Hayotning sermavj to‘lqinlari aro o‘zanini izlab kezayotgan ko‘ngil hamisha savollarga, qiynoqlarga duch kelib, topilgan javoblardan tiniqlashib boraveradi. O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov tiynatida ham tarjima qilinmagan qalb sadosi – ichki monologiga ega bo‘lgan aktyor yashirinligini sezish mumkin.
O‘zni anglamoq maqsudi
Ko‘pincha biror kishi haqida so‘z yuritsak, gapni uning qayerda va qachon tug‘ilganidan boshlaymiz. An’analarga sodiq qolib so‘z boshlasak, qahramonimizning ham 1948 yil 21 avgustda Toshkent shahrida naslu nasabli oilada tavallud topgani, Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatib, 1973–1987 yillarda Hamza nomidagi Akademik teatr (hozirgi Milliy teatr)da, 1987 yildan hozirga qadar O‘zbek davlat drama teatrida ishlab kelayotganini qayd etmoq lozim, albatta. Aslida esa bunday bitiklarda qahramonning umr mazmunini, o‘zligini anglashi muhim. Afzal Rafiqov ham bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlaganda baxtiyor bolalik, yoshlik xotiralari emas, ichki g‘alayonlaru tizginsiz tug‘yonlari qalbini orziqtiradi.
O‘tgan asrda yuzasi tiniq ko‘ringan, ammo chok-chokidan so‘kilayotgan yagona mafkura hukm surayotgan bir davrda yosh Afzalning tafakkurida nedir o‘zgarishlar sezila boshlaydi. Ham inson, ham aktyor sifatida dunyoqarashida qarama-qarshi savollar paydo bo‘ladi. “Nimadir o‘zgarishi kerak…” degan o‘y bot-bot xayolida aylanadi. Baxtga qarshi, sahnada yaratgan rollarida buni aks ettirib bo‘lmasdi. Qiyofasi milliy qahramon obrazini yaratishga unchalik to‘g‘ri kelmasligidan, o‘sha davr mafkurasiga mos qahramonlar rollarini (Starikov – “Uylanish”, Plujnikov – “Ro‘yxatlarda yo‘q”, Aleksandrov – “Tirik murda”, Volkov – “Afg‘on reportaji”) o‘ynagan kezlari milliy qahramonni yaratish orzusi ichiga toshdek cho‘kib borardi. Alaloqibat o‘zi sevgan, taskin izlagan sahnani, teatrni tark etishni to‘g‘ri yo‘l, degan ahdga keladi. Ammo atrofidagilarga, hamkasblariga, do‘stlariga bu tutumning sababini izohlay olmay qiynaladi. Ustozi Bahodir Yo‘ldoshev yoniga kirib teatrdan ketishini aytganida, ko‘pni ko‘rgan rejissyor aktyordagi ichki g‘alayonni sezib, bir oz shoshmay turishga undaydi. Oradan ikki hafta o‘tib, teatr yangi mavsumni boshlashi arafasida ushbu masala yana jamoa muhokamasiga tashlanadi. Zaynab Sadriyeva, Po‘lat Saidqosimov, To‘ychi Oripov, Obid Yunusov, Erkin Komilov, Yodgor Sa’diyev kabi ustozlari, do‘stlarining ahdidan qaytarishiga javoban rozi bo‘lgandek ko‘rinsa-da, ich-ichidan ketish taraddudini ko‘ra boshlaydi.
1989 yil oxirida aktyorning onasi 63 yoshida vafot etadi. Bu judolikdan yanada og‘ir ahvolga tushgan aktyor uchun malham topilmaydi. Go‘yoki, taqdirning murakkab rolini o‘ynash chekiga tushgan edi. Eng yaqin suyanchi tark etgan, yana bir hamdami bo‘lgan teatrdan ham halovat topolmayotgan bir paytda o‘zini qayta idrok etish zarurati tug‘iladi. Buning birdan-bir yo‘lini o‘zbek tomoshabini qalbiga kirish, aniqrog‘i, milliy qahramon timsolini yaratishda, deb biladi. Qayerda bo‘lmasin – kinodami, televideniyedami – ortidan ergashib yurgan muammo – ovrupocha qiyofasi ikkinchi darajali qahramonlar rollarigagina (adabiyotda ham, san’atda ham milliy qahramon yonida albatta rus millatiga mansub do‘sti bo‘lishi talab etilardi) to‘g‘ri kelishidan qiynalardi. Teatrdan ketishga chog‘langan aktyorni esa faqat bir rol qaytarib qoladi. Bu dramaturg Shuhrat Rizayevning “Iskandar” pesasi asosida O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev sahnalashtirgan spektakldagi Navoiy roli edi.
Hazrat Navoiy obrazini yaratish juda mushkul vazifa bo‘lib ko‘rinsa-da, rus madaniyati, rus tilini puxta egallagan, hatto ruscha tafakkur bilan yashayotgan inson uchun o‘ziga yaqinu lekin begonaday tuyulgan ona tilidagi sehrli ohangni his etish o‘zligiga qaytishning yagona imkoni bo‘lib ko‘rinadi. “Iskandar” pesasida ulug‘ shoirning “Ixtilofim boisi ulki, o‘zni anglamoq maqsudima yetishmadim, bil’aks o‘zgani bilmoq taraddudini qilamenmi?!” degan iztirobida aktyorning ham hayotiy maqsadi mujassam edi. U o‘zni anglamoqni Navoiydan izlaydi. Garchi uni hech kim Navoiy timsolida ko‘rmasa ham, uni talqin etishiga shubha bilan qarasalar ham, o‘z yo‘lida davom etadi va u zotning ma’naviy ko‘magiga tayanadi. Aruz qonuniyatlarini o‘rganishga, g‘azallarni tushunishga jazm qiladi. “Xamsa” dostonini mutolaa qilib, undagi ma’nolar maxzanini kashf etadi. Pushkin, Lermontov ijodiga tahsin o‘qib yurgan aktyor dunyoqarashida tub burilish ro‘y berib, qalbini o‘rtayotgan azoblarga malham topilgandek bo‘ladi.
1991 yil 21 mart kuni premerasi bo‘lib o‘tgan spektaklni tomoshabin olqish bilan qarshi oladi. Bu ham aktyor, ham inson sifatida o‘zini namoyon etish uchun bir imtihon edi. Ana shu sinovdan o‘tsagina ijodiy parvozdan umid qilsa bo‘lardi. U bu vazifaning uddasidan chiqadi.
E’tirof
Birin-ketin o‘zi orzu qilgandek rollar berila boshlagan, yana sahna dardi bilan yashayotgan aktyor yaratgan qahramonlari orqali qaytadan tomoshabin ko‘zgusiga o‘zini tutadi. “Kelinlar ko‘zg‘oloni”, “Farmonbibi arazladi” spektakllarida Hakim, “Faridun”da Faridun, “Arshin mol olon”da Sultonbek, “Tog‘a va jiyanlar”da Fozil ota, “Qirol Lir”da Lir, “Assalomu alaykum, qizlar”da Aslzoda, “Yozilmagan maktub”da Polkovnik, “Chingizxonning oq buluti”da Chingizxon kabi rollari bilan el nazariga tushadi.
Teatr 1989 yili “Sharq allomalari” spektakli bilan Ovrupo safariga, 1993 yili frantsuz adibasi Fotima Galer qalamiga mansub “Malika” pesasi asosida sahnalashtirilgan spektakl bilan Frantsiyaga – Avinon festivaliga mehmonga yo‘l oladi. Bu namoyishlar Afzal Rafiqov uchun ham o‘zini kashf etish imkoni bo‘ldi. 1996 yilda aktyor YuNESKO tomonidan Parijda o‘tkazilgan “Amir Temur tavalludining 660 yilligi”ga bag‘ishlangan tadbirda qatnashib, mashhur “Odeon” teatri sahnasida Atoiy rolini ijro etadi va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ladi.
Mezon
Afzal Rafiqovning aktyorlik mahorati qirralarini yaqqol aks ettirgan yana bir rolni alohida ta’kidlash kerak. Bu – Shekspirning “Otello” tragediyasidagi Yago obrazi. Aktyor ta’biri bilan aytganda, mazkur mumtoz asar aktyor uchun yuksak mezon vazifasini o‘taydi. Zero, ushbu murakkab obrazni ochish uchun ulkan iste’dod talab etiladi. Aktyor talqinidagi Yago oddiy inson, sodiq do‘st, tadbirkor sarkarda sifatida namoyon bo‘ladi. Dezdemonaga oshiq bo‘lib butun borliqni, hatto sodiq do‘stini ham unutib qo‘ygan Otello aslida Yagoga xiyonat qilganligi – leytenant unvoniga ham ravo ko‘rmagani do‘stining qalbiga og‘riq soladi. Shuning barobarida Yago ham Dezdemonaga befarq emasdek. Yago o‘zining hiylalari bilan do‘stlikka xiyonat qilgan kimsaga saboq berib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Aktyor ijrosida qahramon shu qadar nozik talqin etiladi. Natijada Yagoga kishining rahmi keladi. Tomoshabin uni tushunadi, xayrixohlik tuyadi. Uning asar so‘ngida chekadigan fig‘onidan ko‘ziga yosh oladi. Aktyor ta’biri bilan aytganda, “San’atning shirasi ana shunda edi”.
Qalb ovozi
Inson qalbiga yo‘l so‘z orqali topiladi. Ayniqsa, har bir kalomda ma’no aks etsa. Afzal Rafiqov ham iste’dodli aktyor, ayni chog‘da bugungi o‘zbek dublyajining yetakchi vakillaridan biridir. Aktyorning o‘zi ham o‘zbek dublyaji maktabi, uning saboqlarini olganini iftixor bilan ta’kidlaydi. Bugun bu mezonlar o‘zgarib, siyqalashayotganidan afsus chekadi. Uning nazdida, ekrandagi aktyor kechinmalariga, uning dardiga ovoz beruvchining qalbi qo‘shilmasa, ular orasida uyg‘unlik sezilmasa,
tomoshabinning qalb torlarini chertish amrimahol.
Teatr san’ati fidoyilaridan biri K.S.Stanislavskiy umri shomida shogirdlariga san’atga hayotning ikir-chikirlaridan xoli bo‘lib kirishish lozimligini uqtirgani tarixiy manbalarda muhrlangan. Mazkur fikrga Afzal Rafiqovning “Qaniydi, borliqda seni hech kim ko‘rmasa, odamlarni kuzatsang, hayot mazmunini o‘tkinchi suhbatlardan emas, qalbingdan izlasang”, degan so‘zlari ham hamohang. Zotan, aktyor hamon hayot mazmunini kamolot sari intilishda deb biladi.
Dilshod Shukurov
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-son