Buyuk faylasuflar turkumidan: Epikur

Kishini hech qanday iztirobdan xalos qilmaydigan faylasufning so‘zlari quruqdir. Vujuddan kasallikni quvolmagan meditsinadan hech qanday naf yo‘q bo‘lganidek, qalbdan xastalikni quvolmagan falsafadan ham hech qanday foyda yo‘q.
EPIKUR

Epikurning nigohi bepoyon Koinotga tikilgan bo‘lsa-da, uning aqlu idroki mavjudlik sirlarini, borliqning shakllanish va rivojlanish qonuniyatlarini, inson tafakkurining qudratini bilishga qaratilgan edi.

Shu bois, u har qanday g‘ayrihayotiy fikrlarni, g‘oyalarni rad etadi. Uning fikriga ko‘ra, hech nima yo‘qdan bor bo‘lmaydi. Mabodo tabohlikka uchragan, yemirilgan narsalar mutlaq yo‘q bo‘lganida ular boshqa narsalarga aylanmagan, nom-nishonsiz, beiz ketardi. Borliqdagi mavjud narsalar shaklini o‘zgartirib boshqa narsalarga aylanadi, xolos.

Donishvar Koinot, dunyo, barcha narsalarning ilk asosi, boshlang‘ich nuqtasi atomdir deb biladi. Demak, u Demokrit tarafdori, atomistik qarashlarining davomchisidir. Biroq atomning harakatlari, bo‘linishi, ko‘rinishlari haqidagi fikrlarida u Demokritdan keskin farq qiladi. Masalan, Demokrit nazarida atomlar turli ko‘rinish, beadad, cheksiz bo‘linish xususiyatiga ega. Epikurning fikriga ko‘ra, atomlar son-sanoqsiz ko‘pdir. Ular bo‘linishida cheklangan va mutlaq hech nima darajasiga yetadigan tarzda parchalanmaydi, oxir natijada shunday bir qism, parcha qoladiki, u oxirgi, boshqa bo‘linmas bo‘lakdir. Aks holda yemiriladigan, shaklini yo‘qotadigan barcha narsalar mutlaq beiz ketgan, yo‘qqa aylangan, shu tariqa borliqdan asar ham qolmasdi. Demokrit atomlarni nihoyatda zich joylashgan, ular o‘rtasida bo‘shliq yo‘q, Epikur esa bo‘shliq atomlar harakatlanishining shartidir deb hisoblaydi. “Bo‘shliq bo‘lmaganida narsalar harakat qilolmasdi. Koinot tabiatan narsalar va bo‘shliqdan iborat”. Ammo Epikurning bu bo‘shlig‘i, A.V.Losev iborasi bilan aytganda, “tantanavor, sokin va chuqur bo‘shliq edi”, chunki ma’lum bir bo‘shliqdagina narsalar, atomlar harakat qilishi, o‘zgarishi, rivojlanishi mumkin.

Demokrit atomlari tepadan pastga to‘g‘ri chiziqli harakat qiladi. Epikur tafsilida esa ular o‘z og‘irligiga muvofiq tepadan pastga to‘g‘ri chiziqli, ushbu to‘g‘ri chiziqdan chekkaga chiqqan tarzda va yon tomonlarga harakat qiladi. Atomlar o‘z holicha to‘qnashib, birlashadi va narsalar hosil qiladi. Koinot, borliq ham shu tarzda paydo bo‘lgan. Demak, narsalar, maxdudot mustaqil harakat qiladigan atomlardan, ularning o‘zgarishlaridan iborat. Ular Koinotda mutlaq yo‘q bo‘lib ketmaydi, yemirilgan narsalardagi atomlar boshqa ko‘rinishga o‘tadi, xolos. “Hech narsa yo‘qdan paydo bo‘lmaydi; agar bor narsa mavjudlikda yo‘q bo‘lsa, yemirilgan narsalar allaqachon yo‘q bo‘lardi”. Butun Koinotda ushbu materiyaning saqlanish qonuni amal qiladi. Koinot o‘zi o‘zi uchun mavjud, unda yuz beradigan shakllanish, yemirilish, o‘zgarishlar uning qismlariga taalluqli, uning ichidagi mavjud narsalar, atomlar orasida ro‘y beradi. Koinotning o‘zi esa o‘zgarmas, u qanday bo‘lsa, shundayligicha mavjuddir. Ko‘rinib turibdiki, donishvar fikriga ko‘ra, Koinot, Borliq muabbaddir, ularning asosini o‘z tuzilishi va ko‘rinishiga ega mayda zarrachalar — atomlar tashkil etadi. Biroq atomlar qandaydir ilohiy kuch turtkisiga yoki karomatiga muvofiq emas, balki shakllanish va yemirilishdan iborat ichki dialektik qonunlariga monand harakat qiladi. Ushbu harakatlar narsalarning shakllanish va yemirilish, voqealarning ro‘y berish jarayonlarini goho tasodifga aylantiradi. Shu nuqtai nazardan Epikurni sinergetikaning asoschisi deyish mumkin.

Koinot, borliq, Epikur tafsirida, son-sanoqsiz olamlardan iborat. Ushbu olamlar, sayyoralarda ham Yerdagi kabi jonzotlar, odamlar yashashi mumkin. Shuning uchun ular, ya’ni “olamlar o‘rtasida keskin farqlar mutlaqo yo‘q… odamlar sanoqsiz tarzda aynan takrorlanadilar. Barcha olamlarda bizdagidek jonli mavjudotlar, o‘simliklar va boshqa narsalar bor”. Epikur va epikurchilar Koinotning beadadligini tan olar ekan, undagi sanoqsiz olamlarda Yerdagidek hayot mavjud, ularda ham odamlar bizdek erk, adolat, haqiqat haqida fikr yuritadi degan gipotezalarni ilgari suradi. Chamasi fantast yozuvchilar o‘zga sayyoraliklar haqidagi g‘oyani epikurchilardan olganga o‘xshaydi. Qanday bo‘lmasin, Epikur va epikurchilar Koinotda ongli mavjudotlar sonsiz-sanoqsiz degan nazarni ilgari suradi.

Biz yashayotgan dunyo, tsivilizatsiya atomlarning turli harakatlari natijasidir. Lukretsiyning Epikur tilidan xabar berishiga ko‘ra, ibtidoda atomlar xuddi do‘l kabi tepadan pastga quyilgan, keyin ular bo‘shliqda bir-birlari bilan to‘qnashib, bir-birlariga birlashib osmon, yer, dengiz, oy va quyoshni paydo qilgan. Ushbu besh elementning uyg‘unligi va qulay tabiiy sharoit yerda hayotni yuzaga keltirgan. Odamlar ilk tirik mavjudot sifatida yerdan yaralgan. Ular avval yovvoyi to‘da sifatida yashagan, na gapirishni, na uy-joy qurishni, na san’at va texnikani bilgan. Ularda oila ham bo‘lmagan, ular tasodifiy, pala-partish aloqalar bilan o‘zining tabiiy ehtiyojlarini qondirgan. Ular ov, baliqchilik bilan shug‘ullanib, g‘orlarda yashagan.

Keyinchalik ular chaqmoqdan olov qilishni, loydan kulbalar yasashni, teridan kiyim tikishni, hayvonlarni qo‘lga o‘rgatib ulardan foydalanishni o‘rgangan. Dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiqning shakllanish va rivojlanishi tufayli shaharlar, huquq va sud idoralari, kishilarning o‘zaro kelishishi, hozirgi til bilan aytganda, ijtimoiy shartnoma asosida esa davlat paydo bo‘lgan. San’at — ashula, raqs, musiqa va poeziya bilan shug‘ullanish inson hayotining tarkibiy qismiga aylangan. Shu tariqa tsivilizatsiya yuzaga kelgan. Sivilizatsiya bilan birga kishilarda boylik orttirishga intilish avj oladi, urushlar, din kishilar o‘rtasidagi ittifoqqa rahna soladi. Tarixiy shart-sharoitlar kishilarni turli narsalarni ixtiro etishga undaydi, “bir sohada ular katta yutuqlarga erishdi, boshqa sohalarda bu yutuqlar hali kam edi”. Demak, olamning paydo bo‘lishi ko‘rinmas, o‘lmas va bo‘linmas son-sanoqsiz atomlar harakatlarining kombinatsiyalari, tsivilizatsiya esa inson ijtihodlarining natijasidir. Odam o‘z aqlu idroki bilan olamning shakllanishini, o‘zgarishini anglashi, tarixiy rivojlanish jarayonlarini boshqarishi mumkin.

Demak, Epikur ta’limotiga ko‘ra, Koinot, olam g‘ayritabiiy, ilohiy kuchlar mahsuli emas, borliq muabbaddir. Biroq Donishvar tashqi kuch — xudoning borligini inkor etmaydi, balki, aksincha, u xudolar bor, biroq xudolar inson hayotidan tashqarida mavjud o‘ta nozik atomlardan yaralgan, deb biladi…

Epikur xudolarning borligi, masalan, ularning tushga kirishidadir deb hisoblaydi. Biroq xudo, uning tasvirida oliy baxt va oliy farog‘atda yashaydi, o‘zi-o‘zi uchun mavjud. Shu bois, xudo kishilarning hayotiga aralashmaydi, ulardan xursand ham, xafa ham bo‘lmaydi. U barcha narsalar, mavjudotlar kabi atomlardan tashkil topgan, biroq ushbu atomlar yerda yo‘q o‘ta nozik olovdir. U muabbad va bepoyon kenglikda o‘zi-o‘zi bilan band holda kezib yuradi, tirik jonzotlar, odamlar kabi yeydi, ichadi, o‘zining vujudi va sog‘ligi haqida qayg‘uradi.

Ko‘rinib turibdiki, Epikur va uning izdoshlari xudolarning borligini inkor etmaydi, ammo ularning xatti-harakatlari inson hayotidan xoli, sof rohat-farog‘atdan iboratdir. Hatto ular inson tilida gaplashsa-da, yerliklar hayotiga aralashmaydi, samoviy harakatlarga mutlaqo befarqdir. Demak, xudolar bilan inson o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik, aloqalar yo‘q. Xudolar kishilarning iltijolariga quloq ham tutmaydi, ularni eshitmaydi ham. “Agar xudolar iltijolarni eshitsa, — deb yozadi donishvar, — kishilar bir-biriga yovuzlik tilaganidan allaqachon qirilib ketardilar”.

Bir tomondan xudoning borligi tan olinishi, ikkinchi tomondan ularning kishilar hayotiga aralashmasligi Epikur falsafasidagi deizm, ziddiyatli tomondir. Ammo ushbu ziddiyatni A.V.Losev, Epikur qarashlarining “eng haqiqiy mantiqiy davomidir”, deb yozadi. Chunki Epikurning xudo borligini qayd etishida beg‘araz “estetik muloqot”ga ehtiyoj mavjud. “Donishmand xudolar oldida tiz cho‘kish zarur” deganida Epikur ilohiy kuchlarga mutelarcha sig‘inishni emas, balki go‘zal, sof, oliy mavjudot bilan, barcha greklar kabi, estetik muloqotda bo‘lish istagidan kelib chiqqan. “Donishmand poemalar to‘qimaydi, u (o‘z hayoti bilan) poemalar ijod qiladi”, ya’ni donishmand hayotining o‘zi go‘zal va betakror asardir. Donishvarning, xudolar haqidagi qarashlari aslida ushbu estetik ehtiyoj natijasidir. Xudolar mavjudligini estetik ehtiyoj hisoblash Epikur va uning izdoshlarini xudoni bilish mumkin degan xulosaga olib keladi. Diogen Lauertsiyning xabar berishicha Epikur xudolarni ikki guruhga ajratib, ularni “aql bilan bilish mumkin” deb hisoblagan. To‘g‘ri, Epikur va epikurchilarning, ilohiyat haqidagi qarashlari turli savollar uyg‘otadi. Agar atomlar shakllanish va yemirilish xususiyatiga ega bo‘lsa, xudolarning atomlardan iboratligi ularning muabbadligi haqidagi fikrini yo‘qqa chiqarmaydimi? Mabodo xudolar nozik, ko‘zga ko‘rinmas atomlardan iborat bo‘lsa, ularni aql bilan bilish qanday amalga oshiriladi? Xudolar odamsifatligining tasdig‘i nimada? Kishilar hayotidan tashqarida yashaydigan xudolar faqat “estetik muloqot”, estetik ehtiyoj manbaimi?… Bizning ishonchimiz komil, Epikur va epikurchilar ushbu azaliy savollarga qoniqarli javob berishlari dargumon. Hatto ularning “Xudolarning nomlari sanoqli, ammo ularning o‘zi sanoqsizdir” degani, qurbonliklar keltirib diniy bayramlarda qatnashganlari ham yuqoridagi savollarga javob bo‘lolmaydi.

Epikur va epikurchilar qadimgi Gretsiya xudolarini sharaflagan, lekin faylasuflarning bu ehtiromi insoniy aql-idrok doirasida edi. Shuning uchun Andre Bonnar ularning ilohiyotga munosabatlarini ifodalab yozadi: “Gap shundaki, biz xudolarga sig‘inishga emas, balki insonning o‘ziga ishonch bilan qarashga da’vat etishimiz darkor. Asosiysi — xudolardan qo‘rqmasligimiz kerak, chunki qo‘rquv bizni ojiz qilib qo‘yadi, aqldan ozdiradi. Bizlarga, kishilarga, inson aqlu zakovatiga ishonish, to‘g‘ri, kamtarona, ammo ishonchlidir. Xudolardan qo‘rqishdan xalos bo‘lsak, koinot sirli va vahimali ko‘rinmaydi”. Biroq, Epikur va epikurchilar ateizmi mutlaq dahriylik, Plutarx aytganidek, “butunlay xudosizlik”, o‘ta shakkoklik emas, uning negizida xalq xudolariga va ular bilan bog‘liq urf-odatlarga ishonch, eng muhimi esa insonning aqlu zakovatiga, bilimiga chuqur e’tiqod mavjud. Alhaqki, ongni chalg‘ituvchi g‘ayrihayotiy va g‘ayriinsoniy ta’limotlardan oddiy, sodda bo‘lsa-da, ammo inson aqlini va imkonini kengaytiruvchi bir fikr afzaldir.

Epikur va uning shogirdlari hayotdan, mavjudlikdan, mavjudotdan lazzat, zavq olib yashashni ta’limot darajasiga ko‘tardi. Qiziqarli hol shundaki, “e, ich, mazza qil” shiorini o‘z ta’limotining asosiga aylantirgan jaynizm ham Hindistonda aynan o‘sha davrda paydo bo‘lgan. Epikur ta’kidiga ko‘ra, “vujudning lazzatlanishi barcha harakatlarning oxir-natijasidir”. Inson qo‘rquv, g‘am, iztiroblardan xalos bo‘lishi, ya’ni baxtiyor yashashi zarur. Baxtiyorlik esa eng avvalo lazzat, zavqdadir. Biroq lazzat, “suyuqoyoqlar istaydigan fahshda, ba’zilar o‘ylaydigandek hirsda emas, u vujudning iztiroblardan va ruhning vahimalardan xoli bo‘lishidadir”. Donishvar lazzatlanish deganida shahvatga, hirsga, narsaga berilib insonni ma’naviy, ruhiy,oxir-natijada esa jismoniy tanazzulga olib keluvchi illatlarni, axloqsizliklarni nazarda tutmaydi. Alhaqki, vujud totgan lazzat orqali kishi o‘zini baxtiyor sezadi; ochning qorni to‘ysa ko‘ngli shod bo‘ladi, kishandan ozod qilingan qul hurlikdan zavq oladi, betoblikdan qutulgan tana yayraydi, sovuq qotgan kishi pana topib isinsa, orom topadi va boshqalar. Axir ushbu tabiiy ehtiyojlardan zavq olmay, lazzatlanmay bo‘ladimi? Keyinchalik Epikur ruhiy, ma’naviy lazzatlanish, “ruhning ehtiroslarsiz, vahimalarsiz va bid’atlarsiz osuda va ravonlikda bo‘lishi oxir maqsadimizdir” degan xulosaga keladi. Demak, vujud lazzati ruh lazzatining ibtidosi, bir ko‘rinishidir, hamma narsa ruhning hurligi va hurlikdan rohatlanishi bilan o‘lchanadi. Bu aslida umr bo‘yi donishvar e’zozlab kelgan shaxs hurligi, erki haqidagi ta’limotining mantiqiy davomidir.

Faylasuf, tabiat inson uchun eng zarur narsalarni yaratib qo‘ygan, ulardan ortig‘ini istovchi kishi “bema’ni fikrlarga ergashib o‘z hayotini rasvo qiladi”, deb yozadi. Kishidagi bor istaklar, uning bema’ni fikrlari nomaqbul kayfiyatidan kelib chiqadi. Shuning uchun aql-idrok kishi hayotini bulg‘ovchi ushbu bad sifatlarni jilovlashga qaratilmog‘i zarur. Mol-mulk yig‘ish, shuhrat topish, zo‘ravonlik qilish mayllaridan voz kechgan kishigina ruhiy hurlik, haqiqiy erk nima ekanligini tuyadi. O‘z ehtiros va istaklarini boshqargan a’lam. Ruhi erkin, hur boshqalarga mute yoki narsalarga mutedir. Hurlikni boshqalar ham bermaydi, narsalar ham bermaydi; erk u eng zaruridan lazzat olib yashay olishdadir. Umuman, “Kishi oqilona, qanoatli, mag‘rur va adolatli yashaganida xushbaxtdir”.

To‘g‘ri, raqiblari Epikur va epikurchilarni lazzatlanishni hayot tarziga aylantirishda, ulug‘lashda ayblashadi. Ular donishvarning: “Har qanday farog‘atning boshi va oxiri — ochlikni qondirishdadir; hatto a’lamlik va boshqa boyliklar ham unga taalluqlidir” degan fikrini dalil sifatida keltirishadi, biroq ular donishvarning kamsuqumlik, axloq,adolat bilan bog‘liq qarashlarini e’tiborga olishmaydi. Shu bois, “epikurizm” atamasini salbiy ma’noda ishlatishadi. Darvoqe, manbalar ko‘rsatadiki, Epikurning asosiy ovqati suv va non bo‘lgan, oshqozoni xastaligidan vino iste’mol qilmagan, jinsiy aloqadan o‘zini tiygan. G‘aribona kulbasining eshigi kechayu kunduz ochiq turgan, chunki unda o‘g‘irlashga loyiq narsa bo‘lmagan, uning va shogirdlarining eng asosiy boyligi ruhiy-ma’naviy hurlik edi. Kim hur yashadi,uning hayoti sharafga, taqlidga loyiq; kim hur emas, u boshqalarga ham hurlikni ravo ko‘rmaydi…

Viktor ALIMASOV,
falsafa fanlari doktori