Jo‘ra Shukurov. Musiqaga baxshida umr

O‘zbek professional musiqa san’atining darg‘alaridan biri, fidoyi ijodkor, atoqli kompozitor Mustafo Bafoyev ijodiga nazar solar ekanmiz, uning kompozitorlik sohasining turli janrlarida nafaqat barakali ijod qilayotganiga, balki shu janrlarga milliy ruhni singdirib kelayotganiga ham guvoh bo‘lamiz. Ustozdagi aynan mana shu jihat hammaga ham nasib etavermaydi.

1963 yili Buxoro davlat musiqa bilim yurtining birinchi kursiga o‘qishga kirganimda, Mustafo Bafoyev to‘rtinchi kurs talabasi edi. Shunga qaramay, nafaqat talabalarning, balki o‘qituvchilarning ham diqqat-e’tiboriga tushgandi. Xo‘sh, buning boisi nimada edi? Gap shundaki, M.Bafoyev g‘ijjakchi sifatida o‘quv dasturi bo‘yicha berilgan kompozitorlar asarlarini mukammal ijro etishga erishgan, xalq musiqa merosini ham yaxshi o‘zlashtirgan va bu asarlarning barchasini mohirona ijro eta bilgan.

Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi “Ganchkash” qish­lo­g‘i­da tavallud top­gan M.Bafoyev yoshligidan musiqaga qiziqqan. Buni ko‘rgan amakisi “Sen, albatta, musiqa sohasida o‘qishing kerak”, deb otasining qarshiligiga qaramay, 1960 yili Buxoro davlat musiqa bilim yurtiga olib kelgan. O‘qituvchilar uning iqtidorini sinab ko‘rib, g‘ijjak cholg‘usi bo‘yicha Sami Vohidov sinfiga qabul qilishgan. 1964 yili bilim yurtini muvaffaqiyatli bitirgan M.Bafoyev Toshkent davlat konservatoriyasining xalq cholg‘ulari fakultetiga, g‘ijjak cholg‘usi bo‘yicha dotsent Belenkiy sinfiga qabul qilinadi. Dirijyorlik fanidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professor Mardon Nasimov sinfida tahsil ola boshlaydi. Konservatoriyada o‘qib yurgan kezlarida fortepiano fanidan o‘zlashtirayotgan asarlarini eshitgan odam “bu yigit pianinochi bo‘lsa kerak”, degan fikrga borardi. Chunki u juda murakkab bo‘lgan Mashkovskiyning “Kontsert” etyudini, F.Shopenning “Inqilob etyud”i kabi yirik va murakkab asarlarni ijro etganida havas qilganmiz. 1969 yili, bitirish imtihonida bosh­qa asarlar qatorida, o‘zining “Skertso” asarini ham davlat komissiyasi e’tiboriga havola etgan. Asar ijrosi tugashi bilanoq komissiya a’zolari o‘rnidan turib olqishlashadi va bir ovozdan Mus­tafo Bafoyevni kompozitorlik fakultetiga o‘qishga qabul qilish zarurligi haqida bayonnoma tuzishadi. Biroq…. taqdir taqozosi bilan bu ish shu yilning o‘zida amalga oshmay qoladi. 1972 yili (M.Bafoyev Buxoro davlat pedagogika institutining o‘qituvchisi, ikkita farzandning otasi bo‘lib turgan bir paytda) ustozi, professor M.Nasimov M.Bafoyevga qo‘ng‘iroq qilib, “Konservatoriya rahbariyati o‘zgardi, Siz, albatta, kompozitorlik fakultetida o‘qishingiz kerak”, deb qayta-qayta tayinlaydi.

Oiladagilarning hammasi yana o‘qishning keragi yo‘q, deb turgan bir paytda turmush o‘rtog‘i: “Mayli, borsinlar, chunki ko‘rayapman, bu kishining shusiz halovatlari bo‘lmaydi”, deya rozilik beradi. Shunday qilib, 1972 – 1977-yillarda M.Bafoyev kompozitorlik fakultetida, mutaxassislik bo‘yicha professor Boris Giyenko, cholg‘ulashtirish bo‘­yi­cha esa O‘zbekis­tonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Aleksey Kozlovskiy sinflarida ta’lim oladi. O‘qish davrining o‘zidayoq Butunittifoq yosh kompozitorlar tanlovida g‘olib­likni qo‘lga kiritadi. O‘qishni bitirishda davlat komissiyasi e’tiboriga simfonik orkestr va xor jamoa­lari ijrosi uchun yaratgan birinchi “Buxoronoma” nomli oratoriyasini havola etib, olqishlarga sazovor bo‘ladi. 1977 – 1979-yillarda assissentura-stajirovkani ham muvaffaqiyat bilan bitiradi. 1980 yili Abu Ali ibn Sinoning 1000 yilligiga bag‘ish­lab uning yettita ruboiysi asosida jo‘rsiz xor jamoasi ijrosi uchun “Etti lavha” asarini yaratdi va o‘zbek turkumli jo‘rsiz xor asarlari janriga asos soldi. 1980 yili O‘zteleradio qoshidagi xalq cholg‘ulari orkestrida, keyin shu jamoaning badiiy rahbari va bosh dirijyori sifatida ishini davom ettirdi.

M.Bafoyev orkestrga rahbarlik qila boshlagandan jamoada ijodiy muhit o‘zgarib, ijodiy o‘sish boshlanadi. Bunga 1988 yilning noyabr oyi­da Konservatoriyaning katta zalidagi kontsert misol bo‘la oladi. O‘sha davrlarda O‘zbek davlat filarmoniyasi qoshida T.Jalilov nomidagi xalq cholg‘ulari orkestri faqat akademik ijro yo‘nalishi bilan shug‘ullanar, ya’ni ham akademik, ham xalq yo‘lida baravar ijro etishning iloji yo‘q, degan fikr bilan ish tutishardi. Mus­tafo Bafoyev esa ikkisini ham baravariga olib borish nafaqat mumkin, balki kerak, degan aqidaga asosan ish tutgan edi.

M.Bafoyev aslida g‘ijjak cholg‘usi mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olgan bo‘lsa-da, uning kompozitorlik faoliyatini xonandalik san’atisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Simfonik orkestr va xalq cholg‘u orkestrlari fortepiano jo‘rligi asosida ko‘plab qo‘shiqlar, romanslar, xor jamoasi ijrosi uchun jo‘rli va jo‘rsiz asarlar yaratgani buning yaqqol misolidir. Kompozitor tarixiy asarlarga ham murojaat qilib, o‘tmishdagi allomalarimiz haqida asarlar yaratgan. Al-Xorazmiyning yubiley tadbirida yakkaxon va xor jamoasi ijrosi uchun “Alloma” nomli jo‘rsiz poema-kantatasini yaratib, o‘zbek xor yo‘nalishida poema-kantata janriga asos soldi. 1986 yili buyuk faylasuf va matematik Umar Xayyom hayoti va ijodiga bag‘ishlab “Umar Xayyom” nomli operasini yaratdi. Shundan keyin Al-Farg‘oniyga bag‘ishlangan “Sevgim samosi”, “Ibn Sino” va “Borbad”, “Amir Temur”, “Xamsa”, “Alisher Navoiy” operalari yozildi. Bulardan tashqari, Muqimiy nomidagi musiqiy teatrda bir qancha dramalari ijro etilgan va bugungi kunda ham ijro etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, M.Bafoyev mamlakatimizda hali yaratilmagan janrlarga qo‘l urib, ijodkor sifatida o‘zining yangi-yangi qirralarini namoyon qilaveradi, yangilik yaratishdan to‘xtamaydi. “Buxoroyi sharif” teleoperasi, “Nodirabegim” va “Uvaysiy” telebaletlari, diniy mavzudagi ”Hajnoma” oratoriyasi buning yaqqol misolidir. Ma’lumki, simfoniya deganda faqat simfonik orkestr ijrosidagi yirik janrdagi asar tushuniladi. Yevropada mashhur kompozitor L.V.Betxoven 9-simfoniyasining yakuniy qismida xonandalik san’atidan, ya’ni xor ijrochiligidan foydalangan birinchi kompozitordir. O‘zbekistonda esa 1980 yili M.Bafoyev buyuk sarkarda, shoh va shoir Boburning to‘rtta g‘azali asosida “G‘azal” deb nomlangan birinchi simfoniyasini yaratdi. Yakkaxon, xor va simfonik orkestr ijrosiga mo‘ljallangan bu asar mamlakatimiz musiqa san’atida yangilik bo‘ldi. Bundan tashqari, “Holati Alisher Navoiy” deb nomlangan 5-chi simfoniyasi yakkaxon va xor ijrosiga mo‘ljallangan. Xuddi shunday, Uvaysiy g‘azallari bilan “Maqom sadolari” asarini yaratganki, uning ohangi tom ma’noda kompozitorning ijod mahsulidir.

Mustafo Bafoyev xalq musiqa merosini yaxshi o‘zlashtirgan san’at­kor. Qolaversa, o‘zi cholg‘uchi-sozanda bo‘lgani bilan ovozning ijro imkoniyatlarini har tomonlama mukammal o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Ovoz uchun yaratgan asarlarining birinchi ijrochisi uning o‘zidir. Shu sabab bo‘lsa kerak, Qashqar rubobi uchun ikki qismdan iborat poemasi Ozarbayjon va Armanis­ton oliy ta’lim muassasalarining tor cholg‘usi bo‘­yi­cha repertuaridan joy egallagan. Mustaqilligimizdan keyingi “Mustaqillik”, “Navro‘z” bayram kontsertlari, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi, Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek, Bahouddin Naqshband, Al-Farg‘oniy kabi allomalarimiz, ozodlik kuychisi Cho‘lponga bag‘ishlangan yubiley kontsertlari, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan ko‘plab katta kon­tsert dasturlarida asosan M.Bafoyev qalamiga mansub asarlardan foydalanilgani hammaga ma’lum. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” festivalining 1997, 1999 va 2001 yillardagi kontsert dasturlarida ham shu kompozitor qalamiga mansub asarlardan olingan edi. “Shahidlar xiyoboni”ning ochilish tadbirida O‘zbekiston xalq artis­ti Maryam Sattorova ijrosidagi “Jigarim” asari ham M.Bafoyev qalamiga mansub.

Bugun M.Bafoyevni kompozitor sifatida nafaqat respublikamizda, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlarda ham yaxshi tanishadi va uning asarlarini zavq bilan ijro etishadi. Shuning uchun ham ijodkor AQSh kompozitorlar assotsia­tsiya­si­ning haqiqiy a’zosi etib qabul qilingan. AQSh, Yaponiya kabi mamlakatlardan unga buyurtmalar berishadi, muallif sifatida birinchi ijro paytida mamlakatlariga taklif qilib turishadi.

Darvoqe, O‘zbekiston Respub­likasi Davlat madhiyasining musiqa muallifi, O‘zbekiston xalq artis­ti, buyuk kompozitor Mutal Burhonov “Men yosh bo‘lganimda, albatta, kompozitor Mustafo Bafoyevga shogird tushar edim”, deya e’tirof etgan. Bu bejiz emas, albatta. M.Bafoyev ijod bilan bir qatorda pedagoglik faoliyatini ham olib bormoqda. U 2001 yildan buyon O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Bastakorlik va cholg‘ulashtirish” kafedrasida professor lavozimida talabalarga saboq berib kelmoqda. Kompozitorning nevaralari – ustozodalar Muhammadjon va Parvinaxon Avstriyada ta’lim olib, xalqaro konkurslarda g‘olib­likni qo‘lga kiritgan vatandosh­larimizdir. Hamon ijodda davom etayotgan ustoz kompozitorga uzoq umr, sihat-salomatlik va yangi ijodiy parvozlar tilab qolamiz.

Jo‘ra Shukurov,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, professor

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 10-son