Biotsenoz – tabiiy makon
Turli xavf-xatarlardan o‘zini saqlash tuyg‘usi barcha umurtqali hayvonlarda uchraydi. Bu tuyg‘uga yana o‘zidan ko‘payish va avlod qoldirish instinktlari (tug‘ma hissiyot) ham qo‘shiladi. Hayvonlar ham, insonlar ham ko‘proq joylarni egallab, tarqalishga va yangi muhitga moslashishga (adaptatsiyaga) intiladilar. Odatda jonivorlar o‘z ajdodlari yashab o‘tgan muayyan joyga – tabiiy muhitga moslashadi. Ammo bu moslashuv muayyan joylar bilan chegaralanadi. Ayiq (o‘rmonda yashaydi) sahroga chiqib ketmaydi, qurbaqa, suvilon baland tog‘larga ko‘tarilmaydi, quyon daryolarga, suvga tushib, baliq ovlamaydi.
Er yuzidagi turli harorat, iqlim sharoitlari jonivorlarning yashash joyini yanada cheklaydi. Tropik iqlimdagi daraxtlar, o‘simliklar shimoliy kengliklarda ko‘karmaydi va aksincha, shimol o‘simliklari janub iqlimida o‘smaydi. Ba’zi qushlar sovuq tushganida boshqa, issiq o‘lkalarga uchib ketadi, ularning ko‘chishi ham ma’lum marshrutlar – yo‘llar bilan chegaralangan.
Faqat inson bu qoidaga bo‘ysunmaydi. U bir turdagi jonivor bo‘lsa ham, Yer yuzining hamma tomoniga tarqalaveradi. Demak, insonlar turli iqlim sharoitlariga (ijtimoiy sharoitlarga ham – tarj.) eng ko‘p moslasha oladi. Ammo bu yerda bir jiddiy muammo bor. O‘rmonlardagi mo‘tadil iqlimda yashovchi ibtidoiy odam nima uchun o‘z joylarini tark etib, cho‘llarga yoki tropik changalzorlar – junglilarga borib qoladi? Axir har bir jonzotning biotsenozi – o‘rganib qolgan makoni, topiladigan oziq-ovqati bor. Geo-biotsenoz tabiat bilan hayvonlar va insonlarning tarixiy, ekologik, fiziologik aloqadorlikdagi moslashgan makoni, “o‘zi bilgan joyi bor. Jonzotlarni o‘z uyidan ketishga nima majbur qilar ekan?”.
Geo-biotsenoz – yegulik topish bilan bir-biriga bog‘liq jonzotlar: inson, hayvonlar va o‘simliklardan iborat murakkab tizimdir. O‘simliklar va hayvonlar inson tirikligida ozuqa bo‘lar ekan, inson o‘lganida (tuproqqa aralashib) o‘simliklar uchun ozuqaga aylanadi. (V.Shekspir bu qonuniyatni bilgan, uning “Hamlet” asarida shunday fikr bor: Inson chuvalchangni o‘ldirib, baliqlarga yediradi. Baliqlar chuvalchangni yeydi. Baliqlarni odamlar yeydi. Odamlar o‘lganida esa chuvalchanglarga yem bo‘ladi. (Bu fikr Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asaridan olingan – tarj.)
Evolyutsiya (tadrijiy rivojlanish) ortga qaytmaydigan jarayon. Ibtidoiy odamlar turli tabiiy sharoitlarga asta-sekin moslashib, (o‘simliklar sovuqqa chidamli yangi navga aylanganiday), insonlar ham barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tib, tobora kengroq joylarga tarqalib, turlicha tabiiy muhitlarda mustahkam o‘rnashib qoladi. Ammo, inson yangi tabiiy muhitda fiziologik (tana tuzilishi) jihatdan o‘zgarmaydi, balki faqat xulq stereotipi (odatlari) o‘zgaradi. Ya’ni, u yangi etnosga aylanadi! Nima uchun shunday bo‘ladi? Bu savolga javob berish oson emas. Biz bu jarayonlar haqida tasavvur hosil qilish uchun muammoni bir oz cheklaymiz.
Agar insonlarning turli iqlimlarda xulqi o‘zgarishi biologik, aniqrog‘i, zoologik sabablarga bog‘liq bo‘lsa, hayvonlarning ham xulqi o‘zgarishi kerak edi. Inson boshqa tabiiy muhitga tushganida ongli ravishda o‘z tabiatini, xulqini o‘zgartirgan deya olmaymiz. Ijtimoiy, siyosiy formatsiyalar – davlat tuzumlari o‘zgarishi ham inson tabiati, xulqini o‘zgartirolmaydi. F.Engels yozishicha, hayvon go‘shti va baliq bilan oziqlanuvchi hindularning bosh miyasi faqat o‘simliklar bilan oziqlanuvchi Yangi Meksika hindulari bosh miyasidan kattaroq ekan.
Geografik tabiiy muhit ijtimoiy tuzumga ta’sir ko‘rsatmaydi
Tabiiy muhit, iqlimlar o‘zgarishi o‘sha muhitdagi barcha noz-ne’matlardan oziqlanuvchi xalqlar fe’l-atvoriga ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Ammo, tabiiy, jug‘rofiy muhit ijtimoiy tuzumga kuchli ta’sir ko‘rsatolmaydi.
Shunga qaramay, landshaft – insonlar yashayotgan joyning tabiati etnoslar hayotiga, etnik jarayonlarga majburiy ta’sir ko‘rsatadi. Italiyada o‘rinlashgan etnoslar – etrusklar, lotinlar, gallar, greklar, suryoniylar, arablar, langobardlar, normanlar, shvablar, frantsuzlar asta-sekin, ikki-uch avlod almashuvi jarayonida italiyalik xalqlarga qo‘shilib, o‘ziga xos xarakterli, rang-barang xulqli etnoslarga aylandilar. Boshqa joylarda ham etnoslarning shunday evolyutsiyasi sodir bo‘ldi. Demak, biz etnoslarning shakllanishini ijtimoiy taraqqiyot hosilasi deb emas, balki alohida g‘aroyib hodisa – fenomen sifatida o‘rganishimiz zarur.
To‘g‘ri, insoniyat taraqqiyoti hayvonlar olami kabi faqat tabiiy sharoitlar ta’siri ostida emas, balki texnika taraqqiyoti va ijtimoiy institutlar – milliy urf-odatlar bilan ham bog‘liqdir. Ammo bu ikki soha o‘zaro bog‘liq holda ta’sir ko‘rsatadi. S.Kalesnik o‘z kitobida odamlar yashayotgan bir joydagi jug‘rofiy sharoitlardan foydalansa-da, jug‘rofiy muhitga ta’sir ko‘rsatolmaydi, deb ta’kidlaydi. Biz o‘z tadqiqotlarimizda mana shu tamoyilni asos qilib olamiz.
Inson va tabiat kurashuvi
Inson (o‘z aqliy imkoniyatlari bilan) landshaftga, tabiiy muhitga moslashibgina qolmay, tabiatni o‘z talab va ehtiyojlariga muvofiq holda o‘zgartirishga intiladi. Ammo insonlarning bu ijodiy qobiliyati hamisha ham yaxshilikka olib kelavermaydi. Shumerlar eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikda kanallar qazib, Dajla va Frot daryolarining suvini sayozlashtirdilar. Xitoy hukmdorlari 4000 yil avval Xuanxe daryosiga to‘g‘on qura boshladilar. Sharqiy Eron hukmdorlari yangi era boshlanishida qo‘riq yerlarni sug‘orishda korizlar qazib, yerosti buloqlari suvlaridan foydalandilar. Polineziyaliklar o‘z orollariga Amerikadan shirin kartoshka (kumara) olib kelib eka boshladilar. Yevropaliklar esa Amerikadan kartoshka, pomidor, tamaki hamda nashani olib keldilar. Yevroosiyo dashtlarida paleolit davrida uddaburon ovchilar mamontlarni qirib tashladi. Eskimoslar Bering dengizida suv sigirlari (stellerlar)ni ovlab tugatdilar. Maoriylar yangi Zelandiyada mao qushini tamom qildilar. Old Osiyoda arablar va forslar arslonlarni ovlayverib, deyarli tugatdilar. Amerikani bosib olgan mustamlakachi ispanlar, golland va inglizlar bizonlar va sayyoh kabutarlarni, Avstraliyani bosib olgan mustamlakachilar kengurularning bir necha turini yo‘qotdilar. XIX asr va XX asrlarda hayvonlarni ovlab, qirish shunday avjiga chiqdiki, zoologlar va zoo-geograflar bu haqda ko‘p yozganlari uchun, biz gapimizni muxtasar qilamiz. Insonlarning hayvonlarga vahshiyona munosabati barcha formatsiyalarda (ijtimoiy-siyosiy tuzumlarda) bo‘lgani sababli, tabiat va inson qarama-qarshiligi ijtimoiy taraqqiyotga bog‘liq emas, deb o‘ylaymiz. Barcha tuzumlarda (quldorlikda, feodalizmda, kapitalistik, sotsialistik tuzumlarda) odamlar tabiatga zarar yetkazib keldilar. Insonlar har gal tabiatga har xil yondoshsalar-da, umumiy jarayonda tabiatga hujumlar davom etaverdi.
Ammo tabiat insonlardan o‘zini himoya qiladi (goho o‘ch ham oladi). Nozikkina yovvoyi o‘t-maysalar tosh yo‘llar va asfalt yo‘llarni yorib, nurga talpinadi. Ba’zi hayvonlar odamlarning tabiatga hujumidan foydalanib ham qoladilar. Preriyalar (cho‘llar)da odamlar bizonlarni, yaklar va qo‘toslarni qirib, shu biotsenoz muhitda qo‘ylarni ko‘paytirganlarida, kasal bizonlar va bug‘ularni tutib yeydigan ochko‘z bo‘rilar kamayib ketdi. Kasallarni yo‘qotuvchi bo‘rilar kamaygach, bug‘u va qo‘ylar orasida kasallik epidemiyasi boshlandi, bug‘ular va qo‘ylar kasallangach, ularni tutib yeydigan koyotlar – echkiemarlar ko‘paydi, endi bu jonzotlar qo‘ylarning kasallarini yo‘qotib, tozalab turdilar.
Amerikadan kartoshka keltirib, ekin maydonlarini kengaytirish Yevropada kolorado qo‘ng‘izlarini ko‘paytirdi. Ular Amerikadan Kordilera tog‘laridan Atlantika okeanini kesib o‘tib, Yevropaga g‘olibona bostirib keldi. Angliya savdo kemalari Polineziya orollariga kalamushlarni va chaquvchi chivinlarni olib keldi. Odamlar bulardan qochib doimo dengiz shamoli esib turgan qumli sohillarga ko‘cha boshladidar. Odamlarning Avstraliyaga quyonlarni va Madeyra oroliga echkilarni ko‘chirib kelishi qanday fojiali oqibatlarni keltirib chiqargani hammaga ma’lum. Tabiatning cheklanish davrlari ham insoniyatning tub ijtimoiy o‘zgarishlari bilan bog‘liq emas. Insonning tabiatni bo‘ysundirishga urinishi har doim salbiy oqibatlarga olib keladi, buni taraqqiyot deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, bu jarayonlarda tabiatning qisman vayron qilinishini turli iqlimdagi etnoslarning eng tez harakat qiluvchi stereotiplari bilan bog‘lash mumkin. Biz endi o‘z mavzuimizga yaqin keldik.
Sotsium (ijtimo’), politiya va etnos
Har bir inson muayyan ijtimoiy guruh (oila, jamoa, jamiyat) a’zosidir. Barcha zamonlarda qaysidir o‘rda, qabila, urug‘-aymoq, jamoa, guruhning a’zosi bo‘lmagan insonni topish qiyin. Sotsial (ijtimoiy), siyosiy va etnik jamoalar o‘rtasidagi munosabatlarni narsalarning uzunligi (hajmi), og‘irligi va haroratiga o‘xshatish mumkin. Bular parallel ravishda yashaydi, ammo bir-biriga muvofiq kelmaydi. Sarkardalar, islohotchilar, elchilar faoliyati geografik sabablarga bog‘liq emas. Ammo tabiat va inson muammosini etnik jamoalar faoliyati bilan hal etish mumkin. Insonlarning tabiatga munosabati va o‘zaro ta’siri faqat ibtidoiy zamonlarga emas, balki hozirgacha (XX asrgacha) bo‘lgan rivojlanish bosqichlarida ham kuzatiladi.
Yuqorida aytilgan uch yo‘nalishning o‘zaro munosabatlarini Angliya va Frantsiyaning o‘tmishdagi voqealarida kuzatish mumkin. Buning uchun juda ko‘p manbalarga va bibliografiya changalzorlariga murojaat qilish shart emas. Ijtimoiy jihatdan ikkala mamlakat bir necha formatsiyalarni – davlat tuzumlarini boshdan kechirdi. Har ikkala mamlakat Rim istilochilariga qadar urug‘-qabilachilik tuzumini, Rim imperiyasi davrida quldorlik tuzumini (garchi Britaniya sobiq Frantsiya, Galliyadan uch asr orqada qolgan bo‘lsa ham), har ikkalasi feodalizm va kapitalizm tuzumini boshdan kechirdi (bu gal Frantsiya yuz yil keyinroq kapitalizmga o‘tdi). XX asr odamlariga La-Mansh bo‘g‘ozi bilan ayrilgan bu ikki millat (inglizlar va frantsuzlar) siyosiy jihatdan klassik (mumtoz) etnik-hududiy birlik bo‘lib ko‘rinadi. Go‘yo boshqacha bo‘lishi mumkin emasdek.
Jug‘rofiy landshaft jihatidan bu hudud uch mintaqaga bo‘linadi: Janubiy Frantsiya – subtropik mintaqada, Shimoliy Frantsiya va Janubiy Angliya o‘rmonlar mintaqasidir, Angliyaning shimoli Shotlandiya tolzorlari va Nortumberlend – sub-borial zonada – iqlimda joylashgan. Har bir iqlim landshafti (er tuzilishi) odamlarni tabiiy muhitga moslashtiradi. Shu asosda muayyan etnoslar shakllanadi. Masalan, Rona daryosining quyi oqimi sohillarida keltlar tokzorlar o‘stiradilar, uzum hosilini oladilar. I-V asrlarda bu yerga kelgan Rim kolonist mustamlakachi jangchilari, V asrda bu joylarni bosib olgan burgundlar, VII asrda kelgan arablar, o‘n birinchi asrda kelgan kataloniyaliklar – hammasi bog‘bonchilik bilan shug‘ullana boshladilar. Mazkur hududda sobiq turli qabila, urug‘-etnoslar bir sohada mehnat qilish, birga yashash oqibatida tillari va urf-odatlari, xulqlari bir-biriga yaqinlashdi. Bu yerda XII asrda avvalgi kataloniyaliklar, provansallar, linkuriyaliklar bir xalqni – franklarni (frantsuzlarni) tashkil qildilar. Albigey urushidagi qirg‘in-barot bu xalqni yana bo‘lib yubordi. Shu sababli bu hudud xalqlaridan janubiy frantsuzlar XIX asrga qadar provansal tilida so‘zlashar edilar, ularning ko‘pchiligi frantsuz tilini ham bilardi.
Norvegiyalik baliqchilarning farzandlari Normandiyani egallab, ikki avlod davomida frantsuz dehqonlariga aylandilar. Ularning faqat yuz qiyofalari (antropologik tuzilishi) mahalliy frantsuzlardan farqlanar edi. O‘sha norvegiyaliklarning yana bir qismi Tvid vodiysida janubiy shotland cho‘ponlariga aylandilar. Shimoliy Shotlandiyada mahalliy keltlar uzoq vaqtlar davomida urug‘-qabilachilik tuzumini saqlab qoldilar. Shunday qilib, siyosat emac, balki asosan landshaft tabiiy-muhit chegaralari etnoslarni shakllantirdi.
Frantsiyaning shimoliy yarmi, uning qalbi o‘rtasining landshafti konvergentsiya (urf-odat, tillarning yaqinlashuvi) yo‘li bilan qadimgi vaqtlarda – beljilar, akvitanlar va keltlar, milodning boshlarida lotinlar va germanlar, ilk o‘rta asrlarda franklar, burgundlar, alonlar, brittlar, uyg‘onish davrida ingliz, italyan, ispan va golland muhojirlarini yaqinlashtirib, frantsuzlarning shakllanishiga hissa qo‘shdilar. Bularning barchasi frantsuz dehqonlariga aylandilar. Mana shunday dehqonlarnig hayotini etnograflar, tarixchilardan ko‘ra Balzak, Emil Zolya kabi realistik yozuvchilar yorqin tasvirlab berganlar.
Shunday ekan, savol tug‘iladi: nima uchun landshaftlari va ijtimoiy tuzumlari o‘xshash bo‘lgan bu ikki hudud (Angliya va Frantsiya) bir davlat, bir mamlakat bo‘lib birlashmadi? Birlashuv bu ikkala hudud xalqlari uchun foydali edi-ku?
O‘rta asrlarda qirollar buni yaxshi tushunib, har ikki hududni bir davlatga, bir mamlakatga birlashtirishga uch marta harakat qilgan edilar. 1066 yilda Frantsiya qirolining vassali (noibi), Normandiya gertsogi Gayum Britaniyaning Anglo-Saksoniya qismini egallab oldi. Gayo sulolasi ag‘darilgach, bu hudud boshqa frantsuz feodali – Genrix Plantagenet qo‘liga o‘tdi. 1154 yilda Normandiya yana bir marta Angliyani o‘z davlatiga qo‘shib oldi. Keyinroq Angliya, Normandiya, Puatu, Akvitaniya (Frantsiya janubi, Sena daryosi atroflari) va Overn viloyatlarini birlashtirgan Genrix Plantagenet davlati vujudga keldi. Plantagenetlar sulolasi ketgach, 1205 yilda Frantsiya qiroli Filipp Avgust Angliya qirolidan Normandiya, Puatu, Turen va Anju viloyatlarini tortib oldi. Angliya qo‘l ostida (Frantsiya yerlaridan) Bordo va Bayonna qoldi. Bu viloyatlarda Gasskom baronlari planagenetlarni qo‘llab-quvvatlar edilar.
Angliya va Frantsiyani yana birlashtirish uchun 1339 yilda yuz yillik urush boshlandi. Bu gal urushni Angliya qiroli boshladi. Uzoq yillar davom etgan urush oxirida Angliya qiroli Genrix Lanpaster toj kiyib, Frantsiya taxtiga o‘tirdi. Ammo u taxtda uzoq o‘tirmadi. Uni Janna D,Ark boshchiligidagi g‘alayonchilar Frantsiyadan quvib chiqardilar. Shundan so‘ng ikkala mamlakatni birlashtirish harakatlariga chek qo‘yildi.
Tabiiy geografik va siyosat sohasidagi bu o‘zgarishlarning sabablarini izlash foydasiz, lekin iqtisodiy geografiyani o‘rganish bu masalalarga ravshanlik kirita oladi. Ko‘pchilik tarixchilar hozir shunday qilmoqdalar. Siyosiy birlashmalar, davlatlar barqarorlik va rivojlanish uchun bir xil xo‘jalik mahsulotlariga emas, balki rang-barang iqlimlardagi turli-tuman mahsulotlarga ehtiyoj sezadilar. Iqtisodiy jihatdan turlicha va xilma-xil mahsulotlar yetishtiruvchi viloyatlar bir-birini to‘ldirib, davlatni kuchaytiradi. Shimoliy Angliyadan qo‘y yungi, Kentdan va Normandiyadan bug‘doy, Overndan vino, Turendan gazlamalar kelib turgan vaqtda Plantaganetlar davlati kuchaygan edi. Iqtisodiy aloqalar turli etnos-millatlarni yaqinlashtirdi, podshohlarni boyitdi. Ammo shunday sharoitda ham turli etnoslar birlashib ketmadi. Nima uchun? Bu savolga javob berish uchun yuqorida aytilgan hududlarda yashovchilarning etnik tarkibini o‘rganib chiqish zarur.
Rus tilidan Mahkam Mahmudov tarjimasi
Ibn Xaldun izdoshi
Atoqli tarixchi, geograf, etnograf, turkolog olim Lev Gumilyov 1912 yilda Nikolay Gumilyov va Anna Axmatova oilasida tug‘ilgan. Lev Nikolayevich otasi sho‘rolar dushmani sifatida otib tashlangan vaqtda 2 yoshda bo‘lgan. Leva ancha urinishlardan so‘ng, 22 yoshida Leningrad universiteti tarix fakultetiga o‘qishga kiradi. Uni “shubhali” shaxs, sinfiy dushmanning o‘g‘li sifatida hibsga oladilar. Bir necha yil qamoqda o‘tirgach, ozodlikka chiqqanida universitetda tahsilni davom ettirolmay Shimoliy muz okeani kemalarida yollanma ishchi bo‘lib ishlay boshlaydi. Ikkinchi jahon urushida qatnashib, Berlingacha boradi. Urushdan so‘ng universitetda qisqa vaqtda o‘qishni tugatib, aspiranturaga kiradi. Tarix fanidan nomzodlik dissertatsiyasi yoqlaganidan so‘ng yana qamoqqa olinadi. Lev Gumilyov 1956 yilda, ko‘pchilik millatparvar, taraqqiyparvarlar qatorida oqlanib, ozodlikka chiqarildi.
Lev Gumilyov 1961 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Bu tadqiqoti haqida ustozi, atoqli olim M.Artamonov o‘z fikrini bildirib: “Gumilyovga (turli geografik, biologik, zoologik, tarixiy-etnografik bilimlarni) sintez qilish qobiliyatini Xudo bergan”, deb yozgan edi.
Fan doktori bo‘lganidan so‘ng Lev Gumilyov yer yuzida turli etnoslarning paydo bo‘lish va shakllanishida landshaftlar – tabiiy muhit hamda geotsenoz va ziotsenoz “Ota makon”, o‘rganilgan iqlim sharoitlarining ahamiyati haqida yanada yangi va ilmiy-nazariy tadqiqotlarni kuchaytirdi. So‘ng bu ishlarini to‘plab, ikkinchi marta doktorlik himoyasi uchun kafedra ilmiy kengashiga topshirdi. Lev Gumilyov “Inson va tabiat” jurnali muxbirining “Ikkinchi marta doktorlikni yoqlash Sizga nima uchun zarur bo‘lib qoldi?” – degan savoliga bunday javob beradi: “Yangi tadqiqotlarda aytilgan ilmiy-nazariy yangiliklar yana siyosiy nazorat idoralarining e’tiborini torta boshladi. Bu idoralar faqat kafedra va universitet ilmiy kengashlarida muhokama qilingan va tasdiqlangan fikrlargagina aybnoma qo‘yolmas edilar. Shu sababli, yangi kitobimni yana doktorlik dissertatsiyasi sifatida topshirdim. Bu vaqtga kelib, sobiq Ittifoq hayotida, xususan, uning ilmiy-madaniy hayotida so‘z, ijod erkinligi yana cheklana boshlayotgan edi. Shunday sharoitda ham Attestatsiya komissiyasi Lev Gumilyovning ikkinchi doktorlik ishini qaytaradi va shunday g‘aroyib xulosa beradi: “Mazkur ilmiy tadqiqot doktorlik dissertatsiyasiga nisbatan ancha balandligi sababli, bu ishga doktorlik darajasini berish lozim topilmadi”.
Muxbirning “Sizga bu masalalar bilan shug‘ullanishda qaysi olimlar ustozlik qilgan?” degan savoliga Lev Gumilyovning javobi bir qarashda nokamtarlikday ko‘rinadi. “Bu masalalar bilan hech kim shug‘ullanmagani sababli bu sohada ustozlarim yo‘q edi. Bu fikrda jon bor, albatta. U javobini davom ettirib, “Mening olim bo‘lib yetishuvimga ibn Xaldun (XIV asr), Jon Battista Viko, Otto Shpengler, qisman A.Toynba, V.Vernadskiy asarlarining ta’siri katta bo‘lgani shubhasiz”,– deydi.
Quyida e’tiboringizga L.Gumilyovning 1988 yilda Rossiyaning “Chelovek i priroda” jurnalida chop etilgan maqolasini havola qilmoqdamiz.
Tarjimondan
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son