Shaharlarda, tuman markazlarida “Go‘zallik saloni” deb nomlangan maishiy xizmat xonalari ko‘paygandan ko‘payayapti. Sababi – talabgor ko‘p. Kelin bo‘ladigan qizlarning bari bu bezakxona mijozi. To‘y oldidan bo‘yanish, bezaklanish qizlarning, ayniqsa kelin bo‘lg‘usi qizlarning urfiga aylandi. Hatto qishloqlarda ham shunaqa pardozxonalar paydo bo‘lmoqda. Pardoz-andoz uchun uzoq yo‘l bosib shaharga kelishga na hojat. Axir, qishlog‘ingda ana shunday maskan bo‘lsa, bo‘ldi-da. Bular – masalaning mohiyatiga unchalik daxli bo‘lmagan gaplar.
Bilasizmi, “Go‘zallik saloni” – nima degani? Bu nom qanday paydo bo‘lgan?
Go‘zallik saloni birikmasi ruscha “salon krasotы” birikmasining aynan, so‘zma-so‘z tarjimasi. Sho‘rolar hukmronligi davrida juda ko‘p ruscha birikmalar mantiqqa emas, shaklga asoslanib tilimizga o‘girilgan.
Aslida go‘zallik saloni birikmasining mohiyati shu xizmat nuqtasida bajarilayotgan ishlarning mazmuniga mosmi? Yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, teskari mantiq mavjudligi ayon bo‘ladi. Bu birikmadan “go‘zallik mavjud xona” degan mazmun anglashilayapti-ku. Bu xonada esa go‘zallik namunasi sanaladigan narsalar yo‘q. Go‘zallik deb atalgan tushuncha ham bu xonaning o‘ziga xos emas. Bor-yo‘g‘i, bu xonada — salonda pardoz-andoz qilinadi.
Xullas, go‘zallik saloni deb atalmish makonda odamlarning tashqi qiyofasiga shakl beriladi, qisqa muddatga mo‘ljallab, vaqtinchalik suluvlik ato etiladi. Biror to‘y, ma’raka, marosim o‘tguncha turadigan pardoz beriladi. Atigi bezaklanadi. Bu ishlarni to‘la ma’nodagi go‘zallik deb atab bo‘lmaydi. Go‘zallik — doimiy va tabiiy narsalarga nisbatan qo‘llanadigan so‘z. Pardoz esa doimiy narsalarga vaqtinchalik beriladigan bezaklar ifodasi. Go‘zallik saloni birikmasidan esa salonning ichida nimaiki bo‘lsa, ko‘riladigan nimalardir qo‘yilgan bo‘lsa, ularning barchasida go‘zallik mavjud bo‘lishi lozim degan ma’no anglashiladi. Kishilar xuddi muzeydagi yoki sirkdagi narsalarni ko‘rgani, tomosha qilgani singari salonga ham go‘zallik namunalarini ko‘rgani, tomosha qilgani kirishi lozim.
Ma’lum bo‘ladiki, rus tilidagi “salon krasotы” birikmasidagi “krasota” so‘zining ma’nosi aynan “go‘zallik” so‘zi ma’nosiga to‘g‘ri kelmaydi. Go‘zallik so‘zida umumiylik tushunchasi bo‘lsa, pardoz so‘zida xususiylik tushunchasi mavjud. “Krasota” so‘zi pardoz so‘zi bilan tarjima qilingani ma’qul. Ana shunday tarjima qilinsa, pardoz beradigan xonalar peshtoqiga yoziladigan peshlavha uchun ham qulay bo‘ladi.
O‘zbek tilida choyxona, oshxona, ishxona, darsxona, qiroatxona, suratxona, o‘yinxona, shifoxona, zarbxona, to‘yxona kabi so‘zlarimiz bor. Bu so‘zlarning yasalishi tildagi an’anaviy so‘z yasalish qoidasi asosida amalga oshgan. Pardozxona so‘zi ham xuddi shu kabi yasama so‘zlar qatoriga qo‘shilgan yangi so‘z bo‘ladi. Bu yasalishda hech bir sun’iylik yo‘q, u notabiiylikdan xoli. Aksincha bu tabiiy yasalishdan hosil bo‘lgan yangi so‘z yozma nutqda ham, og‘zaki nutqda ham qo‘llashga qulay.
Go‘zallik saloni maqomidagi pardozxonalar eshigi yonidagi reklamalarni ko‘rib, ajablanmasdan ilojimiz qolmaydi. “Ximiya”, “Strijka”, “Ukladka”, “Prichyoska”, “Manikyur”, “Pedikyur, “Makiyaj” kabi g‘alati reklamalar qarshisida, albatta, hayratlanasiz. Bu so‘zlarning mag‘zi hammaga ham tanish emas. Mutaxassislar bu so‘zlarni tushunishi mumkin. Ammo ular xalq nutqiga xos emas. O‘zga tildagi ifodalarning o‘zbekcha muqobili yo‘qmi? Notabiiyroq bo‘lsa ham, ularni quyidagi tartibda o‘zbekchaga o‘girib yozsa ham bo‘ladi. “Ximiya” o‘rnida “Bo‘yash”, “Strijka” o‘rnida “Soch kesish” (soch qirqish emas), “Prichyoska” o‘rnida “Turmaklash”, “Manikyur” o‘rnida “Qo‘l pardozi”, “Pedikyur” o‘rnida “Oyoq pardozi” yoki “Oyoq tirnoqlari pardozi”, “Makiyaj” o‘rnida “Yuz pardozi”.
Muddaomiz shuki, ijtimoiy hayotimizdagi, turmushimizdagi, tevarak-atrofimizdagi voqelikning lisoniy ifodasi hammaga tushunarli bo‘lsin. Xalqimizning tilida, nutqida voqelikdan tashqaridagi so‘zlar bo‘lmasin deymiz.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).