“Shoirlar qishloqda tug‘ilib, Parijda vafot etadilar”. Bu ibora mashhur rus shoiri Ivan Bunin haqida aytilgandek go‘yo. Uning bolaligi ham Rossiyaning Orlov guberniyasidagi Butirka qishlog‘ida kechdi va hayoti dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘lmish Parijda nihoyasiga yetdi.
Ivan Alekseevich Bunin 1870 yilning 22 oktyabrida nasl-nasabli zodagon oilasida dunyoga keldi. Buninlar shajarasidan Rossiyada taniqli bo‘lgan ko‘plab davlat va jamoat arboblari, ziyolilar yetishib chiqqan bo‘lib, shulardan biri Pushkinning do‘sti – shoir V.A. Jukovskiy edi. Buninlar oilasi o‘z ajdodlari bilan faxrlanishar, Pushkin va Jukovskiy portretlari esa doimo uyning to‘rida osig‘liq turardi.
Bunin ijod olamiga juda erta kirib keldi, 20 yoshidayoq ilk kitobini nashr qildirdi. Garchi bu kitob Buninga unchalik shuhrat keltirmagan bo‘lsa-da, unda boshqa ijodkorlardan yaqqol ajralib turadigan bir xususiyat ko‘zga tashlanardi, bu – qadrdon yurt tabiatiga bo‘lgan cheksiz muhabbat tuyg‘usi bo‘lib, shoir umrining oxirigacha bu mavzuga sadoqatini yo‘qotmadi. Uni “Yolg‘izlik kuychisi”, “Rus qishlog‘i va kuzgi so‘lg‘inlik kuychisi” deya ta’riflashardi. U ham xuddi Pushkin singari kuzni sevardi. Bu fasl shoir she’rlarida tiniqib, sokingina oqayotgan kuzgi ariqlardagi suvdek pokiza, yaproqlarini birma-bir boy berayotgan daraxtzordek ma’yus, dunyoning achchiq-chuchugini ko‘p totgan mo‘ysafidning ko‘zlaridek o‘ychan, alla qo‘shig‘idek mahzun va shuning bilan birgalikda umidbaxsh tarzda aks etardi. Uning 1901 yilda nashr etilgan “Xazonrezgi” to‘plami rus she’riyatidagi kuz manzaralarining qomusi bo‘ldi, deyish mumkin. Bu to‘plam rus adabiyotida butun bir she’riy davrga – rus she’riyatining “kumush” davriga mukammal yakun yasagan edi.
She’r yozish bilan bir vaqtda Bunin nasrda ham ijod qilardi. Umuman, u adabiyotni nazm va nasrga ajratishni xush ko‘rmasdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hikoyalarida lirizm nihoyatda bo‘rtib turadi. Uning 1900 yilda e’lon qilingan “Antonov olmalari” asari adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Asarda qishloq hayotining qashshoqlashuvi, tobora fayzini yo‘qotayotganligi alamli iztirob bilan tasvirlanadi.
Buninning Oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan davrdagi eng mashhur asari “Qishloq” qissasidir. Asarda XX asr boshlaridagi qishloq odamlarining og‘ir qismati aks ettirilgan. Yozuvchining boshqa biror asari “Qishloq” qissasi kabi ko‘p bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan emas. O‘sha davr ilg‘or adabiy tanqidchiligi asarda tanazzulga yuz tutayotgan qishloq turmushining haqqoniy aks ettirilganligi, uning qorong‘i manzaralari, illatlari ochiq-oydin yoritib berilganligi kabi muhim jihatlarni to‘g‘ri angladi va yozuvchini qo‘llab-quvvatladi.
Bunin o‘z ona yurtini, bepoyon Rossiya o‘lkasini juda sevar, shu bilan birgalikda uning qashshoq, g‘arib va xarob mamlakatga aylanib borayotganidan kuyunardi: “Rusim mening, ming yillik faqiru haqirliging, notavonligingni, ayt, qanday yaxshi ko‘ray men? Lekin bu xoch, yag‘log‘i, mo‘mintoy, aziz bichim… bularning hammasidan qanday yuz o‘giray men!” deb yozgandi u bir she’rida.
Bunin Oktyabr to‘ntarishini, yangi tuzum g‘oyalarini qabul qilolmadi va umrining oxirigacha bu tuzumga dushman bo‘lib qoldi. Sho‘rolar tuzumiga qarshi kayfiyat uning 1918-1925 yillarda yozilgan kundalik tarzidagi “Badbaxt kunlar” asarida yaqqol aks etgan.
Vatandan ayro yashash qanchalik og‘ir bo‘lmasin, u musofirlik qismatini tanlashga majbur bo‘ldi. Muhojirlikda ham ijodini davom ettirgan Bunin, asosan, nasriy asarlar yozdi. “Arsenevning hayoti” romani uning bu davrdagi eng yaxshi asarlaridan biri hisoblanadi. Adib o‘zining ijodkorlik, shoirlik xususiyatlarini mazkur asar bosh qahramoni Aleksey Arsenev obraziga singdirib yuborgan. Tadqiqotchilarning fikricha, asarda Buninning avvalgi davrdagi butun ijodining asosiy mavzulari, o‘sha davrdagi kayfiyati umumlashtirib aks ettirilgan.
Buninning muhojirlikdagi ijodida sevgi mavzusi katta o‘rin egallaydi. O‘zida 38 ta hikoyani jamlagan “Qorong‘i xiyobonlar” kitobining aksar hikoyalari shu mavzuda yozilgan. Bu hikoyalar syujeti qiziqarliligi bilan Buninning boshqa asarlaridan ajralib turadi. Adibning o‘zi bu kitobini ko‘proq yoqtirar, “Qorong‘i xiyobonlar” – siqiqligi, jonliligi va badiiyligi jihatidan mening eng yaxshi kitobim”, deb ta’kidlardi.
Bunin muhojirlikda bundan boshqa ham bir qator asarlar yozdi, gohi shukuhli, gohi qayg‘uli kunlarni boshidan kechirdi; Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi (1933), ammo hayotining so‘nggi yillarigacha vatanini sog‘inib yashadi.
Bunin hayotining 33 yili musofirchilikda kechdi. Mana shu vaqt mobaynida u doimo qalban, ruhan Vatani tomon talpindi, sho‘rolar tuzumining tanazzulga uchrashiga ishondi va shuni kutib yashadi.
U 1953 yil 8 noyabrda Parij shahrida vafot etdi.
Olim Usmonov
filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son