KIRISh
Suvning muzlatilgan bo‘laklari kristallarini suratga ola boshlaganimga ham o‘n yildan oshdi.
Shunga qadar Suvdagi to‘lqin tebranishlari o‘lchovi yuzasidan tadqiqot o‘tkazganman. Muz kristallarini o‘rganar ekanman, g‘aroyib hodisaga duch keldim: Suv turlicha yo‘sinda o‘z fikrini bildirishga qodir ekan! Muz kristallari rasmlariga boqib, ularda hali biz o‘rganishimiz zarur bo‘lgan teran donishmandlik mujassamligini angladim. Tabiiy suv quvurdagidan ko‘ra ko‘proq ajoyib shaklli kristallar hosil qila olish xususiyatiga ega bo‘lib, yoqimli musiqa ta’sirida ular yanada go‘zal shaklga kiradi. Suv ustida “rahmat”, “ahmoqsan” iboralari aytilsa, bunda ham turlicha shakllar paydo bo‘ladi. Kristallar, ya’ni zarallar, qanday hayot kechirishimiz zarurligi xususida hali bizga ko‘p saboqlar beradi.
1999 yil, iyun oyida “Suv nomalari” deb nomlangan, fotografiyalar jamlangan kitobim nashr etildi. Garchand kitob o‘z hisobimdan chop etilgan, katta kitob do‘konlarida sotishga mo‘ljallanmagan bo‘lsa-da, odamlarning duo-iltijolari bois eng xaridorgir asarga — bestsellerga aylandi.
Kitob nashriyoti biznesida bunaqasi bo‘lmagan. Kitobimning talash-talash bo‘layotganidan hayratda edim. Ayni paytda asar to‘g‘risida yoru birodarlariga maroq bilan so‘zlab, shinavandalarimni ko‘paytirayotgan odamlarga nisbatan ehtiromim ortardi. Kitobimdagi g‘oyalardan yanada ko‘proq kishilarni bahramand etish niyatida inglizcha tarjimasini ham uyushtirdim. Inglizcha nashr muvaffaqiyat qozondi, tez orada ma’ruzalar o‘qib berish uchun meni Shveytsariya va boshqa xorijiy mamlakatlarga taklif qila boshlashdi. Darhaqiqat, muz kristallari nomalari bitilgan fotosuratlar orqali Suv so‘zlayotgan kitob ayni tarixiy o‘zgarishlar davrida bosilgan edi. Kitobning tinimsiz nashr etilishi odamlar tirik Suv nomalarini chanqoqlik bilan qabul qilganini ko‘rsatar, bu ishni ko‘nglimga solgan Tangriga shukur qilardim.
Ko‘pchilik xudo borligiga shubhalanib, irodasi bilan kelishmasligi menga ma’lum. Bu kitob esa xudo yaratgan unsur — Suvga bag‘ishlangan. Suvni yaxshiroq tushunganingiz sayin xudo borligini inkor etishingiz qiyinlashib boradi. Kitobdagi kristallar suratlarini ko‘rib, uyg‘ongan hissiyotlaringiz to‘g‘risida fikrlashingizni istardim.
Yaponiyaning “Sanmark” nashriyoti mazkur kitobni yozishni taklif etgandayoq miyamga g‘aroyib g‘oyalar yopirildi, kimgadir yorilishni xohladim. “Sanmark” prezidenti Nobutaki Uekiga g‘oyalarimni ma’qulladi, xodimi Ryuya Saytouni ayni vaqtda Shveytsariyada o‘qiyotgan ma’ruzalarimni tinglash uchun jo‘natdi.
Kitob tugallangan hozirgi kunda meni qoniqish tuyg‘usi qamrab oldi. Mazkur asar deyarli o‘n yildan ortiq vaqt o‘rganganim “tebranish nazariya”si, shuningdek, insoniyat tabiati – fe’l-atvorini kuzatish asnosidagi tadqiqotlarim hamda koinot to‘g‘risidagi mulohazalarimning o‘ziga xos “minbari” bo‘ldi.
Imkoniyatdan foydalanib, “Kokoro” korporatsiyasi prezidenti Sindzi Tanigavaga, “Sanmark” nashriyoti bosh muharriri Naoki Utikiga, Tatsuye Saytoga, shuningdek, ushbu kitobni yozishda hamsuhbat bo‘lgan kishilarga tashakkurimni bildiraman.
Suv kristallarini suratga tushirishim uchun imkoniyat yaratib bergan “Nitirey Ays” kompaniyasining sobiq prezidenti Tetsuye Tagutiga, ushbu kitobning inglizcha nusxasini chiqarib, Suv bilan munosabatimiz haqiqatini dunyo bo‘ylab tarqalishiga hissa qo‘shgan “Beyond uordz pablishing” nashriyotiga chuqur minnatdorchiligimni aytaman.
Kitobning barcha o‘quvchilariga tashakkur. Va eng muhimi, Suv huzuridagi ehtiromimni izhor etaroq, shunday deyman:
— Rahmat senga, Suv!
MUQADDIMA
Asarni o‘qishga tutinar ekansiz, Sizdan: “baxtlimisiz?” deb so‘ramoqchiman.
To‘g‘ri, har bir inson baxt tushunchasini o‘zicha talqin qiladi. Qani, qalbingizga quloq soling-chi, yurakda xotirjamlik hukmronmi? Ertangi kunga ishonch bormi? Har tong uyqudan uyg‘onar ekansiz, qandaydir quvonchga yo‘g‘rilasizmi? Agar shularni baxt deb bo‘lsa, baxtiyormisiz?
Imonim komil, bu savolga g‘oyat ozchilik “ha”, deb javob beradi, aksariyat esa hayotdan noliydi. Nolish sababi nimada? Dunyoda nimalar ro‘y beryaptiki, alal-oqibat odamzod o‘zini baxtiyor deyolmasa? Nazarimda, barchamiz xaos – olatasir davrda yashayapmiz. “Xaos” so‘zi “Tar tibsizlik” ma’nosini anglatib, Borliq olam yaratilmasdan avval mavjud bo‘lgan, shakllanmagan materiya alomatlari sanaladi. Umrguzaronlik qilarkanmiz, o‘zni uqubatda, ezilgan sezamiz. Gazetalar, televideniye bizni boshdan-oyoq axborotga ko‘mib tashlaydi, har qadamda muammolarga, tushunmovchiliklarga ro‘baro‘ kelamiz. Tashvishlarning cheki-chegarasi, yechimi yo‘qday tuyuladi.
Qayerga bormaylik, turmush tashvishlari zilday bosadi. Iqtisodiy qarama-qarshiliklar, oilaviy noxushliklar, millatlararo nifoqlar, ekologik falokatlar, diniy urushlar… va hokazo jajji sayyoramiz qaddini bukib qo‘ygan. Xarob bo‘lgan odamlar va ularni ezuvchilar, boyiyotganlar va qashshoqlashib abgor bo‘layotganlar, xorlanganlar va xorlab, rohatlanayotgan kishilar to‘g‘risidagi xabarlar daqiqalar ichida yer sharining narigi burchidan bizga yetib keladi.
Xo‘sh, bu azob-uqubatlarning sababkori kim? Nima uchun kun kechirish tobora og‘irlashib, dunyo ko‘zimizga qorong‘i ko‘rinyapti? Olatasir shovqin-suronga boshimizgacha botdik, dunyoviy muammolar esa tobora chuqurlashmoqda. Biz, yerliklar uchun umumiy — nimadir bor, barchamiz boshi berk ko‘chadan chiqish istagidamiz. Ammo, qanday qilib? Bu savolga javob shunchalar oddiyki, ilgari o‘ylab ham qo‘rmaganmiz.
Tartibsiz urxo-urning sababi nimada? Barcha uqubatlarning ildizi qayda? Axir, tiriklik olamimiz uyg‘unligiga nifoq solinmoqda-ku! Ha, bundan qochib qutulolmaymiz. Garchi, barcha odam yagona biologik tur sanalsa-da, irqimiz, millatimiz har xil, fikrlashimiz ham turlicha. Bundan tashqari, odamlarning aksariyati o‘zi mohiyatiga yetmagan neki bor, barchasini qiyinchilik bilan anglaydi yoxud inkor qiladi. Alal-oqibat kulfat va uqubatlar seli beto‘xtov yopiriladi. Inson insonligicha qolar ekan, ko‘pchilik tasdiq etgan haqiqatni inkor qiluvchi kimdir hamisha topiladi.
Muqaddimamizning “berdi”siga endi yaqinlashyapmiz. Yer sayyorasida yashovchi barcha odamlar birdek hazm qila oladigan, tasdiqlaydigan haqiqat bormi o‘zi?
Bor. Men shunday qarorga keldim. Har bir yerlik uchun birday zarur, borligi isbot talab etilmaydigan unsur — Suv dunyoviy va shaxsiy muammolarimizga yechim bera oladi.
Inson vujudining o‘rtacha 70 foizini Suv tashkil etadi. Ona vujudida homila ekanmiz, 99 foizimiz Suv bo‘larkan. Tug‘ilganimizda, tanamizning 90 foizi Suv bo‘ladi. Keksayish mobaynida tanamiz quruqshab, jismimizda 70 foiz Suv qolarkan. Keksaygan sayin tanadagi Suv miqdori kamayib, taxminan 50 foizga tushadi. Boshqacha aytganda, umrimiz mobaynida eng avvalo Suv sifatida mavjud bo‘lamiz – yashaymiz.
Jismoniy nuqtai nazardan qaraganda, inson – suv demakdir. Bu haqiqatni tasdiq etgach, men dunyoga mutloq o‘zgacha nazar bilan qaray boshladim.
Suv haqiqati insoniyatga taalluqli bo‘lgani boisidan ham bu to‘g‘rida dunyodagi har bir odam bilmog‘ini istayman. Nazarimda, inson o‘z hayoti mobaynida bosib o‘tishi zarur bo‘lgan yo‘lni kashf etdim: baxtiyor, sog‘lom turmush kechirish uchun tanamizning 70 foizini tashkil etuvchi suvni tozalash talab etiladi. Daryo suvi harakatlangani, oqqani uchun ham toza bo‘ladi. Suv bir joyda turib qolsa, o‘ladi. Xuddi shuning uchun ham suv hamisha harakatda bo‘lishi zarur. Mazkur haqiqatga ko‘ra, bemor tanidagi suv – qon ham “yurmay” qoladi. Qon yurmas ekan, jismda aynish jarayoni boshlanadi. Agar qon bosh miyada to‘xtab qolsa, hayot xavf ostida bo‘ladi.
Nima uchun qon harakati to‘xtaydi?– degan savolga ruh so‘nik bo‘lganda, hissiyotlar to‘nganda, deya javob beraman. Zamonaviy tadqiqotchilar ong holati tana holatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini isbotlagan. O‘zingizni yaxshi sezib, maza qilib yasharkansiz, jismingiz ham yayraydi. Umringiz janjalu afsus-nadomat ila kechsa, jismingiz bukiladi.
Demak, ruhiy holat vujud aro oqar ekan, bu holatning yaxshi yoki yomonligiga qarab, vujud yo yayraydi, yo eziladi.
HARAKAT, O‘ZGARISh, OQISh – HAYoT MOHIYaTIDIR
* * *
Inson shakl-shamoyilini olmay turib, biz suv edik. “Inson Biz uni nutfadan — bir tomchi suvdan yaratganimizni, endi esa banogoh u (O‘zimizga) ochiq qarshilik qilguvchi bo‘lib qolganini ko‘rmadimi?!” Qur’oni Karim, 36-sura (Yosin, 77-oyat). Suv mohiyatini anglagan sayin insonlik mohiyatini bila boshlaymiz. Nima uchun aynan suvdan yaratildik degan savolga javob berish bilan esa — ulug‘ tilsim sir-sinoatini yechamiz.
Xo‘sh, suv o‘zi nima? Hayot bag‘ishlovchi qudratdir u. Tanamiz 50 foiz suv yo‘qotsa, yashashga umid qolmaydi. Qon hamda jismdagi ichki suyuqliklar suvdan paydo bo‘ladi, suv darmon baxsh etib, tanada aylanib turadi. Jismimizdagi oqayotgan qon – suv tufayli faol hayot kechiramiz. Suv jismimizga quvvat o‘tkazuvchilik vazifasini bajaradi. Suvning quvvat uzatuvchanligini tanamiz bo‘ylab harakatlanayotgan yuk mashinasiga qiyoslash mumkin. Agar jism kirlangan, iflos bo‘lsa, “mashina” ichidagi yuk ham kirlanadi. Xuddi shu bois suv toza bo‘lishi g‘oyat muhim.
Ayni paytda zamonaviy tibbiyot ham suvga quvvat uzatuvchi sifatida qarab, undan ayrim kasalliklarni tuzatishda foydalanmoqda. Suv qadrini g‘oyat baland tutuvchi tibbiyot sohalaridan biri gomeopatiya1 hisoblanadi.
Gomeopatiya sohasiga XIX asrda Germaniyada Samuel Xaneman (1791-1843) tomonidan asos solingan esa-da, ildizlari tibbiyot otasi Gippokratga (eramizgacha bo‘lgan 460-370 yillar) borib taqaladi. Gomeopatik tibbiyot asoschilari “zaharni zahar kesadi” qabilida ish tutganlar. Misol uchun, qo‘rg‘oshin bilan zaharlangan bemorga qo‘rg‘oshinning suvdagi eritmasi miqdorida ichirish darkor.
G‘oyat oz miqdordagi bu eritmada qo‘rg‘oshin moddasi deyarli yo‘q hisobi, ammo Suv o‘zida shu modda xususiyatlarini saqlab qoladi va shu yo‘sin zaharlangan bemor uchun dori-darmon vazifasini o‘taydi.
Gomeopatiya shunday qoidani ilgari suradi: qancha ko‘p eritsangiz, shuncha ko‘p naf beradi. Bundan jismingizda zahar kontsentratsiyasi qanchalar yuqori bo‘lsa, eritma koeffitsenti shuncha ko‘p bo‘lmog‘i zarur, degan mantiqli javob kelib chiqadi.
Bu fikrni shunday ifodalamoq zarur. Kasallik asoratlaridan xalos bo‘lish uchun moddaning ta’ciri emas, balki suvdagi shu moddadan nusxa olinib, saqlanayotgan axborot asqotadi. Zahar chiqarayotgan simptomlar – kasallik alomatlarini ham aynan Suv xotirasidagi ana shu axborot o‘chirib-yuvib tashlaydi.
Ha, xuddi shunday – Suv axborotdan nusxa olish hamda xotirada saqlash qobiliyatiga ega. Xulosa qiladigan bo‘lsak, Ulug‘ Ummon Suvida ham uning tub-tublarini makon tutganlarning yaratilishi jarayonlari to‘g‘risidagi xotira mavjud. Muzliklarda esa sayyoramizning million-million yillarga oid tarixi mujassam. Suv Yer shari bo‘ylab aylanadi, inson jismidan oqib o‘tib, butun dunyo bo‘ylab tarqaladi. Suv xotirasida saqlanayotgan ma’lumotlarni o‘qiy olganimizda edi, adadsiz miqyosdagi olamshumul tarix sirlari ochilardi.
Suvni tushunmoq – koinotni, tabiat g‘aroyibot-larini, hayot mohiyatini anglab yetmoqdir.
* * *
Suv tadqiqoti bilan uzoq yillar shug‘ullandim. Suv axborotdan nusxa olish qobiliyatiga egaligini tushunganligim hayotimni o‘zgartirib yubordi. Mazkur kashfiyotni Amerikada ochgach, Yaponiyaga qaytdim.
O‘shandan buyon Suvning axborotdan nusxa olib, yodda saqlash qobiliyati bemorlar salomatligini tiklashda qo‘l kelyapti, shu yo‘sin kasallarga yordam beryapman. Yaqin kunlarga qadar tibbiyot xodimlari Suvda shifo bag‘ishlash xususiyati mavjudligini xayollariga ham keltirishmas edi. Men esa, Suv yodda saqlash va axborotni uzatish qobiliyatiga ega, deya mutloq ishonch bilan tasdiq etaman. Ammo tibbiyot hamjamiyatida bu haqiqat g‘oyat qarshilikka uchradi.
1988 yili frantsuz olimi Jak Benvenist gomeopatiyaning asosiy usullari yuzasidan tadqiqot o‘tkazdi. U doriga shunchalik ko‘p suv quydiki, klinik usullar bilan bu eritmada dori mavjudligini aniqlab bo‘lmasdi. Olim mazkur eritmadan bemorga berganda, xuddi haqiqiy dori singari ta’sir qilganligini ko‘rib, tong qoldi.
Yil o‘tib J. Benvenist o‘z tadqiqoti natijalarini “Neycher” ilmiy jurnali (Angliya)ga yubordi. Maqola, “mazkur tadqiqot natijalari shubhali bo‘lib, hech qanday fizik asosga ega emas”, degan sharh bilan bosib chiqarildi. O‘shandan buyon Benvenist gipotezasi unut bo‘ldi, ko‘mildi. Ha, ilmiy hamjamiyatning qoliplariga tushmaydigan tadqiqotlar taqdiri ana shunday yo‘qlikka mahkum.
Suvda axborotni eslab qolish qobiliyati borligini fizik qonuniyatlar bilan isbotlash mumkinmi, degan savolga ko‘pdan buyon javob qidirardim. Qanday qilsak, bu haqiqatni ko‘zimiz bilan ko‘rishimiz mumkin?
Qalbingiz jami yangiliklar uchun ochiq va tashna ekan, ulug‘ kashfiyotlar sari boshlovchi eng mayda narsalarni ham seza boshlaysiz. Shunday qilib, tasodifan bir kitobni ochdim-u, o‘zimni hayratga solgan xabarga ko‘zim tushdi: “Qor kristallarining birortasi boshqasiga o‘xshamaydi”.
To‘g‘ri, bu haqiqatni maktab davridan bilardim. Million yillar mobaynida Yerga tushgan qor kristallarining har biri o‘z g‘aroyib shakliga ega. Qalbim, ongim ancha avval bilgan bu ma’lumotni batamom o‘zgacha talqin bilan qabul qildi. Yuragim bu haqiqat uchun ochiq va uni tasdiq etadi. O‘ylanib qoldim, bu haqiqat meni yangi kashfiyot sari odimlashga undadi: Suvni muzlatib, uning kristallarini bir-biriga taqqoslasam-chi? Yangi, hali tadqiq etilmagan olamga ilk qadamni qo‘ydim. Suvni muzlatib, kristallarini rasmga olishga ahd qildim.
Tabiatan “isni pisga qo‘ymayman”, yangi g‘oya tug‘ildimi qo‘l qovushtirib, kutishga toqat yo‘q. Shu zahoti kompaniyamizning yosh tadqiqotchisidan, bu sohada amaliy hech ish qilinmagan bo‘lsa-da, tajribani boshlashni iltimos qildim. Harakatlarimiz samara beradimi-yo‘qmi, tavakkalchilik bilan ish boshladik. Mening esa taxminlarim to‘g‘riligi, tadqiqotlar besamar ketmasligiga ishonchim komil edi: shunday bo‘lishini bilardim. Qunt, matonat bobida maqtanolmasam-da, bu safar aslo bo‘sh kelgim yo‘q edi.
Birinchi qadam: g‘oyat nozik mikroskopni ijaraga oldim. Sovutgichda muzlatilgan suvning kristallarini mikroskopda kuzatib, suratga olish harakati behuda ketdi. Muz kristallari xona haroratida erib qolaverdi. Ammo men bo‘sh kelmasdim. Har oqshom ishdan so‘ng yosh yordamchimni ovqatlanishga chaqirar, harakatimiz samara berishiga ishontirib, ruhlantirib qo‘yardim.
Ikki oylik urinishlar, xatolardan so‘ng, va nihoyat, Suv bizga olti qirrali go‘zal kristall hadya etdi. Xodim bu xushxabarni yetkazganda hayajonga tushdim.
Endilikda tajribalar uchun ichida erkin harakatlanish imkoni bo‘lgan, 5 daraja muqim sovuq haroratli kattagina muzlatgichim bor. Bemalol suratga tushiraveraman.
Yuragingiz biror ishning uddalash mumkin, desa uddalaysiz. Nimagaki qo‘l urmaylik, o‘z erku ixtiyorimiz bilan ro‘yobga chiqadi. Tafakkurimizda nimani tasavvur qilsak, u Olamimizning bir bo‘lagiga aylanadi. Bu – menga Suv bildirgan haqiqatlardan biri.
* * *
Suratga tushirganim Suv kristallari g‘oyat purma’no bo‘lib, ularda teran donishmandlik mujassam edi. Zarralar 20-30 daqiqa yashar, ana shu lahzada koinot haqiqati shakllarga aylanardi. Qisqa muddat ichida ko‘z o‘ngimizda sehrli olam sari darcha ochilardi.
Bir martalik tajribamda 50 donaga yetar-etmas bir xil shaklli kristallar vujudga kelar, ba’zan esa hech qanday shakl ham, kristall ham paydo bo‘lmasdi. Zarralarimiz tahlili shuni ko‘rsatdiki, har xil suv turlicha shaklli kristall hosil qilarkan. Ayrimlari qor kristallariga o‘xshar, ba’zilari ko‘rimsiz shakl hosil qilar, bir xil suv muzlatilganda, mutlaqo shaklga kirmagan edi.
Dastlab turli hududlardagi quvur suvining muzlatilgan kristallarini solishtirdim.
Tokio suvi… dahshat! Biror dona ham tugal shaklli kristall hosil qilolmasa-ya. Tabiiy suvni xlor bilan dezinfektsiya qilishgandan so‘ng quvur tizimiga oqizishadi. Xlor tabiiy suv tarkibini butkul parokanda qilib tashlaydi. Tabiiy suv, qay manbadan olinishidan qat’i nazar, buloqdanmi, daryodanmi, soydanmi, muzlatilganda, tugal shaklli kristallar hosil qiladi. Muz kristallari ustidagi tadqiqotlarim muvaffaqiyatli borardi. Bu loyihaga o‘zim kabi jon-dili bilan berilgan hamkorlarimdan biri ajoyib taklifni aytib qoldi: “Keling, Suvga musiqa orqali ta’sir o‘tkazib boqaylik”.
Musiqiy tebranishlar suvga ma’lum bir ta’sir ko‘rsatishidan xabardor edim. O‘zim ham ashaddiy musiqa ishqibozi bo‘lib, chinakam musiqachilik san’atini egallash bolalikdagi orzum edi. Tabiiyki, hamkorimning g‘aroyib tajriba o‘tkazish taklifini ma’qulladim. Tajribani qanday sharoitda o‘tkazamiz, qanday musiqadan foydalanamiz – hozircha noma’lum. Tajriba vaqtida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygach, axir bir to‘xtamga keldim: ikkita dinamik oralig‘idagi stolga bir shisha suv qo‘yiladi, tinglovchi odatda miriqib eshitadigan o‘rtacha balandlikda musiqa yangrab turadi. Avvalgi tajribalarda qo‘llanilgan suvdan foydalanamiz.
Dastlab, dorixonadan sotib olingan distillangan suvni sinab ko‘rdik. Natijalar hayratlanarli edi. Betxovenning yorqin, sof ohangli pastoral simfoniyasi yangraganda, go‘zal, tugal shakllangan kristallar paydo bo‘ldi. Tantanavor go‘zallik ibodati mujassam Motsartning qirqinchi simfoniyasini tinglagan Suv nafis, latif shakllarga kirdi. Shopen etyudlari yangragandan so‘ng shakllangan Suv kristallariga boqib, qirralar chiroyidan zavqqa to‘ldik.
Har qanday mumtoz musiqa Suvga g‘oyat kuchli ta’sir ko‘rsatar, qirralari aniq, chiroyli shaklli kristallar vujudga kelardi. Quloqni qoqib, qomatga keltiruvchi shovqin-suronli rok musiqalarini tinglagan suv shakllanmagan, uzuq-yuluq kristallar hosil qilardi.
Tajribalarimiz shu bilan tugamadi. Xo‘sh, bir varaq qog‘ozga “rahmat”; “ahmoq” so‘zlarini yozsak-da, go‘yo bu so‘zlar shishadagi suvga atalganday holatda qog‘ozni shishaga qaratib qo‘ysak-chi?
Nahot suv yozuvni “o‘qisa”, mohiyatiga yetsa va shunga muvofiq tuzilishini o‘zgartirsa? Musiqa ta’siridan so‘ng suvning eng aql bovar qilmas sehrgarliklariga ham ishonishga tayyor edik. O‘zimizni baayni buyuk kashfiyot arafasida turgan tadqiqotchilar kabi sezardik.
Tajriba natijalari yanada hayratli edi. “Rahmat” so‘zi ko‘rsatilgan suv olti burchakli maftunkor kristallchalar yasadi. “Sen ahmoqsan” so‘zi ta’sirida esa suv xuddi shovqin-suronli rok musiqasini “tinglagandagi” kabi uzuq-yuluq, xunukdan-xunuk kristallchalar hosil qildi. Suvga iltimos (“Manavi ishni bajarib qo‘yaylik”) ohangi yaxshi, buyruqbozlik (“Ishni qilmaysanmi!”) esa yomon ta’sir ko‘rsatdi. Iltimos ohangida to‘g‘ri, silliq, o‘ziga jalb etuvchi kristallchalar yuzaga kelgan bo‘lsa, buyruqbozlikda esa, umuman shakl yo‘q edi.
Mazkur tajribalardan shunday xulosa chiqarish mumkin:
So‘zda kuch-quvvat mujassam. Ezgu so‘zlar tebranishi tegramizdagi olamga ijobiy ta’sir etsa, salbiy, og‘riqli so‘zlar bu olamni vayron qilish xususiyatiga ega.
* * *
Suvni o‘rganish, qandaydir ma’noda, olam yaratilishi qonunlarini tadqiq qilish, deyish mumkin. Suv bizga namoyish etayotgan kristallar esa o‘zga o‘lchamli olamlar sari darvozadir. Muzlatilgan suv kristallarini rasmga tushirgan sayin o‘zimizni Koinotning eng muhim qonuniyatlarini anglash sari pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilayotganday his etardik.
Bitta kristall rasmi, ayniqsa, xotiramga mixlanib qoldi. Bu men shu paytgacha ko‘rgan kristallarning eng nafisi va chiroylisi bo‘lib, Muhabbat va Ehtirom so‘zlari ta’sirida vujudga keldi. Suv muz shaklida g‘arq ochilgan atirgul kristallini yaratib, o‘z ijodidan o‘zi zavqlanar, shodlik taratardi. Muzdagi atirgul kristalli shu qadar maftunkor ediki, uni ko‘rganimdan so‘ng hayotimda keskin burilish ro‘y berdi. Suv, inson qalbi naqadar nozikligini, Muhabbat va Ehtirom so‘zlari dunyoga qanchalar kuchli ta’sir ko‘rsata olishini anglashga o‘rgatdi.
Yaponiyada shunday naql bor: qalbdan chiquvchi so‘zlar KOTODAMA deb ataluvchi ruhga, ya’ni So‘z ruhiga taalluqli bo‘lib, qalbdan so‘zlaganimizda olamni o‘zgartirishday layoqatga ega bo‘larkanmiz. Suv fikrlarimiz, hissiyotlarimizga beqiyos ta’sir ko‘rsata olishini bilamiz. Ruhlantiruvchi so‘zlarni qo‘llaganimizda, ishlarimiz silliq ketadi. Ammo shu paytga qadar So‘z harakati hosilasini ko‘z bilan ko‘rish imkoniyatiga ega emas edik.
SO‘Z – QALBNING NAMOYoN BO‘LIShIDIR. Modomiki shunday ekan, so‘z bois yuzaga keluvchi qalb kechinmalarimiz Suvga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Jismimizning 70 foizi Suvdan iborat, demak, bu kechinmalar jismimizga ham taalluqli sanaladi. Jismonan baquvvat insonlar ruhan kuchli ekanligining sababi ana shunda. Darhaqiqat, sog‘lom ruh sog‘lom tanada o‘zini yaxshi his etadi. Ko‘plab bemorlarning sog‘ayib, oyoqqa turib ketishlari uchun uzoq yillar parvarish qildim. Dard, iztirob chekayotgan insonlar ko‘pligini ko‘rganim sayin, kasallik aynan bir shaxsga tegishli emas, balki inqirozga yuz tutgan jamiyat parokandaligining dalolati, degim keladi. Daqqiyunusdan qolgan, parokanda dunyomizni o‘zgartirmagunimizcha, yaralangan qalblarga malham bo‘lishni o‘rganmagunimizcha, jisman xasta bemorlar kamaymaydi.
Majruh, abgor dunyo nima o‘zi? Abgor dunyo – majruh qalblar majmui bo‘lib, bu xarobot butun Borliqqa o‘z ta’sirini ko‘rsata oladi. Ko‘lga tushgan bir dona tomchi tobora kengayib, ko‘payib boruvchi sonsiz halqalar hosil qilgani singari, birgina qalbning jirkanchligi, xarobligi butun dunyo bo‘ylab tarqalib, global miqyosda mudhish ahvol tug‘dirishi mumkin. Ammo Umid hamisha bor, yashaydi. Najot esa Muhabbat va Ehtiromda mujassam. Yer izlanmoqda. Moviy sayyoramiz go‘zal bo‘lmoqni istaydi va buning uchun imkon qidiryapti.
Inson – suv, degandim. Xuddi shu bois ham muz kristallari rasmlarini ko‘rayotgan odam qalbida Suv o‘zgarishlar yasayotganligiga imonim komil.
Ha, men muzning eng go‘zal — Muhabbat va Ehtirom so‘zlari qudratidan yaralgan maftunkor kristallini kashf etdim. Ajab emaski, dunyodagi dinlar poydevori ham Muhabbat va Ehtiromdan iborat bo‘lsa! Har bir inson hayotida Muhabbat va Ehtirom ustuvor bo‘lsa, qonunlarga ehtiyoj qolmasdi. Bu yorug‘ olamda bizga Muhabbat va Ehtirom yo‘ldosh bo‘lmog‘i, xizmat qilmog‘i zarur.
Suv biz – odamlarga qanday hayot kechirishimiz kerakligini aniq-ravshan ko‘rsatmoqda. Hujayralardan boshlanuvchi Suv tarixi butun Koinotni qamrab oladi. Hayotimga Suv kirib kelgandagi ko‘tarinkilik va hayajonni siz, aziz o‘quvchim ham his etajaksiz.
Birinchi bob
BORLIQ OLAM NIMADAN YaRATILGAN?
Inson suvdan yaratilgani, vujudi asosan suvdan iboratligini anglaganimizning o‘zi Borliq olam sirlarini ochish yo‘lidagi ilk qadam sanaladi. Agar tegrangizni qurshagan olamga ana shu nuqtai nazardan qarasangiz, mavjud narsalarni batamom o‘zgacha ko‘z bilan ko‘ra boshlaysiz.
Qarangki, inson hayotida sodir bo‘ladigan yaxshi-yomon hodisalar, voqealar Suvda ham aks etar ekan. Har bir inson, shuningdek, odamlar birligidan tashkil topuvchi jamiyat qudratli ummonni yaratadi. Va ana shu ummonga o‘z tomchimizni qo‘sharoq biz ham jamiyatni shakllantirishda ishtirok etamiz.
Suv o‘zida saqlayotgan nomalarni ko‘proq odam anglab yetmog‘ini istardim. Xuddi shu sabab muz kristallari rasmlarini albom shaklida chop etishga qaror qildim. Bu xatti-harakatim bor-yo‘g‘i bir tomchi edi, ammo u odamlar ummoniga tushgach, tobora ko‘payib, kengayib, butun boshli halqa-halqa to‘lqinlar yuzaga keldi. Alal-oqibat bu to‘lqinlar o‘zimning, g‘oyat ko‘pchilikning hayotiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
1999 yil. Suv olamiga g‘ayritabiiy sayohatimning oltinchi yilida kristallar rasmlarini e’lon qildim. Shu muddat ichida xonamda o‘z qismatini kutayotgan rasmlar uyum-uyum bo‘ldi.
Rasmlarni e’lon qilish uchun tayyorlarkanman, ko‘z o‘ngimda chinakamiga ulug‘ va g‘aroyib tarix jonlandi. Har bir kristall ana shu ulug‘vor tarix to‘g‘risida so‘ylardi.
Rasmlarni tezroq odamlarga yetkazish ishtiyoqida bir necha nashriyotlar bilan g‘oyalarimni o‘rtoqlashdim, ammo ulardan hech biri menga peshvoz chiqmadi. Bu loqaydlik qarorimdan qaytarolmadi, kristallar rasmlarini o‘zim ko‘paytirib, tarqataman, deya ahd qildim. Oradan ko‘p o‘tmay chuchvarani xom sanaganim ma’lum bo‘ldi. Rasmlarni kitob holiga keltirib, muqovalab, nashrga tayyorlagan chog‘imda ham Yaponiyada mavjud qoidalar asosida ish yurituvchi kitob savdosi tizimi kitoblarimni do‘konlarda sotishga ruxsat bermas ekan.
Bu, darhaqiqat, yorib o‘tish dushvor to‘siq bo‘lsa-da, negadir parvoim falak edi. Kitoblarim tayyor bo‘lgach, ularni o‘rab, avvaldan buyurtma bergan yuzdan ziyod do‘stu birodarlarimga yubordik. Dastlabki nusxalarni jo‘natganimizdan so‘ng, ajabtovur voqealar sodir bo‘ldi. Kitobimizni olgan odamlar qo‘shimcha buyurtmalar bera boshlashdi. Buyurtmachilar o‘z yaqinlariga, ular esa o‘z tanish-bilishlariga kitob haqida so‘zlab berishar, muxlislarimiz tobora ko‘payib borardi. Ayrim muxlislar besh, o‘n donadan sotib olishar, do‘stlariga tarqatishardi. Bu ko‘lga sachragach, tobora kengayib, halqa-halqa to‘lqinlar hosil qiluvchi yagona tomchi hodisasining o‘zi edi.
Endi kristallar rasmlari chop etilgan kitobimni butun dunyoga ovoza qilishni istardim. Tarjima byurolaridan biriga kitobdagi izohli matnlarni ingliz tiliga o‘girish to‘g‘risida buyurtma berdim. Baxtimiz kuldi, tez orada butun dunyo ahli kitobimizdan bahramand bo‘ldi. Keyinchalik tarjimonimga aylangan Sidzuko Ouvexand kitob nusxalaridan Yevropa, Amerikadagi birodarlarimizga jo‘natdi. Suv kristallari rasmlarini ko‘rgan turli mamlakatlarda yashovchi muxlislardan yurtlariga tashrif buyurib, suhbatlar o‘tkazish haqida takliflar ola boshladim. So‘nggi yillarda Shveytsariya, Germaniya, Avstraliya, Niderlandiya, Italiya, Angliya, AQSh, Kanada singari ko‘plab mamlakatlarni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim. Dunyodagi ming-minglab odamlar mening kristallarim bilan tanishdilar.
Bu voqealar ayni vaqtida bo‘lgan ko‘rinadi. Odamzod o‘zi yashayotgan muhitdagi olatasir, betartib, ostin-ustun hayot mohiyatini anglash yo‘llarini qidirardi. Rasmlar albomi shu noayon muhitga tushib, halqa-halqa to‘lqin paydo qilgan va qilayotgan tomchiga aylandi.
Bu rasmlarni yaponlar bilan bir qatorda dunyodagi turli mamlakatlarda yashovchi odamlar ko‘rdilar. O‘quvchilarim o‘z fikr-mulohazalarini bayon qilib kaminaga maktublar yo‘llashdi. Ko‘lga tashlagan toshcham, darhaqiqat, kengayuvchi doiralar hosil qilar va ular yana o‘zimga qaytardi. Inson ongi va so‘zining quvvati muzda kristallar hosil qilganligi voqeligi minglab insonlarni larzaga solganligidan hayratda edim. So‘z hamda fikr Suv, tuproq singari unsurlarni o‘zgartira olish qudratiga egaligini aksariyat dastlab qabul qilolmasa-da, bu haqiqat edi. Oqin daryolardan olingan suv kristallari tiriklik olami go‘zalliklari timsolini namoyon etsa, ifloslangan suv kristallari xunukligi, beo‘xshovligi bilan qalbimizning qo‘rqinchli, qaro changalzorlari haqida hikoya qilardi go‘yo. Ma’ruzalar chog‘ida auditoriyaga kristallar slaydlarini namoyish qilaman. Tinglovchilar bunga har xil aks-sado berishadi. Ayrim odamlar lolu hayronlikdan karaxt qotishsa, boshqalar ko‘zyoshlarini asta artishadi. Bir tomchi Suv odamzodga turlicha ta’sir ko‘rsatishiga guvoh bo‘laman.
Eng birinchi ma’ruzamni o‘qish uchun meni Shveytsariyaga taklif etgan Manuela Kim rasmlarni tomosha qilganida paydo bo‘lgan his-tuyg‘ularini quyidagicha ifodalagan:
“Suv kristallari mo‘jizalarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish imkoniga egamiz. Bu rasmlar ongimizda oshig‘ich sakrashni yuzaga keltiradi. Ongdagi bu uyg‘onish daqiqalar ichida ro‘y beradi. O‘zimiz o‘ylagan, his etgan ro‘yoni lahzada ko‘zlarimiz bilan ko‘ramiz”.
Shveytsariyalik yana bir tinglovchi shunday yozadi: “Bizning ongimiz, bizning so‘zlarimiz quvvati tegramizdagi olamni o‘zgartira olish xususiyatiga egaligini ana shu kristallar isbotlab berdi va bu haqiqat tasdig‘ini ko‘zlarimiz bilan ko‘rib turibmiz. Rasmlar – ushlab bo‘lmas quvvatni ko‘zga ko‘rsatib qo‘ygan birinchi va yagona vositadir. Biz ko‘zimiz ko‘rmagan narsaga ishonmaymiz. Muz kristallari esa ko‘rinmas quvvat ta’sirini tasdiqlab berdiki, ishonish yo ishonmaslik to‘g‘risida endi gap bo‘lishi mumkin emas. Mazkur usul yordamida har birimiz tajriba o‘tkazib, o‘zimiz uchun bu haqiqatni isbotlab olish imkoniga egamiz”.
Yapon o‘quvchilarimdan biri menga shunday deb yozgandi: “Suv – oddiy bir unsur emas, balki qudratli tabiatning tirik kuchidir. Suvning poklash va tiriklik olamiga hayot baxsh aylashday sirli xususiyati to‘g‘risidagi rasmlar meni takror-takror o‘ylashga undadi. Qalb, hissiyotlar, tebranish muz kristallari shakllanishiga ta’sir etishini ko‘rdim va buning oqibatida Qalb va So‘z qudratini his etdim. Bu – juda g‘aroyib, hayratomuz taassurot tug‘diradi”.
Ma’lum bo‘lishicha, muz kristallari inson qalbi bilan doimiy ravishda mustahkam bog‘langan ekan. Muz kristallarida Borliq Olam sirlarini ochuvchi kalit yashiringanligi bois kristallar ming-minglab insonlar yuragiga yo‘l topdi. Borliq olamdagi mavjud tartibot, insoniyatning undagi asl o‘rnini bilishda aynan ana shu kalit asqotsa, ajab emas.
Suv – qalblarimiz oynasi. Uning yuzi turfa xil. Bu turfa yuz sayyoramizda yashovchi jami odamlarning ongini, his-tuyg‘ularini Suv o‘zida in’ikos ettirishi natijasi hisoblanadi. Inson qalbida yashirin bor tuyg‘ularni aks ettirish qobiliyati Suvga nima beradi? Mazkur savolga javob berishdan avval borliq hayot tebranishdan iborat yoki Tiriklik Olami tebranma harakatdan iborat ekanligini tasdiqlashingizni so‘rardim.
Butun borliq tebranma harakat holatida mavjud bo‘lib, har bir narsa o‘ziga xos, g‘aroyib chastotaga tebranma harakat tezligi darajasiga ega. Ushbu kitobda men sizga hikoya qilayotgan hodisalar aynan shu faktga asoslanadi. Suv ustida uzoq yillar olib borgan tadqiqotlarim natijasida shunday to‘xtamga keldim: tiriklik olami tebranma harakat ekanligi Koinotning eng asosiy tamoyilidir.
Mazkur tamoyilni atigi uch so‘z bilan ifodalash mumkin, ammo bu to‘g‘rida umuman eshitmagan odamlar uni tushunishi g‘oyat qiyin.
“Tiriklik olami tebranma harakatmi? Hatto mana bu stol-stul hammi? Mening vujudim ham-a? Nahotki biz ko‘rishimiz, ushlashimiz mumkin bo‘lgan nimaiki mavjud — bari bor-yo‘g‘i tebranish, o‘zgarishdangina iborat bo‘lsa?” deb o‘ylayotgandirsiz? Qo‘llaringiz bilan ushlab ko‘rayotganingiz yog‘och, tosh, beton singari qattiq moddalar uzluksiz tebranma harakatda ekaniga, darhaqiqat, ishonish qiyin. Hozirgi zamon kvant mexanikasi esa, materiya-jism tebranma harakatdir, demoqda. Istagan narsani maydalasak, barcha mavjudot kristallar va to‘lqindangina iborat g‘aroyib olamga tushib qolamiz.
O‘z jismingizni mikroskopik hajmda kichraytirdim, deb tasavvur qiling-da, vujud atalmish olamingiz sirlarini ochish uchun sayohatga otlaning. Shunda siz har bir narsa atomlardan, har bir atom esa atrofida aylanayotgan elektronlardan iborat yadroga egaligini ko‘rasiz. Ushbu elektronlar miqdori, shakli hamda orbitasiga ko‘ra har bir modda o‘ziga xos tebranma harakatda bo‘ladi. Shu tariqa, qanday jism bo‘lmasin, qattiq emasligiga, balki, son-sanoqsiz to‘lqinlar qurshagan yadrogina mavjudligiga iqror bo‘lasiz.
Hamma narsa mangu harakatda, hali u yoqqa, hali bu yoqqa aql bovar qilmas tezlikda tebranishda mavjuddir.
Buddaviylarning Xannya-singyo (“Yurak donishmandligi sutrasi”)da shunday deyilgan: “Nimani ko‘rish mumkin bo‘lsa, uning shakli yo‘q; nimani ko‘rish mumkin bo‘lmasa, u shaklga egadir”. Bir necha asrlar muqaddam Budda aytib ketgan paradoks (g‘ayrimantiq)ni zamonaviy fan isbotladi. Ko‘zlarimiz jismlarni ko‘radi, lekin tebranishlarni ko‘rolmaydi. Darvoqe, mana bunga o‘xshash voqealarga duch kelganmisiz?
Uyda kim bilandir erkin, do‘stona ohangda qizg‘in suhbatlashyapsiz. To‘satdan uyga boshqa odam kirib keldi. U odam eshikni ochishi barobar muhit o‘zgaradi, xonani to‘ldirgan harorat o‘rnini zulmat va sovuqlik qoplaydi. Tashrif buyurganga razm solasiz: tushkun chehrali, yelkasi bukchaygan, hayotdan bezgan bir kishi. G‘amzada yurak, ishning orqaga ketishi, jondan to‘yish… O‘zingizga shu savolni berib ko‘rishingizni istardim: nima uchun aynan eshik ochilishi bilan uydagi kayfiyat o‘zgardi?
Odamlar ham o‘zidan tebranma energetik to‘lqinlar chiqaradi, har bir kishi o‘ziga xos, g‘aroyib tebranish harakati tezligiga ega. Qolaversa, har birimizda o‘zgalar tebranishini ushlab qolishday g‘ayritabiiy sensorik qobiliyat mavjud.
Iztirobni boshdan kechirayotgan kishi iztirob tebranishini ishlab chiqarib, tarqatsa, hayotsevar inson o‘zidan chiqayotgan quvonch tebranishlari bilan atrofni charaqlatadi.
O‘zgalarni sevuvchi odam o‘zidan muhabbat tebranishlarini taratadi. Qalbi mudhishlikka to‘lgan insonlar esa qora, yovuz tebranish to‘lqinlarini chiqaradilar.
Ushbu qoida turli jismlarga, shuningdek, hududlarga ham xos hisoblanadi. Tez-tez baxtsiz hodisalar sodir bo‘lib turadigan joylar bor; ba’zi yerlarda savdo-sotiq gullab-yashnaydi, ayrim makonlardan baxt ufuradi. O‘z egalariga faqat kulfat keltiruvchi olmos to‘g‘risida eshitganingiz bordir.
Bundan tashqari, tebranish qoidasi jismoniy narsalargagina emas, dunyoda ro‘y berayotgan hodisalar hamda jarayonlarga ham taalluqli bo‘lib, ular ham o‘zlariga xos tebranma tezlikka egadir. Atmosfera quvvatidagi o‘zgarishlar momaguldurak, chaqmoq va dovullarni yuzaga keltiradi. Kuchli quvvatdan esa tabiiy ofatlarni sodir etadi. Ammo biz bu hodisalarni baxtsizlik deb qabul etmasligimiz kerak. Chaqmoq va dovul g‘oyat kuchli yovuz quvvatlarni puflab yo‘q qilib tashlashini inobatga olsak, tabiat donishmandligiga tan beramiz – qo‘yamiz.
Yana bir misol. Turli bayramlarni, tantanalarni birgalikda nishonlash uchun to‘plangan, yasangan, shodumon kishilar qo‘shiq aytib, raqs tushishar ekan, eskirib turib qolgan yovuz tebranish to‘lqinlari chekinib, shodiyona tebranishlar vujudga keladi.
Dunyoda nimaiki mavjud bo‘lsa, barchasi o‘ziga xos harakat tezligida tebranadi. Bu haqiqatni tasdiq etarkansiz, Koinotni anglash borasidagi bilimingiz, tushunchangiz kengayadi. Ana shu tushuncha bois ilgari mutlaq ko‘rmagan narsangizni ko‘ra boshlaysiz. Ongingiz burchaklarida saqlangan bu bilim, bu tuyg‘ular va kashfiyotlar qalbingizga yangi hayot bag‘ishlaydi.
Barcha mavjudot tebranish holatida bo‘ladi, demak, barcha mavjudot tovush chiqaradi.
Bundan biz barcha tovushni eshitamiz, degan xulosaga bormang. Ayrim odamlar daraxtlar tovushini tinglab, o‘simliklar bilan muloqot qilishlari istisno bo‘la qolsin.
Inson qulog‘i 15 dan 20 000 gertsgacha bo‘lgan tebranishlarni eshita oladi. Quloqlarimizning eshitish darajasi cheklanganligi bir hisobda yaxshi, aks holda kechalari uxlay olmas edik. Tabiat olamida neki mavjud bo‘lsa, g‘oyat chevarlik – nuktadonlik bilan o‘ylab yaratilgan va barchasi mutanosib holatda turadi.
Modomiki tovush tug‘ilayotgan ekan, uni asosiy tinglovchisi ham mavjud bo‘lmog‘i kerak-ku! HA, TOVUSh SUVGA ATALGAN. UNING BOSh TINGLOVChISI – SUVDIR.
Nima uchun musiqa muz kristallarining shakllanishiga g‘oyat kuchli ta’sir ko‘rsatishi, aytilgan yoki yozilgan so‘zlarning qandayligiga ko‘ra suv turlicha kristallar hosil qilishi to‘g‘risida fikrlashingizni so‘rardim. Javob esa o‘sha-o‘sha: hamma gap tebranishda. Suv bu olamda mavjud barcha moddalar chiqarayotgan tebranishlarning g‘aroyib tezliklariga shu qadar sezgirki, u, shak-shubhasiz, borliq olamni o‘zida aks ettiradi.
Musiqa va so‘zlar – tebranishdir, ularni har qanday odam yengil tushunib, talqin qila oladi. Buddaviylarning diniy marosimlarida ijro etiluvchi yakkaxon sanolar singari tovushlar ham shifobaxsh tebranishlar tezligiga ega bo‘ladi. Ammo mana bu voqelikni, ya’ni QOG‘OZGA YoZIB, SUVGA KO‘RSATILGAN SO‘ZLAR TA’SIRIDA ZARRALAR HOSIL BO‘LIShINI QANDAY IZOHLASh MUMKIN?
Darhaqiqat, yozilgan so‘zlar ham g‘aroyib tebranma nurlanishlar hosil qiladiki, Suv buni his etadi. Olamda ro‘y berayotgan jamiki tebranishlarni Suv haqqoniy aks ettiradi, bu tebranishlarni shaklga solib, inson ko‘ziga ko‘rsatib qo‘yadi. Qachonki Suvga yozma so‘z ko‘rsatilar ekan, uni tebranish sifatida qabul qilib, o‘ziga xos noma sifatida namoyon etadi. (Harflar ham so‘zlarni ifodalovchi vizual — ma’lum bir shaklga ega kod ekanligini tasavvur qiling).
Aslan olganda So‘z nima o‘zi? “Avvalda So‘z bo‘lgan edi”, tasdiqlaydi Injil (In 1:1) Demak, “So‘z” Borliq Olam yaratilmasidan avval mavjud bo‘lgan ekan-da. Nazarimda, inson “So‘z”dan yaratilgan, o‘z navbatida inson so‘zlarni tabiatdan o‘rgangan.
Insoniyat tabiat bilan baqamti, uyg‘un, kelishib yashagan ibtidoiy zamonlarda kishilar o‘zlarini himoya qilishlari zarurligi bois tabiatdan tug‘ilayotgan har qanday tebranish va tovushlarga nisbatan g‘oyat sezgir bo‘lganlar. Biror xavf-xatarga uchramay turib, buning oldini olish uchun ham ana shunday sezgirlik insonga g‘oyat zarur edi. Insonning yashash uchun kurashida shamol guvillashi, irmoqlar chuldirashi, o‘tloqda olishayotgan hayvonlar na’ra tortishi singari tovushlarni tushuna olish va buni ovoz yordamida boshqalarga yetkazish zaruriyatga aylangan. Nutqning ilk namunalari bir necha so‘zdan iborat oddiy nomalar tarzida vujudga kelib, madaniyat rivoji, tajriba to‘planishi bois lug‘at boyligimiz ko‘payib borgan.
Modomiki shunday ekan, odamlar so‘zlashayotgan tillar nima uchun har xil? Til – tegramizni o‘rab turgan tabiat paydo qilayotgan tebranishlardan vujudga kelishini e’tirof etsak, xilma-xillikni tushunish mumkin. Osiyo orollarining namchil iqlimlari har xil tebranishlar hosil qiladi. Misol uchun Yaponiyada yilning to‘rt fasli g‘oyat chiroyli ifodalangan bo‘lib, yapon tilining ob-havo bilan bog‘liq boy so‘zlar lug‘atida bu hol o‘z aksini topgan.
Qaysi tilda yozilgan bo‘lishidan qat’i nazar, Suvga “Rahmat” so‘zi ko‘rsatilganda, chiroyli geometrik kristallar hosil qildi. Qachonki Suvga “Sen ahmoqsan” so‘ziga o‘xshash haqoratlar aytilganda, u uzuq-yuluq, badbashara kristallarga aylandi.
Injilga ko‘ra, Bobil minorasi qurilgunga qadar Bani Odam bitta tilda so‘zlashgan ekan. Bu esa, turli qit’alarda, har xil iqlimiy sharoitlar mavjud bo‘lishiga qaramay, Tabiatning asosiy qonuniyatlari hamma yer uchun birday yagonaligini ko‘rsatib turibdi.
Suv muzlar ekan, kristall yadrosini hosil qilish uchun tomchilar bir-biriga jipslashadi. Bu yadro tobora kengayib, olti burchakli shaklga kirganda, Suvning kristalli paydo bo‘ladi; agarda tabiat qonunlari buzilganligi axboroti suvda mavjud bo‘lsa, notugal, beshakl kristallar vujudga keladi.
“Ehtirom” va “Muhabbat” so‘zlari Tabiat, Hayot qonuniyatlari poydevorini tashkil etadi. Xuddi shu sabab Suv o‘z tabiiy holida, albatta, olti qirrali kristallar shaklini yaratadi. “Sen ahmoqsan”ga o‘xshash haqorat so‘zlar tabiatda mavjud emas. Bundayin salbiy so‘zlar insonlar yaratgan notabiiy unsurlar sanaladi. Xafa qiluvchi, haqoratlovchi, mazax so‘zlar — “madaniyat”li insoniyat ijodining mahsulidir.
Demak, Tabiatda faqat Muhabbat va Ehtirom tebranishlarigina paydo bo‘larkan, xolos. Tabiatni kuzatish asnosida ana shu mulohaza haqligini tasdiqladik. Dov-daraxtlar, nabotot – o‘simliklar uyg‘unlikda yashashadi, demak, bir-birini hurmat qilishadi. Bu o‘zaro uyg‘unlik, ehtirom hayvonot dunyosiga ham xos. Hatto sherlar ham ermak uchun emas, faqat och qolgandagina o‘z qurbonini tutib yeydi. Daraxtlar soyasida qolgan o‘simliklar shikoyat qilmaydi, hayvonlar esa ochlikni qondirish uchungina ovga chiqadi. Amerikaning Century Sciense and Technology” ilmiy jurnalining 1989 yil, mart-aprel sonlarida olim Uorren J. Xamerman maqolasi chop etildi. Olim shunday yozadi: “Inson tanasi deb atalmish organik jism notadagi o‘rta “Do” dan taxminan 42 oktava baland bo‘lgan tovushga teng tebranma harakat ishlab chiqaradi. O‘rtacha “Do” tebranish tezligining zamonaviy standarti taxminan 262 gertsga tengligini inobatga olsak, inson tanasining tovushi taxminan 570 trillion gertsgacha yetar ekan. Gerts — bir soniyadagi tebranish miqdorini ko‘rsatadi, modomiki shunday ekan, Inson bir soniyada 570 trillion tebranishni vujudga keltiradi. Ushbu raqam aql bovar qilmas ichki imkoniyatimiz, qudratimiz mujassamligidan dalolat beradi.
42 oktavani tasavvur qilish mushkul, lekin inson tanasining tebranish tezligi favqulodda mahobatli, turfa xil va beqiyos, tengi yo‘qdir. Inson vujudi o‘zida tebranishlarga to‘la Koinotni mujassam etadi hamda samoviy miqyosdagi simfoniyalarni yaratadi.
Ikkinchi bob
O‘ZGA OLAM DARVOZASI
Iltimos, bu kitobni bir chetga surib qo‘ying-da, bir stakanga suv quyib, unga boqing.
Stakanda nimani ko‘ryapsiz?
Siz o‘tirgan xona, deraza ortidagi manzara, tegrangizni o‘ragan, his etayotganingiz muhit – bari-bari ana shu suvga yozilgan.
Suv shunchalar hayotimizga singib ketganki, uni oddiy Suv deb bilamiz, u haqida o‘ylash ko‘nglimizning ko‘chasiga kelmaydi. Chanqovimizni qondiradigan, poklaydigan, taomimizning asosini tashkil etadigan, qo‘yingki, umrimizning har lahzasiga kirib boradigan Suv to‘g‘risida kim ham fikr yuritibdi, deysiz. Aslini olganda, oddiy Suvdan ko‘ra sirliroq unsurning o‘zi yo‘q.
Muz Suvda cho‘kmaydi, suzadi. Bu oddiy haqiqat esa Suvning eng katta sir-sinoatlaridan biri. Har qanday modda suyuqdan qattiq holatga o‘tar ekan, qalinlashib, nisbatan og‘irlashadi. Suv tomchilari muzga aylanish jarayonida g‘oyat tartibli joylashadi, tomchilar oralag‘ida bo‘sh maydon qoldiriladi. Muz yana suvga aylanayotganda, yuz ming baravar tez harakatlanayotgan tomchilar bo‘sh maydonlarni to‘ldiradi. Suvning qattiq-muz shakliga nisbatan suyuq shakli jips, og‘ir bo‘lishi sababi ana shunda. Suv eng og‘ir holatda minus 4 darajali bo‘ladi. Faol tomchilar ana shu haroratda molekulyar tizimdagi bo‘shliqlarni to‘ldirib turadi.
Harorat ko‘tarilgan sayin, tomchilar yanada faollashib, zichlik kichrayishiga olib keladi. Xuddi shuning uchun ham qish qanchalar qahraton bo‘lmasin, muzlagan ko‘l yoki dengiz tubidagi suv harorati doimiy – 4 darajaligicha turavergani bois suvosti hayvonot, nabotot olami omon saqlanadi.
Suv o‘zini boshqa moddalar singari tutib, muz cho‘kib ketsa, nima bo‘lishini tasavvur qiling. Siz bilan men ham bo‘lmasdik, albatta. Ko‘l, dengiz, ummonlar tubigacha muzlab, bari jonzotlar qirilib ketardi.
Muz cho‘kmaganligi uchun, suv yuzasi muzlasa-da, suvosti olamida hayot davom etaveradi.
Suvda boshqa moddalarni eritish, ularni yuvib tozalash xususiyati ham bor. Qanchadan-qancha moddalarni eritgan suvni asl pok holiga keltirish juda mushkulligini bilasizmi? Yarim o‘tkazgichli zavodlar, kimyoviy fabrikalarda tozalangan Suv olish uchun obi-hayotni ne kuylarga solishmaydi, deysiz, maxsus tozalagich vositalar aralashtirishadi. Bunday tozalangan Suv plastik konteynerlarga quyilgach, mavjud aralashmalar tezda eriy boshlaydi. Suvni butkul toza holatda saqlash haddan ziyod mushkul ish. Jo‘mrakdan ichayotgan suvingiz ham, daryo suvlari ham, bir qarashda toza tuyulsa-da, minerallar va boshqa kimyoviy vositalar bilan ifloslangan bo‘ladi.
Suvning turli moddalarni eritish xususiyati qandaydir ma’noda “tirikchilik sho‘rvasi”ni yaratadiki, ummonlardagi mavjud jonli organizmlar undan bahramand bo‘lib, hayot kechiradi. Yerda jami tirik mavjudotning tug‘ilishi ham aynan shu “sho‘rva” tufaylidir. Darhaqiqat, Suv – yaratayotgan va hayot baxsh etayotgan kuchdir. Tiriklik kristallarini undirayotgan ham, Yer yuziga tarqatayotgan ham – Suvdir.
Xaos – tartibsiz, ola-tasir, ostin-ustun muhitni ham Suv yaratdi va yana o‘zi buni tartibga soldi, natijada hayot barq urgan sayyora vujudga keldi. Qadimdan shunday naql mavjud: qayerda suv bo‘lsa, o‘sha yerda hayot bor. Yaponiyada suv yer yuzasiga ko‘tarilgan hududlar muqaddas sanalgan; bu yerlarda kuchli toza quvvat mavjud deyishib, qadamjolarga aylantirishgan. Muqaddas deb topilgan, toza quvvat taratib turuvchi boshqa hududlar ham yerosti suvlari ustida joylashgan.
G‘aroyib fizik xususiyatlarga ega Suv – tiriklik olamining onasi va Hayot quvvatidir.
Suv sir-sinoatlarini anglash yo‘lidagi tajribalarim natijalarini tahlil qilarkanman, Suv — ilohiy ne’mat, boqiy olamning Yerdagi mo‘jizasi erur, degan xulosaga keldim. Yer yuzida Suv nima uchun g‘oyat ko‘pligi xususida o‘ylaganmisiz? Bundan 4,6 milliard yillar muqaddam Yer endi shakllanayotgan davrda Suv bug‘lanib, bulutga aylangan, keyin esa tinimsiz yomg‘ir bo‘lib yog‘ib, sayyoramizdagi ummonlarni hosil qilgan.
Lekin bu hodisalar avvali Quyosh vujudga kelishi bilan boshlangan. Turli gaz bo‘laklari to‘qnashib, aralashib, qizil shar hosil bo‘lgunicha aylanavergan. Chang va gazlar birlashib, Yerni, Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralarni vujudga keltirgan. O‘sha zamonlarda Yer tarkibida vodorod bo‘lgan yonayotgan magmadan iborat shar edi.
Magma so‘nganda esa qayta shakllangan atmosferaga vodorod bug‘ bo‘lib uchgan.
Bu nazariyalarni hamma olimlar ham tasdiqlayvermaydilar. Ayova universiteti olimi Luis Frankning taxminicha, Suv ochiq samodan sayyoramizga muz bo‘laklari ko‘rinishida tushgan ekan.
Sun’iy yo‘ldoshlar fazoda tushirgan rasmlardagi qora dog‘larni ko‘rib professor Frank tadqiqotni boshlaydi va alal-oqibat, bu qora dog‘lar Yerga yog‘ilayotgan kometalar, degan xulosaga keladi.
Bu jajji-kometalar suv va muzdan iborat sharlar ekan. Yuzlab va undan ham ko‘p tonna og‘irlikdagi sharlar Yer atmosferasiga bir soniyada 20 harakat tezligi (bir yilda o‘n millon)da yog‘ilarkan. Frank nazariyasiga ko‘ra, xuddi shu muz sharlari to‘rt milliard yil muqaddam Yerni bombardimon qilishi natijasida dengizlar, okeanlar paydo bo‘lgan. Mazkur jarayon hozirgacha davom etmoqda.
Erning tortish kuchi ochiq fazodagi muz kometalarni o‘z atmosferasiga tortadi, quyosh harorati esa ularni bug‘lab, so‘ng gazga aylantiradi. Ular atmosferaga tusharkan, gaz bo‘laklari havo bilan aralashib, Yer yuziga yomg‘ir yoki qor shaklida yog‘adi.
Bundan bir necha yil muqaddam NASA hamda Gavaya universitetining doktor Frank nazariyasi ishonchli ekanligiga oid bayonoti ommaviy axborot vositalarida keng muhokama etildi, ammo dunyoga bu yangicha qarashni aksariyat olimlar inkor qilmoqdalar.
Frank nazariyasi qabul qilingan taqdirda ham jahon kutubxonalaridagi kitoblarni qayta yozib chiqishga to‘g‘ri keladi. Bu esa sayyoradagi hayot bilan bog‘liq ilmiy nazariyalarga yangi nafas baxsh etgan bo‘lur edi.
Suvsiz hayot yo‘qligini hamma tasdiqlaydi. Barcha tiriklik manbai suv ochiq fazodan yuborilgan bo‘lsa, mantiqan barcha tirik mavjudot, jumladan inson ham sayyoraniki emas, o‘zga olamdan kelgan xilqat hisoblanarkan-da.
Suv – Yerdan emas, fazodan degan nazariyaga suyansak, obi-hayotning g‘aroyib xususiyatlarini yaxshiroq anglay boshlaymiz.
Muz nima uchun suzadi? Nima uchun Suv turli-tuman moddalarni eritish xossasiga ega?
Nima uchun tortishish qonunlariga zid ravishda sochiq pastdagi suvni tepaga qarata shimib oladi? Suv o‘zga olamdan kelgan deb taxmin qiladigan bo‘lsak, Obi-hayot bilan bog‘liq tilsimlar anchayin tushunarli tuyuladi.
Suv-ochiq fazodan kelgan, degan nazariyani aqlimiz qabul qilmasa-da, u tasavvurlarimizni harakatga keltiradi. Fazoaro olis sayohatini tugatgan Suv endi sayyoramiz bo‘ylab harakatlanmoqda.
Muz bo‘laklari Yerga uchib tushadi, bulutlarga aylanadi, oxir-oqibat, Zamin bag‘riga yomg‘ir, qor bo‘lib yog‘adi. Bu suv tog‘larni yuvadi, tuproqqa singib, minerallarga to‘yingach, yana yuzaga sizib chiqadi. Quyosh daryolar va okeanlar suvini bug‘ga aylantirib, yana bulut hosil bo‘lmog‘i uchun Suvni atmosfera qaytaradi.
Suv ham, ushbu aylanma jarayonda u hosil qiladigan minerallar ham shu zayl Hayotni yuzaga kelishi uchun imkoniyat yaratadi. Atmosferadagi karbonat angidrid gazi okeanlarda erib, g‘aroyib ekologik mutanosiblikni vujudga keltirgach, fotosintez jarayoniga imkoniyat paydo bo‘ladi.
Bundan 3,8 milliard yil avval aynan Ummonda hayotning ilk nishonalari paydo bo‘lgan. Evolyutsiya jarayonida ilk hayot nishonalari suv o‘tlariga aylandi. Fotosintez xususiyatiga ega suv o‘tlari dastlabki kislorodni ishlab chiqara boshladi. Quyoshning ultrabinafsha nurlari bilan o‘zaro aloqaga kirishgan kislorod Ozon qatlami deb atalgan Yerni himoyalovchi qobiq hosil qildi.
Keyin esa, bundan 420 million yil avval, kislorod hamda Ozon qatlamiga suyangan holda Hayot suvdan quruqlik sari ilk qadamini qo‘ydi.
Bizning odamsimon bobokalonlarimiz atigi 20 million yil muqaddam Afrikada tug‘ilgan, degan taxminlar bor. Yerning to‘rt milliardlik yoshi bilan chog‘ishtirganda, ilk insonlar kecha tug‘ilganday tuyuladi. Bu ham bo‘lsa, Kislorod va Ozon qatlamining sharofati.
Hayotni, uning evolyutsion jarayonlarini paydo qilgan kuch esa, albatta Suvdir! Hayot uchun zaruriy ozuqa moddalarni erita olish, tog‘u toshlardan daryo va okeanlarga oqizib kelish xususiyatiga ega Suvgina shunday mo‘jizakor.
Hayotning bu ulug‘ hikoyatini tasodif deyish mumkinmi, o‘zimizdan so‘raylik. Zamonamizdan juda-juda olis, aql ilg‘amas davrlarda kurtak otgan, sayyoramizda hayotning tug‘ilishi bilan bog‘liq, milliard yillarni qamragan haqiqat tagzaminida Ulug‘vor Oliy Ongning yaratuvchilik qudrati mujassamligiga iqror bo‘laylik.
Sukuba universiteti professori Kadzuo Murakami DNK oksididagi renin deb nomlangan kodni kashf etib, dunyoga dong taratdi. Professorning bu kod yuzasidan dunyoqarashi quyidagicha: “DNKni teranroq tushunganimiz sayin, jajji makonga Kimningdir qandaydir ulug‘vor qudratli qo‘ligina g‘oyat puxta o‘ylangan, mukammal axborotni yoza olishi mumkinligiga tan beraveramiz”. “Kimningdir”ga aniqlik kiritish uchun olim “Qandaydir ulug‘vor” iborasini qo‘llaydi.
Darhaqiqat, “Ulug‘vor nedir” mavjudligi inkor etilsa, Suv va Hayotning olamshumul birligi hikoyatini tushuntirish mumkin emas. Samovot ulug‘ niyat bilan bitgan Hayot asari tarixi hozirda ham davom etmoqda.
Qadim Suv ochiq fazoni tark etib, Yerga yog‘ila boshlaganda, o‘zi bilan qanday xabar keltirgan ekan? U o‘zi bilan hayotni barpo etish zaruriyati aks etgan dastur keltirgan, deya taxmin qilishimiz mumkin. Aslini olganda hayotning o‘zi nimaligini aniqroq tasavvur qilayotirsiz, degan umiddaman.
Osmondan yog‘ilayotgan Suv. Uning tuproqqa singib, sizot-erosti suviga aylanmog‘i uchun o‘nlab, ba’zan yuzlab yillar kerak. Syurix Texnika universiteti olimi Joan S. Deyvis o‘ttiz yildirki, Shveytsariyaning daryo suvlari ustida tadqiqot olib boradi. Olima sizot suvni “dono”, endigina yerga yog‘ilgan suvni esa “yosh” deb ataydi.
Dono bo‘lish uchun Suv yerni yorib kirib, unga singiydi, turli minerallar to‘g‘risida ma’lumot yig‘ib bo‘lgach esa, zamin yuziga sizib chiqadi.
Universitetda o‘ttiz yil ishlab qo‘ygan professor Joan bu dargohni tark etdi, hozir o‘zi tadqiqotlar o‘tkazyapti. Shveytsariyadagi simpoziumlardan birida bu olima bilan hamma’ruzachi sifatida ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ldim. Uning tadqiqot mavzui – Suvni qayta ishlash usullariga bag‘ishlangan. Hozirda mavjud bo‘lgan suvni uzundan-uzun quvurlar orqali yetkazib berish tizimida Suv jismimizni sog‘lomlashtirish xususiyatini yo‘qotadi. Yuqori bosim ostida, katta tezlik bilan quvurlardan oqqan Suvning tarkibi buzilib, minerallarini yo‘qotadi.
Joan, imkon qadar ko‘pchilikni, shu jumladan kambag‘al kishilarni sog‘lik uchun foydali suv bilan ta’minlash uchun oddiy, qulay yo‘llar topishga bor diqqatini qaratdi. Muz kristallarini ishlatib ko‘rish olimaning takliflaridan biri bo‘lib, bunda Suvga uncha katta bo‘lmagan muz parchalari solinadi, minerallar saqlangan bu suv bilan sug‘orilgan ekinlar sog‘lom, toza hosil beradi. Bundan tashqari, Joan Suv sifatini yaxshilash uchun magnitdan foydalanish imkonini tadqiq qildi; Suvga aylanma harakat beruvchi quvur jo‘mraklari loyihasini yaratdi. Endilikda u qanday qilsa, quvur tizimida suv tabiiy ravishda oqishi mumkinligi ustida tadqiqot o‘tkazyapti.
Joan o‘z ishlari haqida shunday hikoya qiladi:
“Ko‘pchilikdan muz kristallari yuzasidan o‘tkazgan tadqiqotlaringizga qiziqishlarini eshitdim. Menimcha, bu tadqiqotlar odamlarga g‘oyat zarur maslahatlar beradi. Suvga hurmat ko‘rsatish — eng asosiy maslahatdir. Suv eng nozik quvvatlardan ham ta’sirlanishini odamlar bilsinlar. Hozirgi paytda Suv amaliy muhofazaga olinmaganligini olimlar, rasmiy doiralar eshitib qo‘ysinlar, deyman.
Tadqiqotlarim natijasi sog‘liqni saqlash, tibbiy yordam sohasida asqotadi. Ayni vaqtda Suvning fizik xossalariga qiziqish uncha katta emas. Misol uchun, mineral Suv foydali deyishadi. Ammo bunday Suvda mavjud minerallar arteriyaning qotishiga sabab bo‘lishi mumkinligini hamma ham bilavermaydi. Bundan tashqari, mineral Suvlarda karbonat angidrid tuzlari ko‘p, kislotalik darajasi yuqori bo‘lib, sog‘likka nafi yo‘q. Har qanday sharoitda ham kimyoviy ishlangan suvdan foydalanmay, imkon yetgancha, tabiiy manbalar Suvini ishlatgan ma’qul. Suv ozodlikni istaydi va ozod bo‘lishi zarur.
Muhimi, bizda Suvga ehtirom bilan munosabatda bo‘lish istagi uyg‘ondi. Hozirgi tamaddunimizda Suvga nisbatan hurmat unutilganligini tan olaylik. Qadim Gretsiyada Suvni chinakam e’zozlashardi. Aksariyat grek afsonalari Suvni muhofaza qilishga bag‘ishlangan. Keyinchalik bu afsonalar ilmga zid, degan fan paydo bo‘ldi. Suv o‘z asrorlarini berkitdi. U zamonaviy texnologik zaruratda tozalash mumkin bo‘lgan moddaga aylandi-qoldi. Goho, “Tozalangan suv zilol suv emas”, deymiz. Maxsus zavodlarda qayta ishlangan Suv go‘zal kristallar yaratuvchi Suv emas. Suv tozalanishga emas, hurmatga muhtoj.
Bu dono so‘zlar Suvni uzoq yillar kuzatish natijasi sanaladi. Shunday yuksak darajali olima Suv kristallari borasidagi tadqiqotlarim bilan qiziqqanligidan, uning Suvga nisbatan hurmatidan boshim osmonga yetdi.
Joan kaminaga shunday maslahat berdi:
– Muz kristallari bilan bog‘liq nazariyangizning fizik asosini topishga muvaffaq bo‘lsangiz, bu to‘g‘rida ishonch bilan dunyoga ovoza qiling. Shveytsariya suv xossalari tadqiqotlari borasida dunyo bo‘yicha yetakchi, deb e’tirof etilganligini unutmang.
Olimaning maslahati menga umid bag‘ishladi. Chunki xuddi o‘sha vaqtda Shveytsariyada Suvni o‘rganish bo‘yicha markaz tashkil etish taraddudida edim.
Suv axborotni yozib oladi. Yer sayyorasini aylanayotgan vaqtida esa bu axborotni yoyadi — taqsimlaydi. Koinotdan yuborilgan Suv hayotiy ilmlar bilan to‘la va ana shu ilmga kalit muz kristallariga yashiringan.
Suv yaratgan g‘oyat go‘zal kristallarga boqaman: hayotning o‘zi jismga aylanib borayotganday tuyuladi. Suvga chiroyli ezgu so‘zlar ko‘rsatilganda shakllangan muz kristallari g‘oyat go‘zal. Suvning “muhabbat” va “ehtirom” so‘zlariga javobi a’lo! Yaxshi so‘zlar Suvga ilhom bag‘ishlaydi, hayotni bus-butun namoyon etish uchun jismga aylanadi. Zarralarning shakllanish jarayonini mushohada qilish — hayot yaratish jarayoniga o‘xshaydi, degan to‘xtamga keldim. Buning boisi shundaki, kristallarga ko‘zimiz tushganda Suv har lahza o‘z ko‘rinishini o‘zgartiradi. Nigoh o‘ziga xos quvvatga ega. Nigohingizda ezgu niyatlar mujassam bo‘lsa, Suvga jasorat bag‘ishlab, ruhlantiradi. Yovuz niyatli nigoh jasoratdan judo qiladi.
Jurnalimiz mushtariysi bo‘lgan bir oilada ajoyib tajriba o‘tkazishgan. Ikkita shisha bankaga guruch solishib, bir oy mobaynida birinchi bankaga “rahmat”, ikkinchisiga “sen ahmoqsan” so‘zlarini aytib turishgan. Shu davr ichida guruchlar qanday o‘zgarishini kuzatishgan. Hatto bolalar ham maktabdan qaytgach, guruchga qarata “rahmat”, “sen ahmoqsan”, deb turishgan.
Oy o‘tgach, “rahmat” so‘zini tinglagan guruch o‘zidan yoqimli, o‘tkir is taratib, achiy boshlagan, undan undirib, yanchilgan sholi isi kelardi.
Doimiy ravishda “sen ahmoqsan” so‘zini eshitgan guruch esa qorayib, chirib ketgan.
Ushbu tajriba to‘g‘risida kitobimda yozganimdan keyin Yaponiyadagi yuzlab oilalar bunday tajribani o‘zlari o‘tkazdilar. Natija bir xil edi. Yana bir oila esa tajriba shartini biroz o‘zgartirgan. Ular uchta bankaga guruch solishgan. Birinchi bankaga “rahmat”, ikkinchisiga “sen ahmoqsan” so‘zlarini bir oy mobaynida aytib turishgan. Uchinchi bankadagi guruchga esa umuman e’tibor qilishmagan.
Xo‘sh, nima bo‘ldi deb o‘ylaysiz? E’tiborsiz qolgan guruch “sen ahmoqsan” so‘zini “eshitgan” gurunchdan ham avvalroq qorayib ketgan. O‘zgalar ham bu tajribani o‘tkazishganda natija bir xil bo‘lgan. Ko‘rinib turibdiki, umuman e’tiborsiz qolish haqorat eshitishdan ham ko‘ra yomonroq ekan.
Kimgadir ijobiy, salbiy munosabatda bo‘lsak, shu yo‘sin, unga o‘z quvvatimizni o‘tkazamiz.
Odamga, jamiki mavjudotga mutlaqo e’tibor qilmasak, ayniqsa ko‘p zarar yetkazar ekanmiz.
Nazarimda, bu tajriba bizga katta saboq bo‘ldi. Demak, farzandlarimizga e’tiborli bo‘lmog‘imiz, suhbatlashib turmog‘imiz zarur. Samimiy, mehrli so‘zlarni bolaga homilalik paytidayoq o‘rgatish kerak bo‘ladi. Buning uchun esa ayolimizga mehr berib, unga faqat chiroyli so‘zlar aytish bilan tug‘ilajak farzand tarbiyasiga poydevor qo‘yarkanmiz. O‘simliklarga samimiy boqib, rag‘batlantirib gapirsangiz, xushmuomala bo‘lsangiz, ular gurkirab, yashnab ketadi. Xonaki hayvonlar, hatto hasharotlar ham mehrga, mayin muomalaga muhtoj.
Ushbu kitob sharofati bilan ko‘pchilik Suvni e’zozlaydi, Suvga samimiyat ila boqadi. Natijada Suv yanada ko‘proq go‘zal kristallar yaratadi, shu tariqa yanada go‘zalroq olam bunyod etilishida qatnashamiz.
Xudo – o‘z yaratuvchiligidan bahra olishiga, shuningdek, bizlarga ham bunyodkorlik qobiliyatidan berishni istashiga shubham yo‘q. Keyin esa Parvardigor ko‘kdan mehrga, ezgulikka to‘la ulug‘vor nigohini yerga qaratib, yaratuvchilik qobiliyatimizdan erkin ongli foydalana olyapmizmi-yo‘qmi, kuzatib turadi.
Tiriklik olami to‘g‘risidagi barcha xotira Yerimizga qaytdi. Bu xotirani Yerga Suvning qalbi olib kelgan edi. Ana shu xotiradan hayot uyg‘ondi, Odam paydo bo‘ldi, alal-oqibat sizu biz tug‘ildik. Sizning ongingiz, bilimingiz, erku irodangiz, muhabbatdan tug‘ilgan tabassumingiz – barcha-barchasi Suvga yangi hayot baxsh etib, o‘zgacha g‘aroyib Borliq olamni yaratish sari boshlab boradi.
Uchinchi bob
HAMMA NARSANI ONG YaRATADI
Suvning g‘aroyib xususiyatlarini o‘rganishni boshlaganimdan buyon butun dunyodagi suv namunalarini ko‘rib, tajriba o‘tkazish baxtiga noil bo‘ldim. Zaminimizdagi har qanday hudud Suvi o‘ziga xos g‘aroyib, go‘zal xususiyatlarga ega.
Bundan tashqari, sayyoramizdagi Suv tobora ifloslanib borayotganligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Butunjahon savdo tashkiloti shunday bayonot beradi: XX asr neft uchun urush bilan boshlangan edi, XXI asr Suv uchun urushlar guvohi bo‘ladi. Yaponiyada yoppasiga xlor ishlatilganligi sababli tugal, to‘liq shaklli kristallar hosil qiluvchi birorta ham vodoprovod suvi yo‘q. Xlor ilk bor Londonda XX asr boshlaridagina ishlatilgan bo‘lsa, Yaponiyada esa mana, 50 yildirki, hamon undan foydalanishadi. Krandagi suvdan farqli ravishda buloq, daryo irmoqlari, boshqa tabiiy manbalar suvi go‘zal kristallar hosil qilishini yuqorida aytgan edik. Hozir yer ostidan ko‘tarilayotgan Suvning ko‘p qismi bundan ellik yillar ilgari osmondan yomg‘ir, qor shaklida yoqqan bo‘lib, ayni o‘sha paytda Yaponiyada industrializatsiya boshlangan edi.
Yomg‘ir Suvining ifloslanishi dunyoviy miqyos oldi. Yapon shaharlaridan birida dioksin bilan zararlangan vodoprovod suvini muzlatib, kristallar hosil bo‘lishini suratga olmoqchi bo‘ldim. Taassufki, zararlangan suvda umuman kristall asari yo‘q edi. Sanoat chiqindilari oqar suvlarni ifloslantiryapti, bu suv zararli moddalarni butun dunyo bo‘ylab tarqatyapti.
Umid hamisha yashaydi. Dioksin bilan zaharlangan Suv egalari — shahar ahli o‘z obi-hayotlarini muhofaza etishga dadil kirishdilar. Endi bu Suv tobora tozarib, kristallar hosil qilishi yengil ko‘chyapti.
Aslida ifloslanish o‘z ongimizda boshlangan.
Dang‘illama uy-joylarda, to‘kin-sochin, shohona hayot kechirish yo‘lida har qanday nojo‘ya ishga ham tayyorlik fikri bilan yashadik, to‘ymas, xudbin nafsimiz buyurganini qildik. Nafs ko‘yida tabiat qonunlarini oyoqosti qildik, atrof-muhitni bulg‘ab tashladik. Inson nafsi-badi, ochko‘zligi vujudga keltirgan ekologik xatar yetib bormagan joy sayyoramizda qolmadi, hisob. Zarralar rasmlarining sharofati bilan bir haqiqat oydinlashdi: Suv – qalblarimiz oynasi ekan. Qalblarimiz aslida qanday bo‘lmog‘i keragu hozir qanday ko‘rinishda? Suv bu savollarga ham javob bera oladi. Qayoqqa ketmoqdamiz? Sayyoramizni qanday himoya qilamiz? Oqil, erk-ixtiyori qo‘lida bo‘lgan, ezgulik oshyon qurgan qalbining amri bilan yashovchi Inson ulug‘ hilqat ekanligini amalda tasdiq etsakkina, bunday savollarni ko‘ndalang qo‘ya olamiz. Sayyora kushandasi, zararkunanda degan ko‘z bilan insoniyatga qarashga nuqta qo‘yadigan vaqt ham keladi. Har bir inson tug‘ma g‘aroyib qobiliyatlarga egaligiga yetarli baho berolmaymiz. Darhaqiqat, Inson g‘oyat qudratlidir.
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, tabiatda 108 tadan 111 tagacha kimyoviy elementlar mavjud (menimcha, 108 ta, buni keyinroq tushuntiraman). Hozirgi zamon odamining tanasida 90 ta element borligi tasdiqlangan. Jami tirik mavjudotlardan faqat odamgina shuncha ko‘p kimyoviy elementga ega, ammo men bunga shubhalanaman. Ichimizda hali kashf etilmagan elementlar mavjud. Bu elementlar Odamzodning TO‘KISLIK va KOMILLIK evolyutsion jarayoni mobaynida yuzaga qalqib chiqsa, ajab emas.
Yuksak evolyutsion taraqqiyotga erishgan mavjudotlarda elementlar miqdori ko‘p bo‘ladi. Insonga qiyoslaganda o‘simliklarda kimyoviy elementlar miqdori anchagina kam ekan. Bu qanday namoyon bo‘ladi? Elementlar kamligi hissiyot layoqatining pastligini anglatadi, deb taxmin qilish mumkin. Ko‘pgina hayvonlar og‘riqni his etishadi. Odamzod (shuningdek evolyutsion taraqqiyotda unga yaqin maxluqlargina) g‘am, kuchli ehtiros singari yuksak tuyg‘ularni his etishga qodir.
Inson tanasi – jajji koinot deb talqin etsak, jismimizda barcha kimyoviy elementlar borligi tabiiy tuyuladi. Buddaviylik e’tiqodiga ko‘ra, inson 108 ta zaminiy his-tuyg‘u (sarosima, yaqinlik, sadoqat, rashk, manmanlik… va hokazo) bilan dunyoga kelar, shu tuyg‘ular bois bir umr qiynalib yasharkan. 108 zaminiy his-tuyg‘uning 108 kimyoviy element bilan muvofiqligi bor, deyish nazarimda, mantiqan to‘g‘ri. Bu taxminni aniqlash uchun dadil qadam qo‘ydim. Tebranishlarni aniqlovchi uskunamni Yaponiyada sinovdan o‘tkazdim. Uskuna atrofdagilarning ajoyib tebranishlarini o‘lchab, so‘ng tebranishlarni Suvga uzatardi. Turli odamlar chiqarayotgan tebranishlarni o‘lcharkanman, salbiy tebranishlar har xil elementlardan chiqayotgan tebranishlarga muvofiq tushishi ma’lum bo‘ldi.
Achchiqlanishdan yuzaga kelgan tebranishlar simob tebranishlari bilan ekvivalent ekan. G‘azab – qo‘rg‘oshin tebranishlari, afsus-nadomat — alyuminiy tebranishlari bilan ekvivalent tushadi. Shubha — kadmiy bilan, iztirob — temir bilan, ruhiy zarba — ruh bilan ekvivalent, ya’ni teng miqdorli tebranishlar hosil qilarkan.
Keyingi yillarda alyumindan ishlangan oshxona idish-tovoqlaridan foydalanish algeymer kasalini avj oldirishi to‘g‘risida gapirilmoqda. Buning sababi — iztirob, g‘am tebranishlari alyuminiy elementi bilan ekvivalentligida bo‘lsa, ajab emas. Keksalikning g‘am, nadomati alyuminiyga moyillik uyg‘otib, algeymer (xotirani yo‘qotish) kasalligini boshlaydi.
Avvalgi bobda nomi tilga olingan Joan Deyvis qiziq bir voqeani so‘zlab berdi.
… Fizik olimlardan biri sayyoralar joylashuvining Suvga ta’siri to‘g‘risida tajriba o‘tkazgan. Qog‘oz turli minerallarga boy Suvni sayyoralarning ma’lum bir joylashuviga ko‘ra yengil yoki qiyin shimayotganligini kuzatgan. Sayyoralar harakatining o‘zgarishiga vola, deylik, Saturn Yerga kuchli astrologik ta’sir ko‘rsatganda, qog‘oz qo‘rg‘oshinni yengil shimib olarkan, mis, kumush, temirni g‘oyat oz shimar yoki umuman shimmas ekan.
Bundan Saturn bilan qo‘rg‘oshin o‘rtasida yaqin bog‘lanish mavjud, degan xulosa chiqarish mumkin. Metallar inson hissiyotlari va kayfiyatiga mos tebranishlar hosil qiladi, (qo‘rg‘oshin — g‘azabga mos tebranadi). Mantiqiy xulosa chiqarsak, Saturn g‘azab tuyg‘usi bilan mustahkam bog‘langan.
Astrologlar ta’kidlagan sayyoralar va inson shaxsi o‘rtasidagi bog‘liqlik, qandaydir ma’noda, metallarga ham taalluqli, deyish to‘g‘ri bo‘lur edi.
Men uchun bu nazariya chuqur ma’noga ega. Zero, 108 zaminiy his-tuyg‘u bilan 108 kimyoviy elementlar orasida o‘zaro bog‘liqlik to‘g‘risida o‘z tasavvurlarim bor. Quyosh tizimidagi sayyoralar soni – 9 ta. Bu raqamni 12 ga ko‘paytirsak, 108 hosil bo‘ladi. Davriy sistemaga tayangan holda, qachondir qaysi sayyora qaysi element bilan muvofiq kelishini aniqlab olamiz.
Mazkur kitob ustida ishlardim. Qiziqarli televizion ko‘rsatuvni berib qolishdi. Ko‘rsatuvda hikoya qilinishicha, Yerdagi jamiki moddalar olis Koinotda portlagan yulduzlar cho‘g‘idan yaratilgan ekan. Boshqotirma uchun yana bir mavzu…
Umrimiz mobaynida 108 xil zaminiy his-tuyg‘u hukmronligida yashaymiz. Ammo qochib qutulib bo‘lmaydigan salbiy hissiyotlarni qanday boshqarish mumkin? Hayot yaxshi kechishini istasak, salbiy hissiyotlarni yengish zarur bo‘ladi. Xo‘sh, g‘azab, iztirob, hasad singari salbiy tuyg‘ular ongimizni xiralashtirib tashlagan bo‘lsa, nima qilmoq kerak? Hissiyotlardan butkul xalos bo‘lish mumkin emas, buning keragi ham yo‘qligini tushunmoq zarur. Biron-bir inson salbiy fikrlardan butkul ozod bo‘lolmaydi.
Har birimizda ilk inson ongining uyg‘onishi bilan bog‘langan olis o‘tmishdagi bobokalonlarimiz xotirasi yashaydi. Ajdodlarimiz xotirasining salbiy tomonlarini ham meros bilib, umrguzaronlik qilish peshonamizga bitilgan.
Nima bo‘lganda ham, qalbimizni zabt etgan salbiy fikr va hissiyotlardan xalos bo‘lolmasligimizni tan olish g‘oyat yoqimsiz ish. Qalbimizning bu og‘ir yukidan qanday ozod bo‘lamiz? Tebranishlar qonuniga suyanadigan bo‘lsak, buning javobi juda oddiy. Buning uchun salbiy hissiyotlarga zid bo‘lgan ezgu tuyg‘ularni paydo qilish zarur. Ikki qarama-qarshi to‘lqin bir-birini qoplashi natijasida salbiy tuyg‘u yo‘qoladi.
Bundan ancha yillar muqaddam yapon universitetlarida bir tovushni ikkinchisi bilan o‘chiriladigan usul ishlab chiqilgan. Olimlar quloqni batang qiluvchi shovqinni… o‘chiruvchi shovqin yaratishdi, buning natijasida osoyishta maydon hosil bo‘ldi (misol uchun, telefon yonida). Keraksiz shovqin to‘lqini uzunligini aniqlagach, tadqiqotchilar bunga aniq qarama-qarshi shovqinni yaratishadi hamda bu aks tovushni baland gapiruvchi priyomniklar orqali eshittirishadi. Oqibatda keraksiz shovqin butkul yo‘qotiladi. Avtoyo‘llardagi avtomobillar motori shovqinini kesishda ham aynan shu usul qo‘l kelyapti.
Bu usulni inson hissiyotlari doirasida ham qo‘llash mumkin. Har bir salbiy hissiyotning ijobiysi ham borligi haq.
Ikki qarama-qarshi tuyg‘u bir xil uzunlikdagi to‘lqinlar chiqarishi faktining ikki sababi bor. Xuddi doktor Djekil va mister Xayduga o‘xshab biz ham ikki yuzlimiz. Qiziqqon kishilar bo‘lar-bo‘lmasga yig‘lab yuborishini kuzatganmisiz? Yaxshiligini hamma e’tirof etuvchi inson esa kutilmaganda jinoyat sodir qilib qo‘yadi. Sevikli qizlariga nisbatan muloyim, mehribon yigitlar qiz uni tark etmoqchi bo‘lsa, g‘azabga minib do‘q-po‘pisaga o‘tishadi.
Yomonlikdan butkul xalos bo‘lgan odamning o‘zi yo‘q, shuningdek, hech inson yovuzlik timsoli bo‘lishi mumkin emas. Inson — qarama-qarshi hissiyotlarga egalik xususiyati borligi uchun inson sanaladi.
Nafrat qalbingizni zabt etsa, uning davosini ehtirom va zavq-shavq tuyg‘usidan izlang. Bu to‘g‘rida bilsangiz ham nafrat o‘rnashgan yurakka ehtiromni sig‘dirish qiyin kechadi. Madad izlab tabibga yuguring. Frantsiyaning Lurd shahridagi mo‘jizaviy suv Bibi Maryamga ehtirom tuyg‘ulari ila to‘liqligi uchun ham shifobaxsh xususiyatlarga ega bo‘lsa kerak. Nafrat to‘lqinlarini chiqarib kasal bo‘lganlar bu muqaddas suvni ichib shifo topishlari haqiqat.
Gomeopatiyaga poydevor bo‘lgan qoida bu yerda ham amal qilyapti. Zaharga shu qadar ko‘p Suv qo‘shildiki, endi fizik usullar bilan zaharni aniqlab bo‘lmaydi. Ammo ilk zaharli eritma shifo bo‘lishini qanday sharhlaysiz? Modda erib yo‘qolsa-da, Suvda unga xos tebranishlar xotirasi saqlanib qoladi; shu bois zahar doriga aylanadi.
Mantiqan olganda, dorilar tana uchun u qadar foydali emas. Dorilar kasallik alomatlarini yengillatishi, og‘riqni yo‘qotishi mumkin, ammo ular kuchli zaharga aylanishi ham turgan gap.
Og‘riq qoldiruvchi dorilar ko‘pincha, og‘riq tebranishlariga nisbatan qarama-qarshi tebranishga ega bo‘ladi. Laboratoriya sharoitida turli moddalarni aralashtirib, zaruriy tebranishlarni topish mumkin. Bu moddani avvalo sichqonda sinab zaruriy natijaga erishgach, so‘ng odamga qo‘llashadi.
Tana dorini qabul qilgach, og‘riq qoladi. Doridagi aralashma moddalar tebranishi ham to‘xtaydi va ularning har biri asl holatiga qaytib, o‘ziga xos tebranishlar chiqara boshlaydi. Tebranishlar tasodifan boshqa hujayra tarkibiga zarar yetkazsa, xatarli asoratdan qochib qutulolmaydi.
Dorilar kasallikni davolash uchun ishlatiladi, ammo mohiyatan u yoki bu dori qanday ta’sir ko‘rsatishini tushunmaymiz. Agar doriga tebranish nuqtai nazaridan qarasak, batamom o‘zga manzara namoyon bo‘ladi. Misol uchun, jarrohlikda shikast tebranishlari ancha kuchli tebranish darajalari bilan davolanadi. Kimdir baland binodan qulab, yerga zarb bilan tushdi, deylik. Yerga urilgan vaqtda tana tebranishlari darajasi yuz-yuzlab baravarga ko‘payib, xatarli holatni yuzaga keltiradi. Bunday vaziyatda bemor teng yoki kuchliroq tebranishlar vositasida davolanadi – ya’ni jarroh skalpeli ishga tushadi. Keskir asboblar o‘z tabiatiga ko‘ra ancha yuqori tebranish darajalariga ega bo‘ladi. Jarroh keskir asboblar yordamida bemor tanasini yorib, unda me’yoriy tebranishlarni hosil qiladi.
Inson tanasini davolovchi shifokor eng avvalo faylasuf bo‘lmog‘i shart, degan ishonchdaman. O‘tmishda shomon yoki qabila kohini shifokor vazifasini bajargan. U qabiladoshlarini tabiat qonunlariga bo‘ysunib, tabiatning davolovchi — shifobaxsh kuchlaridan foydalanib yashashga chorlagan.
Shifokorlar tananing kasal a’zolarinigina emas, bemor — inson ongini ham davolaganlarida edi, vaqt o‘tishi bilan shifokorlarga ham, kasalxonalarga ham hojat qolmasdi. Odamlar og‘rib qolsalar, yaqinda yashovchi faylasuf huzuriga oshiqardilar. Faylasuf yo‘l qo‘ygan xatolarini ko‘rsatib, tuzatish yo‘llarini aytar, odamlar esa To‘g‘ri Hayot kechirishga qaror qilib, uyga qaytardilar.
Ishonchim komilki, kelajak shifokorlari hozirgiday “davolovchilar” emas, “maslahatchilar” bo‘lishadi. Ko‘plab odamlar bilan sog‘ligi chatoqligi to‘g‘risida suhbatlashganman. Suhbatlardan shunday xulosa chiqardim: aksariyat kasalliklarimiz salbiy hissiyotlarga berilish oqibatidir. Agar siz salbiy hissiyotlarni yenga olsangiz, kasalliklarni o‘zingiz davolashingiz turgan gap. Chunki bu insonga Tabiat ato etgan tug‘ma qobiliyat hisoblanadi. Ijobiy kayfiyat muhimligini unutmang!
Ijobiy fikrlash immunitet — kasallikka qarshi kurashish qobiliyati tizimini kuchaytiradi, sog‘ayish tomon harakat qilishga madad beradi. Hozirgi tibbiyot hamjamiyati ham ijobiy fikrlash usulini e’tirof etmoqda. Shifokorlardan biri saratonga chalingan bemorlarni toqqa ko‘tarilish bilan davolaydi. Insonga Hayot mohiyatini anglatsangiz, bu uning ruhiga madad bo‘ladi va immun tizimini mustahkamlaydi.
Ayni paytda “yaxlit” tibbiyotga qiziqish kuchaygan. Yaxlit tibbiyot kasallik belgilarinigina emas, balki bemorning mavjud hayot tarzini ko‘rib chiqadi, ruhiy holati to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. Yaqinda shifokorlarimiz Yaponiya Yaxlit tibbiyot jamiyatini tashkil etdilar.
Ko‘z ko‘rsagina ishoniladigan zamon o‘tdi-ketdi, endi biz inson uchun eng muhimi — qalb pokligi ekanligi to‘g‘risida o‘ylamoqdamiz. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Yangi boshlangan yuz yillikda g‘oyat ko‘pchilik to‘g‘ri fikrlashni o‘rganib yashaydi.
Inson tanasi asosan — Suv, Ong esa — Qalbdir, jondir.
Suvning tanamiz bo‘ylab ravon oqishiga yordam beruvchi kuch — har qanday tibbiyotdan ustun turadi. Bu kuch — qalbimizni pokiza tutishimizdir. Tanangiz bo‘ylab eng go‘zal kristallar hosil qiluvchi suv oqayotganligini tasavvur qiling-a! Shunday bo‘lmog‘ini istang va bunga erishasiz.
Muhabbatning shifobaxsh kuchiga hech qanday dori teng kelolmaydi. Bu haqiqatni tasdiq etganimdan buyon odamlarga qarata, IMMUNITET — MUHABBATNING O‘ZIDIR, deyishdan tolmayman.
Darhaqiqat, salbiy kuchlarni yenguvchi, jismimizga hayotiy quvvat bag‘ishlovchi Muhabbatdan ustunroq ne bor?!
Darvoqe, yaqinda bu iborani o‘zgartirish zaruratini his etdim. Immunitetni Muhabbatgina emas, Muhabbat va Ehtirom vujudga keltiradi. Quyidagi tajribadan so‘ng bunga iqror bo‘ldim.
Mikroto‘lqinli pechda suvni isitgach, magnit maydoni kristallarga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlamoqchi bo‘ldim. Ikki xil suv oldim. Distillangan va kran suvi. Kran Suviga “Muhabbat,” “Ehtirom” so‘zlarini ko‘rsatdim. Distillangan Suvdan shakllangan kristallar dabdalasi chiqqan, notugal edi… “Muhabbat”, — “Ehtirom” so‘zlari ta’sir etgan kran Suvi tugal kristallar yaratdi. Boshqacha ta’riflasam, “Muhabbat”, “Ehtirom” so‘zlari magnit maydonining buzg‘unchilik ta’siridan Suvni OMON saqlashdi.
“Muhabbat”, “Ehtirom” so‘zlarini ko‘rgan Suv eng go‘zal kristallar yaratadi. “Muhabbat” so‘zi o‘z-o‘zidan g‘aroyib kristallar hosil qilishga qodir. “Muhabbat” va “Ehtirom” birlashib, kristallga teranlik, nafosat, brilliantning yarqirashi monand shaffoflik baxsh etadi.
“Muhabbat” va “Ehtirom” kristallari “Muhabbat”dan ko‘ra “Ehtirom” hosil qilgan kristallarga ko‘proq o‘xshaydi. Demak, “Ehtirom” tebranishlari kuchliroq bo‘lib, kristallar shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatar ekan-da. Muhabbat – o‘zni so‘zsiz fido etish bilan bog‘liq faol kuch. Ehtirom esa nisbatan sust kuch; sizga nimadir berganlaridan so‘ng paydo bo‘lguvchi tuyg‘u; sizga Hayot in’om etayotganliklarini anglaysiz va uni shukronalik bilan qabul qilish uchun qo‘llaringizni uzatasiz.
Muhabbat va Ehtirom falsafaning Yan va In turkumiga muvofiq, deyish mumkin.
Muhabbat Quyosh bo‘lsa, Ehtirom — Oy. Muhabbat — erkak bo‘lsa, Ehtirom — ayol.
Sust quvvat In — Ehtirom nima uchun Yandan — muhabbatdan kuchliroq ekan? Bu savollarga javob izlaganim sayin biz qanday hayot kechirishimiz kerak, degan qiziq g‘oyaga to‘qnashdim.
Muhabbat va Ehtirom o‘rtasidagi munosabat qanday? Bu savolga javob axtararkan, biz yana Suvga yuzlanamiz. Suv molekulasi vodorodning ikki atom va kislorodning bir atomi birikmasidan iborat bo‘lib, N2O kimyoviy formulaga ega. Agar Muhabbat va Ehtirom ham kislorod va vodorodga o‘xshab 1:2 proportsiya bilan bog‘lansa edi, Ehtirom Muhabbatga qaraganda ikki baravar ko‘p bo‘lardi.
Muhabbatdan ikki baravar ko‘proq Ehtirom — bu barcha intilishi zarur bo‘lgan nisbatdir. Seminarlardan biridagi nutqimda aynan shu nisbatni eslatib o‘tdim. Ikki yosh ayol seminardan so‘ng yonimga kelib shunday deyishdi: “Mulohazalaringizdan g‘oyat ta’sirlandik. Siz bu nisbatni eslatish bilan, odam gapirmog‘i uchun albatta bitta og‘iz, eshitmog‘i uchun ikkita quloq berilgan, kam gapirib, ko‘p eshitish kerak, demoqchisiz, to‘g‘rimi?”
– Mutlaqo to‘g‘ri! — deya hayqirarkanman ayni shu lahzada biroz donoroq bo‘lganimni his etdim.
Tabiat olamiga boqaylik: sust quvvat katta kuchga ega bo‘ladi. Dengiz balig‘i juda ko‘p miqdorda ikra-uvildiriq qo‘yadi, lekin bu ikraning ozgina qismigina baliqchalarga aylana oladi. Ko‘plab ikralar boshqa dengiz jonzotlariga ozuqa bo‘ladi.
Odamlar qachonlardir Muhabbatdan ko‘ra ko‘proq Ehtiromni qadrlab yashaganmikin? Aksincha, deb o‘ylayman.
Muhabbatning ulug‘vorligini inkor etib bo‘lmaydi. Muhabbatning kuchi va hukmronligi haqida aksariyat umumiy tushunchaga ega. Chunki biz Muhabbat kuchiga asosiy e’tibor qaratilgan madaniyat tarbiyasini olganmiz. Ammo bu formulaning ikkinchi qismi deyarli unutilgan.
Insoniyat nimaniki ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmasa, undan yuz o‘girdi, butun e’tiborini moddiy olamga qaratdi. Moddiy olamdan ko‘proq narsa olish maqsadida o‘rmonlarni yoppa kesib yubordik, cho‘llarni o‘zlashtirdik, shu zayl o‘z madaniyatimiz hukmronligini ta’minladik.
Insoniyat jamiyatining mazkur rivojini, darhaqiqat, oilamizga, yurtimizga Muhabbat mevasi, deb qarash to‘g‘ri bo‘lur edi. Ammo shu zayl yashayverarkanmiz, janjallarning nihoyasi bo‘lmaydi. XX asr tarixi kurashlar va urushlar tarixi ekanligining bosh sababi ham Muhabbatning oila, yurt singari tor doirada qolib ketganligidir.
Va nihoyat, aql-hushimiz orqali yonib ketayotgan yo‘limizning boshi berkligi, hech qayoqqa olib bormasligini ko‘rsak, ajab emas. Hayotning barcha boyliklarini egallash uchun g‘oyat ko‘p qurbonliklar berdik. O‘rmonlar kesib bitirilyapti, toza suv tugab bitdi, hatto ona-Erni ham tilka-pora qilib, bo‘laklab sotdik.
Dunyomizning bugungi ehtiyoji — Ehtirom. Eng birinchi qiladigan ishimiz boriga shukur, qanoat qilib yashash bo‘lsin. Tabiat olami rang-barang, g‘oyat boy sayyorada tug‘ilganimiz uchun shukur qilmog‘imiz zarur. Hayotimizni hayot qilayotgan Suv qoshida Ehtirom bajo qilmog‘imiz esa shart. Ko‘krakni to‘ldirib toza havodan nafas olish imkoniyati borligi uchun shukrona aytishni bilamizmi?
Ko‘zingizni katta oching; qalb nigohi bilan tegrangizga boqing, ha, bu olam borligining o‘ziyoq har nafasda Ehtirom ila yashashga arziydi.
Ehtirom timsoliga aylansangiz, tanangiz bo‘ylab oqayotgan suv naqadar toza bo‘lishini tasavvur eting-a! Shunday qila olsangiz, go‘zallashib, yorug‘lik taratayotgan kristallga aylanasiz.
To‘rtinchi bob
ATIGI BIR NAFASDA DUNYo O‘ZGARADI
Sizningcha, chinakamiga toza suvni qayerdan topish mumkin? Shveytsariya Alplaridanmi? Balki Shimoliy qutbdandir? Yoki Janubiysidanmi? Tayyorlovchilar dunyoda eng yaxshi deb tasdiqlayotgan bir shisha suv topish qiyin emas. Ammo haqiqatan yaxshi suvni sotib olish mumkinmi?
Suv — shunchaki oddiy N2O emas. Mayli, siz eng tabiiy, sifatli Suv iching, agar qalbingiz pok bo‘lmasa, obi-hayot shirin ta’m bermaydi.
Ijozatingiz bilan sizga savol beray: qalbingiz pokmi?
Ishdagi kelishmovchiliklar sizga og‘irlik bermaydimi? Oilaviy janjallarga qandaysiz? Ongingiz sokin emasmi? Darhaqiqat shunday bo‘lsa, eng oddiy, jonga tekkan ta’mli Suv ichmoqdasiz. “Hammasi ong orqali o‘tadi, demoqchimisiz?”, degan fikrga bordingiz. Lekin men boshqa bir haqiqatni sizga yetkazmoqchiman: shukronalik bilan ichilgan Suv tarkibi qalbda qora tuyg‘ular bilan shimirgan Suvdan farq qiladi.
Hissiyotlar va sezgilarimiz har nafasda bu olamga ta’sir ko‘rsatib turadi. Bunyodkor so‘zlar va timsollarni yo‘llash bilan go‘zal olam yaratishga hissa qo‘shasiz. Buzg‘unchi fikrlar chiqarsangiz, Koinotni vayron qiluvchilar safida bo‘lasiz. Bu haqiqatni tushungach, endi atrofingizdagilarga g‘azabnok so‘zlar aytishdan tiyilasiz, o‘z xato va kamchiliklaringiz uchun boshqalarni ayblamaysiz. Ha, dunyoni bir nafasda o‘zgartirishga qodirsiz. Quyidagilardan qay birini tanlaysiz?
Muhabbat va Ehtiromdan yorishgan olamnimi? YoKI UQUBAT, NOShUKURLIK, NOTAVONLIKNIMI? Ayni vaqtdagi kayfiyatingiz — javobni belgilaydi.
Buddaviylik ta’limotiga ko‘ra, olamda hamma narsa doimiy o‘zgarishda, o‘zgaruvchanlikkina muqimdir.
“Tebranishlar” tilida buni shunday tushunmoq kerak: tebranayotgan jismning holati o‘tkinchi, tebranishlari esa abadiydir.
Bu olamda neki mavjud ekan, ayni hozirda yashaydi, degan tushunchani anglash sizga umid bag‘ishlaydi, hayotingizni yorug‘likka to‘ldiradi. O‘tmishdan xavotiringiz yo‘q, kelajak qanday bo‘lishini istasangiz, u shunday bo‘ladi. Sizning qandayligingiz ayni shu lahzada butun dunyoga tusha oladigan kalit ekan.
Inson ongi bu dunyoga qanchalar ta’sir ko‘rsata olishini sinash uchun tajriba o‘tkazasiz. Fikringiz kuchi yordamida osmondagi bulutni artib tashlang.
Ochiq kun. Osmondagi jajji bulutni nishonga oling. Bu o‘yinda fikrlar muhim, shu bois ham bulut yo‘qolishiga IShONISh zarur, ammo ortiqcha zo‘riqmang. Haddan ziyod jamlanish ham teskari samara – natija beradi – quvvatingiz qulflanib, ishlolmay qolasiz.
Ongingizdan bulutga yo‘nalgan, uni parchalayotgan ko‘rinmas quvvat nurini tasavvur qiling. Ko‘plab lazer nurlari naq bulutni nishonga olganini xayolan ko‘ring.
Keyin esa o‘tgan zamon fe’lida “Bulut yo‘qoldi. Quvvatim, rahmat, buni uddalading”, deng. Bu ko‘rsatmalarni qadam-baqadam to‘g‘ri bajarsangiz, bulut siyraklasha boradi va soniyalar ichida yo‘qoladi.
Inson ongi tegramizni qurshab turgan olamga katta ta’sir o‘tkaza olishini bu tajriba ko‘rsatyapti. Bulut gazsimon holatdagi Suvdan iborat, shu bois bu Suv bizning irodamizga bo‘ysunadi. Ong moddiy olamga ta’sir o‘tkaza oladi, deganlar adashadi.
Nazariyachi fizik olim Devid Bom shunday deydi: KOINOTNING HAR BIR BO‘LAGI O‘ZIDA KOINOTNING BARChA BO‘LAKLARI TO‘G‘RISIDA MA’LUMOT SAQLAYDI.
Boshqacha aytganda, har bir odamda, hatto uning har bir hujayrasida Koinot to‘g‘risida ma’lumot saqlanadi. Bu ma’lumotga Vaqt kategoriyasi ham kiradi. Aytaylik, sizning shu yerda, hozir mavjudligingiz bugun, o‘tmish va kelajak ma’lumotlari jamlangan Umumkoinot axborot bankiga ulangan. Xuddi shu bois olamni bir nafasda o‘zgartirish imkoni shunchaki xayolparastlik emas.
Keling, ana shu “bir nafas” haqida o‘ylaymiz. Tabiiy, ilmiy tasavvurlarga suyanib buni qanday talqin etsak ekan? Devid Bomning bir nafas to‘g‘risidagi fikri shunday: Ichki Koinot qandaydir jihatdan, Vaqtning har lahzasini proyektsiyalab, Hozirni yaratadi.
Vaqtning navbatdagi lahzasi — Koinotning boshqa bir tomoni aks etishidir va hokazo. Har lahzada biz o‘zga olamni ko‘ramiz. Ammo bir lahzalik olam navbatdagi lahzalik olamga ta’sir ko‘rsatadi, shu boisdan ham uzluksiz olam bilan baqamti tuyulamiz.
Ushbu nazariyaga ko‘ra shunday deymiz: Olam har nafasda o‘zgarib turadi va har lahza yangitdan yaratiladi. Ongimiz ham olamning uzluksiz yaratilishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Agar bu haqiqatni anglasangiz, hayotingiz butkul o‘zgaradi.
Hozirgi hikoyamni tushunish biroz qiyinligi uchun yana kristallarimizga qaytamiz. Tegramizdagi olam har nafasda o‘zgarib turadi, Suv esa bu o‘zgarishni birinchi bo‘lib ushlab qoladi.
Qachondir tebranishlarni o‘lchovchi asbob yasab, Suvni yaxshiroq tushunish uchun undan foydalangandim. Iroq Quvaytga bostirib kirgan, birinchi urush boshlanganining ilk kuni men Tokiodagi vodoprovod suvlari tebranishlarini o‘lchayotgan edim. Suvda simob, qo‘rg‘oshin, alyuminiy va boshqa inson uchun zararli moddalar tebranish darajasi keskin ko‘tarilganligini ko‘rib hayron bo‘ldim. Bunday bo‘lishiga asos yo‘qday edi. Balki asbobim buzilgandir desam, u ham joyida. O‘lchov ishlarini takrorlaganimda esa zararli moddalar miqdori yanada ko‘tarilgani ma’lum bo‘ldi. Keyingi kun gazetalarda Fors ko‘rfazida urush boshlanganligi to‘g‘risida o‘qib, batamom bog‘lanmaydigan hodisalarni bog‘ladim. Urushning birinchi kuni tashlangan bombalar miqdori Vetnamdagi urushda tashlangan jami bombalar miqdori bilan teng ekan!
Urush harakatlaridan minglab kilometr uzoqdagi Yaponiyada turib, zararli moddalar tebranishini urush boshlangan payt bilan bir vaqtda o‘lchashga muvaffaq bo‘ldim. Nahotki bu mumkin bo‘lsa, deb so‘rarsiz?
Fors ko‘rfazi uzra tashlangan bombalarning zararli oqibatlari shu zahotiyoq Yaponiyaga ko‘chib qolishi mumkin emas edi. Shunday bo‘lsa-da, Yer sharining bir tomoniga tashlangan bombaning zararli tebranishlari qanday qilibdirki, sayyoraning barcha burchaklariga yetib ulgurdi. Bu tebranishlar Vaqt va Makon qonunlariga bo‘ysunmagan holda tarqaladi. Nazarimda, tebranishlar uch o‘lchamli olamimizda ham emas, bizga ko‘rinmaydigan olamda ham emas, qandaydir oraliq yerda mavjud. Yerda qanday hodisa ro‘y berishidan qat’i nazar, Suv buni tutib oladi va yangi ma’lumotni bizga uzatadi.
Ko‘rfazda urush boshlanganda, hali muz kristallarini rasmga tushirishga kirishmagandim, agar shunday qilganimdami, g‘alati rasmlar chiqishi tayin edi.
Tebranishlar moddiy olamni lahzalarda o‘zgartirib yuborganligiga misol keltiraman. Mazkur hodisada Suv duolar kuchi bilan tozalangan.
Markaziy Yaponiyaning Fudzivara to‘g‘onida budda maktabi ruhoniysi Xouki Kato iltimosimizga binoan, bir necha marta ibodat oyat-sanolarini kuylab berdi. Ruhoniy bilan tanishganimda, u menga Suvning ikki xil rasmini ko‘rsatdi. Birinchi surat oyati — sanolar kuylangunga qadar, ikkinchisi esa Suv ibodat sanolarini eshitgandan so‘ng tushirilgan. Ikkinchi suratdagi ko‘l Suvi ancha toza edi.
Budda ta’limotiga ko‘ra, ibodat duolari kuchi “So‘z ruhi”dan taraladi. Aynan “So‘z ruhi”dan chiqayotgan quvvat ko‘l suvini tozalagan, deyish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Bu taxminni tekshirish uchun ibodat duolari qo‘shig‘ini eshitmagan va eshitgan Suv kristallarini rasmga tushirmoqchi bo‘ldim. Ruhoniy bir soat mobaynida ko‘l qirg‘og‘ida tik turib sano kuyladi, men esa uni videoga tushirdim. Sanolar tugagach, ruhoniy bilan suhbatlashardik. Oradan 15 daqiqa o‘tmay, guruhimiz a’zolari meni chaqirib qolishdi.
“Ishonish qiyin! Ko‘z o‘ngimizda Suv tozalanib boryapti”, dedi kimdir. Darhaqiqat shunday edi. Suvga boqarkanmiz, u tobora shaffoflashayotganligini ko‘rardik. Hatto ko‘lning ilgarigi loyqa tubida sezilmagan barglar ham ko‘zga yaqqol tashlanardi.
Keyin kristallarni suratga tushirdik. Oyat-sanolar kuylagunga qadar olingan Suv kristallari qing‘ir-qiyshiq, burishiq bo‘lib, qattiq azobni boshdan kechirayotgan inson suratiga o‘xshardi. Ibodat marosimi mobaynida Suv yaratgan kristallar tugal, bag‘oyat zo‘r edi! Kattaroq olti qirrali kristall ichida kichikroq olti qirrali kristallar joylashgan bo‘lib, ikkisining ham yorug‘ gardishli naqshi tovlanardi.
Ibodat sanolaridan so‘ng, albatta, shaffof bo‘lmoq uchun Suvga vaqt kerak, bu holat esa moddalardagi o‘zgarishlar asta-sekin ro‘y berishini ko‘rsatib turibdi. Ibodat tebranishlari zudlik bilan yaqindagi narsalarga, jumladan, Suvga yetkazilgani shubhasizdir. Biz fizikaviy fenomenni kuzatdik. Bizniki deb atalgan olam tegrasida boshqa olam ham borligini tan olmaguncha, bu fenomenni tushuntirib bo‘lmaydi.
Bu hali hammasi emas. Tajribamizdan bir necha kun keyin gazetalarda bir fojia haqida yozishdi. Ko‘ldan ayol kishining jasadi topilibdi. Beixtiyor suvga ibodat sanolari o‘qilgunga qadar hosil bo‘lgan kristallarni esladim. Darhaqiqat, ular o‘lim bilan olishayotgan inson yuziga g‘oyat o‘xshardi.
Balki bu ayol ruhi Suv kristallari orqali bizga nimadir demoqchimikin? Oyat-sanolar uning ruhiga yengillik bergan bo‘lsa, ajabmas. BIZ YaShAYoTGAN OLAMDAN HAM O‘ZGA OLAM MAVJUD. O‘ShA OLAMDAN BIZ TOMONGA QARALSA, HOZIR KO‘RINMAYoTGAN NELARDIR NAMOYoN BO‘LADI.
Angliyalik olim doktor Rupert Sheldreyk biz ko‘ra olmaydigan olam mavjudligi va u bizning olamimiz bilan bog‘langanligini insoniyatga teran anglatish yo‘lidagi tadqiqotlarni o‘zining asosiy vazifasi deb hisoblaydi. Kembridj universitetida bioximiya doktori ilmiy darajasini olishga erishgach, mazkur ilm dargohida biologiya, bioximiya o‘qituvchisi bo‘lib ishladi, Qirollik ilmiy jamiyatining a’zosi etib saylandi.
Sheldreyk 20 yil mobaynida yozgan kitobi (qarang: Rupert Sheldreyk, “Farishtalar fizikasi” — M.: Gelios, 2003) da o‘z nazariyasini bayon etgan. Biroq “Neycher” ilmiy jurnali kitobni tanqid qilib, yondirish kerak, deyishgacha borib yetdi. Bunday noxushliklarga qaramay, asar ko‘plab odamlarning qalbini uyg‘otdi. Bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar davom etmoqda. Kitob nimasi bilan o‘ziga jalb etadi? Ko‘pincha, biror hodisa ikki marta ro‘y bersa, yana qayta sodir bo‘ladi, deyishadi. Baxtsiz hodisalar, jinoyatlar ko‘pincha “g‘am ham, shodlik ham qo‘shaloq keladi”, naqliga ko‘ra ro‘y beradi. Insoniyat jamiyati tarixini o‘rganarkansiz, muhim voqealar ma’lum vaqt oraliqlarida, odatda, davriy ravishda takrorlanishiga guvoh bo‘lasiz. Voqealarning ajabtovur takrorini qanday izohlash mumkin? Doktor Sheldreyk bu savolga ilmiy usullarni qo‘llagan holda javob topmoqchi bo‘ldi.
Olimlar ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lmagan hodisalar, g‘ayritabiiy hududlarni o‘rganishda reduktsionizm usulini qo‘llashadi. Ammo Sheldreyk batamom boshqa yo‘l tutdi.
Olimning nazariyasiga binoan, biror hodisaning takrorlanishi “morfogen maydon” hosil qiladi. Bu maydon rezonansi natijasida hodisaning qayta ro‘y berish ehtimoli kuchayadi. “Morfogen maydon”ni quvvatga asoslangan axborot emas, balki qurilajak uy loyihasi, deb aytish mumkin. Bu rezonans nazariyasiga bir misol bo‘la oladi. Doktor Sheldreykning taxminicha, hodisalar ham tovushlar singari rezonans chiqaradi. Ayni bir hodisa takrorlanishini “morfogen rezonans” degan ibora bilan nomlaydi. “Neycher” jurnali bu nazariyani puchga chiqargan bo‘lsa-da, “dargohi keng” olimlar tomonidan qiziqish bilan qarshilangani, jiddiy muhokamaga turtki berdi. Shubhasiz, Sheldreyk ilm yo‘lidagi ilk qadamni fan ochgan so‘qmoqlardan boshlagan. Ammo uning nazariyasi hozirgi zamon an’anaviy ilm-fani qoliplariga tushmaganligi uchun ham to‘siqlarga uchradi.
Odamlar bunday mavzular muhokamasi paytida ko‘pincha glitserin kristallari voqeasini eslashadi. Kashf etilganidan buyon o‘tgan 40 yil mobaynida glitserin kristall hosil qilmaydi, degan ishonch bor edi. XXI asr boshlarida Venadan Londonga “sayohat qilayotgan” glitserin to‘satdan kristallana boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay, tamoman boshqa hududda ham glitserin kristallanishga kirishdi. Glitserinning kristallanish hodisasi keng yoyila boshladi. 17 darajadan past haroratda glitserin kristall hosil qilishi hozir ilmiy jihatdan isbotlangan.
Xo‘sh, bundan qanday xulosa chiqarish mumkin?
Qachonki, kristallar ilk bor shakllanganda, morfogen maydon vujudga kelgan. Vaqti-soati yetib, qolgan glitserinlar ham shunga muvofiq kristallana boshlagan. Boshqa moddalar bilan ham shunday voqea ro‘y bergan. Har qanday tasodiflarga qaramay, agar modda kristall hosil qilgan bo‘lsa, bu odatdagi holga aylanadi.
Sheldreykning morfogen rezonans nazariyasi asoslimi-yo‘qmi tekshirib ko‘rish uchun Angliya telekanallaridan biri jamoatchilik ko‘z o‘ngida tajriba o‘tkazdi. Ikkita surat tayyorlandi. Ikkala surat ham betartib naqshlardan iboratga o‘xshar, aslida esa birida shlyapali ayol, ikkinchisida esa mo‘ylovli erkak surati yashirilgan bo‘lib, topish mahol edi.
Tajriba uch bosqichda o‘tdi. Bu ko‘rsatuv to‘g‘ri efirga olib berildi. Ko‘rsatuv ishtirokchilaridan suratlarda nimani ko‘rishayotganini aytish so‘raldi. Ko‘rsatuv mobaynida mo‘ylovli erkak surati oshkor qilindi. Tajribadan keyin ko‘rsatuvni ko‘rmagan bir guruh ishtirokchidan suratlarda nima tasvirlanganligini aytishni so‘rashdi.
Tajriba ishtirokchilari ikki guruh edi. 1-guruh — tajribani bevosita ko‘rayotganlar. 2-guruh ko‘rmayotganlar. Qarangki, 2-guruh suratda mo‘ylovli erkak aks ettirilganligini 1-guruhga nisbatan 3 baravar ko‘p ko‘rishgan. Agar kimdir nimanidir bilsa, boshqalarga ham bu haqda ma’lum bo‘larkan-da. Aynan morfogen maydon bois, ushbu voqeada to‘g‘ri javob hayratli tarzda ko‘p bo‘ldi.
Doktor Sheldreykka ko‘ra, DNK — bir oilaga xos tuzilish, fe’l-atvor o‘xshashligining yagona sababi emas; bunda morfogen rezonans ham ma’lum rol o‘ynaydi. Shuningdek, Sheldreyk nazariyasining bunga oid yana bir necha talqinlari ham mavjud.
Sheldreyk nazariyasiga xos eng muhim jihat shundaki, vaqti-soati yetib, morfogen rezonans borliq makon va zamon bo‘ylab taraladi. Ya’ni, morfogen maydon shakllangan bo‘lsa, zudlik bilan hamma yerga ta’sir o‘tkaza boshlaydi va butun olam miqyosida lahzalik o‘zgarishlar sodir etadi.
Sheldreyk nazariyasi to‘g‘risida ilk bor eshitganimda, o‘z tadqiqotlarim bilan morfogen maydon tebranishlari o‘rtasidagi bog‘lanishdan hayajonga tushdim.
Dastlabki ikki oylik muvaffaqiyatsiz urinishlardan keyin, nihoyat, Suv kristallarini rasmga olishga muvaffaq bo‘ldim. Ilk kristallar rasmini olishim barobar boshqa tadqiqotchilarning ham yo‘li ochildi. Bu ham bo‘lsa, morfogen rezonans samarasi. Doktor Sheldreyk to‘g‘risida Eiti Xodzironing “Nima uchun shunday bo‘ladi?” bestseller kitobidan bilganman. “Olti g‘aroyib olim” hujjatli filmida Sheldreykni ko‘rgach esa, uning tadqiqotlariga g‘oyat qiziqib qoldim. Oradan to‘rt yil o‘tib, Yevropa bo‘ylab ma’ruzalar o‘qib yurganimda doktor Sheldreykni ko‘rib, tanishish imkoni yuzaga keldi. Uning Londondagi uyida bo‘ldim.
Doktor Sheldreyk suv kristallari bilan bog‘liq tadqiqotlarimdan xabardor ekan. “Haftada, hech bo‘lmasa bitta ixlosmandingizdan xat olaman, ular siz haqingizda yozishadi”, dedi u. Bir-birimizga savollarimiz g‘oyat ko‘p edi. Doktor o‘z mulohazalarini shunday bayon qiladi: “Men tirik organizmlar, ularning xususiyatlarini o‘rganaman, Suv olami bilan esa tanish emasman. Ammo kelajakda ikkimizning tadqiqotlarimiz bir-biriga bog‘liq ekanligi ayon bo‘ladi, bunga ishonchim komil”.
Meni kuzatish jarayonining kuzatiluvchiga ta’siri masalasi ko‘proq qiziqtiradi. Orqasidan kuzatib turganlarini his etuvchi odamlar bor. Bu borada tadqiqot o‘tkazmoqchiman.
Mazkur tadqiqotning hujjatli asoslari sub’ektiv deb e’tirof etilish xavfi bor, shu boisdan ham tajribalar uchun balki Suvdan foydalanarmiz. Kristallarni rasmga olishga harakat qilib ko‘raman. Suv turli sharoitda qanday o‘zgarishga uchrarkin? Suvga e’tiborsizlik qilinganda, iqtidorli, oddiy, yomon odamlar unga tikilib turganda, qanday javob berarkin, bilmoqchiman.
Guruch bilan bog‘liq tajribalarni doktor Sheldreykka aytganimda, u odamning Suvga ta’sirini ko‘rsatish yengilroq kechishini ma’lum qildi.
Hozirda olim telepatiya hodisasini tadqiq etmoqda. Itlar o‘z egalari uyga qaytayotganini sezadimi-yo‘qmi? Buning uchun maxsus video-asbob olgan olim bu hodisani 200 holatda isbotladi.
Doktor Sheldreyk menga shunday noma yozgan edi:
“Ko‘zga ko‘rinmas quvvat harakati borligi uchun ham hayot bor, yashayapmiz. Biz buni hamisha yodda tutishimizni, tegramizdagi odamlarga, hodisalarga e’tiborli bo‘lishimizni istardim. Bu juda muhim. Gap shundaki, nimaga qarasak, unga ta’sir o‘tkazamiz. Buni hamma biladiganga o‘xshaydi, ammo hech kim amalda qo‘llamaydi. Ota-onalar ham farzandlariga imkon boricha ko‘proq e’tibor qaratsinlar. Bu ham ayni yuqoridagi fikr”.
Kimgadir diqqatingni berish Muhabbat izhorining ayni o‘zidir. Doktor Sheldreyk ong jonli, jonsiz moddalarga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risidagi nazariyaning asoschilaridan bo‘lganligi uchun ham mulohazalarini qadrlayman.
Suv hamda Sheldreyk ta’limoti insoniyatga berayotgan bilimlarni taqqoslarkan, mavjud olam sirlarini ochish uchun tashlanayotgan qadam ekanligini anglaymiz. Olloh biz — insonlarga ijod qilish, yaratish layoqatini in’om etdi. Agar bu layoqatni to‘la ishga sola bilsak, olamni lahzalarda o‘zgartira olamiz.
O‘z yumushlariga, iztiroblariga o‘ralib, mushkullar yechimini topolmayotganlarga Xudoning O‘zi bergan bu imkoniyat dalda bo‘lmog‘i kerak. Siz, ha, ha, aynan Siz dunyoni o‘zgartira olasiz!
Olamda barcha narsa o‘zaro bog‘langan. Siz hozir nimanidir qilyapsizmi, ayni lahzada shu ishni boshqa birov ham bajaryapti. Xo‘sh, qanday morfogen maydon yaratamiz? Iztiroblar, yomonliklar maydoninimi yoki Muhabbat va Ehtiromga chulg‘angan olamnimi?
Suvning yonida o‘tirgan ko‘yi unga Muhabbat va Ehtirom nomalarini yo‘llasangiz, yer sharining olis nuqtasidagi qandaydir inson bu muhabbat, ehtiromni tuyadi. Qayergadir borishingizga hojat yo‘q. Ko‘z oldingizda mavjlangan Suv dunyodagi ummonlar, dengizlar, daryolarda mavjud jamiki suvlar bilan bog‘langan. Siz tikilayotgan Suv sayyoraning barcha nuqtalaridagi Suvlarga rezonans beradi va Muhabbatingiz nomasi barcha insonlar qalbiga yetib boradi.
Sayyoramizni Muhabbat va Ehtiromga burkay olamiz. Va Yerimiz butun Borliqni o‘zgartira oluvchi morfogen maydonga aylanadi. Kutish ham, qaygadir borish ham kerakmas: shu yerda, hozir g‘aroyibotlar yaratishni boshlaylik, aziz inson.
Beshinchi bob
BUTUN OLAMNI TO‘LDIRGAN TABASSUM
…Suv kristallari tadqiqotining kelajagi qanday? Bu savolga javob berishdan avval bu tadqiqot natijalari Fan tomonidan e’tirof etiladimi, deb o‘ylashimiz zarur. Xorijdagi ma’ruzalarimda kristallar rasmlarini ko‘rsatarkanman, meni savollarga ko‘mishadi. Musiqiy yozuvlar va jonli ijroni tinglagan Suv kristallari o‘rtasidagi farq nimada, deganga o‘xshash savollar berishadi. Bunday savollarga javob berish uchun tadqiqotlarni davom ettirish, turli sharoitlarda ko‘plab testlar o‘tkazish joiz.
Yana bir muhim masala — testlarning takroriyligidir. Kuzatuvchining ongi kristallar shakllanishida muhim ahamiyatga egaligi isbotini topgan. Odatdagiga ko‘ra, ellikta Suv namunalarini idishga quyarkanmiz, Suvga bo‘lgan munosabatgina emas, tadqiqotchining fikrlari ham kristallar shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, ellikta Suv namunalari holati vaqtning har bir soniyasida o‘zgarib turadi. Qanday yo‘l tutmoq kerak? Ilmiy nuqtai nazardan barcha sharoitlar mutlaq bir xil degan o‘lchovni tasdiqlash maqsadida shart-sharoitlar – omillarni nazorat qilish aqlga sig‘maydi. Lekin qalovini topsa, qor yonadi, qabilida yo‘l tutdik. Tadqiqotchi fikrlarini Suvga ta’sir etmasligi chorasini topsak-chi? “Rahmat”, “Sen ahmoqsan” so‘zlari ta’sirida Suv qanday kristallar hosil qilishi haqida tadqiqotchining fikri mavjud. Ana shu fikr tadqiqotlarimiz natijasiga ta’sir ko‘rsatmasligi uchun harakat qildik. Idishlarni alifbe harflari tartibida belgilab, natija ma’lum bo‘lmaguncha, qaysi idishda qanday Suvligini sir saqlaymiz.
Shu tariqa tadqiqotchilarning fikrlari ta’sirotidan Suvni saqlashga umid bog‘laymiz. Ellik dona idishda hosil bo‘lgan kristallar miqdori, shakli ko‘rsatilgan jadval tuzamiz. Har bir kristall namunalari sifatiga ko‘ra — chiroyli, olti qirrali, tugallanmagan ajratib chiqiladi. Chiroyli kristallar, olti qirrali kristallar, tugallanmagan kristallarni solishtiramiz. Ayni shu chiroyli yoki olti qirrali namunalarning eng muhim belgilarini o‘zida mujassam etgan kristallni tanlab, suratga olamiz.
Kuzatuvchi-tadqiqotchining fikrlarigina emas, sihat-salomatligi holati ham Suv kristallarini o‘zgartirib yuboradi. Buni ham inobatga olgan holda birvarakay uch-to‘rtta tajribali tadqiqotchi har bir Suv namunasini o‘rganadi. Bu usullardan maqsad pirovard-natijani qo‘lga kiritishdan, Koinot elchilarining eng latifi bo‘lmish Suv nomalarining mag‘zini chaqishdan iborat. Zilzila sodir bo‘lishini avvaldan aytib berishda Suv kristallari oldiga tushadigan yo‘q. Zero, boshqa unsurlarga qaraganda, Suv yer silkinishini oldinroq ilg‘ab olishga qodir ekan. Xayollarga berilaman. Sizot Suv namunalaridan har kuni olib, kristallarda sodir bo‘layotgan o‘zgarish jarayonlarini vaqtida aniqlash mumkin. Buning uchun zilzilaga qadar va undan so‘ng Suv hosil qilgan kristallar rasmlarini solishtirish kifoya. Zilzila ro‘y bergunga qadar hosil bo‘lgan kristallar rasmlaridagi ma’lumotlarni qiyoslab, umumiy o‘xshash jihatlari jamlanadi. Ana shu ma’lumotdan zilzilani bashorat qilishda foydalansa bo‘ladi.
1923 yildagi dahshatli zilzilada bobomdan, buvimdan, xolamdan ayrilganman. Kobada ro‘y bergan 1995 yildagi zilzila vayronagarchiliklari ko‘lami esxonamizni chiqarib yuborgan. Ha, bunday tabiiy ofatlar yuraklarga qo‘rqinchli iz solib ketadi. Zilzilani oldindan aytib berishda Suv kristallari madadiga suyanilsa, shubhasiz, butun insoniyat uchun xayrli bo‘lur edi. Kelgusida esa Suv kristallari bashorati to‘fon, sel, epidemiya va hatto urush ofatlari oldini olishda insoniyatga asqotsa, ajab emas.
Suv kristallari rasmini olishni har qanday kishi ham, kasbidan qat’i nazar, uddalay bilishini istayman. Ayni paytda shuni ommalashtirish ustida ishlamoqdaman. Imonim komilki, yaqin kelajakda bu orzu ham ushaladi. Hozirda, odatdagisidan 20 baravar chidamli, samarali bo‘lgan o‘ta issiqlik o‘tkazuvchi materiallarni sinab ko‘ryapmiz. Bu esa Suvni xona haroratida muzlatish imkonini beradi.
— 5 darajagacha sovutilgan maxsus xonada kristallarni rasmga olishning hojati qolmaydi. Olimlar, istagan odam Suv kristallarini tasvirga tushirishi mumkin bo‘lgan ana shu texnologiya ustida ish olib borishyapti.
Insoniyat yaqin kelajakda Suv kristallaridan foydalanishga asoslangan texnologiyani o‘zlashtirib oladi. Ammo, kaltakning ikki uchi borligini unutmaslik zarur. Suvda yashirin qudratdan to‘g‘ri, ezgulik yo‘lida foydalanish insoniyatga sharaf, saodat keltiradi, aksincha, suvni tor manfaatlar, o‘zgalarga zarar yetkazish quroli qilib olsalar-chi?
Vujudimiz asosan Suvdan iboratligi uchun ham Suvsiz yashash mumkin emas. Ayni paytda Suv butun boshli insoniyat tamaddunini yuvib ketishga, bemisl talafotlar yetkazishga qodirligini unutmaslik shart. Nima qilmoq kerak? Bu dunyoning qiyofasi har bir inson qalbida nimalar mavjudligiga bog‘liq ekan…
Inson qalbi olamga baxt ham, iztirob ham bera olish kuchiga egaki, Suv kristallari aynan shu qalb holatlarini in’ikos ettiradi. Hayotda to‘g‘ri yo‘lni qanday qilib topish mumkin? Muhabbat va Ehtiromni ko‘ngilga jo aylab! Muhabbatga limmo-lim yurak Ehtirom hissini uyg‘otadi. Muhabbat ehtirom tuyg‘usini to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Ehtirom va Muhabbat butun dunyoni to‘ldira olishini Suv kristallari bizga namoyish etdi.
Har birimizning zimmamizda Suvni poklash, ozod va baxtli olamimizni bunyod etish vazifasi turibdi.
Asrlar, ming-ming yillar mobaynida insoniyat Yerni insofsizlarcha talon-taroj qildi, har bir yangi avloddan Zaminga yomonlik meros qolaverdiki, bu tarix Suvga jo bo‘ldi. Endi esa Suv biz bilan suhbatga kirishdi. Biz zoriqqan, muhtoj bo‘lgan ilmni Suv o‘z kristallari orqali beryapti. Aynan bugun biz sayyoramiz tarixi solnomasining yangi sahifasini ochmog‘imiz zarur. Shu lahzada biz, siz qanday yo‘nalishda ketayotganimizni Suv sokin va g‘amxo‘rlik bilan kuzatmoqda. Suv har birimizni kuzatmoqda.
O‘quvchim, sizdan yagona o‘tinchim: SUV INSONIYaTGA, shaxsan sizga nima demoqchiligini eshiting hamda qabul qiling.
XOTIMA
Suvning, Koinotning g‘aroyib xususiyatlariga oid kashfiyotlar takomil topaveradi.
Suv Koinotning olis-olis puchmoqlaridan Yerga kelishda davom etayotganini eshitib, hayratga botgan edim. Suv shu zayl mutassil kelib tursa, Yer yuzida ertami-kechmi quruqlik qolarmikan, degan xayolga ham bordim-u, yaxshi niyat hamisha yaxshilik hosilini berishini anglab, yomon fikrlarni haydadim.
Qadim zamonlardan buyon Suv hayot manbai bo‘lish bilan birga Bani Bashar boshiga vayronagarchiliklar, musibatlar ham keltirgan. Insoniyat tadrijiy tamadduni tarixida g‘oyat katta Suv bosishlarga oid ma’lumotlar uchraydi. Nuh payg‘ambar zamonidagi To‘fon, Atlantida va Mu qit’alarining Suv qa’riga kirib ketganligini zamonaviy ilm fan tasdiqlamoqda. Nuh alayhissalom qavmi shu darajada nafs quliga aylanishgan ekanki, ular o‘rmonlarga qiron keltirishgan, Yer yuzida esa atigi uch dona daraxt qolgan ekan. Nuh alayhissalom ana shu shamshod daraxtlaridan kema yasab, unga ergashgan odamlarni, qushlaru hayvonotni to‘fondan qutqarib qolgan ekan.
Hayot charxpalagi mangu aylanaveradi, tarix takrorlanaveradi. Modomiki shunday ekan, Koinotdan kelayotgan Suv sayyorani bosmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Balki bu hodisa o‘n ming yillardan so‘ng sodir bo‘lar, biz esa ana shu fojianing oldini olishga hozirdan kirishmog‘imiz zarur. Hali erta, deysizmi? Ayni paytda Zaminimizning turli hududlarida ro‘y berayotgan sel, suv toshqinlari “Sos!” signalini bosish uchun sabab emasmi?
Ana shunday xavotirlar ichida ekanman, to‘satdan xayolimga kutilmagan fikr keldi. Mikroolam (odam) — makroolam (Koinot)ning ayni nusxasi, koinot esa ulkan mandala (sanskritda — aylana, charxpalak) demakdir. Bunday fikrlar oqimidan quyidagi mantiqiy xulosa kelib chiqadi: Koinotda nimaiki sodir bo‘lsa, bizning jismimizda ham ro‘y beradi.
Suv inson vujudi bo‘ylab muntazam aylanib turadi, o‘z-o‘zidan ayonki, bunday hodisa Koinotda ham doimiy ravishda sodir bo‘ladi. Katta miqyosdagi Suv bir yo‘nalishga — Yerga tushadigan bo‘lsa, Koinot miqyosidagi Suv aylanishiga putur yetadi. Yerga mutassil yoqqan suv g‘aroyib, uzundan-uzoq sayohatiga nuqta qo‘yadi. Alal-oqibat Koinotning olis-olis puchmoqlariga qaytadi.
Biz uchun Suvning mutassil Yerga yog‘ib turishi qanday ahamiyatga ega? Aslini olganda, Yer Koinotning muz bo‘lagi tushadigan yagona manzil emas. Ammo muz tog‘i qo‘nishi mumkin bo‘lgan biz bilgan o‘zga sayyoralarda Suvni to‘plash uchun zarur shart-sharoit yo‘q. Quyosh sistemasini inson tanasiga taqqoslaydigan bo‘lsak, Yer bu “tana”da jigar vazifasini bajaradi, deyishga jur’at etaman.
Jigarimiz har kuni 200 litr suvni tozalab, uni jismimizning boshqa a’zolariga yuboradi.
Demak, Yer Quyosh sistemasi bo‘ylab aylanuvchi Suvni tozalashday ulug‘vor, hayotiy muhim vazifani bajarar ekan. Shunday ekan, Yerga kelib tushgan Suvni tozalash mas’uliyati kimning zimmasiga yuklangan? Suvni poklash vazifasi butun insoniyatning, sizu bizning zimmamizdadir. O‘zimiz ham suvligimiz uchun bunga mas’ulmiz. Moviy sayyorada tug‘ilgan ekanmiz, Yerdagi Suvning toza saqlash mas’uliyati bizga yuklanganligini unutmasligimiz shart.
Suvning Koinot aro uzoq, g‘aroyib sayyohatini tasavvur etarkanman, insoniyatning kelib chiqishi, kelajagi bilan bog‘liq fikrlar xayolimga oqadi. Suvdan yaratilganligimizning o‘ziyoq ko‘plab tilsimlarga kalit bo‘ladi.
Vujudimizning 70 foizi suvdan iborat. Xuddi shu bois shaxsimizning shakllanishida Suvda mavjud ma’lumotlar muhim o‘rin tutadi.
Avtomobil falokati tufayli og‘ir shikastlanib, qon quyilgan kishilar ko‘ziga umrida bormagan joylar, ularga aloqasiz o‘tmish hodisalari ko‘ringanligi to‘g‘risida ko‘p eshitganman. Qon quyishgandan so‘ng fe’l-atvori o‘zgarib ketgan odamlar ham bor.
Ehtimol, umrimiz mobaynida ro‘y berajak voqea-hodisalar jismimizda turuvchi Suvga yozilar va buni biz Qalb deb atarmiz. Qalb o‘zi nima?.. Ruh bor bo‘lsa, u asli nima? Imonim komil, bu savollarga insoniyat ilmga tayanib, Suv madadi bilan javob oladigan kun yaqin.
Qalb qanday vujudga kelgan? Ehtimol, qalbni Koinotning olis burjlaridan sayyoramizga Suv olib kelgandir.
O‘z-o‘zidan, qalb qayerda saqlanadi, degan savol tug‘iladi. Biz — Suvmiz, kun kelib bu sayyorada kechgan hayotimiz o‘tmishga aylanadi-da, Koinot bag‘riga otlanamiz. Yerdagi kunimiz yakun topmasidan avval zaminning pok Suviga aylana olish — hayotiy vazifamizdir. Bu vazifani ado etish uchun biz Koinot qonuniyatlari ila uyg‘un, to‘g‘ri hayot kechirishimiz zarur. Aynan ongimiz Suvni tozalaydi va shu yo‘sin biz Suvning go‘zallik va qudrat mujassam nomalarini mavjud tiriklik olamiga uzata olamiz. Borliq Olamni Suvning eng go‘zal kristallari bilan bezay olsak, naqadar soz bo‘lardi! Bunga qanday erishish mumkin? Muhabbat va Ehtirom ila…
Suv kristallariga yana bir boqing: ular qanchalar chiroyli-a?! Yer yuzidagi jami odamzod Muhabbat va Ehtirom tuyg‘ularini his eta olishsami, Moviy sayyoramiz hayot chechaklari barq urib ochilgan Asli Avvaldagi go‘zal dunyoga qaytgan bo‘lardi. Sayyoradagi umrimiz Koinot manguligi qoshida lahzalarga teng. Jism olamini tark etib, Koinot aro safarga otlanamiz. Buning qanday ro‘y berishini bilmayman, ammo biz har nafasda Koinot qonuniyatlariga suyanmog‘imiz shart. Jismni tark etgach esa, Suv yoki bulut (bug‘) shaklida sayohatni davom ettiramiz.
Qalbim jismni tark etib, sayohatga otlanar chog‘i, “Biz Koinotni ko‘rmak uchun ketyapmiz! Navbatdagi bekat — Mars!”, deya baralla hayqirmoqni niyat qilganman.
Ruschadan Mahfuza Usmonova tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-son