Mirzo Ulug‘ni 15 asrdan beri Yevropa va Amerikada ham, Osiyoda ham yaxshi bilishadi. 16 asr oxiri va 17 asrning boshlarida Yevropada astronomiya fanining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi yevropaliklarning Samarqand akademiyasiga bo‘lgan qiziqishini oshirdi. Shogirdi Ali Qushchining Ulug‘bek asarlarini Turkiyada targ‘ib etganligi natijasida yevropaliklar uning fan taraqqiyotiga qo‘shgan kashfiyotlaridan bahramand bo‘ldilar.
Hozirgi kunda «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asarining 150 dan ortiq nusxasi ma’lum. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, asarning 120 ga yaqin forsiy nusxasi va 15 dan ortiq arabiy nusxasi ham mavjud.
Mirzo Ulug‘bekni davlat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq ilmu fan bilan shug‘ullanish qiziqtirgan. Uning «Bir darajaning sinusini aniqlash haqida risola», «Risolai Ulug‘bek», «To‘rt ulus tarixi», «Ziji jadidi Ko‘ragoniy», «Ko‘ragoniyning yangi jadvallari» kabi asarlari dunyo olimlari tomonidan hali hanuz o‘rganiladi. Ulug‘bekning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asari «Ulug‘bek ziji», «Ziji Ko‘ragoniy» kabi nomlar bilan ham ataladi. «Zij» so‘zi fors tilidagi «zik» so‘zidan olingan bo‘lib, «jadval» ma’nosini bildiradi. Mazkur asar Ulug‘bekning qariyb 30 yillik izlanishi samarasi bo‘lib, u 1444 yilda yozib tugatilgan. Asar fors tilida bitilgan, keyinchalik G‘iyosiddin Al-Koshiy tomonidan arab tiliga tarjima qilingan. «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» muqaddima va to‘rt maqoladan iborat.
Birinchi maqola so‘zboshi va 7 bobdan, ikkinchi maqola 22, uchinchi maqola 13, «Zij»ning so‘ngi – to‘rtinchi maqolasi esa to‘laligicha ilmi nujumga bag‘ishlangan bobdan iboratdir.
1638 yili ingliz olimi va sharqshunosi, Oksford universiteti professori Jon Grivs Istanbulga keladi. U o‘zi bilan Angliyaga asarning bir nusxasini olib ketadi. 1643 yildan boshlab Jon Grivs «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asarini ilmiy tadqiq qilishni boshladi va Ulug‘bekning yulduzlar katalogidan olingan 98 ta yulduz holatini 1648 yili e’lon qildi, aniqrog‘i, olimning mazkur ishi Baynbridj tomonidan nashr qilindi. O‘sha yilning o‘zida u «Zij»ning geografiya qismini alohida nashr etdi. Keyinchalik esa u to‘rt qismdan iborat Ulug‘bek «Zij»i birinchi kitobining lotincha tarjimasini nashr qildi. 1652 yilda oxirgi ikkita ish qayta chop etildi.
Angliyalik sharqshunos olim va tarjimon, Oksforddagi Bodleyani kutubxonasining xodimi Tomas Xayd 1018 ta yulduz tadqiq qilingan «Ziji jadidi Ko‘ragoniy»ning yulduzlar jadvalini lotin va fors tillarida nashrga tayyorladi hamda «Ulug‘bek kuzatishlari bo‘yicha qo‘zg‘almas yulduzlarning (astronomik) kenglama va uzunlamalari jadvallari» nomi bilan nashr ettirdi. Tomas Xayd Grivsning «Zij» borasida olib borgan ilmiy ishlaridan bexabar bo‘lgan, bu esa Ulug‘bek asarining turli yo‘llar bilan Yevropaga kirib borganini ko‘rsatadi.
J. Grivs va T. Xayd tomonidan Ulug‘bek «Zij»idagi jadvallarning nashr etilishi Yevropa astronomlari uchun ulkan voqea bo‘ldi, chunki astronomlarning yuqori aniqlikdagi yulduzlar jadvaliga ehtiyoji katta edi. Ana shu ehtiyoj va chanqoqlikni bosishda Ulug‘bekning «Zij»idek o‘z davrining mukammal asari muhim rol o‘ynadi.
Mazkur asarning diqqatga sazovor jihati shundaki, kitobda keltirilgan rasmlarning ikkitasida vatandoshimiz Mirzo Ulug‘bekning siymosi aks ettirilgan. Rasmlarning birida Ulug‘bek osmon xudosi Uraniya raislik qilayotgan majlisda uning o‘ng qo‘l tomonida o‘tiribdi. Suratda yirik astronomlardan grek Ptolemey (er. av. taxminan 170 yili vafot etgan), italiyalik Jan Baptist Richchioli (1598 – 1671), daniyalik astronom Tixo Brage (1546 – 1601), polyak astronomi Yan Geveliy, nemis shahzodasi Gass (1532 – 1592) tasvirlangan.
Ikkinchi gravyurada Uraniyaning atrofini o‘rab turgan 10 nafar mashhur astronom huzuriga Yan Geveliy o‘zining yulduzlar katalogini taqdim etish uchun tashrif buyurgan holat tasvirlangan.
Mirzo Ulug‘bek va u tashkil etgan akademiyaning G‘arbiy Yevropada qanchalik mashhur bo‘lganini Yan Geveliyning «Astronomiya darakchisi» asarida bitilgan gravyuralardan ham bilish mumkin. 1711 yili Oksfordda Ulug‘bekning geografik jadvali qayta nashr etildi. Mazkur jadval yunon tilida ham chop etilgan.
Pyotr I zamonida Ulug‘bekning «Zij»i Rossiyada ham chop etilgani tarixiy faktdir. Bu ishni yosh nemis olimi, Rossiya tashqi ishlar kollegiyasi a’zosi G.Ya.Ker amalga oshirdi. U Ulug‘bek «Zij»ining faqat so‘zboshisini fors tilidan lotin tiliga tarjima qilib, nashr etdi. Bu ishga uni Parij observatoriyasidan Pyotr I ning taklifiga ko‘ra, Peterburg Fanlar akademiyasiga ishga kelgan astronom Jozef Nikola Delil undagandi. J.N.Delil Peterburgga kelishdan oldin Rossiya astronomiyasini rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqqan edi. Mazkur dasturni amalga oshirish yo‘lida Sharq astronomiyasi erishgan yutuqlarni yaxshi o‘rganish lozimligini to‘g‘ri anglagan olim, bu ishga G.Ya.Ker va Peterburgda yashayotgan gruzin shohi, fors tilini yaxshi egallagan Vaxtang VI ni ham taklif etadi. Vaxtang VI Rossiyaga kelguniga qadar o‘z kotibi M.Kavkasidze bilan birgalikda «Ulug‘bekning astronomik jadvallari»ning forschadan gruzin tiliga tarjimasini boshlagan edi. Keyinchalik bu tarjima Peterburgda nihoyasiga yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil may oyida chiqargan qaroriga asosan, mamlakatimizda Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik to‘yi 1994 yilda keng nishonlandi. Bu yil esa ulug‘ olim va davlat arbobi, Sohibqiron Amir Temurning suyukli nabirasi Mirzo Ulug‘bek tavalludiga 614 yil to‘ldi. Ulug‘bekning hayoti va yaratgan asarlariga bo‘lgan qiziqish hech bir zamonda so‘nmagan. Uning qalamiga mansub bo‘lgan asarlardan biri — «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asari tarixiy ahamiyatga molikdir. Zero, she’riyat mulkining sultoni hazrati Navoiy o‘zining «Farhod va Shirin» asarida yozganidek:
Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek.
Aning abnoyi jinsi bo‘ldi barbod,
Ki davr ahli biridin aylamas yod.
Va lek, ul ilm sori topti chun dast,
Ko‘zi olinda bo‘ldi osmon past.
Rasadkim bog‘lamish – zebi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur.
Bilib bu nav’ ilmi osmoniy,
Ki andin yozdi «Zichi Ko‘ragoniy».
Qiyomatga degincha ahli ayyom,
Yozarlar oning ahkomidin ahkom.
“Ma’rifat” gazetasidan