Lope de Vega tirikligidayoq afsonaga aylangan ijodkorlardan edi. Uning ijodi shu qadar sermahsulki, boshqa biron bir dramaturgni bu borada u bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Shoir zamondoshlarining guvohligicha, uning 1800 ta ko‘p pardali, 400 ga yaqin bir pardali pesalari mavjud bo‘lib, o‘z davrida “Teatr san’atining sultoni” sifatida tan olingan. Lope de Veganing inson dardi, alami, orzu-istaklari madh etilgan ijodi ispan uyg‘onish davri teatrining cho‘qqisiga aylandi.
Lope de Vega 1562 yilning 25 noyabrida Madridda dehqon oilasida tug‘ilgan. U tili chiqar-chiqmas she’rlar to‘qishi, besh yoshida ispancha, lotinchada o‘qiy olishi, nafosat olamiga favqulodda qiziqishi bilan ko‘zga tashlangan. “Ilhom parisi Feb qistovida uchi to‘mtoq ruchkamda, sariq tumshuqli jo‘jalarimga atab pesalar yozganman”, deb eslaydi u bolalik chog‘larini.
Lope de Veganing yoshligi g‘aroyib sarguzashtlarga boy bo‘ldi. U teatr rahbarining qizi Yelenani sevib qoladi, unga tegajog‘liq qilgani uchun oqsuyak yigitni duelga chaqiradi, qizni esa xiyonatda ayblab, achchiq, zaharxanda she’rlar yozib masxara qiladi. Shu qilmishi uchun uni avaxtaga tashlaydilar va oxiri Madriddan quvg‘in qiladilar. Mazkur voqeadan so‘ng yosh dramaturg Valensiya shahridan qo‘nim topadi. Ilm-fan, san’at ancha taraqqiy etgan bu shahar adibning ijodiy takomilida alohida ahamiyat kasb etadi. “Anjelikaning husni-jamoli” nomli dostoni ayni shu shaharda yaraladi (1588 yil).
Madridda esa Lope de Vega ijodining yangi davri boshlanadi. U erishilgan tajribalarga suyanib shunday izlanishlar qiladiki, natijada shoirona ruh bilan yo‘g‘rilgan insonparvarlik g‘oyalariga limmo-lim chinakam milliy dramaturgiya dunyoga keladi. Uning fikricha, sahnada aks etgan inson hayoti asl holatini yo‘qotmagan holda yangi shoirona tus-tarovat ila aks etishi kerak. Uning pesalarini qahramonlik dramalari va komediyalarga bo‘lish mumkin. Ularda zodagonlar va dehqonlar obrazlari or-nomus va axloqiy komillik nuqtai nazaridan idrok etilgan. Nomus masalasi asarlarda insonning shaxsiy fazilati, chin insoniyligi mezoni tarzidagina emas, balki butkul asarning kontseptual asosini belgilovchi g‘oya tarzida namoyon bo‘ladi. Masalan, “Seviliya yulduzi” dramasida qirolga sodiqlik tuyg‘usi bilan or-nomus tuyg‘usi qarama-qarshi qo‘yilgan. Unda o‘z hirsini jilovlay olmay Esterepya xonasiga bostirib kirgan hukmdorning xalq oldida sharmanda qilinishi hamda o‘z singlisi or-nomusi himoyasi yo‘lida qirolga qarshi kurasha olgan aka jasorati tasvirlanadi. Pirovardida, qirol xalq oldida izza bo‘lib, kechirim so‘rashga majbur bo‘ladi.
Lope de Vega asarlarida shoh obrazi tez-tez uchrab turadi. Uning zamonida yakka hokimlik shoh timsolida mamlakatni birlashtiruvchi kuch sifatida namoyon bo‘lgan. Yozuvchi shohni axloqiy jihatdan tanqid ostiga olsa-da, uni inkor etish tarafdori bo‘lmagan. “Qo‘zibuloq” (“Fuente ovexuna”) Lope de Veganing eng yirik ijtimoiy dramalaridandir. Asar tarixiy voqea asosida yaratilgan bo‘lib, unda Qo‘zibuloq qishlog‘i dehqonlarining boshliq beboshligiga qarshi isyoni va uning o‘ldirilishi haqida hikoya qilinadi. Bu yerda or nomus g‘oyasi ijtimoiy erkinlik g‘oyasi bilan uyg‘un tarzda ifoda etilgan. Lope de Vega unda inson sha’ni, vijdoni, e’tiqod tuyg‘usini ajoyib tarzda ifoda etadi. Asardagi syujetga ko‘ra, Laurensiya sevgilisi Frondoso to‘yi chog‘ida zo‘rlik bilan olib ketiladi. O‘zaro uyushmagan, parokanda dehqonlar qarshilik ko‘rsatmaydi. Bu – dramaturg o‘zlarini himoya qila olmagan dehqonlarni vijdon azobiga ro‘baro‘ qilib, or-nomus tuyg‘ularini junbishga keltiruvchi o‘ziga xos ifoda usuli edi. Shu usul orqali uchinchi pardada qonga botgan jabrdiyda Laurensiyaning xalqqa qarata aytgan monologi ulkan ijtimoiy da’vatga aylanadi. “Fuente ovexuna” asari Hamza nomli o‘zbek davlat akademik drama (xozirgi O‘zbek Milliy akademik drama) teatrida S.Siddiq tarjimasida 1931 (rej. O.Devetev) va 1944 (rej. Sh.Qayumov) yillari sahnaga qo‘yilgan. Asar keyinroq Hamid G‘ulom tarjimasida nashr etildi.
Lope de Vega asarlarining mavzu doirasi g‘oyatda keng. Pesalarining bir qismini tarixiy dramalar tashkil etadi. Ular orasida qadimgi Rim, Italiya, Frantsiya tarixiga oid asarlarni uchratish mumkin. Bu asarlar ijtimoiy mazmuni bilan e’tiborli.
Dramaturgning butun diqqat e’tibori o‘z zamini tasviriga qaratilgan edi. “Raqs muallimi”, “O‘ziga dono, o‘zgalarga tentak”, “Valensiya bevasi”, “Sodda mug‘ombir ma’shuqa”, “Ko‘za tutgan qiz” kabi pesalarida uyg‘onish pallasining shukuhi, manzarasi keng ko‘lamda ifoda etilgan.
O‘zaro tenglik g‘oyasi sevgi mavzusidagi asarlarida o‘z ifodasini topgan. “It yemas, otga bermas” komediyasida grafinya Diana o‘z xizmatkori, quyi tabaqadan chiqqan Teodoroni sevib qoladi. Lekin oliy tabaqali qizning oddiy xizmatkor bilan nikohga kirishishi mumkin emas. Diana tabaqa taomiliga rioya qilishga qanchalik harakat qilmasin, sevgi, ko‘ngil xohishiga qarshi borolmaydi va o‘z xizmatkoriga turmushga chiqadi. Diananing ishqiy she’rlar o‘qib, nozik imo-ishoralar, nozu karashmalar bilan Teodoroni o‘ziga rom etishi, kutilmagan muloqotlarda uni ta’qib qilishi bu yuguruk syujetga yana ham joziba bag‘ishlaydi. Shu yengil, shukuhbaxsh hodisa ostida insonning o‘z taqdirini o‘zi belgilay olishi g‘oyasi yaqqol aksini topadi.
Gumanist Lope de Veganing inson qadr-qimmati va muhabbat mavzusidagi komediyalarida xotin-qizlar obrazlari feodal tutqinlikdan qutilib, o‘z taqdirlarining chin egalari bo‘lishga intilgan ayollar timsolida namoyon bo‘ladi.
Dramaturg “Bizning davrimizda komediya yozishning yangi usuli” risolasida o‘z ijodi tabiatidan kelib chiqib, ispan dramasini mustaqil va erkin ijod mahsuli deb baholaydi. Komediya inson xulq-atvorini ifoda etib, o‘tkir mazmuni, kinoya-qochirimlari bilan kishida his-hayajon, o‘y-fikr uyg‘otishi kerak, deydi.
Lope de Vega ijodi tub mazmun-mohiyatiga ko‘ra o‘sha davrda hukmron uslubga aylangan klassitsizm poetikasiga zid ravishda, jonli insoniy timsollar orqali hayotni keng ko‘lamda aks ettiruvchi ijod namunasidir. Klassitsizm uslubi tragediyani sof ifoda etilishi, qahramonlarning yuqori tabaqa vakillaridan tanlanishini talab etadi. Lope de Vega asarlarida esa fojeaviy voqealar atrofida kulgili holatlar, epizodlar ham uchrab turadi. Shuningdek, oddiy dehqonlar, hunarmandlar qatorida aslzoda zodagonlar obrazlari ham yonma-yon gavdalanishi mumkin. Insonning ulug‘vorligi, or-nomus va ma’naviy yetuklik – Lope de Vega asarlarining eng muhim jihatidir. Bu xususiyat dramaturg ijodining asosini tashkil qiladi. Uning ijodkor sifatidagi noyob, mo‘jizakor qudrati asarlarida mujassam. Darhaqiqat, Servantesning uni “tabiat mo‘jizasi” deb atagani bejiz emas.
Lope de Vega 1635 yili hayotdan ko‘z yumdi. Uning ko‘pqirrali, sermazmun ijodiy faoliyati, boy adabiy merosi, shubhasiz, umumjahon adabiyoti va san’atining tarixiy rivojlanish bosqichlarida muhim ahamiyat kasb etdi.
Sotimboy Tursunboyev,
san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son