XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi o‘zbek xalqchil adabiyotining yirik namoyandasi, ma’rifatparvari, lirik shoiri, otashin publitsisti Zokirjon Furqat Qo‘qon shahrida, Mullo Xolmuhammad oilasida dunyoga kelgan. Bo‘lajak shoirning otasi zamonasining ilg‘or fikrli vakillaridan biri sifatida turli bilimlardan yaxshigina xabardor bo‘lgan. Mullo Xolmuhammad xususan badiiy adabiyot muxlisi bo‘lib, o‘zi ham she’riy iqtidor sohibi edi. Zokirjon mahallasidagi maktabda tahsil ko‘radi, ayni zamonda otasi yordamida mustaqil mutolaa orqali o‘zbek va fors adabiyotining buyuk namoyandalari merosini, ayniqsa, Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganadi, forsiy tilni mukammal o‘zlashtiradi. Yosh Zokirjon Navoiy asarlarini shu darajada berilib mutolaa qiladiki, o‘zining guvohligiga ko‘ra, buyuk shoir hatto uning tushiga ham kiradi va suhbat asnosida she’riyatdan imtihon qilib, ijodiy ish uchun “oq fotiha” beradi. Shu yo‘sin u Navoiy duosidan ruhlanib bolalik yillardayoq qo‘liga qalam oladi va umrining oxirigacha ijod bilan shug‘ullanadi. Zokirjon o‘zi yozgan tarjimai holida qayd etganidek, to‘qqiz yoshidayoq qog‘oz sahifasiga quyidagi misralarni bitib, muallimining olqishlariga sazovor bo‘lgan:
Mening maktab aro buldur murodim,
Xatimdek chiqsa imloyu savodim.
Xushnavis kotiblar va mudarrislardan xattotlik san’ati va arab tilidan saboqlar olgan Zokirjon 1873 yilda madrasaga kiradi. 1875—76 yillarda Qo‘qon xonligida yuz bergan qonli, siyosiy voqealar munosabati bilan madrasa yopilgach, yana mustaqil mutolaa va ijodiy ish bilan shug‘ullanadi. Yangi Marg‘ilonda savdo ishlarini yo‘lga qo‘ygan tog‘asining qistoviga ko‘ra, u yerga borib yordamlashadi, keyinchalik o‘zi ham “choy va digar ashyolar savdosig‘a do‘kon” ochadi, samovarchilik, mirzolik qiladi. Bunday ijtimoiy faoliyat oddiy xalq vakillari hayoti va orzu-intilishlari bilan bevosita tanishish, mustamlaka tuzumi illatlarini chuqurroq xis etish imkoniyatini beradi.
Zokirjon Yangi Marg‘ilonda ijodkor sifatida to‘la shakllandi, o‘z g‘azallariga “Furqat” — “ayriliq” taxallusini qo‘yib, shuhrat qozona boshladi. Mustamlakachi chor ma’muriyati joylashgan xuddi shu yerda u ilk bor ovro‘pocha hayot tarzi, zamonaviy fan-texnika yangiliklari bilan tanishadi.
Saksoninchi yillar boshlarida Qo‘qonga qaytib, oila quradi va asosan ijodiy ish bilan shug‘ullanadi. Muqimiy va Muhyi yetakchi bo‘lgan Zavqiy, Nodim, Nisbat, Muhayyir kabi ijodkorlar bilan bevosita muloqotga kirishadi, ular muntazam ravishda uyushtiradigan adabiy majlislarning, she’riyat kechalarining faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Bu yirik qalam sohiblari ijodida keyinchalik kamol topgan g‘oyaviy va adabiy birlik, ular dunyoqarashidagi umumiylik xuddi shu adabiy anjumanlarda shakllana borgan.
Furqatning Qo‘qondagi ijodi tur va mavzu, mazmun va shakl rang-barangligi jihatidan ham, sermahsulligi jihatidan ham diqqatga sazovor. U mumtoz she’riyatimiz an’analari ruhida ko‘plab ishqiy g‘azallar, muxammaslar, Navoiy asarlariga go‘zal nazira va taqlidlar yaratdi, chuqur xalqchillik va zamonaviylik uning she’rlarida tobora keng o‘rin egallay boshladi. Uning “Bo‘ldi” radifli muxammasida mavjud mustamlaka tuzumining illatlari, tobora keng quloch otayotgan kapitalistik munosabatlarning salbiy oqibatlari badiiy ifodasini topgan.
Qo‘qon xonligining uzil-kesil tugatilib, batamom mustamlakaga aylantirilishi volqeasi bilan bog‘liq “Dermish xon bir kunikim, davru davronlar qayon qoldi?” misrasi bilan boshlanuvchi muxammasi ham Furqatning shu davr ijodining mahsulidir. Toju taxtdan, sha’nu shavkat va a’yonlaridan mahrum bo‘lgan Xudoyorxon nomidan bitilgan bu asar ham shoir ijodida zamonaviy ijtimoiy mavzuning keng o‘rnini isbotlovchi dalillardandir.
O‘zining guvohlik berishicha, Furqat xuddi shu yillarda “Hammomi xayol” risolasini yaratadi, “Chor darvesh” hikoyatini forschadan tarjima qiladi. “Nuh manzar” nomli she’riy kitob yaratadi.
“Bulardin bo‘lak har xil g‘azaliyotim Farg‘ona muzofotig‘a (ya’ni, yon-atrof qishloq-shaharlariga) va digar mamlakatlarga muntashir (mashhur) bo‘ldi”, deb yozadi shoirning o‘zi tabiiy g‘urur bilan. Xuddi shu yillarda shoir ilk bor she’rlarini to‘plab majmua holiga ham keltirgan. Afsuski, shoirning o‘zi qayd etgan risola, manzuma va tarjimalari kabi bu majmua ham shu kunga qadar topilgan emas.
Furqat taxminan 1886—87 yillarda Marg‘ilonga borib, asosan she’riyat bilan band bo‘ldi, shaharning ziyolilari Xo‘jajon Rojiy, Muhammad Umar Umidiy — Havoiy, Mulla Toshboltu Royiq kabi ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar qurdi. Shu yerda u ilk bor gazeta bilan tanishib, uning “Toshkent shahrida bosma bo‘lg‘on”ligini biladi.
Furqat 1889 yili avvalida o‘lkaning bosh shahri Toshkent safariga chiqib, Qo‘qon orqali Xo‘jandga keladi. Bu qadimiy madaniy shaharda Toshxo‘ja Asiriy boshliq mahalliy ijodkorlar, adabiyot muxlislari bilan qator uchrashuvlar, mushoirlar uyushtirgan Furqat, ayni zamonda shahar aholisining yashash sharoiti, kundalik hayoti, rasm-rusumlari bilan yaqindan tanishadi.
1889 yilning iyuni o‘rtalarida (hijriy 1306 yil shavvol oyi) Furqat Toshkentga kelib, Ko‘kaldosh madrasasi hujralaridan biriga joylashadi. Odatiga ko‘ra, bu yerda ham mahalliy ziyolilar bilan tez muloqotga kirishadi, adabiy hayotda ko‘rinarli mavqega ko‘tarila boradi.
Furqat g‘azal va muxammaslarida ijtimoiy ohanglar ham ko‘rinarli o‘rin tutadi. Mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, joriy adolatsizlik va zo‘ravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, nodonlarning zamonada e’tibor topib, donolarning, halol kishilarning xor-zor etilishidan norozilik badiiy buyoqlarda qatiy jaranglaydi:
Charxi kajraftorning bir shevasidin dog‘men,
Ayshni nodon surub, kulfatni dono tortadur.
Sarig‘ oltun kasrati ko‘ngulni aylaydur qaro,
Chunki safro bo‘lsa g‘olib, o‘zga savdo tortadur.
Mashhur “Sayding qo‘yaver, sayyod” musaddasida esa Furqat chor bosqinchilari mustamlakasiga aylangan o‘lkadagi hukmron zo‘ravonlikka qarshi Inson sharafi va g‘ururini ulug‘laydi. Butun musaddas misralari zaminida insonparvar va erksevar shoirning zulm o‘tkazuvchilarga qarshi qatiy norozilik ovozi jaranglab turadi.
Furqat hayotining Toshkent davri uning dunyoqarashi takomilida katta ahamiyat kasb etdi. Chor mustamlakachilik ma’muriyatining markaziga aylantirilgan Toshkentda shoir kundan-kunga kirib kelayotgan ovro‘pocha hayot tarzi bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yangi tarixiy sharoitda moddiy-madaniy hayot va ijtimoiy ongda yuz bergan sezilarli o‘zgarishlarni mushohada etish, yaqin feodal o‘tmish bilan taqqoslash natijasida Furqat dunyoqarashida jiddiy sifat o‘zgarishi yuz berdi. Eng muhimi shundaki, bu hol uning ijodida o‘z badiiy ifodasini topdi — ma’rifatparvarlik, ovro‘pocha ilm-madaniyat, fan-texnikaga xayrixohlik shoir asarlarining g‘oyaviy mohiyatiga aylana bordi. Bu esa Furqatning ko‘p asrlik adabiyotimizga yangi mavzular, yangi g‘oyaviy ohanglar olib kirishiga, chin ma’noda novator ijodkor sifatida qalam tebratishiga zamin bo‘ldi. Endilikda Furqat zamonaviy maorif va madaniyatning yangicha qarash, fikrlash va yangicha hayot kechirishning jonkuyar targ‘ibotchisiga aylandi. Shu tariqa ijodiy, ilmiy va ijtimoiy faoliyatining eng qizg‘in, jangovar va eng mazmundor bosqichi boshlandi. Shoir nihoyat faollashdi, ilg‘or g‘oyalarning targ‘ibotida gazetadan unumli foydalanish mumkinligini yaxshi tushundi va tez orada “Turkiston viloyatining gazeti” hay’atiga rasman ishga joylashdi.
1890 yilning may, iyul va sentyabr oylarvda “Ilm xosiyati”, “Akt majlisi xususida”, “Toshkent shahrida bo‘lg‘on nag‘ma bazmi xususida”, shuningdek, uch qismdan iborat “Vistavka xususida” kabi davr adabiyotidagi ma’rifatparvarlik yo‘nalishining yetuk namunalari darajasida bo‘lgan asarlari shu gazeta sahifalarida dunyo yuzini ko‘rdi.
Bu turkum asarlarida Furqat yangilik va taraqqiyotning, ilm-fan va ovro‘pocha maorif-madaniyatning otashin jarchisi sifatvda namoyon bo‘ladi, o‘z vatandoshlarini zamonaviy bilimlarni puxta egallashga va ilg‘or xalqlar qatoridan o‘rin olishga da’vat etadi. Shoir bitgan misralar nihoyatda jo‘shqin va ta’sirchan, ulardagi xitob va hayqiriq har bir o‘quvchi diliga ko‘chib, uni befarq qoldirmaydi:
Jahon bastu kushodi — ilm birla!
Nadur dilni murodi — ilm birla!
Ko‘ngullarni sururi — ilmdandur!
Ko‘rar ko‘zlarni nuri — ilmdandur!
Kerak har ilmdan bo‘lmak xabardor!
Bo‘lur har qaysi o‘z vaqtida darkor!
Furqat xuddi shu yillarda yaratilgan “Shoir ahvoli va she’r mubolag‘asi xususida” deb nomlangan asarida ijodkor va badiiy adabiyot muammolarini qalamga oladi.
Zokirjon Furqat haqli ravishda o‘zbek publitsistikasining asoschilaridan biri hisoblanadi. Uning otashin publitsist sifatidagi faoliyati 1890 yildan boshlanadi. “Turkiston viloyatining gazeti” xodimi sifatida u bir yildan ko‘proq vaqt davomvda Sattorxon kabi ilg‘or ma’rifatparvarlar bilan hamkorliqda gazetani tayyorlashda bevosita qatnashib, gazeta sahifalarida o‘z maqollarini e’lon qiladi. Jumladan, 1891 yilning yanvar-iyun sonlarida “Ho‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. O‘zi yozg‘oni” nomli kattagina nasriy asari nashr etila boshladi. Shoir dunyoqarashi va ijtimoiy-ijodiy faoliyatini belgilashda favqulodda ahamiyatga ega bo‘lgan bu asar, ayni zamonda, endigina shakllanayotgan o‘zbek publitsistikasining yorqin namunasi sifatida ham katta qimmatga egadir.
Furqatning Toshkentdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. U 1891 yil mayida Samarqandga jo‘naydi, shahar fozillaridan Mirzo Buxoriy hovlisida yashab, qadimiy obidalar bilan tanishadi, gazetaga xabarlar yo‘llaydi. So‘ngra Buxoroga o‘tadi. Iyul oyi oxirlarida esa chet el sayohatiga chiqib, Marv-Ashxobod-Boku-Botumi orqali noyabr oyida Istambulga boradi. Shu tariqa shoir hayoti, dunyoqarashi va ijodida chuqur iz qoldirgan vatanjudolik boshlanadi. Istambuldan Toshkentga yo‘llagan mashhur “Sabog‘a xitob” she’riy maktubi Vatan ishtiyoqi, sog‘inchi, ayriliq azoblari va yolg‘izlik ohanglari shoir ijodida endilikda old o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Furqat Istambuldan Bulg‘oriya va Yunonistonga qisqa muddatli sayohat uyushtirib, Bolqon yarim orolining qator shaharlarida bo‘ladi. Shu kezlarda yaratilgan “Rumolik qiz hikoyati” (“Yunon mulkida bir afsona”)da vatanni qo‘msash, unga talpinish mavzui romantik-sarguzasht bo‘yoqlarda juda ta’sirchan ifodalangan.
Furqat 1892 yil martida Istambuldan O‘rta yer dengizi oraqali Arabistonga o‘tib, Makkada haj ziyoratini bajo aylab, Jidda, Madina shaharlarida bo‘ldi. Xuddi shu ziyorat munosabati bilan uning “Hajnoma” asari maydonga keladi. Makka ziyoratini tugatgach, Furqat Bombeyga kelib, Hindistonning qator qishloq-shaharlariga sayohatlar uyushtiradi. Shoirning bu davrda yaratgan barcha asarlarida nasriy va nazmiy makublarida ona yurt sog‘inchi va vatanparvarlik g‘oyalari yetakchilik kildi. Bu jihatdan, ayniqsa, “Adashganman” radifli lirik she’rlar turkumi alohida ajralib turadi. Hatto, shu yillarda bitilgan “Kashmirda”, “Bulbul” deb yuritiluvchi “sof” lirik g‘azallarida ham Vatanni qo‘msash mavzui ko‘zga aniq-ravshan tashlanadi. Furqat 1893 yili martida Kashmir-Tibet orqali uyg‘ur o‘lkasiga keladi. Yorkentda turg‘un bo‘lib qoladi.
Furqat doimo Vatanga qaytish umidi bilan yashadiki, bu intilish uning kator badiiy asarlarida, xat-xabarlarida ham u yoki bu darajada o‘z ifodasini topgan. “Vatanning ishtiyoqini tortaram g‘urbat g‘ami birlan”, deb yozgan shoir umrining so‘nggi kunlariga qadar o‘z yurtiga qaytish ilinjida yashadi, shu bois uning fuqaroligidan chiqmadi.
Furqat Yorkentda dorivor o‘simliklar bilan savdo qiluvchi kichik do‘kon ochadi. Asosan esa ijodiy ish va xattotlik bilan shug‘ullanadi. Shoirning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, chet el sayohatiga chiqqani hamonoq yozishga kirishgan “Sayohatnoma” asari ustida ko‘p ishlagan. Ammo hajman kattagina deb taxmin etiluvchi bu asar hanuzgacha topilmagan. Furqat Yorkentda ko‘plab lirik g‘azal va muxammaslar qatorida ijtimoiy-siyosiy mavzularda ham qator masnaviylar yaratdi. “Masarratnoma”, “Qasida” asarlari, shuningdek, rus-yapon urushi munosabati bilan yozgan masnaviysi xuddi shu turkum jumlasiga kiradi.
Shoir ona yurti bilan, Farg‘ona va Toshkentdagi yoru do‘stlari bilan muntazam aloqani kanda qilmadi. Zavqiy, Toshboltu kabi ijodkor do‘stlariga she’riy maktublar, “Turkiston viloyatining gazeti”ga xat va maqola-xabarlar yuborib turdi. U xuddi shu yillarda milliy adabiyotimizda pamflet va feleton kabi jangovar turlarning ilk namunalarini yaratib, gazeta sahifalarida e’lon etdi. Furqatning adabiyotimiz tarixida ikki tillik ijodkor sifatida ham o‘z o‘rni bor. Uning forsiy tilda bitilgan ishqiy va ijtimoiy mazmundagi ko‘plab g‘azallari o‘zining yuksak badiiyligi bilan o‘quvchilar dilidan mustahkam o‘rin olgan.
Mazmunan hayotiy va badiiy barkamol lirikasi, ma’rifatparvarlik yo‘nalishidagi yetuk asarlari bilan, jozibali nasri va jangovar publitsistikasi bilan XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Zokirjon Furqat 1909 yilda og‘ir kasalliqdan so‘ng vafot etdi. Uning jasadi Yorkentning Dongdor mahallasidagi qabristonga qo‘yilgan.
Abdurashid Abdug‘afurov
Maqolalar
Furqat. She’rlaridan namunalar
Begali Qosimov, Nurboy Jabborov. Furqat (1859-1909)
O‘zbek ziyolilari: Furqat (1859-1909)
Nurboy Abdulhakim. Furqat istilochini maqtaganmidi?
G‘afur G‘ulom. Shoir ayblaydi (1949)
Nurboy Jabborov. Nurli istiqbol umidi
Sharif Yusupov. “Zabonim qushi ul xirmandin donachin o‘ldi” (2009)
Furkat (na russkom yazыke)
Furkat (in English)
Furqat kitoblari
Furqat. Muhabbat yo‘lida
Furqat. Tanlangan asarlar
Furqat haqida kitoblar
Furqat ijodiyoti (mas’ul muharrir A.Qayumov)
B.Valiyev. Zokirjon Furqat (1858-1909)