O‘g‘il Iogann Shtraus 1825 yil 25 oktyabrda Vena shahrida, avstriyalik taniqli bastakor Iogann Shtraus oilasida tug‘ildi. Uni bankir o‘g‘il sifatida ko‘rishni orzu qilgan otasining xohishiga qarshi o‘laroq, u F.Amon qo‘lida skripkadan saboq ola boshlaydi, I.Dreksler qo‘lida garmoniya va kontrapunkt asoslarini o‘rganadi va o‘zini butunlay musiqaga bag‘ishlaydi.
1844 yilda o‘g‘il – Shtraus o‘z orkestrini tashkil etadi, uning dastlabki ommabop kontsertlari yosh musiqachida ajoyib skripkachinigina emas, balki yorqin, iste’dodli bastakorni, hayot shodligi, sevgi farahi va ijod zavqini namoyon etgan “porloq”, “tantanavor” musiqa romantizmi vakilini inkishof etdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay yosh I.Shtraus Venaning yirik orkestrlari kapelmeysteri sifatida ko‘pchilik og‘ziga tushdi; uning musiqasidan nafaqat ma’rifatli, ziyolilar, balki oddiy shahar ommasi ham zavq-shavqqa to‘lar edi, hatto kalondimog‘ qirol saroy a’yonlari ham bu davr “erkatoyi”ning o‘z bayram tadbirlarida ishtirok etishini o‘zlari uchun sharaf deb bilar edilar.
Otasi bilan yoshlik yillarida boshlangan kelishmovchiliklar 1848 yilda g‘oyaviy to‘qnashuvgacha borib yetdi: ota Shtraus yakkahokimlik tarafida turib, o‘zining “Radetskiy marshi”ni unga bag‘ishladi, o‘g‘il Shtraus esa “Ozodlik qo‘shiqlari”, “Barrikadalar qo‘shiqlari” va boshqa asarlari bilan inqilobni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu umumiy til topolmagan ikki buyuk mashshoqning janjalimi, bir-birini ko‘rolmasligi yoki o‘zaro gina-kuduratimi, yoki “ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamas” deganlaridek, ko‘lam va hajm jihatidan bitta makon tor kelib qolgan buyuk ijodkorlarning odatda bo‘ladigan bahsli muhokamalarimi – jumboq bo‘lib qolmoqda.
Biroq bir musiqiy oilaning yorqin vakillari ijodining biograflari va tadqiqotchilari otaning o‘g‘li iste’dodiga nisbatan rashki va hasadi hamda oilada o‘zidan boshqani odam o‘rnida ko‘rmaydigan zolim, pirovard-oqibatda o‘zga ayolni deb o‘zining ko‘z ochib ko‘rgan xotinidan voz kechgan otadan o‘g‘ilning xafaligi deb ta’rif berishlari beasos emas, albatta.
1849 yilda olamdan o‘tgan ota Shtraus qabri ustida o‘g‘il Shtraus Motsartning “Marsiya” (“Rekviyem”) sini ijro etdi, otasining to‘liq asarlarini to‘pladi, qayta yozdi, tahrirdan chiqardi va chop ettirdi, marhumning xotirasiga “Eol arfasi” valsini bag‘ishladi. O‘g‘il qalbida yashab kelgan muhabbat va tazarru abadiy bo‘lib qoldi, daho padarga uning eng tabarruk ijodlari uchun aytmoqchi bo‘lgan e’tirof so‘zlari endi chuqur taassufga aylanib, ortga qaytmas bo‘lib ketdi.
O‘g‘il Shtraus ota Shtrausning orkestrini ham unutgani yo‘q. Ikkala jamoani bitta qilib, u faqat Avstriyani emas, balki Germaniya, Polsha, Serbiya, Ruminiya, Chexiya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya va boshqa mamlakatlarni zabt etdi, asosiysi esa ko‘tarinki ruhdagi inson tuyg‘ulari, hissiyotlari, taassurotlari va qiziqishlarini ifodalovchi yangi asarlar yaratib (“Olga”, “Aleksandrina”, “Annen” polkalari, “Adel”, “Buyuk knyaginya Aleksandra”, “Vena, jonim mening”, “Kovent-Garden xotiralari”, “Tog‘ qo‘shiqlari” valslari, “Aleksandr” kadrili, “Rus qishlog‘ida” fantaziyasi, “Rus xalqiga tortiq” popurrisi) olamga tanildi.
1895 yilda butun musiqa olami insonga hayotni qanday sevish va qadrlashni o‘rgatgan daho mashshoq oldida tiz cho‘kib, Iogann Shtrausning 70 yilligini nishonladi.
I.Shtrausning shaxsiy hayoti nisbatan omadli kechdi. U 1862 yilda opera xonandasi Yetti Treftsga uylandi, u umr yo‘ldoshining haqiqiy do‘sti va impresariosi bo‘lib qoldi. 1878 yilda Yetti o‘limidan keyin xonanda Anjelika Ditrix bilan qurgan turmushi uzoqqa bormadi. To‘rt yildan so‘ng Shtraus yangi ilhom parisi – Adel Doychga ko‘ngil qo‘ydi, u bilan hayotining so‘nggi kunigacha dorilamon umrguzaronlik qildi. Uch marta uylangan bo‘lishiga qaramay, Shtraus bironta ham farzand ko‘rmadi. Bastakor 73 yoshida olamdan ko‘z yumib, Venaning markazida dafn etildi.
Adel eridan keyin 31 yil yashadi, erining asarlarini chop etdirdi, Shtraus muzeyini tashkil etishga ko‘p kuch sarfladi, muzey hozir ham Avstriyadagi mijozlar eng ko‘p keladigan madaniy markaz hisoblanadi.
I.Shtrausning merosi 496 asardan iborat (16 operetta, komik opera va balet, 168 vals, 117 polka, 73 kadril, 43 marsh, 31 mazurka). “Ko‘rshapalak” (1874), “Lo‘li baron” (1885) operettasi, “Sevgi qo‘shiqlari” (1852), “Peterburg bilan xayrlashuv” (1858), “Ajoyib moviy Dunayda” (1866), “Vena o‘rmoni ertaklari” (1868), “Vena qoni” (1873), “Ajoyib may oyi” (1877), “Bahor sadolari” (1883), “Imperator valsi” (1888) valslari eng mashhur asarlari sirasiga kiradi. Mashhur “Forscha marsh”, “Imperator Frants marshi”, “Avstriya”, “Kuch birlikda” marshlari umri uzoq asarlar bo‘lib, zamonlar osha jahon efirlarida sado berib turibdi.
Raqs musiqasi I. Shtrausga “vals qiroli” shuhratini in’om etgan bo‘lsa, musiqiy-sahna asarlari (“Kaliostro Venada”, “Qirolichaning to‘qima ro‘molchasi”, “Venetsiyada tun” va h.k.) shu paytgacha tengsiz sanalib kelayotgan vena mumtoz operettasining yaratuvchisi degan shuhratli unvonni berdi. O‘g‘il Shtraus asarlari – bu romantiklarning amalga oshmagan yuksak orzulariga bag‘ishlangan tantanavor motam kuylari emas, balki chinakam hayotning go‘zalligi va to‘laligidan zavqlanish, erksevar inson tuyg‘ulari va fikrlari parvozidir.
Ohang tarovati va badiiyligi, orkestr kuylarining tiniqligi, hayotbaxsh ruhi sharofati ila ular jahon musiqa madaniyati tarixida chuqur iz qoldirdi.
Bastakorlardan hech kim raqs musiqasini o‘g‘il Shtraus amalga oshirganchalik simfonik mushohada darajasigacha ko‘tarolmadi.
Ungacha hech kim (na Pamer, na Lanner, na otasi Shtraus) o‘z asarlarida uning operettalariga xos o‘ynoqilikni, jo‘shqinlikni, otashinlikni, birgina ehtiros – Iogann Shtraus musiqasiga muhabbat ila butun dunyoni o‘ziga rom etgan yengillik, havodorlik, ohangdorlik va musiqiylikni ochib berolmagandi.
Iogann Shtraus haqida N.F.Soloveyov, G.M.Yaron, A.R.Vladimirskaya, L.Trauberg, Aygner Tomas va boshqa olimlar tadqiqotlar yozgan.
Bu bastakor shaxsiyatiga faqat yozuvchilar va olimlargina emas, balki kino arboblari ham qiziqqanlar. Rejissyor Alfred Xichkokning “Vena valslari” (1934) kinofilmida “Ajoyib moviy Dunayda” valsining yozilish tarixi hikoya qilinadi. “Katta vals” (1938) filmidan uning hayoti va ijodidan ayrim hujjatli lavhalar o‘rin olgan.
Marfua Hamidova
san’atshunoslik fanlari doktori
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son