Maxmur taxallusi bilan qalam tebratgan Maxmud Mulla Shermuhammad o‘g‘li XIX asr birinchi yarmi o‘zbek mumtoz adabiyotining eng yirik namoyandalaridan biridir. U XVIII asrning oxirgi choragida Qo‘qon shahrida, ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Otasi Mulla Shermuhammad — Akmal taxallusi bilan she’rlar yozib, XIX asr boshlari Qo‘qon adabiy hayotida ko‘zga ko‘rinarli o‘rin tutgan, o‘zbek va fors tillarida she’rlaridan ikki devon tartib etgan. Akmal Amir Umarxon saroyida to‘plangan ko‘psonli ijodkorlar jumlasidan bo‘lib, she’riyat muxlislari o‘rtasida nom chiqargan va shu bois Fazliy Namangoniy tuzgan “Majmuat ush-shuaro” tazkirasida bir necha bor hurmat bilan tilga olingan, asarlaridan namunalar keltirilgan.
Maxmur yosh chog‘idan boshlab otasi tashabbusi bilan uyushtirilgan mushoiralarda, adabiy suhbatlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi. Maxmurning Qo‘qondagi Madrasai Mirda chuqur tahsil olganligi, jumladan, fors tilini mukammal egallaganligi ma’lum, uni tugatgandan keyin, o‘zi qayd etganidek, ma’lum muddat sarbozlik-sipohiylik qilgan. Bu haqda Maxmur o‘z she’rlarining birida an’anaviy faxriya uslubida “ham ilmu fanda, ham sipohliqda mohiram, jang kunida botir qahramonam”, deb g‘ururlanadi. Xuddi shu o‘rinda o‘zining “she’r ilmidagi” mahorati haqida so‘z yuritadi. Bir namunada oilasi va uch farzandi borligi to‘g‘risida so‘z yuritsa, bir qator she’rlarida shaxsiy hayotidagi yetishmovchilikdan shikoyat qiladi, moddiy qiyinchilikdan nola qiladi, turmush tashvishlari yuzasidan fig‘on chekadi.
Shoir Qo‘qon xoni Amir Umarxon nomiga yozilgan she’riy arizasida o‘zining nihoyatda og‘ir iqtisodiy sharoitini kuyunch bilan bunday tasvirlaydi:
Kechalar yotgani na ko‘shim bor,
Kunduzi ichgani na no‘shim bor.
Bir hovuch na uyimda g‘allam bor,
Ikki gaz na boshimda sallam bor.
Boshimda gaz desamki, sallam yo‘q,
Salla desam uyimda g‘allam yo‘q!
Maxmur hayotda botirso‘z, dovyurak, qo‘rqmas kishi bo‘lgan, tabiatan munofiqlik va riyokorlikni, ayni zamonda qat’iy qoralovchi, hiyla-nayrang va qing‘ir ishlarni yoqtirmaydigan, noziqdil va serjahl, o‘z qadr-qimmatini yuqori tutuvchi inson bo‘lgan. Shoir tabiatidagi bu belgilar bir qator zamondoshlari va yuqori lavozimdagi amaldorlar bilan sovuq munosabatlarni shakllantirganidek, ijodida shaxsiy yo‘nalishdagi turkum hajviyalarning yaratilishiga ham turtki bo‘lgan.
Maxmurning qancha umr ko‘rgani ma’lum emas. Ammo uning vafoti sanasi Qori Qunduziy-Komiyning tarixi orqali aniq qayd etilgan. U Maxmurning hijriy 1279, melodiy 1844 yilda Qo‘qonda vafot etganligini ma’lum qiladi.
Asrimizning elliginchi yillariga qadar Maxmurning ijodiy faoliyati va u qoldirgan adabiy meros xususida juda cheklangan ma’lumotlarga ega edik. Adabiyotshunoslik ilmiga uning Fazliy tazkirasidan o‘rin olgan besh g‘azali hamda Muqimiyning hajviy taxmisiga asos bo‘lgan Hapalak qishlog‘i haqidagi g‘azaligina ma’lum edi. 1950 yilda mumtoz adabiyotimizning yetuk bilimdonlari Po‘latjon Qayumov va Asqarali Charxiylar sa’y-harakatlari tufayli Qo‘qonda Maxmurning qariyb uch yarim ming misrani o‘z ichiga olgan o‘zbek va forsiy tillardagi she’riy to‘plami topildi hamda adabiyotshunos olim A. Qayumovning qator tadqiqotlari orqali ilmiy doiraga tortildi, keng jamoatchilik hukmiga havola qilindi.
Maxmurning hozircha ilmga ma’lum asarlarining hammasi, beistesno, o‘z mazmun va ruhiga ko‘ra hajviy va tanqidiy yo‘nalishdadir.
Mumtoz she’riyatimizning g‘azal, masnaviy, muxammas va qasida turlarida yaratilgan bu asarlar ijtimoiy hajviyotning Maxmur ijodida yanada yuqori bosqichga ko‘tarilganini isbotlovchi badiiy hujjatlardir. Shoir XIX asr birinchi yarmidagi mavjud tuzumning ko‘pdan-ko‘p illatlarini, o‘sha zamonadagi hukmron adolatsizlik, ijtimoiy tengsizlik, zo‘ravonlik va huquqsizlikni ayovsiz fosh etadi. “Hojatlar chiqaruvchi qozi dargohiga munojot” deb nomlangan muxammasidagi quyidagi misralari mavjud adolatsiz tuzumga kuchli qahr-g‘azabni ifodalaydi va o‘sha tuzumga aybnomadek jaranglaydi.
Qaysi bir zulmung etay te’dod, garduni dun
Kim, sening bedodu javring haddi g‘oyatdin burun!..
Jam’i donolarni qilding holini zoru zabun,
Zog‘ni a’lo qilib, to‘tini nodon aylading!
O‘rni kelganda aytib o‘tish kerakki, o‘n bir banddan iborat bo‘lgan bu muxammasning olti bandi forscha yozilgan. Ammo, bu bandlarning ham beshinchi misralari hamda umumiy radif o‘zbekchadir.
Maxmur hajviyoti va tanqidiy she’rlarining deyarli barchasi oddiy bechora shaxs tilidan va nuqtai nazaridan mavjud ijtimoiy-iqtisodiy hayot va kundalik turmush tashvishlari to‘g‘risidagi achchiq haqiqat bayoni tarzida yaratilgan va xuddi shu bois xalqchil ruh egallagan. Mehnatkash ommaning, xususan, dehqon ahlining och-yalang‘och hayoti, o‘lkani qurshagan vayronagarchilik va xarobazorga aylangan qishloqlarning achinarli manzarasi Maxmur hajviyotiga zamin bo‘lgan. “Dar sifati qishloqi Hapalakki, ba mahdum Maxmur taalluq yofta” deb nomlangan asarida juda jonli ta’sirchan chizilgan:
Turfa qishloqi g‘azab kardaxi, parravdalari,
Tovuqi ignachiyu o‘rdagu g‘ozi — kapalak.
Boru yo‘q uylarini banda bayon gar qilsam:
Bir katak, ikki kapa, uch olachuq, to‘rt katalak.
Uy demak, balki, zaminkandur, agar kirsa kishi,
Har taraf betiga urgaylar aning ko‘rshapalak.
Xalqini ko‘rsang agar o‘lasiyu qoqu xarob,
Ochlikdin egilib qomati — misli kamalak.
Ajirig‘ tomurini o‘g‘urida mayda tuyub,
Qaynatib kunda ichar, otuni qo‘yub sumalak.
Vayrona qishloqlar va ularda kun ko‘ruvchi bechora dehqon ahli mavzui Maxmurning boshqa she’rlarida ham, jumladan Qurama viloyatiga bag‘ishlangan hajman kattagina muxammasida shunday tanqidiy ruhtsa hayotiy ishlangan.
Maxmur hajviyalarining qo‘pchiligi o‘sha zamonning ko‘zga ko‘ringan amaldorlarining kirdikorlarini, aldamchi-xasisliklarini, inson sifatida tuban fe’l-atvorlarini fosh etishga bag‘ishlangan. Shoir ularni shaxsan juda yaxshi tanigan, iflos qilmishlaridan to‘la xabardor bo‘lgan va shu bois o‘z hajv o‘qlarini ulardagi yetakchi nuqsonlarga bexato urgan. “Xoja Mir Asad hajvi”da o‘ta muttaham shaxsning mug‘ombirliklari kulgili voqea bayonida fosh etilsa, “Hajvi Atoyi poraxo‘r ayni savobi akbarast”, ya’ni “Atoyi poraxo‘rga hajv yozish ulug‘ bir savobdir” — misrasi bilan boshlanuvchi asarida poraxo‘rlik fosh etilgan.
“Qozi Muhammad Rajab avj sifatlari” deb nomlangan hajviyada shoir takabburlik bilan o‘zini poqtsomon va bilimdon tutuvchi, aslida esa axloqan tuban va batamom omi, no‘noq bo‘lgan qozining ijtimoiy qiyofasini chizadi:
Ajab qoziyi qohili, johile,
Bo‘lub omiylik ilmiga komile,
Aning ko‘ksini chok qilsang hama.
G‘ilu g‘ashini pok qilsang hama.
Adamdur, “alif” anda qo‘p izlama,
Bu narxarni qozi debon sizlama!
Maxmurning ijodiy merosida ayrim tarixiy shaxslarning tabiati va amaliy-ijtimoiy faoliyatlarini ayovsiz fosh etuvchi hajviy juftliklar uchraydi. Har juftlik nishonga olingan shaxsga masnaviyda bitilgan salbiy tavsifnoma va shu shaxsning o‘z kirdikorlarini o‘zi fosh etish uslubida yozilgan g‘azaldan tashkil topgan. Masalan, Maxmurning hajviy qalami ostida tabiblik da’vosida bo‘lgan Hakim Turobiy aslida tamoman nodon va firibgar shaxs ekanligini “o‘zi bo‘yniga” oladi, tan beradi:
Bihamdilloh, tabibi shahri Buqroti xaloyiqman,
Ajaldin ham bani odamni o‘ldirmoqqa foyiqman…
Tabibi shahr nomi oyda bir bemor o‘ldursa,
Vale, man kunda yuz bemor o‘ldirmoqqa hoziqman.
Mani badbaxt to zarbulmasal bo‘ldum tabibliqda,
Jahon voricha aknun ko‘p haqoratlarga loyiqman!
Bu namunalar Maxmurning barcha hajviy usullardan, xususan, o‘z-o‘zini fosh etish san’atidan samarali foydalanganini ravshan ko‘rsatadi.
Maxmur qoldirgan adabiy meros haqida so‘z borar ekan, shoirning “Karimqul Mehtarning sifatlari” hajviyasi ustida alohida to‘xtab o‘tish kerak. Ellikdan ortiq baytdan tashkil topgan bu masnaviyning asosiy qismi yengil yumor bilan sug‘orilgan va har bir o‘quvchida iliq tabassum, kulgu va zavqli kayfiyat uyg‘otadi. Maxmur xon buyrug‘iga binoan uning amaddorlaridan Karimqul Mehtar tomonidan o‘ziga ajratilgan otni ta’riflash jarayonida yumoristik tasvirning go‘zal lavhalarini yaratadi:
…Bir zamon menga ot deb berding,
Rasmi Rustamsifot deb berding.
Bir qaro eshaki falakzodani,
Ham samovatu ham samaqzadani.
Ham xarshu ham xarobu ham badnom,
Ikki ming ayb angadur mudom.
Suv ichsa ham tamog‘iga tiqilar,
Pashsha gar qo‘nsa yoliga yiqilar…
Shoir ot ta’rifida xalq og‘zaki ijodining lof, askiya turlaridan ham keng foydalanib, o‘quvchilarga quvnoq zavq-shavq baxsh etuvchi misralarni bitadi.
Maxmur ijodiy faoliyati o‘zbek adabiyotida tanqidiy yo‘nalishning, ayniqsa, hajviyotning taraqqiyotida navbatdagi yuqori bosqichi bo‘ldi. Shoirning adabiy merosi keyingi davrlar hajvgo‘ylariga, xususan, Muqimiy va Nodimlarning ijodiga samarali ta’sir qildi.
f.f.d. A. Abdug‘afurov