O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Muhammad Sharif Gulxaniyning hayoti va ijodiy faoliyati haqida tafsiliy ma’lumotlarga ega emasmiz. XVIII asrning so‘nggi choragi va XIX asrning birinchi yarmi Qo‘qon adabiy muhitida qalam tebratib, o‘zbek badiiy nasri taraqqiyotiga jiddiy hissa qo‘shgan Gulxaniy nomi bir qator tazkira va tarixiy asarlarda zikr etilgan.
Gulxaniy haqida ayrim ma’lumotlar Fazliy Namangoniyning “Majmuat ush-shuaro” tazkirasida uchraydi. Manbalardagi ma’lumotlarga tayanib aytish mumkinki, bo‘lajak ijodkor asli tog‘li Qorategindan Qo‘qonga kelib oila qurgan, taxminan 1770—80-yillar atrofida dunyoga kelgan, og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklarda kun kechirgan. Ba’zi manbalar uning Namangan madrasalarining birida ma’lum muddat tahsil olganligidan darak beradi.
Muhammad Sharif bir necha yil hammomda o‘t yoquvchi — go‘loxlik vazifasida ishlagan va shunga ishora tarzida Gulxaniy taxallusini kabul etgan. Ma’lum vaqt sipohiylik (navkarlik) ham qilgan. Shoir vafoti sanasi ham ma’lum emas — XIX asrning 30—40-yillarida dunyodan o‘tgan, deb taxmin qilinadi.
Gulxaniy XIX asrning boshlarida shoir sifatida davr adabiy hayotining faol ishtirokchilaridan biriga aylangan edi. Amir Umarxon Qo‘qon xonligi taxtiga o‘tirgach (1811 y.) o‘z saroyi atrofiga iste’dodli qalam ahlini jalb etganida, ular orasida Muhammad Sharif ham bor edi. O‘zi ham qobiliyatli shoir bo‘lgan xonning toshpirig‘iga ko‘ra Fazliy Namangoniy tuzgan “Majmuat ush-shuaro” tazkirasida Gulxaniy asarlariga bir necha o‘rin ajratilgan. Shoirning o‘zbekcha g‘azallari, shuningdek,” Az chashmai man”, “Ey to‘ti”, “Birun” radifli forsiy g‘azallari g‘oyaviy-badiiy jihatdan nihoyatda pishiqdir. Ularni ishqiy lirikaning yetuk namunalari katoriga kiritish mumkin.
Fazliy tazkirasida Gulxaniyning keyinchalik Jur’at taxallusini qabul qilib, shu taxallus bilan ham qalam tebratganligini yozadi. Bizga Jur’at taxallusi bilan bitilgan “Angushtam” radifli forsiy g‘azal yetib kelgan.
Gulxaniy iste’dodli shoir bo‘lgan. Ammo milliy adabiyotimiz tarixidan mohir nasr ustasi, mashhur “Zarbulmasal”ning muallifi sifatida faxrli o‘rin olgan. “Zarbulmasal”ning muqaddimasida qayd etilishicha, Gulxaniy bu asarni yozishga Amir Umarxonning tavsiyasiga ko‘ra kirishgan. “Zarbulmasal” jiddiy ijtimoiy mazmunni majoz yo‘li bilan badiiy ifodalovchi axloqiy-didaktik va tanqidiy-hajviy yo‘nalishdagi asardir. Unda ijtimoiy hayot muammolari, jamiyatda turli tabaqa-guruhlar o‘rtasidagi murakkab munosabatlar, insonlarning o‘zaro muomalalari, urf-odatlar, xalq marosimlari haqida majoziy uslubda so‘z boradi.
Gulxaniy ijtimoiy hayotdagi voqea va hodisalarni, insonlar tabiati va amaliy faoliyatidagi olijanoblik va pastkashlik, adolat va zo‘ravonlik, saxovat va xasislik, kamtarlik va manmanlik, qanoat va ochko‘zlik, xushmuomalalik va qo‘pollik, halimlik va dag‘allik kabi fazilat va salbiy belgilarni badiiy mahorat bilan qushlar va hayvonlar tili va harakatlariga, intilish va qilmishlariga ko‘chiradi va ular ishtirokidagi hayotiy lavhalarda o‘z munosabatini bildiradi. Albatta, asar bilan tanishgan har bir o‘quvchi unda gap qushlar va hayvonlar faoliyatlari va o‘zaro mojarolari haqida emas, balki, aslida kishilik jamiyatidagi turli tabaqa-guruhlar vakillari haqida borayotganini darhol anglab oladi. Asar ishtirokchilarining nutqlari xalq maqollari, matal, hikmat va qoliplangan birikma-iboralaridan keng foydalanish asosiga qurilgan. Asar voqeasi qadimgi “Farg‘ona iqlimida” joylashgan “eski bir shahristonda” yuz beradi. U yerda istiqomat qilayotgan Yapaloqqush o‘z o‘g‘li Kulangirsultonni uylantirish taraddudiga tushadi, shu manzilda yashaydigan Boyo‘g‘li va Boyqushlar qizi Kunushbonuga sovchi qilib Ko‘rqushni yuboradi. Bahs va tortishuvlardan so‘ng qiz tarafga beriladigan qalin miqdori ming chordevor deb belgilanadi, nikoh marosimlari o‘tkaziladi. Voqealar davomida bo‘lajak qudalar va ularning manfaatlarini ifodalovchi ishtirokchilarning tabiatlari, falsafasi, ichki dunyosi va intilishlari bosqichma-bosqich ochila boradi.
“Zarbulmasal”da yetakchi mazmun bilan mantiqan uzviy bog‘lanib ketgan o‘ndan ortiq nasriy va nazmiy masala, qissa va hikoyatlar mavjud. Bu mo‘jaz badiiy asarlar, asosan, axloqiy-ta’limiy yo‘nalishda bo‘lib, halollik, to‘g‘rilik, olijanoblik, mehr-muhabbat, vafo va sadoqat g‘oyalarini olg‘a suradi, xasislik, manmanlik, befarosatlik, johillik, sotqinlik kabi salbiy belgilarni qora-laydi. Xususan, “Maymun bilan Najjor” va “Toshbaqa bilan Chayon” kabi masallar yuksak badiiy mahorat bilan yozilgan.
Zikr etilgan masallarning birida hayotiy lavha orqali “bilmagan, o‘rganmagan va aqling yetmaydigan ishga hovliqib urinma, avval hunarni yaxshilab egalla, shunda pand yemaysan!” deb o‘git berilsa, ikkinchisida hayotda do‘st tanlashda nihoyatda ehtiyot bo‘lishlikka, yomonga aslo yaqinlashmaslikka da’vat etiladi. “Zarbulmasal”dagi bu kabi axloqiy-ta’limiy yo‘nalishdagi masallardan farqli o‘laroq “Tuya bilan Bo‘taloq” masalida sof ijtimoiy mavzu badiiy intihosiga yetkazilgan. Unda erksiz Tuyaning och va suvsiz qolgan Bo‘talog‘ining yolvorib qilgan fig‘onu nolasiga bergan g‘amgin javobi aniq eshitiladi:
Aydi onasi bolasiga boqib,
Ko‘zlarining yoshlari suvdek oqib:
“Ko‘rki, — burunduq kishini qo‘lida,
Ul kishining ko‘zlari o‘z yo‘lida!
Menda agar zarra kabi ixtiyor
Bo‘lsa edi — bo‘lmas edim zori bor!”
“Zarbulmasal” o‘zbek badiiy nasrining eng yetuk namunalari qatorida faxrli o‘rin olgan. Rang-barang tasviriy vositalardan, jumladan, murakkab sajdan keng foydalanib yozilgan bu asarning tili nihoyatda shirador, jozibali bo‘lib, asarning chin ma’noda xalqchil ruh egallashida juda katta xizmat qilgan.
f.f.d. A. Abdug‘afurov