Federiko Garsia Lorka o‘limi haqida yangi tafsilotlar
Lorkaning frankochilar tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilishi tarixi borasida Visner jarligi yaqinidagi ulkan birodarlik qabristonidan shoir ko‘milgan joyini aniqlashdan boshqa muammo qolmagandek edi. Biroq ispan tarixchisi Migel Kabaleroning “Garsia Lorka hayotining so‘nggi 13 soati” nomli yaqinda chop etilgan kitobi uzoq paytdan beri davom etib kelayotgan tadqiqotga muhim yangiliklarni kiritishi mumkin.
Zero, ushbu kitobda bu jinoyatning nafaqat g‘oyaviy ilhomchilari, balki uning yuqori va o‘rta darajadagi frankochi tashkilotchilarining nomlari ilk bor tilga olingan. Kitobda qotillik ishtirokchilari, shoirga va uning hamrohlari – ikki toreador-anarxist va cho‘loq maktab o‘qituvchisiga o‘q uzgan to‘daning olti a’zosi nomma-nom sanalgan. Shuningdek, kitobda bu jallodlarning qaysi tabaqadan kelib chiqqanligi va ularning keyingi taqdiri batafsil bayon qilinadi.
Shoirni otishga kim buyruq bergan?
Lorkaning o‘ldirilishi to‘g‘risida ko‘plab kitoblar bitilgan va ularning har biri ispan tarixining bu mash’um sahifalariga ma’lum yangilik olib kirgan. Lekin ularning hammasida bir savol o‘rtaga ko‘ndalang qo‘yiladi: shoirni otishga kim buyruq bergan? Yolg‘onlar qobig‘iga o‘ralgan Franko hukumati bu jinoyat borasida so‘z ochishdan to mudom bo‘yin tovlab, ya’ni uni chigal ishqiy mojarolar ajrimiga taqab hamda bu qabohatga Granadadagi turli tabaqalar o‘rtasidagi o‘ch-adovat oqibatlarini ro‘kach qilib kelarkan, bu mavzu dolzarbligicha qolaverdi. Haqiqat ostonasiga birinchi bo‘lib ingliz adibi Jerald Brennan 1950 yilda chop etilgan “Ispaniya qiyofasi” kitobida qadam qo‘ydi. Keyin frantsuz adibi Klod Kruffon (“Jinoyat Granadada sodir etildi. Federiko Garsia Lorka halok bo‘ldi”, 1951), italyan adibi Entso Kobeli (“Garsia Lorka”, 1959), frantsuz adibasi Marsel Okler (“Garsia Lorkaning hayoti va o‘limi”, 1968) o‘z so‘zlarini aytdilar. Ular birin-ketin shoir o‘limiga bog‘liq frankochilar tashviqoti yaratgan yolg‘on va bo‘htonlar pardasini ko‘tarib tashlamoqqa jazm etdilar. Nihoyat 1975 yilda, Franko o‘limidan oldin, ispan adibi Xose Luis Vilasan Xuanning bu mavzuga bag‘ishlangan “Garsia Lorkaning o‘limi haqida bor haqiqat” nomli ilk jiddiy kitobi e’lon qilindi. Undan so‘ng Manuel Molina Faxardoning “Garsia Lorkaning so‘nggi kunlari” tadqiqoti chop etildi.
Bu mavzuda, ayniqsa, irlandiyalik Yan Gibsonning “Granada 1936 yilda. Federiko Garsia o‘limi” kitobi mashhur bo‘ldi. U Parijdagi “Ruedo Iberiko” nomli nashriyotda chop etilib, dunyoviy shov-shuvga sazovor bo‘lgan kitobga aylandi. Faqat 1979 yilda bu kitob kengaytirilgan va to‘ldirilgan holda dunyo yuzini ko‘rdi. Irlandiyalik tadqiqotchi jiddiy xulosa sifatida shoirni o‘ldirish haqidagi qaror Granadada emas, isyonchi harbiylar qo‘mondoni general Kleypo-de-Lyano qarorgohi joylashgan Sevileda qabul qilinganligini aytadi. Uning ta’kidlashicha, general 18 avgust kuni Valdesga Lorkani o‘ldirish haqida buyruq bergan.
1983 yili Gibson asari rus tiliga tarjima qilinib, Moskvadagi “Progress” nashriyotida kaminaning umumiy tahriri, so‘zboshisi bilan chop etildi. Gibson kitobining ruscha nashriga yozgan “Lorkani o‘ldirishga kim buyruq bergan? ” nomli so‘zboshisida kamina o‘z talqinimni bayon etganman. O‘sha davrdagi ispan ro‘znomalaridan voqealarning kunma-kun rivoji borasida olib borilgan jiddiy tadqiqotlardan keyin shu narsa ayon bo‘ldiki, Lorka taqdiri, irlandiyalik adib ta’kidlaganidek, 18 avgustda emas, 16 avgust kunida hal qilingan va u 17-kechasi otilgan. Eng muhimi: shoir taqdiri hal qilinayotgan paytda isyonkorlarning tan olingan bosh qo‘mondoni general Franko Sevilega (7-16 avgustda) kelib joylashib bo‘lgandi. U Marokashdan nemislar va italyanlar tomonidan tarixda birinchi marta “havo ko‘prigi” orqali bu qit’aga tashlangan Madridga qarab harakat qilayotgan kolonial korpusni boshqarardi.
Vaziyat tahlili shuni ko‘rsatadiki, Frankodan yurak oldirib qo‘ygan Kleypo-de-Lyano uning qoshida bo‘laturib, Ispaniya va jahonda shuhrat topgan hamda xalqning chinakam muhabbatini qozongan shoirni qatl etish borasidagi qarorni yolg‘iz o‘zi qabul qilishga jur’ati yetmaydi. Franko Kleypo-de-Lyanoni uquvsiz va o‘zboshimcha sanaganligi uchun ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi va fuqarolar urushi tugaganidan keyin birinchi imkon bo‘lishi bilanoq uni hamma mansablardan mahrum etib, iste’foga ketishga majbur qiladi.
1937 yili Franko Lorka o‘limi “siyosiy va harbiy vaziyat taqozosi bilan” sodir bo‘lganligini bayon qiladi. Bunda uning mudhish mantig‘i mavjud edi. Ayovsizligi va bag‘ritoshligi bilan el og‘ziga tushgan Franko dastlabki paytlardanoq o‘z tarafdorlari oldiga butun mamlakat bo‘ylab nafaqat “qizil”larni, balki “juhud qiyofa”larni ham, shuningdek, jamiki g‘ayri-fikrlovchilarni ham uzil-kesil tugatish vazifasini jiddiy qilib qo‘yadi. Bu qonli qirg‘in isyon boshlanishi bilanoq amalda qo‘llandi va fuqarolar urushi tugaganidan keyin ham uzoq vaqt davom etdi. Bunday yo‘lni qat’iy tutishdan dastlabki muddao shu ediki, toki hamma anglab olsin: dushmanlarni hech qanday obro‘ va e’tibor muhaqqaq jazodan qutqarib qololmaydi, hech qanday do‘stlik-birodarlik, odamiylik rishtalari ular mustahiq bo‘luvchi qismat yo‘liga to‘siq bo‘la olmaydi. Lorka va uning atrofidagi e’tibor va e’zoz muhiti Franko nuqtai nazarida bunday g‘oya va uning ijrosi uchun ayni muddao edi.
Shoir tug‘ilgan joyi qadrdon Granadaga 14 iyul kuni keladi va boshi ustida to‘planayotgan qora bulutlar tarqalguniga qadar tashqaridagi San-Visentada yashab turishga qaror qiladi. Bu haqda hamma gazetalar xabar tarqatadi. Biroq dushmanlar unga xuruj qilishga uzoq vaqt botinolmaydi, chunki u juda mashhur bo‘lib, siyosatga sira o‘ralashmas edi. Respublika tarafdori va “Moskva josusi” degan tamg‘a bosilgan shoirga qarshi chora ko‘rmoq kerak deya mamlakat siyosatchilari jar solayotgan bir paytda, Lorkaning eski qadrdon do‘stlari – falangist[1] Rosales oilasi 10 avgustda Granada markazidagi o‘z uyidan unga boshpana beradi va bu jur’at darhol hammaga ma’lum bo‘ladi.
Shoir timsolida Franko, aftidan, Ispaniyada uning hukmidan “istisno” kimsa yo‘qligini isbotlamoqchi bo‘ladi. Haqiqatan ham johil va to‘pori general o‘sha vaqtda o‘zining bu qilmishi keyinchalik butun dunyoga ovoza bo‘lib, uning nomini toabad qora qilishini xayoliga ham keltirmagandi, yo‘qsa bunday sa’i harakatdan u o‘zini tiygan bo‘lardi. Holbuki, ayni davrda shafqat bilmas qattol zot uchun hech kimni avf etmaslik, barchaga keskin chora ko‘rish o‘ta muhim bo‘lib ko‘ringan. Masalan, nomi butun dunyoga mashhur kompozitor Manuel de-Fal Lorkani himoya qilishga uringanida unga shu qadar do‘q va dag‘dag‘a qilishadiki, u o‘zini hibsga olishlaridan qo‘rqib shoshilinch ravishda Ispaniyani tark etadi. Shoirga boshpana bergan aka-uka Rosaleslar garchi faol falangistlar bo‘lishsa-da, qattiq jazodan bazo‘r qutulib qolishadi, biroq o‘zlarining bunday sa’y-harakatlari uchun shak-shubhasiz jabr ko‘rishadi. Lorkani yo‘q qilish buyurilgan fuqarolar gubernatori Xose Valdes, bu ishni o‘zi bajarishni istamay, boshqalar zimmasiga yuklab, “muhim ishlar” bilan shahardan chiqib ketadi va pirovardida u ko‘p o‘tmay o‘z lavozimidan olinib, frontga jo‘natiladi. U yerda jarohati tufayli ko‘p yashamaydi, hayotdan ko‘z yumadi.
Aytib o‘tish joizki, Valdesning o‘g‘li otasidan shoir o‘limiga daxldor ayblovni olib tashlash maqsadida uzoq yillar davomida arxiv idorasidan otasining ishini ko‘rsatishlarini talab qiladi. Va nihoyat unga jildni tutqazishadi, lekin u ne ko‘z bilan ko‘rsinki, uning ichi bo‘m-bo‘sh edi. Undagi varaqlar nima uchun olib qo‘yilgan? Agar Lorkani o‘ldirish haqidagi buyruq Kleypo-de-Lyano ( bu paytda u allaqachon hayotdan ko‘z yumib ketgan edi) yoki boshqa kimdir tomonidan berilgan bo‘lsa, bu Frankoga, ayniqsa qo‘l kelgan, ya’ni uning bu qabohatga hech qanday aloqasi yo‘qligi dalillangan bo‘lardi. Demak…
Xalqdan chiqqan ijrochilar
Shoirning qotillari aynan kimlar bo‘lganligi shu choqqacha mubhamligicha qolib, unchalik ahamiyatli tuyulmasdi. Bu borada turli nomlar tilga olingandi, lekin ularning hech qaysisi tasdiqlanmagandi. Migel Kabalero bu ishning uddasidan chiqa oldi, ya’ni u ko‘plab guvohlarni so‘roq qilib, arxiv materiallarini, fuqarolik holati haqida dalolatnoma va yozuvlarni, ispan politsiyasi va armiyasi kadrlar boshqarmasidagi ko‘plab hujjatlarni uzoq yillar davomida o‘rganib, ulkan ishni amalga oshirdi.
O‘q uzuvchilar guruhini Toledo yaqinidagi kambag‘al, ko‘p bolali dehqon oilasida tug‘ilgan Mariano Asenxo degan kimsa boshqargan. U armiyaga kirgach, qashshoqlik uqubatidan qutuladi. Askarlik xizmatidan keyin u jandarme-riyaning bir turi bo‘lgan shturmchilar gvardiyasiga qabul qilinadi. Harbiy tajribasi bo‘lishiga qaramasdan, yoshini hisobga olgan holda – 53 yoshda edi, uni Granada yaqiniga olti kishidan iborat jallodlar guruhiga boshliq qilib yuborishadi. Ularning hisobida uch mingdan ortiq qurbon bo‘lib, ular qog‘ozda “bedarak ketganlar” hisoblanardi. Yana shuni qayd etish kerakki, undan-da ko‘p respublikachilar sudsiz, so‘roqsiz Algambra saroyi yaqinidagi muzofot qabristonida otilgan edi, biroq bu qurbonlar ro‘yxat qilingandi. Lorka otilgandan 13 kun keyin Asenxo xizmat yo‘nalishida uzoq yillardan beri kutgani – serjant darajasiga ko‘tariladi. U 15 yildan keyin hayotdan ko‘z yumgan.
“Balo-qazo” falangchi Antonio Benavides a’moli razillik bo‘lgan fashistlar guruhidan iborat “qora eskadron”dan qotillar komandasiga o‘z ixtiyori bilan kelib qo‘shiladi. Lorka uni ilk bora ko‘rganida qalbini qanday dahshat chulg‘aganini faqat xayolda tasavvur qilish mumkin, — u unga uzoq qarindosh bo‘lib, otasi birinchi xotinining singlisiga nabira edi. Benavides Granadadagi Alba sulolasi vakili edi. Bu sulola Lorka xonadoniga taalluqli bo‘lgan omadli va o‘ziga to‘q Roldanlar avlodini uzoq vaqtdan beri ko‘rolmasdi. Benavides xusumatining yana bir sababi, shoir “Bernarda Albaning uyi” nomli pesasida uning tug‘ishgan singlisini ushbu asar qahramoni obrazida tasvirlagan edi: u ham Gorkiyning Vassa Jeleznovasiga o‘xshab, butun oilani o‘ziga qaram qilgan, uni muttasil qiynovchi bir murtad, zolima edi. Shuningdek, Benavidesning amakivachchasi Xose pesada Pepeel-Romano obrazida tasvirlangan ediki, hayotda ham u naq quyib qo‘ygandek bezori va tovlamachi bo‘lib, uning uchun muqaddas narsaning o‘zi yo‘q edi. Armiya xizmatidan keyin Antonio Benavides oddiy dehqon darajasida kun kechiradi, keyin omadini izlab Argentinaga yo‘l oladi, biroq, u yerdan yurtiga hech vaqosiz qaytadi. Lorka o‘ldirilishidan keyin u shturmchilar gvardiyasiga qabul qilinib, 3250 peset, unga qo‘shimcha yana “maxsus xizmat” (otishga qatnashganligi) uchun 300 peset miqdorida qat’iy yillik moyana ola boshlaydi. Urushdan keyin uni armiyadan “ichkilikbozligi uchun” (xizmat tavsifnomasidan) haydashadi, keyin u hayotda tubanlikning eng so‘nggi nuqtasigacha boradi, qo‘shmachilik bilan shug‘ullanadi.
Otuvchilar komandasining uchinchi a’zosi – u ham shturmchi-gvardiyachi Salvador Varo – Kadisda etikdo‘z oilasida tug‘ilgan. Harbiy xizmatga kiradi, anarxistlarga qarshi jang amaliyotlarida qatnashadi. Yolg‘iz u Lorka o‘ldirilganidan keyin biron-bir darajaga ko‘tarilmaydi. Xizmatdan bo‘shagandan so‘ng Granada atrofida ko‘chmas mulklarini sotish bilan kun kechiradi.
To‘rtinchi qotil — Antonio Ernandes Martin — xizmat yo‘nalishida kapral darajasiga ko‘tariladi. U hech qachon o‘zining o‘tmishi haqida og‘iz ochmagan. 1940 yilda “ijtimoiy-siyosiy tekshirishlar”ga bardosh berolmaganligidan armiyadan bo‘shatiladi. Nafaqaga chiqqach, u Granadadagi barlardan birida bosh ko‘tarmay, qarta o‘ynab pullarini o‘tqazadi.
Beshinchi qotil – Alpuxarre (Andalusiya qishlog‘ida tug‘ilgan) Fernando Korrea. Uning go‘dakligida otasini, o‘gay onasini va uning ortidan kelgan akasini o‘ldirishadi. Armiyada xizmat qilayotganda, Marokashga bosqinchilik yurishi davrida 1921 yili Gurug tog‘iga ispan bayrog‘ini o‘rnatib dovrug‘ qozonadi. Uning qurolni yaxshi ishlata bilishligi jallodlar guruhiga olinishiga sabab bo‘ladi. Urushdan keyin ship-shiydon, hech vaqosiz qoladi. U o‘lganida jasadini dafn etish uchun hech kim so‘rab kelmaydi, shu sababli uni umumiy qabristonga qo‘yishadi.
Oltinchi qotil – Xuan Ximenes Kaskales, pistoletdan mohir otuvchi bo‘lgan va ko‘p musobaqalarda g‘olib chiqqan, urushdan so‘ng anarxistlarga qarshi kurashda qatnashgan, Ispaniyada Franko g‘alabasidan keyin harakatda bo‘lgan respublikachi-partizanlarga qarshi jang qilgan. Qisman, frantsuz qarshilik ko‘rsatish harakatida Respublika mag‘lubiyatidan keyin Frantsiyaga tushib qolgan va 1945 yilda Pireneydan Ispaniyaga o‘tib, Franko hokimiyatini ag‘darishga muvaffaqiyatsiz uringan sobiq partizan jangchilari armiyasiga qarshi kurashda ishtirok etadi. Lorkaga qarshi o‘q otgan olti jallodning ichida vijdon azobini tuygan yolg‘iz ugina edi. “Bu mening ishim emasdi”, — derdi u o‘ziga o‘zi. Ko‘plar uni aqlidan ozib o‘ladi, deb o‘ylardi. Ammo uning so‘nggi kunlari haqida ma’lumot yo‘q.
“Ispan dehqonlari yeb tashlar meni…”
Shunday qilib, 16 avgust kuni Franko Sevilyani tashlab, shimol sari harakatlandi. Aynan o‘sha kuni Rosaleslar qarshiligiga qaramay, Lorka hibsga olindi – buyruq keskin edi. Kabalero shuni tasdiqlaydiki, gubernator Valdesning yo‘qligida ko‘rsatma uning o‘rinbosari — iste’fodagi jandar-meriya podpolkovnigi Nikolas Velasko Simarro tomonidan berilgandi. U bu ishni sira ikkilanmay zudlik bilan amalga oshirdi – u Alba sulolasidan edi. Boz ustiga uning dilida jandarmeriya haqida qahrli satrlarni bitgan shoirga nisbatan zarracha shafqat bo‘lishi mumkin emasdi. Zero, xalq ularni boylarning sadoqatli yugurdaklari sifatida ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi:
Qo‘rg‘oshin qora manglay – Yuvmagan kiprigin yosh; Belida tarang kamar, Yuragi bamisli tosh. Kiftida eltar ular Yovuzlik xusumatin – Samum yanglig‘ qo‘rquvni, Sovuq tun sukunatin. Qochib bo‘lmas ulardan Biron-bir manzil sari, Yaltirab ko‘rinadi Miltig‘ining nillari.Gubernator Valdesning qaytishini kutmay, sobiq jandarm Lorkani Visnarga olib borishlarini buyuradi. 16 avgustdan 17-ga o‘tar kechasi tungi soat to‘rtlarda o‘q ovozlari yangraydi. Aytishlaricha, shoir yengil ich kiyimda bo‘lgan va sovuqdan dildirab turgan…
Bu qabohat Granadadan o‘n kilometrlar olislikda arablar davrida mashhur bo‘lgan Ayadamar (“Ko‘z yoshlar chashmasi”)da sodir etiladi. Bamisoli shoirning so‘zlari ro‘yobga chiqdi: “Ispaniya chashmadirkim. Unda o‘liklar hayvonlar kabi suv ichib yotadilar”.
Migel Kabalero o‘z guvohlari tilidan, shoir Gibson ko‘rsatgan joydan 400 metr narida ko‘milganini ta’kidlaydi va 2009 yilning oktyabr-noyabr oylarida olimlarning butun bir guruhi Lorka qabrini topishga, uni isbotlashga behuda urinadi. Irlandiyalik tadqiqotchi endi afsus bilan aytadiki, ular izlagan joy “juda cheklangan” bo‘lgan. Boshqalarning ta’kidlashicha, bu ish puxta tayyorgarliksiz, shoshma-shosharlik bilan amalga oshirilgan. Gibsonning fikricha, bu izlanishni yana qaytarish kerak. Biroq muvaffaqiyatli bo‘larmikin? Shoirning avlodlari uning xokini bezovta qilish kerak emas, deyishadi: minglab baxtsiz birodarlari orasida, mayli, bir ramz bo‘lib yotaversin.
“…Men tayyorman, ispan dehqonlari yeb tashlasinlar”. Lorkaning bu karomatli kalimasini shu yilning yanvar oyida Boston universiteti professori Kristofer Maurer AQSh Kongressi kutubxonasidan topdi. Bu “Shoir Nyu-Yorkda” dostoni qoralamasidan bo‘lib, o‘z davrida auktsionda 230 dollarga sotib olingandi. Qandaydir yo‘l bilan musiqa bo‘limiga tushib qolgan bu varaqqa hech kim e’tibor bermagan.
Har qancha iztirobli bo‘lmasin, shoirni jisman yo‘q qilishga garchi yuqori doiralarda qaror qilingan bo‘lsa-da, uning bevosita qotillari oddiy odamlar edi. Bil’aks, Lorka qalbida xalqqa nisbatan beg‘araz va samimiy muhabbatini har qancha ardoqlamasin, o‘zining johilligi bilan ajralib turadigan qadrdon shahri ahli tomonidan ro‘shnolik ko‘rmadi. Shuningdek, yer odami bo‘lgan oddiy dehqonlar ham fashizm xizmatidagi ongsiz, qalbsiz qo‘g‘irchoqlarga aylanib bo‘lgandi. Zero, shoir ularning nazarida jaydari xalqni yurak-yuragidan sevuvchi va she’riyatini uning qalbidan oziqlantiruvchi inson emas, gitarani yelkasiga tutgancha she’rlar to‘qib, qo‘shiqlar aytib yuruvchi “daydi laparchi” edi.
Nima ham qilardik, tarixdan qabih lavhalarni o‘chirib bo‘lmaydi.
“Literaturnaya gazeta”sining 2011 yil 31-sonidan olindi.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 10-son.
[1] F a l a n g l a r – Qadimgi Gretsiya, Makedoniya va qadimgi Rimdagi tish-tirnog‘igacha qurollangan piyodalarning qurch va metin saflari. (Tarj.)