Dunyo tushunarli va tushunarsiz narsalardan iborat desak, xato bo‘lmas. Bir qarasang, ajablanadigan narsaning o‘zi yo‘q: kimning kimligi, nimaning nimaligi kunday ayon. Ammo kutilmaganda shunday holatlar yuzaga keladiki, odam zoti o‘zini, yon-atrofidagilarni, har kuni ertadan kechgacha birga bo‘ladiganlarni ham tushuna olmay qoladi. Jumboq ustiga jumboq.
Boshqa bir holatda esa buning aksiga duch kelamiz: kutilmagan yangilik yoki eshitgulik sizni biror sirdan voqif qiladi, kimdir qulog‘ingizga bir nimani shipshiydi, ko‘zingiz tushadi, aql-idrokingiz muhim bir narsani fahmlab qoladi va… hamma narsa o‘zgaradi. Do‘st-dushmanni ajratasiz, uzoq yillar ishonchingizga kirib, yoningizda qulluq qilib yurgan kishi aslida kimligini osongina bilib olasiz. Ko‘zingiz yarq ochiladi, xursand bo‘lasiz deyish qiyin, ammo, ko‘p hollarda sodda-so‘takligingizdan o‘zingizni o‘zingiz koyib ketasiz.
Hayotning murakkabligi shunda. Hamma narsa ochiq osmon ostida yotmaydi. Tilla yoki marvarid qidirgandek, necha bor pastga “sho‘ng‘ish”ga to‘g‘ri keladi. Negaki, odamlarning ichki dunyosini bilish oson emas: biror kasb yoki martabali mansabda, siyosat, ijod yoki savdo-sotiqda erishgan yutuqlari, do‘st-qadrdonlikdagi sahovatli ishlari ham ular to‘g‘risida to‘la ma’lumot bera olmaydi. Yillar o‘tib, ko‘p narsalar oydinlashadi, ammo bu bilan ham ish bitmaydi.
Amerikalik mashhur tijoratchi, milliarder, filantrop, konservativ qarashlarga ega siyosatdon, 1992 va 1996 yillari AQSh Prezidentligiga nomzod Ross Pero (ba’zi manbalarda Perrot deb ham yoziladi) shunday sirli, o‘zini to‘la oshkor qilmagan, ammo tadbirkorlikni, yashash uchun kurashni, kallani ishlatib pul topishni qoyil qilib qo‘ygan insonlardan biri edi. U shu yilning 9 iyulida 90 yoshida Dallasdagi uyida xotirjam olamdan o‘tdi. Undan qancha meros qolganini aytish qiyin, ammo bu g‘aroyib insonning hayoti va siyosat chorrahalaridagi faoliyati xususidagi savollarga hali ko‘p vaqt javob qidirishga to‘g‘ri keladi. Amerikacha taomilga ko‘ra, vaqt o‘tgani sayin ko‘paysa ko‘payadiki, aslo ozaymaydi. Yangi-yangi savollar, taxminlar, bir-birini inkor etuvchi faktlar paydo bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.
Ross Pero katta siyosat maydoniga kutilmaganda chiqdi, deyish mumkin. Lekin, ushbu voqeaga amerikacha nazar bilan qaralsa, buning kutilmagan hech joyi yo‘q. Chunki, okean ortidagi “sehrli diyor”da keng yoyilgan fikrga ko‘ra, “Amerikada xohlagan kishi Prezident bo‘lishi mumkin”. Ammo boshqa bir (yillar sinovidan o‘tgan) xulosa bu ishga havaskor bo‘lishlikni bir zumda keskin pasaytiradi: “Amerikada siyosat emas, Prezident o‘zgaradi”.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish Peroning qonida bor edi. Arizona shtatining Teksarkana shaharchasida istiqomat qiladigan ota-onasi choqqina do‘konchalarida gazlama sotish bilan shug‘ullanishgan. Aytish kerakki, bunday do‘konchalar AQShda hozir ham juda ko‘p. Ko‘plar Amerikani faqat osmono‘par binolardangina iborat deb o‘ylaydi. Aslida esa, mashhur rus publitsistlari V.Peskov va B.Strelnikovlar yozishganidek va o‘zim guvoh bo‘lganimdek, Amerika yam-yashil o‘tloqlar, ekin maydonlari, gilam yanglig‘ fermer xo‘jaliklar, shahar va shaharchalarga tutashib ketadigan bir qavatli shinam, bir joydan ikkinchi joyga bemalol ko‘chirsa bo‘ladigan uylardan, savdo do‘konchalaridan iborat. Osmono‘par binolar Nyu-york, Vashington, Chikago kabi yirik megapolislarga tegishli.
Ross Pero yoshligidan savdo-sotiqqa, mustaqil ravishda pul topishga qiziqadi, u to‘g‘ridagi manbalarda aytilishicha, Peroning savdogarlik mahorati mijozlarni to‘g‘ri tanlashda va ular bilan muzokara olib borishda namoyon bo‘lgan. Rossning ta’sirchan so‘zlari, zarur o‘rinlarda qat’iyatli fikrlashi, vaziyatni real tahlil qila olishi ko‘p hollarda ikki tomonlama kelishuvlarni oilasi foydasiga hal etishga olib kelgan.
Pero harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, 1949 yili turmush quradi, IBM kompaniyasining savdo-sotiq bo‘limida ishlay boshlaydi. Ishchanligi bilan hammani hayratga soladi. Alohida mahorat ko‘rsatib, ikki hafta ichida bir yillik rejani bajaradi. 1962 yili shu sohaga doir ma’lumotlarni tahlil qiluvchi shaxsiy EDS kompaniyasini tuzadi. Kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yishda Pero xodimlar oldiga juda ko‘p shartlar qo‘yadi. Ularning ayrimlari: har bir xodim ish vaqtidan unumli foydalanishi, ishga bir daqiqa bo‘lsin kechikmasligi, ish payti shaxsiy muammolarini hal qilmasligi, ishda mojaro chiqarmasligi, mayda-chuyda gaplarga e’tibor bermasligi, shuningdek, shim kiygan ayollar ishxonadagina emas, kompaniya binosi atrofida ham ko‘rinmasligi, yuziga ortiqcha bo‘yoq surmasligi, kiyimi bilan o‘zini ko‘z-ko‘z qilmasligi kerak. Pero bu talablarga qat’iy amal qilinishiga erishadi. Matbuotda yozilishicha, u to‘fon tufayli ishga kech qolgan xodimini ham qattiq jazolagan.
Kompaniya ishlari yurishib ketgach, Pero siyosatga yaqinlashib, AQShning Vetnamda olib borayotgan urushiga qarshi chiqadi, bu urushning samarasizligi, mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’siri xususida oshkora fikr yuritadi. O‘tgan asrning 80-yillari oxirida Vetnam hukumati bilan hamkorlik qiladi. Urush davrida asirlikka tushgan amerikaliklar haqida ma’lumot to‘playdi, ularning soni hukumatning rasmiy axborotlarida keltirilayotganidan ancha ko‘pligini ma’lum qiladi. Bu bilan u o‘ziga nisbatan jiddiy qiziqish uyg‘otadi.
1984 yili Pero EDS kompaniyasini “General Motors” korporatsiyasiga 2,5 milliard dollarga sotib yuboradi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, axborot-texnologiyalari infrastrukturasini tashkil etuvchi yangi “Perot Systems” kompaniyasini tuzadi va uni mohirlik bilan boshqaradi. Savdo va ishlab chiqarish ishlari kutilganidan ham yaxshi darajada yurishib ketadi. Shaxsiy puli 1,5 milliard dollardan oshadi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas Dell korporatsiyasi “Perot System”ga xaridor bo‘lib, uni 3,9 milliard dollarga sotib oladi. Ushbu va yana shunga o‘xshash ko‘plab faktlar Ross Pero savdo-tijorat sohasida shunchaki oddiy olibsotar emas, AQSh sharoitida uzoqni ko‘ra oluvchi yirik ishbilarmon ekanligini ko‘rsatadi. Peroning o‘zi bu xususda ”Amerikada yashashning birlamchi sharti – pul topish san’atini egallash”, degan edi.
Hech kim siyosatchi bo‘lib tug‘ilmaydi, albatta. Hayotning o‘zi ularni tarbiyalab voyaga yetkazadi. Yana boshqa gap ham borki, unga ko‘ra, odamlar siyosatga ikki holatda yaqinlashadilar: tijorat ishlari favqulodda yurishib, daromad ko‘payganda va hayot ularni og‘ir sinovlarga duchor qilganida. Bu fikrning qanchalik to‘g‘riligini aytish qiyin, ammo 1992 yili milliarder Pero mustaqil ravishda o‘z nomzodini AQSh Prezidentligiga qo‘yadi, ko‘plar “Ha, shunaqa bo‘lishi kerak o‘zi” deyishgani rost. “Bo‘yoqchining ishiga suvoqchi aralashibdi-da, oxiri baxayr bo‘lsin”, deya ajablanganlar ham bo‘lgan. Bunday deyayotganimning boisi bor, albatta.
1992 yilning oktyabr oyida meni “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri sifatida AQShga taklif etishdi. Mashhur adabiyotshunos olim Edvard Olvort gazetamizni “Markaziy Osiyodan esayotgan bir qultum toza havo” deb baholagan paytlar. Kolumbiya, Ohayo, Indiana, Medison, Jorjtaun universitetlarida o‘zbek tilini o‘rganayotgan yoshlar bilan (ular orasida yoshi oltmish-etmishdan oshgan keksa yoshlilar ham bor) mustaqil O‘zbekistonning ilk qadamlari, dastlabki yutuq-kamchiliklari, yangi hukumatning dindorlarga va, ayniqsa, matbuotga, adabiyot va san’atga munosabati xususida o‘zbek tilida suhbatlar o‘tkazdim, rus tilida rasmiy ma’ruzalar o‘qidim.
O‘sha kunlari AQShda navbatdagi Prezidentlik sayloviga sanoqli kunlar qolgani bois, uchta nomzod – ota Bush, Arkanzas shtatining yosh gubernatori Bill Klinton va texaslik milliarder, mamlakatdan tashqarida nomi ko‘pchilikka deyarli ma’lum bo‘lmagan Ross Pero telebahslarda ishtirok etib, mamlakat Prezidenti bilan deyarli bir xil maosh oladigan mashhur jurnalistning biri ikkinchisidan o‘tkir savollariga javob qaytarar, har bir nomzod o‘ziga ajratilgan bir daqiqa ichida rejalarini aniq bayon qilish harakatida edilar.
Safarim davomida bunday debatlarning ikkkitasiga guvoh bo‘ldim. Ularda aytilgan ba’zi ajabtovur, “tishli-tirnoqli” fikrlar hali-hanuz qulog‘im ostida jaranglab turadi.
Mahalliy matbuotning uncha yakdil bo‘lmagan fikricha, birinchi debat arafasida Prezidentlikka nomzodlarning “ahvoli” bir-biridan jiddiy farq qilardi: amaldagi Prezident Bushda yetarli darajada siyosiy tajriba bor, ammo u mamlakatni boshqarishda eski qoliplardan, an’anaviy usullardan uzoqlasha olmadi. “Sahrodagi bo‘ron” (Quvaytni ozod etish) operatsiyasi hammaga ham birdek ma’qul kelgani yo‘q. Buning ustiga, bir uchrashuvda “Men karam solingan taomlarni uncha xush ko‘rmayman” degani universitetlarning karamxo‘r talabalariga yoqmay, ular karam bargini boshlariga soyabon qilib, tengdoshlarini respublikachi nomzodni qo‘llamaslikka da’vat etishdi. Ross Peroni yoqlovchilar unda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotini o‘zgartirish niyati borligini, ya’ni ikki partiyalik tizimni bekor qilishga, siyosatda yangi davr boshlashga bel bog‘laganini ma’qullashar, uchrashuvlarda “qolip”dan chiqib ketib, ozroq masxarabozlik qilishini esa mamlakat siyosiy hayotida “uzoq kutilgan erkinlik”ka yo‘yishardi.
Respublikachilar demokratlarning yosh nomzodi Bill Klintonni pisand qilmay, “Oq uy”ga yosh bolani qo‘yib bo‘lmaydi, adashib qolishi mumkin”, deya hajv qilishdan charchashmasdi. Ohayo universiteti binosiga kiraverishda (1992 yil 12 oktyabr) yo‘lakka Marks, Lenin va… Klintonning yaqin safdoshlarday bir-birlariga yelka tutib turgan suratlarini yopishtirib qo‘yishganini ko‘rdim. Ma’nosini so‘rasam, demokratik partiya tarafdorlari bir ovozdan “Bu – yaramas respublikachilarning ishi, bundan boshqa yana nima ham qo‘llaridan kelardi”, deyishdi.
Oradan ikki-uch kun o‘tgach, navbatdagi telebahs boshlandi. Talabalar bilan hayhotday monitor yordamida tomosha qildik. Sahnada uch nomzod: Jorj Bush, o‘rtada Ross Pero, chekkada xushbichim Bill Klinton. Bahsni olib boruvchi jurnalist har bir kishiga javob uchun bir daqiqa (von minuta) berilishini e’lon qiladi. Nomzodlar reglamentni deyarli buzishmaydi.
Amaldagi Prezident Bush o‘zini vazmin, sahnada yolg‘iz turganday tutadi. Ikkinchi muddatga saylansa, Amerikaning iqtisodiy qudratini oshirish uchun yana nimalar qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi tezislarini qisqa-qisqa bayon qiladi va bunda “yana” so‘ziga urg‘u beradi. Yangi ish o‘rinlarini yaratish, soliq tizimini isloh qilish kabi umumiy vazifalarga, tashqi siyosatda Yevropa va yaqin Sharq mamlakatlari bilan munosabatlarni yaxshilash, NATOning tinchlik dasturini yanada samarali qo‘llab-quvvatlash zarurligiga to‘xtaladi. Yo‘l qo‘ygan xatolari haqida hech nima demaydi. Bu bilan raqiblarining g‘ashiga tegadi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, katta Bush paytida dunyoda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Sovet ittifoqi tarqab ketdi. Berlin devori quladi. Belovej o‘tlog‘ida uch rahbar – Yelsin, Kravchuk va Shushkevich AQShning sobiq Prezidenti Ronald Reyganning iborasi bilan aytganda, “Yovuzliklar saltanati”ning fotihasini o‘qishgach, birinchi bo‘lib, tugayotgan mamlakatning rahbari Mixail Gorbachyovga emas, Jorj Bushga qo‘ng‘iroq qilishgani ko‘p narsadan dalolat beradi.
Pero bu faktlarni eslamay, raqiblarini mensimagan holda ular ustidan oshkora kuldi. Shunday gaplarni aytdiki, nomzodlar orasida Yevgeniy Petrosyan ham borday, zalda gurras-gurras kulgi ko‘tariladi, qo‘llab-quvvatlovchi hayqiriqlar eshitiladi. Yodimda qolgani: Pero yosh Klintonga qaraydi va zalga burilib deydi: “Mana bu po‘rim yigitchani ko‘rib qo‘yinglar. Prezident bo‘lgilari kepqopti. Gubernatorlikni eplay olmagan bola-ya! Men uning mamlakatning yangi rahbari bo‘lishini hatto tasavvur ham qila olmayman. Chunki Texasdagi ranchomda yashayotgan kuchukcham bugungi dunyo siyosatini Arkanzas shtatining gubernatoridan yaxshi biladi…”.
Zal larzaga keladi. Peroning ilhomi jo‘shadi, keyingi bir daqiqalik navbatida Bushga qarab deydi: “Shu munkillab qolgan chol Amerikaday qudratli davlatni boshqara oladimi? Oq uyga kelib nima ish qildi o‘zi? Hech nima? Hammayoq rasvo bo‘ldi. Soliqlar bo‘g‘zimizgacha yetdi. Dunyoda mamlakatimizga bo‘lgan ishonch pasayib bormoqda. Ichki nizolarni aytmasa ham bo‘ladi. Yaqinda Texasda qizimning to‘yi bo‘layotgan edi, bushchilar kelib tuppa-tuzuk to‘yni buzishdi-ya, yaramaslar. Mana sizlarga nomzodning kimligi. Menga ovoz beringlar! Hammalaringizni baxtli qilaman, orzu-umidlaringizga yetasizlar, cho‘ntaklaringiz qappayib turadi”.
Bunday ochiq-oshkora bahsni birinchi bor ko‘rayotganim uchun o‘zimcha Bush ham, Klinton ham mana hozir Peroning ta’zirini berishadi, po‘stagini qoqishadi, sen o‘zi kimsan, almoyi-aljoyi gaplaring bilan katta siyosatda nima qilib yuribsan?” deyishadi, deya taxmin qildim. Ammo… bunday bo‘lmadi. Har ikkisi o‘zlarini go‘yo uning haqoratomuz so‘zlarini, odam zil ketadigan pisandalarini eshitmaganday, bahsni davom ettirib, “Agar menga ishonch bildirsangiz…”, deya rejalarini bayon qilishdi. Bunday beparvolikdan jahli chiqqan Pero yanada jo‘shdi, aytmagan-demagani qolmadi. Saylov natijalariga ko‘ra esa Bill Klinton mamlakatning amaldagi rahbari ustidan ishonchli g‘alaba qozondi. Mamlakat boshqaruvi demokratlar qo‘liga o‘tdi. Siyosiy hayotda jiddiy o‘zgarishlar boshlandi. AQShning tashqi qarzi ozayish yo‘liga o‘tdi, ishsizlik past darajaga tushdi. Amerikaning boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishi Reygan va Jorj Bushlar paytidagiga nisbatan birmuncha kamaydi. NATO harbiy alyansining Sharq tomonga kengayish jarayoni shu paytga to‘g‘ri kelganini demasa, demokratlar yomon ishlashgani yo‘q. Kuzatuvchilar Bill Klintonning Oq uyga kelishida uning o‘zidan ko‘ra Peroning hissasi katta bo‘lganini ta’kidlashadi. Bu fikrga qo‘shilmaslik mumkin emas.
Oradan yillar o‘tib, mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik paydo bo‘lganida o‘shanda Bush va Klinton Ross Peroga qarab: “Hoy, falonchi, sen nimalar deb aljirayapsan o‘zi, nega meni haqorat qilayapsan?” demaganining sababini tushundim. Oddiygina sabab ekan: har bir nomzodga bor-yo‘g‘i bir daqiqa vaqt beriladi. Bir-birlari bilan tortishishsa, vaqtdan yutqazar ekanlar. Ikkinchisi, ikki yuz yildan oshiq vaqtdan beri dunyo xaritasining muhim strategik joyini egallab turgan ushbu mamlakatda bahs-munozara borasida o‘ziga xos ichki “madaniyat” shakllangan bo‘lib, bir-birini ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘q nomzodlar bahs payti, garchi raqiblariga sherdek tashlanishsa ham, yakunda xuddi hech narsa bo‘lmagandek, samimiy qo‘l olishib, bir-birlariga omad tilashlari oddiy hol ekan. Bu udum g‘arb dunyosida biz o‘rganishimiz zarur bo‘lgan jihatlar oz emasligidan dalolat beradi. Siyosiy partiyalarimiz vakillari saylovlar payti, avvalgi yillari oshkora ko‘zga tashlanganidek, faqat o‘zlarining yo‘li to‘g‘ri ekanligini urg‘ulayvermay, raqibga hurmat bilan qarashlari, ma’qul ishlarini e’tirof etishlari, hamma narsani o‘z nomi bilan atashlari, kerakli o‘rinlarda sa’y-harakatlarni birlashtirishlari zarur bo‘ladi. Jamiyat bahs-munozaralar, fikrlar xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Shunday ekan, boshqa tomonni eshitishga o‘rganish, Peroning siyosatdon kuchukchasini istisno qilganda, yomon ish emas ekan.
1992 yilgi Prezidentlik saylovining saylovchilar psixologiyasi bilan bog‘liq bir muhim jihati bor. Dunyo mamlakatlarida bo‘layotgan ko‘pdan-ko‘p saylovlar misolida aytish mumkinki, ba’zan ikki nomzoddan biriga uning mutlaqo ustunligi uchun emas, tanlash imkoniyatining yo‘qligi uchun ovoz beriladi. Buni yon-atroflarimizda ayni shu kunlarda bo‘layotgan saylovlar natijalarida ham ko‘rish mumkin. O‘shanda Oq uyda to‘rt yil o‘tirgan respublikachilardan hafsalasi pir bo‘lgan saylovchilar, dastlab gubernator Klintonga ishonishmadi, Jorj Bushning yana to‘rt yil rahbar bo‘lishini esa mutlaqo xohlashmadi. Shu bois, boshlang‘ich saylovlarda ko‘plar siyosat maydonida kutilmaganda paydo bo‘lib qolgan boy va qiziqchi Ross Peroni qo‘llay boshladilar. Uning o‘rinli-o‘rinsiz qochirimlari, noan’anaviy fikrlashi, dangalchiligi yosh saylovchilarga ma’qul keldi. Bush davri nihoyasiga yetayotganday edi. Kuzatuvchilar Peroning yakuniy g‘alabasiga sanoqli kunlar qolganini bashorat qila boshlashdi. Amerikani rostakamiga yangilash, siyosatni isloh qilish maqsadi bilan maydonda ot surayotgan Peroning zafarli yurishlari dunyo siyosatdonlarini ham jiddiy o‘ylantirib qo‘ydi. Nahotki yangi lider tug‘ilayotgan bo‘lsa? Toki shunday ekan, uni hozirdanoq yoqlash, Amerikaning bo‘lajak rahbari bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish zarur emasmi?!
Pero tarafdorlarining safi kun sayin o‘sib borardi. Ammo… kutilmaganda aql bovar qilmaydigan voqea yuz berdi: Ross Pero Oq uy uchun kurashni to‘xtatib, nomzodlar safidan chiqdi. Respublikachilar yengil tin olishdi, demokratlar kurashni kuchaytirishdi. Mana sizga, xavfli burilish. Oradan besh oy o‘tib, bu burilish yana takrorlandi – Pero kurash maydoniga qaytdi. Lekin Klinton foydasiga ancha tiniqlashib qolgan vaziyatni o‘zgartira olmadi. Poyezd yo‘lga tushib bo‘lgandi.
Bill Amerikani ikki muddat boshqardi. Uning Prezidentlik davri ishqiy mojarolarga boy bo‘lgan bo‘lsa-da, mamlakat tarixida yaxshigina nom bilan qoldi. Faqat… Pero o‘zi tayyorlagan ulug‘ g‘alaba nafasi esa boshlagan bir paytda, saylov kampaniyasiga sarflagan 57 million dollar pulini ham unutib, nega safdan chiqqani-yu, saylov taqdiri deyarli hal bo‘lganida yana kurashga otlangani hamon sir bo‘lib qolmoqda.
Peroning nomzodlar safidan chiqishiga nima sabab bo‘lgani to‘g‘risida taxminlar ko‘p. Ba’zi kuzatuvchilar “ma’lum ta’sirlar” bois Peroning yaqin maslahatchilari uni tark etishganini yozishadi. Boshqalar esa oyog‘i ostidagi yer asta harakatga kelayotganini sezgan katta Bush Pero va uning tijoratchi safdoshlariga tazyiq o‘tkazgan, ikki o‘rtada sirli kelishuvga erishilgan, degan taxminlarni aytishadi. Bordi-yu, shunday bo‘lsa, Pero nega qaytdi? Balki, g‘alaba o‘z tomonlariga og‘ayotganini seza boshlagan demokratlar ham jim turishmagandir?
Aniq bir narsa deyish qiyin. Chunki dunyoning eng katta saylovlaridan birida bunday voqeaning sodir bo‘lishi chindan ham g‘ayritabiiydir. Balkim, buning sirini Pero janoblarining o‘zi ochib ketgandir. Shu ma’noda uning yillar davomida so‘zlagan nutqi, o‘tkazgan suhbatlaridan olingan quyidagi iqtiboslarni jurnalxonlar hukmiga havola etamiz:
“Ko‘pchilik odamlar g‘alaba ostonalariga yaqinlashgan paytda kurashni to‘xtatadilar. Buning boisi shuki, ular aksariyat hollarda ostonada nima turganidan bexabar bo‘ladilar”.
“Shunday odamlar borki, ular finish chizig‘iga atigi bir metr qolganda kurashdan to‘xtashadi. Nega shunday qilishganini o‘zlari ham bilishmaydi”.
“Boksda dastlabki o‘n to‘rt raundni boy berish hali mag‘lubiyat degani emas. O‘n beshinchi raundda raqibni yerga bosib, atigi o‘n daqiqa ushlab tur – sen og‘ir vaznda jahon chempionisan”.
“Kareram davomida nimalarnidir boshqalardan ko‘ra birmuncha yaxshiroq bajargan bo‘lsam kerak. Ko‘plar ularni boshqalarning qo‘lidan kelmaydigan ish deb bilishadi. Bunday emas. Odam bajargan ishni odam bajara oladi”.
“Biror ishni qoyilmaqom qilib bajarish yoki bajara olmaslik rejangiz qandayligiga emas, kutilmagan paytda yuzaga keladigan muhim imkoniyatdan qanday foydalanishingizga bog‘liq. Men erishgan jamiki yutuqlar shunga asoslangan, deya ayta olaman”.
“Hayot barcha burchaklari bir-biri bilan so‘zsiz bog‘lanadigan noyob to‘rdir”.
“Mag‘lubiyat tizzani biror joyga urib olishdek og‘riqli, ammo juda yuzaki kasallik”.
“Burgutlar hech qachon to‘da bo‘lib uchishmaydi. Ularni alohida-alohida qidirish kerak”.
“Savdoda menga omad keltirgan omillar siyosatda aksincha natija berdi. Buni hech qachon rad etgan emasman”.
“Yoningda kimlar turgani sening taqdiringni hal qiladi. Bunga doimo e’tibor bilan qarash zarur”.
“Qon sovimay turib harakat qil. Faqat shundagina bir nimalarga erishish mumkin”.
Bir qarashda, ko‘p narsa oydinlashganday. Ammo asosiy sir emas. Amerikaning sehrli diyorligi shundaki, bu yerda Jon Kennedining yoki aktrisa Elizavet Shortning o‘limi kabi ko‘p narsa, rossiyalik jurnalist Vladislav Listevning o‘limi kabi sir bo‘lib qolaveradi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 7-son