Ollohning eng buyuk ixtirosi nima? – Odam.
Odamning eng buyuk ixtirosi-chi? – Til.
Tilning eng buyuk ixtirosi nima? – So‘z.
So‘zning eng mukammal xazinasi-chi? – Lug‘at.
Lug‘atning eng buyuk xazinasi nima? – Izohli lug‘at…
Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, ehtimolki, birlamchi boyligi bor. Bu – uning tili. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida biriktiradi, ya’ni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.
Alisher Navoiy “Layli va Majnun”da so‘zni, demakki, tilni aytgan bilan sovumaydigan tarona, olgan bilan tugamaydigan xazina, deb biladi:
Aytib sovumas taronasen sen,
Olib qurumas xizonasen sen.
Chindan ham, til – aql kaliti. Odamga ta’rif berilganda, avvalo, uning jonzotlar bebahra bo‘lgan uch xislati ta’kidlanadi – fikrlash, so‘zlash va mehnat qilish. Shu uch fazilatdan ikkitasi – bevosita, bittasi – bilvosita til bilan bog‘liq.
Til – tarix, bugun, kelajak.
Tilning eng asosiy manbai – so‘z. Biroq so‘zlar odamlar, ya’ni shu til egalari va uni bilganlar ongidagina mavjud. Agar yozib olinmasa, bir joyga jamlanmasa, ma’nolari izohlanmasa, uning ham bir qismi bugun-erta unutilishi, yo‘qolib ketishi hech gap emas. Shuning uchun ham qadim-qadimdan olimlar lug‘at tuzib, so‘zlarni, ular anglatgan ma’nolarni kitobga muhrlab qo‘yish tadorigini ko‘rgan.
Turkiy xalqlar jahon kahkashonida shunisi bilan ham har qancha faxrlansa arziydiki, bizda mingyillik lug‘atchilik tarixi mavjud. Mahmud Koshg‘ariy XI asrdayoq turkiy so‘zlar boyligini arab tilida izohlab, o‘sha davrgacha xalqimiz yaratgan lisoniy boyligimizni bizga buyuk meros sifatida qoldirib ketgan. Bundan tashqari, lug‘at bo‘yicha yana to‘qqiz milliy manba mavjud. Bular – Mahmud Zamaxshariyning “Asos ul-balog‘a” va “Muqaddimat ul-adab” (XII asr), “At-tuhfat uz-zakiyati f-il-lug‘at it-turkiya” (XIII asr), Tole Imon Hiraviyning “Badoye’ ul-lug‘at” (XV asr), noma’lum muallifning “Abushqa” (XVI asr), Muhammad Yoqub Chingiyning “Kelurnoma” (XVII asr), Muhammad Rizo Xoksorning “Muntaxab ul-lug‘ot” (XVIII asr), Mirzo Mahdiyxonning “Sangloh” (XVIII asr), Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy” (XIX asr) asarlari.
O‘zbek tili izohli lug‘atini tuzish an’anasining yuzaga kelishiga asos bo‘lib xizmat qilgan manbalarning birinchisi – shu. I k k i n ch i toifasiga rus olimlarining XIX asr oxiri – XX boshlarida tuzgan lug‘atlari kiradi.
Sho‘ro davridagi lug‘atchilik u ch i n ch i guruh manbalarni tashkil etadi. Xususan, 40 ming so‘zli “O‘zbekcha-ruscha lug‘at” (1959) va ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” (1981) bu jihatdan alohida ahamiyatli bo‘ldi.
Til me’yorlarsiz yashay olmaydi. Ammo me’yor qotib qolgan narsa emas, ya’ni u abadiy bo‘lmaydi. Chunki bu me’yorlar ham, tilning o‘zi kabi, ijtimoiy taraqqiyot bilan bog‘liq holda o‘zgarib, rivojlanib, takomillashib boraveradi. Shuning uchun har davr tilining o‘z izohli lug‘atiga muhtojligi bor. Shunga qaramay, uncha-muncha xalqda hozirgacha ham izohli lug‘at yo‘q. Ko‘plarida bu ezgu ish boshlangan, lekin chala qolib ketgan.
O‘zbek lug‘atchiligi kamida mingyillik boy tarixga ega bo‘lsa-da, lug‘atlarning aksariyati ikki, ayrimlari ko‘ptilli edi. To o‘tgan asrning 80-yillarigacha o‘zbek tilining bugungi ma’nodagi izohli lug‘atiga tartib berilmagan. Ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” (1981) hozirgacha qo‘limizdagi yagona manba bo‘lib xizmat qilib kelayotgan edi. Biroq, ochig‘ini aytganda, bugunga kelib bu lug‘at ham talabga javob berolmay qoldi.
So‘zlar tarkibining o‘zinigina hisobga olganda, hozirgi o‘zbek tili, hatto, bundan bor-yo‘g‘i 15-16 yil oldingi til bo‘lmay qolgani, Davlat tili maqomi berilishi, xususan, mustaqillik sharofati bilan bu tilning jamiyatdagi o‘rni va mavqei ko‘tarilgani, ijtimoiy vazifasi oldingi davrdagiga solishtirib bo‘lmaydigan darajada kuchaygani, unda kuchli davlat siyosati olib borilayotgani, sun’iy ravishda o‘zgalar ta’siriga tushirilishdan qutulib, erkin va mustaqil (boshqa “og‘a” lison ta’siridan xoli holda) rivojlanish yo‘liga kirgani, milliylasha boshlagani birinchi galda lug‘at tarkibida katta o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston har taraflama zamonaviylashdi. Jahonga qo‘shildi. Tuzum o‘zgartirildi. Yangi-yangi tushunchalar kirib kelib, bular o‘ziga nom talab qildi. Demak, til boyishga kirishdi. Sho‘ro zamonida faol bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p so‘zlarga yangi-yangi ma’nolar yuklandi. Ayrimlari boshqa ifodalarga o‘rin bo‘shatib berdi. Tariximizga, boy milliy merosimizga, muqaddas dinimizga munosabatimiz ijobiylashdi, bu esa ko‘p-ko‘p so‘z-istilohlarning qayta “tirilishi”ga asos bo‘ldi. Siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-madaniy hayotning o‘zidagi o‘zgarishlar tufayli lektsik qatlamda talay yangi-yangi tushuncha va istilohlar yuzaga keldi. Lug‘atchilikning bugungi zamonaviy talablari ham yil sayin o‘zgarib, takomillashib borayapti.
Shu sabablarga ko‘ra, davr yangi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni tuzishni talab qilar edi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 10 tsentyabrdagi 311-Qarori va unga ilova qilingan Dastur asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti olimlari besh jildli izohli lug‘atni tartib berishga kirishdi. O‘n yildan oshiq davr mobaynida mashaqqatli mehnat qilindi.
“O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti 2006 – 2008 yillar mobaynida besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni nashr etdi (1 – 2-jildlar 2006, 3-jild 2007, 4 – 5-jildlar 2008 yili chiqdi). Beshala jild ham zahmatkash tilshunos Abduvahob Madvaliyev tahriri ostida chiqdi.
Xo‘sh, ushbu izohli lug‘atning ahamiyatini qanday izohlash mumkin?
So‘z tilning asosini, uning eng asosiy boyligini tashkil etadi. Tilimiz – bu jihatdan dunyodagi boy lisonlardan biri. Xo‘sh, o‘zbek tilida qancha so‘z bor?
1981 yili chop etilgan ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da 60 ming so‘z izohlangan. Biroq, bu tilning so‘z boyligini to‘liq qamrab ololmagani aniq. Chunki eski o‘zbek tili bor, asr-asrlar mobaynida necha-necha asarlar saqlanib qolgan. Navoiyning o‘zi 26 mingdan oshiq so‘z qo‘llagan. Bularning bir qismi hozir ham tilimizda mavjud. Lekin bu buyuk shoir ijodida bugungi adabiy tilimizda mavjud bo‘lmagan yana qancha-qancha so‘z bor. Ochig‘ini aytganda, hali mumtoz adabiyotimiz namunalari tilining mukammal lug‘ati tuzilgani yo‘q. “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” 4 jildligi chiqqan, xolos. Bir kun kelib o‘zbek tilining mukammal izohli lug‘ati tuziladigan bo‘lsa, unga, albatta, shevalarimizga xos so‘zlar ham, mumtoz adabiyotimiz va tarixiy matnlarda saqlanib qolgan kalimalar ham kiritiladi va o‘shanda, ehtimol, lug‘at boyligimiz 150 ming so‘zdan ham oshsa, ajab emas.
Besh jildli lug‘at mohiyatan hozirgi o‘zbek tilining so‘z va turg‘un so‘z birikmalarini izohlaydi. Biroq endi avval hozirgi o‘zbek tili tushunchasini aniqlashtirib olishimiz kerak. Bu tushunchaga kamida yarim asrlik va undan ham ko‘proq davr adabiy tili kiradi. Bunday deyishimiz bejiz emas. Sho‘ro davrida tuzilgan izohli lug‘atga 60 ming so‘z kirgan bo‘lsa, hozirgisi 80 mingdan ortiq so‘zni izohlaydi. Oradagi tafovut – 20 ming so‘z! Ikki izohli lug‘atimiz o‘rtasidagi birinchi farq – shu.
Lug‘atchilikda 20 ming so‘z katta hajm hisoblanadi. Chunki, olimlarning aniqlashicha, eng so‘zamol, eng chechan, eng biyron, eng notiq, eng voiz odam ham nutqida amalda bor-yo‘g‘i 2 ming atrofida so‘z ishlatar ekan. Qo‘shimcha 20 ming so‘zning ko‘pi tilimizga keyingi yillari kirib kelgan yoxud qayta faollashgan. Albatta, oldingi lug‘atga boshqa turli sabablar bilan kirmay qolgan, lekin bunisiga kiritilgan so‘zlar ham – ancha.
Yana bir qiziq holatni qayd etib o‘tish zarur. Lug‘at, asosan, hozirgi o‘zbek tilida ishlatilayotgan so‘zlarni izohlaydi. Lekin hozirgi deganda faqat ayni kundagi til emas, shu zamondagi til inobatga olinadi. Bunda kamida yarim asrdan ko‘proq davr ko‘zda tutiladi. Istiqlol yillarida yuz bergan tub o‘zgarishlardan oldingi tilda yaratilgan asarlarni ham o‘qib, tushunishimiz uchun lug‘at kerak-ku. Shuning uchun bu borada oqilona yo‘l tutilgan: sho‘ro davrining oxirgi davrida faol bo‘lgan aksar so‘zlar ham lug‘atdan joy olgan. Ularning eskirganlariga eskirgan, tarixga xos degan izoh berish unutilmagan.
Bir xorijlik kishi sho‘ro davridagi gazetalarimizni o‘qishga kirishdi, deylik. Marhamat, shu yangi lug‘atdan foydalanaverishi mumkin. Chunki unda redaktsiya, redaktor, ministr, sovet, komitet, soyuz, analiz, kolxoz, sovxoz kabi so‘zlar ham bor, ularning hozirgi tahririyat, muharrir, vazir, qo‘mita, uyushma, tahlil kabi shakllari ham mavjud. Masalan, soyuz so‘zi sho‘ro davrida nihoyatda faol ishlatilar, unga ko‘p-ko‘p ma’nolar yuklatilgan edi. Yozuvchilar uyushmasi ilgari Yozuvchilar soyuzi deyilganidan ham xulosa chiqarib olaverish mumkin. Shuni lug‘atga soyuz (qarang: uyushma, ittifoq) deb berishgan. Analiz so‘zining hozir tahlil ekani ham qayd etilgan. Chunki tilimizda qon analizi yoki qonga analiz topshirmoq so‘z birikmalari bugun ham ishlatiladi. Demak, lug‘atga soyuz, analiz kabi so‘zlarning ham kiritilishi – tabiiy. Shu tariqa lug‘at yaqin davr tili tarixining ham boy xazinasi yanglig‘ xizmat qilaveradi.
Mustaqillik yillari ko‘plab ruscha-baynalmilal so‘zlar o‘rnini milliy-sharqona so‘zlar egalladi, shu bilan birga, bozor iqtisodiyoti va demokratiya davrida, o‘z-o‘zidan, mendelizm, menejerlar, menejment, tender va boshqa shu kabi ko‘plab xalqaro-g‘arbona so‘zlar yangidan kirib keldi. Lekin yangi lug‘at tuzish murakkabligini qarangki, kolxoz so‘zini kiritmasa bo‘lmaydi, chunki sho‘ro davridagi matnlarda uchraydi, uni bugungi o‘quvchi tushunishi shart. Yo‘li topilgan, qat’iyati(printsipi) ishlab chiqilgan. Ya’ni so‘z beriladi, unga esk. tar.( ya’ni eskirgan, tarixga oid) degan izoh beriladi, so‘ng yana izoh matni oldiga sho‘ro davrida deb tushuntirish beriladi (qarang: 2-jild, 391-bet).
Ikki izohli lug‘at o‘rtasidagi ikkinchi tafovut shundan iboratki, yangisida arabiy va forsiy tillardan o‘zlashgan so‘zlarning arab yozuvidagi ifodasi qavsda berilgan. Albatta, lotincha, yunoncha, frantsuzcha va boshqa g‘arbiy tillardan olingan so‘zlar lotin yozuvi asosida darj etilgan. Bu esa nashrning ilmiy- filologik ahamiyatini yanada oshirib yuborgan.
Uchinchi farq lug‘at tuzish qat’iyatlarini belgilashda yorqin namoyon bo‘lgan.
Bu – yangi dunyoqarash bilan tuzilgan lug‘at. Aytaylik, sho‘ro davrida tuzilgan lug‘atdagi ba’zi tushunchalarga izoh bilan bugungi izoh ba’zan keskin farq qiladi. Misol tariqasida kapitalizm so‘ziga berilgan ikki izohni qiyoslab ko‘raylik: “Yuqori ishlab chiqarish darajasi, fuqarolik jamiyati, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga hamda xususiy mulkchilikka asoslangan ijtimoiy tuzum” (2-jild, 316-bet). Ayni ta’rifning oldingi ikki jildli lug‘atdagi mana bu izohdan yer bilan osmoncha farqi bor: “hamma ishlab chiqarish vositalari yollangan ishchilarni ekspluatatsiya qiluvchi kapitalistlar sinfining xususiy mulki hisoblanadigan ijtimoiy tuzum” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Ikki tomli. 1-tom. Moskva: “Rus tili” nashriyoti. 1981. 367-bet).
Demak, to‘rtinchi farq yangi lug‘at yangicha dunyoqarash mahsuli ekanidan kelib chiqadi.
Shularga ko‘ra, bu, to‘g‘ri ta’kidlanganidek: “ikki jildli oldingi lug‘atning to‘ldirilgan yoki qandaydir o‘zgartishlar bilan qayta ishlangan nashri emas, balki lektsikografiyaning yangi yutuqlarini hisobga olgan holda yaratilgan mutlaqo yangi lug‘at” (1-jild, 5-bet). Biroq bu degani keng xronologik doirada o‘zbek tilining barcha so‘z boyligi qamrab olinibdi, degani emas.
Albatta, eski va yangi davr lektsik me’yorlari lug‘at tuzuvchilarini chalg‘itgan joylari ham uchraydi.
Fors-tojik tili XVI asrdan e’tiboran jiddiy differentsiatsiyaga uchray boshladi, hozirgi zamonga kelib Eron forsiysi – fors, Markaziy Osiyo forsiysi – tojik, Afg‘oniston forsiysi – dariy tili deyiladi. Shunga ko‘ra, lug‘atdagi dariy so‘zi haqida deyarli barcha ma’lumotlar berilgani holda, eng asosiy jihat – Afg‘oniston forsiylari tili dariy deyilishi aytilmagan.
Do‘nganlar maqolasida bu etnik guruh haqida: “Markaziy Osiyoda, asosan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, qisman O‘zbekistonda yashaydigan xalq”, – degan ma’lumot beriladi. Holbuki, do‘nganlar, asosan, Xitoy Xalq Respublikasining Shinjong viloyatida yashaydi. Izohli lug‘atga bu kabi ma’lumotlarni aniqlashtirib olishda 12 jildli “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”ga suyanish kerak edi. Bir nashriyotda bosilgan ikki jiddiy manbada bir xalq haqida ikki xil ma’lumot ketishi to‘g‘ri emas, chunki ulardan biri – chala.
Lug‘at manbalari uchga bo‘linadi: badiiy adabiyot, ilmiy asarlar, matbuot materiallari. Tarjima matnlardan ham unumli foydalanilgan. Yillar mobaynida Institutda jami 3 millionli misol-kartoteka yig‘ilgan edi. Bu – ko‘plab ilmiy xodimlarning yillar mobaynidagi zahmatli mehnati evaziga qo‘lga kiritilgan boylik. Lug‘atni tuzishda ular juda-juda asqotdi. Chunki so‘zning har bir muayyan ma’nosi misol bilan dalillanishi – shart. Boshqacha aytganda, shu misollar tahlili asosida so‘zlar ma’nolari differentsiatsiyalashadi.
Lug‘atning yuzaga kelishida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Azim Hojiyev tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni tuzish va undan foydalanish qat’iyatlari (printsiplari) o‘ta muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. U yoxud bu tartib-qoida ba’zan bor-yo‘g‘i birgina jumlada bayon etiladi-qo‘yiladi. Ammo uning zamirida shunday nozik ilmiy asos, qoida, qat’iyat yotadiki, aynan shu xulosaga kelish uchun lug‘atchiligimiz juda uzoq tarixiy tajriba to‘plash jarayonini boshidan kechirgani aniq.
Birgina qat’iyatning ilmiylik va haqqoniylik darajasiga e’tibor beraylik: “Lug‘atning me’yoriyligi shundan iboratki, unda adabiy tilning imlo, talaffuz, so‘z yasash va uni ishlatish me’yorlari tavsiya etiladi. …Lekin me’yorni payqash, me’yoriy holatlarni ajratib olish oson ish emas. Shu sababli adabiy til me’yorlarini belgilashda lug‘atda ayrim kamchiliklar, munozarali, bahsli hollar bo‘lishi tabiiydir. Lug‘atning yuzaga kelishi, adabiy til me’yorlarini qat’iy, barqaror holga keltirish bilan birga, unda uzil-kesil hal etilmagan masalalarni aniqlash va bartaraf qila borish uchun ham yordam beradi, deb o‘ylaymiz. Shuni ham alohida qayd etib o‘tish kerakki, me’yoriy lug‘at adabiy til me’yorlarini belgilashga intilar ekan, me’yorlarni abadiylashtirmaydi. Chunki til me’yorlari ham, tilning o‘zi kabi, ijtimoiy taraqqiyot bilan bog‘liq holda o‘zgarib, rivojlanib turadi” (1-jild, 8-bet).
Azim Hojiyev lug‘at tuzish qat’iyatlarini ishlab chiqar ekan, so‘zlarni izohlashning olti qatlamini ochib beradi. Bular bosh so‘z; lug‘at maqolasining bosh so‘zdan keyingi komponenti – bosh so‘zning etimologiyasi haqidagi ma’lumot; lug‘at maqolasining etimologik ma’lumotdan keyingi bosh so‘zga uning ma’nosi oldidan beriladigan grammatik, uslubiy va havola etuvchi qaydlar; izohlanuvchi birliklar (bosh so‘z va turg‘un iboralar) ma’nosini (ma’nolarini) belgilash va qayd etish; lug‘at maqolasining eng asosiy qismi (komponenti) izohlanuvchi birliklar ma’nosi(ma’nolari)ga beriladigan izoh; lug‘at maqolasining so‘nggi komponenti izohlanuvchi birlik ma’nosi izohidan keyin beriladigan illyustrativ misol (misollar).
– Bir kuni Eski Jo‘vadagi hovlisiga borsam, azbaroyi kartochka-qog‘ozlarni titkilayverganidan domlaning qo‘llari qonab ketibdi, – deb hikoya qiladi Til va adabiyot instituti direktori, professor To‘ra Mirzayev akademik Azim Hojiyev haqida.
Bu lug‘atning qanday mashaqqat bilan yuzaga kelganini tasavvur qilish uchun bundan boshqa har qanday gap ortiqcha bo‘lsa kerak…
Xullas, lug‘at tuzish qat’iyatlariga tilshunosligimiz erishgan eng so‘nggi yutuq yanglig‘ qarash kerak. Har bir jumlasida puxta ilm bor, desak, mubolag‘a bo‘lmas. Mana bu jumla ma’nosini chaqib ko‘raylik: “So‘zlar umuman emas, balki ma’nosi, ma’lum ma’nolari bilan sinonim bo‘ladi” (1-jild, 18-bet). Bu lug‘at tuzish uchun birlamchi masalalardan sanaladi. Aytaylik, birday degan so‘z bilan doim so‘zi o‘zaro hech bog‘lanmaydigandek tuyuladi. Biroq birday ahvol shu ifodasida bu so‘z doim, hamisha, hamma vaqtga ma’nodosh (qarang: 1-jild, 273-bet). Demak, bu lug‘atda so‘zlarning ana shunday o‘ta nozik ma’nodoshlik (sinonimik) xususiyatlari ham aks etgan.
Ishlab chiqilgan qat’iyatlarga boshdan-oxir amal qilish – oson ish emas. Birgina qat’iyatni olaylik: “Lug‘at maqolasining bosh so‘zdan keyingi komponenti bosh so‘zning etimologiyasi haqidagi ma’lumotdir. Etimologik ma’lumot qardosh bo‘lmagan chet til so‘zlariga berildi” (13-bet). Endi qavsda barcha chet so‘zlarning etimologik ma’nosini berish shart. Chunki shunga kelishib olindi. Lekin qo‘shma so‘z, masalan, aybnoma bo‘lsa, ayb va noma so‘zlari alohida-alohida kelganda, etimologik izoh berilgan, aybnomaga esa bunday izoh shart emas, deb hisoblangan va bu lug‘atda katta ixchamlikka olib kelgan.
Agar ixchamlash yo‘li tutilmasa, har qanday lug‘at haddan tashqari semirib ketishi – tayin. Shuning uchun ixchamlashning oqilona yo‘llari izlangan va topilgan. Masalan, odamga nisbatan og‘zaki nutqda ishlatiladigan ikkiqat, bo‘g‘oz so‘zlari maxsus izohlab o‘tirilmasdan, homilador so‘ziga havola berilgan. Bunda q. (ya’ni qarang) yoki ayn. (ya’ni aynan) degan ishora bilan o‘quvchi homilador so‘zi ma’nosini o‘qish orqali bu sinonimlar ma’nosini bilib olishga undalgan.
Har bir so‘zga shunaqa grammatik mezonlar bilan yondashilganki, o‘quvchi kamida so‘zning nisbati, soni (birlikda yo ko‘plikdaligi), bog‘lovchi, ko‘makchi yoki yuklamami-yo‘qligi, kuchaytirma yoxud kichraytirma shakli, sifat yoki sifatdoshligi, ravish yoxud ravishdoshligi, taqlidiy yo undov so‘zligi, erkalash shakli yoxud harakat nomi ekanini bilib oladi. Shuningdek, so‘zning uslubiy belgilari, ya’ni grammatik belgidan boshqa jihatlaridan ham xabardor bo‘lamiz. Masalan, so‘zning bolalar nutqiga xosligi, kasb-hunarga oidligi, kitobiy, poyetik ekani, shevaga doirligi, so‘zlashuv nutqiga oidligi, eskirgan so‘z ekani, ko‘proq xotin-qizlar nutqida uchrashi, haqorat so‘zi ekanidan ham ogoh bo‘lamiz. Bu bizga muayyan so‘z haqida maksimal bilim beradi. Lekin hamma so‘zning ham grammatik belgisini ifodalash shart emas. Aytaylik, kitob – ot, go‘zal – sifat, kelmoq – fe’l ekani shundoq ham ko‘pchilikka ma’lum, shuning uchun uni lug‘atda alohida qayd etib o‘tirish lozim topilmagan. Ammo kelmoqning ma’nolari 13 bandda izohl
angan, bu so‘z ishtirokidagi 16 ibora ma’nosi ham sharhlangan.
Lekin o‘zi – zidlovchi bog‘lovchi. Biroq u asl vazifasidan tashqari ma’nolarda ham ishlatiladi. Uning lekini bor deyilganda bu so‘z ot bo‘lib kelyapti, shundan ham o‘quvchi xabardor qilingan. Lug‘atda tilimizning ana shunday nozikliklarigacha aks etgan. Bu: “So‘zning lug‘atda qayd etilgan bironta ham ma’nosi izohsiz qolmasligi kerak” (1-jild, 18-bet), – degan qat’iyatga og‘ishmay amal qilinganidan dalolat beradi.
Endi mana bu qat’iyatga e’tibor qilaylik: “Ba’zi so‘zlar keng (kengroq) tushunchani bildiradi. Birgina misol bunday so‘zlar ma’nosining xususiyatini tasdiqlay olmaydi. Binobarin, ularning ma’nosi izohidan keyin ana shu izohni yetarli tasdiqlaydigan misollar keltirish kerak bo‘ladi” (1-jild, 20-bet).
Masalan, anjuman so‘zi yig‘in, majlis deb izohlangan. Uchta misol keltirilgan. Birinchisida oddiy davra, mushoara kechasini, ikkinchisida bir katta rasmiy yig‘inni, uchinchisida xalqaro ilmiy konferentsiyani anglatib kelgan (qarang: 1-jild, 85-bet).
Xo‘sh, yangi izohli lug‘at bevosita qanday vazifalarni o‘taydi?
U, avvalo, o‘ziga xos etimologik lug‘at o‘rnini ham bosadi. Masalan, bekoyish so‘ziga old qo‘shimchasidan ajratib qarasak, koyish (urishib qo‘yish) degan turkiy so‘zga shakldosh so‘z paydo bo‘ladi. Holbuki, bular – boshqa-boshqa so‘zlar. Bekoyish – forsiy kohish so‘zining talaffuzda o‘zgargan (“h” tovushi “y”ga aylangan) shakli. Kohish so‘zi kamaytirish, pasaytirish; tashvish, dard-koyish ma’nolarini anglatishini lug‘atdan bilib olamiz (2-jild, 415-bet). Ammo unga be- old qo‘shimchasi qo‘shilganidan keyin so‘z shodon, mamnun degan ma’nolarni anglatadigan bo‘lganini ham anglaymiz (1-jild, 216-bet).
Ammo qat’iyatda har xilliklar bor. Masalan, bekoyish so‘zida be- old qo‘shimchasi – kirill, kohish so‘zi esa arabiy harfda, bekor so‘zining faqat arabiy harfdagi ifodasi, bemehr kirillcha harflar (be.+ mehr) bilan berilgan. Bu uch so‘z old qo‘shimcha orqali yasalgani jihatidan bir xil tartibda izohlanishi kerak edi.
Bu lug‘at, o‘z-o‘zidan, bir yo‘la turli yo‘nalishlardagi istilohlar lug‘ati vazifasini ham o‘tayveradi. Chunki 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmasining muayyan qismi – muayyan sohaga tegishli termin. Istilohlarni izohlaganda ilmiy erkinlikka yo‘l yo‘q. Chunki bir ma’noli so‘zlargina termin hisoblanadi, ya’ni istilohda so‘z o‘ta aniq chegaralangan ma’noni ifodalaydi.
Diaspora so‘zi izohi mana bunday: “Zo‘rlab, majburlab ko‘chirish, genotsid xavfi va boshqa ijtimoiy-tarixiy, diniy sabablarga ko‘ra o‘z vatanidan boshqa mamlakatda yashovchi etnik guruh” (1-jild, 605-bet). Bu o‘quvchining bilimini mustahkamlaydi, uning ongidagi chalkashlikka barham beradi. Demak, O‘zbekistonimizdagi tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman kabi millatlar vakillariga nisbatan diaspora so‘zini qo‘llash aslo mumkin emas, chunki O‘zbekiston – ularning ham o‘z qadimiy yurti, asl Vatani. Og‘zaki nutqda ba’zilar bilib-bilmay mamlakatimizdagi bu etnik guruhlarga nisbatan diaspora so‘zini qo‘llashi – mutlaqo xato. Lug‘at shunga o‘xshash nozik masalalarda so‘zga juda hushyor va e’tiborli munosabatda bo‘lishga undaydi.
Apostrof so‘ziga berilgan izoh – chala. Uning yunoncha chetga, orqa tomonga qaragan, qaratilgan degan ma’noni anglatuvchi so‘zdan olingani aytilib, keyin quyidagicha izoh beriladi: “Yozuvda (ba’zi tillarda) harfiy belgi bilan ko‘rsatilmaydigan unli o‘rnida satr ustiga qo‘yiladigan vergul ko‘rinishidagi belgi (’)” (1-jild, 91-bet). Bu qisman to‘g‘ri. Lekin lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosi yuzasidan ishlab chiqilgan tinish belgilari orasidagi apostrof bu izohga mos kelmaydi-ku. Birinchidan, u bizda unli o‘rnida ishlatilmaydi, ayirish belgisi vazifasini o‘taydi, unlidan keyin ham (ra’no, ne’mat), undoshdan so‘ng ham (sur’at, ob’ektiv) qo‘yilaveradi. Ikkinchidan, uni tutuq belgisi deymiz. Shu ikki jihat lug‘atda qayd etilmagan. Yoki gender so‘zi hozir tilimizda tez-tez ishlatilyapti, ammo lug‘atga kiritilmabdi.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” o‘ziga xos ma’nodosh so‘zlar (sinonimlar) lug‘ati vazifasini ham o‘taydi. Birinchi misol: tilimizda, xususan, adabiyotimizda andalib so‘zi bulbulning ma’nodoshi sifatida ishlatiladi. Shu ham berilib, bulbulga qarash tavsiya etiladi.
Lug‘at o‘ziga xos tarzda imlo lug‘ati vazifasini ham o‘taydi. Chunki ana shu 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmasi amaldagi imlo qoidalari asosida yozilgan. Hozirgi imlo qoidalari esa 1956 yildan beri amal qilib kelyapti. Kimlardir lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosi qonun-qoidalarini ko‘r-ko‘rona kirill yozuvi asosidagi amaldagi imlo qoidalariga kiritib, shoshdi, xatolarga yo‘l qo‘yib yuribdi. Masalan, yumshatish belgisi () lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosida yo‘q, lekin uni joriy alifbodan hali hech kim chiqarib tashlamagan-ku. Shunga qaramay, ayrim gazetalarimiz kirill yozuvida ham yumshatish belgisidan voz kechib qo‘ya qoldi. Holbuki, bir alifbo qoidalarini ikkinchisiga ko‘r-ko‘rona olib o‘tish ko‘p chalkashliklarga olib keladi. Lug‘atda ana shu 1956 yil qoidalariga qat’iy amal qilindi. Lekin “misol-tsitatalar 1956 yilgacha amalda bo‘lgan eski imlo qoidalari asosida chop etilgan manbadan olingan bo‘lsa, ular hozirgi (amaldagi) imloga moslab berildi” (1-jild, 20-bet).
Bu o‘ziga xos frazeologik lug‘at vazifasini ham o‘taydi. Birgina ko‘ngil so‘zi bilan aloqador naqd 61 ibora sharhlangan.
Har qanday yozma matnni o‘qib yoxud bir og‘zaki nutqni eshitib turganda shunday bir muhim so‘zga duch kelib qolasizki, jumlaning bor mohiyati, aslida, o‘sha kalima orqali oydinlashadi. Lekin siz uni umringizda eshitmagansiz. Tabiiyki, bunday kezda lug‘at beminnat yordamga keladi.
Yoxud ilmiy, badiiy, publitsistik, rasmiy-idoraviy matn tuzayotganda, biron-bir tildan nimanidir tarjima qilayotganda oq qog‘oz uzra qalamingiz birdan to‘xtab qoladi: siz ifodalamoqchi bo‘lgan ma’noni beradigan so‘z topilmagandek, yodga kelganlarining birontasi ham mos tushmayotgandek holat yuz beradi. Shunda kishi darhol lug‘at titkilashga tushadi. Chunki izohli lug‘atlarda siz topgan, ammo unchalar yoqmay turgan so‘z yoniga uning ma’nodoshlari ham qayd etiladi-da. Topib, birdan dilingiz yayrab ketadi. Bunday jarayonlarda hali asrlar mobaynida bu lug‘at kimlarga qanchalar asqotishini oldindan tasavvurga keltirish juda mushkul. Mashhur bo‘lg‘or tarjimoni Sidor Florin o‘z ijodiy tajribasidan kelib chiqib, bir yilda uch martagina titkilashga to‘g‘ri kelsa, u lug‘atni sotib olganimizga aslo pushaymon qilmasligimiz kerakligini aytgan. Rost gap – shu.
Til hamma zamonda xalqni birlashtirishning eng asosiy quroli bo‘lib kelgan. Adabiy til – shu zabonda so‘zlashuvchilarning barchasi uchun tushunarli hisoblangan, boshqacha aytganda, “o‘zaro shartlashuv” asosidagi lison. Aytaylik, Buxoro o‘zbeklari shevasidagi shu hududda hamma bemalol anglab olaveradigan mana bu jumlani Xorazm, Toshkent yoki Farg‘onada birov tushunmasligi aniq: “Biron qo‘shan bilan borib, yaznamlani inaglarini go‘salasini ko‘rmoqchin edik, bobomullom bilan oybiyim qo‘ymadila, boxar bo‘lingla, yamon chars ekan, tunovun bittasini bir urib, yiqitibdi, madongacha zo‘rg‘a emaklab kelibdi bechora, deb…” Bu jumladagi qo‘shan – to‘yona, yazna – pochcha, inag – sigir, go‘sala – buzoq, bobomullo – qaynata, oybiyi – qaynana, boxar (boxabar) – ehtiyot, chars – suzong‘ich, tunovun – tunov kuni, ya’ni kecha, madon – dahliz ekanini qay bir odamga birma-bir aytib, ulgurasiz? Demak, so‘zlovchi fikrining O‘zbekiston bo‘yicha, hatto, dunyoning o‘zbeklar yashaydigan barcha go‘shalarida hamma qiynalmay tushunish
ini istasa, uni adabiy tilda ifodalashga majbur-da.
Shunga qaramay, lug‘atda ayrim shevaga xos so‘z yo uning variantlari ham izohlangan. Bunda o‘sha shevaga xos so‘zning ishlatilish darajasi bilan hisoblashilgan. Aytaylik, avara so‘zi ham berilgan, uning shevaga xosligi, evara ma’nosida ishlatilishi bildirilgan. Guruch ba’zi shevalarimizda birinj deyiladi. Variant sifatida u ham berilgan. Chunki ommalashgan ayrim xalq qo‘shiqlari, masalan, “Boychechak”da aynan shevaga xos shu shakl uchraydi:
Yugurib bozorga borsa,
Go‘sht, birinj olib kelsa.
Adabiy tilimizda ayrim so‘zlarning variantlari bor. Masalan, kaptar – kabutar, nevara – nabira, bilan – birla, birga, birga – birla – birlan – billa va hokazo. Lug‘atda bulardan asosiylari to‘laroq izohlanib, variantiga havola etib ketilavergan. Har holda, o‘quvchi unisini ham, bunisini ham ishlatish mumkinligini bilib oladi.
Talabalik yillari ToshDU, ya’ni hozirgi O‘zMUning jurnalistika fakultetida o‘zimiz tug‘ilib-o‘sgan hudud mahalliy gazetasi tilini tahlil qilib, kurs ishi yozish topshirildi. Bostirma so‘zi bilan sas so‘zini to‘g‘ri izohlay olmaganim hali-hanuz yodimdan chiqmaydi. Bostirma deganda silos bostiriladigan xandaqni, sas deganda esa badbo‘y, ya’ni sassiqlikni tushungan ekanman. Holbuki, bostirma so‘zi xas-xashak bilan yopiladigan ayvonni anglatar ekan. Chunki bu ikki so‘z ham Buxoro shevasida ishlatilmaydi, birining o‘rniga xasayvon, ikkinchisining o‘rniga tovush qo‘llanadi. Ishlatilmasa-ishlatilmasin, lug‘at shunday kunga kerak. Besh jildli lug‘at shu kabi xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlaydi.
Agar kimki izohli lug‘atdan faqat shu til egalarigina foydalanadi, deb o‘ylasa, katta xato qiladi. Har qanday tilning izohli lug‘ati bira-to‘la bu tilni o‘rganuvchi boshqa tillar vakillari uchun ham boy va foydali manba vazifasini o‘taydi. Shu nuqtai nazardan lug‘atning 5-jildida “So‘z yasovchi va shakl yasovchi qo‘shimchalarning izohli-illyustrativ ko‘rsatkichi” berilgani ayni muddao bo‘lgan. Avvalo, bu ko‘rsatkichni tuzish katta ilmiy salohiyat va mehnat-mashaqat talab etadi. Qolaversa, bu qo‘shimchalar bilan kelgan so‘zlarning har kuni necha-nechasini ishlatib yurgan odam bo‘lsa ham, ularni bir yerda jamlangan holda ko‘rib chiqsa, shubha yo‘qki, tilimiz so‘z yasovchi va shakl yasovchi qo‘shimchalari ko‘pligi jihatidan dunyodagi eng boy tillardan biri, degan xulosaga keladi. Bu ko‘rsatkichda jami 355 qo‘shimcha izohlangan.
Lug‘atning besh jildini qayta-qayta varaqlash jarayonida paydo bo‘lgan yana ayrim mulohazalar borki, ularni, ehtimol, bu katta lisoniy manbaning yaqin kelajakda lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosida chop etish paytida inobatga olinar, degan maqsadda bayon etsak…
Baxt so‘ziga izoh bor. Lekin baxt uyi birikmasi alohida tushunchani anglatadi. Bu berilmagan. Loaqal, sho‘ro davrida baxt uyi deyilgan rasmiy idora – nikohni rasmiylashtirish tashkiloti joylashadigan ma’muriy joy bo‘lardi. Shuni tushuntirish uchun ham bu birikma baxt so‘zi maqolasi ichida izohlanishi kerak edi.
Lug‘atda alik maqolasi ham, vaalaykum maqolasi ham berilgan. Lekin unisida bunisiga, bunisida unisiga havola yo‘q. Bundan tashqari, bu ikkalasining ham salomga javobning qisqargan shakli ekani aytilgan, biroq salomga javobning mukammal, to‘liq shakli – vaalaykum assalom berilmagan.
Lug‘atda asosiy shakl sifatida buqoq berilgan. Bo‘qoq bir variant sifatida keltirilgan. Holbuki, teskarisi bo‘lishi kerak edi. Asli bo‘g‘moq fe’lidan yasalgan (bo‘g‘+oq = bo‘qoq) bo‘lishi kerak. Unda to‘g‘risi bo‘qoq bo‘ladi.
O‘zbek adabiy tilini joriy etishdagi jiddiy muammolardan biri – “h” va “x” tovushlarini chalkashtirish. Buning asosiy sababi bitta – “h” asl turkiy tovush emas. Shuning uchun ko‘p shevalarimizda uni “x” tarzida talaffuz etib ketishaveradi. Lekin adabiy til talabi bo‘yicha, “h” – boshqa tovush, “x” – boshqa tovush. Shunga qaramay, adabiy tilimizda ham bu borada ayrim chalkashliklar qat’iylashib qolgan.
Modomiki, besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” tuzilgan ekan, shu ikki tovush masalasida adabiy tilimizning o‘zidagi chalkashliklarga chek qo‘yib qo‘ya qolish kerak edi. Masalan, adabiy tilda xina tarzida ishlatib kelayotganimiz so‘zning asli -hino. Muhammad Yusuf bir she’rida uni aynan “o” tovushi bilan tugaydigan qilib yozgan edi. Buni xina so‘zi izohida qavs ichida berilgan arabiy shakldan ham aniq bilib olamiz. Biroq yana lug‘atga xina tarzida kiritilibdi (4-jild, 398-bet), loaqal, hina deb olsak, ma’qul bo‘lmasmidi? Xino bu so‘zning poyetik shakli sifatida berilibdi (4-jild, 399-bet). Lekin shu yerda bira-to‘la tuzatib, hino shaklini adabiylashtirsak, to‘g‘ri bo‘lar edi. Xuddi shunday holni xalqob (4-jild, 381-bet) so‘zida ham ko‘ramiz. Asli bu – halqa bilan ob (suv) so‘zlarining qo‘shilmasi. Shuning uchun hozir bira-to‘la lug‘atga halqob tarzida kiritib, “asriy” xatoni tuzatib ketgan ma’qul edi. Asli forsiy zah so‘zi ham ilmsizlik oqibatida zax tarzida eski lug‘atlarimizga kirib qolgan. Lug‘atda
qat’iyat buzilib, bu so‘zning forsiy shakli arab yozuvida berilmabdi, zax tarzida eski xato bilan qoldirilibdi. Asli arabcha zaxira so‘zi lug‘atda to‘g‘ri berilgan, biroq rezerv so‘zining ma’nolari izohlangan joyda u zahira (3-jild, 371-bet) bo‘lib ketibdi. Axir, har bir yangi izohli lug‘at amalda oldingi xato va kamchiliklarni tuzatib borishi lozim emasmidi?! Chunki shu paytgacha “h” va “x” masalasida amal qilib kelayotganimiz bir qoida bor: o‘zbek shevalarida qanday talaffuz qilinishidan qat’i nazar, bu masalada so‘zning arab, fors va boshqa tillardagi tub shakliga suyaniladi, aslida “h” bo‘lsa, albatta, “h” olinadi. Shunday ekan, yangi izohli lug‘at ayrim g‘alati mashhurlarni tuzatishi shart edi.
Arab tilidan o‘zlashgan ba’zi so‘zlar tarkibida uchraydigan, go‘yo qo‘shimcha tarzida ajraladigan “-at” qo‘shimchasiga misol tariqasida xato tarzda kamolat so‘zi ham keltirilibdi (5-jild, 573-bet). Holbuki, bu tilimizda kamolot tarzida yoziladi. Uning kamolat shakli adabiy tilda yo‘q. Aynan shuning uchun u lug‘atning kamolot so‘zi berilgan 2-jildida variant sifatida ham berilmagan.
Lug‘at tuzish – bir qarashda, sof filologik, ya’ni siyosatdan xoli (g‘arbona istiloh bilan ifodalansa, apolitik) ish. Ammo…
Bugungi o‘quvchi lug‘atdagi bir misolda yangi tuzum, yangi davlat, yangi hayot va yangi odamlar (4-jild, 184-bet) degan tushunchalarga duch kelsa, qaysi davrdagi yangi tuzum, yangi davlat, yangi hayot va yangi odamlarni tushunadi? Albatta, mustaqillik davridagi! Ammo misol tamoman sho‘ro mafkurasi ta’sirida bitilgan “Bo‘rondan kuchli” romanidan keltirilyapti. Bugun romanda ko‘zda tutilgan yangi tuzum, yangi davlat, yangi hayot va yangi odamlar, o‘z-o‘zidan ma’lumki, eski tuzum, eski davlat, eski hayot va eski odamlar bo‘lib qoldi-ku! Bu yerda misoldagi yangi tushunchasi amalda izohlanmay qolgan.
Vahhobiy, vahhobiylik bor, tablig‘chilik, hizbchilik, akromiylik, nurchilik yo‘q. Afsuski, hayotimizda bunday yot oqimlar ham uchraydi, ularni tilimizda qayd etishga majburmiz.
Bu xato va kamchiliklaridan qat’i nazar, xulosa aniq: “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” olimlarimizning katta zahmatiyu mashaqqati evaziga yaratildi. U faqat lug‘atchiligimiz emas, umuman, tilshunosligimizning ulkan yutug‘i, xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi yirik voqea bo‘ldi, deb baralla aytish kerak.
Chunki ong rivojlanmas ekan, jamiyat taraqqiy etmaydi.
Jamiyat rivojlanmas ekan, hayot darajasi ko‘tarilmaydi.
Til taraqqiy etmas ekan, ong o‘smaydi.
Chunki ong-tafakkur, ilm-fan, texnika-texnologiya, ma’naviyat-ma’rifat ham bevosita til vositasida rivojlanadi.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.