Yaqinda poytaxtimizning Yunusobod tumani maktablaridan biriga fizika fanining XXI asrdagi ravnaqi mavzusida o‘quvchilar bilan uchrashuvga taklif qilishdi. Ushbu taklifni jondilimdan qabul qildim. Ayni choqda, bu taklif meni o‘ylantirib qo‘ydi. Hozirgi paytda Toshkent shahrining o‘zida Fanlar akademiyasining qator ilmiy tekshirish institutlari, oliy o‘quv maskanlari faoliyat ko‘rsatib turibdi. Ulardagi fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan olimlarning soni bir necha mingni, fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan yuqori malakali olimlar soni esa bir necha o‘n mingni tashkil etadi va ularning aksariyat qismi fizika fani sohasidagi yetuk mutaxassislardir. Xo‘sh, ularning jamiyatimiz kelajagi hisoblanmish maktab o‘quvchilari bilan aloqasi qanday? Faqat ilmiy ish bilan shug‘ullanib, erishgan ilmiy ishlari natijalarini ilmiy jurnallardagina chop etish va ilmiy seminar yoki konferentsiyalardagina ushbu ishlari haqida axborot berib borish bilan cheklanib qolish olimlikka mutlaqo yarashmaydi, deb o‘ylayman. Respublikamiz olimlari turli ilm sohalaridagi o‘z fikr-mulohazalari, ilm sohasida erishayotgan yutuq va kamchiliklarini respublika gazeta-jurnallarida xalqimiz bilan, ayniqsa, yoshlar bilan o‘rtoqlashib turishsa, yaxshi bo‘lmasmidi? Qani endi, respublika gazeta va jurnallarida olimlar o‘rtasida ilmiy muzokaralar ham yo‘lga qo‘yilsa. Agarda ushbu ilmiy muzokaralarda maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari ham ishtirok etishsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
Bugun farzandlarimiz va nabiralarimizning ta’lim olib jahonda tengi yo‘q darajada barkamol bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishlari uchun barcha choralar ko‘rilyapti. Shoirimiz Anvar Obidjonning televideniye orqali tez-tez yangrab turgan “Bizlarga Ibn Sino, al-Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘beklar kerak” she’ri juda ham serma’no. Ushbu yo‘nalishda olimlarimizning, Fanlar akademiyasi va oliy ta’lim maskanlarining o‘rni qay darajada salmoqli bo‘lyapti? Oradan asrlar o‘tib bizning zamondoshlarimizdan kimlarni, biz Ibn Sinolarni eslagandek, “Ulug‘ allomalar edi” deb eslasharkin? Bu narsa hammamizni albatta qiziqtirsa kerak. Biz mustaqil davlatmiz. Vatanimizda yoshlar yuragida milliy g‘ururni uyg‘otish uchun sharoit yaratib berilyapti.
Yangi qurilayotgan maktab, lisey va kollejlarning har birining ahamiyati va salobati kelajak avlodimiz uchun ham, hozirgi yoshlarimiz uchun ham Bibixonim madrasasinikidan kam emas. Endi yoshlarimiz qalbini yurtimizning barcha o‘rta va oliy maktablarida milliy g‘urur ruhi bilan alangalatishimiz kerak. Qachongacha bizning xalqimizdan Nobel mukofoti sovrindorlari chiqmay yuraveramiz? Bizlar axir hech kimdan kam emasmiz va hech kimdan kam ham bo‘lmaymiz. Qachonlardir 24 yashar Eynshteyn buyuk Nyutonning nuqtai nazaridan ustun bo‘lgan nisbiylik nazariyasini insoniyatga taqdim etar ekan, “Kechir meni, Nyuton”, deb so‘z boshlagan edi. Insoniyat ushbu asrda “Kechir meni, Eynshteyn” deb buyuk Eynshteynning nazariyasidan ham o‘ktamroq bo‘lgan nazariyani taqdim etadigan olimning yetishib chiqishiga katta umid bog‘lamoqda. Insoniyatning ushbu umidini ro‘yobga chiqarish uchun bizga nima mon’elik qiladi?! Ushbu ulug‘ maqsad sari barcha yoshlarimiz va olimlarimiz qalbini olovlantirishimiz kerak, xolos! Shuningdek, yirik ilmiy tekshirish institutlari kutubxonalari faoliyatini jonlantirish, ularni xorijiy ilmiy jurnallar va adabiyotlar bilan muntazam boyitib borish, institutda ilmiy seminarlar davomiyligini ta’minlash ham muhim masalalardandir. Ilmiy tekshirish institutlarining har bir laboratoriyasi har hafta ilmiy seminar o‘tkazishi o‘ta muhim bo‘lishi kerak. Ushbu ilmiy seminarlarda laboratoriya xodimlari olayotgan yangiliklar natijasini berishdan tashqari, jahonda bo‘layotgan dolzarb ilmiy yutuqlar doimo olimlar tomonidan seminarlarda tinglab borilishi va muzokaralar qilinishi olimlarimizning jahon olimlari bilan tengma-teng va ilmiy tafakkur bo‘yicha yelkadosh bo‘la olishlarini ta’minlovchi zarur jihatdir.
Kirib kelgan asrni kimdir nanotexnologiya asri bo‘ladi desa, yana boshqasi genetika asri bo‘ladi, deydi. Fizika asri bo‘ladi deganlar ham talaygina. Jahonda bo‘layotgan bu munozarali tortishuvlarda bizning respublikamiz olimlari ham ishtirok etishayotirmi? Yoshlarimiz-chi?
Men, XXI asr fizika asri bo‘ladi, degan nuqtai nazar tarafdoriman. Boisi, o‘tgan asrlar davomida fizika fani qilgan kashfiyotlar o‘z salmog‘i jihatidan juda ulkan bo‘lsa ham, qator ilmiy muammolar hamon olimlarni hayajon va sarosimaga solarli darajada bo‘lib turibdi.
Faylasuflarning materiyaga nisbatan “Kishi ongidan tashqarida va unga bog‘liq bo‘lmagan holda yashaydigan ob’ektiv borliq” deya bergan ta’rifi bugungi kunga kelib astrofiziklarni mutlaqo qanoatlantirmay qo‘ydi.
Ma’lum bo‘lishicha, barcha yulduzlar, sayyoralar va yulduzlararo gaz Olam massasining faqat ozgina qisminigina tashkil qilar ekan. Materiyaning qolgan qismi nimadan tashkil topganiga astrofiziklarning aqli yetmay turibdi. XXI asrda, albatta, uning tabiatini tushunishga erishiladi. Ushbu noma’lum materiya insoniyatga na ko‘rinadi va na biror-bir sezgimizga ta’sir o‘tkaza oladi. Bu materiyaning o‘zini qurshab turgan olamni, o‘ta katta gravitatsiya ta’siri hisobga olinmaganida, uni “mutloq hech narsa” deb atagan ma’qulroq bo‘lar edi. Astrofiziklarning hozirgi zamon modeli bo‘yicha, olamning 73 foizi qora energiyadan, 23 foizi – qora materiyadan va 4 foizigina odatdagi materiyadan (barion) tashkil topgan, deb hisoblanyapti. Koinotda yulduzlar cheksiz ko‘p bo‘lsa, ularning har biridan bizga bittadan bo‘lsa-da nur yetib kelgan taqdirda ham, osmon odamzodga ertayu kech yarqirab ko‘rinib turishi kerak bo‘lar edi. Lekin ko‘rib turganimizdek, osmon bizga unday ko‘rinmaydi.
Tabiatning tuzilishi haqida gap ketganida, dunyodagi biror inson ushbu dunyo nega boshqacha emas, aynan shunday tuzilganini tushuntirib bera olmaydi, chunki buni o‘zi ham to‘laligicha tushunmaydi. Qadim zamonlardan beri insoniyatga issiqlik, yorug‘lik, tovush hodisalari, harakat va gravitatsiya kabi ko‘pgina fizik hodisalar nazariyalari u yoki bu ko‘rinishda ma’lum bo‘lgan. Isaak Nyuton harakat qonunlarini tushuntirib bergach, ushbu turlicha deb tushunilib kelinayotgan hodisalarning bir nechtasi bir hodisaning turli tomondan ko‘rinishi ekani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng fizikaning bir nechta ulkan bo‘limlarini jamlab, bir butun sodda nazariya ko‘rinishi berildi. Ushbu nazariyaga faqat gravitatsiyagina bo‘yinsunmay qoldi!
Fizika fani taraqqiyoti jarayonida Jeyms Klark Maksvell 1873 yili elektr va magnetizm hodisalari hamda yorug‘lik va optik hodisalarni birlashtirib, ushbu hodisalar uchun umumiy bo‘lgan nazariyani yaratdi va ushbu nazariyaga binoan, yorug‘likni ham elektromagnit to‘lqini deb qaradi. Shunday qilib, taraqqiyotning ushbu bosqichida harakat qonunlari, elektromagnetizm qonunlari va gravitatsiya qonunlari mavjudligi insoniyatga ma’lum edi.
Taxminan 1900 yillari modda nima ekanini tushuntirib bera oladigan nazariya yaratildi. Bu moddaning elektron nazariyasi edi. Ushbu nazariyaga binoan, atomlar ichida mayda zaryadlangan zarrachalar mavjud deb faraz qilindi. Ushbu nazariyaning taraqqiyoti elektronlar yadrolar atrofida harakatlanadi, degan tushunchaga olib keldi. Natijada atom kattaligi darajasida nima hodisalar bo‘layotganini tushunish uchun o‘sha davr fan olamida qabul qilingan sog‘lom fikrlashlardan qutulish zarurati tug‘ildi. Natijada 1926 yili elektronning modda ichidagi harakatini tushuntirib bera oladigan nazariya ishlab chiqildi. Bu nazariya “Kvant mexanikasi” deb nomlandi. “Kvant” so‘zi tabiatning sog‘lom fikrlash mumkin bo‘lmagan xususiyatiga taalluqli edi. Kvant mexanikasining yaratilishida va rivojlanishida M.Plank, L. De Broyl, E.Shryodinger, V.Geyzenberg, P.Dirak, N.Bor, V.Fok, M.Born, P.Erenfest kabi olimlarning ishlari muhim o‘rin tutadi. Bu olimlarning P.Erenfestdan bo‘lak barchasi insoniyat oldidagi buyuk xizmatlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan. Kvant mexanikasi nazariy kimyoning asosini tashkil qildi. Nobel mukofoti sovrindori Richard Fillips Feynman “Fundamental nazariy kimyo aslini olganda, fizikadir”, degan edi. Kimyo haqida shu fikrni o‘z davrida yana bir Nobel mukofoti sohibi L. D. Landau ham aytgan bo‘lib, u yana “hozirgi zamon matematikasi bu aslini olganda nazariy fizikadir”, degan xulosani ham berib o‘tgan. Kvant mexanikasi insoniyatning ulkan yutug‘i bo‘lib, u kimyoni butkul va moddaning turli-tuman xususiyatlarini tushuntirib bera oldi. Lekin yorug‘lik hamda moddaning o‘zaro ta’siri masalasi hal bo‘lmay qolaverdi. Ya’ni, Maksvellning elektr va magnetizm nazariyasini kvant mexanikasi printsiplariga muvofiq qaytadan ishlab chiqish zarurati tug‘ildi. Nihoyat, 1929 yili qator buyuk fiziklar yorug‘lik va moddaning o‘zaro ta’siri nazariyasini yaratishdi hamda unga “kvant elektrodinamikasi” deb vahimali nom ham berishdi. Kvant elektrodinamikasi yaratilishida M.Plank, A.Eynshteyn, P.Dirak, V.Pauli, V.Geyzenberg, E.Fermining xizmatlari katta bo‘ldi. Kvant mexanikasi taraqqiyotiga ko‘p hissa qo‘shgan Eynshteyn hayotining oxirigacha ham ushbu nazariyaning ko‘p o‘rinlarini tan olmadi. Elektronlar yadro atrofida aylanib unga tushib ketmasligi haqidagi Bor nazariyasi yoritilgan maqolani o‘qiganida, u: “Agar buning barisi haqiqat bo‘lsa, fizika fan sifatida tugabdi”, degan xulosasini aytgan paytlar ham bo‘lgan. Kvant elektrodinamikasida hisoblash muammosini 1948 yil I.J.Shvinger, S.Tomanago, R.Feynman hal qilib berishdi. Ular ham Nobel mukofoti sovrindorlari bo‘lishdi.
Kvant elektrodinamikasi yaratilganiga salkam 80 yil bo‘ldi. Ushbu yillar davomida bu nazariya qayta-qayta o‘ta ziyraklik bilan turli sharoitlarda tekshirildi. Insoniyat ushbu nazariya va eksperimentlar natijasida biror-bir arzigulik tafovut yo‘qligi bilan mag‘rurlansa arziydi. Ushbu nazariya gravitatsiya va yadrolarning bir sathdan boshqa sathga o‘tishini xarakterlaydigan radioaktiv hodisalardan (yadro fizikasidan) boshqa fizik olamdagi barcha hodisalarni tushuntirib bera oladi. Fizika fani o‘zining butun taraqqiyoti davomida doimo turli hodisalarni ro‘yobga chiqaruvchi yakdil sabablarni qidirib kelmoqda, o‘z atrofini birlashtirishga harakat qilmoqda.
Nemislarning mashhur fizik olimi German Lyudvig Fernenand Gelmgolts (1821—1894): “Borgan sari yangi dalillar ko‘payib murakkablashib borishi yangi fikrlarning rango-rang bo‘lib borishiga olib keladi va bu dunyoqarashlarning birlashmog‘iga nisbatan bo‘lgan chaqiriq amirona bo‘lishi tabiiydir”, degan so‘zlari bilan fan taraqqiyotining asosiy intilish yo‘nalishini yoritib bergan. Hozirgi davrda olimlar barcha ma’lum o‘zaro fizik ta’sirlarni birlashtirishga urinmoqdalar. Elektromagnit, kuchsiz va kuchli o‘zaro ta’sirlarni fiziklar “Buyuk birlashish” deb nomlangan nazariya orqali birlashtirib, uchala o‘zaro ta’sir uchun ushbu nazariya orqali bir xil izoh berishmoqchi. Ushbu nazariya hali yakuniga yetgani yo‘q, lekin uning bergan ba’zi xulosalariga binoan, proton 1030 — 1033 sekund vaqtdan keyin pozitron va neytral pi-mezon yoki neytrino va musbat pi-mezonlarga parchalanishi kerak. Bu xulosalar tajribalarda tekshirilmoqda va agarda tasdig‘ini topsa, nazariya to‘g‘ri yo‘lda, degan xulosaga kelinadi. Buyuk birlashish nazariyasi, to‘rtinchi o‘zaro ta’sir — gravitatsiyani birlashtirmaydi. Shu sababdan, qator nazariyachilar hozirgi davrda superbirlashish nazariyasi ustida ham ish olib borishmoqda. Bunda to‘rtala o‘zaro ta’sir – elektromagnit, kuchsiz, kuchli va gravitatsiya bir manzarani bergan bo‘lar edi, ya’ni, tabiatdagi barcha o‘zaro ta’sir, barcha kuchlar bir kuch, bir qudratning turlicha namoyon bo‘lishi, deb ham qarashimiz mumkin bo‘lar edi…
Kvant elektrodinamikasi nazariyasi 1929 yili insoniyatga taqdim etgan bir muhim fizik konstanta (doimiy) haqidagi ma’lumot salkam 80 yildan beri fiziklarning boshini qotirib kelmoqda. Bu konstantani fiziklar “aloqa konstantasi” deb nomlashib, lotincha “e” harfi bilan belgilashgan. Bu konstanta real elektron real fotonni yutishi yoki chiqarishi kattaligini (amplitudasini) bildiradi. O‘tkazilgan tajriblarga muvofiq “e” ning son miqdori “0.08542455” ga teng. Odatda fiziklar ushbu sonning teskari qiymati kvadratiga teng bo‘lgan 137,03597 sonidan foydalanishadi. Fizika qonunlarini ifodalash uchun fizik kattaliklar o‘rtasidagi o‘zaro matematik munosabatlarni beruvchi tenglamalardan foydalaniladi. Ko‘pincha shunday tenglamalarga o‘zgarmas son ko‘rinishida bo‘lgan fizik konstantalar kiritilgan bo‘ladi. Masalan, butun olam tortishish qonunidagi gravitatsiya doimiysi, issiqlik balansi tenglamasidagi solishtirma issiqlik sig‘imi, jism massasi va uning to‘liq energiyasini bog‘lab turuvchi Eynshteyn formulasidagi yorug‘lik tezligi shular jumlasidandir. Ko‘pgina fizik doimiylar shartli ravishda shu nom bilan atalgan bo‘ladi. Haqiqatan ham, suv o‘rniga spirt qizdirilsa, issiqlik sig‘imining boshqa miqdoridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Ishqalanish koeffitsiyenti, solishtirma qarshilik, zichlik va hokazolar mana shunday “nisbiy” doimiylarga kiradi. Shu bilan birga, o‘z qiymatini o‘zgartirmaydigan konstantalar ham mavjud. Bunday universal konstantalarga gravitatsiya doimiysi, elektr zaryadi, yorug‘likning vakuumda tarqalish tezligi kiradi. Universalligi sababli bunday konstantalar olamiy yoki fundamental doimiylar deyiladi. Mana shunday fundamental doimiylar ichidagi eng asillaridan biri “e” konstantasi hisoblanadi.
Olamdagi barcha o‘zini hurmat qiladigan fizik nazariyachilar kabinetlari devorida ushbu “137” soni har kimga ko‘rinadigan qilib yozib qo‘yilgan va ular doimo bo‘sh qoldi deguncha ushbu son ustida bosh qotirishadi.
Biz uchun fizika sohasidagi Nyutonning tortishish nazariyasi xuddi “ikkini ikkiga” ko‘paytirish kabi ayondir, lekin biror bir fizikaviy hodisa bo‘yicha gravitatsiya kabi fizik xodisa haqida ko‘p narsa ma’lum va shu bilan birga noma’lum emas.
Biz doimo gravitatsiyaning o‘zimizga ta’sirini boshdan kechirib turamiz. Lekin uning tabiati shu paytgacha ham insoniyatga noma’lumligicha qolmoqda. Olimlar hozirgi kunlarda ham gravitatsiya favquloda hodisasi sirini topish yo‘lida betinim urinishmoqda. Masalan, gravitonlar — massasi bo‘lmagan va gravitatsiya ta’sirini xuddi elektromagnit ta’sirni uzatuvchi fotonlar kabi uzatuvchi gravitatsiya zarrachalari mavjudmi? Bunday zarrachalar shu paytgacha ham topilgani yo‘q. Kvant gravitatsiya nazariyasi bizda shakllangan olam tuzilishi haqidagi nazariyani siqib chiqara olarmikan?..
Elementar zarrachalar fizikasida ko‘p narsalar Xiggs-Bozon kabi faraziy zarrachalarga bog‘liq bo‘lib qolyapti. Faraz qilinishicha, mana shu tasavvurdagi zarrachalar elementar zarrachalarga massa ulashadi. Lekin hozircha ushbu zarrachalarni izlash bo‘yicha barcha urinishlar besamar qolmoqda. 2007 yili Yevropa yadro izlanishlari markazida yangi kollayder (SERN)ning ishga tushirilishi natijasida ushbu tutib bo‘lmas zarrachalarning topilishiga olimlar katta umid bog‘lashgan. Balki ushbu zarrachalar topilganidan so‘ng elementar zarrachalarning yangi qatori — supersimmetrik zarrachalar kashf qilinsa, ajab emas, degan qarashlar bor. Olimlar faraz qilishicha, bizga ma’lum barcha zarrachalarning o‘ziga o‘xshashi mavjud. Ushbu o‘xshashliklarning kashf qilinishi zamonaviy fizikaning navbatdagi g‘alabasi bo‘lardi. Hozirning o‘zida supersimmetrik zarrachalar ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan ba’zi xususiyatlar haqida ma’lumotlar bor.
Yorug‘lik manbai harakatdami yoki qo‘zgalmasmi, baribir yorug‘lik tezligi doimo bir xil. Bu taajjubli holat, albatta. Sog‘lom aqlga zid bo‘lgan fikr ustidagi ushbu mulohazalar Eynshteynga 1905 yili maxsus nisbiylik nazariyasini yaratishida juda qo‘l keldi. O‘shandan beri son-sanoqsiz tajribalar ushbu gipotezaning haq ekaninigina tasdiqlab kelmoqda. Shunga qaramay, oxirgi yillarda olimlar “yorug‘lik tezligidan katta bo‘lgan tezlikda axborot uzatish mumkinmikan?” degan masala ustida bosh qotirib kelmoqdalar. Balki XXI asrda olimlarning izlanishlari yorug‘lik tezligidan katta tezlikda harakatlana olishi mumkin deb hisoblanayotgan va “Taxion” deb nomlangan faraziy zarrachalarni topishga imkoniyatlar ochib berar. Ba’zi nazariy farazlarga ko‘ra, taxionlar olami bizning olamga “parallel” joylashgan, degan xayoliy qarashlar ham bor.
Nisbiylik nazariyasi paydo bo‘lganidan so‘ng biz vaqt fenomenining naqadar murakkab va sirli ekanini tobora yaqqolroq tushunib boryapmiz. Eynshteyn formulasiga ko‘ra odam qanchalik tez harakatlansa, uning uchun vaqt shunchalik sekin o‘tib boradi. Quvvatli gravitatsiya manbalari ham vaqt o‘tishini sekinlashtiradi. Ushbu ikki gipoteza ham tajribalarda o‘z tasdig‘ini topgan.
Biz olamning bir chekkasidan urvoqcha yerinigina kuzatib turibmiz xolos va shuning uchun ham bizlarning vaqt haqidagi tasavvurlarimiz o‘ta soddadir. Olam esa ulkan va cheksizdir. Quyidagi savollar kishining ko‘nglidan o‘tmasdan iloji yo‘q:
Nega endi vaqt faqat bir yo‘nalishdagina oqadi? Nega u bizlarga qaytmas bo‘lib tuyuladi? Tabiatni tavsiflovchi fizikaning asosiy qonunlari vaqtga nisbatan invariant-ku, axir? Mikroolam va makro olam o‘rtasidagi chegara qayerdan o‘tadi?
Hozirgi paytda o‘zini kvant olami qonunlariga bo‘ysunishi bilan hammani hayratga solayotgan makroob’ektlar olimlarni juda ham qiziqtiryapti. Bunga misol qilib Boze-Eynshteyn kondensatini misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Boze-Eynshteyn kondensatida millionlab atomlardan tashkil topgan ushoqdek kichik bulut o‘zini bir butun atomdek tutyapti. Shu paytgacha materiyaning to‘rt xil — gaz, suyuq, qattiq va plazma ko‘rinishlarda bo‘lishi haqida insoniyat ma’lumotga ega edi. Boze-Eynshteyn kondensatining tajribada olinishi esa materiyaning beshinchi ko‘rinishi ham olamda mavjud ekanidan dalolat berib turibdi.
Ushbu hodisa haqida 1924 yili hind fizigi Shatendranat Bozening hisob-kitoblarini tahlil qilib, Albert Eynshteyn ilm ahliga o‘z axborotini ma’lum qilgan edi. Ushbu kondensat ko‘p o‘rinlarda, masalan, kvant kompyuterlari elementi sifatida ishlatilishi mumkinligi ehtimoli borligi bilan ham katta ahamiyatga ega bo‘lyapti. 2005 yili Amerika olimlari Roy Glauber va Jon Xollning Boze-Eynshteyn kondensati xususiyatlarini, aniqrog‘i, lazer spektroskopiyasi bilan bog‘liq hodisalarini o‘rganishlar Nobel mukofoti bilan taqdirlanishi ushbu kondensatning o‘rganilishi ahamiyati naqadar katta ekanidan dalolat berib turibdi. Boze-Eynshteyn kondensati kashfiyotchilaridan biri, 2001 yilning Nobel mukofoti sovrindori Volfgang Ketterle kondensatdan bo‘lakchalarni “burdalab” olish mumkinligini ko‘rsatib o‘tgan edi. Bu degani atom lazerini qurish, ya’ni, yorug‘likni nurlantiruvchi lazerni emas, moddani nurlantiruvchi lazerlarni yasashga erishish mumkin deganidir. Bunday lazerlar bilan nanometr aniqlikdagi o‘ta kichik tuzilmalarni yasash mumkin bo‘ladi. Bu kashfiyot nanotexnologiya olamida sezilarli siljishlar bo‘lishiga olib keldi. Alohida atomlar ustida manipulyatsiya qilish uchun atom lazerlari hozirgi paytdagi eng aniq metoddir. Ushbu kashfiyot asosida nanotexnologiya katta ravon yo‘lning boshiga chiqib oldi, degan xulosani aytishimiz mumkin. Materiyaning oltinchi ko‘rinishi Fermion kondensatlari haqidagi maqolalar ham ora-sira ko‘zga tashlanib turibdi.
Havoda, suyuqliklarda bo‘luvchi o‘rama hodisalar fizika fanida bir og‘iz so‘z bilan “turbulentlik hodisasi” deb ataladi va bu haqda ham shu paytgacha aniq hisob-kitoblar keltirilmagan. Texnikaning turli yo‘nalishlari taraqqiyotidagi jadal rivojlanishlar ushbu hodisaning tatbiqi va sabablarini o‘rganish ustida ham fiziklarning yanayam jiddiyroq bosh qotirishini taqozo etadi.
Qattiq jismlardagi magnetizm va o‘ta o‘tkazuvchanlik hodisalari hanuzgacha insoniyatga o‘zining tabiatini to‘laligicha ochib bergani yo‘q. O‘tgan asrning buyuk fizigi Dirakning, olamda magnit zarrachalari (Dirak manopoliyalari) mavjud bo‘lishi kerak, deb aytgan so‘zi hanuzgacha insoniyat qulog‘i ostida jaranglab turibdi. Ushbu zarrachalar mavjudmi yoki yo‘qmi — bu masala ham insoniyat oldida jumboqligicha qolib kelmokda. Ba’zi qattiq jismlar elektr qarshiligini yo‘qotish tabiatining nazariyasi hanuzgacha ma’lum emas. Agarda nazariya yo‘q bo‘lsa, qanday qilib ideal o‘ta o‘tkazuvchan materiallarni olish mumkin bo‘larkin? Balki ushbu masala yoritilishida nanotexnologiya o‘zining salmoqli hissasini qo‘shar?
Shunday kilib, 1961 yili taklif qilingan Olam modeli umumiy modelning xususiy bir ko‘rinishigina bo‘lib qoladigan ko‘rinadi. Chunki odatdagi standart model ko‘plab savollarga qoniqarli javob bera olmayapti. Ushbu model o‘zining ichki uyg‘unligiga va simmetriyasiga ega bo‘lmay qolyapti. U model nega ko‘pgina elementar zarrachalar massaga ega ekanini tushuntirishga ojizlik qilib qolmoqda. Bundan tashqari, nega tabiatda bir-biridan ta’sir qilish ko‘rinishi bilan tubdan farq qiluvchi bir nechta o‘zaro ta’sirlar mavjud?
XX asrdan XXI asrga o‘tgan fizika oldidagi yana bir jumboq — zamonaviy fizikaning ikki ustuni — kvant mexanikasi bilan umumiy nisbiylik nazariyasining ko‘p o‘rinlardagi nomuvofiqligidir.
Olamning tanho formulasiga ega bo‘lish fiziklarning azaliy orzusidir.
Biz tabiat tomonidan XXI asr fiziklari oldiga qo‘ygan o‘ntacha sarkash jumboqlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdik. Biz bunday fikrlarimiz doirasini yana bemalol davom ettirib boraverishimiz mumkin. Lekin fikrimiz rivojiga shu yerda nuqta qo‘yishga qaror qildik. Ushbu fikrimiz doirasini Fanlar Akademiyasi va oliy o‘quv yurtlarining olimlari respublikamizning barcha maktablari, litseylari va kolejlari o‘quvchilari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib, ularda bo‘ladigan ma’ruza va muzokaralarida ushbu maqola mazmunini yanayam boyitib, ko‘p o‘rinlarda aniqliklar kiritib borishadi, deb umid qilamiz.
“Ma’rifat” gazetasi, 2008 yil 20, 23 fevral