Manzara janrining mustaqil turi – marina XVII asrda Gollandiyada yuzaga kelib, dunyo tasviriy san’at olamida ko‘pdan-ko‘p musavvirlarni kashf etdi. Dengiz manzaralarini tasvirlashda Yevropada o‘ziga xos maktablar shakllangan. Ayniqsa, XIX asr marina san’atining gullab-yashnagan davri bo‘ldi. Angliyada musavvir Uilyam Tyorner, Frantsiyada Lui-Filipp Kreper, Rossiyada esa Ivan Ayvazovskiy dengiz manzaralarini tasvirlashda misli ko‘rilmagan natijalarga erishadi.
Rus rangtasvirida marina, asosan, XIX asrga kelib rivoj topgani ma’lum. Artseulov, Grabovskiy, Gofman, Vorobyov, Magdesyan, Saxarov kabi rus marinachilari ayni shu davrda ijod qilgan. Ular orasida Ivan Ayvazovskiy dengiz floti manzaralarini tasvirlashda favqulodda ulug‘vor natijalar ko‘rsatgan siymolardan biri hisoblanadi. Tabiat va dengiz qudratini lol qolarli darajada jonli ifodalash, hissiyotlar shiddatini g‘oyat nafislik bilan yetkazish mahorati Ayvazovskiyga nafaqat o‘z doirasida, balki butun dunyo rassomlari orasida shuhrat olib keldi.
Kelib chiqishi armani bo‘lgan Ivan Konstantinovich Ayvazovskiy (Ovannes Ayvazyan) 1817 yil 29 iyul kuni Qora dengiz bo‘yidagi Feodosiya shahrida tug‘ilgan. Uning bolalikdagi qiziqishlari – Feodosiya reydi manzaralari hamda kemalarni chizish ishtiyoqi, shubhasiz, bo‘lajak rassom iste’dodining debochasi bo‘lgan.
Yosh rassomning bu mashg‘uloti shahar arxitektori Kox nazariga tushishi uning ijodiy kelajagini yanada oydinlashtiradi. Peterburg Rassomlik akademiyasida tahsil olib, frantsiyalik mashhur marinachi F.Tenner rahbarligida tabiat manzaralarini tasvirlashni o‘rganadi. 1836 yilda ilk asari – “Dengiz uzra bulutlar etyudi” chizilganidayoq shogirdning ustozidan o‘zib ketgani ma’lum bo‘ladi.
Ayvazovskiy 1840 yilda Italiyaga ketadi. Ayni shu yillari uning mustaqil uslubi shakllana boshlaydi. U o‘rgatilgan bilimlarga xilof ravishda naturadan emas, tasavvurga tayanib rasm chizishni boshlaydi. “Eslab qolish qobiliyatiga ega bo‘lmagan inson, juda zo‘r chizmachi (nusxa ko‘chiruvchi), tirik fotografik moslama bo‘lishi mumkin, ammo hech qachon haqiqiy rassom bo‘la olmaydi! Tirik, tabiiy kuchlarning harakatini mo‘yqalam bilan tutib bo‘lmaydi: momaqaldiroq, shamolning shiddati, to‘lqinning chayqalishini naturadan chizish – aqlga sig‘maydi. Shuning uchun rassom ularni eslab qolishi kerak va o‘z rasmini yorug‘ va soya effektlari bilan bezashi kerak. Men qirq yil oldin ham shunday chizganman, hozir ham shunday chizmoqdaman. Oylar davomida rasm ustida bosh ko‘tarmay ishlashni va jim rasm chizishni – men eplay olmayman”. Rassomning o‘z ishiga bo‘lgan qarashlari shunday bo‘lgan.
Nimaning hisobiga Ayvazovskiyning dengizi bunchalar jonli, nafas oladigan va shaffof? Har bir asarining mohiyati nimada?
Ayvazovskiy dahosini his etgan kishi uning bu ulkan mahoratining nozik tomonlarini tushunib yetishni istaydi, albatta. Chunki, uning dengiz mavzusidagi batalistik asarlari ham, sof marinalari ham mohirona yengil qo‘l bilan chizilganki, bunda rassomning tajribasidan ko‘ra tasavvurining mahsuli ko‘proq ekanligi ochiq-ayon ko‘rinib turadi.
Ayvazovskiyning har bir ko‘rgazmasi muvaffaqiyat bilan yakunlangan. O‘z davrida uning iste’dodini butun Yevropa e’tirof etgan. Unga zamondosh rassomlar ham o‘z hayratlarini yashirmay, bir-biriga bayon etadi. Xususan, Ivan Kramskoy Pavel Tretyakovga shunday yozadi: “Ayvazovskiy ranglarni hosil qilish siriga ega bo‘lsa kerak, shuning uchun undagi ranglar sirli. Men bunday ochiq va toza ranglarni hatto bo‘yoqchilik do‘konlarida ham ko‘rmaganman”. Rassom asarlarida ranglarning yupqa qatlamlarini ustma-ust surtish texnikasidan (grizayl texnikasi) foydalanib, shaffoflikka erishgan. U asosan moybo‘yoq bilan ishlashni afzal ko‘rgan, lekin uning to‘lqinlari akvarelda chizilgandek tuyuladi. Aynan shu texnika bilan tasvirda ranglar juda shaffof va to‘yingan ko‘rinadi. Bu mo‘yqalam tortib, bo‘yoq berish hisobiga emas, balki, o‘ziga xos teranlik va noziklik hisobiga shunday bo‘ladi. Ayvazovskiyning mazkur tasvirlash texnikasi kollektsionerlar uchun nihoyatda qo‘l keladi. Chunki, uning ko‘pgina asarlarida bo‘yoqlar qatlami yupqa bo‘lgani uchun yorilib ketavermaydi.
Ayvazovskiy asarni chizishda ishni doimo osmonni tasvirlashdan boshlagan, buning ustiga juda tez bitirgan. Osmon muhim qism hisoblanib, dengizni osmonning holatiga muvofiq, ulkan tasavvur bilan bir necha urinishdayoq chizishi mumkin bo‘lgan. Natura bilan ishlashda esa u ko‘rganlarini shunchaki eslab qolishga intilgan. Naturadan bir lahzalik xomaki nusxa olib, asosiy ishni ustaxonada, tasavvur bilan bajargan. U tabiat kuchlarining harakati, dengizning nafas olishi, chaqmoqning chaqishi va momaqaldiroqning yarqirashini naturadan tasvirlash mumkin emas, deb hisoblagan. Naturaning vazifasi – ro‘y berayotgan hodisalarni rassomning xotirasiga singdirish, deb bilgan.
Arman rassomi Martiros Saryanning ta’biri bilan aytganda, “Ayvazovskiy qanday dovulni tasvirlamasin, har doim xolstning tepa qismida chaqmoq, bulutlar to‘plami orasidan ba’zida yaqqol, ba’zida ko‘z ilg‘amaydigan nozik nur taralib turadi. Aynan shu nurda Ayvazovskiy tasvirlagan barcha dovullarning mazmun-mohiyati yashiringan. Agar bu quyosh bo‘lsa, u eng qora dovulni yoritadi, agar oy shulasi bo‘lsa, o‘zining miltillashi bilan butun rasmni to‘ldirib yuboradi”.
Haqiqatdan ham Ayvazovskiy marinalarining asosiy qahramonlari yorug‘lik, havo va suvdir. U dengizni haqqoniy tasvirlashga emas, balki hissiyotlarni yetkazishga intiladi: quyosh shunday charaqlashi kerakki, tomoshabin qo‘zlarini qisib olishi, shamoldan bujmayishi va to‘lqinni ko‘rib, go‘yo qo‘rqqanidan o‘zini orqaga tashlashi kerak.
Uning “Qora dengiz flotining 1849 yildagi ko‘rinishi”, “Dunyoning yaralishi”, “To‘qqizinchi val”, “Gurzufda oqshom”, “Tungi dengiz to‘foni”, “Dengiz qahri”, “Qora dengiz”, “Evpatoriya ustida bo‘ron” kabi asarlarida ana shunday shiddatni ko‘rish mumkin. Bu asarlaridagi shiddatli ranglar uyg‘unligi, yorqin, murosasiz bo‘yoqlar tomoshabinni ba’zan sarosimaga tushiradi. Ularda dengiz manzaralari, muallifning o‘z tabiatiga xos xayolchanlik, hissiyotlilik va iliq ranglardan iborat muhit, xayoliy-ramziy fikrlash va erkin improvizatsiya barq urib turadi.
Rassom ijodining bir qismini rus harbiy-dengiz floti aks etgan batalistik asarlar tashkil etadi. “Navarin jangi”, “Sinops jangi”, “Chesmen jangi”, “Rus eskadrasi Sevastopol reydida” kabi asarlari bu yo‘nalishdagi yirik ishlaridan sanaladi.
Ayvazovskiyning mavzuli kartinalarida ham ruh, hissiyot, tasavvur yetakchi bo‘lib, asosan sharqona syujetlar tasvirlanadi. Uning bu turdagi asarlarining aksariyati arman hayoti va tabiati bilan bog‘liq. “Ararat vodiysi”, “Ararat tog‘laridagi Noya jari”, “Arman xalqining cho‘qintirilishi” kabi asarlari shular jumlasidan.
Buyuk musavvir Ivan Ayvazovskiy1900 yilning 19 aprelida ona shahri Feodosiyada, “Turk kemasining portlashi” asari ustida ishlayotgan vaqtda olamni tark etgan.
Undan olti mingga yaqin asar kelajak-avlodga meros bo‘lib qoldi. Rassomning ijodiy merosi, asarlarida tasvirlangan dengizlarning jonliligi, shamol va to‘lqinlarning kuchi, chaqmoqlar shiddati va abadiy oy shu’lasi hali-hamon san’at ahlini hayajonga solishda davom etmoqda.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 12-son