Raqiblari tan olgan rassom (Eduard Mane)

Mashhur frantsuz rassomi, imressionizm asoschisi va grafika ustasi Eduard Mane 1832 yil 23 yanvarda Parij shahrida tug‘ilib voyaga yetdi. Otasi Ogyust Mane adliya vazirligining bosh departamenti boshlig‘i, onasi Ejeni-Dezire Furune sobiq frantsuz diplomatining qizi edi. 1839 yilda Maneni Abbat Pualu nomidagi pansionatga o‘qishga berishadi, ammo o‘qishga ishtiyoqi bo‘lmaganligi bois otasi uni Rollen kollejiga o‘tkazadi. Mane u yerda 1848 yilgacha o‘qiydi, biroq bu yerdagi muhit ham uning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini uyg‘otmaydi.

Mane rasm chizishga qiziqar edi. Huquqshunos bo‘lishini ich-ichidan istagan otasi uning qiziqishlariga qattiq qarshilik ko‘rsatardi. Amakisi Edmon-Eduard Furune bolaning san’atga bo‘lgan muhabbatini sezib, unga maxsus ma’ruzalarga borishni maslahat berar va xarajatlarini o‘z yonidan to‘lar edi. Amakisi uni qo‘llab-quvvatlab turgani uchun Manening hayoti butunlay o‘zgara boradi. Qizig‘i shundaki, Mane bu mashg‘ulotlarga qatnab ham o‘zi izlagan narsani topolmaydi. Nazariy bilimlarga qiziqish sezmagan rassom zerikarli mashg‘ulotlardan ko‘ra do‘stlarining portretini chizishni ma’qul ko‘radi.

1848 yilda o‘qishini tamomlagach, yosh Mane otasi bilan o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilish maqsadida dengiz bilim yurtiga kirishga ahd qiladi, ammo kirish imtihonlaridan yiqiladi. Bo‘lajak rassomga imtihonlarni qayta topshirish uchun ruxsat beriladi.

Mane sayohat qilishni joni dilidan sevar, shu sabab u juda ko‘p yurtlarni kezadi. Braziliyaga qilgan sayohati davomida ko‘plab etyudlar va xomaki rasmlarni chizadi. Mane Braziliyada bo‘lib o‘tgan Rio karnavali hamda mahalliy ayollar unda katta taassurot qoldirganligi haqida yaqinlariga ko‘plab maktublar yozadi. 1849 yilda Parijga qaytgandan so‘ng u yana imtihon topshirib ko‘radi, ammo bu safar ham omad kulib boqmaydi. Otasi Manening sayohat davomida chizgan suratlarini ko‘rib, yuqori baho beradi va unga Nafis san’atlar maktabiga kirib o‘qishni maslahat beradi. Akademik ta’lim dasturini o‘ziga ep bilmagan rassom 1850 yilda mashhur Tom Kutyur ustaxonasiga o‘qishga kiradi. 1847 yilda Tom Kutyurning “Rim davrdagi inqiroz” nomli polotnosi muallifga katta shuhrat keltiradi. O‘sha paytdagi burjua yo‘nalishidagi hokimlik uslubi oxir oqibat Mane va Kutyur o‘rtasidagi munosbatning buzilishiga olib keladi.

Biroq otasining qistovi bilan Mane Kutyurdan kechirim so‘raydi va ustaxonaga qaytib borishga majbur bo‘ladi.

Doimiy izlanishda bo‘lgan rassom naturachi ayol Viktorina-Luiza Meranga bag‘ishlangan “Ko‘cha qo‘shiqchisi” asarini yaratadi. Bu ayol turli yo‘llar bilan qashshoqlikdan qutulishga harakat qilgan edi. Ko‘p o‘tmay, rassom va naturachi ayol o‘rtasida nafaqat ijodiy, balki undan-da yaqinroq munosabatlar yuzaga keladi. Bu haqdagi mish-mishlar butun Parijga tarqalib ketadi.

1873 yilda Eduard Mane “Bir finjon pivo ustida” deb nomlangan mashhur asarini chizadi va bu asar 15 yil davomida rassom shuhratini ta’minlaydi. Ammo bu bilan Mane o‘zi istagan nufuzga baribir erisholmaydi. 1874 yilda uning “Operadagi bal-maskarad” surati rad qilinadi.

1879 yil sentyabr oyida Maneni birinchi bor revmatizmi xuruji bezovta qiladi. Ko‘p o‘tmay, ataksey (harakat qilish tizimining yo‘qolishi) bilan kassallanganligi aniqlanadi. Kasallik juda tez avj oladi. Bu esa uning ijodiga ta’sir etmay qolmasdi. Bu payt turli xil natyurmort va akvarellar paydo bo‘la boshlagan payt edi. 1881 yil dekabrida rassom bolalikdagi do‘sti hamda mamlakat madaniyat vaziri Antonen Prustning tashabbusi bilan Faxriy legion ordeni bilan taqdirlanadi.

Mane xastaligiga qaramay, 1882 yilda o‘zining “Foli Berjer barida” nomli asarini yaratadi. Bu asar salonlarda zo‘r shavq-zavq bilan qabul qilinadi. Shu yillarda Maneni bir umr tanqid qilgan va u bilan kurashib kelgan raqiblar uni o‘z ishining ustasi sifatida tan olishadi. 1883 yil Manening chap oyog‘i kesib tashlanadi va 11 kun o‘tgach, ya’ni 30 aprelda u dunyodan ko‘z yumadi. Eduard Mane ijodkor sifatida faqatgina 1890 yillardan tan olina boshlaydi.

Nargiza Mavlonova tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son