Ahmad Farg‘oniy va Abu Rayhon Beruniyning ilmiy an’analarini davom ettirgan yirik faylasuflardan biri XII—XIII asrlarda ijod etgan xorazmlik olim Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Chag‘miniydir.
Al-Chag‘miniyning ilmiy asarlari Sharqda juda mashhur bo‘lsa ham, uning hayoti va ijodiy faoliyati hozirgacha yaxshi yoritilmagan.
Akademik V. V. Bartoldning ta’kidlashicha, Ulug‘bek madrasasidagi astronomiyaga oid mashg‘ulotlarning mavzusi sifatida Chag‘miniyning astronomiya sohasidagi asariga Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va Qozizoda Rumiylar tomonidan yozilgan sharhlarni o‘rganish ham kiritilgan. Mazkur olimlar Mahmud al-Chag‘miniyning “Mulaxxas fi-l-hay’a” (“Astronomiyaga oid qisqa to‘plam”) asariga sharhlar yozishgan. Jumladan, Qozizoda Rumiy o‘z sharhining kirish qismida Chag‘min so‘zi haqida shunday tushuntirish bergan: “Chag‘min so‘zi al-Chag‘miniy tug‘ilgan Xorazmdagi joy nomidir”. Uning tug‘ilgan yili ma’lum emas, ammo adabiyotlarda ko‘rsatilishicha, vafoti 1221 yil deb taxmin qilinadi. Chag‘min o‘sha vaqtdagi Xorazmshohlarning poytaxti bo‘lgan Ko‘hna Urganchdan uncha uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan. Ma’lumki, XI—XII asrlardagi Xorazm jahon miqyosidagi yirik ilmiy markazlardan biri bo‘lgan va shubhasizki, bu narsa al-Chag‘miniyning ilmiy dunyoqarashining shakllanishida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Boshlang‘ich ma’lumotni Xorazmda olgan Mahmud al-Chag‘miniy o‘qishni davom ettirish uchun Samarqandga kelgan. O‘ning ilmiy asarlarida Beruniyning ustozi bo‘lgan Abu Nasr ibn Iroq bir necha marta tilga olinadi. Al-Chag‘miniyning “Mulaxxas fi-l-xay’a” asaridan tashqari “Saylanma”, “To‘qqiz sonining riyoziyotdagi o‘rni haqida risola”, “Merosni bo‘lish masalalarida riyoziyot usullariga sharh” va boshqa qator risolalari mavjud.
Mahmud al-Chag‘miniy o‘sha vaqtdagi yirik olimlar kabi fanning biror sohasi bilan emas, balki astronomiya, riyoziyot, tabobat, jug‘rofiya va boshqa sohalarda ham juda sermahsul ijod qildi. Bu fanlar rivojining har biriga shunchalik hissa qo‘sha oldiki, natijada uni Abu Rayhon Beruniydan keyingi Xorazm ilmiy maktabining eng ko‘zga ko‘ringan olimi, deb hisoblash mumkin. Bundan tashqari al-Chag‘miniy o‘z davrining barcha fanlari erishgan yutuqlarni jamlab, o‘ziga xos qomus tuzgan allomadir.
Mahmud al-Chag‘miniyning fanga qo‘shgan hissasi birinchi navbatda astronomiya sohasidagi kashfiyotlari bilan o‘lchanadi. Uning “Mulaxxas fi-l-xay’a” kitobi o‘sha zamon astronomiya fanining xulosasi bo‘lib, jug‘rofiya va boshqa fanlarning umumlashgan xulosalari haqida ham keng ma’lumotlar beriladi. Bu kitobning ilmiy qimmati shundaki, astronomiya bilimlari tizimlarida ish olib borgan al-Chag‘miniy qadimgi yunon astronomiya maktabi yutuqlari bilan birgaliqda Sharq olimlari, jumladan, Markaziy Osiyo mutafakkirlarining ilmiy ishlarini keng jalb etish orqali yangi xulosalar chiqargan. Al-Chag‘miniyning bu asarida insonni o‘rab turgan olamning umumiy tuzilishi, samoviy yoritgichlar, doiralar, sayyoralarning holati, quyosh, oyning tutilishi, quyosh yilining uzunligi, kecha, kunduz va boshqa muhim muammolar qaytadan ishlab chiqilgan.
Al-Chag‘miniyning astronomiya sohasidagi ilmiy yutuqlari haqida gap borganda, shu narsani alohida ta’kidlash mumkinki, uning fikricha, “Quyoshni o‘zidan nur tarqatuvchi sayyoralarning markazi deb hisoblash mumkin”. Darhaqiqat, uning qayd etishicha, ba’zi bir osmon yoritgichlari, jumladan oy “o‘z nuriga” ega bo‘lmasdan, uni Quyoshdan oladi. Shunga asoslanib al-Chag‘miniy Quyoshni ba’zi osmoniy jismlarning “markazi” deb ataydi. Albatta, bu uning tamoman geliotsentrik sistema tarafdori ekanligini bildirmaydi. Chunki nur harakati yo‘nalishlari haqidagi masalani mashoiyunlar (Arastu maktabi tarafdorlari) qo‘ygan tarzda muhokamaga qo‘yilishi katta ahamiyatga ega ediki, bu haqda Abu Rayhon Beruniy bilan ibn Sino o‘rtasida ilmiy tortishuvlar bo‘lib o‘tgan edi. Bu muammoning mavjudligi sababli Beruniy o‘z vaqtida geotsentrik qarash tabiat falsafasiga binoan mantiqiy huquqqa ega ekanligiga shubha bildirgan edi.
Al-Chag‘miniy astronomiya muammolarini ishlab chiqishga bog‘liq bo‘lgan riyoziyotga oid masalalar bilan juda ko‘p shug‘ullandi. Uning samarali izlanishlari tufayli doiraviy trigonometriya asoslari ishlab chiqildi va uning asosiy qoidalari “Mulaxxas fi-l-xay’a” asarida o‘z in’ikosini topdi. Unda to‘rt tomonli doiraviy uchburchak va uning xilma-xil turlarining to‘la ta’rifi beriladi. Muallif birinchi marta ufqiy tekisliqdagi kuzatish joyining asosi bo‘lgan koordinatlar sistemasini mufassal ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Al-Chag‘miniy o‘z asarida geodeziya va jug‘rofiya muammolariga ham katta e’tibor berganligi sezilib turadi.
Tabiatshunoslik sohasidagi ilmlarda u tajribaga tayanib, tabiat hodisalarini o‘rganishni targ‘ib etar ekan, har xil fanlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlarga tanqidiy yondashib, xolisona xulosa chiqarishga amal qildi. “Astronomiyaga oid qisqa to‘plam” kitobining muqaddimasida bu haqda shunday deb yozadi: “Garchi mengacha ham samoviy jismlar haqida ko‘plab kitoblar yozishgan bo‘lsalar ham, ulardagi asosiy masalalar chuqur yoritilmagan edi”.
Al-Chag‘miniy o‘zi tahqiq qilgan fanlar sohasida tor doiradagi xulosalar bilangina chegaralanib qolmasdan, ulardan kelib chiqib yirik falsafiy muammolarni muhokamaga qo‘yar edi. Uning tabiatga bergan ta’rifi muhim ahamiyatga egadir: “U (tabiat) har qanday harakat va sokinlikning manbaidir”. Al-Chag‘miniy fikricha, tabiat “tabiiy kuchga” egadirki, ushbu kuch uning faolligini zaruriy shartga aylantiradi. Tabiatga nisbatan o‘z qarashlarini bayon qilib, Chag‘miniy shunday yozadi: “Modda va shakl tabiatni shakllantiradi”.
Ma’lumki, mashoiyunlar falsafasida modda bilan shakl qanchalik bir-biriga bog‘liq bo‘lmasin, ularning birini ikkinchisidan ajratish imkoniyati mavjud edi. Bunday imkoniyat ma’lum darajada al-Chag‘miniy kiritgan “bo‘linmas zarracha”, “unsuriy zarracha” — ya’ni atom tushunchasi vositasida bartaraf qilindi.
Al-Chag‘miniy fikricha, modda kichik zarrachalar ko‘rinishida mavjud, ammo ularning xususiyati shundan iboratki, ularda modda va shakl bir-biridan ajratib bo‘lmaydigan darajada birikib ketgan. “Kichik zarrachalarni har xil shakl va tabiatga ega bo‘lgan qolipni qabul qiluvchi, undan ham kichikroq zarrachalarga bo‘lib bo‘lmaydi: ya’ni har bir zarracha o‘zining muayyan shakl va tabiiy o‘zligiga ega. U sodda zarracha bo‘lib, o‘ziga xos shakl, o‘ziga muvofiq keladigan tabiatga egadir” (“Mulaxxas fi-l-xay’a”, 380-bet).
Mahmud al-Chag‘miniyning qarashlarida o‘rta asr mutafakkirlarining ko‘pchiligi taxmin qilgan ikki xil zarrachaning, ya’ni atomlar va o‘ziga xos molekulalarning mavjudligi haqidagi nazariya o‘zining yorqin ifodasini topdi. Al-Chag‘miniy ularni “birlamchi” va “ikkilamchi” kichik zarrachalar deb, so‘ngra — “birlamchi zarrachani” aniqlab, uni “unsur”, “ibtido”, “asosiy ashyo”, “modda” deb ataydi.
Ikkilamchi zarrachalar esa u yoki bu ashyoning kichik zarrachalarini tashkil etadi, ammo uning xususiyatini saklab qoladi. Bu shunday zarrachalardirki, “boshqasiga nisbatan kichikroq bo‘lmog‘i kerak”.
O‘rta asrlarda astronomiya kundalik turmushda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan, doimo rivojlanib borishi zarur bo‘lgan fan hisoblangan. Barcha qishloq xo‘jalik ishlari, bepoyon cho‘llardan kompassiz savdo karvonlariga yo‘l ko‘rsatish samoviy yoritgichlar orqali amalga oshirilganini hisobga olsak, nima uchun al-Chag‘miniyga o‘xshash olimlarimiz tinimsiz tadqiqotlar bilan shug‘ullanganliklari ma’lum bo‘ladi.
fals. f.n. M. Qodirov