Borliqdagi barcha mavjudot, jonzot, voqea, jarayonni Kuch harakatga keltiradi. Usiz Borliq to‘xtab, quyosh muzga aylanardi. Usiz Borliqning qiyofasi yo‘q, millat, davlat, jamiyat, shaxs, oila, yurt, muhabbat kabi muqaddas tushunchalar ham dunyoga kelmasdi. Ajdodlarimiz ilm orqali qachonlardir bu Kuchning nimaligi, qandayligi, qayerdaligi, u hosil bo‘ladigan O‘zakni yaxshi bilgan. Ular shunday yutuqqa yetishgan. Bugun bizning jamiyat shu Kuchga ehtiyojmand, qalbimiz esa hayotbaxsh ilmga tashnadir.
Asrlar davomida asrab kelingan, dolg‘ali farosat to‘lqinlari mavj urgan ulkan Ilm dengizi mavjudligini hozirgacha ko‘pchilik bilmaydi. Ammo, bilamiz, deb o‘ylashadi. Bilgan… u, haqiqatan ham Tiriklik Yombisi ekanini anglagan zahoti sakrab kurash maydoniga tushadi. Undan bahra olish uchun bor qurbini ishga soladi. Ko‘hna yopiq sahifalarda olamga chiqishni kutib yotgan hadsiz-hisobsiz qutlug‘ Ziyo yurtga tarqalishiga ko‘maklashadi. U anglansa, shunday… bor mavjudot, jonzot, voqea, jarayon, o‘tmish harakatga keladi.
Uning ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas oniy bir qatimi ham ruhga quvvat beradi. Odamga dunyoni tanishga ko‘maklashadi. Jug‘rofiy o‘rniga ko‘ra, bu dengiz Toshkentda joylashgan. Uni hozir Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasi, deyishadi. Mazkur dargohda saqlanayotgan qadimiy sharq qo‘lyozma asarlari to‘plami dunyoning beqiyos ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik jamg‘armalaridan biridir. U ushbu turdagi xazinalar orasida boyligi va ilmiy tarixiy ahamiyati jihatidan Rossiyadagi Moskva, Qozon, Sankt-Peterburg, Ovruponing Angliya, Germaniya, Frantsiya kabi mamlakatlaridagi qo‘lyozmalar saqlanadigan kutubxonalardan afzalroq jihatlarga ham egadir. Dunyoning istalgan eng nufuzli qo‘lyozmalar xazinalaridan uning zalvori ortiq bo‘lsa ortiqdir, aslo kam emas.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 1943 yili Respublika Davlat Bosh kutubxonasining (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona) Sharq bo‘limi asosida tashkil qilinib, 1950 yilgacha Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish instituti nomi bilan ataladi. Ilmiy sohalar va vazifalar ko‘lami kengayib borishi tufayli, keyinchalik Sharqshunoslik instituti deb o‘zgartiriladi. 1957 yili unga o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy (973–1048) nomi berildi.
Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasi:
- Qo‘lyozma asarlarning asosiy kutubxonasi.
- Ikkinchi (dublikat) kutubxona.
- Toshbosma asarlar kutubxonasi.
- Hamid Sulaymon nomidagi qo‘lyozma asarlar kutubxonasi.
- Hamid Sulaymon nomidagi toshbosma asarlar kutubxonalaridan tashkil topgan.
Ulardan tashqari, xorijdan suratli tasmalarda keltirilgan, chet ellarda nashr etilgan mamlakatimiz madaniyati va tarixini o‘rganishda muhim asarlar alohida bo‘limlarda saqlanadi.
Qo‘lyozmalar xazinasidagi eng qadimiy asarlarning yozilgan vaqti qariyb bir yarim ming yilga yetadi. Jamg‘armada bir qancha sharq xalqlari tillarida yozilgan asarlar yig‘ilgan. Ular tarix, adabiyotshunoslik, san’atshunoslik, rassomchilik, falsafa, islomshunoslik, kimyo, handasa, tibbiyot, tilshunoslik, dorishunoslik, ma’danshunoslik, falakiyot, jug‘rofiya, musiqashunoslik, dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik kabi ilm-fanning barcha sohalarini qamrab oladi.
Institut qo‘lyozmalar xazinasida Yusuf Xos Hojib Bolosag‘uniy, Mahmud Koshg‘ariy, Rabg‘uziy, Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Hofiz, Umar Hayyom, Fuzuliy, Mirzo Abduqodir Bedil kabi mumtoz adabiyotning yana ko‘plab vakillari adabiy-badiiy asarlari va Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Umar an-Nasafiy, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Qutbiddin Sheroziy singari allomalarning tabiiy va aniq fanlarning turli yo‘nalishlariga doir kitoblari saqlanadi.
Asosiy kutubxonada VIII–XIX asrlarda turkiy, arabiy va forsiy tillarda yozilgan islom tarixi, tasavvuf, islomiy fanlarga oid qo‘lyozmalar mavjuddir. Ular qatorida Qur’onning VIII asrda hijozi-kufiyda yozilgan noyob nusxasi hamda keyingi asrlarda turli mohir xattotlar tomonidan nasx va boshqa xatlarda ko‘chirilgan ajoyib nusxalari ham bor.
Hozirga qadar faqat sharq qo‘lyozmalari asosiy kutubxonasining o‘zida 25621 dona asar saqlanishi aytilar edi. Biroq keyingi yillarda Germaniyaning Gerda Henkel jamg‘armasi ko‘magi bilan asosiy kutubxonada saqlanayotgan asarlarning elektron ro‘yxatini (katalog) tuzish ishlari amalga oshirilishi natijasida asarlar soni yana ortdi.
Institut ilmiy xodimlarining sa’y-harakatlari bilan o‘n bir jilddan iborat “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi sharq qo‘lyozmalari to‘plami” katalogi chop qilingan. Ularda har xil mavzu va turli sharq tillarida yozilgan 7574 asar qisqacha ilmiy tavsiflangan, Abu Nasr al-Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi ilm-fan va adabiyotning ayrim mashhur vakillari asarlari kataloglari ham nashr etilgan. “O‘zR FA Sharqshunoslik instituti jamg‘armasida saqlanayotgan sharq miniatyuralari” bezakli katalogi chop qilindi. Ibn Sino tavalludi 1000 yilligi munosabati bilan “Tib qonunlari” asarining o‘zbek va rus tillaridagi nashri amalga oshirildi.
Endi Borliqni qayergadir olib ketayotgan o‘sha Tiriklik Yombisi paydo bo‘ladigan, farosat to‘lqinlari azaliy mavj urguvchi qutlug‘ Ilm dengiziga eltadigan so‘qmoqdan yurib, uning hayotbaxsh qatralaridan bahramand bo‘lish uchun yo‘lga tushsak bo‘ladi. Duch keladiganlarimiz Ulug‘ Yog‘duning kichik zarralaridir. Mana, birinchi uchragani…
Tarixi Yaminiy
Ushbu asar o‘tmishda o‘quvchilar orasida “Tarixi Yaminiy”, “Al-kitab al-Yaminiy”, “Tarixi Utbiy” kabi nomlar bilan mashhur bo‘lgan. Arab tilida yozilgan. Qimmatli va qiziqarli tarixiy ma’lumotlarga egaligi sababli dunyo kutubxonalarida ko‘plab nusxalari uchraydi. Jahonning bir qancha tillariga tarjima qilinib, Dehli, Laho‘r, Tehron, London shaharlari va boshqa joylarda bir necha martadan nashr etilgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida ushbu asarning arab tilidagi №3252-IV (177 varaq) va forsiyga qisqartirib tarjima qilingan №3144 (72 varaq, oxiri yo‘q), 5828 (85 varaq) nusxalari saqlanadi. №3252 nusxa mahalliy dag‘al qalin qog‘ozga nasx-suls xatida ko‘chirilgan, charm muqovali.
Asar muallifi: Abu Nasr Muhammad ibn Abdujabbor al-Utbiy, 962 yili Ray viloyatida zodagon oilada tug‘iladi. Abu Ali Simjuriy, Qobus ibn Vushmagir saroyida xizmat qilgan. Sabuktegin, Mahmud va Mas’ud G‘aznaviylarning oliy dargohida nufuzli amaldorlardan bo‘lgan. Ayrim tarixiy manbalarga ko‘ra, 1036 yili G‘aznada vafot etadi.
Mazmuni va ahamiyati: Asar an’naviy hamdu sanolar hamda kirish qismidan keyin somoniylar davlatidagi hijriy 365 yili (m. 975) sodir bo‘lgan voqealar bilan boshlanadi. Asarda g‘aznaviylar davlati tashkil topishi, Amir Nosiriddin Sabuktegin, Yaminaddavla Mahmud G‘aznaviy, Sulton Mas’ud kabi mashhur hukmdorlar hayoti, siyosiy faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.
Unda sho‘rolar davrida johil, ziqna, bosqinchi, qonxo‘r shaxs sifatida talqin qilingan Mahmudni emas, Abu Rayhon Beruniy she’ridagi ilm va adab ahlining saxovatli homiysi, saljuqiylarning buyuk va mashhur vaziri Nizomulmulkning hukmdoriga: “Agar adolat nimaligini bilmoqchi bo‘lsang, Mahmudning siyosatiga nazar sol”, deb qilgan nasihatidagi shaxsni uchratasiz.
Asarda Amir Ismoil Somoniy, Amir Abul Qosim Nuh, Abul Hasan Simjur, Qoraxoniy Bug‘raxon, Abul Qosim Simjur, Sayfuddavla singari yana ko‘plab mashhur hukmdorlar haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
O‘quvchi ushbu asardagi ma’lumotlar orqali Movarounnahr, Xuroson, Kashmir hududlarida X va XI asrning birinchi choragida kechgan ijtimoiy jarayonlar, qavmlar madaniyati, ushbu o‘lkalardagi xalqaro aloqalar bilan yaqindan tanishadi. Asar “Tabariy tarixi”dan keyin sodir bo‘lgan voqealarni davom ettiradi. Narshaxiy, Abu Rayhon Beruniy, Saolibiy asarlaridagi shu davrlarga oid axborotlarni to‘ldiradi.
Undagi ma’lumotlar Xorazm mintaqasi, Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf, Shosh kabi shaharlarning tarixiy rivojlanishi, X–XI asrlarda mamlakatimizda mavjud bo‘lgan davlatchilik asoslarini ilmiy o‘rganishda bebaho birlamchi manbalardan bo‘lib xizmat qiladi. “Tarixi Yaminiy” asari shu paytgacha yetarlicha tadqiq etilmagan va o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 1-son