O‘zbekiston kinematografiyasi o‘zining bir asrlik taraqqiyot bosqichini boshdan kechirdi. Manbalarning guvohlik berishicha, dastlabki fototasvir 1908 yilda Xudoybergan Devonov tomonidan suratga olingan. Shu bois, tavalludiga 135 yil to‘lgan bu ijodkor Turkistonning birinchi kinooperatori deb e’tirof etiladi.
U 1879 yil 3 avgustda Xivada, Xo‘jaylining mulk noziri va boshqaruvchisi Nurmuhammad Devonov xonadonida dunyoga kelgan. Yaxshi ta’lim olgan Xudoybergan turk, fors, arab va rus tillarida so‘zlasha olardi. Qiziqishlari doirasi shu darajada keng – san’atning deyarli barcha turlaridan xabardor edi. She’riyatga qiziqar, o‘zi ham she’r va g‘azallar yozib turardi. Deyarli barcha milliy musiqa asboblarini mahorat bilan chala olardi. U omilkor bog‘bon ham bo‘lib, o‘z bog‘ida atirgulning qirqdan ortiq navini o‘stirgan. Aslida, Xudoybergan Devonovning yutug‘i ham mana shunda – aynan uquvli ekanida edi. U qaysi sohaga qiziqmasin, albatta yangilikka intilardi.
Xudoybergan Devonov taqdir taqozosi bilan Xiva yaqinidagi Oqmachit shaharchasida yashovchi nemis mennonitlaridan bo‘lgan Vilgelm Penner bilan tanishib qoladi. Fotografiya bilan shug‘ullangan Penner xorazmlik yigitchaga tasvirga olish sirlarini o‘rgatadi. Shunday qilib, Xudoybergan Devonov fotografiya va kinematografiya sohasiga kirib keladi va butun umr shu faoliyat bilan shug‘ullanadi. O‘sha davr aqidalariga ko‘ra, jonli mavjudotni tasvirlash taqiqlanganiga qaramay, u o‘zbeklardan chiqqan birinchi fotograf hamda kinematograf bo‘ldi. Otasi ham o‘g‘li tanlagan soha qanchalik xatarli ekanini bilsa-da, uni ahdidan qaytarish befoyda ekanini yaxshi anglardi.
Homiylik borasida unga Xiva xonligi vaziri Islom Xo‘ja yaqindan yordam beradi. Bu ma’rifatparvar inson davrida xonlikda Yevropa tipidagi shifoxona, birinchi paxta tozalash zavodi, pochta, telegraf va zamonaviy dorixonalar ishga tushiriladi. Islom Xo‘janing shaxsiy mablag‘i asosida xonlikdagi dastlabki dunyoviy bilimlar, xususan, matematika, fizika, kimyo va boshqa ijtimoiy fanlar o‘qitiladigan zamonaviy maktab quriladi. U o‘zining ish yurituvchisi va mirzasi Xudoybergan Devonovning fotografiya sohasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Xiva xonining 1908 yili Sankt-Peterburgga jo‘natilgan Islom Xo‘ja boshchiligidagi delegatsiyasi tarkibida Xudoybergan Devonovning ham borligi tasodif emas edi.
Xudoybergan Devonov Rossiya poytaxtida fotografiya ishlari qanday tashkil etilgani bilan yaqindan tanishish hamda sevimli ishining nozik tomonlarini chuqurroq o‘rganish maqsadida ikki oydan oshiqroq vaqt safarda bo‘ladi. U yerda kino olish, namoyish qilish bo‘yicha tahsil olib, foto va kino materiallar to‘playdi, kinokamera sotib oladi… Vatanga qaytishi bilan tasvirga olish ishlarini boshlab yuboradi. Odamlar gavjum joylarda xorijdan olib kelgan kinotasvirlarni namoyish etib, vatandoshlarimizda bu yangi san’at turiga qiziqish uyg‘otadi.
Bir so‘z bilan aytganda, 1908 yil o‘zbek kinosi tug‘ilishida muhim davr bo‘ldi. Xudoybergan Devonov mustaqil tarzda 1910 yili Xiva xoni Asfandiyorxonning foytunda kelishini, tarixiy obidalar, minoralar, masjid va boshqa me’moriy durdonalarni kinotasmalarga muhrlaydi. Uning dastlabki ishlaridan “O‘lkamiz me’moriy yodgorliklari” (1913 y., 114 metrli kinotasma), “Turkiston manzaralari” (1916 y., 100 metrli kinotasma) kabilar ham o‘sha davr ruhini aks ettiruvchi noyob yodgorliklardan sanaladi. Mahoratli fotografning ijodiy ishlari tufayli boshqa xalqlar vakillari ham tarixi boy Xorazm haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
1920 yili Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tashkil topgach, Xudoybergan Devonov moliya vaziri etib tayinlanadi. Xizmat vazifasi taqozosiga ko‘ra, ko‘p bora Moskvada bo‘ladi va yangi-yangi filmlar olib keladi. “Sovkino” aktsionerlik jamiyatining kinomuxbiri sifatida faoliyat ko‘rsatadi. U suratga olgan ko‘plab kinosyujetlar “Soyuzkinojurnal” namoyishlaridan o‘rin oladi.
1937 yili ko‘pgina ziyolilar safida Xudoybergan Devonov ham qatag‘onga uchraydi va siyosiy mahbus sifatida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi lagerga jo‘natiladi. Keksayganida xorlik ko‘rgan X. Devonov panjara ortida 1940 yili hayotdan ko‘z yumadi. Shu taxlit O‘zbekistonda foto va kinoga asos solgan ijodkor hayoti fojiali yakun topadi. 1958 yilda qatag‘on qilingan boshqa yurtdoshlarimiz qatorida Xudoybergan Devonov nomi ham oqlanadi.
Afsuski, Xudoybergan Devonov ijodiy merosining ko‘p qismi u hibsga olinganidan so‘ng yo‘qotib yuborilgan. Bizgacha uning ayrim ishlari saqlanib qolgan, xolos. Merosining bir qismi Krasnogorskdagi Davlat markaziy arxivida saqlansa, qolgan, kattagina qismi Urganchdagi Devonovlar xonadoniga tegishli arxivdan joy olgan. Bu arxiv – asr boshidagi voqealar tasvirlangan fotosuratlar, negativlarning shisha plastinkalari, kinotasmalar, fotoalbomlar, yozishmalar va eng ajoyibi, mo‘jiza tufayli saqlanib qolgan bebaho yodgorlik – Xudoybergan Devonovning o‘zi ishlatgan “Pate frerez” kinokamerasidan iborat.
Ko‘plab kinoshunoslar, xususan, Xanjara Abulqosimova, Jo‘ra Teshaboyev, Nigora Karimova, Hamidulla Akbarov kabilarning fikriga qaraganda, Xudoybergan Devonov nafaqat O‘zbekistonda, balki, butun Markaziy Osiyoda foto va kino tasvirga olishda yetakchi hisoblanadi.
2013 yili Xivaning Ichan-Qal’a qismi to‘liq ta’mirdan chiqarilgach, Xudoybergan Devonov nomidagi eski kinoteatr yana faoliyat boshladi. Ushbu kinomajmuaning tantanali ochilish marosimida milliy kinematografiyamizning durdonalaridan sanalgan filmlar namoyish etildi. Ushbu namoyishning asosiy qismini Xudoybergan Devonov suratga olgan qisqa metrajli va hujjatli filmlar hamda tasvirga olish jarayoni Ichan-Qal’ada kechgan boshqa turli janrdagi filmlar tashkil etdi.
2006-2007 yillarda Moskva, Jeneva shaharlarida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmalarda Xudoybergan Devonov suratga olgan ishlar ham namoyish etilib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 2007 yilda Frantsiya va Belgiya senatida “O‘zbek fotografiyasi antologiyasi” ko‘rgazmasi tashkil etilib, undan Xudoybergan Devonov ishlari ham o‘rin oldi. Uning ijod namunalari, hayotiga oid qiziqarli tafsilotlar ko‘rgazmaga tashrif buyurgan muxlislarni befarq qoldirmadi. 2009 yilda Toshkent shahrida “O‘zbek fotosan’ati asoschisi va birinchi kinooperatori Xudoybergan Devonov tavalludining 130 yilligi” munosabati bilan alohida fotoko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada atoqli san’at namoyandasining butun hayotiga oid materiallar muxlislar e’tiboriga havola qilindi. Aytish joizki, Xudoybergan Devonov faoliyatiga bag‘ishlab ko‘plab maqolalar, kitoblar yozilgan, qator hujjatli film suratga olingan. Uning nomi haqli ravishda o‘zbek foto va kinematografiyasi tarixiga zarhal harflar bilan bitilgan. Zotan, Xudoybergan Devonov ijodisiz nafaqat Xorazm madaniyati solnomalari, ayni chog‘da O‘zbekiston san’ati tarixi to‘liq bo‘lmaydi.
Eldor Yo‘ldoshev, O‘zDSMI tadqiqotchisi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-son