Anton Antonov-Ovseenko. Jallod martabaga intilganda (1988)

Quyida yozuvchi Anton Antonov-Ovseenkoning «Zvezda» jurnalida (1988 yil, 9-son) chop etilgan I. V. Stalinning ishongan «odami», hamtovog‘i, mamlakatni «xalq dushmanidan» xalos qilish vasvasasiga tushib, ommaviy qirg‘inni avj oldirgan jallod Beriyaning qonli kechmishiga bag‘ishlangan «Jallod martabaga intilganda» maqolasini qisqartirib bosayotirmiz.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 3-son

* * *

Odamlar maxfiy politsiya xizmatiga har xil yo‘l bilan kirib kelishadi, ayrimlar mutlaqo kutilmaganda ayg‘oqchiga aylanib qoladilar. Lavrentiy Beriya esa manfur ishlar uchun tug‘ilgan edi.

Suxumi shahar bilim yurtida tez-tez o‘g‘irliklar, chaqmachaqarliklar uning bevosita yoki bavosita ishtirokida sodir bo‘lardi. Poraxo‘rlik bilan pastkashlik uning tabiatiga shunchalik singib ketgan ediki… U o‘quvchilarning hulqi haqida bitilgan xarakteristikalar solingan jildni yashirib qo‘yib, sinf rahbarining ishdan chetlatilishiga erishdi. So‘ng hujjatlarni egalariga pulladi. Albatta hamtovoqlari orqali.

Boshqa voqea ham ma’lum. O‘quv yurtiga tashrif buyurgan mas’ul o‘lka inspektorining hamyoni yo‘qolib qoldi. Qancha sinchkovlik bilan tekshirilmasin aqchalar topilmadi. Kimningdir g‘oyibdan bergan ma’lumotiga asoslanib, politsiya bilim yurti direktoridan stol g‘aladonini ochishni iltimos qildi: yo‘qolgan hamyon o‘sha yerda yotgan ekan. Direktorning o‘lib qolishiga bir bahya qoldi.

O‘n besh yoshli mishiqining bu qaltis operatsiyasini har qanday voyaga yetgan muttaham qilganida ham shov-shuv bo‘lib ketardi. Razillikning kelajagi porloq edi.

O‘quv yurtini tugatgandan so‘ng Beriya 1917 yilda qo‘lida arxitektor-texnik diplomi bilan harbiy xizmatga chaqirildi, ammo yarim yil deganda «kasalligi tufayli harbiy xizmatga yaroqsiz» degan maxsus hujjat to‘g‘rilab, Rumin frontidan qaytib keldi.

1919 yil yigirma yoshli Lavrentiy Beriya bolsheviklar partiyasiga a’zo bo‘lib oldi.

RSDRP(b)ning Kavkaz byurosi sekretari, yashirin tashkilot ishlarini olib borishda ustasi farang, keksa bolshevik Viktor Naneyshvili edi.

Bir kuni texnika bilim yurti partiya yacheykasining yosh a’zolari Vasiya Yegorov bilan Shura Komer byuroga ko‘rimsiz, yuziga husnbuzar toshgan studentni boshlab kelishdi. U o‘zini Lavrentiy Beriya deb tanitgandan so‘ng, o‘rtoq Naneyshvilini shaxsan ko‘rishi shartligini aytdi. Navbatchi Oleg Sarkisov bu yerda byuro sekretari kamdan-kam bo‘lishini, hozir yo‘qligini tushuntirdi.

— Unga nima deb qo‘yaylik?

— Hech narsa, shaxsan o‘ziga aytadigan gapim bor.

…Oqshom navbatchi Naneyshviliga bo‘lgan voqeani aytib, Beriyaning niyati haqida ma’lumot beradi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, Sarkisov Naneyshvilidan:

— Anavi yigitcha nega kelgan ekan? — deb so‘rab qoldi.

— U musovotchilar orasida ishlar ekan, partiyamizga qabul qilishimizni iltimos qilayapti. Muhim voqealardan xabardor qilib turaman, deyapti.

— U yerdagi odamlarimiz — Musevi bilan Oshum Aliyevlarning o‘zlari yetadi. Bizga qalloblar kerak emas!

— Jo‘ja Xo‘rozga o‘rgatmaydi! — bahsga nuqta qo‘ydi oqsoqol.

O‘smir Sarkisov behuda xavotirlanmagan ekan. Musevi bilan Aliyev restoranda, ovqatlanayotgan joyida to‘pponchadan ketma-ket uzilgan o‘qdan halok bo‘ldilar.

Kim Beriyaning qaysi xo‘jayinga ishlaganini aniqlab bera olardi? Shu narsa aniq ediki, musovotchilar razvedkasi bevosita ingliz Intelidjens servis nazoratida bo‘lib, u turk razvedkasiga yaqin edi, nemis razvedkasi bilan aloqa o‘rnatishga imkoni bor edi.

Bagirov yo‘l izlab yurgan Beriyani Saritsin yaqinidagi X armiya shtabiga yuboradi. U yerda o‘sha payt Markaziy Komitet Vakili bo‘lib Anastas Mikoyan turardi.

Chet ellik tadqiqotchilarning aytishicha, Beriya hatto Dzerjinskiyning ko‘zini shamg‘alat qilib, Stalin bilan aloqa bog‘lab turgan.

Beriya vaqti kelib, millatlar xalq komissarining Yo‘lboshchi bo‘lishini oldindan bilganmidi? Stalin o‘sha vaqtda Petrogradda ham, Zakavkazeda ham, hatto o‘z Vatani Gruziyada ham mashhur emas, hatto Ta’sis majlisining gruziyalik nomzodlari ro‘yxatida familiyasi atigi yettinchi o‘rinda qayd etilgan edi.

Beriya o‘sha paytlardayoq Markazdagi hukumat vakillari nazariga tushishga harakat qila boshladi. O‘z maqsadlarini amalga oshirish, «siyosiy bitim» tuzish uchun mahkamaga alohida xizmat ko‘rsatish rejalarini izladi. Chet ellik tarixchilarning aniqlashicha, Beriyaning rejalari bilan milliy masala bo‘yicha xalq komissarligi tanishib chiqqan. Ko‘p o‘tmay u «Stalinning bebaho axborotchisi», Zakavkazedagi taniqli bolshevik, obro‘li siyosiy arbobga aylanadi.

* * *

Muhim ma’lumot: Beriya ham Stalinga o‘xshab bir joyda muqim ishlamagan. 1920 yil bahorida u Gruziyaga keladi. U paytda Gruziya hali Sovet Rossiyasiga qo‘shilmagan edi. Beriyaning omadi birinchi kundanoq chopmadi. Uni Kutaisida Sovetlarning ayg‘oqchisi sifatida qamoqqa olishdi. O‘sha paytda Sergey Mironovich Kirov Moskvaning Gruziya mensheviklari huzuridagi vakili edi. 9-iyulda u Noy Jordaniga hibsga olingan Beriyani darhol ozod etishni so‘rab, murojaat qiladi.

Ozodlikka chiqqan Lavrentiy Tiflisga juftakni urdi. U yerda mensheviklar hukumati vakillari bilan tezda til topishib oldi. «Sovet ayg‘oqchisi»ning bunday maxfiy aloqasi Kirovga ma’lum bo‘lib qolganini sezgan Beriya yana qochdi. Shunda Moskva vakili Bokuga, XI armiya shtabining alohida bo‘limi boshlig‘iga quyidagi mazmunda telegramma jo‘natgan edi:

«Tiflisdan sotqin Lavrentiy Beriya qochdi. Zudlik bilan hibsga oling. Kirov».

Beriyani Favqulodda Komissiya (ChK) qamoqqa oldi. Unga endi eski qadrdoni Bagirovgina yordam berishi mumkin. Lekin u ham ojiz, atigi FK boshlig‘ining o‘rinbosari xolos, yuksak lavozimlardan ham umidi yo‘q emas, ammo FK raisi Bobo Aliyev Sovnarkom raisi Narimon Narimonov bilan yaqin edi.

Narimonov keyinroq tasvirlashlaricha, juda ham katta siyosiy arbob bo‘lmagan. Ammo uni studentligidayoq inqilobiy harakatlarda ishtirok etgan ma’rifat sohasining yetuk vakili sifatida ulug‘lashardi. Uning atrofiga manfaatparast qalloblar tanda qo‘yib olishdi. Ular orasida eng epchili Bagirov bo‘lib, u Narimonovning kaltabinligidan rosa foydalandi. Qulog‘iga Bobo Aliyev hech qachon razvedka, aksilrazvedka ishlari bilan shug‘ullanmagan, aksilinqilobchilar bilan janglarda ishtirok etmagan, mana shunday yuksak lavozimni egallab turishga noloyiq… degan fikrlarni muttasil shipshib turdi…

Narimonov Bobo Aliyevni silliqqina partiya ishlaridan biriga o‘tkazib yubordi. Bagirov Aliyevning o‘rniga o‘tirgan kuniyoq qadrdoni Beriyani turmadan ozod etib, boshlamasiga xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudir, yil o‘tmay Beriya (M.S.B.) maxfiy siyosiy bo‘lim boshlig‘i hamda FK raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Yigirma ikki yoshli yigitcha uchun bu lavozim hazilakam muvaffaqiyat emas edi. Xuddi rivoyatdagidek «Cho‘rtanni daryoga irg‘itdilar»dan bo‘ldi.

* * *

1923 yilda Beriya allaqachon Gruziya FKsining maxfiy jangovar qismi (MJK) boshlig‘i vazifasida ishlar, …galife shim, charm etik… chekistlarga xos kiyinishni o‘rniga qo‘yar, qansharidan boldoqli ko‘zoynagi tushmas edi. O‘lgunicha shunday yurishni tark etmadi…

Dastlab hamma Lavrentiy Beriyaga ishonib qaradi, yaqindan tanishishgach, o‘rtoqlarcha munosabat o‘z-o‘zidan yo‘qolar, u juda ham muttaham, chaqmachaqar edi. Zarur bo‘lib qolsa, shunday badbin mish-mishlarni tarqatib yuborar ediki, uning shallaqiligi oldida boshqa mansabga intilayotgan raqiblar ip esholmay qolishardi. So‘ng ularni bitta-bitta yo‘lidan olib tashlardi. Shunday qilib artistlikni ham boplab tashlardi. «O‘zimizning yigitcha» bo‘lib olish uning uchun xamirdan qil sug‘urgandek gap edi.

U iqtisodiy sabotajchilarga qarshi kurashga boshchilik qilayotgan Andrey Yershovni shunday mahorati bilan lol qoldirib, pinjiga kirib oldi. Do‘sti bilan oqshomlari oilaviy davralarni gullatib yurdi. Lekin baribir Yershov uning kimligini boshqalardan avvalroq anglagan edi. «Beriya xuddi Makiavillining o‘zi-ya», dedi bir kun u xotiniga. Bu voqea 1927 yilda Beriya Zakavkaze Davlat Siyosiy Boshqarmasi boshlig‘i Stanislav Redensning o‘rinbosari etib tayinlangandan so‘ng sodir bo‘ldi. Yershov Moskvaga, markaziy apparat ishiga o‘tib ketishga erishdi. O‘n yildan so‘ng u Yaroslavlga yuboriladi. U yerda do‘sti o‘rtoq Lavrentiyning qahriga duchor bo‘ladi.

Zakavkaze DSBsi boshlig‘i, tabiatan ko‘ngli bo‘sh, turg‘un fikrga ega bo‘lmagan Stanislav Redensni Lavrentiy birpasda yer bilan bitta qilib, toptab tashladi. Bu qarorga kelguncha uzoq o‘yladi. Uning lavozimdan ketishini kutishga sabri chidamadi. Yo‘ldan olib tashlash juda ham qaltis. Chunki u Nadejda Alliluyevaning singlisi Annaga uylangan, Stalinga kuyovlik tomoni ham bor edi. Uch yil chora izlash bilan o‘tdi.

O‘sha kuni tug‘ilgan kun bahonasida Lavrentiy boshlig‘ini haddan ziyod aroqqa bo‘ktirib, mast holda kuzatuvchisiz uyidan chiqarib yubordi. Shilta mast Redens yaqin atrofdagi xonadonlardan birining eshigini qoqib, shovqin ko‘tardi. Qo‘ni-qo‘shnilar chiqishdi, militsiya chaqirtirildi va Redens militsiya bo‘linmasiga olib kelindi. U shinelini yechgandagina kimligi ma’lum bo‘ldi.

Beriya zudlik bilan Moskvaga, Stalinga qo‘ng‘iroq qilib, qanday chora ko‘rish to‘g‘risida maslahatlashib oldi… Boshkotib (Gensek) to‘polonchi Redensni 1931 yili Belorussiya Ichki ishlar xalq komissari etib tayinlash bilan jazoladi. Zakavkaze DSBsining jangovar lavozimi Lavrentiyga qoldi.

…1937, qirg‘in yili Lavrentiy Pavlovich uchun omadli yil bo‘ldi. Yangi 1938 yilga ham u juda katta ishonch va tantana bilan qadam qo‘ydi. Uning barcha nutqlari Boshkotibning poyida mavj urdirilgan balandparvoz so‘zlar dengiziga o‘xshar va u har gal o‘ylab topilgan qandaydir xalq dushmanlariga qaratilgan g‘ashiqish, dag‘dag‘alar bilan yakunlanar edi.

Tashqi dushmanlar bilan tinimsiz kurashish g‘oyasi ichki «dushman»larni tor-mor etish, xalqni tiz cho‘ktirib olish uchun qulay vosita bo‘ldi.

Beriya dushman oldida doimiy jazavaga tushishni o‘ziga vazifa qilib oldi. Hushyorlik va yana hushyorlik kampaniyasiga shaxsan o‘zi boshchilik qildi. Mana bir necha gazeta maqolalari sarlavhalaridan namunalar:

«Bema’ni ayg‘oqchilar yer yuzidan supurib tashlansin!»

«Ayg‘oqchining hiylasi».

«Savdo inspektorlari hushyorligi haqida».

«Dushman ayg‘oqchisi partbilet payida».

«Direktor qiyofasidagi dushman».

«Badiiy kombinatda dushman qo‘li».

«Ayg‘oqchilar qanday sirni bilib oladi».

«Zakavkaze temir yo‘lidan aksilinqilobchi trotskiychilarning dumi batamom tugilsin!»

Iyul oyida Tbilisi partiya aktivi majlisining rezolyutsiyalarida Beriya qilgan ma’ruzaning mazmuni to‘la aksini topgan:

«…Xalq dushmanlari fashizmning trotskiychi-buxarinchilar, mensheviklar-millatchilarning yollangan ayg‘oqchilari, Gruziya xalqini sotgan dushmanlar uch karra shafqatsizlik bilan tugatilsin!» («Zarya Vostoka», 1937 yil, 12 iyul). Bu terror aslahasini tayyorlab turish edi.

Dastlab Stalin bilan Beriya yirik partiya arboblariga deyarli tegishmadi. Ammo ular o‘ttiz oltinchi yildan boshlab birin-ketin mahv etila boshlandi.

Zakavkazeda ommaviy terrorni avj oldirgan Beriya, o‘zining jinoyat olamida allaqachonoq ommalashib ketgan «O‘g‘rini ushla!» degan sinalgan shioridan foydalana boshladi.

* * *

Buni qarangki, Zakavkazedagi ko‘zga ko‘ringan partiya arboblaridan Budu Mdivani Stalinga boshqalardan ko‘ra ko‘proq zavq bag‘ishladi. Mdivanining Boshkotib bilan bahsi partiyaning XII s’ezdidan biroz avvalroq, Lenin hayot davrida Stalin sezilarli darajada ma’naviy inqirozga uchraganda boshlangan. Keyin Mdivani diplomatik «quvg‘inga» jo‘natildi. Qasd olish muddati esa 1936 yilga qoldirildi. Xo‘jayinning ishorasi bilan Beriya tayyor turdi. O‘zining ham bu qaysar o‘rtoqda alami bor edi… Budu Mdivani va boshqa sovet hokimiyatining dushmanlariga «sotilgan» og‘machilarni zaharlash yil bo‘yi, hatto o‘ttiz yettinchi yilda ham davom etdi. Budu Mdivani Zakavkaze bo‘ylab majlislarda, konferentsiyalarda, s’ezdlarda butun mahoratni ishga solib la’natlandi. Ana shunday vasvasalar qa’riga Mdivani guruhining «aksilinqilobiy faoliyati», hibsga olinadigan kuni, sud jarayoni va qatl kunlari g‘arq bo‘lgan edi.

…Tergov uni tiz cho‘ktira olmadi. Mdivani IIXK (NKVD) uchligi oldida jasur, erkin va hushyor jangchi sifatida o‘zini tutdi.

«Stalin uchun mana shu masxarabozlik nimaga zarur bo‘lib qoldi? Mening qatl etilishim avvaldan ma’lum edi-ku, sizlar bo‘lsa bu yerda menga bema’ni savollar berayapsizlar. Go‘yo mening javoblarim biror narsani o‘zgartiradiganday…»

Sudya stolida o‘tirganlar Mdivanining ovozidan o‘zlarini olib qochish payiga tushib qoldilar, ammo u hali hammasini aytmagan edi.

«Meni otish ozlik qiladi. Meni nimtalash kerak! Axir men bu yerga XI armiyani olib kelganman. Men o‘z xalqimni sotganman, men Stalin, Beriyaday qattollarga Gruziyani badnom etishga, Lenin partiyasini tiz cho‘ktirishga yordam qilganman!».

Sudga raislik qiluvchining ishorasi bilan jinoyatchining qo‘lini qayirib olib ketishdi.

…Qo‘llari orqaga bog‘langan olti nafar o‘limga mahkum etilganlarni qatl qilishga olib ketdilar. Tbilisidan chiqaverishda shofyor mashinani to‘xtatdi. Mahkumlar tushirildi. Hozirgina qazilgan handaq yoniga keltirildilar. Nariroqda pishitilmagan ohak to‘la yuk va suv tashiydigan mashinalar turardi. Soqchilarning kattasi qo‘lida to‘pponchasi bilan Mdivanining yoniga keldi.

— Shoshma, meni hammadan keyin otarsan.

— Bu nima deganing, — ajablandi jallod.

— O‘rtoqlarimga dalda berib turaman.

— Ha, shunaqami.

U to‘g‘ri ko‘krakka, yurakni mo‘ljallab o‘q uzdi va navbatdagisining yoniga keldi. Oltinchi mahkum ham handaqqa qulaganida, jallod orqasida yengilgina ingrash eshitdi. Mdivani hali tirik edi. Barmoqlari qimirlab turardi. Soqchi to‘pponchasini qayta o‘qladi va chalajon Mdivaniga qaratib, qatorasiga o‘q uzdi, murdalar handaqqa itqitildi, ustilaridan ohak ag‘darilib, suv quyildi.

Qatl etilganlar orasida o‘sha tong Mixail Okujava, uning ukasi, taniqli shoirning otasi Shalvalar ham bor edi.

* * *

Moskvada Lenin safdoshlari ustidan sud jarayoni borardi. Endi ular josuslarga, qo‘poruvchilarga, siyosiy qotillarga aylantirilgan edi. Dohiyga qilingan suiqasd to‘g‘risida matbuot va radio orqali qanchalik xabarlar eshittirilmasin, ommani dalillar bilan ishontirish osonroq. Iloji boricha chinakam dalillar bilan.

…Qoyalaru o‘pirilishlar aro olishib, tik yuksaklikka o‘rlaydigan, tog‘ darasi aro to‘shalgan Ritsa ko‘liga eltuvchi yo‘l. Unda, bir yarim chaqirim balandlikda, qudratli cho‘qqilar bilan o‘ralgan ajib ko‘l bo‘yida Stalin o‘z ma’zuniyatini o‘tkazardi. Loshupsa daryosining xuddi ko‘lga quyilish joyida uning uchun bog‘-hovli qurilgan edi.

Davlat bog‘-hovlisi, deb nomlangan unga qarashli bunday joylar Kavkazda qancha edi? Sochida, Gagraga yaqin — Sovuq daryo bo‘yida, Myuserada (Pitsunda yaqinida), Sxaltubada. Yana Kislovodskda. Keyingi yillarda Beriya Xo‘jayinni o‘zining zaruriy hamroh-soqchiligi roliga o‘rgatdi. O‘tgan kuzda u Stalinni Ritsa ko‘liga kuzatib bordi. Besh ZISdan iborat dabdabali avtomobillar karvonida ketishdi.

Oldinda — soqchilar, undan keyin — Stalin, ortidan Beriya Gruziya Ichki ishlar xalq komissari Sergey Goglidze bilan birga yo‘lga tushishdi. To‘rtinchi mashinada bir necha xizmatkorlar, oxirgisida — artsoqchilar borishar edi. Yarim yo‘lda, Gegining Bzib daryosiga quyilish joyidan o‘tgandan so‘ng Beriya avtomobillar karvonini to‘xtatdi, o‘zi mashinadan tushdi va Stalinni ikkinchidan to‘rtinchi mashinaga o‘tishni taklif etdi. O‘zi ham unga o‘tib oldi. U oldindan sezgan, qandaydir shubha uyg‘ongan, bir gumashtasi nimadir xabar qilgan edi… Yo‘q, Beriya o‘z xodimlaridan butunlay ko‘ngli to‘q, lekin «ehtiyotchini xudo ehtiyot qiladi»…

Yo‘l ilang-bilang, dam chap qirg‘oqdan o‘ng qirg‘oqqa, dam ortiga sakraydi. Bir ko‘prikdan o‘tildi, ikkinchisida sodir bo‘lishi kutilgan hodisa yuz berdi. Oldingi mashina ko‘prikdan eson-omon o‘tdi, ikkinchisi o‘tayotganda ko‘prik portladi. Portlash qanaqaligini xudo biladi, biroq aks sadoni tog‘lar ko‘plab marta kuchaytirdi. Avtomobil o‘zanga quladi, xarsanglar orasiga tiqilib qoldi. Bu paytga kelib daryo pishqirishi susaygan edi, to‘rt yo‘lovchidan bittasini qutqarishga muvaffaq bo‘lindi. Soqchilarning bir qismi suiqasdchilarni izlash uchun jarlikka otilishdi, boshqalari joylarida qolishdi.

Ko‘lga dovur aylanma yo‘l orqali yetib borishdi. Birinchi hafta osoyishta o‘tdi. Va lekin Xo‘jayin suv betida sirg‘anuvchi yarimkemada ko‘l bo‘ylab sayr etishni istab qoldi, ular ko‘lning o‘rmonzor o‘ng qirg‘og‘iga kelgan chog‘ida o‘q uzildi. Beriya shu lahza sakrab turdi va o‘zini Dohiyga qalqon qildi. Motorchi tezlikni oshirdi, qarag‘aylar ortidan yana bir necha o‘q otildi, biroq xatar ortda qolgan edi. Beriya qidiruv gruppasini shaxsan o‘zi boshqardi. Suiqasdchilarni o‘sha kunning o‘zidayoq tog‘ dovonida qo‘lga tushirdilar va Tbilisiga jo‘natdilar.

Lavrentiy Beriya mana shu fitnasi yordamida o‘shanda ko‘p narsaga erishdi. Juda ko‘p narsaga. Endi Stalin bilardi, o‘rtoq Lavrentiyga hamma narsada ishonch bilan suyanish mumkin. Ammo-lekin Lavrentiy mo‘ljallangan rejasining faqatgina birinchi qismini amalga oshirgan edi.

O‘ttiz yettinchi yil yozida u ish bilan Suxumiga ketdi. Mashinada u bilan mahalliy partiya kotibi (sekretari), haydovchi hamda shaxsiy soqchisi Boris Sokolov bor edi. Shahar chekkasida to‘xtashdi, Lavrentiy Pavlovich toliqtiruvchi yo‘l chigilini biroz yozish maqsadida mashinadan tushishga qaror qildi. U yigirma qadam ham bosishga ulgurmay, butalar orasidan qo‘llarida to‘pponcha tutgan uch kishi chiqib keldi. Sokolov Beriyani to‘sishga o‘zining qurolini g‘ilofidan chiqarishga ulgurdi. Beriyaga yordam berishga endi haydovchi ham, kotib ham shoshilishdi. Yo‘lto‘sarlar g‘oyib bo‘lishdi. Sokolovni tezlikda shifoxonaga eltishga to‘g‘ri keldi: o‘ng qo‘liga to‘rtta o‘q tekkan ekan. Stalinga, shubhasiz, bu haqda xabar qilishdi, Lavrentiy Beriyaning obro‘-e’tibori yanada oshdi.

* * *

Stalinni qurshaganlar orasida uning yaqin safdoshi Sergo — Grigoriy Konstantinovich Ordjonikidze ham bor edi. Sodda va qiziqqon Sergo ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan stalincha bosh yo‘l amalda boshkotibning shaxsiy hokimiyatini tiklash va mustahkamlash ekanligini anglamadi yoxud anglashni istamadi.

Orjonikidzega Siyosiy Byuro a’zolari har xil munosabatda edilar. Kirov — muhabbat bilan, Molotov — yashirincha yoqtirmay qarardi. Beriya uni ko‘rolmasdi, ammo shunday bo‘lsa-da, sir boy bergani yo‘q.

Ular ko‘p jihatdan qarama-qarshi odamlar edi: shiddatli, g‘oyaga yurak-yuragidan sodiq, fidoyi, beg‘araz Sergo va xiyonatkor-surbet, makkor Beriya. Uning qora kechmishi, uning behayo xulqi va tiyiqsiz shuhratparastligi hamisha Orjonikidzeni jirkantirardi. U yigirmanchi yillardayoq Lavrentiy bilan shaxsiy aloqadan qochar, hatto dam olish uchun faqat o‘sha behayo paydo bo‘lmaydigan yerlargagina borardi. Zakavkaze o‘lka partiya qo‘mitasi rahbarlari bilan kengash chog‘ida Stalin Beriyani ikkinchi sekretar qilib tayinlashni taklif etganda, g‘azablangan o‘rtoqlar kechasi Orjonikidze xonadoniga tashrif etishdi.

— Men nima ham qila olardim? Necha marta Unga aytdim, bu odam ishonchni oqlamaydi, deb, biroq U menga quloq solmayapti… — kuyib-pishib javob berdi Orjonikidze.

Kremlning Troitskiy darvozasi oldidagi ikki qavatli uyda XVII parts’ezd o‘tayotgan kunlari Sergo Orjonikidze huzurida Sergey Kirov, Robert Eyxe, Grigoriy Petrovskiy, Stanislav Kosior, Boris Sheboldayev, Mamiya Oraxelashvili, Osip Pyatnitskiy, Vasiliy Sharangovich va Orjonikidzening yordamchisi Maxover yig‘ildilar. Boshkotib haqida, uning amrini o‘tkazish siyosati to‘g‘risida jiddiy gaplashdilar. Unutilmas s’ezddan so‘ng, MK a’zoligi saylov chog‘ida Stalin 292 qarshi ovoz oldi, u Kirovni huzuriga chaqirtirdi.

— Bilishimcha, senga boshkotiblik vazifasini egallashni taklif etishibdi. Shu to‘g‘rimi?

— Ha. Ammo axir o‘zing aybdorsan. Biz senga necha marta aytdik, bunday davom etishi mumkin emas, deb. Sen esa eshikni qattiq yopib Siyosiy Byuro yig‘ilishidan chiqib ketding…

Ishonuvchan, sodiq Sergo Orjonikidze Kirovga (kamdan-kam bo‘lsa-da) boshkotib harakatini tanqid qilishga jur’at eta oladigan oz toifaning biri edi.

Qochib bo‘lmaydigan oqibat Lavrentiy Beriyani yaqinlashtirdi. Tajribali fitnachi bu g‘alamis Sergoni chaqib oladigan mayda bahonalarni ham ko‘zdan qochirmasdi — albatta, orqavoratdan, — va Orjonikidzeni Xo‘jayinning ichidan yoqtirmasligi kuchayayotganini anglab, imkoni boricha kerosin sepdi. Uning esa imkoniyati ko‘p edi.

Sergo Orjonikidzening Papuliya degan akasi bor edi. O‘ttizinchi yillar boshida u Kavkaz temir yo‘l boshqarmasining siyosiy bo‘lim boshlig‘i bo‘lib xizmat qilardi. Beriya o‘ttiz oltinchi yil oxirlarida Sergoning akasini xotini, bolalari bilan qamoqqa oldi. Orjonikidze Papuliyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshkotib buyrug‘iga ko‘ra qamalganini tasavvur eta olmasdi. U Stalindan iltimos qildi:

— Quloq sol, akamni chaqir, uni o‘zing so‘roq qil, mana ko‘rasan, u hech qanday aybdor emas.

— Men IIXKga to‘la ishonaman, — javob berdi Xo‘jayin, — ikkinchi marta bu ish bilan mening jonimga boshqa tegma. (Sergoning so‘zi bo‘yicha 3. G. Orjonikidze bilan A. M. Semushkaning hikoyasi).

Boy hazil-mutoyibaga ega, hamisha xushchaqchaq, ochiqko‘ngil, mehribon, jonkuyar Papuliya yosh Sergoga murabbiylik qilgan edi. Beriya nishonni to‘g‘ri oldi. Partiyaga ommaviylashgan Orjonikidzeni cho‘chitib qo‘yish lozim edi. Kirovning o‘limidan keyin, ommaviy qirg‘in tarafkashligi boshlangan paytda Sergo bot-bot va qat’iyroq boshkotibni chegaradan chiqmaslikka chaqirdi. Hech bo‘lmasa me’yorni saqlashga… Sergo yana va yana Stalinga akasining qamalishi mutlaqo bema’niligini isbotlayverdi.

— U qayoqdan dushman bo‘lsin? Papuliya meni partiyaga qabul qilgan. Demak, meni ham birga qamash kerak!

Boshkotib shafqatsiz edi. IIXKda Papuliyaning xoinona harakatlari to‘g‘risida bir necha bor tekshiruvdan o‘tkazilgan dalillar mavjud. U xalq dushmanining hamtovog‘i bo‘lib chiqdi. Partiya ishchilar ishiga xiyonat qilganni kechirishi mumkin emas. Ilgarigi xizmatlari bunda hisobga olinmaydi…

(Amayak Nazaretyanning K. D. Nazaretyanga aytgan guvohligi.)

Papuliya qamoqdan qaytib chiqmadi. Gruziya SSR IIXKning uchligi 1937 yil 9 noyabrda uni o‘lim jazosiga hukm etdi. Lekin Beriya Sergoning ukasini ham o‘z tashvishlaridan soqit qilolmasdi. Konstantin Orjonikidze SSSR Sovet Xalq Komissariati huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati boshqarmasida xizmat qilar edi. Qamoqqa olib, boshlamasi uchun unga besh yil berishdi. So‘ngra 1953 yil kuzigacha chiqarishmadi. Mana Maxsus yig‘ilishning Konstantin Orjonikidze ishi bo‘yicha bir necha qarori:

1944 yil 26 avgust — 5 yil.

1946 yil 30 noyabr— 10 yil.

1953 yil 4 avgust — 5 yil.

Oqlash — 1953 yil 1 sentyabr (G. K. Orjonikidze hujjatlari arxividan).

Qatag‘on qilinganlar orasida Sergoning jiyani Georgiy Gvaxariya ham bor edi. Uni o‘ttiz sakkizinchi yili qamashdi. Nogahon «xalq dushmani»ga aylanib qolgan o‘zining eng yaxshi yordamchilari va mutaxassislarini yo‘qotib, Sergo 1935 yildayoq, Kirov halokatidan so‘ng chuqur ichki bir talvasani his etdi. Yashashga toqati qolmadi. Ish bilan ovunish ham qutqarolmadi. Stalin insondagi tabiiy shuhratparastlikni, u shunday hisoblardi, qanoatlantirish uchun nimalarni o‘ylab topmadi. Sergoning nomi kolxoz va sovxozlarga, maktabu institutlarga, ko‘cha hamda maydonlarga berildi…

Kalinin, Voroshilov, Mikoyan bilan suhbatlarida tobora bot-bot birdan bir qutulish yo‘li o‘z-o‘zini o‘ldirish ekanligini tilga ola boshladi. So‘nggi bora, 1937 fevral boshida Mikoyan bilan Kreml bo‘ylab tomosha qilar ekan, Sergo nihoyatda tushkun ruhda edi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa bir kun ham chidolmasligini aytdi…

(A. I. Mikoyanning og‘zaki esdaligidan.)

…18 fevral kuni ertalab Sergo kech uyg‘ondi, xalq komissiariatidan tungi soat ikkidan keyin qaytdi. U o‘z-o‘ziga suiqasd kunini avvaldan belgilamagan edi. Professor Galperinni 19 fevral kuniga qabulga taklif etgandi.

…Eng so‘nggi marta Stalinga, ko‘p yillik do‘stiga og‘riqli, butun hayoti davomida ko‘tarib yurgan shubhasi bugungi kunda eng yaxshi odamlarini sitib olayotganligini tushuntirishga urindi. Davra qaytarib bo‘lmaydigan darajada toraydi. Jahannam qiynog‘idan so‘ng Sergoning akasi — Papuliya ottirildi. Necha martalab so‘nggi bir burda nonni bo‘lib yegan odami Alesha Svanidze otishga hukm qilindi. Aleshaning singlisi Stalinning xotini, uning o‘g‘lining onasi edi… Bundan bir muncha ilgari Orjonikidze xonadonini ham taftish etishga kelishgandi. Haqoratlangan, g‘oyat g‘azablangan Sergo butun tun bo‘yi Stalinga qo‘ng‘iroq qilib chiqdi. Tongga yaqin bog‘landi va shunday javob eshitdi:

— Bu shunday organ, meni ham taftish etishlari mumkin. Hechqisi yo‘q…

O‘n yettinchi kun ertalab Stalin bilan suhbat. Bir necha soat ko‘z ko‘zga to‘qnashdi. Ikkinchi suhbat Sergo o‘zini tutolmas darajada darg‘azab, o‘zaro haqoratlaru ruscha va gruzincha so‘kinishlar bilan uyga qaytib kelgach, telefon orqali bo‘ldi. Endi mehr-muhabbat ham, ishonch ham tugagandi. Barisi vayron bo‘lgandi… (I. Dubinskiy. Mutadze Orjonikidze. M., 1963, s. 6—71).

Sergo yozuv stoliga o‘tirib, uzoq vaqt nimalarnidir yozdi. Uning yuqori va pastga yengilgina siljiydigan, egiluvchan qovurg‘asimon qopqoqli ko‘hna stoli bo‘lgich edi.

U turdi, kabineti va yotoqbo‘lma bo‘ylab asabiy yurdi, yana stolga o‘ltirdi, karavotga cho‘zildi. Kun oqshom tomon og‘di. Makeevskiy metallurgiya korxonasi direktori, jiyani Georgiy Gvaxariya keldi. Sergo uni o‘z o‘g‘liday yaxshi ko‘rardi, har kelganda quvonchga to‘lardi.

Mehmon Zinaida Gavrilovnani tashvishli holatda uchratdi:

— Sergoazondan beri chiqmayapti, hech narsa yegani ham, ichgani ham yo‘q…

— Yo‘-g‘e!.. Gavrilovna, samovarni qo‘y-da, ayt, meni keldi, de.

U mehmonxona chirog‘ini yoqdi. Bir daqiqadan so‘ng qiya ochiq yotoqbo‘lma eshigidan o‘q ovozi eshitildi.

Sergo ichki kiyimda karavotda yotardi, to‘pponcha qo‘lidan polga tushib ketgandi. Oppoq ko‘ylakka qonli dog‘ yoyilardi.

Ayol telefonga otildi, vrachga qo‘ng‘iroq qildi, keyin — Veraga, singlisiga. Vrach hech qanday yordam ko‘rsatolmadi, ko‘p o‘tmay singlisi keldi. Yarim soatdan so‘ng Molotov, Voroshilov, Kaganovich, Yejov hamkorligida Stalin paydo bo‘ldi.

Vera yozuv stoli oldida turib qo‘lidagi qog‘oz varaqlarini taxlar, ularga notekis abzatslarda, egri-bugri qilib nimalarnidir yozilgandi — odatda marhum o‘z dokladlari tezislarini xuddi shunday qoralardi.

Stalin Veraga yaqinlashdi:

— Bu yoqqa ber! — va ayol qo‘lidagi qog‘ozlarni yulib oldi.

— Mana, o‘rtoq Stalin, — dedi Zinaida Gavrilovna, — Sergoni men uchun ham, partiya uchun ham asrolmadik.

— Jim, esi yo‘q ayol!

Dohiy mehmonxonaga o‘tdi, izidan — boshqalar ham.

— Qara, qanaqangi dardisar kasallik! Odam dam olaman deb yotadi, unda esa xuruj tutib, yuragi yoriladi… Gazetada shunday xabar berish kerak.

Boshkotib dasturi, odatdagidek, indamay qabul qilindi.

Sergoni o‘rab olishdi. Stalin basharasiga ulkan qayg‘uli damlaridagi ifoda tusini berdi va suratkashga, o‘zining katta soqchisi Nikolay Vlasikka imo qildi.

Og‘ir sanoat xalq komissari kengashi sekretari Anatoliy Semushkin Moskva-reka qirg‘og‘idagi Hukumat uyida yashardi. 1917 yildan partiya a’zosi, XI armiya siyosiy bo‘lim xodimi edi, Lavrentiy Beriya xatti-harakati to‘g‘risida ba’zi narsalarni mish-mishlarsiz aynan bilardi.

Kech soat sakkiz yarimda unga xalq komissarining shofyori Volkov qo‘ng‘iroq qildi:

— Sergoga chatoq bo‘ldi, men hozir seni olib kelgani boraman.

…Semushkin xonaga kirdi, jonsiz Sergoni Siyosiy Byuro a’zolari o‘rtasida ko‘rdi.

— O‘ldirishdi, ablahlar, o‘ldirishdi!

Va behush yiqildi.

Uni ko‘tarishdi, divanga eltib o‘tkazishdi. Chakka sochlari to‘satdan oqarib ketdi.

Keng uyda allaqachon soqchilar izg‘ishardi — qandaydir sekin, xiralik qilmay titkilashardi. Ikkinchi kuni kechqurun beva yozuv stolining yuqori g‘aladonidagi to‘pponchalarning yo‘qolganini sezib qoldi, ular Sergoda to‘rtta bo‘lib, inqilob yillaridan xotira edi. Beva qo‘rqib qolgan, xayoli parishon edi, biroq ularni sezdi. Qog‘ozlarning tartibsizligini ham payqadi. G‘alamisli ishlar izini ko‘rib, Zinaida Gavrilovna Sovet nazorat komissiyasiga, Amayak Nazaretyanga qo‘ng‘iroq qildi:

— Bilasanmi, menda nima bo‘layapti! Butun uyni titkilashibdi, hatto Sergoning nomi yozilgan qurollarini ham olib ketishibdi.

(K. D. Nazaretyan esdaligi bo‘yicha).

Zinaida Gavrilovna har ehtimolga qarshi Sergoning barcha suratlarini yig‘ishtirib, ularni yoqib yubordi. Qonli ichki kiyimlaru choyshablarni o‘radi va ko‘rpa ostiga yashirib qo‘ydi. Beva ularni ellik oltinchi yilgacha saqladi va XX s’ezddan keyin ularni yaqin do‘stlariga ko‘rsatdi.

21 iyulda Sergo Orjonikidze merosi bo‘yicha Markaziy Komitet komissiyasi tuzildi. Unga olti kishi kirdi, shu jumladan — Anatoliy Semushkin, Lev Mexlis. Stalin rais qilib Lavrentiy Beriyani tayinladi. Bir haftadan keyin Semushkinni Lubyankaga taklif etishdi. U chekist o‘rtoqlardan Sergo tarjimai holiga oid materiallar qidirib topishda faol yordam kutib, bajonidil bordi. Semushkin u yerdan qaytmadi.

Ertasiga uning xotini Annani tergovchilar so‘roqqa tutishdi:

— Orjonikidzeni eringiz o‘ldirganini bilarmidingiz? Bilgansiz, albatta. Nimaga darrov xabar qilmadingiz?

Anna Mixaylovna: Nima deyapsizlar? O‘rtoq Stalinning o‘g‘li Yashadan so‘rangizlar. Biz u kuni hammamiz birga bog‘-hovlida edik.

Tergovchi: So‘rashning hojati yo‘q, shusiz ham hammasi ravshan. O‘z guvohligingizga qo‘l qo‘ying.

— Men imzo chekolmayman…

Tergovchi dahlizdan soqchini chaqirib oldi:

— Mana bu grajdan Semushkina o‘z guvohliklarini tasdiqlashdan bosh tortayapti. Sizning ishtirokingizda uning uchun qo‘l qo‘yaman.

Va imzo chekdi. U, shubhasiz, bu borada aniq yo‘l-yo‘riq olgan edi.

Semushkin o‘ldi, Anna Mixaylovna sakkiz yil lagerda tentiradi.

1956 yil, XX partiya s’ezdidan keyin Semushkinning bevasi SSSR Bosh prokurori qabuliga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Rudenko orqali ayon bo‘ldiki, Anatoliy Semushkinni o‘ttiz sakkizinchi yili Lubyankada Lavrentiy Beriya shaxsan o‘zi otgan…