Hisao Komattsu. Uch jadidchi va o‘zgargan dunyo

O‘rta Osiyo dashtlarida

Rus bastakorlaridan biri Borodinning “O‘rta Osiyo dashtlarida” nomli simfonik she’ri ruslarning O‘rta Osiyo haqida qanday tasavvurga ega ekanini juda teran ifodalagan asar sifatida dunyoga tarqaldi. Bu asar faqat O‘rta Osiyoning bepoyon dashtlarinigina emas, balki ekzotik ob-havosini ham batafsil jonlantirdi. Uning tarixiy o‘ziga xos jihati shundaki, asar butun Turkistondagi rus bosqinchilik harakatlari tugagan mahalda yozilgan edi. She’rning yozilishi bilan Turkistonning bosib olinishi orasida qandaydir bog‘lanish bor-yo‘qligi – bu boshqa bir tadqiqot mavzusi. Lekin u chor Aleksandr II hukmronligining 25 yilligiga bag‘ishlangan edi.

Bu she’r yozilgan 1880 yilda yosh yapon diplomati oldinroq ruslarning qo‘liga o‘tgan Turkistonga qarab yo‘lga chiqadi. Turkistonga birinchi marta oyoq bosgan bu odam Yaponiyaning Sankt-Peterburgdagi vaqtincha muxtor elchisi Nishi Tokujirou edi. U vataniga qaytishdan oldin Rusiya imperiyasining Osiyodagi siyosatini Turkistonda o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga qaror qiladi va Turkiston general gubernatori Kaufmandan sayohat uchun izn oladi. Tokioga qaytgach, Tashqi ishlar vaziri Inouye Kaoruga bergan sayohat hisobotida shunday yozadi:

“O‘rta Osiyo xalqi islom diniga qattiq bog‘langan. Inson nima qilsa ham, doimo islom kitoblaridagi amrlarga bo‘ysunadiki, bu hech o‘zgarmas dastur holiga keltirilgan. Hayotidagi biror ish aslo dasturdan chetga chiqmaydi. Shuning uchun bu dasturni o‘zgartirishning hech imkoni yo‘q. Ular zamonaviy shart-sharoit yoki ijtimoiy tuzumda biror qiyinchilikka uchrashsa, buni ham Allohning taqdiriga bog‘lashadi. Ovro‘pa madaniyatini O‘rta Osiyo jamiyatiga tatbiq etishning iloji bo‘lmasa kerak. Agar musulmon ziyolilari zamonaviy bilimlarni egallashsa yaxshi bo‘ladi, biroq O‘rta Osiyo xalqi hozirgi holida yashashi mumkin emas; bilimsizlik ularni boshqa xalqlar qo‘li ostida yashashga majbur qiladi”.

Evropa madaniyatini ko‘rgan Nishi fikricha, eski shariat dasturi asosida yashayotgan, dunyodagi har narsani Allohning qismatiga bog‘laydigan xalq uchun porloq kelajakni kutish ehtimol mumkin emasdir. Shubhasiz, o‘sha davrda O‘rta Osiyoga borgan har qanday xorijlik uning fikrini tasdiqlashi mumkin edi. Biroq o‘sha tarixiy muhit o‘rganilsa, O‘rta Osiyo hayotini qo‘lidan kelganicha o‘zgartirishga uringan shaxslar borligi ham ma’lum bo‘ldi.

 

Ismoilbey Gasprinskiy

Ma’lumki, XIX asrning oxiriga qadar Qrim yarim orolidan Kafkaz, Idil-Ural, Qozoq dashtlari va Turkistongacha cho‘zilgan Rusiyaning janubiy o‘lkalarida ko‘psonli musulmon aholisi yashar edi. Rusiya ichidagi musulmonlarning nufusi taxminan 20 millionni tashkil qilardi. U davrlarda Usmonli imperatorligida, ya’ni Anadoli va Bolqondagi musulmon aholi soni taxminan 15 million edi. Bu raqam qamrovi Rusiya musulmonlari son-sanog‘ining naqadar ulkan ekanini tasavvur qilishga yordam beradi. Ammo Rusiya musulmonlarining hayot tarzlari bir-biridan farq qilar edi. Chor imperiyasining Rusiya musulmonlari yerlarini dastlab egallagan –XVI asrdan XIX asrgacha bo‘lgan davrida ham bu xalqlar hayotida bir talay o‘zgarishlar bo‘ldi. Rusiya musulmonlarining uyg‘onishi va ularni birlashtirish yo‘lida faoliyat olib borgan shaxslarning eng mashhuri, albatta Ismoilbey Gasprinskiydir (1851–1914).

Boshlang‘ich ta’limni Boqchasaroyda olib, so‘ng Moskvadagi harbiy o‘quv yurtiga kirgan Gasprinskiy rus madaniyati bilan yaqindan tanishadi; o‘qishdan qaytib, bir muddat Parijda yashaydi (1872–1874). U yerda rus adibi Turgenev bilan tanishdi va shu jarayonda Yevropa madaniyatini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Parijdan vataniga qaytishda Istanbulga borgan Gasprinskiy g‘arblashish harakatiga tushgan Usmonli davlatining hayotini ko‘rdi. Bu hayotiy tajribalar unga faqat Rusiya musulmonlarining emas, balki butun islom dunyosining ijtimoiy muammolarini tahlil etishga imkon berdi. Ismoilbey Gasprinskiy bu to‘g‘ridagi asosiy qarashlarini 1881 yili yozgan “Rusiya musulmonlari” nomli ruscha asarida ochiq bayon qildi. Undagi eng muhim fikrlarni quyidagicha umumlashtirish mumkin:

“Rusiya erta yo kech Osiyodagi turk musulmonlarini qo‘shib olish bilan o‘z hududlarida juda katta musulmon jamoatiga ega bo‘ladi. To‘g‘ri, Rusiya Osiyoni madaniylashtirishdek ulkan bir vazifani o‘z oldiga qo‘ydi. Biroq shu kungacha musulmonlarga soliq va xavfsizlik ishlaridan boshqa hech marhamat ko‘rsatgani yo‘q, ularni butunlay o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Shu sabab musulmonlar kambag‘al va savodsiz holda qoldi; ularga nisbatan paydar-pay azob va zulmlar hali ham to‘xtagan emas. Musulmonlar bilan ruslar o‘zaro ma’rifatsizlik va ishonchsizlik tufayli taxminan yuz yillardan beri biri-biridan uzoqlashmoqda. Rus yozuvchilari ko‘p yillar bu masalani islom dinining boshqa dinlarga dushmanligi bilan izohlashga intildilar. Ammo haqiqatda ayb islomiyatda emas. Bu muammo Rusiya musulmonlariga qarshi olib borilgan adolatsiz siyosatning hozirgacha davom etishi bilan izohlanadi. Majburiy ruslashtirish siyosati bilan an’analariga sodiq musulmon jamiyati to‘qnashib, natijasi Polshada bo‘lganidek muvaffaqiyatsizlik bilan tugashiga shubha yo‘q. Foydali siyosat esa, AQSh va Finlandiyada tatbiq etilgan millatlararo tenglik yoki muxtoriyat tamoyillariga tayanib yashash tizimidir. Rusiya davlati musulmonlarning o‘troq tilida umumiy ta’lim olishiga, bilimsizlikdan qutulishi va madaniy uyg‘onishiga yordam berishi lozim. Eskidan Sharqdan G‘arbga o‘tgan madaniyat endi G‘arbdan Sharqqa qaytadan o‘ta boshladi. Bu jarayonda Ruslar va musulmonlar eng yaxshi namuna bo‘ladilar”[1].

Xo‘sh, ruslar bilan musulmonlarning birga yashashi qanday yo‘lga qo‘yilishi mumkin? Bu haqda Rusiya musulmonlari orasida birinchi bo‘lib Gasprinskiy so‘z ochdi. U Rusiyaning O‘rta Osiyoni egallashi muqarrar ekanini aytdi hamda Yevropa bilan Rusiyaning ilg‘or madaniyatini tan oladi. Ayni damda Rusiya musulmonlari uchun madaniy muxtoriyat g‘oyasini ilgari suradi. Darhaqiqat, bu yo‘lda Gasprinskiy ishni ta’lim tizimini yangilashdan boshladi. Ma’lumki, u 1884 yili yurti Boqchasaroyda usuli jadid maktabi deb atalgan, ona tili va zamonaviy ta’lim usullari bilan ta’minlangan namunali maktabni ochadi. Din va axloq darslari ustuvor bo‘lgan an’anaviy maktablarga qiyoslaganda, bu maktabda avval o‘qish va yozish o‘rgatiladi, keyin boshqa fanlarga e’tibor beriladi. Bunday jadid maktablarining kelajagiga juda katta umid bog‘landi. Tatar burjuaziyasi XIX asrning oxirlaridan boshlab, Rusiya bilan O‘rta Osiyo orasidagi o‘zaro tijoriy hamkorlikka xizmat qildi. Shu bilan birga O‘rta Osiyoga kelgan tatar tujjorlari XX asr boshlarida Turkiston shaharlarida ham usuli jadid maktablarining maydonga kelishiga ko‘maklashdi. Bartold fikricha, qisqa bir vaqtdan keyin jadid maktablari Turkistondagi rus idorasiga qarashli mahalliy rus maktablari (Russko-tuzemnaya shkola) bilan raqobat qila boshladi[2]. Buxorolik ziyoli Sadriddin Ayniy fikricha, usuli jadid maktabini yaqindan o‘rganish uchun islohatchilar tashkil etgan “Buxoroi sharif” shirkati tomonidan Hamid Xoja va yosh Usmon Xoja 1909 yilda Boqchasaroyga yuboriladi[3].

Usuli jadid maktabining muhim xususiyatlaridan biri Rusiya musulmonlari orasida mushtarak – o‘rta tilni yoyish va amalda qo‘llash edi. Bunday mushtarak yozuv tili, ortiqcha na arabcha na-da an’anaviy adabiy tillar, ya’ni forscha yoki chig‘atoycha bo‘lmay, balki zamonaviy usmonlichaning juda soddalashtirilgan o‘rta turkcha tili edi. Bunday o‘rta til tushunchasi o‘sha davrda tarqalgan panislomchi mafkurasining ta’sirida maydonga keldi. Ammo Rusiya musulmonlarining ko‘pchiligi turkiy tillarda gaplashgani, o‘rta turkchaning usmonlichaga asoslangani va zamonaviy madaniy tushunchalarning juda oson singishiga yo‘l ochishi, shuningdek, Rusiya ichidagi musulmonlarning istaklarini yuzaga chiqarish uchun birlashish zarurati ko‘z oldiga keltirilsa, umumiy til tushunchasi Gasprinskiy uchun g‘oyatda tabiiy harakat nuqtasi bo‘la oladi. Bu umumiy tilni Gasprinskiy 1883 yili chiqa boshlagan “Tarjimon” gazetasida ham qo‘lladi va Rusiya musulmonlarining ma’rifatli bo‘lishi hamda turkchilikning uyg‘onishida katta xizmat qildi. “Tilda, fikrda va ishda birlik”, bu – “Tarjimon”ning asosiy shiori edi.

Usuli jadid maktabini tashkil etgan va musulmonlarning turg‘unlashib qolgan jamoalarini uyg‘otgan ziyolilar “jadidchi” deb ataldi. Ammo an’analar hamda shariatga sodiq, shuningdek, odamlar orasida juda obro‘li bo‘lgan mutaassiblar fikricha, jadidlar islom asoslariga qarshi chiqqan kofirlar sanalar edi. Bundan keyin musulmon jamoati ham jadid va qadimchi bo‘lib ikki guruhga bo‘lina boshladi. Boshqa tomondan rus rasmiylari ham jadidchi harakatlarining ichida imperatorlik butunligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi panislomchilik va panturkchilik unsurlari borligini seza boshlashdi. Jadidona harakatlar Turkiya ta’sirida bo‘lgan uchun Rusiya ichkarisiga kirishga izn berilmas edi. 1898 yili ko‘tarilgan Andijon qo‘zg‘oloni haqida chor Nikolay II ga raport yuborgan Turkiston general gubernatori general Duxovskiy shu tahlikalarni bayon qilarkan, “maktab ishlarini o‘z qo‘li bilan boshqargan va Rusiya musulmonlari orasiga turkcha ma’lumotlarni yoymoq uchun har turli da’vatlar qilgan” tatar panislomchilari borligini ham unutmadi. Hatto Duxovskiy tatar panislomchilarining rus jamoatchiligini aldashga uringan safsataboz ekanini aytadi. Tatar panislomchilari esa “islomning boshqa dinlarga qarshiligi va taraqqiyotga to‘siqligi haqidagi ruslarning da’volariga bosh sabab ularning shariat va islomning asl mohiyatini yaxshi bilmaganlari”, deb ko‘rsatadi. Duxovskiy bu talqinlarni batamom rad etadi[4]. Duxovskiy aytgan panislomchilarning yetakchi-sardori Gasprinskiy ekaniga shubha yo‘q. Zotan jadidlar harakati har doim ikki taraflama tazyiqqa uchradi. Ammo bu harakatlar keyinroq, ya’ni rus inqilobi yillari maydonga kelgan yosh musulmon ziyolilarining yetishib chiqishida katta rol o‘ynadi.

Gasprinskiy Rusiyaning janubidagi musulmonlarga nisbatan o‘ziga xos qarashlarga ega edi. Shu jihatdan Rusiya bilan islom dunyosining birga yashashi to‘g‘risida rus tilida yozilgan “Rus-sharq shartnomasi” nomli maqolasi juda muhim. Undagi qarashlarni quyidagicha umumlashtirish mumkin:

Rusiya ham, islom dunyosi ham Sharq va G‘arbdan kelayotgan jiddiy tahdidlarga duch kelmoqda. Aholisi jihatidan ko‘psonli Sharq xalqlari Rusiya va islom dunyosiga qarab rivojlana boshladi. Yaponiyadek tanilmagan kichik mamlakat Chin-Yapon urushida g‘alaba qozondi; kelgusida Chin ham tez o‘sishi mumkin. Boshqa tomondan Ovro‘pa bosqinchi kuchlari Rusiya hamda islom mamlakatlariga bostirib kirib, avvalgi Rusiya-Turkiya urushida bo‘lganidek, ustalik bilan ikki davlatni bir-biriga qarshi qo‘yadi. Bosqinchi o‘z mavqe va manfaatini mustahkamlashga harakat qiladi. Agar bularga qarshi Rusiya va islom davlatlari o‘zaro siyosiy, iqtisodiy va harbiy shartnomalar tuzsa, keyingi manzara qanday bo‘ladi? Rusiya urushga qatnashmay tinch yo‘l bilan janubga surilsa, islom davlatlari Ovro‘pa kuchlarining aralashuviga yo‘l berib, o‘z o‘lkalarida kelishuv va yangilash ishlari bilan shug‘ullanadi. Rusiya bilan islom davlatlari orasida iqtisodiy tafovut bor. Lekin bu farq musulmonlarning iqtisodini yo‘qqa chiqaradigan darajada katta emas. Ovro‘pa kuchlari Rusiya bilan islom davlatlari orasidagi bunday himoya shartnomasiga qarshi chiqishi mumkin. Ammo Haramayn himoyasiga kuchi yetmay qolgan islom davlatlari uchun bu shartnoma hozir Qizil dengizgacha egalik qilgan Angliyaga qarshi o‘ylashga arziydigan muqobil hujjat sanaladi[5].

Shu ma’noda Gasprinskiy XIX asr adog‘idagi xalqaro munosabatlar masalasida Rusiya bilan islom davlatlarining o‘zaro hamkorligini ma’qul ko‘rdi. Bir qarashda uning bu taklifi to‘g‘ri kelmaydigandek ko‘rinadi. Biroq taklifning optimizm-nekbinlik ruhi bor. Haqiqatda esa, 1907 yilda Angliya va Rusiya o‘zaro Eron va O‘rta Osiyoni taqsimlab olish bo‘yicha tarixiy shartnoma tuzishadi va oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Rusiya o‘z harbiy kuchlari bilan Erondagi Mashrutiyat inqilobi ishiga aralashadi. Aslida Gasprinskiy fikri islom dunyosi yo‘liqadigan jiddiy tahlikalardan qutulish va ular bilan kelishish strategiyasini izlagan bir jadid ziyolisining o‘sha zamonda chiqargan xulosasi edi. Gasprinskiyning nekbinligini tanqid etishdan ko‘ra, balki bunday juda muhim qarashning ahamiyatini o‘ylab ko‘rish lozimdir. Ayni damda Gasprinskiyning yuz yillardan beri davom etgan Rusiya bilan Turkiya orasidagi to‘qnashuvdan zulm ko‘rgan qrimli tatarlardan ekanini ham esdan chiqarmaslik kerak. Uning fikrlariga keyingi tarixiy davr nazaridan qaralsa, to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lish mumkin. XX asrda Sharqiy Turkiston o‘lkasiga juda ko‘p Xitoy ko‘chmanchilari joylashdi va hozirgi davrda o‘sha o‘lkadagi xitoylik aholi turkiy xalqqa nisbatan ko‘pchilikni tashkil etadi.

Gasprinskiy o‘z vaqtida faqat Rusiya musulmonlarining emas, balki butun islom dunyosi birligini orzu qildi. Masalan, 1907 yili Qohiraga borganida, turg‘unlik hukm surgan islom dunyosini jonlantirish uchun musulmon ziyolilarini birlashishga chaqirdi. Bu da’vat yaxshi natija bermadi. Chunki Gasprinskiyning turkchilik fikri yonida panislomchilik tushunchasi ham bor edi. Umuman ruslar bilan musulmonlarning birga yashashiga ishongan Gasprinskiyni Yevroosiyo ziyolilari qatoriga qo‘shish mumkin. Balki bu fikrlarga faqat biryoqlama yondashish to‘g‘ri emasdir.

 

Abdurashid Ibrohim

Rus-Yapon urushi izidan kelgan 1905 yildagi ijtimoiy-siyosiy notinchliklar chorizm tuzumini tahlikaga soldi. Endi shu davrgacha jim turishga majbur bo‘lgan Rusiya musulmonlari orasida siyosiy harakatlar yuzaga kela boshladi. Tatar ziyolilari tashabbusi bilan o‘tkazilgan va Gasprinskiy ham qatnashgan Rusiya musulmonlari kongressi shunday harakatlardan biri sanaladi. Xususan, 1906 yili Nijniy Novgorodda bo‘lib o‘tgan uchinchi kongressga 800 yaqin odam to‘planadi. Unda “Ittifoq” nomli ilk siyosiy tashkilot Nizomi qabul qilindi hamda ikkinchi Duma (Rusiya parlamenti)da Musulmon fraktsiyasi tashkil etiladi. Uchinchi kongressda ko‘proq diniy va madaniy muxtoriyat masalalari muhokama qilinadi.

Bu tarixiy davrda Gasprinskiy bilan birga Rusiya musulmonlarining siyosiy va ijtimoiy harakatlariga yetakchilik qilgan tatar jurnalisti Abdurashid Ibrohim (1857–1944) e’tiborni o‘ziga tortadi. G‘arbiy Sibirning Tobolsk viloyatida tug‘ilgan Ibrohim yoshligida Madinaga o‘qishga ketadi; vataniga qaytgandan keyin Ufadagi Rusiya Musulmonlari diniy idorasiga qozilikka tayinlanadi. Rusiya hukumatiga sodiq qolgan va o‘z yo‘lini topa olmagan xodimlaridan nafratlanib, qisqa bir vaqtdan keyin o‘z vazifasidan ketadi. So‘ng Ovro‘pa shaharlari va Istanbulga sayohat qiladi. 1895–1900 yillar orasida “Cho‘lpon yulduzi” va “Rusiyada musulmonlar” nomli asarlarini chop ettiradi[6]. Har ikki asar ham Rusiya musulmonlariga nisbatan tatbiq etilgan ruslashtirish siyosatini ochiqcha tanqid qilgani bilan shuhrat qozondi. Gasprinskiydan farqli o‘laroq, rus idorasini qattiq tanqid ostiga olgani uchun Ibrohim bir muddat Odessa qamoqxonasiga tashlanadi. U birinchi rus inqilobi yillari jiddiy ijtimoiy-siyosiy faoliyat olib boradi. Keyinchalik, ikkinchi jahon urushi yillaridagi AQShning xufiyalari tomonidan tayyorlangan “Rusiya va uning atroflaridagi musulmonlarga qaratilgan yaponlarning tashabbuslari” nomli hisobotda berilgan ma’lumotga ko‘ra, Ibrohim rus-yapon urushi yillari Rusiyaga qarshi isyon tayyorlagani bilan tanilgan yapon askari Akashi Motojiro bilan ham yaqin aloqada bo‘ladi[7].

Abdurashid Ibrohim 1907 yilda “Avtonomiya yoki muxtoriyat boshqaruvi” nomli risola yozadi. “Rusiya hukumati hozirgi ahvolda avtonomiya va muxtoriyat boshqaruvni qabul etmasa ham, oradan 20 yil o‘tib qabul qilishi muqarrardir”[8] deb ta’kidlanadi unda. Mazkur asarda muxtoriyatning nima ekani musulmon o‘quvchilarga batafsil tushuntiriladi. Unga ko‘ra, qozoq dashtlari va Turkiston kabi musulmonlar ko‘p yashaydigan o‘lkalarga yerli muxtoriyat Rusiya ichkarisida yashagan va nisbatan ozchilikni tashkil etadigan tatarlar hamda boshqirdlarga diniy-madaniy muxtoriyat munosibdir. Kelajakda Rusiya federal davlat bo‘lishini ma’qullagan Ibrohim oradan 10 yil o‘tib, fevral inqilobidan keyin to‘plangan Butun Rusiya musulmonlari kongressida muhokama mavzusiga aylangan juda muhim masalalarni o‘rtaga tashlaydi. Ammo “Muxtoriyat” risolasi Ibrohimning Rusiyadagi siyosiy harakatlari haqida yozgan oxirgi asari bo‘lib qoldi. Chunki yangi bosh vazir Stolipinning musulmonlarga qarshi boshlagan reaktsion siyosati bundan keyin hech bir milliy xatti-harakat uchun ruxsat bermadi. Rusiyadagi siyosiy faoliyatini tashlashga majbur bo‘lgan musulmon ziyolilarining ko‘pi, ikkinchi Konstitutsiyaviy inqilobga erishgan Turkiya davlatiga ko‘chib o‘tadi. Faqat Ibrohimgina avvaldan rejalashtirib yurgan Ovroosiyo bo‘ylab sayohatga chiqadi. 1907 yil oxiridan 1908 yil boshlarigacha Turkistonni kezgan Ibrohim, bu yerda mustamlakaning achchiq asoratlarini, shuningdek, Rusiya hukumati qo‘li ostidagi musulmonlarning og‘ir ahvolini ko‘rdi. Ba’zi masalalarda Nishi bilan Ibrohimning qarashlari uyg‘un keladi. Abdurashid Ibrohim yosh musulmonlar orasidagi uyg‘onish harakatlaridan mamnun bo‘ladi. Buxoroning ahvoli to‘g‘risida esa shunday yozadi:

“Tolibi ilmlar bilan juda ko‘p marta gaplashdim, ularning iste’dodiy fitratini sinab ko‘rdim. Qisman Buxoro talabalari zamon talablariga javob beradi. Men u yerga borganimda, Rusiyaning Kogon (Yangi Buxoro)dagi ma’murlari Buxoroning ba’zi saroylarini taftish qila boshlashdi. O‘sha kuni atrofga zararli varaqalar tarqatilgan va ba’zi ko‘chalarga ommaning fikrini o‘zgartiradigan qog‘ozlar yopishtirilgan emish[9].

Ibrohim safar kunlarida Buxoro jadidlari bilan so‘zlasharkan, uning harakatlari rus ma’murlari diqqatini o‘ziga jalb etadi. Xufiyalarning 1912 yil 16 iyun kungi ma’lumotida yozilishicha, Rusiyaning Turkistondagi oxrankasi Ibrohimning Turkistonga safaridan tashqari, u bir o‘g‘lini Yaponiyaga o‘qishga yuborganini ham bilar edi[10].

Turkistondan keyin Sibir va Manjuriyaga o‘tgan Ibrohim 1909 yil fevral oyida Vladivostokdan paroxod bilan Yaponiyaga boradi. Nima sababga ko‘ra Yaponiyaga borib, u yerda yarim yil qolib ketadi? Bu savolga Abdurashid Ibrohimning o‘zi yapon gazetasiga shunday javob beradi:

“Yaponiyaga kelishimning asl sababi Yaponiya turmushidagi o‘ziga xosliklarni o‘rganishdan iborat. Ochiq aytsam, rus-yapon urushiga qadar Yaponiya haqida deyarli hech narsa bilmas edim. Ammo urushda Yaponiya erishgan g‘alaba meni shu qadar ta’sirlantirdiki, bu mamlakatni ko‘rishga qaror qildim. Xuddi chiqayotgan quyosh kabi kun sari yuksalayotgan Yaponiyadan juda ko‘p narsalarni o‘rganish mumkinligiga ich-ichimdan ishonardim. Biz tatarlarning Rusiya qo‘li ostida yashayotganimizga 450 yildan oshdi. Bu orada rus hukumati qo‘llagan zulmlarni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Ular tatarlarga o‘z tarixlarini o‘rganishga yo‘l bermadi. Hukumat tatarlarning ta’lim olishidan hozir ham manfaatdor emas. Masalan, o‘tgan yillar ichida tatarlar ochgan maktablardan 15 tasi chor hukumati tarafidan yopildi. Bu misoldan vaziyat har kimga ayon bo‘lsa kerak. Takror aytamanki, ovro‘palilar osiyoliklardan nafratlanadi. O‘zining shon-shuhratli davrlarida Turkiya yuz milliondan ko‘p aholiga ega edi, hozir esa o‘n millionga tushib qoldi. Bu ham Turkiyaning osiyolik irqqa mansubligi hamda ovro‘paliklarning Turkiyaga qarshi bosqinlari natijasidir. Shuning uchun Osiyo mamlakatlari o‘zaro birlashib, Ovro‘pa davlatlariga qarshi turishlari kerak, deb hisoblayman. Bunday birlik Osiyo mamlakatlarining o‘z himoyasi e’tiboridan bag‘oyat muhim siyosat sanaladi. Yaponlar bizga yo‘lboshlovchi bo‘lishi mumkin; kelajakda sizlarga o‘quvchilar yuborishni istaymiz. Tatarlarning mustaqillikka erishishi birdan amalga oshishi mumkinmi? Bunday bo‘lishi mumkin emas. Ammo dunyo tuzumi tez o‘zgaradigan bo‘lsa, ya’ni dunyodagi yetakchi kuchlar muvozanati buzilsa, bunday vaziyatda tatarlar ham kutilmagan mustaqillikka chiqishi mumkin, deb hisoblaymiz[11].

Urushda g‘alaba qozongan Yaponiyaning kuchi va taraqqiyotini ko‘rgan Ibrohimning strategiyasiga ko‘ra, Ovro‘pa jahongirlari qo‘l ostida bo‘lgan Islom dunyosi Yaponiyadan foydalanishi kerak edi. U ba’zan G‘arbning kelajagi “kun botish” bo‘lar ekan, Yaponiyaniki “kun chiqish” bo‘ladi, deb tasavvur etadi. Yamato-damashii kabi yapon millatchiligiga xos milliy ruh va axloqni maqtagan Ibrohimning ba’zi so‘zlari keyingi Meyji davri yapon osiyochilari va millatchilari e’tiborini o‘ziga tortadi. Yaponcha tarjimasida “tatarlar” deb ko‘rsatilgan Rusiya musulmonlarining ilg‘or ziyolilaridan hisoblangan Abdurashid Ibrohimning so‘zlari Yaponiya odamlari uchun ham juda ishonarli edi. Xususan, uning panislomizmga tayanib taklif etgan Osiyo ittifoqi tushunchasi yapon millatchilari ilgari surgan g‘oyalarga ancha yaqin edi. Ibrohim qisqa bir vaqt ichida Oukuma Shigenoku (1832–1922, sobiq bosh vazir) va Inikai Tsuyosi (1855–1932) kabi davlatning yetakchi odamlari bilan aloqa bog‘laydi. Shu orqali Yaponiya davlat odamlari, harbiylar va millatchi ziyolilarning diqqatini islom dunyosiga tortishga intildi. Bu aloqalarning oxirgisi o‘laroq Tokioda “Osiyo Giaki” (Osiyo quvvai jomeasi) nomli bir jamiyat tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Tashkilotchilar rejasiga ko‘ra, bu jamiyat g‘arbning sharqqa istilochilik harakatiga qarshi Osiyo himoya harakatlarining markazi bo‘lishi lozim edi. Ancha oldin ma’lum qilganimizdek, Gasprinskiy Rusiya bilan bo‘lajak birlikdan gap ochgan bo‘lsa, Abdurashid Ibrohim Yaponiya bilan bo‘lajak birlikni afzal ko‘radi[12].

Ammo Ibrohim strategiyasining boshqa tomoni ham bor. Dunyo sayohatidan keyin yozgan “Olami islom” asari mazmuniga ko‘ra, uning Yaponiyani ham islomlashtirish niyati bo‘lgan ekan. Darhaqiqat bu asarning birinchi bo‘limi “Yaponiyada islomning yoyilishi” deb ataladi. Muallif fikricha nomusli, sog‘lom axloqli va oddiy turmushni sevgan yaponlar birgina musulmonlikni qabul qilishsa, bas, boshqa barcha fazilatlar ularda yetarli. Garchand o‘zi siyosiy va iqtisodiy jihatdan buning imkoni yo‘qligini, yaponlarning islomni qabul etishi ilojsizligini tushunsa ham, sodiq ittihodi islomchi o‘laroq islom dunyosi bilan Yaponiya orasidagi aloqalarni kuchaytirish uchun yaponlarning islom diniga kirishiga umid bog‘lagan edi. Boshlab Tokioda birinchi jome masjidini qurish, keyin esa Istanbuldagi xalifalik bilan bog‘lanish – bu Ibrohim rejasidagi ikkinchi qadam edi.

Abdurashid Ibrohim 1910 yilning martida Istanbulda sayohatini tugatadi. U Bombaydan o‘ziga hamroh bo‘lgan ilk yapon hojisi Yaamaoka Koutaroi bilan birga “Rossiya musulmon talabalari” jamiyati uyushtirgan konferentsiyaga taklif qilinadi. Anjumanda “Osiyo Gikai”ning porloq kelajagi haqida otashin nutq so‘zlagan Ibrohim tinglovchilarning davomli olqishlariga sazovor bo‘ladi[13]. Ular orasida balki Fitrat kabi Buxorodan kelgan yosh ziyolilar ham o‘tirgandir. Birozdan keyin Ibrohim chiqargan “Taorufi muslimin” jurnalida Fitratning maqolasi bosiladi[14]. Ayniqsa, “Olami islom” asaridan ta’sirlangan Mehmet Akif “Yaponlar” degan bir she’r yozadiki, bu ham turklar orasida yapon millati ma’naviy qiyofasini tasavvur qilishda katta ahamiyat kasb etadi. Biroq Ibrohimning Yaponiya bilan xalifalik orasida bog‘lanish haqidagi o‘ylari orzuligicha qoldi – natija bo‘lmadi. Hokimiyat tepasidagi yosh turklar islomchilikdan ko‘ra ko‘proq turkchilikka urg‘u berishdi. Shuning uchun Usmonli davlat odamlari Yaponiya siyosatini kun tartibiga qo‘yishga ehtiyoj ham sezishmadi. O‘sha kunlarda Ibrohimni rasman qabul etgan sobiq sadria’zam Komil Posho unga shunday deydi: “Xojam, biroz kechikibsiz, Aziz davrida kelsangiz, katta iltifotlar ko‘rar edingiz. Jannatmakon u zot bunday masalalarni juda yaxshi ko‘rardi. U davrda dengiz flotimiz ham kuchli qudratga ega edi. Marhum Aziz siz kabi bir odamni atay qurollantirib yuborardi. Hamid ham bir ilmiy hay’atni yubormoqchi bo‘lgan edi. Bizning Erturg‘uldan omad yuz o‘girdi. Bunday ishlarni Hamid juda yaxshi ko‘rar, biroq qudrati yo‘q edi”[15].

Bu gapdan Ibrohimning ko‘ngli ranjidi; iloj qancha, u o‘zining panislomchilik harakatlarini oxiriga yetkaza olmadi. Hayotining so‘nggi yillarida yaponlar tomonidan chaqirib olingan Abdurashid Ibrohim Tokioda vafot etdi. Vafotidan bir necha yil oldin Ibrohimdan yosh bir yapon arabcha o‘rgandi. Qisqa muddat Tokioda yashagan tatar jadidi Muso Jorulloh Begiydan islom bo‘yicha xususiy darslar olgan bu yosh yigit – kelgusida islom tarixi bo‘yicha dunyoga taniladigan professor Izutsu Toshihiko edi. Shouva davri Yaponiyasi bilan Ibrohim orasidagi aloqalar boshqa bir tadqiqot mavzusi bo‘la oladi.

 

Abdurauf Fitrat

XX asr boshlarida Turkiston shaharlarida ham usuli jadid maktablari ochildi. 1911 yilda Istanbulga o‘qishga borgan yosh buxorolik jadid Abdurauf Fitrat “Munozara” nomli forscha adabiy asar yozdi. Bu asar o‘sha davrda usuli jadid maktablarining zarurati hamda buxorolik islohotchilar bilan qadimchilar o‘rtasidagi tortishuvlarga nuqta qo‘yish uchun yozilgan edi; asar faqat Buxorogagina emas, balki butun Turkistondagi jadidlar harakatiga ruh va kuch berishi bilan mashhur bo‘ldi[16].

“Munozara” O‘rta Osiyodagi islom ilm markazi Buxoroi Sharifdan hajga ketmoqchi bo‘lgan buxorolik mudarris hamda u bilan Hindistonda tanishgan bir ovro‘polining musulmonlar dunyosining holati, shuningdek, Buxorodagi ta’lim islohoti haqidagi suhbatlaridan iborat. Yozuvchining niyati Buxoro musulmonlarini jaholatdan qutqara oladigan aniq yo‘l – bu ta’lim islohoti ekanini teran tushuntirish edi. Uning falsafasi kitobning so‘ngso‘zida kelgan bir ruboiyda shunday ifodalanadi:

Kufrning jamiyati parishonligimizdan,
Bo‘htonning obodligi esa vayronligimizdan,
Islomning o‘zi hech o‘zgarmasdir,
Endi bo‘lgan har ayb biz musulmonlardan[17].

Bu ruboiy biroz farqli tarzda buxorolik sayyoh, tujjor va tabib Mirzo Sirojiddinning “Safarnomai To‘hafi ahli Buxoro” (Kogon-Yangi Buxoro. 1912) nomli forscha sayohatnomasida ham bor[18]. Muallifi noma’lum bu ruboiy o‘sha zamondagi Buxoro jadidlari orasida juda keng tarqalgan edi. “Munozara” asarida Fitrat Abdurashid Ibrohimning ishlarini ham eslab o‘tadi:

“No‘g‘oy(tatar)lardan Abdurashid Ibrohim ittihodi islom yo‘lida yolg‘iz 12 rubl bilan uyini tark etib, to Chin va Yaponiyaga qadar sayohat qildi. Yaponiya poytaxti Tokioda bir qancha yapon ziyolisining islomni qabul qilishiga sabab bo‘ldi. Hatto bir islom jamiyati tuzishga erishadi. Xo‘sh, bular islomga xizmatdan boshqa nima bo‘lishi mumkin? Ayniqsa, jiddiyatlari bilan tog‘larni titratgan yapon vazirlaridan ba’zilari bo‘sh vaqtlarini xalq ta’limiga bag‘ishlagan ekan. Ular ham (buxorolik mudarrislar kabi) maktablar ochib, bolalarni o‘qitgani uchun hech kimdan pul olmas ekanlar. Balki o‘z pullarini ta’lim uchun sarflar ekanlar”[19].

Fitrat Abdurashid Ibrohimning xizmatlarini e’tirof etadi. Ayni choqda asrlardan qolgan o‘z obro‘siga tayangan va butunlay manfaatli ishlar bilan shug‘ullangan buxorolik mudarrislarni tanqid qiladi.

Turkistondagi jadidchilik harakatlari 1917 yilda rus fevral inqilobidan keyin tom ma’noda buyuk bir taraqqiyotga yuz tutdi. Turkiston ziyolilari bu davrda chorizm mustamlaka siyosatining tugashiga va muxtoriyatga erishish uchun yo‘l ochilishiga umid qildilar. Haqiqatda bu inqilob Turkiston musulmonlariga o‘sha davrgacha tasavvur qilib ko‘rilmagan bir siyosiy mustaqillik taqdim etdi; shu tufayli juda ko‘p musulmon gazeta va jurnallari nashrdan chiqdi. Ayni damda “Sho‘roi islomiya” va “Turk adam markaziyati” (Federalist) partiyasi kabi siyosiy uyushmalarning ishlari ham rivojlana boshladi[20].

Afsuski, muxtoriyat harakatlarining rivojlanishiga mustamlaka tuzumidan qolgan bir qancha siyosiy kuchlar katta to‘siq bo‘lardi. Umuman olganda boshqaruv va harbiy ishlardan chetda qolgan musulmonlar ichida muxtoriyatga tayyorgarlik yo‘q edi. Shuningdek, musulmon jamoalari ham ichidagi ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar tufayli turli guruhlarga bo‘linib ketdi. Ular zulmga qarshi tura olmadilar, birlikka ham erishishning imkoni bo‘lmadi. U davrda Fitrat yozgan asarlarda tarixiy qahramon Amir Temur kimligini tez-tez esga olinishi tasodif emas. Turkiston musulmonlariga birlik da’vatida bo‘larkan, Temur birlik uchun eng munosib namuna edi. 1916 yil qo‘zg‘olonida ko‘ringan mustamlakachi ruslar bilan musulmonlar orasidagi ishonchsizlik va dushmanlikka to‘la aloqalar ham birdamlik uchun to‘siq edi. Rusiya Oktyabr inqilobidan keyin 1917 yil 27 noyabrida e’lon etilgan Turkiston muxtoriyatini mamnun kutib olgan Fitrat “Turkistonda ruslar” nomli maqolasida shunday yozadi:

“Bizning Turkistonimiz esa mana shu buyuk turk ulusining beshigi bo‘lmog‘i bilan iftixor qildi….”. Yolg‘iz shumi? Abbosiylardan so‘ng islom saltanatiga qorovullik qilgan turk xoqonlarining oxiri va ulug‘laridan bo‘lgan Temur yanglig‘ turk qahramonini Turkiston yetishtirdi. Yana abbosiylardan keyin “madaniyati bashariya”ni boshlari uzra ko‘targan turk olimlarining kattakonlari bo‘lgan Abu Ali, Ulug‘bek, Javhariy va Forobiy kabi hikmat tirgaklarini Turkiston chiqardi.

Aflotunlar chog‘inda Afina, Rumo saltanatida Rumo, abbosiylar xulofotinda Bog‘dod qancha taraqqiy qilgan bo‘lsa, Temur va Ulug‘bek zamonida Samarqand shuncha taraqqiy qilgan edi.

Bir kishining miyasig‘a chog‘irning qanday ta’siri bor esa, bir millatning miyasig‘a daxi saltanat va madaniyat ichkusining shundayin ta’siri bordir. Saltanat, boyliq va madaniyat ichkulari bizning miyamizni buzdi, bizni mast etdi, qo‘limizdag‘i saltanat qilichi bilan madaniyat daftarini bir yong‘a qo‘yib safoat cholg‘ularini olduq. Urdik, choldik, ichdik, yiqildik, yondik va shunlar uchun bir-birimiz bilan urushdik…

Mana shu chog‘lar edikim, Rusiya davlati bizning o‘lkalarimizni kelib bosdi. Ortuq biz Turkiston turklari Ovro‘po madaniyati tashuvchi bo‘lgan rus millatiga yo‘liqqan bo‘ldik. Madaniy ruslar bilan qorishib unlarning dalolati Ovro‘poning madaniy va ijtimoiy usullaridan ta’sir olmog‘imiz kerak edi. Ruslarning o‘qigan, tarbiyali kimsalaridan sotsializm va qardoshlik maslagida yurgan ham imperatorlik hukumati tarafidan quvilib, qisilib turganlari uchun bizga biror ta’sir qo‘yolmas edilar.

Qoldi: rus millatchilari, rus boylari va rus po‘plari bilan shunlarning qorovuli bo‘lgan imperator hukumati.

Yurtimiz ellik yillik bir idorayi askariya ostida turdig‘i uchun biz Ovro‘paning madaniy millatlari bilan ko‘risha olmadik, unlarning ijtimoiy va iqtisodiy fikrlarindan istifoda qilolmadiq. Bizning ko‘zlarimizni ochdurmaslik uchun fikri ochiq tatar qardoshlarimizning daxi Turkistonda maktab ochmoqlari man’ etildi…

Mahkamalarda, uylarda, yo‘llarda, tijoriy ishlarda, hatto vagon arbalarida Turkiston yerlisining huquqi Turkiston musofirlari bo‘lgan rus va armanidan tuban tushirildi.

Buxoro va Xiva hukumatlarining doxili istiqlollarig‘a, milliy nomuslarig‘a turli bahonalar bilan tajovuzlar qilindi.

Ellik yildan beri shundayin haqsizliklar va zulmlar orasida bo‘g‘ilib kelgan Turkiston bu kun o‘z muxtoriyatini Ho‘qandda e’lon qildi. Ho‘qandda ijmo’ etgan Turkistonning to‘rtinchi qurultoyi o‘z bayonnomasinda “Fedaratsa asosig‘a qurulg‘an Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolg‘an holda Turkiston muxtoriyati” degan so‘z yozib, rus hukumatiga sodiq qolig‘ini bildurdi.

Shuning ila barobar “Turkistonda aqliyat tashkil qilgan millatlarning huquqlarining har jihatdan saqlanmog‘i ham tantanali suratda” e’lon etilib, adolat bayrog‘ini ko‘tardi…

Bilmadik nechundurkim, hozirda ish boshinda adolatchi bolsheviklar muni qabul qilmay turalar!”[21]

Ma’lumki, 1918 yil 20 fevralida Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar va armanilarning katta harbiy kuchlari bilan vahshiyona tarzda yo‘q etilgandan keyin Turkistonda shiddatli ichki urush maydonga keldi. Bu parokandalikda musulmon ziyolilari qaysi tarafni tanlash masalasida juda qiyin vaziyatda qoldilar. Fitratga keladigan bo‘lsak, u balki Buxoro amirligidagi reaktsioner rejimga qarshi turish uchun sovet Rusiyasi bilan hamkorlik yo‘lini tanlagan. Masalan, Fitrat 1919 yilda yozgan “Sharq siyosati” nomli maqolasida Abdurashid Ibrohim kabi Sharqdagi musulmon xalqlarining ozodlik va birdamlik strategiyasi haqida to‘xtalarkan, musulmon olamini hur ko‘rishni istaganlar Rusiya sovetlar hukumati bilan birlashishi kerak, degan xulosani beradi. U yozadi:

“Rusiyaning sovetlar hukumati bilan birlashish fikri yangi fikr emas. Islomning buyuk kishilari va davlat odamlari buni oldindan yaxshi tushunar edi. Musulmon dunyosining Ovro‘po jahongirligidan qutqarmoq kerak, lekin musulmon dunyosi bilimsiz, shuursiz, hunarsiz qoldi, birligi yo‘q, ish yo‘llarini bilmaydi, qurollari yo‘q. Buning uchun Ovro‘padagi kuchlardan birisi bilan birlashmak kerak, boshqa chora yo‘q. Buning uchun musulmon mutafakkirlari Ovro‘paning qaysi kuchiga, qaysi davlatiga qo‘shilish kerak deya, ko‘p o‘ylashdi. Usmonli yozuvchilarining eng otashin millatchisi Jalol Nuri Bey bir asarida: “Musulmonlar Ovro‘paning bosqinidan qutulmoq istasalar, Ovro‘pa sotsialistlariga qo‘shilishlari kerak”, deb yozdi. Biz, musulmonlarga bu kungi Yaponiya hukumatidan ham yordam kelmaydi. Chunki bugungi Yaponiya hukumati ham jahongir bir hukumatdir. Faqat boshqalarga o‘xshab bizni yo‘q qilishni istamagan bir davlat borki, u ham Rusiya sovetlar hukumatidir”[22].

Bu parchadan Fitrat faqatgina Jalol Nurining emas, balki Gasprinskiy va Ibrohimning qarashlaridan ham yaxshi xabardor ekani ko‘rinadi. O‘rta Osiyo tarixida bo‘lib o‘tgan voqealarni yaxshi bilish uchun Fitratning xatolarini tanqid etish qancha oson bo‘lmasin, baribir Fitratning qanday shart-sharoitda shu qarorga kelganini atroflicha o‘rganish tarixchilar uchun dolzarb sanaldi. Bu tadqiqotlar qayta qurish davridan keyin boshlandi, ammo hali ham qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p, deya olamiz. Fitrat O‘zbekistonda tarixchi va adabiyotshunos o‘laroq ko‘plab qiymatli asarlar yozganiga qaramay, Stalin davridagi “buyuk tozalash”da tuhmatlar bilan boshqa jadidlar qatori “xalq dushmani” sifatida 1938 yil 4 oktyabr kuni qatl qilindi. Jadidlar faoliyati shu sanada batamom oxiriga yetdi. Biroq hozirgi O‘rta Osiyodagi mustaqil respublikalar tarixini o‘rganishda jadidlar davriga katta ahamiyat berish kerakligini ta’kidlashni istayman.

Turk tilidan Bahodir Nurmuhammad tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 4-son

[1] Ismoil Bey Gasprinskiy. Russkoye musulmanstvo: mыsli, zametki i nablyudeniya. –Simferopol, 1881.

[2] Bartold V.V. Istoriya kulturnoy jizni Turkestana. Sochineniye. Tom 2. –M., 1962. Str. 310–312.

[3] Sadriddin Ayniy. Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar. –M., 1926. 32–36-betlar.

[4] Vsepoddaneyщiy doklad Turkestanskogo generala gubernatora ot infanterii Duxovskogo, Islam i Turkestan. –T., 1899. S. 10–11.

[5] Ismail Bey Gasprinskiy. Russko-vostochnoye soglasheniye // Drujba narodov, № 12 (1991). S.199–207.

[6] Abdurashid Ibrohim (Ibrohimov). Cho‘lpon yulduzi. –Istanbul, 1895; Sankt-Peterburg, 1907. (Abdurashid Ibrohim). Rusiyada musulmonlar yoxud tatar qavmlarining tarixchasi. –Qohira, 1900. (Ikkinchi asari ichidagilar birinchisiniki bilan ba’zi-ba’zisi bir xil bo‘lgani uchun ayni bir adibga oidligi anglashiladi. – Mual.).

[7] Men bu hujjatning foto nusxasini taqdim etgan professor E.J.Lazzeriniga tashakkur bildiraman. – Mual.

[8] Abdurashid Ibrohim. Avtonomiya yoki idorai muxtoriyat. –Sankt-Peterburg, 1907.

[9] Abdurashid Ibrohim. Olami islom: Yaponiyada intishori islomiyat. 1-jild. –Istanbul, 1910. 21- bet.

[10] Bu ma’lumotni bizga taqdim etgan O‘zRFA ilmiy xodimi marhum Sherali Turdiyevdan minnatdorman. – Muallif.

[11] Abdurashid Ibrohim. Dataniji Dokuritsino Kibou // Gaiko‘i Jiho‘i. 12-4. (№ 137) 1909. 212–213-bet.

[12] Osiyo Giaki uchun qarang: Abdurashid Ibrohim. Olami islom: Yaponiyada intishori islomiyat. 1-jild. –Istanbul, 1910. 427–428-betlar; Siroti mustaqim. 6-jild, 133-son, 42–44-betlar hamda 222-bet va 7-jild, 162-son, 89-bet.

[13] Ahvoli Olami islom haqida konferentsiya. Siroti mustaqim. 4-jild, 82-son, hijriy 1326 yil 17 mart, 66-74-betlar.

[14] Buxoroli Abdurauf (Fitrat). Buxoro vaziri Nasrulloh bey Parvonachi afandi hazratlariga ochiq maktubi // Taorufi muslimin. 2-jild, 25-son, hijriy 1326 yil, 10-bet.

[15] Abdurashid Ibrohim. Tarixning unutilmas sahifalari. –Berlin. Tarixsiz. 8-bet.

[16] Bu haqda qarang: Hisao Komattsu. XX asr boshlarida O‘rta Osiyoda turkchilik va davlat harakatlari. –Anqara: Turxon, 1993.

[17] Fitrat Buxoroli. Munozarai mudarrisi buxoroyi ba yak nafar farangi dar Hindiston darborayi maktabi jadida. –Istanbul: Matbaai Ismoiliya, 1911. 67-bet.

[18] Mirzo Siroj al din Hoji Mirzo Abdul Rauf. Safarnomai To‘fai ahli Buxoro. Ba muqaddimai Muhammad Asadiyon. –Tehron: Intishor Bu Ali, 1369. 149-b. 1999 yilda bu asarning frantsuzcha tarjimasi ham nashr etilgan.

[19] Fitrat Buxoroli. “Munozara”, 14-b.

[20] Bu haqda qarang: “The Progpam of the urkic Federalist Party in Turkestan (1917)” in H.B.Poksoy, ed. Central Asia Reader: The Rediscovery of Historiy, M.E.Sharpe, Armonk-London, 1994, ss.117–126.

[21] Fitrat. Turkistonda ruslar // Hurriyat, 1918, № 63–64. Izoh: H.Komattsu maqolasida Fitrat fikrlarining mazmuni berilgan, biz tarjima jarayonida Fitrat maqolasidan aynan ko‘chirdik. –B.K.

[22] Fitrat. Sharq siyosati (Nashrga tayyorlovchilar: B.Ergashev va I.G‘aniyev). –Buxoro, 1992. 28-bet. Bu o‘rinda ham Fitrat fikrlarining mazmuni berilgan. Fitratning “Tanlangan asarlar”i 3-jildidagi ayni maqolaga qiyoslanganda shunday taassurot qoldiradi. –B.K.