Rol aktyorga emas, aktyor rolga ta’sir qila bilishi kerak. Aktyor berilgan rolga o‘zining munosabati, ichki bir his-tuyg‘usi bilan yondoshib talqin qila olsagina, o‘sha rol ta’sirchan, ishonarli va jonli chiqishi aniq.
Ushbu so‘zlarni O‘zbekiston xalq artisti, mohir rejissyor, zukko pedagog Qudrat Xo‘jayev ijodiga nisbat berib qo‘llash mumkin. Qudrat Xo‘jayev har qanday rolga o‘z ta’sirini o‘tkaza biladigan iste’dodli san’atkorlardan edi.
Toshkent shahrining Sebzor dahasida tug‘ilgan Qudrat Xo‘jayev o‘z ijodiy faoliyatini 1929 yilda Samarqand ishchi yoshlar teatrida aktyorlikdan boshlagan. 1936 yilda O‘zbek milliy akademik drama teatrida (avvalgi Hamza nomidagi teatr), 1942 – 52 yillar oralig‘ida Samarqand va Namangan viloyat teatrlarida aktyor, badiiy rahbar, 1952 yildan esa O‘zbek milliy akademik drama teatrida aktyor, shu bilan birga 1961 – 1981 yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi san’at va madaniyat)da pedagog sifatida ish olib borgan.
Ko‘plab san’at ustalari kabi Qudrat Xo‘jayevning ham hayoti, ayniqsa, bolaligi u qadar oson kechmadi. Bolaligida onasidan yetim qolib, o‘gay ona qo‘lida qolgani, uydan chiqib ketgani, Boku shahriga borib qolib, u yerda do‘stlar orttirgani va teatr san’atiga mehr qo‘ygani kabi hodisalar so‘zlarimiz dalili. Bularning bari san’atkor hayotida bir umrga muhrlanib qolgan. Aynan o‘sha kezlari Bokuda tanishgan do‘stlari bg‘ilan teatr tomoshasiga borib, Husayn Jovidning “Shayx San’on” dramasidan qattiq ta’sirlanib, spektakl so‘ngida ho‘ng-ho‘ng yig‘lab ko‘zlari shishib ketgani va o‘sha kundan boshlab aktyor bo‘lish orzusi bilan yashay boshlagani uning yodidan sira o‘chmadi.
Qudrat Xo‘jayevning sahnada ijro etgan ilk roli Fitratning “Arslon” asaridagi Imom roli bo‘lib, u bu rolni bilim yurtida o‘qib yurgan paytida, ya’ni drama to‘garagiga qatnashib yurgan chog‘ida o‘ynagan. O‘shanda drama to‘garagiga atoqli san’atkor Lutfulla Nazrullayev mutasaddilik qilardi. Razzoq Hamroyev boy rolini, Bolta Mahmudov Arslon rolini, Qudrat Xo‘jayev Imom rolini o‘ynagan edilar.
1929 yilning sentyabri. Samarqandda ishchi teatri o‘z ishini boshlaydi. Truppada Amin Turdiyev, Karim Zokirov, Maryam Yoqubova, Mavluda A’zamova, Nazira Ahmedova, Soat Tolipov, Gulchehra Rahimova singari iste’dodli yoshlar bor edi. 1930 yildan bu truppaga Zaynab Sadriyeva, Tamat Ziyoxonova, Hakima Xo‘jayeva, Qudrat Xo‘jayevlar ham kelib qo‘shilishdi. Qudrat Xo‘jayevning san’at olamiga kirib kelishi shu tariqa kechdi. Bu yo‘lda unga sahna ustalari Mannon Uyg‘ur, Fathulla Umarov, Sayfi Olimov, Abror Hidoyatov, Lutfulla Nazrullayevlar ma’naviy ustoz bo‘ldilar.
1932 yil Qudrat Xo‘jayev Moskvada o‘qish taraddudiga tushib qoladi. Moskva teatr san’ati Institutga yetib borganda imtihonlar tugab bo‘lgan, shu sababli imtihon topshirishning iloji yo‘q edi. Ammo u taqdirga tan bermay, to‘g‘ri institut rektori huzuriga kirib boradi va o‘pkasi to‘lib turgan ekanmi, birdan yig‘lab yuboradi. Hujjatlarni ko‘zdan kechirgan institut rahbari uni o‘qishda olib qoladi. U yerda u B.M.Sushkeevich, Stanitsin, Orlov singari aktyorlar qo‘lida tahsil oladi. 1936 yilda u O‘zbek milliy akademik drama teatri bag‘riga keladi. Shu yilning oxirida Ye.Bobojonov bilan Ishoq Ilolov Shillerning “Makr va muhabbat” tragediyasini sahnalashtiradilar. Bu asardagi salbiy qahramon Vurm obrazi Qudrat Xo‘jayevga topshiriladi. Bu haqda aktyorning o‘zi shunday xotirlaydi: “Men usta san’atkor Sa’dixon Tabibullayevga dublyor bo‘lib, Luiza bilan Ferdinandning sof muhabbatini toptashda zamon zo‘ravonlariga pichoq qayrab beruvchi Vurm obrazini yaratdim. Uni ismidan kelib chiqib (nemischa “vurm”- chuvalchang degan ma’noni bildiradi), sal bukriroq, sochi qizg‘ishroq, gapirishidan muloyim, o‘zini xunuk, sulloh qilib gavdalantirdim. Sahnaga “gajak” bo‘lib buralib chiqardim. Zaldan “Ha suvilon!”, “Sulloh!” degan xitoblar eshitilib qolardi.”
Shundan so‘ng Qudrat Xo‘jayevga birin-ketin rollar topshirila boshlandi. Jumladan, Soli Ismoilzodaning “Temur” dramasida Anvarposhsho, T.Xo‘jayev rejissyorligida sahnaga qo‘yilgan “Navoiy” asarida Majididdin, “Xolisxon” asarida Norboyvachcha singari salbiy qahramonlarning obrazlarini sahnaga olib chiqadi. Garchi ushbu asarlardagi unga tekkan rollarning bari salbiy qahramonlar bo‘lsa-da, ammo har birining tashqi va ichki olami, fe’l-atvori turlicha edi. Qudrat Xo‘jayev bularning har biri ustida tinimsiz ishladi, obraz mohiyatini ochib berishga harakat qildi.
Keyinchalik Shillerning “Qaroqchilar” asarida Frants, Shekspirning “Otello” tragediyasida Kassio, A.Qahhorning “Tobutdan tovush” asarida Qori, R.Tagorning “Gang daryosining qizi” asarida Jogen, M.Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” asarida Sakkokiy, B.Rahmonovning “Yurak sirlari” asarida Ilhom va boshqa ko‘plab rang-barang rollarni birin-ketin maromiga yetkazib ijro etdi.
Qudrat Xo‘jayev hayotda juda madaniyatli, intellektual salohiyatga ega teran taffakkur sohibi, tartib va intizomni xush ko‘radigan, o‘ta talabchan san’atkor edi.
Uning “Go‘zallik shaydosiman” deb nomlangan kitobida Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” asari bilan bog‘liq shunday xotiralar bor: “Menga Qori roli topshirilar ekan, ham quvondim, ham biroz tashvishlandim. Quvonchim shundan iborat ediki, sevimli dramaturg Abdulla Qahhor asarida birinchi o‘ynashim edi. “Tobutdan tovush” spektaklidan oldin qo‘yilgan “Shohi so‘zana” bilan “Og‘riq tishlar”da menga rol tegmadi. Mazkur komediyalardagi boy hayotiy kuzatuvlar va faktlar, zargarona ishlangan, jonli va obrazli til, bir-biridan o‘tkir, pishiq xarakterlarga mahliyo bo‘lib, ijrochilarga havas va rashk bilan boqqan edim. Shunday bo‘lgach, Qori roli tekkach, quvonaman-da! Tashvishga bois esa shu ediki, bu rol Nabi Rahimovga ham berilgan bo‘lib, istar-istamay u bilan ijodiy musobaqa qilishim, tortishib ko‘rishim zarur edi. Aktyorlar orasida menga qo‘shilib tashvishlanayotganlar ham, qani nima karomat ko‘rsatarkin, deydigan hangomatalablar ham yo‘q emas edi. Xullas, men o‘zimni imtihonga tayyorlanayotgan talabaday his qilardim… Premeradan bag‘oyat xursand bo‘lgan Abdulla Qahhor o‘z chorbog‘ida ziyofat qilib berdi. O‘shanda dramaturg teatr san’atiga, aktyorlar san’atiga juda ko‘p iliq so‘zlar aytgandi. Gap orasida mening yelkamga qoqib shunday degan edi: “Qori obrazini bunchalik mahorat bilan ijro etasiz, deb sira xayolimga keltirmagan edim. Salomat bo‘ling, Qudratjon, bopladingiz”.
Atoqli adib Izzat Sultonning “Imon” asaridagi Sanjarov roli ham salbiy qahramonlardan biri bo‘lib, aktyor uning ma’naviy qiyofasini, ruhiy olamini yorqin bo‘yoqlarda ochib berishga muvaffaq bo‘ladi. Uning aktyorlik bobidagi mahorati bilan birga rejissyorlik bobida qilgan ishlari ham tahsinga loyiq. Jumladan, O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida Xurshidning “Farhod va Shirin”, A.Ostrovskiyning “Momaqaldiroq”, G‘.Zafariyning “Halima” singari asarlarini sahnaga qo‘ydi. Bundan tashqari o‘zbek kino san’ati rivojiga ham o‘z ulushini qo‘shgan bo‘lib, “Hamza”da Naziriy, “Ikki dil dostoni”da Naqshobiy, “Boy ila xizmatchi”da Hakim singari rollarini keltirish mumkin.
Shu o‘rinda “Yor-yor”, “Abu Ali ibn Sino” badiiy filmlarini ham eslash joiz. Dramaturg Bahrom Rahmonovning “Yurak sirlari” asaridagi Ilhom roli esa san’atkorning ilk ijobiy qahramoni bo‘lgan ekan. Bu haqda aktyor shunday xotirlaydi:
“… Ilhom ijodimdagi birinchi ijobiy qahramon edi. Shu sababdan ham bu rol ustida ishlashim og‘ir kechdi, kerakli xatti-harakat, qiyofa, ohang hadeganda topilavermadi, ko‘p o‘ylash, izlanishga to‘g‘ri keldi…” Ushbu so‘zlarni o‘qib, Ustoz san’atkorlarning rol ustida chinakamiga ter to‘kib ishlashlari, sahnani muqaddas sanaganliklari, qolaversa, o‘z kasbiga sadoqat bilan yondoshib, sahnaga va muxlislarga hech qachon xiyonat qilmaganliklari fidoyilik namunalari edi deyish mumkin.
Matluba Mahkamova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son