Otto Bram: Isyondan inqilobgacha

 “Yangi san’at bu – ayni kunda sodir bo‘layotgan, tabiatu jamiyatning ajralmas uzviga aylangan hodisadir, u doimo yangi hayot va zamonni aks ettiradi, tarannum etadi. Pirovardida esa haqiqat yuzaga chiqadi. Nazarimda, haqiqat ob’ektiv tushuncha emas, balki erkin ruhiyatni kuylovchi, borliqni hech qanday pardozsiz, boricha tasvirlovchi, juda nozik va chuqur mohiyatga ega individual atamadir. Bugungi zamonaviy san’at uchun haqiqat – muhim mezondir…”

Ushbu fikrlar XIX asrning oxirida “Ozod sahna” nomli teatr tashkil etib, ilg‘or qarashlari, favqulodda islohotlari bilan jahon sahna san’atini shakl hamda mazmun jihatidan yangilagan mashhur nemis rejissyori va nazariyotchisi Otto Bramga tegishli. Bramning teatrdagi qismati oson kechmadi, barcha novatorlar kabi uning ijodi ham turfa ziddiyatlarga uchradi, biroq u har qanday vaziyatda xam o‘z so‘zi va dastxatini qoldirishga intildi va buning uddasidan chiqdi.

Otto Bram 1856 yil Germaniyaning Gamburg shahrida yahudiy oilasida dunyoga keladi. Yoshligidan san’atga oshno tutingan Bram universitetni filologiya yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, professional faoliyatini jurnalist va teatr tanqidchisi sifatida boshlaydi. Uning teatrga bag‘ishlangan maqolalari keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otadi va zamonaviy nemis teatrining shakllanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Otto Bram ijodini XIX asrning ikkinchi yarmida vujudga kelgan, nemis teatri orqali butun dunyo sahna estetikasini yangilagan meyningenchilar teatrisiz tasavvur qilish mumkin emas. Zero, Bram ham shu oqimning yirik namoyandalaridan biri sanaladi. Meyningenchilar yangi ijodiy tamoyillar, favqulodda rejalar, yuksak g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqdi. Ular spektakl yaratayotganda, avvalo muayyan tarixiy davr, zamonu makon, qahramonlarning turish-turmushini chuqur o‘rganar, shuningdek, tasvirlanayotgan muhitning tabiiy va haqqoniy chiqishiga e’tibor qaratishardi. Meyningen teatri – rejissyorlik teatri edi, binobarin spektaklda ham rejissyor qarashlari, maqsadu maslagi ustuvorlik qilar, natijada, aktyor shaxsi keyingi pog‘onalarda qolib ketardi. Mutaxassislar ayni shu omilni teatrning eng ojiz nuqtasi sifatida qayd etishadi. Garchi bu teatr yetuk aktyorlari bilan maqtana olmasada, Lyudvig Kroneg, Maks Reynxardt, Otto Bram singari ulug‘ rejissyorlari bilan har qancha faxrlansa arzirdi.

Meyningen teatri sayyor truppa bo‘lib, Germaniya va Yevropaning ko‘plab mamlakatlari bo‘ylab gastrol safarlarini tashkil etar, tabiiyki, bunda tomoshabin ehtiyoji va qiziqishidan kelib chiqib, repertuar rang-barangligini ta’minlash, xususan, davr ruhiyati aks etgan spektakllarni sahnalashtirish asosiy vazifa edi. Buni yaxshi his qilgan Bram teatr jamoatchiligi nigohini Ibsen dramaturgiyasiga qaratadi. Asosan, klassik  asarlarga ko‘nikib qolgan meyningenchilar uchun bu kutilmagan tanlov edi. Bramning fikricha, “Ibsen dramaturgiyasida inson ruhiyatining inqilobiy xarakteri mujassam”. U “Augsburg gazetasi”,  “Milliy gazeta” va boshqa nashrlarda chop etilgan maqolalarida ushbu fikrni bot-bot ta’kidlaydi. “Xebbel[1]ning vafotidan so‘ng hech kim nemis dramasining ertangi taqdiri haqida o‘ylab ko‘rmayapti. Chor-atrofimizda umidsiz, mubham bo‘shliq hukmron. Biz kutayotgan xaloskordan esa hanuz darak yo‘q. Afsuslar bo‘lsinki, mamlakatimizda biror kimsa Ibsen ijodi nemis teatrini qay darajada o‘zgartirib yuborishini fahmlab ko‘rmaydi. Hatto eng zakiy teatr arboblaridan biri Genrix Laube[2] ham “Nora” (Ibsenning “Qo‘g‘irchoq uy” asari qahramoni) ning muallifidan murosa ila yakunlanuvchi finalni talab qilayotir” – deya kuyunchaklik bilan yozadi Bram. Mazkur so‘zlarining amaliy tasdig‘i sifatida rejissyor Genrik Ibsenga olamshumul shuhrat keltirgan “Arvohlar” asarini sahnalashtiradi.

Spektakl ehtirosu kechinmalarga boy bo‘lib, nemis xalqining mudragan shuuri, lohaslanayotgan fikratini yashindek chaqnatib yuboradi, kutilmagan bu hayqiriq hammani birdek hush’yor torttiradi. Tomosha tegrasida turfa munozaralar avjiga chiqadi, kimlarningdir nazdida bu xuddi ongni ekspluatatsiya qilishga o‘xshardi. Oxir-oqibat politsiya aralashuvi bilan spektakl namoyishi to‘xtatib qo‘yiladi. Ta’qibga uchraganlar orasida bir guruh yosh jurnalistlar va ancha-muncha nomi chiqqan adib Gerxart Gauptman ham bor edi. Tez orada shu izdihomda yig‘ilgan ziyolilar Bram va Gauptman boshchiligida “Shiller qahvaxonasi” nomli gurung tuzishadi, bu yerda adabiyot va teatr haqida qizg‘in munozaralar, tongotar suhbatlar avjiga chiqar, yangi-yangi fikrlar, taklifu rejalar o‘rtaga tashlanardi. “Ozod sahna” teatrini yaratish g‘oyasi ham shu yerda tug‘iladi.

Tashkilotchilar nazdida, yangi teatr “tsenzura va tijoriy maqsadlardan xoli bo‘lishi” lozim edi. Bu borada teatr tashabbuskorlaridan biri, jurnalist P.Shlenter shunday yozadi: “Ozod sahna” – faqat va faqat badiiyyatga xizmat qilish kerak. Teatrga tushgan har qanday mablag‘ beistisno shu maqsad yo‘lida sarflanadi”.  Mablag‘ va tsenzuraga qaram bo‘lmaslik uchun teatr a’zolik badalini joriy qiladi, bu esa jamoaga bepul gastrollar uyushtirish va tomoshabinlar audiyatoriyasini kengaytirish imkonini beradi.

Baxtga qarshi teatrning binosi yo‘q edi, shu bois spektakllarni sahnalashtirish uchun dastlab “Lessing teatri”,  keyinroq esa “Rezidents teatri” binolari ijaraga olinadi. “Ozod sahna”har oyda kamida to‘rtta spektakl tayyorlab, keng ommaga namoyish etardi. Ko‘pchilik teatrning ijodiy tamoyillari va repertuar siyosatini Frantsiyada yana bir dongdor rejissyor Andre Antuan tomonidan tashkil etilgan “Ozod teatr” ga qiyoslardi.  Darhaqiqat, Otto Bram va Andre Antuanning rejissyorlik kredosi, ijodiy tutumlarida o‘xshash jihatlar mavjud bo‘lib, bu holat ikki teatr o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirgan desak, xato bo‘lmaydi. Farqli jihati shuki, Bram o‘z teatriga professional aktyorlarni taklif qilgan bo‘lsa, Antuan havaskorlar bilan ish boshlagan edi.

Bram teatrga oid ilg‘or qarashlarini turli davralar, manifestlarda baralla aytadi. U ommaga “Ozod sahna”ning maqsad va vazifalarini batafsil tushuntirib, shu orqali o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga intiladi. Shuningdek, teatrga iste’dodli rejissyor va aktyorlarni jalb qilish, eng muhimi, aniq repertuar yo‘lini belgilab olishga jiddiy ahamiyat qaratadi. Rejissyor teatr repertuarini qat’iy mezonlar asosida yuritadi,  “davrga loqayd qarovchi, hayotiy va sahnaviy sezimdan yiroq, sxematik murosa yoki sun’iy konfliktga qurilgan asarlar” ga qarshi kurashadi. E’tiborlisi, “Ozod sahna” ning repertuarida “Ozod teatr”da Andre Antuan sahnalashtirgan deyarli barcha mualliflar mavjud edi: Ibsen, Tolstoy, Gauptman, aka-uka Gonkurlar, Zolya. Bram esa bularga qo‘shimcha tarzda zamonaviy mavzuda ijod qiluvchi Antsengruber, Golts, Shlaf, Gartleben, Kayzerling kabi nemis va avstriyalik adiblarning asarlariga ham murojaat qiladi. Repertuardagi bunday yangilik, bunday yondashuv madaniy jamoatchilikni hayratga soladi.

“Arvohlar” dan so‘ng o‘z ruhiyati va dunyoqarashiga mos asarlar izlagan Otto Bram yaqin maslakdosh do‘sti Gerxart Gauptmanning “Hayot shomi” pesasini sahnalashtiradi va bu spektakl ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Gauptman asarida yetmish yoshli qariya Mattias Klauzen va uning oilasi timsolida inson ruhiyatidagi evrilishlar, ma’naviy tanazzul oqibatlari keskin ziddiyatlar va psixologik ifoda orqali ochib beriladi. Bir qarashda oilaviy-maishiy mavzuga bag‘ishlangan asar mag‘zidagi o‘tkir ijtimoiy ruh, falsafiy mohiyat, badiiy harorat tomoshabinlarni to‘lqinlantirib yuboradi. Spektakl atrofida turli mojarolar boshlanadi, tomoshabinlar ikki oqimga ajraladi: bir toifa yangi muallifni qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchisi azbaroyi qarshilik ko‘rsatadi. Bir tarafda qarsak sadolari, bir tarafda esa hushtakbozlik avjiga chiqadi. Matbuotda ham paydar-pay maqolalar bosilar, yangi teatrning ijodiy mezonlari obdon muhokama qilinardi. Hatto ayrim nashrlar oshkora mazah yo‘liga o‘tadi,  xususan “Kladderadach”  nomli satirik jurnal “Ozod sahna”ni axlat qutisi ko‘rinishida tasvirlaydi.

Shunday murakkab vaziyat va to‘xtovsiz bosimga qaramay, Bram tanlagan yo‘lidan chekinmaydi va  Gauptmanning navbatdagi “To‘quvchilar” nomli dramasini sahnalashtiradi. Asarda fabrika egalariga qarshi bosh ko‘targan oddiy ishchilarning manfaati himoya qilinadi, insonlarni tabaqaga ajratish qanchalik yovuz illat ekani ro‘yi rost fosh etiladi. Tabiiyki, bu tomosha muxolif kuchlarning battar g‘azabini keltiradi, oqibatda ular o‘z maqsadiga yetadi. 1892 yil “Ozod sahna”ning faoliyatiga chek qo‘yiladi, uch yillik sa’y-harakat, betinim kurashu muhorabalar yakun topadi. Garchi teatrning umri uzoq bo‘lmagan esa-da, mutaxassislar Otto Bram ijodining eng yorqin davrini aynan shu teatr bilan bog‘laydi. Qolaversa, mazkur teatr nemis professional sahna san’atining shakllanishi va oyoqqa turishida muhim poydevor vazifasini bajargani e’tirof etiladi.

Otto Bram nafaqat rejissyor, balki teatr tanqidchisi sifatida ham faol ijod qiladi. U 1890 yil “Ozod sahna”ga hamohang tarzda shu nomli jurnalni tashkil etadi. Qisqa fursatda mazkur jurnal omma e’tiboriga tushib, Myunxenda nashr etiladigan nufuzli “Jamiyat” jurnalining asosiy raqobatchisiga aylanadi. O‘sha davrda “Jamiyat” muxbirlari Bram teatri va shaxsiyatiga daxl qiluvchi tanqidiy maqolalar bosib, shu yo‘l bilan yangi nashrni matbuot maydonidan siqib chiqarishga intiladi. Bram esa jurnalni “o‘ch olish” vositasi emas,  asl teatral hodisalarningmohiyatiga yetuvchi, xalqni sahna bilan yaqinlashtiruvchi jonli minbar bo‘lishini xohlaydi.

Otto Bram 1894 yil yana katta sahnaga qaytadi, u “Nemis teatri”ga rejissyor etib tayinlanadi. Bram bu teatrda o‘n yil faoliyat ko‘rsatib, uning ijodiy qudrati, repertuarini yuksaltirishga katta hissa qo‘shadi. U, avvalo, zamonaviy mavzudagi asarlar, birinchi navbatda, Gauptman va Ibsen pesalarini sahnalashtiradi. Shuningdek, Iogann Volfgang Gyote, Fridrix Shiller,  Genrix fon Kleyst singari mumtoz adiblarning asarlarini ham sahnaga qo‘yib, millatning chinakam shaxslariga ehtirom ko‘rsatadi. Muxtasar aytganda, Bram “Ozod sahna”da ro‘yoga aylangan orzu-maqsadlari, ijodiy rejalarini shu teatrda amalga oshiradi. 1904 yildan to umrining poyoniga qadar rejissyor “Lessing teatri” ni boshqaradi.

Otto Bram 1912 yil Berlinda vafot etadi.

Shubhasiz, Bram jahon rejissyorlik san’atida inqilob yasagan ulug‘ san’atkordir. Shu o‘rinda atoqli frantsuz adibi Romen Rollanning mashhur iborasi yodga tushadi: “Xalqchil teatrni yaratish uchun, avvalo, o‘sha xalqni yaratish kerak”.  Otto Bram ham o‘z spektakllari va nazariy qarashlari bilan teatrning xalq uchun naqadar zarurligini isbotladi va millionlab insonlar ruhiyati, ongu shuurini o‘zgartirib yubordi.

Shohrux Abdurasulov, O‘zRFA San’atshunoslik instituti tayanch doktoranti

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 3-son

___________________

[1] Fridrix Kristian Xebbel (1813-1863) – Fridrix Shiller, Gugo fon Gofmanstalbilan zamondosh bo‘lgan taniqli nemis dramaturgi. “Mariya Magdalina”,  “Yuliya”,  “Sitsiliya fojiasi”,  “Irod va Marianna”,  “Gig va uning uzugi”,  “Agnesa Bernauer”,  “Nibelunglar” kabi asarlar muallifi.

[2] Genrix Laube (1806-1884) – nemis yozuvchisi va teatr arbobi. Uning sahna san’atiga doir maqola va xotiralari nemis teatrini o‘rganishda muhim manba sanaladi.