Xursandbek To‘liboyev. “Yuzni bur daryoning mavjlari tomon…”

“Umr o‘tib borar misoli ertak”. Ustoz Abdulla aka umrining so‘nggi yillarida daryo bo‘ylariga, to‘lqinlar shiddati bo‘lsa ham, sokinlik va osoyishta xilvat maskanlarga borgim keladi deb, aytgan edi suhbatlashganimizda. “Daryoga borib qaniydi suvga aytsang dardingni, baliqlar eshitsa”, degandi. Men ustoz yuragining mazasi yo‘qligini bilardim. Bir payt “yuragimni davo topishida Sharof Rashidovdan bir umr qarzdorman, u kishi menga juda ko‘p yaxshiliklar qildi” deb aytgani hech esimdan chiqmaydi. Men ustozning huzurida adabiyot haqida suhbatlashgan unutilmas xotiralarni yozgim keldi.

Abdulla Oripov haqida nimadir yozish istagi o‘zlari hayotlik paytlari ko‘p xayolimdan o‘tardi. Lekin jur’at topolmasdim. Shoirning biz yoshlarga bergan o‘gitlarini-ku, aslo unutib bo‘lmaydi. Bu bizlarga – ibrat! Men ustoz bilan hayotimda o‘ndan ziyod marotaba ko‘rishib, suhbatlashib, ijodini o‘qib, tushunib, ruhiyatiga yaqinlashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Lekin bularni xotira sifatida yozish menga juda og‘ir kechdi.

O‘zbek adabiyotining yirik vakillarining tabarruk qo‘llariga kaftingni qo‘yib, salom-alik qilgan damlarni eslaganingda o‘sha kunlarning yana va yana qayta sodir bo‘lishini juda istar ekansan kishi. Negaki, ular bilan dildan suhbatlashish, hayotning eng mashaqqatli damlari, xotiralaridan voqif bo‘lish tinglovchiga olam-olam zavq, achchiq qismatidan saboq chiqarib yashashga, ibrat olishga ham undar ekan.

Esimda, 2009 yil may oyining boshlarida institutda magistraturada tahsil olib yurganimda O‘zbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi To‘lapbergen Qayipbergenovning 80 yillik yubileyi o‘tkazildi. Men muborak yoshga to‘lgan To‘lapbergan og‘a bilan ilk bor o‘zi rahbarlik qilayotgan uyushmada suhbatlashganimda yozuvchilik o‘ta mashaqqatli mehnat, izlanish kerakligini his qilgandim. Mana, oradan yillar o‘tib, adibning 80 yillik yubileyini o‘zi tahsil olgan dargohida bir qator ziyolilar, olimu shoirlar bilan qarshi olmoqdamiz. Bu tadbirga Toshkentdan buyuk shoir Abdulla Oripov tashrif buyurganini eshitib g‘oyat o‘zimda yo‘q shodlangan edim…

O‘sha kunlarga ham naq yetti yil bo‘libdi. Minbardan turib To‘lapbergen og‘a haqida nihoyatda iliq fikrlar, o‘zaro do‘stona munosabatlarning qalinligi xususida gapirar, ko‘zlarida mamnuniyat balqib turgan shoir Abdulla Oripovning samimiyligi kaminada bir umrga yoddan chiqmaydigan taassurotlarni qoldirdi. Tadbir tugashi bilanoq shoirimiz yonida turib hech bo‘lmasa bir marotaba esdalikka suratga tushishni niyat qilib qo‘ygandim. Tadbir tugab, ko‘pchilik talabalar, mehmonlar orasidan institut binosidan chiqdik. Shoiru yozuvchilar o‘zaro gurunglashib borar, bir-birlariga ulug‘ yoshga to‘lgan To‘lapbergen og‘aning olijanob fazilatlari haqida to‘lqinlanib aytib berishardi. Qulay payt keldiki, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov oldida to‘planishgan yosh-o‘g‘il qizlarga bildirayotgan tilaklari, maslahatlari ustidan chiqdim. Men o‘shanda Abdulla Oripovning yonida turib, “men sizning she’rlaringizni yaxshi ko‘raman, sizga shogird tushmoqchiman”, dedim. Shoir bunga javoban “shoirlikka-ku havas qilmang inim, shundog‘ ham shoirlar ko‘payib ketdi, siz shoirlarni tekshiradigan olim bo‘ling”, deb javob qildi. Bu gapni eshitgan 23 yoshli yigit nega bunday javob qildiykin deb, ko‘p bosh qotirib yurgan kezlarim ham bo‘ldi. Mana, oradan yetti-sakkiz yil o‘tib Abdulla akaning o‘sha gaplari naqadar haqiqat, “havas”ning mashaqqatlari zamirida mehnatu matonat zarurligini anglab yetdim.

Oradan uch-to‘rt yil vaqt o‘tdi. Toshkentga borsam Abdulla Oripovni yo‘qlamay ketmas edim. Uyushmaning beshinchi qavatida Sharq yulduzi jurnali tahririyati yon tomonida ustoz o‘z xonasida goh kim bilandir telefonda gaplashayotganini, goho kecha yozgan she’rini tahrir qilayotganining ustidan chiqib qolardim. 2013 yil avgust oyida qashqadaryolik do‘stim Otajon bilan birga huzuriga bordik. Bir yarim soatlik suhbatimizda shoir o‘z qismati, ne-ne mashaqqatlarni sabr, matonat, zukkolik bilan yengib kelayotganini gapirib berdi. Men universitetda ishlaganim bois, she’rshunoslikning bugungi ahvoli bilan qiziqar, talabalarga yangi-yangi gaplarni yetkazishga harakat qilardim. O‘shanda Abdulla aka sekin ko‘z oynagining tagidan qarab “Meni ham qoraqalpoq elida o‘qishadimi hozir, kitoblarim borib turibdimi, yangi she’rlarim-chi?”, dedi va chuqur xo‘rsiniq bilan gapini davom etdi, – “Ibrohim bilan qalin do‘st edim, To‘lapbergen og‘am ham yaqinim edi, O‘rozboy ham o‘zimning ukam edi, hozir o‘sha yoqlarga borishni juda-juda xohlayman, afsuski, sog‘lik ko‘tarmaydi, ilgarilari tez-tez borib turardim, haftalab qolib ketardim, uzoq-yaqin rayonlargacha aylantirib kelardi ular”, deb ichki sog‘inch bilan qalbini ochdi.

Men o‘shanda “ustoz sizni har bir yangi kitobingiz kitob do‘konlarida bor, yangi she’rlaringizni shogirdingiz Alisher Nazarning feysbukdagi sahifasidan olib talabalarga o‘qib beraman, ijodingiz barchani birdek xursand qilmoqda, buyog‘idan xavotir olmang”, dedim. Suhbat davomida “men ellik yildan buyon she’r yozib bola-chaqa boqib kelaman, ularning kamolini she’r orqali tiklaganman, she’r ham farzandim, ham o‘zimning suyanchim, usiz men dunyoni yashab bilmayman, bu yozgan she’rlarimning taqdirini o‘ylayman, ertaga bular men o‘tib ketgandan keyin o‘z egasini topsin-da, orzum ham, umidim ham aslida shu”, degandi.

Hozirgi adabiy jarayonda she’rlaringizni ko‘plab olimlar o‘rganishmoqda, siz qaysi shoirlar ertaga o‘zbek adabiyotida o‘rin tutadi deb o‘ylaysiz? kabi savollarni berganimizda “Men yoshlardan Alisher Nazarni taniyman, boshqalarini ham o‘qib turaman, ko‘pchiligi she’rni qofiyaga solib she’r deydi, qofiya ham bo‘lsin, biroq unda dard bo‘lishi kerak. Shular haqida o‘ylasam yoshlar hali o‘z ustida ko‘p izlanish olib borishi kerak. Eng muhimi, iste’dod va talant bo‘lsa, o‘z orzusiga albatta erishadi.

Yig‘loqi, yengil-elpi she’rlarni xush ko‘rmayman, chunki she’r texnikasini bilgan bilan she’r yozib bilmasang nima keragi bor “oh-voh” solib, undan ko‘ra she’rning o‘zini o‘qib qo‘yaqolsang bo‘lmaydimi… Har kuni shoirman deb, oldimga yosh havaskorlar kelib turadi bir dasta she’r ko‘tarib, bir-ikki varaqlayman, quruq gap, na tuz bor, na maza, qofiyalarni kelishtirib tashlashgan, bunday she’r davosida yurganlarni adabiyot qanday kechirar ekan? Ana shu narsalar meni bir umr qiynab kelmoqda. O‘qimay olim, o‘qimay shoir bo‘lganlarni unchalik jinim suymaydi.”

Otajonga savol bormi deb, imlayman, u ham uzoq vaqtdan buyon o‘ylantirib yurgan savolini aytish mavridini topdimi, “mening bir savolim bor Abdulla aka, Shavkat Rahmon ijodiga qanday qaraysiz? Uning she’rlarini qanday baholaysiz”, – dedi.

Jiddiylashib Abdulla aka shoirona lutfga o‘tdi va: “Mingta shoirni qozong‘a solib qaynatsang ham Shavkat Rahmon alohida ajralib turadi. Uning o‘z yo‘li, o‘z uslubi, shoirona dunyoqarashi, ideali, iste’dodi va mahorati bor edi. Afsus oramizdan erta ketdi. Uning o‘rni adabiyotda bo‘lakcha edi. Men buni o‘ziga ham aytganman. Qaysarligi va mardligi, fe’lidagi haqgo‘yligi kamdan-kam ijodkorda bo‘ladigan xislatdir…”

Bu suhbatni telefonimga videoga tushurib ham olgandim. Hozir qayta-qayta ko‘rganingizda yana undagi chuqur va teran ma’noli qarashlarni eshitib hayratlanmaslikning iloji yo‘q. Suhbatimizda she’r nima, shoir kim savollariga munosib javob topgandek bo‘lgandik. Men buning zamirida katta bir kuch borligini, shoir o‘z-o‘zidan shoir bo‘lib qolmasligini, orqasida mehnat va unga yarasha Alloh bergan iste’dod bo‘lishi muhimligini his qildim. Chunki shoirlik faqat ilhom bilan belgilanmaydi-da!..

Oradan bir yil o‘tib yana huzuriga kirib o‘tay deb, eshikdan bosh suqdim. Yosh adabiyotshunos (o‘shanda Sharq yulduzi jurnalida mas’ul kotib bo‘lib ishlardi) Sa’dullo Quronov bilan suhbatlashib o‘tirgan ekan. Men kirishim bilan Sa’dullo o‘rnidan turdi (ehtimol ishlari ko‘pligi sabab shoshib turgandir) “mayli ustoz, sizga bu kishi suhbatdoshlik qiladi, menga ruxsat bersangiz”, dedi va qo‘lidagi qog‘ozlarni sumkasiga solib chiqib ketdi. O‘shanda Abdulla aka stolida bir necha she’rlarni tahrir qilib o‘tirgandi. Men bilan hol-ahvol so‘rashdi. Men olis qoraqalpoq elidan borganimni aytdim. Xotirasining naqadar kuchli ekaniga qoyil qolganman. “Siz anovi Pistachilik jo‘rangiz bilan kelgan yigitmisiz? Qoraqalpoq eli omonmi? U yoqlar tinchmi? Shoir oshnolarimiz sog‘-salomatmilar?”, – dedi quyuq so‘rashib. Men “ha, barchasi sog‘u salomat, sizga salom yo‘llashdi, tinch va osayishtalik”, – dedim. “Sal shamollabmanmi, mazam bo‘lmay, davolanib yuribman, Uyushmaning faxriy raisiman shu yerda, haftasiga ikki-uch kun kelib ketaman, kimdir yo‘qlab Do‘rmonga borib yursa yo‘l olislik qiladi, o‘zim mana shu markazga kelsam ko‘pchilikni ko‘rib ketganim ma’qul” dedi.

Suhbat chog‘ida menga yangi she’rlardan o‘qib bergani va oxirida qog‘ozga dastxat bilan sovg‘a sifatida “olib qo‘ying, qoraqalpoq og‘ainlarga ham o‘qib bering borganingizdan keyin”, – dedi.

Ustoz Abdulla Oripov umrining so‘nggi uch yilida deyarli har kuni ijod bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bir yonda sog‘liqdan shikoyat qilsa-da, ko‘nglidagi dardu alamlarini, hasratlarini she’rga soldi. She’rlarini to‘plab, kitob holida nashr qilinishiga Doniyor Begimqulov, qizi Ruxsora, shogirdi Alisher Nazar o‘z hissasini qo‘shishdan bosh tortmadilar. Alisher Nazar bilan ijtimoiy tarmoqda muloqot qilganimizda “Ustozning yangi she’rini o‘qidingizmi? Bugun joyladim”, – derdi. Men esa deyarli har kuni ustozning she’rlaridan mutolaa qilib borar, ularni tanish ijodkor do‘stlarimga ham yuborar edim. Barchasi “ustoz omon bo‘lsin, dardli she’r ekan”, derdi. Kunlarning birida Samarqandga ilmiy ishimni yakunlashim uchun ketganimda bir muddat “Samarqand” gazetasida ishlashimga to‘g‘ri keldi. O‘zimning tashabbusim bilan Luqmon Bo‘rixon, Alisher Nazarni Samarqand davlat universitetiga adabiy uchrashuvga taklif qildim. Uchrashuv davomida tushlikka adabiyotshunos Azmiddin Nosirov mehmonlarni “Qo‘qon” choyxonasiga taklif qildi. Bir payt Alisher Nazarning telefoni jiringlab qoldi. “Uzr, Abdulla aka telefon qilyapti, hoynahoy yangi she’r yozdi, bir eshitamizmi?”. Davraga jimlik cho‘kdi: telefonga javob bering, qani bir ovozini eshitaylik, – barcha bir ovozdan Alsher Nazar fikrini ma’qullashdi. Odatdagi salom-alikdan keyin “Alisherbek mana bu she’rni o‘qib bersam degandim, Samarqanddagilar ham eshityaptimi? Unda eshitinglar:

 AChChIQ ChOY

Yarim davlat emish, niyating goho,
Qorni to‘ygan kuni yo‘qsil boy emish.
Muhabbat chiroyni tanlamas aslo,
Uyqu bosib kelsa, tosh ham joy emish.

Mayli qishloqdasan yoki shaharda,
Egamga bir fe’ling yoqsa agarda,
Xizr yo‘ldosh bo‘lgay doim safarda,
Boshingga qo‘ngan qush, u Humoy emish.

Magar chappa ketsa, ishing omading,
O‘ttizga kirmasdan yoydir qomating,
Yashashga chayla ham qura olmading,
Ellikka borganda holing “voy” emish.

Xudoyim berdimi aql va yurak,
Ularga munosib muhit ham kerak.
Kimga elu yurti bo‘lsa ham tirgak,
Qarigan chog‘da ham toshqin soy emish.

Salomat yetdingmi qutlug‘ bir yoshga,
Shukr qil, hamdamsan oyga, quyoshga.
Va lekin sharobning yo‘rig‘i boshqa,
O‘rnini bosguvchi achchiq choy emish.
(29.05.2016 y.)

She’rni o‘qib tugatganidan keyin: “Alisherbek men endi o‘zing bilganday uydaman, Samarqandga ham tez-tez borib turardik avvallari, ziyorat qilsang qabul bo‘lsin, yaqinlarga salomimni yetkaz, ertaga kelsang ishxonada ko‘rishamiz, she’rlarni olib boraman…” dedi. Bu ta’sirli she’r ruhiyatimizga yanada jonbaxsh ato qildi. Uning zamiridagi o‘xshatishlarni-ku, aytmay qo‘yaqolay. Bularni shoirning o‘z yuragidan, qalbidan chiqqanini eshitganda butun vujudingga qandaydir boshqacha ta’sir qilar ekan. Axir, shoir hali hovuri tushmagan she’rni o‘qib berganidan so‘ng, albatta shunday bo‘lishi tabiiydir.

Yana bir tarixiy uchrashuvimiz uyushma oldida bo‘ldi. U payt Abdulla aka ancha tetik edi. Men sal kechikirboq boribman, ular qandaydir uchrushuvga ketayotgan ekan. Uyushma qarshisida barcha bilgan-ko‘rgan Xalqlar do‘stligi san’at saroyi, chap tarafda “Bunyodkor” metro bekati, bahoriy kayfiyat, shahar shoirona tilda aytganda fusunkorlikni namoyish qilmoqda edi. Qo‘lida she’rlar solingan papkachada Abdulla aka quyoshda ko‘zlari yumilib ketar, o‘zim ham naq qoraqalpoqday jo‘sh urib, yuragimda faqat hayajon junjikardi. Ustoz bu yigitni ham olib ketamizmi dedi, suhbatdoshiga, men uni birinchi ko‘rishim edi.

– Mayli dedi u kishi ham. Biroq men tushlikdan keyin Nukusga ketishimni aytib, uzr so‘radim. O‘sha paytda ham iliq so‘rashuv, el-yurt omonligi, oshno-og‘ainilar salomatligini bilishga oshiqar edi. Qalbidagi eng ezgu so‘z ustozining “Omon bo‘linglar!” deb, duo qilishi ekanligini anglab qoldim. Axir, omonlik, shukronalik zamirida barcha insoniy fazilatlar jam ekanligi har birimizni o‘ylashga undaydi…

Abdulla aka – chin ma’noda adabiyotshunosdan kam emasdi. Yuqorida aytganimdek, xotirasining naqadar tinqligi va kuchliligi: she’r o‘qishdan boshlab, uni tahlil qilishgacha barcha-barchasida katta olimlik qobiliyati borligini his qildim. Pushkinu Lermontov, Hamzatov, Quliyev va boshqa shoirlarni jahoniy aspektda tahlil qilishi meni hayratga solgandi. Biz doktorlikni himoya qilib olim bo‘lamiz deb, yurgan bir paytda Abdulla aka norasmiy doktor, katta olim ekanligini hech kim inkor qilolmasa kerak. Bu kishiga fan doktori ilmiy unvonini berishsa ham adabiyot hech qachon zavol ko‘rmaydi.

Shunday qilib, qisqa 8-9 yillik tanishuvmiz bu o‘zicha tarix, o‘zicha maroqli ustoz-shogird diydolashuvidir. Hayotda bir marotaba, atigi bir marta hamsuhbat bo‘lib, bir umr mamnuniyat bilan yodga olib, shogird  tushganlar qancha? Menga adabiyotdan dars bergan, she’riyatning siru asroridan voqif qilgan Abdulla Oripovga faqat rahmatimni aytishdan naryog‘iga o‘tolmadim. Axir, bir umr she’r ishqida yongan yurakning bizga, adabiyotimizga, jahon she’r ishqida yurganlarga katta IBRAT maktab, xazinasi emasmi? Bu insonning umri davomida bitib qoldirgan bebaho merosi hali yillar davomida o‘zbek va jahon adabiyoti ixlomandlarnini, o‘sib kelayotgan istiqlol farzandlarini tarbiyalashga o‘z ulushini qo‘shadi deb, aytishga to‘la haqlimiz.

Xursandbek To‘liboyev,

Adabiyotshunos, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi

19.11.2016 yil, Nukus shahri