Ko‘pchiligimiz «qush suti» deganda, tuxum ko‘pirtirib tayyorlangan konditer pishiriqni tushunamiz. Holbuki, tabiatda ko‘chma ma’noda emas, o‘z ma’nosida ham qush suti mavjud. Parrandalar orasida polaponini sut bilan boqadiganlari ham ko‘p. Ayrim qushlarning hazm qilish tizimi tekshirilganda, jig‘ildonlarida sutga o‘xshash suyuqlik ishlab chiqarish jarayoni kuzatilgan.
Keyingi tekshiruvlar kurk bo‘lgan qush jig‘ildonida olti kundan so‘ng epetilial hujayralar ko‘paya boshlashini ko‘rsatdi. Natijada o‘n oltinchi kundan e’tiboran qush jig‘iddonida sut ishlab chiqarila boshlangan. Sut sekretsiyasi polaponlar tuxumdan chiqqach, yana 15 kuncha davom etadi. Bu muddat davomida polaponlar ana shu sut bilan oziqlanadilar. Qushlarda sut ajralish jarayoni quyidagi shaklda ro‘y beradi. Miyadan uzatilgan signal natijasida gipofiz bezi prolaktin gormonini ishlab chiqaradi. Prolaktin gormoni esa jig‘ildon epitelial hujayralariga ta’sir ko‘rsatadi. Natijada jig‘ildondagi epitelial hujayralar yig‘ilgan yupqa qavatli «qopcha»larda sut to‘planib qizilo‘ngachning yuqori qismidan ajralib chiqadi. Ona qush bu sutni bolasiga jig‘ildonidan qusib beradi. Tadqiqotlar prolaktin gormoni mushak ichiga va teri ostiga yuborilganda ham sut ajralishini ko‘rsatdi. Jig‘ildon qushlarga ma’lum bir vaqtlarda, ayniqsa xavf-xatar paytlarida ochlikdan saqlanish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Jig‘ildon asosan kaptar va ba’zi ov qilinadigan qushlarda yaxshi rivojlangan bo‘ladi.
Parranda suti insonlarga unchalik asqotmasa-da, polapon uchun nihoyatda sermahsul ozuqa sanaladi. Parranda suti bilan oziqlangan polaponlar dastlabki 20 kunda boshqa qushlarning polaponlariga nisbatan tezroq ulg‘ayishi qayd etilgan. Qush suti ozuqasiga qo‘shib berib o‘tkazilgan tajribada jo‘jalarning boshqalarga nisbatan 16 foiz og‘ir kelganlari kuzatilgan.
Xorijiy adabiyotlarda Pigeon’s Milk (kaptar suti) va Crop Milk (jig‘ildon suti) deb yuritiladigan parranda suti tuzilishi jihatidan biroz quyuqroq bo‘lib sut emizuvchi hayvonlar sutiga o‘xshamaydi. Shunga qaramay, ozuqaviy moddalarga juda boy hisoblanadi. Tarkibi jihatidan har xil sutlar orasida mineral, oqsil miqdori bo‘yicha birinchi, yog‘ miqdori bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinda turadi.
Qiziq tomoni shundaki, qushning modasi ham, nari ham sut ajratish xususiyatiga ega. Polaponini ilk kunlarda sut bilan boqadigan qushlar sirasiga kaptar, musicha, qumri, flamingo va pingvin kiradi.
Flamingoning sutida yog‘ miqdori kaptarnikidan ko‘proq, ammo oqsil miqdori kamroq. Chunki unda sut ajralish jig‘ildon bilan cheklanmagan bo‘lib, uzun oshqozon-ichak trakti bo‘ylab joylashgan bezlardan ham ajraladi. Mikroskop ostida tekshirilganda flamingo suti tarkibida ko‘p miqdorda oq va qizil qon tanachalari borligi aniqlangan. Flamingo bu sut bilan bolasini rosa ikki oy, ya’ni polapondagi maxsus ozuqani g‘alvirlovchi a’zo to‘liq rivojlangunga qadar boqadi.
Pingvinlar ham ba’zi sharoitlarda bolalarini sut bilan boqishadi. Ma’lumki, pingvinning nari yagona tuxumni ikki oy oyog‘i orasida olib yuradi. Modasi esa bu muddat ichida oziqlanish uchun dengizda suzadi. Pingvin bolasi tuxumdan chiqqach, onasi bir necha kun kechikkan taqdirda, otasining qizilo‘ngachidan ajralgan suti bilan oziqlanadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan turli xil tuzilish va yashash sharoitiga ega uch toifa parranda polaponlarining ulg‘ayishi uchun yog‘, oqsil va mineral juda zarur. Bu polaponlarga eng qiyin paytda (masalan, flamingolarda ozuqa filtri rivojlanmagan, pingvinlarda esa onasi kechikkan paytda) kutilmagan joydan (ya’ni jig‘ildon yoki qizilo‘ngachdan) sut ajralishini, naslning davom etishi uchun ko‘rsatilgan o‘ziga xos ilohiy mehr va muruvvat namunasi sifatida baholash mumkin.
Nurulloh Sodiqov