bilan ko‘zga tashlanadi. Bu davr ma’naviy hayotida arab tiliga nisbatan turkiy va forsiy tilning roli kuchaydi. Hozirgi haqiqiy o‘zbek tili va adabiyoti shu davrdan boshlandi. Bu masalalar maxsus o‘rganish, tadqiqotni talab etadi.

Lekin mazmun jihatdan har ikki davr ma’naviyatida, ya’ni umuman Uyg‘onish davri ma’naviy-madaniy hayotida insoniy qadriyatlarning yuksak xislatlari — ilmga intilish, bilimni kuchaytirish, aqlni ulug‘lash, insoniylik, ruhiy poklanish, axloqiy kamolotga erishuv, adolat, ijtimoiy yuksalish, barcha uchun baxt-saodat, do‘stlik-birodarlik, komil jamoa va komil insonni yaratish kabi masalalar olg‘a surildi. Ular muhim ilmiy tadqiqotlar, adabiyot, san’at, diniy asarlarning mazmunini tashkil etdi. Bu davrdagi olim, mutafakkir, donishmand, san’atkorlarning ko‘pchiligi shu maqsad yo‘lida ijod qildilar.

Bu davr madaniyatining yutuqlari xalqimizning keyingi madaniy rivojlanishida katta zamin yaratdi.

3. XVI-XIX ASR BIRINChI YaRMIDAGI TURKISTON MADANIYaTI HAQIDA

XVI asr boshlariga kelib Movarounnahr va Xurosonda ichki nizolarning avj olishi bu yerlarga tashqi hujumlarning kuchayishiga imkon tug‘dirdi. Ayniqsa shimolda Dashti Qipchoq tomondan Movarounnahr shaharlarini bosib olishga bo‘lgan harakat borgan sari ortib bordi.

1500—1510 yillar orasida Movarounnahr va Xuroson yerlari Shayboniyxon boshchiligidagi qo‘shinlar hujumi tufayli uning tasarrufiga o‘tdi. U o‘zining so‘nggi yurishida keskin qarshilikka duch keldi va 1510 yil Marv uchun bo‘lgan urushda qurbon bo‘ldi. U Movarounnahr madrasalarida tahsil ko‘rgan, temuriylar bilan uchrashgan, olim va adiblar bilan muloqatda bo‘lgan, madaniyat tarixidan yaxshi xabardor, temuriylarga o‘xshab ijod ahliga rahnamolik qilgan, o‘zi ham she’rlar yozgan davlat boshlig‘idir.

Uning o‘limidan so‘ng avlodlari 1601 yilga qadar hukmronlik qildilar. So‘nggi yillarda uning avlodlari o‘rtasidagi kurashlar natijasida davlat parchalanib, Xuroson Safaviylar qo‘liga o‘tdi. Shayboniylar esa faqat Movarounnahrga humron bo‘lib qoldilar. Hokimiyat asta-sekin uning avlodlari o‘rtasidagi nizolar tufayli parchalanib ketdi, Buxoro xonligi, so‘ng g‘arbda Xiva xonligi vujudga keldi. Hukmronlik uchun olib borilgan uzoq kurashlardan so‘ng Abdullaxon II (1557—1598) davrida Buxoro xonligining mavqei ancha-muncha ortdi.

Abdullaxon II davrida Buxoro xonligida iqtisodiy-madaniy hayot bir muncha jonlandi. Xususan, dahqonchilik tez rivojlandi, qator suv inshootlari, kanallar barpo etildi, yirik shaharlarda hunarmandchilik ravnaq topdi. Samarqand qozikalonining XVI asrdagi hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, hunarning 61 turi mavjud bo‘lgan, turli-tuman temir buyumlar, ip va ipak matolar, yuqori navli qogozlar ishlab chiqarilgan. Buxoro shahri kengaytirilib, devor va harbiy istehkomlari qaytadan qurilgan, shaharda ko‘p madrasalar, xonaqohlar, karvonsaroy va bozorlar barpo etilgan. Bu davrda ichki va tashqi savdo, xususan, Eron, Turkiya, Hindiston, Rusiya kabi mamlakatlar bilan aloqalar kengaydi.

Uning vafotidan so‘ng yana o‘zaro nizolar avj oldi. 1601 yildan boshlab Buxoro xonligi yangi Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligiga o‘tdi.

Ashtarxoniylar sulolasi bir yarim asr (1601—1753) Buxoro taxtida hokimlik kildi, ular davrida xonliqda o‘zaro nizolar hamda qoraqalpoqlar, mustaqil bo‘lgan Xiva xonligi, Eron kabilar bilan uzluksiz urushlar davom etdi, mamlakat iqtisodiy-siyosiy hayotida parokandalik avj odtsi, xonlik taxti uchun talashuvda aka-uka, ota-o‘g‘il, qarindoshlar o‘rtasida kurashlar kuchaydi. Xonlikdagi zulmning ortishi, soliqlarning oshib borishi natijasida tez-tez xalq qo‘zg‘olonlari ro‘y berib turardi. Buxoro taxtida uzoq xonlik qilgan Imomqulixon (1611—1642) davrida hokimiyatning nisbatan mustaxkamlanganligini nazarga olmaganda, boshqa Ashtarxoniylar davrida xonlikka har tomondan hujumlar, turli shaharlar, o‘lkalarning xonlikdan ajrab ketishga intilishi kuchaydi. Bu intilish ayniqsa Ubaydullaxon davrida avjiga chiqdi. Bundan foydalangan Nodirshoh Buxoro xonligiga qarashli ko‘p yerlarni Eronga qo‘shib odtsi. So‘nggi yillarda Ashtarxoniylar sulolasining nufuzi susayib, mang‘it qabilasidan bo‘lgan Muhammad Hakim otaliqning tasiri kuchaya bordi va u 1753 yili o‘zini amir deb e’lon qildi. Bu davrda Turkistonda Buxoro xonligidan tashqari Amudaryoning quyi oqimida Xiva xonligi mustaqil rivojlanayotgan edi. XVIII asrning oxiriga kelib Farg‘ona vodiysida Qo‘qon xonligi ham o‘zini mustaqil xonlik sifatida ko‘rsata boshladi.

Turkistondagi XVII—XVIII asr madaniyati mavjud iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy ahvol ta’sirida turli tebranishlar, yo‘qotishlarni boshidan kechirdi.

XVI asrda Hindistonda Boburiylar davlatining vujudga kelishi bilan Temuriylar davrida shakllangan madaniyatning qisman Hindiston tomon oqib o‘tganini kuzatamiz. Boburiy podsholar Movarounnahr va Xuroson madaniy qadriyatlaridan keng foydalanishga intiladilar, ularni Hindiston yerida keng targ‘ib etdilar. XVI asrlarda ko‘pgina Markaziy osiyolik donishmand, alloma, san’at-korlarning o‘zlari yoki Boburiylar taklifi bilan Hindiston shaharlariga ketib qoldilar. Boburiylar saroyida turkiy va ayniqsa forsiy tildagi adabiyot, san’at, ilm-fan rivoj topdi. Bu Markaziy Osiyo, xususan, Turkiston va Hindistondagi Boburiylar davlati o‘rtasidagi madaniy aloqalarning kuchayishiga, ularning o‘zaro ta’siri orta borishiga olib keldi. Boburiylar o‘zlarini Temuriylar davri madaniyatining merosxo‘ri, davomchilaridan deb biddilar. Ayniqsa, Boburiylardan Akbarshoh, Shohjahon, Avrangzeb davrida Hindistonda Markaziy Osiyo ma’naviy qadriyatlariga asoslangan musulmon madaniyati keng rivoj topdi va muhim yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Temuriylar davrida rivoj topgan madaniy boyliklar ta’sirida yangi ma’naviy-madaniy qadriyatlar vujudga keldi, ayniqsa, adabiyot, san’at, qisman ilm-fan, xususan tarix fani ma’lum yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Tasavvuf bu davrning dunyoqarashi, tasavvuri va ma’naviyatida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbek va fors tilida qator tarixiy, adabiy, she’riy asarlar yaratildi. O‘z davrining yetuk adibi, davlat arbobi va shayxulislomi Poshshoxoja (1480—1547) oilasida tug‘ilib, tarbiya topgan Hasanxoja Buxoriy Nisoriyning “Muzakkir al-ahbob” hamda shoir Mutribiyning “Tazkirat ush-shuaro” tazkiralarida XVI asrda yashab ijod etgan juda ko‘p adib, shoirlar, ularning ijodi haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Masalan: Nisoriy Buxoro madrasalarida o‘qib, o‘z davrining ilmlaridan xabardor bo‘lgan, aruz sirlarini egallagan, so‘ng madrasalarda dars bergan, davlat arbobi sifatida ham xizmat qilgan, uning shoir sifatidagi dovrug‘i ko‘p o‘lkalarga taralgan. “Malik ush-shuaro” unvoniga sazovor bo‘lgan. U o‘z davridagi turli shoir, adiblarning asarlarini o‘rganib “Muzakkir al-ahbob” tazkirasini yaratgan. U asosan Temuriylar, Shayboniylar hamda Boburiylardan yetishib chiqqan, shuningdek, markaziy osiyolik, xurosonlik, sharqiy turkistonlik, hindistonlik, ozarbayjonlik shoirlar haqida qimmatli ma’lumotlar keltirgan. Unda Poshshoxoja, Muhammad Solih, Mutribiy, Fitratiy, Sho‘xiy kabi shoirlar haqida muhim ma’lumotlarni uchratish mumkin. Nisoriy 1597 yili vafot etgan va Bahovuddin Naqshband maqbarasi yoniga dafn etilgan.

Bu davrda o‘zining o‘zbek tilidagi she’rlari bilan mashhur bo‘lgan shoir, tarixchi, davlat arboblaridan biri Muhammad Solihdir (1455—1535). U Xorazmda tug‘ilib, boshlang‘ich ma’lumotni o‘sha yerda olgan. So‘ng Hirot shahrida o‘z ilmini davom etdirgan, shoir ulamolar bilan ilmiy-ijodiy bahs etib turgan. Xurosonda, so‘ng samarqand, Buxoroda Temuriylar xizmatida bo‘lgan.

1507—1510 yillarda Muhammad Solih Hirotda yashab madaniy hayot ichida bo‘lgan, o‘z ijodi bilan adabiy muhitga keng tanilgan. Uning ijodiga Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Lutfiy, Nisoriy kabi shoirlar yaxshi baho berganlar.

XVI asrning ikkinchi yarmidagi eng yirik shoirlardan Mushfiqiyni ko‘rsatib o‘tish zarur. Shoir Abdullaxon II davrida saroy shoiri sifatida ma’lum bo‘lsa-da, xalq orasida uning hajviy, hurriyatparvar she’rlari keng tarqalgan.

XVI—XVIII asrlarda o‘zbek va tojik tillarida she’riy asarlar bitgan Turkistonning turli shaharlaridan chiqqan shoir, adiblarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Sayido Nasafiy, Turdi Farog‘iy, Mashrab, So‘fiy Olloyor shular jumlasidan bo‘lib, ularning ijodi turli yo‘nalishda ekanligi o‘z davrining tushkunliklari, ziddiyatlari, qiyinchiliklarini o‘zida ifodalashi bilan ko‘zga tashlanadi. Bu davrda Hindistonda yashab ijod etgan, o‘z asarlarini forsiyda yozgan Mirzo Abdulqodir Bedilning (1644—1720) chuqur ijtimoiy-falsafiy mazmundagi she’rlari Turkiston ziyolilari orasida e’tibor qozondi.

XVII asrda Subhonqulixon davrida Muhammad Bedil tazkira tuzib, unda o‘z zamonasining 200 ta shoir, adib, adabiyotshunoslari haqida ma’lumotlar beradi. Umuman XVI—XVIII asrlar ma’naviy hayotida Turkistonda tasavvuf ta’limotlari, xususan, Naqshbandiya, Yassaviya, Kubraviya ta’limotlarining keng tarqalgani, ularning adabiyot, san’at, ijtimoiy bilimlarga katta ta’sir ko‘rsatganini ko‘ramiz. San’atkorlar tasavvufdan zamona qiyinchiliklarini yengish, zulm-adolatsizlikka qarshi kurash, haqiqiy insoniy munosabatlarni targ‘ib qilish yo‘lida foydalanishga intildilar.

XVI—XVIII asrlar davomida adabiyot, she’riyat bilan bir qatorda tarixshunoslik, fiqh, falsafa, xattotlik ilmi kabi sohalarda ham ijobiy yutuqlar qo‘lga kiritildi.

Bu davrda ayrim tarixiy asarlar fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima etildi. Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Abdulla ibn Muhammadning “Zubdat ul-asror” (“Asrlar qaymog‘i”), Fazlulloh ibn Ruzbehxon Isfaxoniyning “Mehmonnomayi Buxoro” (“Buxoro mehmoni haqida kitob”), Hofiz Tanish Buxoriyning Abdullaxon II davrining tarixiga bag‘ishlangan ulkan asari “Sharafnomayi shohiy” (“Shoh sharafi haqida kitob”) yoki “Abdullanoma” kabi tarixiy asarlar shular jumlasidandir. Bu asarlarda o‘sha davrning murakkab jarayonlari o‘z ifodasini topgan.

Shoir.va tarixchi Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asari nazm aralash qofiyalashtirilgan nasrda, fors tilida yozilgan bo‘lib, asosan Shayboniylarning o‘z davlatlarini mustahkam-lash uchun olib borgan kurashlar tarixini, siyosiy-ijtimoiy masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan katta asardir.

Tarixiy asarlar daliliy ashyolarga boy bo‘lish bilan birga ayrimlarida tarixiy hodisalarni umumlashtirish, ulardan xulosalar chiqarish ko‘zga tashlanadi. Bunday intilishlar so‘nggi asrlarda vujudga kelgan “Tarixi Muqimxoniy” (“Muqimxon tarixi”), Mahmud ibn Valining “Bahr ul-asror” (“Sirlar dengizi”), Mirmuhammad Amin al-Buxoriyning “Ubaydullanoma” (“Ubaydullaxon haqida kitob”), Muhammad Amin ibn Muhammad Zamoni Buxoriyning “Muhit ut-tavorix”, Abdurahmon Tolening “Tarixi Abulfayzxon” kabi asarlarida ham uchraydi.

Tarixshunoslik ilmining ma’lum darajada rivoji albatta boshqa ijtimoiy fanlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

XVI—XVIII asrlar davomida ijtimoiy-falsafiy fikr, fiqhshunoslik sohasida ham yangiliklar vujudga keldi, o‘z davrining yetuk mutafakkirlari yetishib chiqdi. Uz yurti Eronni tashlab ketishga majbur bo‘lgan va Buxoroda xonning e’tiboriga sazovor bo‘lgan Mirzajon Sheroziyning asosiy ilmiy-ma’rifiy faoliyati Movarounnahrda o‘tdi. U turli madrasalarda falsafa, mantiq, fiqh ilmlaridan ma’ruzalar o‘qish bilan birga o‘tmish mutafakkirlari Ibn Sino, Faxriddin Roziy, Nasridtsin Tusiy, Mir Sayyid Jurjoniy, Davoniy kabilarning turli risolalariga sharh va hoshiyalar yozdi. Mirzajon Jaloliddin Davoniyning bevosita shogirdi bo‘lib, o‘zining asosiy ilmiy qiziqishlarini falsafiy muammolarni hal etishga qaratdi. Uning hoshiyalari bilan birga “Fi ta’rifil ilm” (“Ilmlar ta’rifi”), “Anmuzadjul funun” (“San’atlar namunalari”), “Fi aksil mustafa” (“Aks ettirish hakida”) kabi qator risolalari ham bizgacha yetib kelgan, ular O‘zR FA Beruniy nomli Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanadi.

Mirzajonning shogirdi bo‘lmish, asli ozarbayjonlik Yusuf Qorabog‘iy ham XVII asrda Movarounnahrning eng yirik faylasuf va mantiqshunos olimlaridan bo‘lib tanildi. Buxoro xoni Imomqulixon e’tiborida bo‘ldi. U Samarqand, Buxoro madrasalarida mudarrislik qildi, falsafa, arab grammatikasi, fiqh, mantiq sohasida qator asarlar yozib qoldirdi. Qorabog‘iy falsafa, arab tili bo‘yicha shogirdlar yetishtirib berdi.

O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida 20 dan ortiq asari saqlanayotgan Muhammad Sharif Buxoriyning ijodi ham diqqatga sazovordir.

XVI—XVIII asrlarda tabiiy-ilmiy fanlar o‘zlarining avvalgi an’analarini yo‘qota boshladi, ularning rivoji borgan sari susayib bordi. 1593 yilda Amir Ahmad Roziyning “Haft iqlim” nomli geografik-biografik lug‘ati, deyarli shu yillarda Mutribiyning “Tazkirat ush-shuaro”siga ilova etilgan dunyo xaritasi vujudga keldi. Ayrim tarixiy ma’lumotlarda aytilishicha bu davrlarda tibbiyot sohasida qator amaliy ishlar, turli tabiblar, ko‘z do‘xtirlari, singan suyaklarni tuzatuvchilar faol ish olib borgan (Sulton Ali degan tabib “Tabobat bo‘yicha qo‘llanma” yozib qoldirgan), yirik shaharlarda kasalxonalar mavjud bo‘lgan. Lekin XVIII asrlarga kelib tabiiy fanlarga e’tibor susayib, umumiy ijtimoiy, siyosiy tarqoqlik birinchi navbatda shu ilmlarga salbiy ta’sir ko‘rsatib, diniy dunyoqarashning ta’siri kuchaygan. Adabiyot, she’riyat bilan bog‘liq holda musiqashunoslik, musiqa ilmi rivojiga ham e’tibor berilgan. Buxoroda Mavlaviy Kavkabiy musiqa ilmi, maqomlar bo‘yicha risola yozgan.

Kitob yozish, to‘plash, bezash sohasidagi an’analar XVI—XVIII asrlarda ham davom etgani, ayrim xonlar maxsus kutubxonalar yaratgani va unda ko‘plab qo‘lyozmalar to‘planganligi haqida ma’lumotlar saqlangandir. Masalan, shayboniylardan Abdullaxon II, Abdulazizxonlar, ashtarxoniylardan Subhonqulixon o‘z saroylarida — Buxoroda katta kutubxonalar tashkil etganlar. Umuman kitob san’ati, husnixat — xattotlik, miniatyura sohasida muhim yutuqlar qo‘lga kiritildi. Buxoro maktabi faol ravishda o‘zini tanitdi.

XIV asrdan boshlab shakllanib kelgan Buxorodagi husnixat va miniatyura XVII—XVIII asrlarga qadar Sharqda o‘z yetakchi mavqeini saqlab keldi va boshqa musulmon Sharqidagi bu san’at rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi. XVI—XVII asrlarda ijod etgan mashhur husnixat va miniatyura ijodkorlaridan Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali Xevraviy, Mahmud ibn Ishoq ash-Shihobiy, Abdulla, Muhammad Murod Samarqandiy, Do‘st Muhammad Buxoriy kabilarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Do‘st Muhammad Buxoriy husnixat nazariyasi bo‘yicha maxsus risola ham yozgan. Xususan, shu davrlarda “Tarixi Abdulxayrxon” (“Abulxayrxon tarixi”), “Tavorixi guzidaiy nusratnoma” (“G‘alaba haqida tanlangan tarixlar”), Alisher Navoiy asarlari ro‘yxati kabilarning chiroyli ko‘chirmalari va ularga ishlangan miniatyuralar o‘z davri san’atining oliy namunalari hisoblanadi.

Movarounnahr san’ati, ilm-fan, madaniyati bu asrlarda ham boshqa musulmon Sharqi, Eron, Turkiya, Koshg‘ar, Hindiston kabi mamlakatlar bilan yaqin aloqada bo‘ldi, o‘zaro ta’sirda rivoj topdi. Boshqa o‘lkalardan Movarounnahrga turli ziyoli, madaniyat arboblari kelib o‘z faoliyatini davom ettirganidek, Buxoro, Samarqand kabi turli shaharlardan chiqqan olim, donishmand, san’at arboblari boshqa mamlakatlardagi madaniy oqimda ishtirok etdilar.

Masalan, Turkiyada miniatyura san’atining rivojida Markaziy osiyolik san’atkorlar peshqadamlik qildilar. Akademik V. V. Bartold bu haqda shunday deydi: “Turkistonning Old Osiyoga bo‘lgan ta’siri qanchalik uzoq davom etgani shu faktdan ma’lum: “Sulton Boyazid II davri (1481—1512) da rassomlik san’atini dastlab Turkiyaga keltirgan kishi o‘zbek san’atkori Bobonaqqosh edi”. Bobonaqqosh turk miniatyurachilarining ustozi bo‘lib tanilgan edi. Shayboniyxon tomonidan naqqosh G‘ulom Shodi Qozon xoni Muhammad Amin saroyiga uning iltimosiga binoan yuboriladi. Shuningdek, XVI asrning ikkinchi yarmida buyuk boburiy shohlardan Akbar saroyiga Samarqand ustalari Muhammad Murod va Muhammad Nodirlar safarbar etilgan edi. Erondan qator olim-fozillar, san’atkorlar diniy sharoitning noqulayligidan qochib yoki o‘z ixtiyorlari bilan Movarounnahr shaharlariga kelib joylashib qoldilar. Shoirlar Fayzulloh ibn Ruzbehxon, Zayniddin Vosifiy, mashhur xattotlar Xo‘ja Mahmud, Said Ahmad Mashhadiy, yuqorida qayd etilgan Mirzajon Sheroziy, Qorabog‘iy kabilar shular jumlasidandir.

Movarounnahrda so‘nggi asrlardagi taxt uchun kurashlar, parokandalik asta-sekin yagona davlat tarkibidan turli shaharlarning ajrab ketishi, mustaqil Xiva va Ko‘qon xonliklarining tashkil topishi, ular o‘rtasidagi urush-ziddiyatning avj olishi ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yomon oqibatlarga olib kelish bilan bir-ga, madaniy-ma’naviy hayotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi, uning rivojiga g‘ov bo‘ldi, orqaga ketuviga olib keldi.

XVIII asrning ikkinchi yarmi Turkiston tarixida iqgisodiy-siyosiy jihatdan o‘zaro nizolar, urushlar, boshboshdoqlik, parokandalik aholining nihoyatda qashshoqlashgan, madaniy-ma’naviy jihatdan tushkunlikka uchragan davri edi. O‘zaro ichki nizolarning kuchayib ketganligidan foydalangan Eron shohi Nodirshoh 1740 yillar Buxoroni va Xivani bosib olib o‘ziga qaram qildi. Buxoro taxtiga o‘z odami Muhammad Hakim otaliqni o‘tkazib qaytdi. Lekin Nodirshoh vafotidan so‘ng (1747) Hakimxonning o‘g‘li Muhammad Rahim ashtarxoniylar sulolasini umuman chetlatib, 1753 yili o‘zini amir deb e’lon qildi. Shunday qilib, Buxoroda mang‘it qabilasidan chiqqan sulola hukmronligi boshlandi.

O‘zbek xoni Elbarsxon 1512 yili Xiva xonligani barpo etib, unga Xorazmning qator shahar, qishloqlari, turkman yerlari va Xurosonning shimoliy qismini qo‘shib olgan edi. Lekin bu xonliqda uzluksiz o‘zaro kurashlar, xonlikning turkmanlar, qoraqalpoqlar, Buxoro xonligi, Eron bilan urushlari davom ztganligi iqtisodiy-siyosiy ahvol, madaniy hayotning qashshoqlanishiga olib keldi. Abdullaxon II davrida Xorazm, Buxoro xonligi tomonidan bosib olindi. Abdullaxon II vafotidan so‘ng Xiva xonligi yana mustaqilligini tiklab oldi. Shuningdek, 1598 yili Subxonqulixon yana Xorazmni Buxoro xonligiga qaram qiladi. Uzoq vaqt o‘tmay Xiva yana mustaqil xonlikka aylandi. XVII asrda Xiva xonligi madaniyati tarixida eng yirik arbob sifatida ish ko‘rgan xon Abulg‘ozixonni ko‘rsatib o‘tish mumkin. U faqat yirik davlat arbobigina bo‘lib qolmay, mashhur tarixchi va tabib ham edi. Abulg‘ozixon Buxoro, Toshkent, Eron shaharlarida quvg‘inda, bir necha bor qamoqda bo‘lgan, nihoyat 1643 yili Orol o‘zbeklari uni xon qilib ko‘taradilar va 1645 yili Xiva taxtiga chiqadi. U deyarli yigirma yillik (1645—1663) xonlik davrida markazlashgan davlat tuzishga, mamlakat rivojini ta’minlashga intildi, madaniyatga e’tibor berdi. 1663 yili taxtni o‘g‘li Anushaxonga topshirdi. Abulg‘ozixon fan tarixida mashhur olim, Xorazm tarixnavisligining asoschisi sifatida nom qoldirdi. Uning qalamiga mansub “Shajarayi tarokima” (“Turkmanlar tarixi”) va “Shajarayi turk” (“Turklar shajarasi”) kabi asarlar Markaziy Osiyo tarixiga oid muhim manba hisoblanadi. Bu asarlar nemis, frantsuz, rus tillariga tarjima etilgan va sharqshunos olimlar orasida ma’lumdir. XVIII asrning oxirlariga kelib Farg‘ona butunlay Buxorodan mustaqil bo‘lib ajrab chiqdi va Qo‘qon xonligi vujudga keldi. Bu xonlikning asoschisi ming qabilasidan chiqqan Shohruxbiy bo‘lib, u XVIII asr boshlarida Farg‘onada mustaqil davlat barpo etadi. Bu davlat asta-sekin atrofdagi qishloq va shaharlarni bosib olish hisobiga kengaya boradi.

Norbo‘tabiy (1769—1800) yillarda Qo‘qon xonligidagi ziddiyatlarni tinchitib, o‘z hokimiyatini mustahkamladi. Bu xonlik XIX asrning birinchi yarmida ancha rivoj topdi. U Toshkent va uning atrofidagi shaharlarni, janubiy Qozog‘istonni bosib oldi, shuningdek, Farg‘ona sharkidagi viloyatlar ham unga qaram bo‘ldi, hatto Koshg‘ar chegaralariga borib yetdi, Olimxon, Umarxon, Muhammad Ali, Sheralixon, Xudoyorxonlar davrida Qo‘qon xonligida o‘zaro keskin kurashlar davom etib turdi. Shu bilan birga Qo‘qon xonligining Koshg‘ar, Xitoy, Rossiya, Buxoro bilan savdo-madaniy aloqalari rivojlandi. Shunday qilib, o‘zaro urushlar vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib tursada, XVIII asrning oxiri XIX asrning boshiga kelib Turkistonda uch mustaqil davlat: Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari vujudga keldi. Mazkur uch davlatda madaniyat, adabiyot, ilm-fan, san’at o‘ziga xos ravishda rivojlandi.

Qo‘qon xonligida XIX asr boshlarida me’morchilik rivoj topdi, juda ko‘p qurilish ishlari olib borildi, xususan Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan, Andijon kabi yirik shaharlarda turli binolar: madrasa, masjid, xonaqo, bozor, hammom kabilar barpo etildi, kanallar o‘tkazildi, binolarni bezash ishlaridan keng foydalanildi, hunarmandchilik ravnaq topdi. Masalan: shu davrda madrasai Muhammad Yasovul, madrasai Rizqulbek, madrasai Oftob oyim, madrasai Mingoyim, madrasai Hakimxon to‘ra, madrasai Xo‘ja dodxoh, madrasai Haqquli mingboshi kabi madrasalarning o‘zidan bir nechtasi qurildi. Qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Qo‘qon qoyuzi butun Markaziy Osiyo shaharlarida o‘zining sifati bilan nom qozondi. Kitob yozish va bezash ishlari, xattotlikka alohida e’tibor berildi, o‘tmish mashhur shoirlarning asarlari ko‘chirilib, maxsus rang va chizmalar bilan bezatildi. Lutfiy, Navoiy, Umarxonlarning devonlaridan iborat “Muhabbatnoma” degan bir majmua maxsus, chiroyli qog‘ozga bezaklar bilan, go‘zal xatda ko‘chirilib xon tomonidan Turkiyaga sovg‘a qilib jo‘natilgan.

Qo‘qon xonligining siyosiy mavqeining oshishi, iqtisodiy-ijtimoiy rivoji madaniy hayotda ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi.

Adabiyot, san’at, tarixshunoslik va boshqa muhim ijtimoiy fanlarda jonlanish yuz berdi. Bu jihatdan ayniqsa, Amir Umarxon hokimiyati (1809—1822) davrida ancha ishlar amalga oshirildi. U xonlikni mustahkamlash va kengaytirish, tashqi mamlakatlar bilan iqtisodiy va diplomatik aloqalarni rivojlantirish bilan birga adabiyot, san’at ravnaqiga katta e’tibor berdi, saroyga shoirlarni, adabiyotchilarni to‘plab mushoiralar, uchrashuvlar o‘tkazib turdi. O‘zi ham “Amiriy” taxallusi bilan o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozdi, rafiqasi mashhur shoira Nodirabegim esa ayol shoira-adabiyotchilarga rahnamolik ko‘rsatdi. Umarxon topshirig‘i bilan Fazliy Namangoniy, adabiyotchi shoirlarning “Majmuat ush-shuaro” (“Shoirlar to‘plami”) to‘plamini tartib etib, unga o‘sha davrda ijod etgan juda ko‘p shoiralarning asarlaridan namunalar kiritdi. Bu davrda Nodira, Uvaysiy, Ado, G‘oziy, Mahzuna, Maxmur, Ma’dan, Dilshod, Bahriniso, Muntazir, Turobiy, Nusrat, Gulxaniy kabi adiblar yetishib chiqdilar. Ularning asarlarida xonlar saroyi hayotidan tortib, oddiy xalqning kundalik turmushi, qiyinchiliklari, xalq orasida vujudga kelgan noroziliklar, axloq, insonparvarlik, xalqparvarlik masalalari o‘z aksini topgan. Bu adiblarning ko‘plari Fazliyning “Majmuat ush-shuaro”idan joy olgandir. Ular asosan o‘zbek tilida, ko‘pincha ikki tidda, o‘zbek va tojik tillarida ijod etganlar. Fazliyning o‘zi ham o‘zbek va tojik tillarida yozilgan qator she’riy asarlarning muallifidir. XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan, o‘zining hajviy xalqchil ruhdagi she’rlari bilan nom qozongan talantli shoirlardan biri Maxmurdir. Bu davr adiblaridan Gulxaniy she’rlar bilan birga nasrda “Zarbulmasal” deb nomlanuvchi asar yozgan bo‘lib, unda mashhur hind asari “Kalila va Dimna”ning ta’siri yaqqol ko‘rinadi. Asarda qushlar hayoti orqali o‘z davridaga oliy tabaqaga mansub bo‘lganlarning kirdikorlari fosh etilgan. Asar o‘zbek adabiyotidagi masal janrini boyitishga muhim hissa qo‘shdi. Bu davrda Qo‘qon xonligida tarix ilmi sohasida ham qator asarlar yaratildi. Ular XGX asr Turkiston tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga egadir. Xo‘ja Muhammad Hakimxonto‘raning “Muntaxab at-tavorix” (“Tarixlardan saylanma”), Ashur Muhammad Ho‘qandiyning “Tarixi Shohruxiy” (“Shohrux tarixi”), Junayd Mulla Avaz Muhammadning “Tarixi jahonnomoiy” (“Jahonni ko‘rsatuvchi tarix”), Eshon xo‘ja Qori Toshkandiyning “Xulosat ul-ahvol” (“Ahvollar xulosasi”), shuningdek, Muhammad Solih Toshkandiyning “Tarixi jadidi Toshkand” (“Toshkentning yangi tarixi”), Mulla Olim Mahdumning “Tarixi Turkiston” (“Turkiston tarixi”) kabi kitoblari shular jumlasidandir. Ularda o‘sha davrda xonliklar o‘rtasidagi kurashlar, Qo‘qon xonligini kengaytirish sohasida olib borilgan urushlar, uning yerlarini asta-sekin rus askarlari tomonidan bosib olinishi haqidagi ma’lumotlar bilan birga madaniyat sshasida olib borilgan ishlar haqida ham turli fakt va axborotlar keltirilgandir. Ma’lumki, Qo‘qon xonligi shimoldan bosib kelgan rus askarlarining birinchi hujumiga uchradi va unga bir necha yil davomida qarshilik ko‘rsatib keldi. Bu voqealar ham shu tarixiy asarlarda qisman o‘z ifodasini topgandir.

Xo‘ja Muhammad Hakimxonto‘raning “Muntaxab at-tavorix” asarida Farg‘ona va Buxoro tarixi aksini topgan. Hakimxonto‘ra xonga yakin kishilardan bo‘lgan, 1822 yili Madalixon taxtga chiqqandan so‘ng o‘zi birga o‘sib ulg‘aygan Hakimxonto‘rani avval siylab, so‘ng Qo‘qondan chiqarib yuboradi va u Sibirga yo‘l oladi. U Semipalatinsk, Omsk, Orenburg, Astraxon shaharlarida bo‘ladi, rus tilini ham o‘rganadi, rus amaldorlari, zobitlari bilan bir necha bor uchrashadi. Hakimxonto‘ra haqida axborot rus podshosiga borib yetadi va Aleksandr I uni Peterburgga taklif etadi, u bormaydi. Buning sababini tushuntirib: “Uzimning xeshu aqrabolarimdan bo‘lgan podshoxlardan nima ko‘rdimu, begona mamlakat podshohidan nima ko‘rardim”, deb yozadi Hakimxonto‘ra o‘z kitobida. Aleksandr I Orenburgga kelganda Hakimxonto‘raning shu shahardaligini eshitib, uni o‘z huzuriga chaqirib, uzoq suhbat quradi. Hakimxon rus podshosida yaxshi taassurot qoldiradi. Hakimxon so‘ng Astraxon orqali Kavkazga, undan Turkiya va Misrga boradi. So‘ng Qizil dengizda paraxodga o‘tirib bir qancha shaharlarda bo‘ladi, Makka va Madinani ziyorat qilib, Arabiston sahrolari orqali Misrga qaytadi. Hakimxonto‘ra so‘ng Iroq orqali Eronga o‘tib, uning qator shaharlarini ko‘radi, ko‘p qiyinchiliklardan so‘ng Buxoroga keladi. U safarda Turkiya sultoni va Eron shohi huzurida suhbatda bo‘ladi. Buxoroga qaytgandan so‘ng shayxulislom huzuriga taklif etilishiga qaramay, Shahrisabzga qaytib keladi va qolgan umrini o‘sha yerda o‘tkazadi. U o‘zining boshidan kechirganlarini “Muntaxab at-tavorix” degan asarida batafsil bayon etgan. Kitobda o‘sha davrdagi Turkiston madaniy hayoti, Qo‘qon, Buxoro xonliklaridagi voqealar haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan, ularga muallifning munosabati biddirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Hakimxonto‘ra o‘z davrining yetuk davlat arbobi, adibi, tarixchisi, sayyohidir. Uning asari esa xotiranoma adabiyotiga, tarix va jug‘rofiya ilmiga qo‘shilgan muxim xissadir.

Hakimxonto‘ra o‘z davrining bilimdoni, madaniyatli ziyolisi, ma’rifatparvar, qator tillarni yaxshi bilgan har tomonlama ma’lumotli arbob sifatida tarihda nom qoddirdi. “Muntaxab at-tavorix”ning o‘zbekcha va tojikcha nusxalari bor.

Muhammad Solihxo‘ja Toshkandiy o‘zining “Tarixi jadidi Toshkand” asarida Qo‘qon xonliganing XGX asr o‘rtalaridagi shimoliy chegaralari ahvoli, ruslarning hujumlari, ayovsiz urushlari, yerli halqlarning qahramonona qarshiligi, Toshkent qamali, Samarqand, Andijon, Marg‘ilonning bosib olinishi, Qo‘qon xonligining Rossiyaga bo‘ysundirilishi kabi voqealarni ishtirokchi sifatida bayon etadi.

XIX asrning boshida, ayniqsa, Muhammad Rahimxon davrida Xiva xonligi mustahkamlandi, so‘ng uning yerlari kengaydi. Savdo-sotiq, hunarmandchilik, boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy-madaniy aloqalar quchaydi. Xivada, Xazorasp kabi shaharlarda madrasa, masjidlar qurildi, me’morchilik san’ati, madaniyatning boshqa sohalariga nisbatan taraqqiysi uchun imkon vujudga keldi. Bu davrda me’morlik yuksak darajada rivoj topdi. Pahlavon Mahmud maqbarasi yonidagi majmua, Kunya arkidagi binolar, Muhammad Aminxon madrasasi, Juma masjidi, Olloqulixon saroyi, Ichan qal’a majmuasi kabi qator binolar shu davrda vujudga keldi. Hozirgi Xiva shahri, undagi boy va rang-barang binolar, minoralar asosan XVIII—XIX asrning birinchi yarmida bunyod etilgan. Bu davrda Xivada ilm-fan, adabiyot, san’at asta-sekin rivoj topa boshladi. Munis Xorazmiy, Komil Xorazmiy, Ogahiy, Avaz O‘tar kabi yetuk qalam egalari, shoir va adabiyotchi, tarixchilar yetishib chiqib, milliy adabiyotni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdilar. Bu davrda qator tarixiy asarlar, jumladan, Sharqning mashhur tarixchilari Ma’sudiy va Ibn Asrning asarlari arabchadan, Mirxond, Xondamirlarning asarlari forschadan o‘zbek tiliga tarjima etildi. Abulg‘oziy Bahodirxondan boshlangan Xorazm tarixnavislik maktabi XIX asrga kelib yangi bosqichga ko‘tarildi. Munis, Ogahiy, Bayoniylar “Firdavs ul-iqbol” (“Baxt jannati”), “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymog‘i”), “Riyoz ud-davla” (“Davlat bog‘lari”), “Shohidi iqbol” (“Iqbol shohidi”), “Shajarai Xorazmshohiy” (“Xorazmshohlar shajarasi”) kabi tarixiy asarlar yozib qoldirdilar va Xorazm, umuman Turkiston tarixiga oid muhim davr voqealarini yoritib berdilar.

Buxoro amirligida (1753—1920) uzoq davom etgan o‘zaro kurashlar, parokandalik, mamlakat iqtisodi va madaniyati rivojiga katta zarar yetkazdi. Amir hokimiyatni mustahkamlash, markazlashtirish va kengaytirish sohasida to‘xtovsiz kurash olib bordi. Ayniqsa, Mirza Haydar zamonida beklar o‘rtasidagi kurashlar, turli xalq qo‘zg‘olonlari kuchaydi. Uning vorisi amir Nasrullo (1826—1860) zamonida ziddiyatlar tinchitilib, bir muncha yumshab, u o‘z davlatini janubga tomon ancha kengaytirdi.

Buxoro amirligida o‘zaro nizolar, boshqa xonlik bilan kurashlar to‘xtovsiz davom etib turishiga qaramay qurilish, madaniyat sohasida ayrim ishlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. Bu davrda tabiiy ilm, fanning ko‘p sohalari o‘zining oddingi mavqeini yo‘qotgan, diniy ilmlarningta’siri kuchaygan bo‘lsada, Buxoro Markaziy Osiyoda o‘zining ma’rifat markazi mavqeini saqlab qoldi. Bu yerda ko‘plab madrasalarda o‘z davri talabalariga binoan o‘qitish ishlari davom etdi. Ko‘p bo‘lmasada binolar barpo etildi. Buxorodagi avvaldan hukm surib kelgan tarixnavislik sohasida ayrim asarlar vujudga keldi.

XVIII asr oxirlari va XIX asrning birinchi yarmida Muhammad Vafoiy Karminagiyning “Tuhfai xoniy”, (“Xon tuhfasi”), Muhammad Sharifning “Toj ut-tavorix” (“Tarixlar toji”), Mir Olim Buxoriyning “Fathnomai sultoniy” (“Sultonning g‘alaba kitobi”) asarlari yaratildi. Ularda o‘sha davrdagi Buxoroning ichki va ta-shqi siyosati, davlat tuzilishi, xalq harakatlari, madaniy hayoti haqida qiziqarli ma’lumotlar bayon etilgandir.

Bu davrda o‘zbeklar bilan qardosh bo‘lgan boshqa qo‘shni xalqlar madaniy hayotida xalqlarni birlashuvga chaqiruvchi, do‘stlik, birodarlikni targ‘ib etuvchi yetuk va mashhur arboblar, adib-shoirlar yetishib chiqdilar. Ular o‘zaro urushlarni, nizolarni oldini olishga chaqiruvchi asarlar yozib, xalq manfaatlarini himoya etdilar. Qoraqalpoq Berdaq, turkman Maxtumquli, qozoq Cho‘qon Valixonov, Abaylar shular jumlasidandir.

4. XIX ASRNING IKKINChI YaRMI XX ASR BOShLARIDA TURKISTONDA MADANIY XAYoT

(Rus mustamlakasi davri)

XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy-ma’naviy hayotida katta tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Rossiya ko‘pdan beri Turkistonning tabiiy boyliklariga ega bo‘lish, mustamlakasini yanada kengaytirishga intilib kelardi.

XIX asrning 60—70-yillariga kelib Rossiya shu qabih niyatini amalga oshirishga kirishdi. U Turkiston xonliklari yerlarini bosib ola boshladi. Qo‘qon xonligi qo‘shini birinchi bo‘lib rus bosqinchilariga Sirdaryo sohillarida qahramonona qarshilik ko‘rsatdi. Rus qo‘shinlari barcha vositalarni ishga solib: qamal, qirg‘in, bosqinchilik, aholini haydash, aldash-avrash kabi turli yo‘llar bilan XIX asrning 60-yillari davomida Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligining ko‘p yerlarini o‘zlariga tobe’ etdilar. Bosib olingan yerlarda 1867 yili Turkiston general-gubernatorligi o‘rnatildi. Buxoro bilan sulh tuzilib, u Rus chorizmining vassaliga aylantirildi.

Xivaga uch tomondan rus qo‘shinlarining bostirib kelishi, vayronalik, talon-taroj, quvg‘inlar 1873 yildagi sulh bilan yakunlandi va Xiva xonligi ham Rossiyaning vassaliga aylandi. Rus zobitlari, ular bilan birga kelgan amaldorlar tomonidan talon-tarojlar tufayli qo‘lga kiritilgan juda ko‘p madaniy-ma’naviy boyliklar, bezaklar, matolar, yodgorliklar, noyob qo‘lyozma kitoblar, miniatyuralar Peterburgga olib ketildi.

Turkistonning qisqa vaqt ichida Rossiya tomonidan bosib oli-nishi, shafqatsiz urushlar, aholini talon-taroj etish, qirg‘inlar uyushtirish, qurolsiz xalqni xonavayron etish, aldash, xullas, bosqinchilikka xos bo‘lgan barcha vositalardan foydalanish yordamida amalga oshirildi. O‘sha davrda bu voqealarning guvohi bo‘lgan tarixiy kitoblarda rus askarlari, generallarining qirg‘inlari, yerli aholining qattiq qarshiligi, o‘z shaharlari uchun jon olib, jon berib jang qilganlari haqkrniy ravishda tasvirlangan. Masalan, xorazmlik mashhur tarixchi — bunday urushlarning bevosita guvohi Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohiy”, yuqorida aytib o‘tilgan Muhammad Solih Toshkandiyning “Tarixi jadidi Toshkand” kabi asarlarida Xorazmda rus askarlari qirg‘inlaridan jon saqlab qochgan ayol va bolalarni quvib yetib, qilichdan o‘tkazib, nayza bilan sanchib tashlagani yoki rus bosqinchilariga qarshilik ko‘rsatgan Toshkent aholisini 42 kun suvsiz qoldirib, qamal qilgani kabi dahshatli voqealar bayon etilgan.

Rossiya ko‘pdan beri Turkistonga ko‘z olaytirib kelar edi, uni bosib olishdan asosiy maqsad bu yerning tabiiy, jug‘rofiy boyliklarini qo‘lga kiritish — oltin, paxta, pilla kabi dunyo bozoridagi qimmatli mollarga xo‘jayinlik kilish hamda rivojlanib kelayotgan rus kapitalizmi uchun yangi bozorga ega bo‘lish edi. Bundan tashqari Turkistonni bosib olish Rossiyaning Markaziy Osiyo, umuman, Sharqdagi mavqeini mustahkamlar edi.

Chor hukumati bosib olgan o‘lka, jumladan, Turkiston xalqini ham iqtisodiy, siyosiy qoloqlikda, qaramlik va nodonlikda saqlab turishdan juda manfaatdor edi. Rossiya bu yerda xalqni to‘liq mustamlakada saqlash, boyliklardan foydalanish siyosatini amalga oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy tizimni o‘rnatib, barcha idora etish yo‘llari, usul va vositalarini keng amalga oshirdi. Lekin Turkistonning bosib olinishi bilan rivojlanib kelayotgan rus kapitalizmining va u orqali Ovro‘poning turli iqtisodiy, madaniy yutuqlari beixtiyor ravishda bu yerda ham keng tarqala borishini tezlashtirdi, shaharlarda yangi madaniyat tashkilotlari rivojlana boshladi, yangi savdo, bank, tibbiyot korxonalari, temir yo‘l, telegraf, elektr, telefon kabilar vujudga keldi, gazetalar, kitob bosish yo‘lga qo‘yidtsi va h. k. Bu borada dunyo miqyosida, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo mamlakatlarida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Kapitalizmning ko‘p joyda uzil-kesil g‘alabasi Sharq o‘lkalarida ham feodal qoloqlikka qarshi milliy harakatlarni kuchaytirdi, ma’rifat va madaniy taraqqiyotni tezlashtirdi.

Turkistonda feodal tartiblarni o‘zgartirish, madaniy yuksalishga bo‘lgan intilish rus kapitalistik munosabatlarining kirib kelish davriga to‘g‘ri keldi. Turkistondagi ma’rifatparvarlik harakati feodal tartiblarga yangi madaniy yutuqlarni qarshi qo‘yish, so‘ng uning ustunligini targ‘ib qilishdan boshlanib asta-sekin siyosiy tus ola bordi va Turkistonda Rossiyadan farq qiluvchi, yerli xalqning ma’naviyati xususiyatlarini nazarga oluvchi tar-tiblar o‘rnatish talab darajasiga ko‘tarila bordi.

Turkistonda ma’rifatparvarlik harakati ikki bosqichda kechdi. Birinchi davrda feodal tuzum va tartiblarini tanqid qilish, madaniy yangiliklarni egallash, Ovro‘poning turli tillarini o‘rganishni targ‘ib qilish, yangicha ilm-fanning ahamiyatini ko‘tarish kabi masalalar olg‘a surildi. Ahmad Donish, Avaz O‘tar, Furqat, Muqimiy, Zavqiy singari ma’rifatparvarlar yetishib chiqdilar.

Ikkinchi bosqichda ma’rifatchilikdan jadidizm o‘sib chiqdiki, u endilikda yangicha ta’lim-tarbiya, yangi usul maktablarini yo‘lga qo‘yish, dunyoviy ilmlarni har tomonlama egallash, maorif-madaniyatda yangi tartiblarni o‘rnatish, yangi ijtimoiy-siyosiy masalalarni qo‘yish darajasiga ko‘tarildi. Jadidchilik harakati turkiy millatlarning ma’naviy-madaniy ko‘tarilishiga turtki bo‘ldi. Turkistonda yangi usul maktablari ochilib, ma’rifatparvar, ilg‘or pedagoglar bu maktablar uchun turli darsliklar, o‘qish kitoblari, qo‘llanmalar yarata boshladilar. Behbudiy, Munavvar Qori, Fitrat, Abdulla Avloniy, Ibrat, Hamza kabilar bu sohada jonbozlik ko‘rsatdilar va bu ishda faol ishtirok etdilar. Jadidlar boshqa o‘lkalardagi ma’rifatparvarlik harakatlari bilan ham aloqao‘rnata boshladilar. Bu davrda Turkistonda ma’rifatparvarlik va jadid-chilikning turli, yangi ta’lim-tarbiya, o‘quv-o‘qituv masalalarini o‘zida aks ettiruvchi juda ko‘p jurnallar nashr etildi. “Taraqqiyot”, “Oyna”, “Tujjor”, “Sadoyi Turkiston”, “Samarqand” kabi jurnallar shular jumlasidandir.

Ma’rifatchilik harakati ayniqsa o‘zining rivoj topgan bosqichida Turkistonda o‘zga yurtlardagi ijobiy yutuqlardan foydalangan holda mustaqil ma’naviy taraqqiyot yo‘lini qidirish va targ‘ib etish masalalarini olg‘a surdi. Bu harakat rus podsho hokimiyatining mustamlakachilik siyosatiga zarar keltirishidan cho‘chigan chorizm amaldorlari uni chegaralash va bo‘g‘ib qo‘yish chora-tadbirlarini ko‘ra boshladilar.

XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Turkistonda juda murakkab ijtimoiy-siyosiy hodisalar bilan birgauning madaniy hayotida ham tez va shiddatli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Madaniyat, adabiyot, ta’lim-tarbiya, din, mafkura sohasida turli oqimlar paydo bo‘ldi, ular orasidagi munosabatlar murakkab tus oldi. Yosh buxoroliklar, yosh xivaliqlar harakati vujudga keldi.

1917 yildagi butun Rossiyada yuz bergan fevral va oktyabr inqiloblari uning mustamlakasi bo‘lmish Turkistonda ham to‘ntarishlarga olib keldi.

1918 yilda Turkiston Avtonom Sotsialistik Respublikasi tashkil etidtsi, lekin uning umri uzoqqa cho‘zilmadi. 1920 yillarga kelib Buxoro va Xiva xonliklari ham uzil-kesil tugatildi. 1924 yilda Turkistonda bolsheviklar, RKP(b) va uning O‘rta Osiyo byurosi tomonidan ishlab chiqilgan yagona Sovet davlati doirasidagi milliy-davlat chegaralanishi amalga oshirildi.

akademik M. M. Xayrullayev