Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning boy merosida tasviriy san’at, xususan kitobatga oid fikr-mulohazalar mavjud bo‘lib, ularni maxsus o‘rganish shoirning o‘z davri tasviriy san’ati, kitobat fani taraqqiyotida tutgan o‘rnini aniqlashga yordam beradi.
Alisher Navoiy tasviriy san’at, kitobatga oid maxsus risola yaratmagan bo‘lsa-da, uning she’riy devonlari – “Badoyi’ ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya”, “Xazoyin ul-maoniy” majmuasi, olti dostoni – “Xamsa” va “Lison ut-tayr”, maxsus tazkirasi “Majolis un-nafois”, alohida risolasi “Mahbub ul-qulub”, biografik asari “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Munshaot” va boshqa asarlarida bu sohaga oid qimmatli ma’lumotlarni uchratishimiz mumkin.
Shoir o‘zi tuzgan “Badoyi’ ul-bidoya” devoni debochasida muallifning ijodiy taomili bayon etilgan bo‘lib, u o‘z devonini oliy me’moriy binoga qiyos etadi: “Va maqsad ul debochadinkim, bu ra’no ruxsorig‘a bitildi, ul erdikim, chun salotin qay birikim binoye qo‘yubdururlar ma’ni’ va ayvone chekibtururlar rafi’, ul bino ravoqida va ul ayvon toqida o‘z ismlarini tahrir va o‘z alqoblarin tanqir qilibdururlarkim, to ul ayvon toqi bo‘lg‘ay, ul ism anda boqiy bo‘lg‘ay:
Kim qilsa imorateki, maqdur o‘lg‘ay,
Chun ismi kitobasida mastur o‘lg‘ay.
Ne choqqacha ul bino ma’mur o‘lg‘ay,
Ul ism ulus tilig‘a mazkur o‘lg‘ay.
Chun bu qubbayi sipehrtimsol qasredurur muallo, ul hazratning (Sulton Husayn Mirzo – Abd.M.) tab’i latifining me’mori bino qilg‘on va bu ravzayi firdavs misol bog‘edurur jahonoro, ul janobning xayoli sharifining bog‘boni tarh solg‘on va bu qasr (devon – Abd.M.) asosining toqida ul ro‘zafzun janob yozilsa, ne g‘arib va bu bog‘ kiryosining ravoqida ul humoyun alqob bitilsa, ne ajib:
G‘araz ul erdikim, bu qasri oliy,
Ki hargiz bo‘lmag‘ay, yo rab, zavoli.
Binoyedurki, shah bunyod qilmish,
Zamona qasridek obod qilmish.
Ani shah ihtimomi qildi ma’mur,
Meni me’mor faraz et, balki muzdur.
Agar muzdur, agar me’mori mohir,
Ishicha ming chu muzdi bo‘ldi zohir.
Tugangach shoh qasri zarnigori,
Alarg‘a qasr aro ne daxl bori?
Xalil ar Ka’bani obod qildi,
Yaqin bormiki, ne ustod qildi?!
Hamul sadkim, Skandar qildi ma’mur,
Kim ayturkim, anga kim erdi muzdur?
Imorat sa’yida kim bo‘lsa zarposh,
Bino oning oti birla bo‘lur fosh.
Binog‘a garchi har kim bo‘lsa boniy,
Atarlar boniy ismi birla oni.
Va lekin xalq aro bu bo‘ldi dastur,
Ki bo‘lg‘ay onda boniy ismi mastur.
Shah otin, chunki bu ma’nini bildim,
Bu qasr ayvoni uzra sabt qildim.
Ki to bo‘lg‘ay bu qasri charxkirdor,
Bu ism ayvonida bo‘lg‘ay namudor”[1].
Bu joyda shoir o‘z devonini oliy qasrga qiyoslab, uni yaratilishidagi Temuriy, Xuroson davlati podshohi Sulton Husayn Mirzoning (hukmronligi 1469–1506 yy.) xizmatini alohida ko‘rsatib o‘tmoqda. Chunki, shoirning yoshlik va o‘rta yoshligida turli xarakterdagi, ya’ni “ba’zi fikriy, ba’zi badiha va ba’zi sog‘ erkanda bo‘lsa, ba’zi usruklikda, va ba’zi hushmandlikda bo‘lsa, ba’zi devonaliqda voqi’ bo‘lub erdi; oralarida, shoyadki, fohish tafovut bo‘lg‘ay deb jam qilmog‘ida dalerlik qilinmas erdi, ammo xaloyiq arosida ming-ikki ming bayt ortuqroq-o‘ksukrakkim o‘zlari jam qilib erdilar, bag‘oyat mashhur bo‘lub erdi. Bularning tartibig‘a hukm bo‘lg‘ondin so‘ngra, …” shoir shu paytgacha yaratilgan she’rlarini tartibga keltirganini eslatadi[2].
Ushbu devon va uning noyob qo‘lyozmasini tavsifga olgan yirik ingliz manbashunosi Charlz Riyo, debochadagi shahzoda Sulton Muhammadga oid ijobiy fikrlarga asoslanib, kitob unga bag‘ishlangan bo‘lsa kerak degan taxminni olg‘a surgan edi. Lekin debochada devon tartibi tashabbuskori Sulton Husayn Mirzo ekani aniq ko‘rsatilmoqda.
Alisher Navoiy, devon tuzuvchisi, muallifi o‘zini quyidagicha ataydi: “Bu parishon ajzoning varaqnigori va bu oshufta avroqning qissaguzori, mehnat paymonasining jur’akashi va malomat xumxonasining sabukashi, shaydoliq mahallasining rasvosi va rasvoliq ko‘chasining shaydosi, vafo bo‘stonining dostonsaroyi, malomat bulbuli”[3]. Ya’ni bir ma’noni bildirish uchun shoir sakkizta sinonim so‘z va so‘z birikmasi ishlatadi. Bular ba’zisi bir-biriga qarama-qarshi ma’noda, lekin hammasi yig‘ilib, muallifning o‘zi to‘g‘risidagi tasavvurini, o‘sha zamon an’anasiga binoan, o‘ta kamtarlik bilan ifodalaydi.
Xuddi shuningdek, debochada oddiy kitobat atama va tushunchalarini ham fasohatli so‘zlar yordamida ifodalanganini ko‘ramiz.
Debochada badiiy ijod namunalaridan: fasohat devoni (ra’no ruxsori), g‘azalsaroylar, tab’ maxzani, soni’ (javohiri), debocha, hamd (ul soni’ javohiri), na’t (tuhfasi), durud (hadiyasi), qissa, qissaguzor, manshur, g‘azal (g‘azaliyot), mushaf, noma, afsona, hadis, masnaviy, qasida (qasoid), muxammas, musaddas, ruboiyot, shuur surati, surud, muqattaot, mustazod, fard, mufrad, nomiy muammo, lug‘z, tarji’, tuyuqlar eslatiladi. Bular shunchaki eslatilmasdan, har biriga munosib sifatlar ham qo‘shilgani diqqatni o‘ziga tortadi. Masalan: Fasohat devoni – chiroyli so‘z uslubiga ega she’riy to‘plam, she’r radiflarga ko‘ra alifbo tartibidagi to‘plam; ruhafzo muxammas – jonlantiruvchi muxammas, afsonapardoz – afsonani bezovchi, nazm hariri – she’r nozikligi, ravonoso musaddas – jon kabi musaddas, dilpazir mustazod – ko‘ngilga yoqimli mustazod va shu kabi boshqa so‘z, ibora, o‘xshatish, ta’riflardan foydalangan.
Ushbu debochada kitobatga oid til, lison (olmosi), bayon (gavhari), maqol (durri), xayol (gulshani), vazn, manshur, ajzo (parishon), varaqnigor, avroq (oshufta), qissaguzor, jur’achash (mehnat paymonasi), sabukash (malomat xumxonasi), rasvo (shaydoliq mahallasi), shaydo (rasvoliq ko‘chasi), arz qilmoq, lavh, alif (ko‘kragimda kesgan yangi aliflar), (ko‘nglagim) xat-xat (qon), qalam, murakkab – siyoh, xoma, no‘g, safha, shuur surati, xat, mistar, roqim, so‘z (bir otashin la’l, bir otashin gul, debochasi), vazn (guldastasi), kalom (fihristi), lafz, alfoz, nazm (libosi, silki), qoyil (qoyile), iborat, bayt (abyot), alqob, ism, nukta, kitobat, harf (huruf), mujallad, har nav’ she’r, kitoba, sabt qilmoq, so‘z rishtasi va boshqa atamalar ham o‘rin olgan.
Quyida debochada ishlatilgan bir qator so‘z va iboralarni namuna sifatida keltiramiz: 1. Fasohat – so‘zning ochiq, ravshan, ravon, yoqimli, qoidaga muvofiq, chiroyli uslubda bo‘lishi. 2. Devon – ma’lum tartibda joylashtirilgan oruziy she’rlar to‘plami. 3. Devon yasamoq – devon tuzmoq. 4. G‘azalsaroylar – g‘azal aytuvchi, so‘zlovchi. 5. Tab’ maxzani – tab’ xazinasi, ko‘ngil. 6. Otashin la’l – ko‘chma ma’noda kuchli she’riy so‘z. 7. Nazm – tuzum, tartib; terish, tizish; Vazn va qofiyaga solingan so‘z, tizma she’r. 8. Nazm silki – she’riy tizim, qator. 9. So‘z debochasi – so‘zboshi. Umuman, ushbu debochada Alisher Navoiy uch yuzdan ortiq kitobatga oid so‘z, atama, ibora va o‘xshatishlardan foydalangan. Bu esa bir tomondan shoirning so‘z boyligi behad ekanligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan uning yuksak badiiy mahorat egasi ekanligiga dalil bo‘la oladi. Birgina ushbu debocha emas, “Xamsa” dostonlari, “Xazoyin ul-maoniy”dagi har bir alifbo harfiga chiroyli nom qo‘yilishini ham eslatish mumkin.
Xulosa shuki, Alisher Navoiy kitobat ahli bilan juda yaqin munosabatda bo‘lgan, keyincha shaxsiy kutubxonasida zamonaning eng mashhur naqqosh-rassomi ustod Kamoliddin Behzod va shogirdlari, Qiblat ul-kuttob Sulton Ali Mashhadiy va uning izdoshlari ijod qilgan bo‘lib, buyuk shoirdan bizga bitta “zanjirband sher” rasmi yetib kelgan. Afsuski, uning ko‘plab dastxatlari topilmagan yoki hali aniqlanmagan. U o‘z davri kitobat ahlining homiysi bo‘lishdan tashqari bu soha bilimdoni ham edi. Alisher Navoiyning asarlaridagi kitobat va san’atga oid ma’lumotlarni jiddiy tadqiq qilish olimlarimiz oldidagi muhim vazifalardan biri deb o‘ylayman.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 2-son
__________________
[1] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. Birinchi tom. Badoyi’ ul-bidoya. Toshkent: “Fan”, 1987, 23–24-betlar.
[2] O‘sha asar, 24-bet.
[3] O‘sha asar, 12-bet.
Abdumajid Madraimov – tarix fanlari doktori, professor. 1946 yilda tug‘ilgan. “Sharq miniatyura maktablari”, “Kamoliddin Behzod” risolasi, “Sharq miniatyuralari”, “Temuriy va Boburiylar davri madaniyati, kitobat va rangtasvir san’ati tarixiga chizgilar” kitoblari, “Manbashunoslik” darsligi muallifi. Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asarlarini tarjima qilgan.