She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy nomi haqli ravishda jahon adabiyotining eng buyuk siymolari qatorida faxr bilan tilga olinadi. Eng avvalo, Navoiyning favqulodda nodir iste’dodi va ulkan ijodiyoti, hazrat Jomiy va Bobur ta’biri bilan aytganda, ko‘p va xo‘b (yaxshi) yozganligi shoirni beqiyos ulug‘lik martabasiga ko‘tardi. Zotan, shoirning o‘zi ham bir faxriyasida buhaqiqatni shuday e’tirof etgan:
Falak ko‘rmadi men kibi nodire,
Nizomiy kibi nazm aro qodire
Shu bilan birga Navoiyning tengsiz iste’dodiga bamisoli bir qanot bag‘ishlagan, uni butun salohiyati va jilolari bilan erta namoyon bo‘lishiga imkon bergan muhim ma’naviy-estetik omillar borligini ham unutmaslik lozim. Ustoz shoir E.Vohidov ta’kidlaganidek, ”Bir yozuvchining adabiyot dargohiga kirib, undan o‘z o‘rnini topishi uchun ming bir shartu sharoitning tajassumi kerak”. Navoiy she’riyatdagi ilk qadamlaridanoq o‘zidan oldingi turkiy va forsiyzabon shoirlar ijodiga katta mehr va ixlos bilan qaradi, ulardan hamisha ruhiy madad va ilhom oldi. Ijodiy balog‘at sari ko‘tarilayotgan yosh shoir uchun serzavq, ta’sirchan mutolaa va ko‘ngilli muloqot hamda ulardan olingan unutilmas saboqlar uning tiyrak ongu shuuri va poetik tafakkurini nechog‘lik boyitib, mahorat sirlariga oshno etganligini samimiyat bilan xotirlaydi: ”Yigitlig‘im zamoni va shabob ayyomi ovonida ko‘prak she’rda sehrsoz va nazmda fusunpardoz shuaroning shirin ash’ori va rangin abyotidin 50 mingdan ortiq yod tutibmen va alar zavq va xushhollig‘idin o‘zumni ovutibmen va saloh va fasodlariga fikr etibmen va maxfiy daqoyiqiga taammul va tafakkurlar bila yetibmen”.
Shuni ham ishonch bilan aytish joizki, Alisher Navoiy bilan turkigo‘y salaflari va fors adabiyotining ulkan namoyandalari o‘rtasida kechgan ustoz-shogirdlik tom ma’noda ijodiy yo‘nalishda bo‘lgan. Belinskiy iborasi bilan aytganda, ulug‘ ustozlar ijodi va mo‘jizakor sirlarini o‘rganish yosh shoirga bamisoli yerning bag‘ridagi kuchni uyg‘otgan quyosh nurlaridek g‘oyat samarali va ilhombaxsh ta’sir ko‘rsatib, uning o‘ziga va iqtidoriga bo‘lgan ishonchini qanchalar orttirganligi bo‘lajak daho uchun, ehtimol, taqdirning tengsiz bir tuhfasi bo‘lgandir. Binobarin, Navoiy buyuk so‘z san’atkorlari ijodiyotidan ibratli saboq olish va ularning qutlug‘ an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirish bilan cheklanib qolmasdan, balki chinakam novator shoir sifatida ustozlari bilan ko‘p jabhada ijodiy musohaba va musobaqaga kirishib, ulkan badiiy “kashfiyot”lar yarata oldi.
Ani nazm etki, tarxing toza bo‘lg‘ay,
Ulusqa mayli beandoza bo‘lg‘ay.
Yo‘q ersa, nazm qilg‘onni xaloyiq
Mukarrar aylamak sendin ne loyiq…
Bu – Alisher Navoiyning yuksak a’moli, ijodiy-estetik dasturi edi, deyish mumkin. Darhaqiqat, Navoiy hayot misoli rangin, boy va sehrli bo‘lgan so‘z mulki ichra sayr etib, “bu bo‘ston sahnida gul ko‘p, chaman ko‘p” ekanligini to‘la isbot etdi. Bunga ishonch hosil qilish uchun fors-tojik adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri – Sa’diy Sheroziy bilan Navoiy ijodining g‘oyaviy-hayotiy manbalariga, bemisl tafakkuri, dunyoqarashining uzviy aloqadorligi va mushtarak jihatlariga bir nazar solish kifoya.
Ko‘plab manbalardan ma’lumki, ko‘p asrli fors-tojik adabiyotining mumtoz vakillaridan bo‘lgan Muslihiddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Mushrifiddin Sa’diy Sheroziy 1203-1210 yillar orasida Eronning Sheroz shahrida ruhoniy xonadonida tavallud topadi. O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlariga uzoq yillar davomida bir necha marta sayohat qilgan va hayotning ko‘pdan-ko‘p mashaqqatlari va rutubatli kunlarini boshidan kechirib, piri murshid bo‘lib tanilgan donishmand shoir 1292 yilda vafot etadi.
Sa’diy serqirra ijodkor bo‘lib, jumladan, qator she’riy devonlar yaratgan. Ayniqsa, Sa’diyning boy hayotiy tajribasi va teran tafakkurining samarasi o‘laroq maydonga kelgan “Bo‘ston” (1257) va “Guliston”(1258) nomli didaktik-pandnoma asarlari na faqat Sharq va O‘rta 0siyoda, balki rus va boshqa Yevropa xalqlari orasida ham keng tarqalgan bo‘lib, muallifga beqiyos shuhrat keltirdi. Jahon adabiyotining ko‘plab mashhur namoyandalari ham Sa’diy asarlariga qayta-qayta murojaat qilganligi va ulardan ijodiy ta’sirlanib, qator iqtiboslar olganligi bejiz emas.
Chunonchi, Sa’diy ijodini ixlos bilan o‘rgangan Lev Tolstoy uning “Du rafiq”(“Ikki o‘rtoq”) hikoyatini ijodiy tarjima qilib, o‘z majmuasiga kiritganligi ham shoir an’analarining ilhombaxsh qudrati bardavomligidan guvohlik berib turadi.
Alisher Navoiy va do‘sti Husayn Boyqaro bolalik chog‘idanoq Sa’diy asarlariga oshno bo‘lganligi Oybekning “Navoiy” romanida ham haqqoniy aks ettirilgan. Sa’diy ijodiyoti Navoiyni, eng avvalo, chuqur hayotiyligi, yuksak badiiyati va hikmatlarga boyligi bilan o‘ziga maftun etadi. Shuning uchun ham Sa’diy asarlari va shaxsini g‘oyat e’zozlab, uni “Ma’no ahlining nuktapardozi” (go‘zallashtiruvchi, sayqal beruvchisi) deb ta’riflaydi. Sa’diy va Navoiy asarlari hamda shaxsi bilan yaqindan tanishgan o‘quvchi shunday yakdil bir xulosaga kelishi tabiiy: bu ikki ulug‘ san’atkorning na faqat keng tafakkur-dunyoqarashi, ruhiyati va ma’naviy e’tiqodida, balki ularning boy she’riyati va ijodiyotida, hayot va insonni talqin qilish va tasvirlash mahorati, qolaversa, so‘z qo‘llash san’atida ham ajib bir mushtaraklik va g‘oyaviy hamohanglik yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Jumladan, Navoiy o‘zining “Hayrat ul-abror”kabi yirik asarlaridagi bir qator maqolot va hikoyatlarni yaratishda Yusuf Xos Hojib va Ahmad Yugnakiy dostonlari bilan birga Sa’diyning mashhur asarlaridan ham ta’sirlanganligi adabiyot ixlosmandlariga ma’lum. Darhaqiqat, ular ikki xalq vakili va turli asrda yashagan bo‘lsa-da, biroq ularning tasavvuf va boshqa ilg‘or oqim-tariqatlar ta’sirida shakllangan ijtimoiy-falsafiy qarashlari va sermahsul ijodiyotidagi ibratli mushtaraklik, ayniqsa, Hotam Toiy, No‘shiravoni odil, darvesh yoxud it va boshqa an’anaviy didaktik obrazlar talqinidagi bir-birini to‘ldirib, boyitib turuvchi ma’naviy va g‘oyaviy-axloqiy jihatlar g‘oyat salmoqdor ekanligi e’tiborni tortadi. Hali adabiyotshunoslikda yetarli o‘rganilmagan ko‘p qirrali bu ijodiy jarayonning muhim bir sabab-izohi, bizningcha, shundaki, ular badiiy ijodda an’anaviylik va novatorlik tamoyillariga izchil amal qilgan va ilohiy bir shuur, botiniy nigoh bilan ko‘plab millat va xalqlarning mushtarak orzu-intilishlari va ruhiyatini teran anglab yetgan (ta’bir joiz bo‘lsa, bashoratgo‘ylik salohiyatiga ham ega bo‘lgan) buyuk idrok sohiblari sifatida o‘zlarining hayratangiz timsolu tasvirlari va purhikmat nazmiy javohirlari bilan jahon adabiyoti va tafakkur olamida yangi sahifa ochgan ulug‘ mutasavvuf ijodkorlardir.
Sa’diy va Navoiyning boy, mazmundor hayoti va serqirra faoliyatini hayrat bilan o‘rganar ekanmiz, ularga xos bo‘lgan ibratli bir xususiyatni alohida ta’kidlash joiz. Ular butun umri davomida pokiza iymon-e’tiqod bilan yashashida, eng avvalo, Qur’oni Karim hayotiy dasturilamal bo‘lganidek, ularning ijodida ham ilohiy kalom-oyatlarning o‘rni va ahamiyati beqiyos bo‘lganligi adabiyot va ma’naviyat olami uchun ham noyob bir hodisa deyish mumkin. Bu ikki san’atkorning buyukligi yana shunda ko‘rinadiki, oradan necha asrlar o‘tib, hayotda ham, adabiyotda ham necha-necha yangi avlodlar yetishib chiqqani, dunyo va tafakkurimiz qanchalar o‘zgargani va qalb-ruhiyatimizdagi jiddiy evrilishlarga qaramasdan, ularning bebaho adabiy merosi hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Chunonchi, Sa’diyning quyidagi mashhur satrlari bugun ham barcha millatlar uchun odamiylikning yuksak axloqiy bir mezoni bo‘lib jaranglaydi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi:
Tu gar mehnati digaron beg‘ami,
Nashoyadki nomat nihand odami.
Ya’ni: agar sen o‘zgalar mehnati, dard-tashvishiga beg‘am bo‘lsang, sening nomingni odam deb atab bo‘lmaydi. Shu o‘rinda hazrat Navoiyning millionlab komil insonlarning hayotiy maqsad va dasturi ifodalangan dono o‘gitlaridan birini qiyosan yodga olaylik:
Odami ersang, demagil odami,
Oniki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami
Adabiyot va san’atning oliy maqsadi va insonparvarlik mazmun-mohiyatini namoyon etib, necha asrlarki jahon she’riyatining porloq sahifalarini bezab turgan bu hikmat nuqralarining teran ma’no va shakli, vazni va hatto xijolari bilan qofiyalanishi ham bir-biriga monand va hamohangligi tasodifiy emas. Ular Sa’diy va Navoiyning yuksak insonparvarlik va xalqparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan maslak va orzularining mushtarakligidan yorqin dalolat berib turishi bilan birga, ayni vaqtda, mazkur shoh baytlar adabiyot va jamiyatning mangu muammolarini yoritishda ularning yakdil, hamfikr ekanligini ko‘rsatib turishi bilan ham e’tiborli. Ya’ni, butun ijodi va ruhiyatida islom ma’rifati va aqidalari ustuvor bo‘lgan Sa’diy va Navoiy kishilarni hamisha odamiylikka, insoniy komillikka boshlab, ularning o‘zaro hamdard va ahil bo‘lishini na faqat ezgulik va muruvvatning oliy bir namunasi deb, balki kishilik jamiyatining ma’naviy tayanch-ustunlari sifatida beqiyos qadrlagan. Shu tariqa ular o‘z ijodini asrlar davomida eskirmaydigan hayotbaxsh, umuminsoniy g‘oya va qarashlar bilan muzayyan etgan.
Shubhasiz, mazkur misralarda tajassum topgan mavzu-mazmun birligi va g‘oyaviy-ruhiy yaqinlik tasodifiy bir o‘xshashlik yoxud shunchaki taqlid natijasida yuzaga kelib qolgan emas. Balki bu mushtaraklik, avvalo, ikki ulug‘ so‘z san’atkorining mustahkam g‘oyaviy-diniy e’tiqodi va gumanistik dunyoqarashidagi teranlik bilan, ular ijodida INSONning asl mohiyati g‘oyat chuqur, san’atkorona talqin etilganligi bilan izohlansa to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu o‘rinda shuni ham e’tirof etish zarurki, Sa’diy va Navoiydek buyuk ijodkorlarning qudratli taxayyul olami va tafakkur yog‘dusida o‘zining ravshan ifodasini topgan va insoniyat tamadduniga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan mushtarak ezgu g‘oyalar va oliyjanob fazilatlar bizning kunlarimizda ham mashhur adiblar tomonidan yaratilgan yetuk asarlarda mahorat bilan kuylanib, muqaddas qadriyatlar sifatida e’zozlanmoqda.
Bu o‘rnida Sa’diyning ba’zi badxulq kimsalarga xos nomarg‘ub xislatlar bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa bir hayotiy sabog‘ini ko‘zdan kechiraylik: shoir ayrim salbiy harakterli shaxslar tabiatida chuqur ildiz otib ketgan illatlarni qoralar ekan, ulardan kitobxonni shunday ogoh etadi:
Nokas bo tarbiyat nashavad, ey hakim, kas,
Dar bog‘ lola ruyad va dar sho‘ra xoru xas.
Ya’ni, ey oqil kishi, odam zotiga yot maxluqfe’l nokasni (kas-forscha, kishi) solih inson qilaman deb, behuda urinib, aziyat chekma, chunki unumdor zamindagi bog‘da gulu lola yashnaganidek, yantog‘u sho‘razorda faqat tikanak bilan xas-xashak bitadi. Inson tiynatining murakkabligi va u azaldan shu fe’l-atvori bilan bir-biridan tubdan farq qilishini falsafiy teranlik bilan yorituvchi bunday hayotiy va ta’sirchan she’riy hikmatlar Navoiy ijodida alohida o‘rin tutadi. Bu hol, albatta, shoirning beqiyos badiiy- estetik tafakkuri, iste’dod yo‘nalishi va yoniq qalb tug‘yoni bilan birga u yashagan nosoz zamon va murakkab davr muhiti bilan ham bevosita bog‘liq ekanligini ta’kidlash lozim:
Nokasu nojins avlodin kishi bo‘lsun debon,
Chekma mehnat, yaxshi bo‘lmas kasofat olami –
Kim, kuchuk birla xutukka qancha qilsang tarbiyat,
It bo‘lur, eshak bo‘lur, bo‘lmaslar aslo odami.
Sa’diy va Navoiyning hayot va tabiat haqidagi sharqona tafakkuri, milliy ruh bilan yo‘g‘rilgan ijtimoiy-estetik va axloqiy qarashlarining uyg‘unligi hamda ularga xos bo‘lgan ulug‘vor maqsad va g‘oyaviy-badiiy niyatning xalqona majoziy bir ifodasi hamdir. She’rlar zamiridagi hayotiy tajriba-saboq, kuchli mantiq va keskin g‘oyaviy hamohanglik ikki buyuk mutafakkirning qat’iy bir xulosasi, ya’ni razil va tuban kimsalar xususidagi chuqur falsafiy mushohadasi-ning badiiy in’ikosi sifatida inson qalbini junbushga keltirishini tasavvur qilish qiyin emas. Ayni paytda, ular ijodida keng o‘rin tutuvchi ma’rifat va adolat, ezgulik va saxovat kabi oliyjanob fazilatlarni ulug‘lash va aksincha, jaholat, qabohat, nohaqlik va ta’magirlik singari illatlar insoniyatga qanchalar katta zarar va xavf tug‘dirishini chuqur badiiy tahlil va talqin asosida fosh etish mahorati jahon adabiyoti va ijtimoiy-tanqidiy tafakkur rivojiga ham munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi shubhasizdir. Zotan,
Yuz jafo qilsa menga, bir qatla faryod aylamon,
Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram,–
degan hayotiy dasturiga izchil amal qilgan Navoiy xalqqa sitam yetkazgan zolim va razil hukmdorlarga qarshi o‘zining butun ijodi va ijtimoiy-siyosiy faoliyati bilan mardona kurashganligi o‘ziga xos bir jasorat timsoli bo‘la oladi. Shoirning zamondoshi mashhur muarrix Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida bayon qilinishicha, Navoiy podshoh Abusaidning adolatsizligi xalqning qattiq noroziligi va arz-dodiga sabab bo‘lganligini fosh etuvchi bir voqeaning shohidi bo‘lar ekan, unga nisbatan keskin munosabati va ko‘nglidagi nafratini Sa’diyning quyidagi hikmati bilan ifodalashni lozim topadi:
Gadoyeki non az dari shoh just,
Bboyadki zi obi xudash dast shust.
Ya’ni: podshoh eshigidan non umidvor bo‘lgan gado qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga urishi, jonidan umidini uzishi kerak. Badiiy mukammallik namunasi bo‘lgan bunday tagdor baytlar va ular zamirida aks etgan hayotiy muammo-fojialar, shubhasiz, mehnatkash xalq dardiga malham bo‘lishni o‘zining bosh a’moli deb bilgan Navoiyni loqayd qoldirishi mumkin emas edi. Professor A.Hayitmetov kabi adabiyotshunoslar ta’kidlaganidek, Sa’diy asarlaridan katta ma’naviy-ruhiy ozuqa olgan va bunday purma’no she’rlariga alohida hurmat-nazokat bilan yondoshgan Navoiy ushbu an’anaviy mavzuda ham o‘ziga xos mas’uliyat va jur’at bilan qalam tebratadi. Zamon talab-ehtiyojlaridan kelib chiqib, ustozlarining she’rlarini ham ruhan, ham ma’nan ijodiy davom ettirar ekan, go‘yo ularning g‘oyaviy mazmun-ko‘lamini yanada kengaytirib, ta’sirchanligini ham oshiradi; natijada, Sa’diy misralariga hamohang quyidagi zalvorli satrlar, Shayxzoda iborasi bilan aytganda, ”jasur mazmunga ega” she’rlar vujudga keladi. Eng muhimi, ularda ko‘plab xunrezliklarga sabab bo‘lgan zolim hukmdorlarning olchoq tabiati va ajdaho misoli yovuz qiyofasini yana ham keskin fosh etish bilan birga o‘sha qattol zamondagi og‘ir ijtimoiy hayotning dahshatli bir haqiqatini navoiyona qat’iyat va shijoat bilan aks ettirishga muvaffaq bo‘ladi:
Jahon ganjig‘a shoh erur ajdaho,
Ki o‘tlar sochar qahr hangomida.
Aning komi birla tirilmoq erur –
Maosh aylamak ajdaho komida.
Turkiy tilimizda ilk bor yaratilib, dunyo adabiyotining yuksak cho‘qqilarini zabt etgan “Xamsa” va “Xazoyin ul-maoniy”dek buyuk asarlarning g‘oyaviy-badiiy mazmun-mundarijasida muhim o‘rin tutuvchi bunday nazmiy durdonalar chuqur bir tarixiy haqiqatni ifodalashi bilan yanada qimmatlidir. O‘tmishda, xususan, Navoiy yashagan davrda turkiy tilimiz nohaq kamsitilib, “bu – nafosatdan yiroq, qashshoq til, unda go‘zal, ma’nodor she’r-g‘azal bitib bo‘lmaydi” kabi g‘arazli, tahqiromuz qarashlar ancha keng tarqalgan edi. Navoiyning mavlono Lutfiy va Jomiydek tengsiz ustozlarining yuksak e’tirofu tahsinlariga sazovor bo‘lgan va ijod ahlini hamisha hayratga solgan mumtoz she’r-dostonlari bu iddaolarning asossizligini va o‘zbek tilimizning naqadar boy, ifoda imkoniyatlari cheksiz va serjilo-ohangdorligini ham badiiy, ham ilmiy jihatdan isbotlab berganligi, shubhasiz, uning chinakam vatanparvar va millatparvar ijodkor sifatidagi buyuk xizmatlaridan biri edi. Zotan, Navoiy ana shunday sharafli xizmati va mislsiz fidoiyligi bilan ham mangulikka daxldor benazir siymo ekanligidan xalqimiz cheksiz g‘ururlanadi.
Ko‘rinadiki, Navoiy va Sa’diy asarlaridagi g‘oyaviy hamohanglik, adabiy janrlar, obraz va talqinlardagi an’anaviylik va mushtaraklik ular ijodiyoti va badiiy tafakkur olamining muhim bir qirrasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bular aslo ulug‘ shoirlar iste’dodining o‘ziga xosligi, mo‘jizakor badiiy qudrati va mahoratini jo‘nlashtirishga yoxud ularning betakror, benazir asarlariga biryoqlama, yuzaki yondoshish va baholashga asos bermaydi. Binobarin, Sa’diy va Navoiy buyuk mutafakkirlar sifatida hamisha kishilik jamiyati taraqqiyotiga muhim xizat qiladigan g‘oyalarni kuylaganlar va na faqat o‘z davrining, balki bani basharning dard-tashvishi va og‘riqli haqiqatlarini teran idrok etib, ularni hayotiy, ta’sirchan obrazlar va g‘aroyib tashbehlar orqali san’atkorona ifoda etganlar. Mana shunday fazilatlar ularni ma’naviy-ruhiy, g‘oyaviy-badiiy jihatdan bir-biriga yaqinlashtiradi va ular ijodining umuminsoniy, baynalmilal mazmun-mohiyatini yanada chuqurlashtiradi. Jahon adabiyotida ustuvor ahamiyat kasb etayotgan turli millat, turli avlod ijodkorlariga xos bo‘lgan mushtarak umuminsoniy tafakkur, ilhombaxsh g‘oyalar ta’siri va hayotiy obrazlar zaminida vujudga kelgan bunday samarali adabiy-estetik an’anaviylik va bardavom ma’naviy-ruhiy silsilaning mustahkam oltin bir halqasini, shubhasiz, Sa’diy va Navoiy ijodiyoti tashkil etadi. Bu esa ular iste’dodi, badiiy-estetik olami va ijodiy an’analarining umumbashariy mazmun-miqyosidan va jahonshumul ahamiyatga molik ekanligidan yorqin dalolatdir.
Usmonjon Qosimov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son