Ubaydulla Uvatov. Imom at-Termiziy — buyuk muhaddis (1990)

Zamonaning zayli bilan kamina xizmat yuzasidan ko‘p yillar qator arab mamlakatlarida arab tili tarjimoni bo‘lib ishlashga to‘g‘ri keldi. Arablar diyorida uzoq yillar yashashning o‘zi, fikrimizcha, har qanday arabshunos uchun ham bir olam quvonchli holdir. Chunonchi, o‘zing tilini o‘rgangan diyor bilan yaqindan tanishish, insoniyat madaniyatiga, faniga ulkan hissa qo‘shgan bu qadimiy xalqning urf-odatlari, rasm-rusumlari, turmush tarzi bilan bevosita tanishishning o‘zi katta maktabdir. Ushbu safarlar chog‘ida olingan xilma-xil va boy taassurotlar uzoq yillar xotirada qoladi, albatta.

Lekin arablar diyoridan qalbimda mustahkam o‘rnashib qolgan bir ajib tuyg‘u umrbod xotiramdan chiqmasa kerak. U ham bo‘lsa, arablarning uzoq o‘tmishda yashab o‘tgan o‘rta osiyolik buyuk olimlarga bo‘lgan katta hurmat-e’tibori, ularga nisbatan iliq munosabatlaridir. Muso al-Xorazmiy, Mahmud az-Zamaxshariy, Abu Rayhon al-Beruniy, buxorolik Imom al-Buxoriy, Abu Bakr Muhammad an-Narshaxiy, Abu Ali ibn Sino (arablar orasida u shayx ur-rais nomi bilan ham mashhur), termizlik Abu Iso Muhammad at-Termiziy, Hakim at-Termiziy, Sobir at-Termiziy, shuningdek As-Samarqandiy, Ash-Shoshiy (at-Toshkandiy), Al-Farg‘oniy, Al-Marg‘iynoniy taxallusi bilan atalib, ko‘hna zaminimizda tavallud topgan ko‘plab olim va mutafakkirlarning arab mamlakatlarida g‘oyatda mashhurligi, ularning nomi zo‘r hurmat-e’tibor bilan tilga olinishi g‘oyatda faxrlidir. Ushbu allomalar nomidagi ko‘chalar, maydonlar, kutubxonalar, kitob do‘konlari va shifoxonalarda bo‘lganimda buyuk vatandoshlarimiz uchun qalbim g‘urur va iftixorga to‘lganligini so‘z bilan ijodalash qiyin.

O‘rta Osiyo zamini tarbiyalab yetishtirgan ushbu mutafakkirlar qo‘lyozmalarining Qohira va Bag‘dod, Damashq va Bayrut, Tripoli va Ommon qo‘lyozma xazinalarida ko‘z qorachig‘iday avaylab saqlanishi, ularning hayoti va boy ijodiy merosiga bag‘ishlanib chop qilingan xilma-xil yirik tadqiqotlar, ilmiy ishlar, risolalar ular qalamiga mansub asarlarning katta ilmiy va amaliy ahamiyatidan dalolat beradi. Zotan, ular yaratgan asarlar o‘rta asrlar ilm-fanining barcha sohalarini qamrab olganligini ham eslatish o‘rinlidir. Yuqorida zikr qilganimiz allomalarning deyarli hammasi zamon taqozosi bilan o‘z asarlarini arab tilida yozganligi ham ushbu jarayonda muayyan ahamiyat kasb etgan.

Diyorimizdan chiqib jahonshumul ahamiyatga ega asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri mashhur muhaddis (hadis ilmi olimi) Abu Iso Muhammad at-Termiziydir.

Uning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn ad-Dahhok as-Sullamiy (umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan ad-Dariyr taxallusi bilan ham atalgan) at-Termiziy bo‘lib, u hijriy hisobida 210 (milodiy 825) yilda Termizda uncha badavlat bo‘lmagan oilada tavallud topdi. O‘rta osiyolik mashhur olim va tarixchi Abu Saad Abdulkarim As-Sam’oniyning (1113—1167) «Al-Ansob» nomli asarida qayd etilishicha, At-Termiziy Bug‘ (hozirgi Sherobod nohiyasi) qishlog‘ida vafot etganligi uchun uning nomiga al-Bug‘iy taxallusi ham qo‘shilgan.

Uning yoshlik yillari Termiz shahrida o‘tib, dastlabki ma’lumotni ham shu shaharda olgan. Chunonchi, yozma manbalar va tarixiy osoru-atiqalardan ma’lumki, o‘rta asrlarda Xorazm, Buxoro, Samarqand singari Termiz ham O‘rta Osiyoning ilmfan va madaniyati rivojlangan o‘lkalardan biri bo‘lgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, yodlash quvvati, xotirasining kuchliligi va noyob qobiliyati bilan ajralib turgan At-Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan.

U o‘z bilimlarini boyitish maqsadida keyinchalik ko‘pgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Ko‘p yillar davom etgan safarlari chog‘ida At-Termiziy ilm-fanining turli sohalaridan — ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa o‘zi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan o‘z davrining yirik olimlaridan ta’lim oladi. Imom Ismoil al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Sa’iyd, Isxoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon kabi mashhur muhaddislar uning ustozlari edi.

Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plashda va o‘rganishda At-Termiziy har bir qulay fursatdan foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham, bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan va uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, alohida-alohida qayd qilib borgan. Shu tariqa payg‘ambar alayhissalom haqidagi va uning o‘zlari aytgan xilma-xil va ko‘pdan-ko‘p hadislarni to‘plagan va ularni muntazam ravishda tartibga keltirib, katta muvaffaqiyatga erishgan.

O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan At-Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Hadis ilmidagi uning shogirdlaridan Makhul ibn al-Fadl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Hamad ibn Shokir, Abu ibn Muhammad an-Nasafyun, Al-Haysam ibn Qulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy va Abu-l-Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiylarni ko‘rsatish mumkin. Ko‘p yillar xorijiy mamlakatlarda bo‘lganidan keyin At-Termiziy o‘z yurtiga yirik muhaddis olim sifatida qaytadi, ijodiy ish va shogirdlar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ladi. U 279 hijriy (milodiy 892) yilda Termizdan uncha uzoq bo‘lmagan Bug‘ qishlog‘ida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi. Uning qabri hozirgi paytda davlat tomonidan muhofaza etiladigan tarixiy yodgorlik bo‘lib, ziyoratgoh hisoblanadi.

At-Termiziy bir qancha ilmiy asarlar yaratgan bo‘lib, ularning aksar qismi bevosita hadislarga bag‘ishlangan. Shu xususdan bu o‘rinda hadis ilmi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tish foydadan xoli bo‘lmas. Gap shundaki, VII asrning birinchi yarmida tirixiy jihatdan qisqa muddatda yuzaga kelgan Qur’on islom ta’limotida katta madaniy va tarixiy ahamiyatga ega asosiy manba bo‘lsa-da, musulmon dunyosining ijtimoiy, huquqiy va ahloqiy tomonlariga oid jamiki masalalarni har tomonlama to‘kis qamrab ololmagan, albatta. Shu boisdan ham islom dini chegaralarining kengayishi va uning qonun-qoidalariga asoslangan jamiyat rivojlangani sari turli-tuman yangi g‘oyaviy fikr-mulohazalar va ko‘rsatmalarga ehtiyoj tobora kuchaya borgan. Shu sababli barcha jihatlardan namunali zot hisoblangan payg‘ambar Muhammad alayhissalomning o‘zlari aytgan ibratomuz pand-nasihatlar, diniy va axloqiy masalalarga qarashlari va ko‘rsatmalari hamda payg‘ambar alayhissalom hayoti, faoliyati xususida uning qarindosh-urug‘lari, sahobalari, yaqin safdoshlari aytgan hikoyat va rivoyatlar — hadislarni to‘plash keng ko‘lamda avj olgan. Shunga ko‘ra, Islom ta’limotida hadislar Qur’ondan keyin turadigan muhim manbalar hisoblanadi.

Hadislarni to‘plash, o‘rganish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan olimlar muhaddislar deb atalgan. Islom ulamolari o‘rtasida ilk davrdan boshlab hadislarning to‘g‘riligi, ularning ishonchli manbalarga asoslanishiga katta e’tibor berilgan. Chunonchi, ilk davrlardayoq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, olimlarning betinim mehnati natijasida asli holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islomshunos yirik ulamolar orasida ishonchli manbalar asosida to‘plangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar to‘plami mualliflari eng nufuzli va ishonchli muhaddislar deb tan olingan. Mana shu tan olingan mashhur muhaddislardan biri Imom at-Termiziydir.

At-Termiziyning qalamiga mansub ilmiy asarlarning aksar qismi bizgacha yetib kelgan. Shulardan «Al-Jomi’ («Jamlovchi»), «Ash-Shamoil an-nabaviya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari»), «Al-Ilal fi-l-hadiys» («Hadislardagi og‘ishishlar»), «Risola fi-l-xilof va-l-jadal» («Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola»), «At-Tarix» («Tarix»), «Kitob az-Zuhd» («Taqvo haqida kitob»), «Kitob ul-asmo va-l-kuna» («Ismlar va laqablar haqida kitob») va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.

At-Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, «Al-Jomi’» bo‘lib, avval eslatib o‘tganimizdek, u payg‘ambar alayhissalomga doir oltita ishonchli hadislar to‘plamlaridan biridir. Ushbu asar ilmiy adabiyot va manbalarda «Al-Jomi’ al-kabir» («Katta to‘plam»), «Al-Jomi’ us-sahiyh» («Ishonchli to‘plam»), «Jomi’ at-Termiziy» («Termiziy to‘plami»), «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») kabi nomlar bilan ham ataladi.

At-Termiziyning mashhur ta’liflaridan yana biri «Ash-Shamoil an-nabaviya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari») bo‘lib, bu asar ba’zi manbalarda «Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallollohu alayhi va sallama» nomi bilan ham keltirilgan. Asar payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u kishining suvrat va siyratlari, ajoyib fazilat va odatlariga oid 408 hadisi sharifni o‘ziga jamlagan qimmatli manbadir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p olimlar—muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin At-Termiziy asarining yuqoridagi asarlardan afzalligi va farqi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda to‘plab, muayyan tartibga keltirgan va yaxlit bir kitob shaklida jamlagan.

«Ash-Shamoil an-nabaviya» azaldan islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga jalb etib keladi. Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan, Shu bilan bir qatorda ushbu asarning tili ravon va uslubi g‘oyatda oddiyligini ham qayd qilib o‘tish o‘rinlidir. Asarning fors va turk tillariga tarjima qilinganligi ham unga bo‘lgan qiziqishning kattaligidan dalolat.

«Ash-Shamoil an-nabaviya»ning birinchi qismida keltirilgan hadislar payg‘ambar alayhissalomning suvrat (tashqi qiyofa)lariga bag‘ishlangan, bularga ko‘ra, payg‘ambarimiz novcha ham, pakana ham emas, balki o‘rta bo‘yli, yag‘rindor, qo‘llari go‘shtdor (bo‘lali) va doimo jun bilan qoplangan, kaftlari bo‘liq, qirg‘iyburun, peshonalari keng, ko‘zlari katta-katta bir zot bo‘lgan.

Asarning ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa payg‘ambar alayhissalomning ichki dunyosiyu ahloqiy fazilatlarini bayon qiladi. Bu hadislar bilan tanishar ekanmiz, Muhammad alayhissalom ahloqiy jihatlardan namunaviy, mukammal bir zot ekanligini, muomalada uning kattalaru-kichiklar, ayollaru erkaklar, boylaru-kambag‘allar bilan o‘zini bir xil muomalada tutishini, ro‘zg‘or va oila yumushlarida o‘z xotinlariga astoydil ko‘maklashib yordam berganini, agar biror gunoh qilib qo‘ygan kishi uzr so‘rasa, uning gunohini kechirganini, barcha odamlar bilan o‘ta latofatli munosabatda va shirinsuxan bo‘lganini, yo‘lida uchragan barcha kishilarga birinchi bo‘lib salom berib, hol-ahvol so‘rashishini bilib olamiz. Bu o‘rinda payg‘ambar alayhissalomga mansub ba’zi hadisi shariflarni keltiramiz:

— As-salom qabl al-kalom («Avval salom ber, keyin so‘zla»).

— Ot ustidagi suvoriy piyodaga (avval) salom beradi, yurib ketayotgan o‘tirgan kishiga, ozchilik ko‘pchilikka salom berishi kerak.

— Agar ovqatlanayotgan jamoa yoniga bir kishi kelib salom bersa, taomga taklif qiling, agar salom bermasa, taklif qilmang.

«Ash-Shamoil an-nabaviya»ning XVI asrga oid bir qo‘lyozmasi Toshkentda, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy Boshqarmasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980 yilda Toshkentda Diniy boshqarma buyurtmasi bilan «Ash-Shamoil an-nabaviya»ning ushbu qo‘lyozmasi ofset tariqasida nashr etilgan bo‘lib, undagi qisqacha so‘zboshi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasi hay’atining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan.

Yaqinda Toshkentda Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro islom anjumani muvaffaqiyatli o‘tdi. Anjumanni O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniya boshqarmasining raisi muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ochdi va ma’ruza qildi.

Buyuk vatandoshimiz Abu Iso Muhammad atTermiziy bizga boy ilmiy meros qoldirgan. Afsuski, bu qimmatbaho meros jumhuriyatimizda juda kam o‘rganilgan. Keng jamoatchilik ommasi ham uning hayoti va ijodi haqida g‘oyatda oz ma’lumotga ega. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy Boshqarmasi tashabbusi bilan shu yil sentyabr oyida At-Termiziyning 1200 yillik yubileyi o‘tkazilishi buyuk muhaddis olim ilmiy merosini har tomonlama to‘liq o‘rganishda sezilarli qadam bo‘ladi, deb umid qilamiz.

Suratlarda: xalqaro anjumanning ochilish payti.

Ubaydulla Uvatov, V. I. Lenin nomli Toshkent Davlat dorilfununi Sharq fakultetining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 10-son