Mashhur italyan bolalar yozuvchisi Janni Rodari (1920-1980) ijodi, mana, yarim asrdirki, jahon bolalariga quvonch ulashib kelmoqda. Ularni hayotni sevishga, ardoqlashga da’vat etmoqda, halol, komil inson bo‘lib yetishish yo‘lida tarbiyachi vazifasini o‘tamoqda. Janni Rodarining ertaklari o‘zbek tiliga ham o‘girilgan, uning g‘aroyib ijod olamidan bizning bir necha avlod bolalari ham bahramand bo‘lishgan. “Quvnoq she’rlar kitobi”, “Chipollinoning boshidan kechirganlari” “Moviy o‘q sarguzashtlari”, “Jelsomino Yolg‘onchilar mamlakatida”, “Telefonda aytilgan ertaklar” kabi kitoblar allaqachon jahon bolalar adabiyoti durdonalariga aylangan. Janni Rodari nafaqat shoir, yozuvchigina emas, balki ajoyib pedagog, katta harflar bilan yoziluvchi USTOZ ham edi. U jahon adabiyoti muxlislari tomonidan e’tirof etilgan, faxrli xalqaro Xans Xristian Andersen mukofoti sohibi ham bo‘lgan.
Quyida biz e’tiboringizga havola etayotgan maqola adib vafotidan so‘ng Rimda chiqadigan “Rinashita” (muallifi Lyuchio Lombardo Radiche) gazetasida e’lon qilingan. Hassos ijodkor, ajoyib pedagogga bag‘ishlangan ushbu maqoladagi o‘ziga xos fikrlar bizning adabiyot muxlislarimiz uchun ham qiziqarli bo‘ladi, degan umiddamiz.
Agar latifaga o‘xshab ketadigan voqeaga diqqat qilinsa, Janni Rodari o‘zining ilk filastrokkilari (quvnoq bolalar she’rlari)ni Milanda chop etiladigan “Unita” gazetasi tahririyatida ishlab yurganida, tunda navbatchilik qilgan kezlari to‘qigan ekan. Yosh o‘qituvchi bir necha muddat gazetada muxbirlik ham qilgan. Aynan ana shu filastrokkilari bilan Janni Rodari xonadonlarga kirib keladi, she’rlarining samimiy ruhiyati, yengil epkini bilan bolalar ko‘ngillarini zabt etadi, necha-necha oilalar a’zosiga aylanadi. Rodarining filastrokkilari tabiiy va uzviy tarzda oilamiz lug‘atiga kirib keladi: yosh shoir-o‘qituvchi bolalar va kattalarning kundalik turmushidagi haqiqat va she’riyatni ajoyib tarzda nozik va teran his qiladi.
Janni Rodari bitgan filastrokkilar bolalar uchun vatanparvarlik hamda ma’naviy tarbiyaning ilk sabog‘i bo‘lib xizmat qiladi. Rodari filastrokkilaridagi ana shu tendentsiyalar keyinchalik uning ijodidagi asosiy yo‘nalish bo‘lib qoladi. Ana shu tendentsiyalar Jelsomino, Chipollino, Pomidor haqidagi ertak-rivoyatlarda yetakchilik qiladi, tinchlik, ozodlik va adolat uchun bo‘lg‘usi kurashchilarni tarbiyalab voyaga yetkazadi. Rodari ijodiy olami rang-barang, uning asarlarini o‘qiganing sari yangi-yangi ma’nolarni kashf etaverasan kishi.
60-yillarda (o‘tgan asr) Rodarining diqqat-markazida maktab va madaniyat muammolari asosiy o‘rin tutgan. Masalan, o‘qitish usullarini qanday yangilasa bo‘ladi? O‘quv jarayonini qanday qilib o‘quvchiga yoqadigan va ijodiy tarzda tashkil etish mumkin? Boshlang‘ich maktabning sobiq o‘qituvchisi, shoir Rodari imlo xatolarini tuzatish jarayonidagi she’riy hayajonni ilg‘ab ola biladi. Uning maktab bilan aloqani uzmaganligiga ham sabab shu edi.
Janni Rodari ijodiyotning o‘ziga xos qoidayu qonuniyatlarini, “xayolot grammatikasi”ni ishlab chiqishni orzu qilgan ediki, bu usul yordamida o‘zida ijodiy imkoniyatlarni his qilgan har qanday kishi rassom, yozuvchi, san’atkor, ijodkor bo‘lishi mumkin edi. Janni Rodari atoqli bolalar yozuvchisi, shoiri bo‘libgina qolmasdan, balki katta jurnalist, olim, jamoat arbobi ham edi.
Janni Rodari pedagog va ijodkor sifatida hamisha ommaning madaniy jihatdan kamol topishiga intildi, kishilarni “o‘qimishli” va “omi” deb ajratadigan, kamsitadigan an’anaviy to‘siqni yengib o‘tishni istadi. U jurnalist sifatida ortda qolmadi: Rodari-jurnalist ayni vaqtda yangiliklarni ko‘rib, yorituvchi, faktlar to‘plovchisi ham edi, uning uslubi sodda va ravonligi, jo‘shqinligi, ommabopligi bilan ajralib turardi. U “hamma uchun” yozardi. Rodari har bir yangi narsaga hech qachon qiziqishining so‘nmasligi, doimo olg‘a intilganligi uchun ham “hamma uchun” yozishning uddasidan chiqqandi. Janni Rodari malakali madaniyatning katta zaxirasiga, tilshunoslik, folklor, psixologiya va antropologiya jabhalarida chuqur bilimlarga ega edi. Pedagogikani gapirmasa ham bo‘ladi. Biroq u shunday kamolotga erishgani bilan maqtanmasdi, kamtar edi, o‘z bilimlarini ko‘z-ko‘z qilmas edi. Rodari o‘zidagi ana shu xislatlarni, madaniyat va aql-zakovatni “Paeze sera” va “Djornale dei jenitori”da (“Ota-onalar gazetasi”) chop etiladigan mazmunan teran maqolalarida, filastrokkilarida, she’rlarida, jajji kitobxonlar hamda hali o‘qishni bilmaydigan yosh tinglovchi muxlislariga atalgan ertaklarida namoyon etgan edi.
Janni Rodari bolalar adabiyoti bo‘yicha Nobel mukofotiga mengzash mumkin bo‘lgan Andersen mukofotini olib ham o‘qituvchiligicha qolishni afzal ko‘rgan ijodkor edi. Janni Rodari – butun dunyo bolalarining o‘qituvchisi bo‘lib qoldi. U bolalar bilan uchrashuvlarga ko‘p vaqt va kuchini sarflardi, ular bilan oddiy, tabiiy va do‘stona aloqalarni o‘rnata bilgan edi, bunday insoniy va ayni paytda mushkul vazifaning uddasidan chiqqandi. Men faqat ana shunday turli iste’dodlarni o‘zida mujassam eta olgan o‘qituvchi-yozuvchi o‘z pedagogik arxivini saqlab, tartibga sola olganmi-yo‘qmi, shuni bilmayman. Menimcha, Janni Rodarining pedagogik merosi tasodifiy kishilar qo‘liga tushib qolmasligi uchun ham bu ishni biror-bir yosh tadqiqotchi olim qilmog‘i darkordir.
Rodari – shoir, Rodari – jurnalist, Rodari – o‘qituvchi. Janni Rodari shaxsida mujassam bo‘lgan ana shu uch qirraga ega inson shaxsi olamni yangitdan ko‘rishga, kashf etishga intildi, inson kamolotini istadi. Janni Rodari so‘nggi o‘ttiz yil ichida (XX asrning) italyan madaniyatining yirik vakili bo‘lib qolaveradi. U ijod etgan filastrokkilar, qo‘shiqlar va ertaklar shuhrati dong‘i ketgan neorealistik va zamonaviy italyan filmlaridan qolishmaydi.
Rodarining ko‘pgina she’rlariga musiqa yozilgan, ular bolalarning sevimli qo‘shiqlariga aylanib, jahon bo‘ylab tarqalgan. Hozirda Janni Rodari she’rlariga bastalangan qo‘shiqlarni butun dunyo bolalari jo‘r bo‘lib kuylamoqdalar. Janni Rodari filastrokkilari, she’rlari ruhida ulg‘aygan, uning ertaklarini o‘qib voyaga yetgan bolalar hozirda komil inson sifatida jamiyat taraqqiyotiga o‘zlarining hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Ma’suma Ahmedova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.