Mashhur turkman shoiri va mutafakkiri, turkman adabiyoti, madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan talant sohibi. U shoir Ozodiy Davlatmamat oilasida 1733 yilda tug‘ilib, boshlang‘ich savodni ovul maktabida oladi. So‘ng o‘z ilmini oshirish maqsadida Xiva, Buxoro va Andijon madrasalarida tahsil olib, o‘zbek adabiyotining o‘tmish namoyandalari asarlari bilan yaqindan tanishadi.
Maxtumquli bir qancha fanlarni o‘zlashtirish bilan birga, zargarlik hunarini ham egallaydi. U Turkistondagi shaharlardan tashqari Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Hindistonga ham sayohat qilib, ajnabiy shahar hayoti, u yerlardagi xalqlar turmushi bilan ham tanishadi. Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron folklori va adabiyotini chuqur o‘rganadi, Nizomiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy, Firdavsiy ijodidan bahramand bo‘ladi. Maxtumquli ayniqsa o‘zbek madaniyati tarixi bilan yaqindan tanishib, bir qancha liro-epik dostonlar, juda ko‘p g‘azallar yaratib, o‘z davri hayotini, o‘z xalqi urf-odatlari, o‘tmish tarixini kuylaydi.
Maxtumquli ijodining turkman adabiyoti tarixidagi o‘rni, uning o‘zbek-turkman adabiy aloqalar sohasidagi ahamiyati B. Qoriyev, G. Choriyev, M. Koseev, U. Abdullayev, A. Qilichdurdiyev kabi taniqli turkman olimlarining ilmiy ishlarida qalamga olingan.
Iste’dodli turkman shoirining o‘zbeklar o‘rtasidagi obro‘-e’tibori, uning jo‘shqin she’riyati professor J. Sharipov, Q. Tohirov va K. Kuramboyev kabi o‘zbek olimlarining ishlarida ham tadqiq etila borgani maroqli bir holdir. Maxtumquli asarlarining mavzulari, janriy xususiyatlari, shakliy o‘ziga xosligi, asarlari tilining nihoyatda xalqchilligi bilan ko‘p asrlik turkman adabiyotini yangi bir bosqichga ko‘tardi. Shoir asarlarining yetakchi g‘oyasi — bu turkman yerlari ustiga yopirilib turadigan chet el bosqinlariga barham berish, tarqoq yashayotgan, o‘zaro nifoq va ziddiyatlardan zada bo‘lgan qabila hamda urug‘larni birlashtirish bilan osoyishtalik va ittifoqlikka asoslangan qudratli bir davlatni barpo etishdek milliy vatanparvarlik his-tuyg‘udan iborat. Ana shu millat manfaatlari yo‘lida qayg‘urish, ma’rifatparvarlik yo‘li bilan bu g‘oyani samarali kuchga aylantirish shoir ijodining asosiga aylandi. Bu yo‘ldagi izlanish she’riyat kuchi bilan yuksak ufqlarga talpinish Maxtumqulini o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan taraqqiyparvar siymosi darajasiga ko‘tardi.
Turkman adabiyoti tarixi tadqiqotchilarining ta’kidlashlaricha, Maxtumquli o‘z davrida el va yurt qadr-qimmatini oyoq osti qilib kelayotgan illatlarni hammadan ko‘ra ko‘proq anglab yetdi. Shoir asarlarida zamondoshlarini o‘z davrida ro‘y berib turgan voqealarning mohiyatini chuqur idrok qilib ish tutishga chaqirdi.
Pand-nasihat Maxtumquli ijodining muhim bir yo‘nalishi bo‘lib, shoirning bizgacha yetib kelgan poetik merosi o‘sha davr adabiy hayotining hamma mavzularini qamrab oladi. Zotan, Maxtumquli ijodining xalqchillik kasb etib, ravnaq topib borishida Sharq lirikasi an’analari bilan bir qatorda turkiy qo‘shiqlar, folklor murabbalari shaklidagi ijod namunalarining o‘rni katta bo‘ldi.
Maxtumquli ijodida Ahmad Yassaviy pandnomalari uslubining izlari yaqqol ko‘zga tashlanib turadiki, odamning hayotda o‘z maqomini idrok qilishi, ota-bobolarning hamma yaxshi xislatlarini o‘zlashtira borishi va aksincha takabburlik, manmanlik, dilozorlik, mol-davlatga hirs qo‘yish, nafs kuyiga kirib ketish kabi illatlarni yengish g‘oyalari, pandnomalarning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Maxtumquli o‘z she’rlarining birida o‘zbek xalqining mutafakkir shoiri Alisher Navoiyni ustoz sifatida hurmat bilan tilga oladi. Uning “Chordevon”i haqida to‘lqinlanib gapiradi. Shoirning bu talqinlarida asos bor, albatta. Alisher Navoiy turkman xalqi tarixi, madaniyatini yaxshi bilgan. Uning bevosita Marv, Saraxs, Aliverd kabi turkman manzillarida bo‘lganligi haqida ma’lumotlar saqlangan. Bugina emas, Navoiy o‘z zamonida Marvda “Xusraviya” nomi bilan madrasa qurdirib, bu yerda tolibi ilmlarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab turgan. Shu o‘rinda Navoiyning Oqquyunli turkmanlarning sultonlaridan Yaqubbek bilan yaqin munosabatini ham eslash kerak bo‘ladi.
Navoiy “Majolis un-nafois”, “Nasoyim ul-muhabbat” kabi asarlarida turkman mavzelaridan bo‘lgan yoki shu yerlardan Xurosonga kelib ijod qilayotgan bir qator turkman so‘z ustalarini qalamga oladi, ularga hurmat bildiradi. Jumladan, ulardan Ruhiy Yoziriyni “tab’i xo‘b va suluki marg‘ub kishi erdi” deb, ta’rif etadi.
Alisher Navoiy asarlari o‘zbek va turkman adabiy aloqalarining taraqqiy etib borishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Turkman adabiyoti tarixchilari Andalib, Shaydoniy, G‘oyibiy, Shukriy va Ozodiy kabi turkman shoirlarining Navoiy an’analarini ijodiy davom etdirishda muvaffaqiyatga erishganliklarini yozadilar.
Maxtumquli Navoiyning lirika sohasidagi an’analaridan ko‘p bahramand bo‘ldi. Ustozning g‘azal va muxammaslari uslubida manzur asarlar yaratdi. O‘z asarlarida go‘zallik timsoli bo‘lgan mahbuba siymosini chuqur muhabbat bilan chizadi. Maxtumquli go‘zalga “Oltinmisan, kumushmisan, nimasan?”, “Yo yoqutmi, yo marjonmi, durmisan?” deb savol bilan murojaat etadi.
Shoir el-yurt qismatiga beparvo odamlarni “nodon”, “nomard” sifatlari bilan ataydi. Nomard biror ishga qo‘l urgudek bo‘lsa darhol horib qoladi. Biror kishi bilan gaplashganda qat’iyatsizligini darhol bildirib qo‘yadi. Uyga kelgan mehmonga ham zahrini sochadi. Mardlar kirgan maydonga kirolmaydi. Butun bir qabila yoki urug‘ning izzat-nafsini yerga urishdan qaytmaydi. Agar shunday nomard saltanat taxtiga o‘tirib qolsa, u taqdirda ho‘lu quruq baravar yonadi. Maxtumquli “Fattoh” deb atalgan hajviy asarida shunday shaxslarning umumlashma obrazini yaratgan deb aytish mumkin:
Sen turkmanning elin gulin so‘ldirding,
Qonlar to‘kib go‘zal yurtim to‘ldirding,
Shahid bo‘lganlarning boshin qoldirding,
Unutarsan taxti ravonni sen Fattoh.
Maxtumquli o‘z davrining jarohatlariga aql-zakovatli, imon va e’tiqodni, ahillik va hamjihatlikni, ajdodlar udumiga asoslangan hamdardlik va adolatli kurashni qarshi qo‘yadi va bu tuyg‘uni poetik so‘z qudrati bilan ma’naviy qurol darajasiga ko‘taradi.
Maxtumquli islomiy bilimlarni chuqur o‘zlashtirgan orif bir shaxs edi[1]. Shunga ko‘ra ham uning pand-nasihat ruhidagi she’rlarida Qur’on oyatlari, Muhammad payg‘ambar hadislariga ko‘p murojaat etilgan… Ulardagi purmag‘z ta’limiy-axloqiy dasturlardan davrdagi voqea va hodisalarning mohiyatini ochib berishda mohirona istifoda etgan. Maxtumquli asarlarining til xususiyatlarini kuzatayotgan olimlar hakli ravishda uning soddaligi, shiradorligi, xalq jonli so‘zlashuviga yaqin turishini ta’kidlaydilar. Shoir o‘z asarlari tilida xalq maqollari va obrazli iboralarini mahorat bilan qo‘llash orqali ham tilning jonliligiga erishgan… Shoirning she’rlarida qo‘llangan badiiy vositalar ham o‘z talqinlari bilan xalqona, ayni paytda ma’nolidir. Uning ayrim misralari xalq hikmatlariga aylanib ketgan. Maxtumquli bir o‘rinda turkman yerlarini “Xizr kezgan cho‘llar” deb faxr qiladi. Uning binolarining mangu qad qo‘tarib turishiga umid bog‘laydi. Shunday bo‘lgach, uning yigitlari ham chilladagi mastlik uyqusida, ya’ni g‘aflat uyqusidan uyg‘onish, ahil bo‘lib bir dasturxon atrofiga to‘planishi kerak. Shoir bu o‘rinda o‘z vatandoshlarini birlashtirishga chaqiradi.
Maxtumquli she’rlari mazmunligi va latif badiiyligi bilan o‘ziga mangulik haykalini qo‘ydi. Asarlaridan birida o‘ziga xitob qilib: “Go‘zal dostonlaringni elingga baxshida qil” deb yozgan edi. Shunga ko‘ra shoirning merosi davrlar osha turkman xalqi ardog‘ida yashab kelmoqda. Shoir turkmanlar orasida mashhur donishmand adib sifatida nom qozongan bo‘lsa, o‘zbekning ham eng sevimli shoiri sifatida ma’lum bo‘lib ketgandir.
Turkmaniston Fanlar Akademiyasining qo‘lyozma fondida Maxtumquli asarlarining yuzga yaqin nusxasi to‘plangandir. Uning “Tanlangan asarlari” tarjimashunos J. Sharipov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, 1958 yilda Toshkentda chop etilgan edi. 1976 yilda “Maxtumquli she’riyatidan” nomi bilan yangidan nashr yuzini ko‘rdi. O‘zbekistonda shoir ijodi yuzasidan bir qator tadqiqotlar e’lon qilingan. Har subhidam havo to‘lqinlarida Lutfiy va Alisher Navoiy qo‘shiqlari sirasida o‘zbeklar uchun sevimli bo‘lib qolgan Maxtumquli qo‘shiqlarini ham eshitamiz.
f.f.d. S. Erkinov
_________________
[1] G. Choriyev. Maxtumquli. Tanlangan asarlar. So‘z boshi: Toshkent, 1958. 13-bet.