Abu Bakr al-Xorazmiy 323 hijriy (935 milodiy) yili Xorazmda tug‘ilib, asosiy ma’lumotini shu yerda oladi. Umrining gullagan davrida (20—25 yoshlarda) vatandan chiqib Iroq va Shomga boradi, yetuk olim va shoirlar bilan tanishib, ulardan ta’lim oladi. Keyin Halabga borib, mashhur hamdamiylar amiri, shoir va olimlar homiysi Abulhasan Sayfuddavla (944—967) bilan tanishib, uning saroyida xizmat qiladi. So‘ng Buxoroga keladi, Somoniylar saroyida yashab, vazir Abu Ali al-Balamiy (960—974 va 992—996) bilan do‘stlashadi, lekin u bilan munosabati yomonlashib, Nishopurga yo‘l oladi. Bu yerdagi taniqli shoirlar Abulhasan al-Qazviniy, Abu Mansur al-Bag‘aviy va Abulhasan al-Hakamiylar bilan do‘stlashib, ularning shoirlik mahoratidan bahramand bo‘ladi.
Umuman Xorazmiyning umri fojialar va rohatbaxsh etuvchi onlarga to‘la. U turli shaharlarda bo‘lib, qamoqda ham yotib chiqadi, amirlarning e’tiboriga tushib boylik ham orttiradi, amaldorlarning g‘azabiga uchraydi va h. k. Abu Bakr al-Xorazmiy Nishopurga kelib, bu yerda muqim yashay boshlaydi. Talabalarga dars beradi, she’r yozishni o‘rgatadi, nishopurlik mashhur adib, shoir va olimlar, shular qatori as-Saolibiy bilan do‘stlashib, ularning majlislarida ishtirok etadi. Yana Somoniylar vaziri al-Utbiy siquvidan qutilish uchun qochishga majbur bo‘ladi. Shoir bir necha vaqtdan so‘ng yana Nishopurga qaytadi, umrining oxirida yakkalanib qoladi va hayotining keyingi davri og‘ir musibatlar bilan o‘tadi. U hijriy 383 (milodiy 993) yili Nishopurda vafot etadi.
Abu Baqr al-Xorazmiyning adabiy merosidan arab tilidagi katta she’riy devoni va “Risolalari” bizgacha yetib kelgan. Abu Bakr al-Xorazmiy “Risolalari” X asr nasriy adabiyotining mashhur yodgorligi hisoblanadi. Til va uslub jihatdan nihoyatda puxta ishlangan bu asar saj’ (qofiyali nasr) bilan yozilgan bo‘lib, shoir zamonasidagi mashhur kishilar: amir, vazir, lashkarboshi, qozi, amaldor, faqihlarga, adib va tilshunos olimlarga, ya’ni al-Xorazmiyning do‘stlari va homiylariga yozilgan xatlardir. Risolalar mazmuni turli bayramlar, yuqori martabaga ko‘tarilish va biror muvaffaqiyatni qo‘lga kiritish, o‘lim, mansabdan chetlatilish, kasallik yoki urush xavfi kabi munosabatlar bilan tabrik yoki qayg‘u izhor etib, tasalli berish, tuhfalar uchun tashakkur aytish kabilardir. Risolalar orasida al-Xorazmiyning o‘z shogirdlariga yozgan maktublari ham ko‘plab uchraydi.
Al-Xorazmiy risolalarining aksariyati ilm-fan, aql-odob, adolat, himmat, do‘stlik kabi muhim ijtimoiy masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda qo‘llangan iboralar xalq hikmatli so‘zlariga aylanib ketgan.
Shoir risolalaridan manbalarda keltirilgan ba’zi bir parchalar tarjimasini beramiz: “Hurmat ehson bilan barobardir… Do‘stlashish murojaat emas, xushmuomalaliklar, xushmuomalalik esa chuqur tekshirish va o‘rganishni uzoqqa cho‘zmaydi ham, hisob va sarfni ko‘tarmaydi ham. Karamli kishi tahqirlansa ham azizdir… Sababsiz uzr gunohdir, ishonch yo‘qolishi bilan qilingan takalluf haqoratdir. Ehtiyotsiz (qilingan) dori-darmon kasallikdir, unga hojat tushgandagina, u shifo bo‘ladi… Olijanob kishi agar (birov) jarohatlansa, (uni) bog‘lab qo‘yadi, yirtsa yamaydi, agar bir tomondan zarar keltirsa, har tomondan foyda keltiradi… Oliy-himmat zafarining karomati (shundaki), agar qo‘lga kiritsa, (boshqalarga) beradi, pastkash zafarining qabihligi shundaki, agar qo‘lga kiritsa, ko‘proq qo‘lga kiritishni istaydi… Otalar ikki xil: tug‘ilish otasi va ta’lim berish otasi, birinchisi jismoniy hayot sababi, ikkinchisi ruhiy hayot sababidir… Karamli kishi go‘zallik bilan savdo qiladi, mol bilan savdo qilmaydi… G‘azab hurmatni unutadi, yaxshiliklarni ko‘mib yuboradi va gunohsizlar uchun jinoyatlar vujudga keltiradi. Kalbaki maqtash haqoratlashdir. Poydevorsiz qurilgan bino qulaydi… Muhabbat har qanday qimmat narsaning bahosidir va har qanday yuqori narsaning shotisidir… Agar hokimiyat atrofida adolat hukm surmasa, u inqirozga yuz tutadi… Rostgo‘y til yolg‘on so‘zlasa, tutilib qoladi”.
Yana bir boshqa risolasida shunday yozadi: “Odamlardan shunday (borki, hokimiyatni) boshqarganda, nafsi uni amaldan tushiradi, odamlardan shundayi borki, lavozimdan bo‘shaganda, fazilati uni yana o‘rniga o‘tkazadi”, “Kimki odamlar qalblarini ovlayman desa, unga ehson va muruvvat donlarini sepishi, fazl va oliyjanoblik tuzoqlarini qo‘yishi kerak”.
Al-Xorazmiy she’rlari asosan qasida, g‘azal, vasf va hajviyotdan iborat. Agar uning qasidalari amir va vazirlarga bag‘ishlangan bo‘lsa, hajviy she’rlari esa asosan amaldorlarga hamda o‘z raqibi shoir va adib, maqoma janrining asoschisi Abulfazl al-Hamadoniyga (vafoti 1007 y.) qarshi qaratilgan. Ishqiy misralar, mahbubni tarannum etish ham al-Xorazmiy ijodida asosiy o‘rinni egallaydi.
Uning she’rlariga xos narsa shuki, shoir tazminni (o‘z she’riga boshqa she’rni kiritib ketish) juda ko‘p qo‘llangan.
O‘sha vaqt shoirlarida keksalikdan shikoyat qilish juda keng tarqalgan edi. Al-Xorazmiyning ham qariliqdan nolib yozgan she’rlari ancha uchraydi. Masalan: “Soch oqidan shikoyat qilib, unga zulm qilayotganingni ko‘rib turibman, soch oqi bir ekin (bo‘lsa), uning urug‘i umrdir. U go‘yo sharob, xumor uni o‘ziga jalb qiladi, axir xumori hajv qilinib, sharob maqtalardi-ku”.
Al-Xorazmiy ijodida sharobni maqtab yozilgan she’rlar ham uchraydi, lekin shoir mayning kishi hayoti uchun zararli ekanini ham unutmagan:
“Kosa va cho‘ntakning ikkalasini (barobar) to‘ldirishga hukm qilmagan, kosani to‘ldirish uchun cho‘ntak bo‘shatish kerak”, deydi shoir.
Jamiyat uchun illat bo‘lgan ishyoqmas, dangasa kishilar haqida yozar ekan, ulardan hazar qilishga da’vat etadi:
“Dangasaning hojatida unga hamroh bo‘lma, qancha solih kishilar boshqaning fasodi bilan buzilib ketmadilar”. Boshqa bir she’rida yozadi:
“Ulug‘ odam kichik odamning suhbati bilan kichik bo‘lmaydi, balki kichik odam ulug‘ odam xizmatida ulug‘ bo‘ladi”. Yana bir she’rida:
“Ikki narsa kishida birlasha olmadi: dinorlarga muhabbat va do‘stga muhabbat”. Boshqasida:
“Qachon zamonani koyisang, sabr kiluvchini koyigan bo‘lasan, sen yig‘laysan, koyilayotgan (zamona) esa kuladi” v. b.
Abu Bakr Muhammad ibn al-Abbos al-Xorazmiyning boy ijodiy merosi barcha sharq va g‘arb olimlari tomonidan qizg‘in o‘rganilgan va o‘rganilmoqda.
As-Saolibiy “Yatimat at-Dahr” asarida al-Xorazmiy haqida maxsus to‘xtab, uni “Zamonasining eng donosi, odob dengizi, nasr va nazmning tug‘i, fazl va idrok olamidir. Ajoyib va ibratli balog‘atni (o‘zida) mujassamlashtirgandi”, deb ta’riflaydi.
As-Saolibiy al-Xorazmiyning o‘z mulohazasining o‘tkir, go‘zal va ishonarli bo‘lishi bilan har qanday yig‘ilishda g‘olib chiqishi, uning risolalar devoni jildlarga ajratilib keng tarqalgan, she’rlar devoni ham xuddi shundayligini alohida ta’kidlab o‘tadi.
O‘rta asr mualliflari Utbiyning “Tarixi al-Yamini”, ibn al-Asirning “Komil fi-tarix”, ibn Xallikonning “Vafayat al-’ayn” va Qahholning “Mu’jam al-mu’allifin” kabi asarlarida Abu Bakr al-Xorazmiy asarlariga yuqori baho berilib, u haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgandir. Shuningdek, al-Xorazmiyning hayoti va ijodi haqida Ovro‘po olimlari V. Alvardt, K. Brokelman, X. Gibb va boshqalar o‘z ishlarida eslab o‘tishgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z ijodida al-Xorazmiyning boy ijodiy merosidan keng foydalangan.
Al-Xorazmiy Markaziy Osiyoda X asr adabiy hayotidagi arab tilida ijod etgan mashhur adib hamda so‘ngti badiiy jarayonga katta tasir ko‘rsatgan ijodkor sifatida tilga olinadi.
ilmiy xodim I. Elmurodov