O‘zbek tasviriy san’atining Bahodiri deyilganda, butun umri ranglarga bag‘ishlangan, xayolni hayotga, hayotni xayolga yo‘g‘irib ijod qiluvchi, tabiat va insonni tasvirlar orqali tadqiq qiluvchi san’atkor, ulkan tafakkur kishisi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Bir parcha bo‘z matoda hayotni parchalarga bo‘lib aks ettira olish, unda qalbga tugib qo‘yilgan eng muhim da’vatlar, chuqur-chuqur fikr va tuyg‘ularni chiziqlar taramiga sig‘dira bilish mohiyatan na kasb, na hunardir, balki bu – aslida har kimning ham manglayiga bitilavermaydigan chinakam ilohiy bir rutba. Rassomlik deb atalgan shunday ulug‘ rutba O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolovning umr a’molidir.
Iste’dodli musavvir Bahodir Jalolov 1948 yilning 27 mayida Toshkent shahrida tavallud topgan. Uning rasm chizishga bo‘lgan ishtiyoqi Benkov nomidagi tasviriy san’at bilim yurtida tahsil olishni boshlagan davrlaridayoq tug‘ma uquvdan mahoratga aylanadi. Shundan so‘ng, u Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Ilya Repin nomidagi rassomlik, haykaltaroshlik va me’morchilik institutida o‘qiydi va uni 1974 yilda tamomlaydi. Chingiz Ahmarov, Abdulhaq Abdullayev, Ro‘zi Choriyev, Milnikov, Korolev kabi ustoz rassomlardan kasb sirlarini uzoq va astoydil o‘rganadi. “Masxaraboz Akrom Yusupov” (1974), “Lahza va mangulik” (O‘rol Tansiqboyev xotirasiga bag‘ishlangan asar. 1977), “Xalq ustasi kulol Hamro buvi Rahimova” (1975) kabi portretlari rassom ijodining keyingi muvaffaqiyatlari debochasi, desak bo‘ladi. Tasviriy san’at sirlarini qunt bilan o‘zlashtirgan rassomning mahorati uning barakali ijodiy faoliyatida aniq-ravshan namoyon bo‘la boshladi. Shu bilan birga 1974 – 1980 yillar oralig‘ida Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik va dizayn institutida talabalarga tasviriy san’at sirlaridan dars berdi va shu o‘quv yurti ustaxonasining rahbari bo‘lib ishladi. Bahodir Jalolov ijodining mazmuni haqida so‘z ketganida, unda asosan portret va mahobatli rangtasvir janrlari anchagina yetakchi o‘rin tutishini kuzatish mumkin. Rassomning ijodiy yo‘li dastlab portretlar chizishdan boshlangan bo‘lsa, keyinchalik bu yo‘nalish uning ijodida faol janrga aylandi. Rassom yaratgan akademik Vohid Zohidov, o‘zbek xalqining suyukli san’atkorlari Komil Yormatov, Malik Qayumov, Muhitdin Rahimov, Akrom Toshkanboyev, Damir Ro‘ziboyevlar siymolari uning mahorati orqali tasvirda abadiylikka muhrlandi. Mahobatli rangtasvirda Bahodir Jalolovning mahorati, ayniqsa, yorqin namoyon bo‘ldi. U yaratgan rangtasvir asarlarda musavvir ijodining o‘ziga xosligi, tafakkur va tasavvur kengligi, hissiyot va haqqoniyat ifodasi, milliylik va umumbashariylik g‘oyasi, sharq va g‘arb uslublarining yangicha uyg‘unligi teran badiiylik kasb etdi. Shu jumladan, Qarshi musiqali drama teatri binosiga, Chimyon sanatoriysiga chizgan devoriy suratlari Bahodir Jalolovning chinakamiga mashaqqatli izlanishlarining samarasi bo‘ldi. 1982 yilda “Bahor” kontsert zali foyesiga ishlangan “Raqsning tug‘ilishi” nomli devoriy surati, shuningdek, Kinochilar uyi devoriga ishlangan mahobatli rasmlari, 1987 yilda Qo‘qon teatri foyesiga ishlagan yirik asarlari Bahodir Jalolov mahoratining eng baland cho‘qqisi desak, xato bo‘lmas. Ayniqsa, Toshkentdagi “Turkiston” san’at saroyi devoriga ishlangan “Umar Xayyom tushlari” mahobatli surati rassomning keyingi ijod namunalari orasida alohida ajralib turadi.
Keyingi yillarda rassom xorijiy mamlakatlarda ham dovrug‘ qozona boshladi. 1988 yilda Bahodir Jalolov Tojikistonning Xo‘jand shahridagi maktab binosida o‘ziga xos devoriy asar yaratdi, 1990 yilda Belgiyaning Kortreyk shahrida “Kortreyk 200” turkum rasmlarini chizdi. Rassomning turli mavzularda ishlagan suratlari tomoshabinni o‘ziga maftun qilish barobarida uni o‘ylantiradi, ular zamiridagi sirlarni qidirib topishga undaydi. Uning “Isfarada bahor”, “Afg‘oniston – 83”, “Afg‘oniston tongi”, “Gul va rayhon afsonasi”, “Baxt qushi”, “Nido”, “Abadiy va navqiron Hindiston”, “XXI asr Madonnasi” va boshqa asarlari buning yaqqol dalilidir.
Bahodir Jalolov o‘z sohasining chinakam va betakror ustasi, bilimdoniga aylangan bir davrda mustaqillik yillarida uning mehnatlari, ayniqsa, munosib qadr topdi. Chunonchi, rassom 1997 yilda O‘zbekiston, 1998 yilda Qirg‘iziston Badiiy akademiyalari akademigi darajasiga erishdi. O‘zbekiston xalq rassomi unvoniga sazovor bo‘ldi. 65 yoshini qarshilab turgan mashhur musavvir shu kunlarda ham dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi ko‘shku saroylarni bezab kelmoqda, o‘z iqtidori bilan O‘zbekiston tasviriy san’ati shonini olamga yoymoqda. Bahodir Jalolov olamshumul shuhratga sazovor musavvir sifatida, professor Tilab Mahmudov ta’riflaganidek, “o‘z xalqi tarixining bashariyat tarixi bilan hamohang nuqtalarini topishga harakat qilgan” va bu borada muvaffaqiyatlarga erishgan ulkan iste’dod sohibidir.
Maftuna Muhammadaminova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son