Temuriylar davrida adabiyot va san’at gullab-yashnadi. San’at homiylaridan biri mutafakkir shoir Amir Alisher Navoiydir. U barcha sohalardagi san’atkorlar bilan bevosita aloqada va ularni o‘z himoyasiga olgan bo‘lib, iste’dod uchqunlarini yuzaga chiqarardi. Uning himoyasi ostida juda ko‘plab san’atkorlar – adiblaru me’morlar, musiqachilardan tortib rassomlar va xattotlargacha kamol topdi. Shoirning o‘zi ham fors va turkiy tillarda ko‘plab kitoblar yozdilar. O‘sha zamonda Navoiy homiyligida juda ko‘p binolar qurildi. Qulmuhammad Udiy, Behzod va Sultonali Mashhadiy kabi san’atkorlar ham Alisher Navoiyning qo‘l ostida tarbiya topib unib-o‘sganlardan va uning yaqinlaridan edilar.
Temuriylar davrida san’atning gullab-yashnashi, shubhasiz, san’atparvar shahzodalar va saroy amaldorlari bilan bog‘liq. Bu borada Amir Temurning o‘zi temuriylar uchun buyuk ibrat edi. U Samarqandni obod etish uchun ko‘p sa’y ko‘rsatgan, xususan, tasarrufiga olgan manzillardan me’morlar, hunarmandlar, san’atkorlar, kosiblar va olimlarni yuborib, poytaxtini ko‘rkam qilish uchun ularning tajribasidan foydalangan edi[1]. Undan keyingi taxt vorislari ham mana shu yo‘ldan borishdi. Garchi temuriy shahzodalar o‘rtasida turli siyosiy nizolar yuz berib turgan bo‘lsa-da, madaniyat va san’atga homiylik ishlari hech qachon susaymagan.
Sulton Husayn Boyqaro ham xuddi shunday san’atparvar hukmdor bo‘lib, ayni chog‘da uning yonida do‘sti va hamdami, ma’rifatparvar vaziri Mir Alisher Navoiy bor edi. O‘sha davrdagi san’at tarixida uning o‘rni va ahamiyati shu darajada beqiyoski, agar butun temuriylar davrida undan boshqa hech kim san’atga ahamiyat bermagan taqdirda ham uning bir o‘zining borligi o‘sha davrning san’ati tarixidagi eng yorqin sahifasi deb bilishimiz uchun yetarli bo‘lardi.
Amir Alisher Navoiy nomi bilan shuhrat qozongan Nizomiddin Alisher Navoiy Chig‘atoiy hijriy 844 yil ramazon oyining o‘n yettinchi kuni, Shohrux Mirzo hukmronligining oxirgi yillarida Hirotda tug‘ildi. Otasining nomi Kichkina Bahodir bo‘lib, ajdodlari Mirzo Umarshayx bin Temur xizmatida bo‘lishgan.
Temuriylar davrining buyuk tarixchisi Xondamir Amir Alisherning hayoti haqida yozgan “Makorim ul-axloq” asarida uning tahsil olishi haqida quyidagicha bayon etadi:
“Hidoyatqarin Amir yosh bolalik yillari boshidan to umrlarining oxirigacha barakotli vaqtlarining ko‘p qismini ilm olish va kamolotga yetishish uchun sarfladilar va turli ilmlarni o‘rganish hamda fanlarni o‘zlashtirishda bir lahza ham tinim bilmadilar. Hayotning eng yaxshi davrlari bo‘lgan o‘spirinlik va yoshlik chog‘larida mashhur ulamolar va buyuk hurmatga sazovor fozillar yig‘ilgan ajoyib Hirot shahrida nihoyatda jiddiylik va ta’rifga sig‘mas tirishqoqlik bilan mashhur kitoblarni mutolaa qilish bilan mashg‘ul bo‘lardilar”[2].
Alisher Sulton Abusayid Mirzo hukmronligi davrida Samarqandga bordi va ikkinchi Abu Ali ibn Sino nomini olgan Xoja Fazlulloh Abullaysning shogirdlari va muridlariga qo‘shildi. Ko‘p o‘tmasdan Xojaning eng yaxshi shogirdlaridan biriga aylandi va ustozning alohida muhabbatiga sazovor bo‘ldi.
Amir Alisher Sulton Husayn Boyqaro podshohlik taxtiga o‘tirganidan bir necha hafta keyin Hirotga keldi. Uni “Katta muhrni muhofaza qiluvchi” etib tayinlashdi. U tez orada shunday nufuz va qudratga yetishdiki, hokimiyatda Sultondan keyingi ikkinchi shaxsga aylandi. U bunday mavqeni podshoh xonadoni bilan oilaviy yaqinligi tufayli va yana saroydagi xizmatlari sababli qo‘lga kiritdi. Hindiston podshohi Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” kitobida Amir Alisherni shunday tasvirlaydi:
“Alisherbekning tabiati o‘z nazokati bilan mashhur. Odamlar uning nazokatini davlati g‘ururidan deb bilardilar. Ammo bunday emasdi; bu uning tug‘ma sifati edi. Samarqandda bo‘lgan davrida ham mana shunday tabiatan nazokatli edi. Alisherbek benazir kishi edi”[3].
Alisher Navoiy yuksak ma’rifatparvar shaxs edi. U ilm va san’at ahlini himoya qilar, olijanoblik bilan ularning iste’dodini yuzaga chiqarish va kelajagi uchun kurashardi. O‘sha davrda Alisher Navoiyning himoyasida bo‘lgan ulamolar unga atab juda ko‘p kitoblar yozdilar.
San’atkorlar himoyasida
Amir Alisher Hirotning adabiy va badiiy maktabini yuksak cho‘qqilarga ko‘tarib, bu shaharni she’r va adabiyot, musiqa va rassomlik, xattotlik va naqshinkorlik markaziga aylantirdi. Faxriy Hiraviy “Majolis un-nafois” asarining to‘qqizinchi bobi birinchi bo‘limida Amir Alisher hayoti haqida shunday yozadi:
“Har kuni yetmish besh ming dinor Mir g‘aznasiga kelib tushardi; o‘n besh ming dinor tashqi xarajatlar uchun ketardi. Har yili ming sidra boshdan-oyoq kiyim kambag‘allarga ulashishni buyurardi va uch yuz yetmish xayriya maskanlari qurdirgan edi.
Oshno va begona hamnafasligidan
Oqibati xayrdek yaxshilikdan boshqa narsa zohir bo‘lmadi.
Uning tarbiyasi va himoyasi ostida yetishib chiqib mashhur bo‘lgan bunchalik ko‘p bemisl va nodir xattotlar, xonandalaru sozandalar, naqqosh va bezakchilar, musavvir va muharrirlar, adib va shoirlar yana qaysi zamonda mavjud bo‘lgani noma’lum. Uning o‘zi ham bu jamoaning ilmlaridan to‘la bahramand edi, ayniqsa, shoirlikda”.
Adabiyot
O‘zi shoir va nozikta’b she’rshunos bo‘lgan Amir Alisher ahli adab va shoirlarga homiylik qilishni barcha ishlardan yuqori qo‘yardi. U zullisonayn shoir edi: ham forscha va ham turkiy tilda ijod qilardi. Forscha she’rlarini “Foniy” va turkiy tildagi she’rlarini “Navoiy” taxallusi bilan yozardi. U “Muhokamat ul-lug‘atayn” kitobida fors va turk tillarini solishtirib, turkiy tilning fors tilidan ustunligini ilmiy asoslab bergan.
Amir Alisher keng tafakkurli shoir va so‘z ustasi bo‘lishdan tashqari zamonasi shoirlarining homiysi edi. Qayerda biror iste’dod sohibi bo‘lgan ijodkorni ko‘rsa yoki yaxshi bir she’rni eshitib qolsa, unga tahsinlar aytar va uni qo‘llab-quvvatlardi. O‘sha davrning mashhur shoirlaridan biri, Mavlono Hiloliy Chig‘atoiyning Amir Alisher bilan uchrashuvi va uning lutfu himoyasi haqidagi hikoya “Tazkira-ye tuhfa-ye somi”da keltirilgan.
Musiqa
Sulton Husayn va shahzodalarning musiqaga qiziqishi va Alisherning sozandalarga ko‘rsatgan homiyligi tufayli saroy san’atkorlarning intiladigan markaziga aylandi. Tarixchilar o‘sha davrdagi Sulton Husayn va vazirining farmoni bilan uyushtirilgan benazir musiqiy majlislar haqida ko‘p bora yozishgan.
Amir Alisherning o‘zi ham musiqa chalishni bilardi. Zahiriddin Bobur Amir Alisherning musiqadonligi va musiqasevarligi haqida shunday yozadi:
“Musiqada yaxshi narsalar bastalagan, yaxshi naqshlar va yaxshi daromadlar. Fazl va san’at ahliga Alisherbekchalik murabbiylik qilgan va ularni quvvatlagan biror kishi bo‘lgani ma’lum emas. Soz chalishda buyuk arbob bo‘lgan ustoz Qulmuhammad, Shiyxam Noiy va Husayn Udiylar Alisherbekning tarbiyasi va quvvatlashi bilan shunchalik taraqqiy etib o‘sishgan”.
Xondamir qonun chalishda tengsiz sozanda deb ta’riflagan Hofiz Qozoq yoshligidan Amir Alisher xizmatida bo‘lgan musiqachilardan edi[4]. Pahlavon Muhammad Abusayid ham uning inoyatiga sazovor bo‘lgan boshqa bir xonanda va musiqachidir. Shoir o‘zining “Majolis un-nafois” asarida o‘zining bu san’atkor bilan aloqalari haqida qiziq bir hikoyani keltirgan.
Bu davrning eng mashhur musiqachilaridan biri ustoz Qulmuhammaddir. Bu san’atkor bolaligidan Amir Alisher himoyasi ostida ta’lim olib, uning xos ehtiromi va e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Amir Alisher musiqashunos olimlardan Qulmuhammad uchun musiqadan risola yozib berishlarini so‘raydi. Buning sharhi uning o‘zining tilidan shunday bayon etilgan:
“Ustoz Qulmuhammad bolaligidan musiqa o‘rganardi. Yaxshi asarlarni tez o‘rganishda shuhrat qozongani uchun faqir uning bu fanni ham o‘rganishini istadim. Zamonasining bu fandagi tengsiz ustozi bo‘lgan Mavlono Shohali Buqqaga buyurdim. O‘sha paytda bu fanda “Asl ul-vosil”ni yozdi. Keyin Mir Murtoz va Xoja Shahobiddin Abdulloh va Mavlono Binoiy bu fanda risolalar yozishdi, ammo shu darajada yuqori iste’dod ko‘rsatdilarki, yangi o‘rganayotgan odam uchun ulardan foydalanish nihoyatda mushkul ish edi”[5].
Amir Alisher bu yangi yozilgan risolalardan qanoatlanmadi va Mavlono Abdurahmon Jomiydan musiqa haqida biror asar bitib berishni so‘radi va Jomiy uning iltimosini bajo keltirdi.
Amir Alisherning himmati bilan tashkil etiladigan juda ko‘p musiqa majlislarida sozandalar va xonandalardan tashqari donishmand va tarixchi Xondamir kabi zamonasining ko‘plab fuzalo va donishmandlari ham ishtirok etishardi[6].
Me’morchilik
Hazrat Alisher Navoiy qurilish va mamlakatni obod qilish ishlariga ham alohida e’tibor qaratgan. Ayrim tarixchilar Navoiy homiyligi va bevosita rahbarligi ostida yaratilgan binolar 370 tani tashkil qiladi, deya ma’lumot beradilar. Jumladan: 14 ta ko‘prik, 7 ta hammom, 52 ta karvonsaroy, 19 ta suv ombori, bitta dorulhuffoz (qorixona), bitta kasalxona, 5 ta bino (supraxona bo‘lsa kerak), 7 ta xonaqoh, 3 ta kambag‘allar uchun kasalxona, 4 ta maktab, 20 ta masjid va boshqa me’moriy obidalar.
Alisher Navoiyning homiyligida Xurosonda qurilgan binolardan faqat quyidagi yettitasi haqida ma’lumot qolgan: Mashhaddagi Hazrati Rizo (a.s.) maqbarasining eski sahnidagi janubiy ayvon, Nishopurdagi Shayx Farididdin Attor mozori, Mashhaddagi ko‘cha arig‘i, tosh terilgan rabot, Dizobod raboti, Turuq qishlog‘idagi g‘isht to‘g‘on, Xargardxavofdagi Langar qishlog‘idagi Amir Qosimul-Anvor maqbarasi.
Eron milliy kutubxonasida turkiy tilida tahririy nasta’liq xatida yozilgan, jadvallar va tilla suvi bilan bezatilgan 25 katta sahifali “Diboche-ye mavqufot-e Mir Alishir” nomli risola bor. Unda Mir Alisher qurdirgan Ixlosiya maktabining vaqflari sharhi va boshqa qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Amir bu vaqfnomaning bir bo‘limida shunday yozadi:
“Maoshim dalasi bir yo‘la qurib qolmasin deb sultonlik amri bilan ba’zi ziroat ishlari bilan ham shug‘ullanardim va bu ishimda shariat va insofga to‘la rioya qilganim va xudovandi karimning inoyati bilan ko‘p foyda ko‘rardim hamda bu ne’matning foydasidan o‘zimga biroz yemak-ichmak va kiyim-kechakka ishlatardim, qolgan qismini esa xayriya ishlari va boqiylik binosi uchun sarflardim va ulardan hosil bo‘ladigan barcha savoblarni u Hazratning ro‘zg‘origa bag‘ishlardim”[7].
Bu vaqfnomaning ba’zi bo‘limlarida Mir Alisherning farmoni bilan Hirot shahri atrofida barpo etilgan juda ko‘p bog‘lar haqidama’lumot berilgan: Ular quyidagilar:
- Farroshon mavzesidagi Bulukun-Najjonda 28 gektar maydondagi bog‘ va uning yonidagi 23 gektar yer.
- 18 gektar maydondagi bog‘, shundan 2,5 gektari uzumzor.
- Buluki Anjilda 4 gektar yer.
- Bodi Murg‘onda 4 gektar yer.
- Xoja Shahob mahallasida bog‘lar, 2 gektar yer, 2 ta yonma-yon uzumzor, hammasi bo‘lib 33 gektar.
Ammo Amir Alisherning eng muhim va eng asosiy obodonlashtirish ishlaridan biri turli jangu jadallar natijasida vayronaga aylana boshlagan Hirot jome’ masjidini ta’mirlashdir. Xondamir bu masjidning qurilishi va ta’mirlanishini shunday sharhlaydi:
“Shundan so‘ng hoziq me’morlar va puxta muhandislarning tasdiqi bilan u binoni to‘g‘ri qurish, eng mustahkam bino bo‘ladigan usulda qurishga ko‘rsatma berdilar…. va bu xayriya ishlari asoschisi qayta-qayta himmat ko‘rsatib bu binoni tugatishda har kuni o‘zlarining oliy va sharofatli maqomlari nafosati bilan tashrif buyurar va ko‘pincha etaklarini bellariga qistirib, boshqa mardikorlar kabi ishlar edilar. Vaqti-vaqti bilan me’morlar va ustalarnigina emas, balki barcha hunarmandlarni ham qimmatbaho to‘nlar bilan siylar va cheksiz mehribonliklar va hadsiz in’omlar bilan ularni xushnud va baxtiyor etardilar”[8].
Mashhur tarixchi Mirxondning qayd qilishicha, hijriy qamariy 906 yilda masjidning qurilishi tugallangan. Shu munosabat bilan shoir saroyning yuqori martabali a’yonlariga ziyofat beradi va masjidni qurgan me’morlar va ustalar hamda hatto ishchilar va mardikorlarni taqdirlab, ularga sarpolar ulashgan .
Ixlosiya, Nizomiya va Xusraviya madrasalari, Ixlosiya xonaqosi, Shifoiya kabi mashhur obidalar Navoiy farmoni bilan qurilgan binolar sirasiga kiradi.
Hunarmandchilik
Hunarmandchilik san’ati borasida gap ketganda, Amir Alisherning farmoni bilan Hirot jome’ masjidiga o‘rnatilgan qimmatbaho chiroyli tosh minbar haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Garchi bu minbardan hech qanday iz qolmagan bo‘lsa-da, u haqda Xondamir yozib qoldirgan sharhdan binoning qay darajada nafis va mahobatli bo‘lgani haqida tasavvur qilish mumkin:
“Yong‘oq yog‘ochidan ishlangan qadimgi minbar sinib ketganligi uchun oliyhimmat va pok niyatli Amirning himmatlari minbarning marmar toshdan yasalishini taqozo etdi va yuqori mansabli mulozimlar sa’y-harakat ko‘rsatib Xavof viloyatida kerakli marmar toshlarini topdilar va ularni egalaridan sotib olib, qisqa vaqt ichida o‘sha muborak yerga olib keldilar va sangtarosh usta Shamsiddin minbarni yasash bilan mashg‘ul bo‘ldi va oliynasab Amirning himmatlari tufayli shunday bir minbar bunyodga keldiki, olamga nur taratuvchi oftob imom xatibdek ko‘k osmonning to‘qqiz pog‘onali minbariga ko‘tarilganida unga o‘xshashini ko‘rmagan va risolat Hazrati (s.a.v.)ning sunnati saniyalari bo‘lmish juma va jamoat namozi joriy bo‘lganidan beri hech bir o‘tkinchining qulog‘iga uning o‘xshashi borligi chalinmagan”.
Naqqoshlik va rassomlik
Amir Alisher naqqoshlik san’atining ham eng katta homiylaridan edi va uning e’tibori sabab bu san’at turi eng yuqori cho‘qqilarga chiqdi.
Sayid Ruhullo Mirak Amir Alisherning e’tibori va mehridan bahramand bo‘lgan eng birinchi naqqoshlardan edi. Sulton Husaynning saroy ustaxonasi va kutubxonasining boshqaruvchisi bo‘lgan bu naqqosh benazir naqqoshlik va kitob bezash mahoratidan tashqari toshga o‘yib yozishga ham usta ediki, shu davrda qurilgan Hirot imoratlarining ko‘pchiligi uchun shunday yozuvlar yozib bergandi.
Mirakning toshga o‘yib yozish san’ati va bu sohadagi Amir Alisher bilan aloqasi haqida “Makorim ul-axloq”da yozilishicha, hijriy-qamariy 904 yilda Amir Alisher Hirot jome’ masjidini qaytadan bezashga farmon berganida masjid toshlariga bitiklar yozishni Mirakka topshiradi. Ammo Mirak naqqosh beparvolik qilib, bu ishlarni paysalga solar va koshinchilarni kuttirib qo‘yardi. Uning sustkashligi haddidan oshib ketib, na nasihat va na do‘q-po‘pisa kor qilmadi. Shunda Alisher Navoiy bir chora o‘ylab topdi va nihoyatda nazokat bilan ishni o‘z vaqtida o‘n besh kunda tugatishga uni majbur qildi. Bunday rivoyatlar, shubhasiz, Amir Alisher san’atga oid ishlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarilishiga katta ahamiyat berganligini ko‘rsatib turibdiki, hatto Mirakdek buyuk va taniqli san’atkorni ham mana shunday ishlashga majbur qila olgan.
Qobiliyati Amir Alisher homiyligida gullab-yashnagan naqqosh va rassomlardan yana biri Kamoliddin Behzoddir. Bolaligidan yetim bo‘lib, Mirak Ruhulloning qaramog‘ida tahsil olayotgan Behzod yoshlik chog‘idayoq Amir Alisherning dargohiga qadam qo‘ydi. Amir Alisher Behzodga nisbatan alohida qiziqish va muhabbat bilan munosabatda bo‘lardi. Mahmud Vosifiyning rivoyati ushbu fikrlarni yanada tasdiqlaydi.:
“Ustoz Behzod rasm chizilgan bir sahifa qog‘ozni Amir Alisher majlisiga olib keldi. Unda turli-tuman daraxtlar va ularning shoxlarida chiroyli qushlar, har tarafda suv oqib turgan ariqlar, zangori gullar ochilib turgan gulbog‘lar va hassaga tayanib turgan va oldiga tilla tangalar to‘la laganlar qo‘yib olgan Mir Alisherning yoqimli surati tasvirlangan edi. Mir Alisher bu tasvirni ko‘rib favqulodda ajablandi va ishtirokchilardan bu tasvir haqida o‘z fikrlarini bildirishlarini so‘radi. Ulardan biri dedi: “Qo‘limni cho‘zib bir gulni uzib olmoqchi va sallamga qistirib qo‘ymoqchi bo‘ldim, ammo daraxtlardagi qushlar uchib ketmasin deb andisha qildim”. Ularning har biri biror narsa dedi va Amir Alisher shunday dedi: “Men esa lagandagi oltinlarni majlis ishtirokchilariga hadya qilishimga oz qoldi”. Mir Alisher tasvirning latofati va chiroyliligidan shunday ta’sirlaib ketdiki, ustoz Behzodga bir otni egar-jabdug‘i bilan berdi va munosib sarpo bilan siyladi”[9].
Shoh Muzaffar, Qosimali Chehragusho, Hoji Muhammad naqqosh, Mulla Yoriy muzahhab (kitob bezovchi) va Mullo Darvish Muhammad ham Alisher Navoiy homiyligida tarbiya topgan naqqoshlar hisoblanadi.
Xattotlik
Sulton Husayn Boyqaro va Amir Alisher beqiyos va bejirim kitoblarni yozdirib bezattirishga alohida e’tibor ko‘rsatishgan. Mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy yoshligida Sulton Abusayid Mirzo taklifiga binoan Hirotga borgan iste’dodli xattotlardan edi. U keyinchalik Sulton Husayn Boyqaro va Amir Alisherning e’tiboriga sazovor bo‘ldi.
Qozi Ahmadning yozishicha, bu san’atkor Amir Alisherning “Majolis un-nafois” kitobini Amir saroyi hovuzining marmar toshlariga juda chiroyli xat bilan yozib chiqqan. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z esdaliklarida yozadiki, Mavlono Sulton Ali Mashhadiy “Har kuni Mirzo (Sulton Husayn) uchun o‘ttiz bayt va Alisherbek uchun yigirma bayt yozardi”.
Amir Alisher dargohidagi boshqa xattotlardan Sulton Ali Qoyiniy, Xoja Muhammad Hofiz, Mavlono Zayniddin Mahmud, Mavlono Sulton Ali Sabz Mashhadiy, Mavlono Sulton Muhammad Xandon, Mavlono Abduljamil, Mavlono Buhroniy, Mavlono Adimiylarni atash mumkin.
Xotima
Amir Alisherning shaxsiy ahvoli haqida aytishlaricha, u dindor va shariat odoblariga rioya qilishni lozim deb biluvchi edi. Butun umri davomida uylanmadi. Do‘stlariga muloyim va muruvvat bilan muomala qilardi. Shatranj o‘yinida juda mohir ediki, ayni bir paytda ikki kishi bilan o‘ynardi[10].
Amir hijriy 906 yilning o‘n ikkinchi jumod us-soni payshanba kuni Hirotda vafot etdi. Uning himoyasi ostida bo‘lgan juda ko‘p shoirlar unga atab marsiyalar yozishdi. Ular orasida Mavlono Sohib 45 baytdan iborat marsiya yozdiki, har bir baytning bir misrasi abjad hisobida Amirning tug‘ilgan sanasi va ikkinchi misrasi vafoti sanasini ifoda etardi. Ushbu ikki bayt o‘sha qasidadan olingan:
Ey bedod va berahm falak shunday ish qildingki,
Va ey ajal, jahon mulkini qattiq vayron qilding.
Jahon ahliga nima deysan, menda hasad yo‘q edi,
Hasaddan bir yo‘la jahonni ahli jahonsiz qilding.
Hirot iydgohida ul zoti foyizi barakot uchun namoz o‘qildi, so‘ngra o‘zlarining jome’ masjidlari yonidagi ul xayrli ishlar peshvosining o‘zlari qurdirgan gumbaz ostiga olib borib dafn qilindilar[11].
Fors tilidan Mirodil Obidov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 2-son
_________________________________
[1] Ko‘proq ma’lumot olish uchun qarang: Valiulloh Kovusiy. Temurning san’at va san’atkorlar bilan aloqalari. // “Guleston-e hunar”, 1385. 3-son
[2] Xondamir. Makorim ul-axloq (Amir Alisher Navoiyning sharhi ahvoli va hayoti). Muqaddima, tahrir va tadqiq: Muhammad Akbar Ashiq. – Tehron, Yozma meroslar oynasi, 1378. 51-bet.
[3] Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. Tosh bosma nusxasi. Tehron universiteti markaziy kutubxonasi, Tehron, inv. №: 107724. 108-bet.
[4] Xondamir, G‘iyosiddin bin Himomiddin Al-Husayniy. Moasarul-muluk. “Xulosatul-Axbor” xotimasi va “Qonun-e Humoyuniy” ilovasi bilan. Mirhoshim Muhaddis tahriri ostida. –Tehron: “Raso” madaniy xizmatlar muassasasi, 1372. 243-bet.
[5] Jomiy, Nuriddin bin Abdurahmon bin Ahmad. Muqaddima va tahrir: A’loxon Afsahzod va boshqalar. –Tehron: Yozma meroslarni nashr etish markazi, 1379. 174-bet.
[6] Zayniddin Mahmud Vosifiy. Badoye’ ul-vaqoye’. 1-jild. 24-bet.
[7] Ushbu Vaqfnomaning bir bo‘limi tarjimasi haqida ma’lumot olish uchun qarang: o‘sha asar, ک – که betlar (20–25-betlar).
[8] Xondamir. Makorim ul-axloq (Amir Alisher Navoiyning sharhi ahvoli va hayoti). Muqaddima, tahrir va tadqiq: Muhammad Akbar Ashiq. – Tehron, Yozma meroslar oynasi, 1378. 98–99-betlar.
[9] Vosifiy. Badoye’ ul-vaqoye’. 2-jild. 150-bet. Husayn Mirja’fariyning “Torix-e Timurxon va torkamanon” asarida naql qilingan. 121–122-betlar.
[10] O‘sha asar. 669-bet.
[11] Xondamir. Makorim ul-axloq. 150-bet.