Animatsion filmlar yosh tomoshabinlar orasida personajlarning qiziqarli tasviri, jo‘shqinligi, rang-barang ko‘rinishga ega ekanligi bilan mashhurdir. Buyuk rejissyor S.Eyzenshteynning fikricha, animatsiya san’ati (multiplikatsiya) ning eng muhim vazifalaridan biri – inson tushunchasi, dunyoda sodir bo‘layotgan jarayonlar, tabiat hodisalarining animizm fenomeni vositasida jonlanishidir. Bunday filmlarni yaratish nihoyatda murakkab jarayonni qamrab oladi. Mashhur kino nazariyotchisi I.Vaysfeld animatsiya san’ati kinoga qaraganda, ko‘proq jihatlarga ega ekanligini ta’kidlaydi. U tomoshabinga jismoniy harakatning tasodifiy jihatlarini, allegorik va ramziy konstruktsiyaning muhimligini, mavhum va birlashtiruvchi fikrlar ahamiyatini anglashga yordam berishini ta’kidlaydi.
Multiplikatsiya san’ati O‘zbekistonda XX asrning ikkinchi yarmidan paydo bo‘la boshladi. Kino ijodkorlar Yu.Petrov va D.Salimov o‘zbek multiplikatsiyasining dastlabki namoyandalari hisoblandi. “Sahro osmonida” (1963), “Aylana” (1967), “Komandirning qaytishi” (1968), “Tog‘lar” (1972), “Bu qo‘rqinchli bolalar avtomashinalar poygasida” (1974), “Shum bola” (1977) kabi badiiy filmlar rejissyori D.Salimov bezakchi rassom Yu.Petrov bilan hamkorlik multiplikatsion film yaratish tajribasini boshlab beradi. Yu.Petrov mazkur san’at sirlarini o‘rganish maqsadida 1936 yili Moskvada tashkil etilgan “Soyuzmultfilm” studiyasidan animatsion film yaratishga doir qariyb 200 sahifali yo‘riqnoma keltiradi. Ularni o‘zlashtirish natijasida 1965 yil qo‘g‘irchoq texnologiyasida “6x6 kvadratida” nomli ilk multiplikatsion film yaratadilar. Bu multfilm keyinchalik qator kartinalarning yaratilishiga turtki bo‘ladi.
Ma’lumki, multfilmga mos adabiy asar xalq og‘zaki ijodi namunalari bo‘lgan afsona, rivoyat va dostonlar, ertaklar saralab olinadi. O‘zbek animatsion filmlari asosan xalq ertaklari asosida paydo bo‘ldi. Jumladan, rejissyor va rassom Mavzur Mahmudovning buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni asosida “Bahrom va Dilorom” (1996), “Farhod va Shirin” (2010), “Hayrat ul abror” dostoni asosida “Sher ila durroj” (2010) multfilmlari yaratildi.
Keyinchalik jahon adabiy asarlariga ham murojaat etish an’anasi boshlandi. Iste’dodli rejissyor Qamara Kamolova o‘zbek multiplikatsion san’atida jahon adabiyoti namunalari asosida bir qator filmlar yaratilishga muvaffaq bo‘ldi. Uning “Quyosh yog‘dusi” kartinasi rumin yozuvchisi Popesku hikoyasi asosida (stsenariy muallifi M.Hakim) yaratilib, unda-da tashqi bezaklar va dekoratsiyalardan ko‘ra personajning harakatlariga, g‘oyaviyligiga, personaj psixologiyasini ochishga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Film rassomi V.Gridnev dekoratsiyani personajlar xarakteridan kelib chiqqan holda ishlagan. Bu haqda kinoshunos M.Mirzamuhamedova shunday yozadi: “Yaroqsiz eskirgan etik, siniq patefon, qotib qolgan kley, o‘yib tashlangan qop-qorong‘i yerto‘la ham oyog‘i singan raqqosaning kayfiyatini ifodalaydi”. Multfilm bosh qahramoni chinnidan yasalgan raqqosa bo‘lib, u shu qadar jonlidek tabiiy ishlanganki, raqslari tomoshabinga haqiqiy raqqosa o‘yini kabi ta’sir etadi va estetik zavq bag‘ishlaydi.
Rejissyor keyinchalik turkman xalq ertagi asosida “Kichkina demang bizni” kartinasini yaratadi. Qo‘g‘irchoq texnologiyasida yaratilgan ushbu kartinada multiplikatsiya spetsifikasidan juda o‘rinli foydalaniladi. Asarda satirik personajlar ancha muvafaqqiyatli chiqib, ularning tashqi ko‘rinishini haqiqatdan ham mubolag‘a deyish mumkin. Shuning uchun ham kadrda ijobiy personajlardan ko‘ra salbiy qahramonlar ta’sirchan ifodalangan.
O‘zbek multiplikatsiyasi taraqqiyotida qo‘g‘irchoq filmlar bilan bir qatorda chizma filmlar ham yaratildi. Ular orasida eng muvafaqqiyatli filmlardan biri rejissyor N.To‘laxo‘jayev va rassom S.Alibekovning amerikalik fantast yozuvchi Rey Bredberining hikoyasi asosida yaratilgan “Yoqimli yomg‘ir yog‘adi” (1984) filmidir. Film multiplikatsion usulda yaratilgan bo‘lsa-da, mavzu jihatidan katta yoshdagi tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan. Asarda sanoqli personajlar ishtirok etadi. Filmda kelajak bashorat qilinib, yer yuzida atom urushining xavfi falsafiy ko‘rinishda hikoya qilib beriladi. Ijodkorlar asar orqali inson psixologiyasiga chuqur kirib borishni ko‘zlaydi va multfilm g‘oyasi obrazlar va tasviriy vositalar orqali yoritib beriladi.
Mazkur film Leyptsig xalqaro kinofestivalida bosh sovrin “Oltin kabutar” va Ispaniyaning Bilbao shahrida o‘tkazilgan kinofestivalda “Kumush mikeldi” sovrinlariga munosib ko‘rildi. Film rassomi S.Alibekov bugungi kunda Moskva shahrida ijodini davom ettirib kelmoqda.
O‘tgan asrning 70-yillari ikkinchi yarmida bu san’at dargohiga M.Mahmudovning kirib kelishi o‘zbek multiplikatsiyasining mavzusi, tasviriy ifoda uslubi va texnologiyalarida o‘ziga xos burilish sodir etdi. U o‘zbek multiplikatsion filmlariga “perekladka” texnologiyasini olib kirdi. Mazkur texnologiyada asosida film yaratish uchun angliyalik yozuvchi Oskar Uayldning “Baxtli shahzoda” nomli hikoyasini tanlaydi. Film ikki qismdan iborat bo‘lib, unda insoniy tuyg‘ular, personajlarning hayajoni, o‘y-kechinmalari kuchli talqin etiladi. Mazkur multfilm rus tilida talqin etilgan bo‘lsa-da, asar qahramoni umuminsoniy xarakaterda ifodalangan. Rahmdil Haykal haqidagi ushbu filmi uchun rejissyor M.Mahmudov O‘zbekiston kino arboblari uyushmasining Grifon mukofotiga (1993) munosib ko‘rildi.
Keyinchalik M.Mahmudov rassom M.Qoraboyev bilan G.X.Andersenning “Bulbul” (1999) ertagini ekranlashtirdi. Ijodkor mazkur ertak asosida stsenariy yozib, uning syujetini o‘zbek tomoshabiniga moslashtiradi. Ertakdagi Xitoy imperatorining saroyida bo‘lib o‘tgan voqea filmda Markaziy Osiyoda talqin etiladi. Film syujeti podshoh saroyida ro‘y berib, personajlarning tasviriy ko‘rinishi sharq miniatyurasi uslubida tasvirlangan. Rassom ularning liboslarini saroy ayonlariga xos ko‘rinishda yorqin koloritda ifoda etgan. Ayniqsa, film bosh qahramoni haqqoniy, jonli “bulbul”ning emas, balki yasama, ko‘zni qamashtirgudek chiroyli o‘yinchoq soxta “bulbul” atrofida shoh va uning vazirlari mahliyo bo‘lgan vaqtda kadrdagi tasvir va ritm o‘zaro mutanosiblikda yoritib berilgan. Ushbu film 1999 yil Moskvada o‘tkazilgan bolalar animatsion kinosi Xalqaro festivalining “Eng mehribon film” nominatsiyasiga sazovor bo‘lib, bosh sovrin “Oltin baliqcha” bilan taqdirlandi.
Jahon adabiyoti namunalarini milliy mumtoz asarlarimiz kabi animatsiya ekranda talqin etish o‘sib kelayotgan yosh avlodning tafakkur doirasini kengayishiga va dunyoqarashini yanada boyitishga xizmat qiladi. So‘nggi yillarda o‘zbek multiplikatsiya san’atida milliy animatsion filmlar yaratish tendentsiyasi boshlanib, asosan, xalq ertaklari va bolalar adabiyotining milliy namunalarini ekranlashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Multfilmlar ishlab chiqaruvchi xorijiy yirik kinokompaniyalarning ijodiy tajribasiga e’tibor qaratsak, ularning asosiy muvaffaqiyat siri dunyo bolalar adabiyotining eng yaxshi namunalariga tayanganligidadir. Jahon adabiyoti namunalari va dunyo xalqlari ertaklaridan unumli foydalanish milliy multiplikatsiya sohasini har jihatdan rivojlantirishning muhim omili bo‘lib qolaveradi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 6-son