Hikoya janrida faol ijod qilayotgan taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning ushbu janrda shu paytgacha yaratgan qariyb barcha asarlari “Sharq” nashriyotida “Beozor qushning qarg‘ishi” nomi bilan kitob holida chop etildi. To‘plamdagi hikoyalar mavzusiga qarab sakkizta bo‘limga bo‘lingan.
Mutolaa jarayonida darhol ko‘zga tashlanadigan jihat shuki, hikoyalarda qiziqarli voqealar tasviriga asoslangan, bo‘rtib turgan syujet yo‘q hisobi. Bu hol X.Do‘stmuhammad ijodiy uslubining o‘ziga xosligi bilan bog‘liq. Hikoya yozish jarayonida muallifni voqeago‘ylik emas, balki badiiy san’atkorlik qiziqtiradi. Syujet chizig‘i qahramonlar ruhiyati orqali o‘tadi. Binobarin, to‘plamdagi asarlarni inson ruhiyati tahlili haqidagi hikoyalar, deb atash mumkin.
Kitobda “Bedor moziy” nomi bilan alohida bo‘limga ajratilgan hikoyalarga yozgan kirish so‘zida muallif shunday deydi: “Kishilar xotirasidan o‘chmagan tarixiy voqealargina tirik hisoblanadi… Ularning ahamiyati, qimmati keyingi avlodlarga bedorlik baxsh etishidadir”.
Hikoyalar qahramonlari Mirkomilboy va To‘xtaboy sarmoya to‘plash, boylik orttirish barobarida millat taraqqiyoti, milliy hamjihatlik haqida qayg‘urib, mustamlaka davrida ezgu amallar uchun imkon qidirishadi. Tabiiyki, o‘sha zamon sharoitida bunday odamlarga oson bo‘lmagan va ularning hayoti ko‘pincha fojiali kechgan. Ularning bir qismi Vatanni tark etib, o‘zga yurtlarga bosh olib ketishgan. “Qazo bo‘lgan namoz” hikoyasida Istanbulga ko‘chib kelishni taklif qilgan Anvar poshoga javoban Mirkomilboy shunday deydi: “Lekin vatanni qanday opkelamiz? Vatanni ko‘chirib bo‘lmaydi-ku!” Shu tariqa Vatan fojiasi — uni sevgan shaxslar fojiasi ekanligi tarixiy mavzudagi hikoyalarda mahorat bilan ko‘rsatilgan.
X.Do‘stmuhammadning zamonaviy mavzudagi hikoyalari shakl va mazmuni muallifning uslub ustida jiddiy izlanayotganini ko‘rsatadi. “Otamning oshnasi” hikoyasida cho‘lda ishlaydigan kattakon odam mehmon bo‘lib kelgan xonadonda futboldan gap qo‘zg‘aladi. Uy sohibi o‘g‘liga mehmonni: “Amaking ashaddiy ishqibozlardan”, deya ta’riflaydi. Mehmonning istagi bilan futbolga chipta olishadi. O‘yin boshidagi suhbatdan mehmonning futbolga yigirma yildan keyin ikkinchi bor kirayotgani ma’lum bo‘ladi. “Ashaddiy ishqiboz shumi?” degan kinoyali o‘y o‘tadi xayolimizdan. Biroq hikoyada ba’zi his-tuyg‘u, mayl-istak va ishqibozlik odamda sharoit taqozo etguncha yashirin holda bo‘lib, vaqt-soati yetganida junbishga kirib, o‘zini namoyon etishi san’atkorona ko‘rsatilgan. Xalq tilida buni odamning “ochilgan payti” deyiladi: “Mehmon o‘rnidan turib olgan, quloqni qomatga keltirayotgan qiyqiriqlarga qo‘shilib, dam unday-dam bunday ovoz chiqarar, uning olqishi, na’rasi boshqa muxlislarnikidan yaqqol farqlanib quloqqa botar, har safar ovoz chiqarganida beixtiyor: “Biron kor-hol bo‘ldimi?” degan xavotirda u kishining aftiga qarayverdim”.
Sobiq totalitar tuzumning shaxsga nisbatan zo‘ravonligi mavzuida adabiyotda ko‘plab asarlar yaratilgan. “Jim o‘tirgan odam” hikoyasi ham shu mavzuga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, asar yengil hajv bilan yo‘g‘rilgan, ya’ni unda fojiaviylik yumor vositasida ko‘rsatilgan. Bu jihatdan “Jim o‘tirgan odam”ni Chexovning “Unter Prishibeev”, “Semiz va oriq” kabi hikoyalariga o‘xshatish mumkin. Hikoya qahramoni Qurbonali bir paytlar “botirgapchi” bo‘lib, ayrimlar uning bu xislatiga havas ham qilishgan. Ammo uch og‘iz jumla “sharofatiga” o‘n yildan oshiq o‘tirib kelgan padari buzrukvori bir hikmatni farzandining qulog‘iga quygan: “Xudo dushmanni har bandaning og‘ziga joylab qo‘yibdi. U dushmanning oti — til, zabon! Yorug‘ dunyoda eson-omon yashab, o‘z ajaling bilan o‘lmoqchimisan — tilingga tugun solib yur”. Otasining o‘limidan so‘ng Qurbonali uning bu hikmatiga vasiyat kabi amal qiladi. Biroq tuzumning qabohati shu darajadaki, hatto “jim o‘tirgan odam” ham o‘zini “gunoh”dan soqit his qilolmaydi: “Uning shuuriyu vujudini qo‘rquv zabt etgan, qon tomirlarida qon emas, qo‘rquv zir yugura boshlagan edi!” Hikoyada epizodik tarzda ko‘rinsa-da, esda qoladigan obrazlardan biri nihoyatda qitmir, o‘ziga gard yuqtirmaslik uchun “noxush” gap qo‘zigan davradan darhol juftakni rostlaydigan To‘lash tarasha. U Qurbonalidan ham ehtiyotkor va tiliga pishiq odam. Biroq tuzum razolatiga had yo‘qligi shundan ayon bo‘ladiki, unda To‘lash tarasha kabi odam ham shubhayu ta’qibdan emin yashashi dargumon.
X.Do‘stmuhammadning bozor mavzusiga bag‘ishlangan ilk asarlaridan biri “Jajman” hikoyasi milliy hikoyanavislik yutug‘i sifatida e’tirof etilgan. Jajman hikoyada yuho nafs timsolidir. Oldin uni beozor maxluq ko‘rib, erk bergan odamlar so‘ngra dahshatga tushadi: “Shuni o‘ldirib, tinch yashaylik!” Biroq Jajmanni, ya’ni hakalak otib ketgan baloi nafsni o‘ldirish osonmi?! Ilk bor 1989 yilda e’lon qilingan hikoyada bozorchilarning sa’y-harakati natijasida “o‘ldi”, deb hisoblangan Jajmanning ikki barobar kattalikda tirilib kelishi go‘yo adabiy bashoratdek bo‘ldi.
To‘plamdagi ayrim hikoyalarning joziba kuchi shunchalikki, ularni oxirigacha o‘qib ulgurmayoq, kitobxonda oldingi sahifalarga takror ko‘z yugurtirish, asarning mazmun-mohiyatini ilg‘ash, tag qatlamlariga chuqurroq yetish ishtiyoqi paydo bo‘ladi. “O‘n birinchi eshik” shunday hikoyalardan biri. So‘lim istirohat bog‘ida Rasul o‘z sevgilisi Bashorat bilan kezmoqda. Sayru sayohat uchun barcha narsa muhayyo: daraxtzor, ko‘l sohili, sayhonlik. Biroq Rasul tinimsiz bog‘ning devorlari, eshik-darvozalarini izlaydi. Rasul bilan “dunyoning eng olis burchaklarigacha ketib qolishga tayyor” Bashorat unga hamdardlik bilan deydi: “— Qiziqsiz-a, Rasul aka… “Devor, darvoza” deyapsiz-u… mana shu odamlar-da, devor! Darvozayu eshiklar — odamlarning yuragi, qalbi, mana shu yurak va qalblar tushunsagina darvoza tavaqalari ochilgan hisoblanadi biz uchun!”
Bu satrlardan so‘ng kitobxonga hikoya ramzlar asosiga qurilgani, asar qahramonlari nomlari ham ramziyligi ayon bo‘ladi. Diqqat taranglashib, Rasul devor-darvozalarni qidirish va ochishga zo‘r bergani sayin, o‘quvchi aql va tasavvurlarini ishga solib, ramzlar qatiga yashiringan mazmun-mohiyatni izlaydi. Eshiklar ko‘p-u ochiladiganini topish ancha mushkul kechadi. Bog‘ning ovloq burchagida g‘ishtli devor orasidagi taxtani ko‘rganida Rasul maqsadga yaqin yetganini his qilib, darhol uni ko‘chirishga kirishadi. Temir mixlarni asbob-uskunasiz ko‘chirib ola boshlaydi va Bashoratga deydi: “Bu mixlar eshikka yoki taxtaga emas, yurakka qoqilgan. Sen bilan birgalashib, ana shu yurakdagi mixlarni bitta-bittalab sug‘urib tashlaymiz. Mayli, qo‘limiz qonasin, mayli ko‘karib-shilinsin, lekin yurak mixlardan tozalansa, tomirlardagi qon gupirib oqadi, qara, zanglagan-qoraygan, egri-bugri, katta-kichik mixlar”.
Bu hikoya mumtoz shoirlar g‘azallari singari turfa talqinlarga imkon beradi desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Hayot, inson va jamiyat haqidagi bir qolipga solingan biqiq o‘y-fikr, sobiq mustabid tuzum vujudimizga singdirgan mute’lik biz tark etishni istamagan “so‘lim istirohat bog‘i” emasmi? Bog‘dan tashqaridagi har bir narsa bizga noayon, yot va keraksiz, hatto zararli tuyuladi. Kimki tor qobiqni yorib chiqmoqchi bo‘lsa, tushunmaslik degan metin devorga duch keladi. Bu hali holva. Mustaqil fikrlash, ilg‘or jahon hamjamiyati darajasidagi tafakkurga erishish yo‘lini ochish uchun yuragimiz, qalbimiz, ongimizga qadalgan zanglagan mixlarni bittalab sug‘urib tashlashimiz kerak. Har birimiz o‘zimiz uchun Rasul, millatdoshlar uchun esa Bashorat yanglig‘ sadoqatli madadkor bo‘lmog‘imiz lozim.
X.Do‘stmuhammad mashhur italyan yozuvchisi Dino Butsattining “Etti qavat” hikoyasiga nazira yozgan. “Jimjitxonaga yo‘l” nomli bu nazira ilk bor matbuotda e’lon qilingach, adabiy jamoatchilikda qiziqish uyg‘otdi. Asarda Mag‘rib va Mashriqqa mansub ikki odamning o‘lim oldidan o‘zini tutishi muqoyasi qilingani ta’kidlanib, qaysidir ma’noda X.Do‘stmuhammad nazirasi D.Butsatti hikoyasidan ustun, degan mazmundagi so‘zlar ham aytildi. Professor Qozoqboy Yo‘ldoshev boshqacharoq munosabat bildirdi: “Butsattining hikoyasidan kelib chiqadigan badiiy ma’no naziradagidan kuchliroq. Negaki, italiyalik adibning asarida mantiqiy izchillik kuchli”. Muhtaram professor haq, deb o‘ylaymiz. Chunki ilgari surilgan g‘oyalarning ahamiyati inkor etilmagan holda, adabiy asarni baholashning asosiy mezoni, baribir uning badiiyligi va kitobxonga ta’sir kuchi bo‘lib qolaveradi. “Etti qavat” hikoyasida Dino Kortening qavatdan qavatga ko‘chish holati g‘oyat ta’sirchan tasvirlangan bo‘lib, kitobxon uning iztiroblariga sherik bo‘ladi, beixtiyor qahramon bilan ortga — yuqori qavatlarga talpinadi. Xullas, qavatlar soniga ko‘ra o‘quvchi yetti marta yuragini hovuchlaydi. Zohid Yaqinning qavatdan qavatga ko‘chishi tasvirida esa dramatizm va ta’sir kuchi sustroq. Shunga qaramay, jahon adabiyoti ulug‘larining panjasiga panja urganda mag‘lubiyatdan cho‘chimaslik kerak. Zero, bunday mag‘lubiyatlar zaminida bo‘lajak g‘alabalar urug‘i unib chiqsa ajabmas.
“Beozor qushning qarg‘ishi” kitobi, shubhasiz, chuqur ilmiy tadqiqotlar, qizg‘in adabiy muhokamalarga arzirli to‘plam. Zero, undan joy olgan asarlar adabiyotimizdagi yangilanayotgan badiiy tafakkur, o‘zbek hikoyanavisligining bugungi darajasi hamda zamonaviy jahon hikoyanavisligida tutgan o‘rni haqida jiddiy fikr-mulohazalar aytishga imkon beradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 9-sonidan olindi.