“Hayotni sevasanmi? Sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot atalmish mato yaraladi”, – degan edi donishmandlardan biri. Teatr va kino san’atining yetuk namoyandasi, Armaniston xalq artisti, davlat mukofoti sovrindori Armen Jigarxanyan ham hayoti sahifalariga bo‘liq mazmun bitib, betakror rollari bilan tomoshabinlar qalbidan qo‘nim topdi. U suratga tushgan “Omad hamisha ham kelavermaydi”, “It yemas, otga ham bermas”, “Salom, bu men” kabi filmlar hanuzgacha ekrandan tushmasligining sababi shunda.
Armen Jigarxanyan 1935 yil 3 oktyabrda Yerevan shahrida tug‘ilgan. Onasi teatrning ashaddiy ixlosmandi bo‘lgani bois farzandlari bilan drama va opera spektakllarini muntazam tomosha qilardi. Oilaviy muhit sabab Armen bolaligidanoq teatr va kinoga qiziqdi, maktabni tugatgach, hujjatlarini teatr institutiga topshirdi. Biroq talabalik baxti nasib qilmadi. Tushkunlikka berilmagan Armen poytaxtdagi kinostudiyada operator yordamchisi sifatida faoliyat boshlaydi. Oradan ikki yil o‘tib, Yerevan badiiy san’at institutiga o‘qishga kiradi va bir vaqtning o‘zida teatr sahnalarida katta-kichik rollar o‘ynab, aktyorlik mahoratini tob-lab boradi.
Jigarxanyanning o‘ychan qiyofasi, tug‘ma iste’dodi teatr sahnasidayoq muxlislar e’tirofiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, uning “Orzular tramvayi” (T.Uilyams asari) spektaklidagi ijrosini ko‘rish uchun har safar teatrga gurros-gurros tomoshabin kelardi. Kinoda esa bu jarayon yanada qizg‘in tus oldi.
“Salom, bu men” filmi tufayli kinomuxlislar favqulodda qobiliyat egasi Armen Jigarxanyan bilan tanishdi. O‘sha paytda bu film aktyor ijodiy bisotidagi oltinchi kartina edi. O‘zi shu vaqtgacha o‘ynagan rollarini sayoz va o‘rtamiyona deb hisoblar, bu ijrolar “Salom, bu men” filmiga qadar tadorik bo‘lganini doim ta’kidlardi.
Armen Jigarxanyanning favqulodda muvaffaqiyat qozongan yana bir ijrosi “Uchburchak” filmidagi temirchi obrazi hisoblanadi. Tabiiyki, avvalgi filmida o‘ynagan olim rolidan keyin o‘ziga xos xarakterga ega mo‘ysafid temirchi obrazini gavdalantirish aktyordan jiddiy izlanishni talab qilardi. Film katta ekranlarga chiqqach, aktyor suratga olish maydonlaridan bo‘shamay qoldi, ko‘plab rejissyorlardan ketma-ket takliflar kela boshladi.
Armen Jigarxanyanning dublyajdagi faoliyati ham tahsinga sazovor. Ko‘pgina multfilm qahramonlari Jigarxanyan ovozi orqali bolalarga zavq ulashadi. Jumladan, “Bir it bor edi” multfilmidagi “Hozir kuylab yuboraman” iborasi ko‘plab ixlosmandlarning yodida qolgan. “Xazinalar oroli”dagi Mokus amaki, “Toshbaqa Ninza” multserialining qahramonlari ham sevimli aktyor ovozi bilan “gapirdi” va bularning barchasi dublyaj san’ati xazinasidan mustahkam o‘rin oldi.
“Bir qolipdagi obrazlar hukmidan qochish kerak”, – deb ko‘p takrorlargan aktyor umri mobaynida 348 dan ortiq filmda rol ijro etib, eng ko‘p suratga tushuvchi aktyor maqomiga ega bo‘ldi. Komediya, sarguzasht, drama, musiqiy filmlarda yaratgan qahramonlari uning serqirra ijodkor ekanidan dalolat berardi.
Armen Jigarxanyan ijodiy faoliyat bilan cheklanib qolmay, 1991 yildan Davlat kinematografiya institutida bo‘lajak aktyorlarga saboq bera boshladi. 1996 yilda esa kichik teatrlar ichida o‘ziga xos nufuzga ega “D” teatrini tashkil etadi. Armen Jigarxanyan kinematografiya institutida saboq berayotgan kurs “D” teatrining dastlabki jamoasi sifatida ijodiy faoliyat boshlaydi. Aktyorning o‘zi ham teatr sahnasida bir-biridan qiziqarli rollar ijro etadi. Bu o‘rinda X.Pinterning “Uyga qaytish” va S.Bekketning “Kreppning so‘nggi tasmasi” spektakllarini eslash o‘rinli. Aktyor “Kreppning so‘nggi tasmasi” spektaklidagi obrazining ta’sirchan va ishonarliligini ta’minlash maqsadida bir yarim soat sun’iy tishini olib qo‘yib o‘ynaydi. Armen Jigarxanyan hozirgacha mazkur teatrning badiiy rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda.
Kino va teatr san’atidagi ijodiy faoliyati davomida aktyor juda ko‘p muxlislarga ega bo‘ldi. Uning muxlislaridan biri Texas shtati yaqinidan yetti xonali uy sovg‘a qildi. Aktyorning ijodi sermahsulligini nazarda tutib, hamkasblaridan biri Valentin Gaft: “Er yuzidagi armanlarning soni Armen Jigarxanyan suratga tushgan filmlardan kamroq bo‘lsa kerak”, deya hazillashgandi.
Armen Jigarxanyan bir necha yil avval teatrdan ketishini ma’lum qildi. Lekin ko‘p o‘tmay qarorini o‘zgartirib, yana qadrdon sahnasiga qaytdi va bu holatni quyidagicha izohladi: “Aktyorlik faoliyati, bu – ehtiros ila yashash demakdir”.
Bir so‘z bilan aytganda, arman san’atining yorqin namoyandasi Armen Jigarxanyan sahna va ekranda yaratgan betakror obrazlari bilan milliy doiradan chiqib, umuminsoniyatga daxldor ijodkorga aylandi.
Feruza Fayziyeva tayyorladi.
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 9-son