Sirojiddin Ahmedov. Munavvar qori (1992)

Cho‘q munavvar etdi olamni Munavvar qorimiz,
Ko‘rdimiz ravshanligidin fe’limiz, atvorimiz.

Ibrat oling, yoshlar, deb to‘kdi ko‘zdin yoshlar,
Nutqida tahrir etib, bizlarni yo‘q-u borimiz.

Chin ko‘ngildan eshitduk chin inchunin aytgan so‘zin
Shuncha bid’atlarni bilduk, voy, biz iqrormiz.
Tavallo

El uchun kuyib-yongan, ma’rifat chirog‘ini yoqqan kishilarning nomi hech qachon unut bo‘lmaydi. Bunday insonlarni siyosatbozlar qanchalik qoralamasinlar, o‘zlari el, tarix, zamon oldida tasqara bo‘lib qolaveradilar. Zero fidoiy kishilarni el hamisha qapb to‘rida asrab-avaylaydi. Xalqimizning ana shunday unutilmas siymolaridan biri — adib va pedagog, ma’rifatparvar Munavvar qori Abdurashidxonovdir.

Munavvar qori — ismi jismiga monand, ma’naviyati sajiyasiga xos inson, asrimizning birinchi choragidagi xalqimiz uchun falokatli yillarda «Men sandamen, sen mendasen» hikmatiga muvofiq elimiz, millatimiz qalbiga ma’rifat va ozodlik, erk va hurlik nurini sochib, hayotning sertashvish yo‘llarini munavvar qilishga intilgan alloma edi. Afsuski, u zo‘ravonlik va zulmga asoslangan tuzumning qurboni bo‘ldi. Shu sababli uning nomi yetmish yil mobaynida faqat qoralandi. U amalga oshirgan ulkan va ulug‘ ishlar haqida lom-mim deyilmadi. Xayriyat, tazor kommunistlar firqasi markazi tugatildi. Odamlarni, ziyolilarni, ayniqsa, olim va adiblarni kattakon yalmog‘iz moshinaning parragi va murvatiga aylantirgan dev chalajon bo‘ldi. Shu bois, bu buyuk inson haqida bir-ikki og‘iz iliq so‘zlar matbuotda ko‘rina boshladi.

Xo‘sh, Munavvar qori Abdurashidxonov kim edi? Nima uchun unga shunchalik qattiq hujum uyushtirdilar? Nega uni jisman yo‘q qildilar-ku, lekin ma’naviy yo‘q qila olmadilar?

Abdurashidxon Sotiboldixon Olim o‘g‘li Munavvar qori 1878 yilda Toshkent shahrining markaziy dahasi — Shayx Xovand Tahurning Darxon mahallasida mudarris Abdurashidxon va Xosiyat otin oilasida dunyoga keldi. Munavvar qori oiladagi uchinchi farzand edi. Akalari A’zamxon (1872—1919 y.) va Muslimxonlar (1875—1954 y.) ham o‘qimishli, ziyoli kishilar bo‘lib, birlari maktabdor domla, ikkinchilari ruhoniy edi. Shuni ham ta’kidlamoqchimizki, uning bobolaridan birining nomi Abdulmajidxon bo‘lgan. Shu bois, ayrim manbalarda uni «Munavvar qori Abdulmajidxon o‘g‘li» deb ham yozishadi.

Munavvar qori otasidan yetti yoshida yetim qoladi. Dastlabki ta’limni onasi Xosiyat otindan oladi, xat-savodi chiqqach, o‘sha davrdagi yirik maktabdorlardan biri — Usmon domlada o‘qiydi, so‘ng Toshkentdagi Yunusxon madrasasida tahsil oladi. Biroq, o‘sha davrda O‘rta Osiyoda ilm markazi Buxoro edi. Shuning uchun u 1898 yilda Buxoroga borib, madrasalardan birida tahsil ko‘ra boshlaydi. Ammo ko‘p o‘tmay moddiy qiyinchilik tufayli Toshkentga qaytib kelib, Darxon masjidida imomlik qiladi.

Turkiston, Ozarboyjon, Tatariston, Qrim tub xalqlarining ma’naviy yo‘lboshchisi bo‘lgan Ismoil G‘aspralining o‘qish va o‘qitish, madrasa va maktab islohotiga oid fikrlari, u nashr etgan «Tarjimon» jaridasi musulmon yoshlari orasida yangicha bir ijtimoiy qarash uyg‘otdi. Bu qarash 1900 yildan boshlab jiddiy ijtimoiy harakatga aylandi. Ziyolilar orasida tabaqalanish sodir bo‘ldi. Taraqqiyparvar kishilarni «jadid», qoloq fikrlilarni «qadim» deb atash rasm bo‘ldi. Ana shu harakat turkistonlik, xususan, toshkentlik ziyolilar orasida ham quvvat ola boshlaydi. Munavvar qori ham taraqqiyparvarlar safiga qo‘shilib, tez orada uning yo‘lboshchilaridan biriga aylanadi. Bunda Bog‘chasaroyda nashr etilgan «Tarjimon», Tataristonda chop etilgan «Vaqt», «Yulduz» jaridalari, turli yo‘llar bilan Turkistonga tarqaladigan «Siroti mustaqim» («To‘g‘ri yo‘l», Istambulda chop etilgan) majallasi, misrlik vatanparvar va inqilobchi Muhammad Abduhning (1849—1905 y.) islom mamlakatlariga yoyilgan inqilobiy va islohotchilik g‘oyalari muhim ahamiyat kasb etadi. U ayniqsa Ismoil G‘aspralining «usuli savtiya» maktabiga, chor hukumati mustamlaka o‘lkalardagi aholini qanday ma’naviy-madaniy uzlatda saqlagani va undan qutulish choralari haqidagi fikrlariga havas va ixlos bilan qaraydi. Chunki bu davrda, birinchidan, eski arab va fors maktabi uslubida faoliyat ko‘rsatuvchi ibtidoiy maktablaru madrasalarning o‘quv-pedagogika ishlari ancha eskirib qolgan edi. Ikkinchidan, chor huqumati Turkiston o‘lkasida maorifni rivojlantirmaslik uchun astoydil harakat boshlagan edi. O‘lka aholisini ruslashtirish siyosati birinchi o‘rinda turardi. Mustamlakachilar bu maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida turli nayranglarni o‘ylab topardilar. Masalan, Toshkent O‘qituvchilar seminariyasida (direktori mashhur missioner N. P. Ostroumov) o‘zbek, qozoq-qirg‘iz xalqlarini ma’rifatdan mahrum qilish niyatida turli yig‘inlar o‘tkazib turilardi. Shunday yig‘inlardan birida tarix-jo‘g‘rofiya o‘qituvchisi M. A. Miropiyev «Rus musulmon-ajnabiylari maorifining asosida qanday Asosiy Aqidalar bo‘lishi kerakiligi xususida mazkur seminariyaning yillik majlisida (1882 yil 30 avgust) nutq so‘zlab («Turkestanskiy sbornik», 361-tom), Boltiqbo‘yi xalqlariga rus tilining davlat tili sifatida joriy qilinishi haqida gapira turib quyidagicha fikr bildirgan: «Shunday qilib, bu tilni ruslar bilan musulmonlar orasida iste’molga kiritishdagi bizning istagimiz so‘nggilarga ularning huquqini cheklash va xalqini kamsitish bo‘lib tuyulmoqda… Shunday qilib, qo‘l ostimizdagi bizning musulmonlarning ta’limi asosida ularni ruslashtirish bosh va asosiy aqida bo‘lishi lozim… va shunday qilib, musulmonlarning ta’limi asosidagi bizning ikkinchi asosiy aqida islomni pisand qilmaslik va uni qabul qilishdan bosh tortish; qisqasi, umuman bizning ajnabiy-musulmonlarni diniy jihatdan mensimaslikdan iboratdir». M. A. Miropiyev rus missionerlari musulmonlarni tamoman ruslashtirishni talab qilayotganini ta’kidlagan edi. Uning so‘ziga qaraganda, o‘lkadagi aslzoda rus pedagoglari musulmonlarning aqliy jihatdan ruslashtirilishini maqsad qilib olgan edilar.

Bu urinish, kayfiyat, siyosat faqat rus pedagoglari orasidagina emas, balki o‘sha paytda Turkistonda yashagan ovro‘paliklarning aksariyat qismi o‘rtasida hukmron edi. Pirovard maqsadi millatni yo‘q qilishdan iborat bo‘lgan bu ma’naviy tajovuzni, ayniqsa o‘zbek ziyolilari har qadamda sezib yurishgan, his etishgan. Bundan tashqari mustamlakachilar Turkistonga och nazar bilan qarab, uning boyliklarini shafqatsiz tashiyotganliklari, milliy ozodlik harakatlarini qonga botirayotganliklari faqat oddiy mehnatkashlarning emas, balki boylar va ziyolilarning ham ko‘zini ochib, hayotga basirat bilan qarashga o‘rgatdi. Xalqni bu balolardan faqat maktab ta’lim-tarbiyasidagi keskin islohot qutqara olar edi. Shu bois, Munavvar qori rus-tuzem maktablariga qarshi o‘z yangi maktablarini ochishga ahd qiladi. U xalq orasidagi buyumparast, savdoni taraqqiy ettirmay, hunarmandchilikni rivojlantirish to‘g‘risida jiddiy qayg‘urmay, sudxo‘rlik orqali boyigan kishilarning loqaydligi, murosasozligi oqibatida yuzaga kelgan milliy parokandalikni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash uchun maorifni mutlaqo yangidan tashkil etish zarurligini anglagan holda devkor ishga bel bog‘ladi.

Shunday qilib, Munavvar qori 1901—1904 yillarda qrimlik do‘sti Rasim Kishod yordamida Toshkentda «usuli savtiya» maktabini ochadi. U maktabni avval o‘z hovlisida, keyin boshqa joylarda ochishga harakat qiladi. Bu ishda unga tog‘asining o‘g‘illari Hasanxo‘ja va Eshonxo‘ja Xoniy yaqindan yordam berishadi. Bu haqda yozuvchi Mo‘minjon Muhammadjonov avtobiografik kitobi — «Turmush urinishlari»da quyidagicha hikoya qiladi: «…Shayx Xovand Tahur dahalik Mirdadaxo‘jaboyning mehmonxonasida maktab ochib, bir-ikki yildan beri Abdusami qori degan bir kishi bilan bola o‘qitib turmoqda bo‘lg‘onin aytdilar. …Bolalarning o‘qishlarini sinf-sinflarida yurib ko‘rib chiqdim. Hozirda to‘rt sinf boshlang‘ich (ibtidoiy) maktab bo‘lib, yaxshigina tartiblik: parta, qora taxtalar, yer yuzi bo‘laklarining (qit’alarining) qisqacha ham butun xaritalari bor ekan.

…Bu yangi tartiblik maktablarning bu Toshkent shahrida joriy bo‘lib ketishiga birinchi sabab Munavvar qori bo‘lib, barchasining prog‘romini shul tuzub bergan» (245-bet).

Munavvar qori «qadimchilar» tomonidan «kufr uyasi» deb atalgan yangi maktabga ma’rifat o‘chog‘i, yangi ma’naviyat, madaniyat maskani, chor mustamlakachilari zulmi ostida milliy g‘ururi, qadr-qimmati yerga urilgan, talangan, yuragiga qo‘rquv-dahshat solingan xalqini milliy mustaqillik uchun kurashga hozirlaydigan targ‘ibotxona sifatida qaradi. U maktabni islohot qilmay turib, odamlarning ongida o‘zgarish yasab bo‘lmasligini yaxshi tushunib yetgan edi.

«Nauka i prosvesheniye» majallasining ma’lumotiga qaraganda, Munavvar qori Abdurashidxonovning «Namuna» maktabida bir necha yuz bola o‘qigan. Bu maktabda tayyorgarligi anchagina jiddiy bo‘lgan iste’dodli yoshlar o‘qituvchilik qilishgan. Ularning qo‘lida ta’lim olgan yoshlar orasidan keyinroq Hamza, Qayum Ramazon, Oybek, Mannon Uyg‘ur kabi iste’dodli adib va san’atkorlar yetishib chiqishdi.

Ulug‘ pedagog olib borayotgan ishlar zolim chor hukumati vakillarini ancha bezovta qilib qo‘ygan edi. Bu haqda «Turmush urinishlari»da quyidagi ma’lumotni o‘qish mumkin: «Olmaota (Verniy)da o‘rus muallimlarining katta yig‘ini bo‘ldi, shul yig‘inda «Tatarlar, qozoqlar bilan birga sart bolalari o‘qitilmasun! O‘qumishli tatarlarg‘a Turkiston o‘lkasida turish uchun yo‘l qo‘yilmasliq kerak! Chunki ular sart, qozoqlarg‘a bilim tarqatib, ko‘zlarini va fikrlarini ochadirlar. So‘ngra bizga yemak uchun Turkistonda non qolmaydir. 2-yangi tartib bilan o‘qituvchi muallimlar, prog‘romlari, o‘qitadurg‘on kitoblari kimlarning asarlari ekanligini «inspektor»larga yozib ko‘rsatmaguncha bola yig‘ib o‘qita olmaydurlar», deb qaror berdilar». Shu bois chor amaldorlari maktablarning dasturlari bilan muntazam tanishib borganlar va imtihonlarda ishtirok etganlar. «Hukumatning o‘rus va musulmon ma’murlaridan (amaldorlar) ham imtihon ko‘rish bahonasi bilan kelib-ketib turmoqda edilar», — deb yozadi Mo‘minjon Muhammadjonov. Bunga sabab musulmon, o‘zbek yoshlari orasida taraqqiyotga yo‘l qo‘ymaslik edi. VKP(b) O‘rta Osiyo byurosining a’zosi G. Safarovning yozishicha: «Boshqa ishlar bilan bir qatorda chor hukumati bu yerda (aholini) ruslashtirish bilan shug‘ullandi. Qoraguruhchi (chernosotenets) «missionerlar» Ostroumov va gubernator Likoshinlar «nonasroniy»larni pravoslav mazhabiga tortishdi va ularni ruscha o‘ylashga hamda his qilishga o‘rgatardilar», degani ham tasdiqlaydi.

Chor hukumatining o‘lkadagi vakillari bu bilan cheklanib qolmagan. 1908 yili o‘lka bosh gubernatorining devoni qoshida «Turkiston o‘lkasi ichkari va tashqarisini tekshirish (razvedka) qilish masalalari» bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etiladi. Mazkur komissiya o‘zining birinchi protokolida «Rus musulmonlari orasidagi norozilik (1905 yildan keyin) tinchigani yo‘q va hali qanday shakl olishi noma’lum», degan xulosaga keladi. Shu bois taraqqiyparvar kishilar orasiga xufyalar qo‘yiladi. Ular barcha voqea va gap-so‘zlarni oqizmay-tomizmay xatga tushirib, maxfiy politsiyaga yetkazib turganlar.

Ammo bu qarshi xatti-harakatlar Munavvar qorini maqsadidan qaytara olmadi. U «Turon» jamiyati a’zolari va mahalliy boylar e’tiborini maorif ishiga torta oldi. Yaxshisi, shu to‘daning a’zosi, keksa san’atkor Abdurahmon Akbarov xotirasiga ko‘z tashlaylik. U quyidagicha yozadi: «To‘dadagi jadidlarning bosh rahbari bo‘lgan Munavvar qori bir kuni to‘daning majlisiga kelib: «Ziyoli yoshlardan bir nechtasini Germaniyaga yuborib o‘qitish kerak», deb uzoq nutq so‘zladi. Shundan keyin to‘daning rahbarlaridan 7—8 kishi Orifxo‘jaboyning yangi shahardagi hovlisida shu haqda birinchi marta majlis o‘tkazdilar. Ammo «Toshkent boyonlarining ko‘pchiligi bo‘lishi maslahatroq bo‘ladi» deb ikkinchi kattaroq yig‘in majlisini Shayx Xovand Tahurlik Kattaxo‘ja Xo‘jayevning uyida o‘tkazishga qaror qildilar.

… 1916 yil oxirlari edi. Oradan chamasi 15 kunlar keyin Kattaxo‘ja Xo‘jayevning uyida ikkinchi marta katta yig‘in bo‘ldi. Bu majlisga Toshkentning eng mashhur boyonlari yig‘ildilar. Jumladan, Orifxo‘ja boy, Saidkarimboy, Komiljonboy choyfurush, Asil oqsoqol, Boqijonboy va boshqalar.

Bu yerga to‘planganlarning soni 50—60 ga yetardi. Buni tashkil qilishda ko‘proq tashabbus ko‘rsatgan Munavvar qori bilan Ilhom samovarchi va Murodxo‘ja Solixo‘ja o‘g‘illari edi. Hamma yig‘ilib bo‘lgandan keyin majlis ochilib, birinchi bo‘lib Munavvar qori so‘zga chiqdi. Munavvar qori: «O‘zbek ziyoli bolalarining Germaniyaga yuborib o‘qitishga juda muhtojmiz, bolalar o‘qub, ilm tahsil olib kelsalar, millatiga katta xizmat qila oladilar», degan so‘zlar bilan uzoq nutq so‘zladi. Uning ketidan Munavvar qorining so‘zini quvvatlab Samig‘ qori chiqib so‘zladi, oxirda savollar tushdi: kim, necha kishini yuboramiz, deb. Samig‘ qori «boradirgan kishilarning ro‘yxati bor», deb domla Murodxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘lidan ro‘yxatni o‘qib berishni so‘radi… Germaniyaga o‘qib kelish uchun boruvchilar shular ekan: 1. Shayx Xovand Tahur dahasidan Abdulvahob Murodiy, yana bir kishi xotiramda yo‘q. Beshyog‘och dahasidan ham ikki kishi: 1-si Chaqar mahallalik Muhammadjonov, 2-si Yalanqari mahallalik A’zam soatsoz o‘g‘li, jami 4 kishi ekan.

Munavvar qori yana o‘rnidan turib: «Jamoat, mana bu yosh, o‘smir bolalarimizning Germaniyaga borib o‘qib kelishlari faqat siz boyonlarimizning yordami ostida vujudga chiqadi», — deyishi bilan o‘tirgan boylardan biri Munavvar qorining qo‘liga anchagina pul berdi… Pul to‘planib, sanalib bo‘lgandan keyin Munavvar qori o‘rnidan turib: «Millatimizning kelajakdagi baxtu saodati uchun shunday katta himmatlaringizga ko‘pchilik tomondan rahmatlar aytaman», deb tashakkur bildirdi».

Xotiradan ko‘rinib turibdiki, zolimlar qanday hunar ko‘rsatmasinlar, Munavvar qori mahalliy boylarning boshini qovushtirib, ma’rifatga xizmat qildira oldi. Shuning uchun ham u bir necha bor hibsga olinib, so‘ng qo‘yib yuborilgan. Ammo buyuk inson bunga parvo qilmay kurashavergan.

* * *

Munavvar qori pedagogik faoliyat bilan kifoyalanmay, ilmiy-pedagogik va badiiy asarlar ham yozgan. U Turkiston o‘lkasida birinchilar qatorida «Adibi avval», «Adibi soniy», «Er yuzi» («Jo‘g‘rofiya»), «Havoyiji diniya» kitoblarini (1907 yilda) nashr ettirgan. 1914 yilda Salim Ismoil Ulviyning Qur’on qiroati bo‘yicha saboq beruvchi «Tajvid»ini o‘zbekchaga tarjima qilib, Orenburgda nashr ettirgan. «Sadoyi Turkiston» jaridasida bosilgan Kamiy, Xislat, So‘fizoda, Hamza kabi shoirlarning she’rlarini to‘plab «Sabzazor» nomi bilan chop ettirgani ma’lum.

Ulug‘ mutafakkir bu ishlar bilan ham cheklanmadi. O‘ziga o‘xshash ochiq fikrli yoshlar — Ubaydulla Xo‘jayev, Abdulla Avloniy, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Karim Norbekov va boshqalar bilan hamkorlikda 1909 yilda toshkentlik bir boyning raisligida «Jamiyati xayriya» tashkil etadi. Biroq, bu jamiyat iqtisodiy jihatdan bir necha ag‘niyolarning iona va yordamiga suyangani uchun erkin ish olib bora olmaydi. Lekin rais o‘rinbosari bo‘lgan Munavvar qori tinib-tinchimasligi orqali jamiyat taraqqiyparvar yoshlar qo‘liga o‘tadi. Bu haqda u «Toshkentda musulmon jamiyati» maqolasida quyidagicha yozadi: «Yoshlarning sovuqqonlik va sabrliklari bu sana yaxshi natijalar berdi. Boylarning o‘zlari ittifoq bo‘lib, o‘z oralaridan faqat bir kishini rais va bir mashvarat a’zosi verib, boshqa a’zolarning barchasin yoshlardan saylatdilar…

Bu ittifoqning natijasi o‘lsa kerak, Toshkent jamiyati bu yil butunlay boshqa tusga kirdi. Uyqudan uyg‘onib, ko‘zlarin uqalab, atrofga nazar sola boshladi. Qonunida zikr etilgan moddalardan birin-birin foydalanmakka shuru’ qildi, boshlab bir necha yildan beri qaror berilubda ochilmay yotgan «Dorul ojizin»ni rasman ochib, bir necha miskin va ojizlarni tarbiyaga oldi. Bir necha maktab va madrasalarga yuz so‘m va ikki yuz so‘mlab ionalar berdi. Bir necha beva va bechoralarga oylik ionalar bermoqda va oltmish qadar faqir va qashshoq bolalarni turli maktablarda o‘qitib, tarbiya qilib turmakdadir.

Jamiyatning yangi a’zolari (ya’ni yoshlar — S. A.)… pul topmakka ham yangi yo‘llar izladi, boshlab «Gramofon obshestvo»si-la so‘ylashib, har bir plastinkadan o‘n tiyin olmoq sharti-la bir necha hofizlarni va o‘z tarbiyasidagi maktab shogirdlarini(ng) tovushini sotdi, bundan faqat shu yil ichindagina loaqal ikki ming so‘m kirsa kerakdir».

Munavvar qori va safdoshlari jamiyat orqali qashshoq va kasalmand kishilar, o‘quvchilarga yordam ko‘rsatish bilan cheqlanmaydi. Rossiya va Turkiyadagi oliy o‘quv yurtlariga talabalar yuborish bilan ham shug‘ullandi. Taxminimizcha va ayrim ma’lumotlarga qaraganda, shu jamiyatning yordami bilan Mirmuhsin Shermuhamedov Ufadagi «Oliya» madrasasida o‘qidi.

Oldinga o‘tib shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, buyuk inson bu savob ishini Oktyabr to‘ntarishidan keyin ham davom ettirdi. 1921 yilda Turkiston Xalq maorifi komissari lavozimida (qisqa muddat) ishlab turgan paytida Toshkentda «Ko‘mak» uyushmasini tuzib, Germaniyada tahsil olayotgan o‘quvchilarga va Moskvadagi San’at institutida ta’lim olgan Mannon Uyg‘urga moddiy yordam uyushtirdi.

Chor hukumati mahalliy yoshlar orasidagi ijtimoiy harakatni har yo‘l bilan sindirish va mag‘lub etishga intilardi. Bundan maqsad, bir jihatdan mahalliy aholini milliy zararli bid’atlar kafaniga o‘ldirmay o‘rash bo‘lsa, ikkinchidan, mustaqillik yo‘lini to‘sish edi. Shu bois «Chor hukumatining polisiyalari, oxranniy otdeleniyalari bunday madaniy ishlarda yerlik xalqqa ochiq yo‘l bermadi, bir tomondan ochilsa, ikkinchi tomondan yopa berdi», deb xotirlagandi keyinroq Munavvar qori. Biroq tolmas kurashchi o‘z niyatidan sira qaytmadi.

Munavvar qori Abdurashidxonov milliy matbuot tamal toshini qo‘ygan jurnalistlardan biridir. U 1906 yil sentyabrda «Xurshid» («Quyosh») jaridasini nashr etib, o‘zi muharrirlik qiladi. Bu jarida o‘zbek xalqining ko‘zini ochishga, fikriy uyg‘onishiga, o‘z haq-huquqini tanishiga xizmat qilgani uchun oq poshsho malaylari tomonidan tezda yopib qo‘yildi. Keyinroq u «Najot» (1917 y.), «Kengash» (1917 y.), «Xurriyat» (1917 y.), «Osiyo», «Surat», «Haqiqat», «Turon»da bosh muharrir, «Sadoyi Turkiston»da (1914—1915 y) bo‘lim muharriri bo‘lib ishladi.

Munavvar qori matbuotga elni g‘aflat uyqusidan uyg‘otuvchi buyuk kuch, madaniyat va ma’rifatga chorlovchi qudratli vosita, haqiqat ko‘zgusi deb qaradi. Yuragida yig‘ilib qolgan armonlarini, takliflarini ommaga yoyishda matbuotdan foydalandi.

Yoshlarning xalq orasidagi ijtimoiy siljishlarga sabab bo‘lgan ishlarni bajarib, obro‘ topayotganlaridan faxrlangan Munavvar qori «Toshkentda musulmon jamiyati» maqolasida shunday deb yozadi: «Toshkent jamiyatining ismini unutgan yoki hech bir jamiyat degan so‘zni eshitmagan Toshkent musulmonlarining yetti yasharidan yetmish yasharigacha jamiyatning vujudidan xabardor bo‘ldi, rus, yahudiy va armanlar foydalanib yurgan o‘rinlardan foydalanmak musulmonlarga ham mumkin ekanligi ochiq bilindi, bu esa Toshkent musulmonlarining hiyli ruhlarin ko‘tarilmog‘iga va jamiyatga muhabbat ila qaramoqlariga sabab o‘ldi».

El murabbiysi hamfikrlari bilan jamiyat ishlariga xalq mehrini uyg‘otgach, uning taraqqiyotiga halaqit bergan nuqtalarni, zararli urf-odatlarni ro‘yi-rost ochib tashladi. U Turkiston ahlining asirlik va zalillikka uchrash tashxisini aniq qo‘yib, jamiyatning har bir qatlamining sajiyasini ochadi. «… Bu zamondan yuz yildan ziyodroq muqaddam zamondan boshlab ohista-ohista millat devorlarining har tarafiga rahna paydo bo‘ldi. Munga sabab ulamo va umarolarimizni(ng) o‘z nafslari rioyasida harakat qilmoqlari bo‘ldi, — deb yozadi Munavvar qori 1906 yilda bosilgan «Nikoh to‘g‘risida» maqolasida.— Podshoh va xonlarimiz bo‘lsa, millatga qilgan xizmatlari tanho xotin olmoq va kuchuk urushtirmoq va beg‘ayrat va behaqqoniyat dindor kishilarni badarg‘a qilmoq va tutib o‘ldirmoq bo‘ldi. Millat nima va shariat nima bilmadilar. (Biz chizdik — S. A.) Shuning uchun myllat devorini(ng) rahnalari tobora ziyoda bo‘ldi».

Adib inqiroz sabablarini tadqiq qilar ekan, o‘zi mansub bo‘lgan din ahllari faoliyatini ham keskin qoralaydi. Xususan, u imomlar haqida: «Imomlarimizni(ng) vazifalari qavmlariga va’z va nasihat birla ahkom shariatni bildirib, g‘ayri mashru’ ishlardan qaytarmoq bo‘lgan holda o‘z vazifalarini ado qilmoqqa to‘y va ma’raka axtarmoqdan qo‘llari bo‘shamas. Agar qavmlarini oldiga tushib, to‘y va ma’rakaga yurmasalar, o‘shal kuni imomatdan ma’zul bo‘lur emishlar. Chunki avomunnos e’tiqodida imomlik qavmni oldiga tushib to‘y va ma’raka axtarmoqdan iboratdir va a’yoni qavmga hushomad qilib, girdin ekmakdan kinoyatdir», — deb yozadi.

Buyuk murabbiy millatning inqirozga uchrash sabablaridan birini «bo‘zaxo‘rlik, qimorbozlik, bachchabozlik… larga o‘xshash amallar»ni «… bizlarni ota-bobolarimiz rasmlaridir, deb iste’mol qiliganlarida ko‘radi. Chor hukumati bu inqirozni battarroq chuqurlashtirishga intilib, masjid va madrasa, qozixona va qozi saylash ishlariga, vaqflarga o‘zlaricha aralashib, xo‘jayinlik qilib, qozilarni «narodniy sudya» atab, ishni o‘z ko‘ylariga solishganini yonib so‘zlaydi.

El murabbiysi bu bilan sira tinib-tinchimaydi, o‘sha davrdagi barcha jarida va majallalarda faol ishtirok etadi. Ayniqsa, «Sadoyi Turkiston» jaridasiga turli mavzularda bosh maqolalar yozadi. Bu maqolalari asosan maktab va jamiyatlar faoliyatiga bag‘ishlangan edi. U maktablarni takomillashtirish, imtihonlar o‘tkazish haqida yozar ekan, «… Butun dunyodagi madaniy millatlarning qayg‘u va hasratlarina ishtirok etmagan va bu shodlik masarratlaridan bahra olmagan bir qavm va bir millat vor esa, ul ham Turkiston turklaridirmiz», — deydi.

Munavvar qori boshlang‘ich va o‘rta maktablar faoliyatidan qoniqmasligini ochiq aytish bilan birga madrasa va muddarrislarning ham zaif ekanini oshkor qiladi: «Madrasalarga imtihon joriy bo‘lsa, ko‘p shogirdlarning va bir necha mudarrislarning madrasadan chiqarmoqlari lozim kelur».

Har bir xalqning millat sifatida shakllanishining birinchi belgisi mazkur xalqning o‘zligini tanishi va o‘zini himoya qilish tuyg‘usining uyg‘onishi, milliy qadriyatlarini saqlash va taraqqiy etdirish, bu yo‘lda turli-tuman jamiyat va uyushmalarning vujudga keltirishidir. Buni u quyidagicha sharhlaydi: «Madaniy millatlarning butun taraqqiyoti diniya va ehtiyojot mayllari uchun eng ishonchli suyanchiq va muttako ettohoz o‘linmish va ularda madaniyat narvonining birinchi bosqichi maktab, ikkinchisi jamiyat ekan». («Jamiyat qanday ochilur», «Sadoyi Turkiston» № 22.26.6 1914 y.)

Munavvar qori har ikki bosqichga ham jiddiy ahamiyat berdi. Shu ikki tayanch bilan millat bolalarining ko‘zini ochdi, chorizmga qarshi kurash olib bordi. Maktabiga yuborilgan Ostroumov kabi «popechitel»lardan sira tap tortmadi.

U 1914—1915 yillarda do‘stlari Ubaydulla Xo‘jayev, Abdulla Avloniy, To‘lagan Xo‘jamyorov (Tavallo), Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Muzaffarzoda, Mirmuhsin Shermuhamedov, Shokirjon Rahimiy, No‘shravon Yovushevlar bilan birga «Sadoyi Turkiston» jaridasini nashr etib, ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy jihatdan yuksak cho‘qqiga olib chiqdi. Mazkur jaridaning madaniyatimiz tarixidagi o‘rni va roli hali to‘la ochib berilganicha yo‘q. Masalan, atoqli yozuvchi va shoir bo‘lib yetishgan Abdulhamid Cho‘lpon ham ana shu jaridada ijodkor sifatida bo‘y ko‘rsatib, voyaga yetdi, elning sevimli adibiga aylandi. Shu jarida ta’siri ostida Xurshid (Shamsiddin Sharafiddinov), Lutfulla Olimiy, Mirmuhsin Shermuhamedov, Miskin, Mo‘minjon Muhammadjonov, Hamza, Xolid Said, Fuzail Jonboyev (millati qozoq) kabi adib va jurnalistlar kamolga yetdiki, bunda Munavvar qori Abdurashidxonovning xizmatlari beqiyosdir.

Munavvar qori 1913 yildan ish boshlagan «Turon» truppasining tashkilotchilaridan biridir. U do‘stlari Abdulla Avloniy, Ilhomjon Inog‘omov, Komilbek Norbekov, To‘lagan Xo‘jamyorov (Tavallo), Muhammad Poshshaxo‘jayev, Ubaydulla Xo‘jayev, Toshpo‘lat Norbo‘tabekov va boshqalar bilan birga truppaning barcha ishlarida qatnashdi.

1913 yil iyun-iyul oylarida «Turon» truppasi o‘zining norasmiy spektaklini ko‘rsatdi. Truppaning tashkiliy va targ‘ibot ishlariga Munavvar qori faol aralashadi. Xususan, truppaning dastlabki spektakli haqida quyidagicha ma’lumot beradi: «… shahar bog‘ining yozlik teatrusida bir martaba spektakl qo‘yib, olti yuz so‘mga yaqin foyda qildi, buning ustiga ushbu avgustning 8-kuni ramazon munosabati-la Shayx Xovandi Tahur bog‘ida birinchi martaba «Tomosha kechasi» yasadi, ushbu tomosha kechasining daromad va buromadi ushbu tariqa bo‘ldi: sotilgan biletlardan 1387 so‘m 54 tiyin…» Munavvar qori va do‘stlarining shu tariqa «…hech kimning shikoyat va haqoratiga quloq solmay qilgan sa’y va harakatlari…» jamiyatga ham, xalqqa ham «… ma’naviy jihatdan ko‘p foydalar keltirdi».

Ana shu ma’naviy va madaniy-siyosiy, adabiy-badiiy foyda tufayli yosh taraqqiyparvarlar, jumladan, buyuk inson Munavvar qori «Musulmon drama san’ati havaskorlari jamiyati — «Turon»ni chor hukumatiga rasmiy tan oldirishga erishdilar. Hukumat truppa ustavi bilan tanishib chiqqach, ruxsat berishga majbur bo‘ldi. «Turon» truppasi va jamiyatning maqsadi ustavda quyidagi tartibda bayon qilingan:

«a) Xalq orasida jiddiy va sahna ishiga hamda xayriyaga muhabbat uyg‘otish;

b) Xalq uchun spektakl qo‘yib, sog‘lom tomosha ko‘rsatish;

v) Turkiston o‘lkasi hududida yashovchi muhtoj musulmonlarga moddiy yordam berib, ma’naviy va moddiy jihatini yaxshilash».

Ana shu ezgu maqsadlar oldinga qo‘yilgani uchun ham adib teatr san’atiga muhabbat bilan qaradi va uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va rolini to‘g‘ri baholay oldi.

1913 yil 27 fevralda Toshkentdagi Kolizey teatri binosida, taniqli tatar rejissyori, o‘zbek spektakllarini sahnalashtirgan san’atkor Zoki Boyazidskiy — Valeevning so‘zi bilan aytganda, «milliy dramaturgiya, milliy til, milliy artistlar bilan tayyorlangan» o‘zbek milliy teatrining birinchi mavsumi rasmiy ochildi. Spektakl birinchi pardasini ochish Munavvar qori Abdurashidxonovga topshirilgan edi. U mazkur tantanali marosimda shunday degan edi: «Turkiston tilida hanuz bir teatr o‘ynalmag‘onlig‘i barchangizga ma’lumdir. Shul sababli ba’zi kishilarimiz teatrg‘a, ehtimolki o‘yinbozliq yoki masxarabozlik ko‘zlari ila boqurlar. Holbuki, teatrning asl ma’nosi «Ibratxona» yoki «Ulug‘lar maktabi» degan so‘zdir. Teatr sahnasi har tarafi oynaband qiling‘on bir uyga o‘xshaydurki, unga har kim kirsa o‘zining husn va qabiqini, ayb va nuqsonini ko‘rib ibrat olur». (Biz chizdik — S. A.) «Teatr sahnasiga chiqib, yuziga un surtib, bir masxaraboz shakliga kirgan zotlar go‘yoki tabibi hoziq misolidadir», deb u artist va rejissyorlar faoliyatiga yuksak baho beradi.

Yoshlikdan islom dini qonun va ko‘rsatmalari bilan oziqlangan, undan ruhlangan kishining teatr san’atiga bunday katta baho berishi ulkan voqea edi. Zero o‘sha yillarda teatr san’atiga yo‘l ochgani uchun xalqimizning sevimli farzandi Mahmudxo‘ja Behbudiy domla Vasliy va boshqalar tomonidan qattiq tanqid qilingan. Munavvar qori, aksincha Behbudiyni qo‘llab-quvvatladi, uning sahna asari Toshkentdagi teatrda ko‘rsatilishida jonbozlik ko‘rsatdi. Bu — uning dunyoqarashi nihoyatda kengligidan, bilimdonligidan dalolatdir. U o‘zbek tomoshabinlariga: «Biz bu zotlarga (ya’ni artistlarga) va teatrlarga qanday ko‘z ila boqmog‘imiz kerak?» — degan savol bilan murojaat qiladi va o‘zi shunday javob beradi: «Muni o‘rganmak uchun biz o‘zimizdan boshqa mutaraqqiy millatlarga boqaylik: misola, ustimizga hokim bo‘lib turgan ruslarga, turklarga, nemislarga, fransuzlarga, yahudiylarga va boshqalarga. Ko‘p uzoq ketmaylik, eng yaqin qo‘shnilarimiz bo‘lg‘on totorlarg‘a va Qofqoz musulmonlarig‘a». Munavvar qori, so‘zsiz, o‘zi shu xalqlarning turmushiga chuqur nazar tashlagandan, ular hayotida teatr san’ati qanday o‘rin tutishini har tomonlama o‘rgangandan keyin shunday fikrni aytgan.

Agar o‘tgan asrning oxiri va asrimizning boshlarida Shekspir, Shiller, Gyugo asarlari turk, ozarboyjon tillariga tarjima qilinganini, L. Tolstoy, A. Ostrovskiy va N. Gogolning ayrim asarlari tatarchaga tarjima etilganini, Munavvar qori esa fors, arab, rus, turk tillarini bilganligini hisobga olsak, u bu ulug‘ adiblar asarlarini o‘qiganligiga ishonch hosil qilamiz, Bundan tashqari u taniqli turk adiblari Abdulhaq Homid, Tavfiq Fikrat, ozarboyjon yozuvchilari Mirza Fatxali Oxundov, N. Narimonov, J. Mamatqulizoda, N. Vazirovlarning ijodini, tatar faylasuflari Rizoiddin Faxriddinov, Muso Jarulloh Begiyev, Ayoz Ishoqiy, Ziyoiddin Kamoliy asarlari va ijtimoiy-diniy qarashlarini yaxshi bilgan. Shu bois u o‘zbek tomoshabinlariga Oxundov hayotini ibrat qilib ko‘rsatadi. Oxundov tufayli katta ishlar amalga oshirilganini ta’kidlar ekan, milliy teatrni tashkil etgan «Najot» jamiyatining san’at «… millatning nomusi va obro‘sini hifz qilur» degan xulosasiga qo‘shiladi.

Shuning uchun millat obro‘sini yuksaltirishni, rivojlantirishni o‘zining umr maqsadi deb bildi. U o‘lkasining qoloqligi sababini axtararkan: «Bizim Turkiston mamlakati tufrog‘, suv va havo jihatidan eng boy mamlakatlardin bo‘la turib, na uchun o‘zimiz bundan foydalana olmaymiz?» deb nola qiladi. «Mana, ket-baket yetgan bunday savollarga javob bermak uchun nodonliq va olamdan xabarsizliq demakdin boshqa chora yo‘qdir. Bu nodonliq va dunyodan xabarsizliq balosidan qutulmak uchun avval oramizda hukm surgan buzuq odatlarning buzuqlig‘ini bilmak va o‘rganmak kerakdir», deydi u.

U teatr san’atiga «buzuq odatlarning buzuqligini bilmak» va tuzatmak muassasasi, yuqorida aytilganidek, «Tabibi hoziq» deb qaradi va bu yo‘lda katta ishlarni amalga oshirdi. Ana shunday ishlardan biri mahalliy ruhoniylarning teatr sahnasiga qarshiligini sindirish bo‘ldi. Adib xalq bag‘ridagi jaholatni yulib olib tashladi, el yuragida yangi san’at turi bo‘lgan Ovro‘pa tipidagi teatrga muhabbat uyg‘ota oldi. Bu fikrimizga «Turon» truppasining 1914 yildan to 1919 yilgacha faoliyati yorqin dalildir.

Munavvar qori teatr san’ati xususiyatlarini, dramaturgiya talablarini chuqur bilgan olimdir. Shu bois Hamza Hakimzoda Niyoziydek shoiru adibga ustozlik qila oldi. Buni Hamzaning o‘zi «Qaydlar»ida: «9. Pirlardan: muhtaram ustozi oliy muallim Munavvar qori Abdulmajidxon o‘g‘li. … muloqotimiz 1908 yil, 11 dekabrda» deb tan oladi. Ana shu uchrashuvdan keyin u doimo piri bilan uchrashib turgan va xat yozib, maslahat va yordam so‘ragan. Buni Hamzaning quyidagi xatlari va Munavvar qorining javoblari ham tasdiqlaydi. Masalan, Hamza 1915 yil oktyabr — noyabr oylarida quyidagi mazmundagi xat yo‘llaydi:

«Hurmatli Qori afandiya!

Ushbu yubordig‘im kitoblarni tezda adresi zakaznoy banderol ila yubormog‘ingizni rijo qilurman. Mumkin qadar qo‘lyozmaligi po‘chta ma’murlarina ma’lum o‘lmiydirg‘on tarzda o‘ramoq lozim.

Qancha xarajat bo‘lsa, men berurman. Adres: Star. Margelan, chayniy bazar, g-nu. A. X. Zaynullinu. Hamza Hakimzoda maxsus.

Hisoblar nima bo‘ldi? Tamom bo‘lishi uchun qachon yig‘in qilamiz? Shuni ham yozib yuboring!

Hamza Niyoziy»

Maktubdan sezilib turibdiki, Hamza o‘z piridan asarlarini bostirish masalasida yordam so‘rayapti. Javoblarni ham tez olishni istayapti. Xo‘sh, gap qaysi asar xususida boryapti? Nima uchun qo‘lyozmaligi sir tutilmoqda? Bunga Munavvar qorining quyidagi javobi oydinlik kiritadi.

«Birodari azizim Hamza afandi! Kitoblaringiz bundan bir necha oy muqaddam banim qo‘limga tegmish esa-da, tamoman ko‘rib chiqib, bir fikr bayon etmakka fursat topa olmadig‘imdan to‘la maktublaringizga javob yoza olmag‘on edim.

Hozirda tamom ko‘rib chiqdim. She’rlaringiz ila Feruzaxonim»ingiz bosilurliq. Faqat fikr islohga muhtoj. Xususan, «Feruzaxonimining mavzui bik yaxshi: faqat ichindagi «mal’un», «bedin» kabi adabdan xorij so‘zlarni chiqarilsa, eshon ila boyni(ng) bedin va mal’unligini so‘z ila emas, qiliqlari ila ko‘rsatilsa (Biz chizdik — S. A) hamda «Choyi qo‘lida, so‘zi bo‘g‘zida qolg‘on Norbobo o‘rnidan turdi-da, do‘konga ketdi» kabi jumlalarni «Norboboning choyi qo‘lida, so‘zi bo‘g‘zida qoldi-da, o‘rnidan turib, do‘konga ketdi» ravishda yozilsa, ochiq va suchukroq bo‘lur edi hamda Mansur ila Feruzanning yozishkon maktublari biroz qisqaroq bo‘lub, suhbatlari biroz uzaytirilsa, muassir chiqardi. She’ringiz-da, yaxshi, faqat «Marhabo» kabi ba’zi she’rlar chiqarilub, o‘rniga kichikroq she’rlar aralashtirilsa, yana yaxshiroq bo‘lur edi. «Turdiqul» ila «Ikki maktub» kitobingiz menimcha, maqbul ko‘rilmadi. Agarda isloh kilib yuborsangiz she’r ila «Feruzaxonim»ni «Turkiston kutubxonasi» nashr kilib ko‘radi…

Muhibingiz Munavvar qori. 1915 yil, 4—5 noyabr»

Hamza bu javobga qoniqmay, quyidagi maktubni yuboradi.

«Assalomu alayko‘m! Ma’naviy qori otamiz hazratlarina!

Janobingiza bundan muqaddamgi maktubda yozmish edim: … agarda o‘z tarafindan «Turkiston kutubxonasi» nashr qilmoq va so‘ngra sahnaya qo‘yulmog‘i jamiyat tarafindan maqbul ko‘rilib, bir vaqtda mavquf qoldirilg‘on bo‘lsa, ayni maqsud o‘lmoq uzra, risolalarni butun qoldirub, ani xususinda vaqtliroq, shitob degil maktub ila qone’ etmaklari mutamannodir.

Hamza Niyoziy» (sanasi yo‘q — S. A.)

Munavvar qori bu maktubga shunday javob beradi:

«Hurmatli Hamza afandi!

… «Feruzaxonim» ila boshqa kitoblaringizni esa ertaga po‘chtadan inshoolloh yuborurman. Agarda «Feruzaxonim» man aytqoncha, ya’ni:

  1. Eshon va boylarning mal’un va ablahliklarini ochiqdan-ochiq «mal’un», «Johil», «xoin», «palid», «nobakor» kabi so‘zlar ila emas, qilg‘on ishlarining yomonlig‘i ila ko‘rsatilsa;
  2. Mansur va Feruzalarning maktublari biroz qisqartirilsa, chunki bunday yoshirin maktub qisqa va ma’noli bo‘lur.
  3. Bir-birlari ila ko‘rishqondag‘i hollari biroz uzoqroq tasvir qilinsa; chunki romanga ruh kiritadirg‘on va o‘quvchilarni qiziqsinduradurg‘on o‘rinlari shul vasl hollari bo‘lur;
  4. Avval tavsiyalar zikr qilinub, so‘ngra sifatlar zikr qilinsa, ya’ni, «har bir nazir kilinmish kizlarni yigirma bir yoshig‘a kirgizub, so‘ngra nikohina oluvga odatlangan nobakor Tohir eshon» kabi jumlalarnn «Ul Tohir eshon har bir nazir qilinmish qizni yigirma bir yoshigacha umrini o‘tkarib, so‘ngra nikohiga olishga odatlangan edi» kabi qisqaroq jumlalarga tahrir qilinsa…

Isloh kilib yuborsangiz avvalgi shart ila buni ham bostirub nashr etmak niyatidaman…

Boqiy ihvat do‘stingiz, Munavvar qori.

1916 yil, 1 yanvar».

Yana bir maktub.

«…Feruzaxonim»ni hozirda yubormay turingiz, chunki ehtimol yakin fursatda man o‘zim xizmatingizga borib qolsam. Shunda ko‘rishib qaror berurmiz. Hozirda har yerda qog‘oz kahatchiligi hukm surmoqdadir. Binoanalayh hanuz maydong‘a chiqg‘onlaryni esa alxusus-alalxusus maktublarda joriy bo‘lg‘on kitoblarni bostirmak mumkin emas. Shu sababli, gar kimmat tushsa ham bosturmakdamiz.

«Milliy ashulalar»ingiz oz va kichkina bo‘lg‘on sababli bostiruldi…

Do‘stingiz Munavvar qori 17 yanvar 1916 yil».

Munavvar qori va Hamzaning ushbu yozishmalari ularning nihoyatda do‘st va qadrdon bo‘lganliklarini tasdiqlovchi hujjatdir. Shu bilan birga bu yana quyidagi fikrlarni maydonga olib chiqadi: Birinchidan, Munavvar qori Hamzaning tan olgan piri, ma’naviy otasi; ikkinchidan, Munavvar qori «Turkiston kutubxonasi» nashrining muassislaridan biridir; uchinchidan, Hamza o‘z asarlarini bu nashriyotda chop ettirgan va qo‘lyozmalarini faqat «ma’naviy otasiga»gina ishongan; to‘rtinchidan, Hamza qo‘lyozmalari chor hukumati tomonidan doimo ta’qibda bo‘lgan, buni adibning: «mumkin qadar qo‘lyozmaligi po‘chta ma’murlarina ma’lum o‘lmaydirg‘on tarzda o‘ramoq lozim» so‘zi tasdiqlaydi; beshinchidan, Hamza o‘z maktublarini 1915 yil aprel-may va 1915 yil dekabr — 1916 yil aprel oylarida yozgan ko‘rinadi. Buni Munavvar qori maktublari ostidagi sanalar tasdiqlaydi. Oltinchidan, Hamza o‘zining pesasi va yana bir asari xususida fikr yuritmoqda. Uning «sahnaga qo‘yulmog‘i jamiyat tarafindan maqbul ko‘rilib, bir vaqtga mavquf qoldirilgan bo‘lsa…» va «risolalarni butun qoldirib» so‘zlari bunday deyishga asos beradi.

Munavvar qorining javoblari ana shularga oydinlik kiritadi. Maktubdan ma’lum bo‘ladiki, asosan, gap Hamzaning «Feruzaxonim». «Milliy ashulalar», «Turdiqul», «Ikki maktub» nomli asarlari («kitobingiz» so‘ziga e’tibor bering) haqida boryapti. Biroq maktubda so‘nggi ikki asarning janri haqida hech gap yo‘q. Ammo «Feruzaxonim» ayrim tadqiqotchilar aytganiday, «Zaharli hayot» dramasining birinchi nusxasi bo‘lmay, nasrny asardir. (Tadqiqotchilarni «eshon», Mansur, Feruza obrazlarining «Zaharli hayot» personajlariga hamohangligi va «mal’un» kabi so‘zlarning ishlatilishi chalg‘itgan ko‘rinadi.) Munavvar qori uning janrini aniq ko‘rsatib, yozadi: «…chunki romanga (biz chizdik) ruh kiritadurg‘on va o‘quvchini qiziqsindiradurg‘on o‘rinlar shul…» Demak, «Feruzaxonim» Hamzaning taqdiri noma’lum romanidir. (Buni izlab topish va yanada aniqlik kiritish hamzashunoslarga havola.)

Maktublardan yaqqol sezilyaptiki, Munavvar qori to‘g‘ri talablarni qo‘ygan va hamisha shogirdining ijodiga xayrixoh bo‘lgan. Bundan tashqari uning yaxshi uslubchi ekanligi ham ko‘zga tashlanyapti.

Buyuk inson Munavvar qori Hamza singari qalamkashlarga moddiy va ma’naviy yordam berish bilan cheklanmadi. U xalqimizni istibdod changalidan qutqarish uchun astoydil kirishdi.

Ma’lumki, zolim Nikolay II ning 1916 yil 25 iyunda «Front orqasidagi xizmatlar uchun Turkiston, Sibir va Kavkaz inonarodetslaridan 19 dan 31 yoshgacha er kishilardan» mardikorlikka olish haqidagi 1526-raqamli farmoni e’lon qilinadi. Bu noqonuniy farmonni o‘lka qonini so‘rib yotgan gubernatorlik o‘birlari boshboshdoqlik bilan amalga oshiradilar. Oqibatda Turkistonning ko‘pgina viloyat va shaharlarida aholi o‘rtasida norozilik tug‘ilib, talaygina joylarda rasmiy isyonga aylanadi. Isyonlar shafqatsiz ravishda bostiriladi. Ana shu pallada toshkentlik taraqqiyparvar kishilar sukut saqlamay, aholiga yordam berish payiga tushadilar. Ushbu harakat natijasida «Turkiston mardikorlikka olish qo‘mitasi» tashkil etiladi. Munavvar qori shu qo‘mita raisining o‘rinbosari etib saylanadi. Adib Ostroumov, Ilminskiy, Nalivkin kabi missionerlarning aldoviga uchib, bu mudhish voqeaga madhiya yozgan sheriklariga yon bermaydi. Ularning izidan bormaydi. U chor hukumati olib borayotgan bu siyosatning noto‘g‘riligini xalqqa tushuntirdi va bu masalada Peterburgga vakil yuborishni tashkil etish ishlarida faol qatnashdi. Chunki «…Turkistonning zolim ma’murlari ma’lum 1916 yil iyul fojiasini qo‘lda yasab maydonga chiqardilar». Shuning uchun ham mahalliy aholi bu farmonni «…Turkiston musulmonlarini hukumatga qarshi oyoqlandurub qirmak va yerlarini qochoqlarg‘a bo‘lub bermak uchun maxsus chiqarilgan intibohnoma», deb qabul qilgan edi (qarang: «Najot» jaridasi, 1917 yil, 26 mart. «Maqbul qurbonlar»)

Ettisuv, Jizzax, Toshkent qirg‘inlarining shohidi bo‘lgan adib, qoranamat yuvsa oqarmaganidek, chor ma’murlari ham adolat va insofga kelmasligini, faqat hurriyat katta, ezgu o‘zgarishlarni qilishi mumkinligini idrok etadi…

…Ulug‘ mutafakkir maktab ochish, jarida chiqarish, jamiyat tashkil etish singari ishlar bilan cheklanmay, siyosiy faoliyatini kuchaytirib bordi. Uning 1916 yil voqealaridagi faoliyati bunga dalildir. Shuni afsus bilan ta’kidlash zarurki, mardikorlikka olish voqealarini o‘rgangan H. T. Tursunov Munavvar qori Abdurashidxonovning faoliyatini chuqur o‘rganmay, vulgar sotsiologizm nuqtai nazaridan yondoshgan. Mazkur masalani yoritish uchun o‘tkazilgan suhbat soxta materiallar asosiga qurilganligi kishini taajjubga soladi.

Mardikorlikka olish voqeasining salbiy tomonlari bilan birga ijobiy qirralarini ham aytib o‘tish lozim. Bu dahshatli adolatsizlik garchi ko‘pgina qon to‘kishlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, Turkiston xalqlarini uyqudan uyg‘otdi, ko‘zini ochdi. O‘z haq-huquqini himoya qilishga otlantirdi. «Tala va boshqalarga ham talashga yo‘l ber» —ana shunday edi Rusiya mutlaq hokimligi mustamlaka siyosatining asl ma’nosi» (G. Safarov. «Turkistonda mustamlaka inqilobi»), shu aqida asosida umrguzaronlik qilayotgan yarimposhsho va uning qonxo‘r malaylari qiyofasini o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq, turkman xalqlari vakillari o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Ular o‘zlarining madaniyatlarini boshqa mustamlaka xalqlari (masalan, fin, latish xalqlari) madaniyati bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Chin madaniyat va xalqparvarlik, millatparvarlik nimaligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, aqllari bilan his etdilar. Bu esa ularni sharti ketib, parti qolgan chor mustamlakachilariga qarshi faol kurashga chorladi. Qirg‘iz va o‘zbeklarning qirg‘in qilinishi Turkiston xalqlarini yangi tarixiy-siyosiy yo‘l tanlashga majbur etdi. Natijada o‘lkada turli siyosiy to‘garaklar, jamiyatlar paydo bo‘ldi. Bunga misol tariqasida Andijon va Qo‘qonda «G‘ayrat», Toshkentda «Ulamo», «Sho‘royi islomiya», Samarqandda «Ittifoq» jamiyatlari, Buxoroda «Yosh buxoroliklar», Xorazmda «Yosh xivaliklar» partiyalari tuzilganligini aytib o‘tish mumkin. Bular orasida o‘zining tor manfaati uchun xalqni chalg‘itib, bolsheviklar bilan til topishib, keyinchalik o‘z xiyonatining qurboni bo‘lgan jamiyat — «Ulamo» jamiyatidir.

Munavvar qori Abdurashidxonov 1917 yil may oyida taraqqiyparvar musulmon yoshlari va ruhoniylar ishtirokida o‘tgan qurultoyda «Sho‘royi islomiya» jamiyati raisining muovini etib saylandi. Shu bilan birga shahar dumasiga o‘tkazilgan saylovda ham e’tibor qozonib, dumaga glasniy (a’zo)likka o‘tadi. Bu — Munavvar qorining obro‘si xalq orasida tinmay ortayotganidan dalolat edi. Shu davr voqealarining shohidi bo‘lgan kishilarning fikriga va matbuot materiallariga qaraganda, ilg‘or fikrli o‘zbek ziyolilari va yoshlari Munavvar qori atrofiga to‘planganlar. Sababi, Munavvar qori ularga hurriyatning yo‘lini ko‘rsatdi: «Hurriyat berilmas, olinur. Hech narsa ila olub bo‘lmay, faqat qon va qurbon ilagina olub bo‘lur», — deydi u «Maqbul qurbonlar» maqolasida. Va bu fikrni quyidagicha sharhlaydi: «…hazrat Odamdan shul vaqtgacha hech bir davlat va mamlakatda hurriyatning berilgani, qon va qurbonsiz berilgani tarixlarda ko‘rilmaydur. Balki har zamon va yerda hurriyat berilmagan, olingan, ham ko‘p qurbonlar barobarinigina olingan».

Shuning uchun ham u hurriyat uchun kurashdan bir dam to‘xtamadi. 1917 yil fevral — oktyabr oralig‘ida «ulamo»chilarga qarshi kurashdi. Turkiston muxtor jumhuriyati barpo etilishi uchun harakat qildi, asosiy kuchini maorifga, targ‘ibot ishlariga qaratdi. «Sho‘royi islomiya» jamiyati vakillarini hurriyatni qo‘lga kiritishga chaqirdi va uning a’zolarini viloyat va qishloqlarga yuborish bilan shug‘ullandi. Biroq u ham ko‘pgina safdoshlari, jumladan, Nizomiddin Xo‘jayev, Muhammad Poshshaxo‘jayev, Eshonxo‘ja Xoniy, Abdulla Avloniy, Mannon Uyg‘urga o‘xshab Oktyabr to‘ntarishidan keyin bolsheviklarning chiroyli shiorlariga uchib, firqa safiga kirdi. Xullas, «jadidlar Oktyabr inqilobini quchoq ochib qarshi oldilar». Bu fikrni Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining «Izvestiya» (1920 yil, 18 aprel) ro‘znomasining «Eski Toshkentdagi mitinglar» sarlavhali xabari ham tasdiqlaydi. Xabarda shunday deyiladi: «3 aprel, ya’ni an’anaviy xalq sayili kuni Beshyog‘och dahasiga qarashli Hoja Alambardor mozorida miting o‘tkazildi.

…O‘rt. Munavvar qori «zulm» va «ozodlik» so‘zlarining mohiyatini tushuntirdi. Barcha notiqlar mehnatkashlarni partiyaga o‘tishga chaqirdilar, chunki, faqat ugina ozodlik berishi mumkin…»

Afsuski, bolsheviklar ko‘pchilikka manzur bo‘lgan shiorlar va dekretlar orqali jahonga jar solib va’da qilgan ozodlik, tenglik, millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi amalda o‘z ifodasini topmadi. Turkiston muxtor hukumatining haqiqiy xo‘jayinlari F. Kolesov, Tobolin, Votintsev, Finkelshteyn, Kachuriner, Osipov, Uspenskiy ekani aholiga tez orada ma’lum bo‘ldi. Bu hukumatning tarkibida bironta o‘zbek yo‘q edi. Buning ustiga mahalliy aholidan yuqori mansablarga saylamaslik fikri o‘lka sovetlarining III qurultoyida maxsus qabul qilingan deklaratsiyada (1917 yil 19 noyabr) ta’kidlandi. Shu bois o‘lka sovetlarining favqulodda V qurultoyida Avloniy, Munavvar qori boshliq bir guruh ziyolilar: «Siz bizlarga ishonasizmi, yo‘qmi? Inonsangiz birga ishlaymiz, inonmasangiz biz chetdangina faqat bir yordamchi bo‘lib qolaylik» deb qat’iy norozilik (ultimatum) bildirdilar. Ana shundan keyin, aniqrog‘i P. Kobozev (favqulodda komissar) kelganidan keyin mahalliy xalq vakillari hukumat ishlariga jalb qilindi.

F. Kolesov hukumati, Tobolin boshliq eski partiyachilarning noto‘g‘ri milliy siyosati oqibatida Qo‘qonda 1917 yil 13 dekabrda birinchi o‘zbek jumhuriyati — Turkiston muxtor jumhuriyati tuzildi. Ammo tobolinchilar, kolesovchilar bu hukumatni tor-mor etib, tinch aholini qonga botirdilar. Bundan tashqari bolsheviklar tomonidan 1918 yil dekabr oyida o‘tkazilgan rekvezitsiya (tintuv) boshboshdoqlikka aylanib ketib, aholi o‘rtasida norozilik tug‘dirdi. Toshkent xalqi, xususan, Munavvar qori bu ishlarga qat’iy norozilik bildirdi. Toshkentda miting o‘tkazildi. Shayx Xovand Tahurda bo‘lib o‘tgan bu mitingda «bolsheviklarning yag‘mo va torojlarini va ularga ba’zi musulmon rabochiylar qo‘shilmoqda bo‘lg‘onlarini» so‘zladilar. Mitingni shaharning ulug‘ kishilaridan biri — Abduvohid domla bilan Munavvar qori boshqardilar.

Huquqchi T. Norbo‘tabekov 1920 yil sentyabr oyida Bokuda o‘tkazilgan Sharq xalqlari I qurultoyida so‘zlab, rekvizitsiya nihoyatda mas’uliyatsiz, bepisandlik bilan o‘tkazilgani, tub aholiga nisbatan nomunosib muomala qilingani haqida butun dunyodan kelgan vakillarga axborot berdi. Shu qurultoyda Farg‘ona delegatlari safida Munavvar qori Abdurashidxonov ham ishtirok etgan va safdoshlariga hamfikr, hamdam bo‘lgan.

O‘zbek xalqini ma’rifatli qilishga intilgan buyuk murabbiy 1918 yil may oyida Toshkent shahrida «Turk o‘chog‘i» ilmiy-madaniy jamiyatini tuzadi. Ushbu jamiyat «Turkiston turklarini milliy tug‘ ostiga to‘plab, alarga milliy ruh, milliy g‘oya va milliy tarbiya bermoq, milliy urf-odatimizga muvofiq suratda ilm va ma’rifatlarimizni, tijorat, ziroat va san’atimizni rivojlantirib, chin bir turk madaniyati vujudga keltirmak va shu tariqa millatimizning ruhiy va jismoniy quvvatini orttirish maqsadida» tashkil etiladi («Turk so‘zi» ro‘znomasi, 1918 yil, may). Munavvar qori ana shu g‘oya asosida ish olib boradi. Biroq bu ish bilan cheklanmaydi. Toshkentda dorilfunun ochish uchun ham sa’y-harakat boshlaydi.

Ma’lumki, 1918 yil boshida Toshkentda ovro‘palik aholi uchun xalq universiteti tashkil etiladi. Bu ishda so‘l eser, Turkiston xalq maorif komissari K. Uspenskiy jonbozlik ko‘rsatadi. Ana shunga javoban tatar va o‘zbeklar ham o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, xalq dorilfununi ochadilar. O‘lka Sovetlarining IV qurultoyida (1918 yil, yanvar) janob Uspenskiy: «O‘rtoq musulmonlar! Shuni bilingizki, biz sizlarning katta og‘angizmiz. Siz kichiksiz va tushunarliki, bizga bo‘ysunishingiz kerak», deb shovinistlik mahoratini namoyish qilgandi. Ammo bu janob milliy dorilfunun uchun jon kuydirmadi. Bunga javoban shu yilning 13 mayida Toshkentning eski shahar qismida, Vikula Morozovning sobiq do‘koni binosida musulmon aholi uchun ham «xalq dorilfununi» ochiladi. Bu bilan kifoyalanmagan Munavvar qori 1918 yil 31 mayda sobiq seminariya binosida dorilfununning o‘zbeklar uchun maxsus o‘qituvchilar tayyorlovchi bo‘limi — «Dorulmuallimin»ni ochadi. Unga Fitrat, Abdurahmon Ismoilzoda, Kamol Shams, Haydar Shavqiy kabi adib va pedagoglarni ishga taklif qiladi. O‘zi mudirlik lavozimini bajaradi. U bo‘limning ochilish marosimida nutq so‘zlab, quyidagi fikrni bildiradi: «…asrimizda esa insonlarni milal soira (o‘zga millat) tarafindan doim bir nazar tahqir ila ko‘rungan Turkiston millatini qutilaturg‘on va qutiltiraturg‘onlarni tayyorlaydigan yolg‘iz muallimlar bo‘lg‘onidan, muallimlarning Turkistondagi jaholatni yiqub, millatni bu razolatdan, bu safolatdan qutqarmoqlarini tamannila va bu kunda hukumatlarni bir-birlari ila bo‘lgan mujdalari, muhorabalari ham bir millatni boshqa millatga dushmanligidan emas, balki jahl birla ilm g‘avg‘osi… yashasin ilm va ma’rifat!»

Munavvar qori insonning ma’rifatli bo‘lib, ko‘zi ochilmaguncha vijdoni uyg‘onmasligini, vijdon uyg‘onmasa na o‘zining, na xalqining erkini muhofaza qilaolishini, bu — imonsizlik ekanini mutafakkirona noziklik bilan o‘z asarlarida turli shakllarda ifoda etdi. «So‘nggi ikki yil ichinda, — deydi u, — Turkiston xalqining boshina kelgan falokatlar har biri yolg‘iz nodonlik va maorifsizliq orqasindagina bo‘lg‘onlig‘i har kimga ma’lumdir. Kelajakda bunday falokatlardan qutulmoq va Turkiston xalqi tilagan ravishda idora qilmoq va dushmanlardan saqlamoq yolg‘iz sanoyi’ va maorif vositasi ilagina mumkindir» («O‘qituvchi tayyorlovchi kurslar ochilishi haqidagi bayonot»dan).

Ha, bu Munavvar qorining imon-e’tiqodidan, vijdonidan otilgan so‘zlar edi. Zero, toshkentlik jadidlar — taraqqiyparvarlar millatni illatdan, asoratdan ma’rifatgina qutqaza olishi haqidagi xulosaga Turkiston xalqi boshidan o‘tkazgan isyonlarning fojiali yakunini ko‘rib, keldilar. Chunki xat-savodsiz zamonaviy pulemyotu zambaraklarni, temir yo‘lu telegrafni, zamonaviy talabdagi muntazam qo‘shinni boshqarib bo‘lmasdi-da. Bundan tashqari HURRIYaT faqat bular emas. Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, bank, siyosiy va amaliy iqtisod, elchilik va boshqa ko‘pgina sohalarga oliy ma’lumotli mutaxassislar kerak edi. Taraqqiyparvarlar ana shunga intilishgan. Busiz inqilob ham, istiqlol ham qo‘lga kirmasligi barchaga ayon bo‘lib qolgandi o‘sha davrda.

Biroq Munavvar qori va uning safdoshlari yo‘lida oqposhshoning mahfiy politsiyasidan tortib, zambaragigacha g‘ov bo‘lib turardi. Afsuski, Oktyabr to‘ntarishidan keyin oqposhsho o‘rniga «qizil poshsho» — kommunistlar kelishib, xalqimiz madaniyatini rivojlantirishga to‘sqinchilik qildilar. Bunga Toshkentda rus tilida bir necha jarida va majalla chiqqani holda o‘zbek tilida birgina jarida nashr etilgani, o‘zbek teatri binosiz, mablag‘siz kun ko‘rgan bir paytda rus, ukraiy, yahudiy teatrlarining «moy ichida qaynagani» dalildir. Jadidlar bu ahvolga qarshi norozilik bildirdilar. Hukumat bunga javoban Munavvar qori va uning ko‘pgina do‘stlari, safdoshlarini tazyiqqa oldi. Hatto eski shahar Ijroiya Qo‘mitasida Munavvar qori faoliyati maxsus ko‘rib chiqildi. U partiya a’zoligidan voz kechdi va shu majlisda firqaga nima sababdan a’zo bo‘lgani xususida gapirib shunday dedi: «Men o‘zimni o‘zbek xalqim uchun foydali deb hisoblaganim uchun kommunistik partiyaga kirdim, agar mening xalqim foydasi uchun qaysi bir partiyaga kirish lozim bo‘lsa, men o‘shanga o‘taveraman.»

Tazyiqlar, qamoqlar buyuk insonni sira cho‘chita olmadi. U tanlagan yo‘ldan boraverdi. 1922 yilda Turkiston maorif noziri, keyin eski shahar maorif bo‘limi noziri (inspektori) bo‘lib ishladi, o‘sha yili 23—25 martda o‘tgan 11-Umumturkiston maorif xodimlari qurultoyida ishtirok etib, maktab bo‘limiga a’zolikka saylandi. Keyinchalik Navoiy nomidagi texnikumda va turli maktablarda o‘zbek tili va adabiyotidan dars berdi. Do‘stlari va shogirdi Qayum Ramazon va Shorasul Zunnun bilan hamkorlikda uch bo‘limdan iborat «O‘zbekcha til saboqlari» kitobini (1925 yil) nashr ettirdi.

Oktyabr to‘ntarishining dastlabki qadamlaridanoq milliy ziyolilarga ishonch yo‘qligi uchun har nafasda ularni kallaklash niyat qilingan edi. Shu bois buyuk vatanparvarning faoliyati «Xom go‘sht yeb, odam qonini» ichadigan Bokiy singari GPUchilarga, ayniqsa markazdan kelgan «ishboshi»larga yoqmadi. 1923 yil 5 mayda Sh. Eliava, S. Orjonikidze o‘zbek ziyolilarini to‘plab, orangizda millatchilar bor ekan, deb ularni tutib berishni so‘raydi… Ko‘p o‘tmay Munavvar qori qamaladi. Ammo bo‘hton ish bermaydi, u tez ozod qilinadi.

Shuni ochiq aytish kerakki, 1917—1924 yillarda Turkiston muxtor jumhuriyatini mustamlakachilar egallab olgan edi. T. Risqulov, N. Xo‘jayev, S. Qosimxo‘jayev kabi iqtidorli kishilar turli yo‘llar bilan ishdan chetlashtirilgan edilar. Dalillarga murojaat qilaylik. Turkistonga juda katta huquqlar va maxsus farmon bilan yuborilgan M. Frunze Toshkentga kelib, ahvol bilan tanishgach, 1920 yil 14 aprelda Leninga quyidagi mazmunda xat yo‘llagan edi: «Siz bilasizki, Turkistonning o‘z zaminidan unib chiqqan asosiy guruhlar ikkita. Biri — mahalliy «proletariat»ning vakillari bo‘lib, «mustamlakachilik» rangiga obdan bo‘yalgan, boshqasi — o‘zini ko‘pmillatli Turkiston musulmonlarining umumiy fikrini aks ettiruvchilar, deb ko‘rsatuvchi musulmon mayda burjuaziyasining bir to‘pidir. Bu yerda barcha va hamma ana shu guruhlarning kurashi atrofida aylanadi. «Mustamlakachilar» (garchi ular buni har yo‘l bilan inkor qilishga intilsalar-da, ularni shu nom bilan atayman) asosan temiryo‘lchilardan iborat, ular o‘zlarini o‘lkaga proletariat diktaturasini tarqatuvchilar deb hisoblaydilar va davlatni boshqarish roliga da’vogarlik qiladilar». Ana shundan so‘ng Toshkent temiryo‘lchilari, ishchilar, bolsheviklar haqida «buyuk davlatchilar» («velikoderjavniki») degan ibora paydo bo‘lgan edi.

Lenin Frunzening xati bilan tanishgach, Kominternning 1920 yil iyul-avgustida bo‘lib o‘tgan II kongressida bunga o‘z munosabatini bildirgan edi.

Lenin «RKP(b)ning Turkistondagi vazifalari»da shunday ko‘rsatma bergan:

«1. RKP Markaziy Ko‘mitasi RKPning Turkistondagi asosiy vazifasi Rossiya samoderjaviyasining ellik yildan ortiq davom etgan imperialistik siyosati natijasida ovro‘palik kelgindi aholi bilan tub xalqlar o‘rtasida vujudga kelgan keskin munosabatlarni tugatishdir, deb hisoblaydi. Bu munosabatlar Mustamlakachilik psixologiyasi bilan g‘oyat zaharlangan rus ishchilarining juda kichik guruhi qo‘lida bo‘lgan Sovet hokimiyatining 2,5 yili mobaynida yaxshi tomonga o‘zgarishi u yoqda tursin, balki o‘ziga xos «kommunistik» harakatlar tufayli yanada ko‘proq keskinlashib ketdi, qullikka tushirilgan tub aholi bu harakatlarni eski chor hokimiyati agentlari harakatlarining davomi deb biladi, ular aslida shunday harakatlardir.

  1. Shu ko‘rsatib o‘tilgan munosabatlarni tugatish maqsadida darhol quyidagi tadbirlarni ko‘rish zarur:

b) Sobiq politsiya, jandarmeriya va oxrankaning barcha amaldorlari, Turkistonda foydalanish siyosiy jihatdan maqbul bo‘lmagan chor amaldorlari, chayqovchilar, yirik Rossiya korxonalarining sobiq boshqaruvchilari, partiyaga, Sovet organlariga, Qizil Armiyaga va shu kabilarga suqilib kirib olganlarning hammasi Turkistondan Rossiya kontsentratsion lagerlariga jo‘natilsin.

v) Partiya kuchlari qayta taqsimlanib, Turkistonning mustakamlakachilik va buyuk rus millatchiligi bilan zaharlangan barcha kommunistlari Markaziy Ko‘mita ixtiyoriga yuborilsin va ayni zamonda markazdan Turkistonda ishlash uchun bir necha yuz kommunist safarbar qilinsin.

g) Yo‘llar xalq komissarligiga O‘rta Osiyo temir yo‘lining, Toshkent masterskoylarining va Toshkent temir yo‘lining bir necha yuz ishchisining ish joyini o‘zgartirish va ularning o‘rniga boshqa odam qo‘yish vazifasi topshirilsin.

d) Bu qaror g‘oyat qat’iylik bilan amalga oshirilsin, uni amalga oshiruvchi organlarga qilinayotgan barcha qarshiliklar bartaraf etilsin, bu qarorning haqiqatda amalga oshirilishiga biron-bir to‘siqlik qiluvchi shaxslarga nisbatan surgun qilish tartibi keng qo‘llanilsin».

Lenin ana shu buyruq bilan birga o‘lka firqa va sovet tashkilotlari xodimlariga «kommunizm qurish emas, balki feodalizmni ag‘darish umumiy vazifa qilib qo‘yilsin», degan topshiriqni ham bergan edi. Biroq bularning hech biri amalga oshmadi.

O‘sha davr voqealari shohidi, Turkistondagi o‘zgarishlarning amaliy ijrochilaridan biri va bolshevikcha siyosatning tadqiqchisi «Qizil Sharq» poyezdining siyosiy komissari G. Safarov vaziyatni tahlil qilib, 1920 yildayoq degan edi: «O‘rtoqlar, to‘g‘risini aytganda, hozirgacha Turkistonda sho‘rolar hukumati qurilmagan. Hukumat tepasiga rus mustamlakachilari bilan eski hukumat chinovnik-to‘ralari, boylar minib olib, o‘z maqsadlariga ishlab, 95 foiz yerli xalqning manfaatiga ishlamaganlar.

…Bizning kommunistik partiyamiz rus mustamlakachilari va boshqa shuning kabilar uchun xizmat qiladimi yoki kambag‘allar uchunmi?

Biz Turkiston muxtoriyatli bir o‘lka deb o‘ylagan edik… Turkiston huquqinda hech bir muxtoriyat yo‘q. Turkiston xalqi dod-faryodini aslo markaz hukumatga eshittira olmagan» («Ishtirokiyun». 12.7.1920 y.).

Oktyabr to‘ntarishidan keyin paydo bo‘lgan bolsheviklar hukumati o‘z qaddini ancha tiklab, zaminini mustahkamlab olgan 1927 yilda ham bu kayfiyat bor edi. Akmal Ikromov: «Bizda ayrim partiya a’zolari, agar bizda ilgari kapitalistik mustamlaka bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu yerda sotsialistik mustamlaka, deydilar», degan edi «Mafkuraviy frontning praktikasi va vazifalari» ma’ruzasi xususidagi yakunlovchi nutqida (1927 yil 20 mart).

Munavvar qori mana shunday og‘ir davrda yashadi, ishladi. U mustamlakachilar va ularning haybarakallachilari ta’na va tazyiqiga javoban madaniyat xodimlari qurultoyida shunday degan edi: «Jadidlar Oktyabr inqilobiga yomon qarag‘on bo‘lsalar edi, 20—21 yillargacha sho‘ro idoralarida ishlab kelmas edilar…»

Uning bu samimiy so‘zlari «xunvaybin»larga ta’sir qilmadi. Ular arzimas bahona topib Munavvar qorini chalpiyveradilar, ta’qib etadilar. Hatto bu harakat oshkora tus olib, matbuotga ko‘chadi. Masalan, «Birov» imzoli bir shaxs «Qizil bayroq» ro‘znomasida imlo masalasini bahona qilib, Munavvar qori o‘z asarlarini sotish uchun yangi imloga qarshi chiqyapti, deb tuhmat qiladi. Adib buni e’tiborsiz qoldirmadi: «Bir vaqtlarda ostroumovchilar, ikkinchi vaqtlarda ulamolar hujum etdilar. Men onlarning hujumlarig‘a qaramasdan, hamon o‘z maslagimda davom etdim. Bu kun «Birovlar hujum etar ekan, ul ham mani ishdan va maslagimdan to‘xtata olmaydir», deb yozdi («Qizil Bayroq», 1-fevral, 1922 y.).

Munavvar qori bu orada qisqa muddat Moskvada ham bo‘ladi, ammo u yerning sharoitiga ko‘nika olmaydi, qaytib keladi. Na surgun, na qamoq, na firqa a’zolarining tahqirlari buyuk insonning irodasini buka olmadi. Oxirida uni birinchi kotibning o‘zi ta’qib qila boshladi. Pichoqning sopi nodon xalqning o‘zidan chiqariladi. Akmal Ikromov 1927 yil 20 martdagi nutqida va 1927 yil 4—5 oktyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan madaniyat xodimlari qurultoyida Munavvar qorini eskilik tarafdori sifatida keskin tanqid qiladi. Uning ayollar va maktab xususidagi fikrlari bilan kelishmaydi. Kezi kelganda shuni ochiq aytish kerakki, o‘sha paytlarda A. Ikromov Cho‘lponga ham, Munavvar qoriga, Vadud Mahmudga ham nohaq hujum qilgan edi. Uning bu hujumlarini bugungi kunda davlat arbobining odilona fikri emas, balki miyasi utopik falsafa — marksizm bilan zaharlangan siyosatchining g‘arazgo‘yligi sifatida baholash mumkin. Masalan, A. Ikromov 20 martdagi ma’ruzasida ziyolilarning sinfiyligi haqida fikr yuritib, shunday degan edi: «O‘rtoqlar, bu yerda men shuni aytishim kerakki, O‘zbekistondagi (sotsialistik) inqilobning xarakterli ko‘rinishi shundaki, bizda (siyosiy) muhojirlar yo‘q, agar bizda muhojirlik bo‘lganda, albatta uning safida Munavvar qori ham bo‘lardi, u bundan besh yil muqaddam Maorif nozirligida barchani yo‘lga solardi», deb uning chet elga chiqib ketishiga ishora qilgan edi. Ikromov so‘zida davom etib, «Biz hozir ziyolilarning bu qismini mafkura rahbarliklaridan siqib chiqarib, yo‘qotishimiz lozim», deydi. (O‘zbekiston KN MK qoshidagi partiya tarixi institutining arxivi f. 58, op. 3., d. 42., A. Ikromov.)

Millat murabbiysi Munavvar qori sho‘rolar olib borayotgan ishlarni kuzatar ekan, ularning xalq nomidan safsata sotib, shiorbozlik qilib, aslida el-yurt uchun hech qanday foyda keltirmayotganliklarini keskin qoraladi. U «Nashri maorif» uyushmasining ahamiyati» haqida yozar ekan, Oktyabr davlat to‘ntarishidan avval maorif va matbuot sohasida faoliyat ko‘rsatgan kishilar «ustal», ya’ni amal uchun emas, balki millat foydasi uchun ishlaganliklarini ta’kidladi. «Bularning xizmatlari, — deydi Munavvar qori, — harakati o‘z xalqi va millatlarining madaniy darajasiga, ahvol ruhiyasiga muvofiq bir suratda bo‘lg‘onlig‘i uchun, tabiiy, afkor omma, xapq va millat bularga yordam berar va orqalaridan ergashar edi». U jadidlar — taraqqiylarvarlar amalga oshirgan ishlarni birma-bir sanab o‘tgach: «Mana bu yuqorida sanalgan va bu kunda tarix sahifalariga topshirilgan milliy-madaniy xizmat va harakatlarning hech biri hukumat ustallarida emas, yolg‘iz jamoat ustallarida ishlangan ishlardir», — degan edi.

* * *

Munavvar qori Abdurashidxonov o‘zbek adiblari orasida xalqimizning qoloqligi sabablarini adabiyot yordamida birinchi bo‘lib inkishof etgan siymodir. U o‘z maqola va hikoyalarida xalqimizning bid’atga botganligi, ulamolarning tor masalalar bilan o‘ralashib qolgani («to‘y va ma’raka xurofoti», «soch va soqol nizolari», «uzun va qisqa kiyim janjallari», «maktabda jo‘g‘rofiya va tabiiyot o‘qitish-o‘qitmaslik ixtiloflari) va uning oqibatini mutafakkirona ko‘rsatib bergan edi. Zero, adib ko‘targan masalalar bugun ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgani yo‘q.

Munavvar qori insonlarni oliy fazilatlarga chorladi. Uning she’r va hikoyalari shunday deyishga asos beradi. U o‘z badiiy ijodini qaysi yillardan boshlagani noma’lum. Ammo uning 1907 yilda bosilgan o‘qish kitobiga qaraganda, dastlabki asarlarini shu yillarda yozgan deb tahmin qilish mumkin.

Adibning birinchi hikoyasi «Sadoyi Turkiston» ro‘znomasida «Kichkina feleton» ruknida chop etilgan bo‘lib, «Bizda hamiyat» deb ataladi. U negadir «Muharram» taxallusini qo‘ygan. Afsuski, adibning bolalarga bag‘ishlangan uchta hikoya, oltita she’ridan boshqasi saqlanmagan. Sababi, GPU jallodlari 1929 yil kech kuzda (noyabr oyida) uni hibsga olishganda, barcha qo‘lyozma va bosma asarlarini, xatlarini yoqib yuborishgan. Shu bois uning badiiy merosi bizgacha yetib kelmagan.

«Bizda hamiyat» hikoyasining qahramonlari ziyolilardir. Ularning ismlari to‘liq qo‘yilmay, harflar bilan belgilangan, xolos. Hikoyaning bosh qahramoni muallifning o‘zi. Yo‘lda suhbatlashib turgan ziyolilar oldidan ko‘zi ojiz, yetim bola chiqib qolib, ulardan sadaqa so‘raydi. Ulardan biri achchiq til bilan ishlash, o‘qish kerakligini uqtiradi. Bola ojiz va majolsiz ekanini aytadi. Shunda, boyagi ziyolilardan biri o‘zining johilligini fosh etib, jahl bilan: «Ovro‘paliklar ko‘r, quloqsiz kar va hokazo o‘qimog‘i mumkin bo‘lmagan insonlarga maxsus etib maktablar ochganlar va u maktablardan ko‘r, karlardan o‘qib chiqqan insonlarning had va hisobi yo‘q, san ham shundog‘ maktabda o‘qi», deydi. Hikoya qahramoni ziyolining nodonligini go‘zal fosh qiladi: «Siz bu so‘zlaringizni qaysi yerda so‘zlayursiz? Berlindami, yo Londondamm, o‘zingizni zan etarsiz… aqlingiz qayerda?» O‘z qilimishidan mulzam bo‘lgan ziyolining chehrasi burishadi. Do‘stlaridan arazlaydi. Adib qahramoni tilidan gapirib, haqiqiy ziyoli qanday bo‘lishi kerakligi haqida shunday deydi: «Ziyoli millat, Vatan nima ekanimi bilur va ziyoli millat uchun jonini, molini fido etar va millatning taraqqiysi uchun doimo harakat etar. Vaqti kelganda millat uchun o‘zini halokat kartasiga tashlamoqqa muhayyo bo‘lur». …«Millat, vatan, madaniyat… shunga o‘xshash so‘zlarni bilmak bilan ziyoli bo‘lmaydir».

Adibning «Tug‘ishganlik sevgisi» hikoyasi ukasini bo‘rilar hujumidan saqlab qolib, o‘zini qurbon qilgan Oyxon ismli qishloq qizi haqida bo‘lsa, «Dev pechak»da esa bugungi ishni ertaga qo‘ymaslik, otalar kasbini e’zozlash to‘g‘risida gap ketadi. Adib har bir asarida bolalarni rostgo‘y, savodli bo‘lishga, hur hayotni qadriga yetishga o‘rgatadi. Shu jihatdan qaraganda, «Qullikka qanday tushdi?» hikoyasi e’tiborga molik.

Munavvar qori Abdurashidxonovning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy, pedagogik faoliyatiga oid dalil va hujjatlar bayoni ana shundan iborat. Endi uning qismati va falsafiy qarashlariga oid bir mulohazamizni ham aytib o‘taylik.

Fazilatmaob ko‘p marta ta’qibga uchradi, qamaldi. So‘nggi bor uni 1929 yilning noyabrida hibsga olishdi.

Hozir Qo‘yliqda Zulayho buvi Qayumova degan 87 yoshli savodxon kampir yashaydi. Bu kampirning otasi Abduqayumxon Oktyabr to‘ntarishigacha Peterburgda o‘qib, irrigator-muhandis kasbini egallagan. Yigirmanchi yillarda Toshkent viloyatining ariq oqsoqoli (bosh irrigatori) vazifasida ishlab, viloyatda sug‘orish ishlarini rivojlantirish borasida ancha ishlar qilgan. Bu kishi Munavvar qori bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan.

Zulayho buvi Munavvar qorining 1929 yilda qamoqqa olinish sabablarini yaxshi eslaydi. U bu hodisani shoir Hamza Hakimzoda Niyoziy o‘limi bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlaydi. Kampirning fikricha, Hamza o‘limidan keyin O‘rta Osiyoda, xuddi Ittifoqda Kirov o‘limidan keyin yuz berganidek, hodisa yuz bergan ekan. Ya’ni, juda ko‘plab kishilar qamoqqa olingan. Kampirning aytishicha, shoir Hamza Shohimardonda toshbo‘ron qilib emas, pichoqlab o‘ldirilgan ekan. Kommunist ma’murlar esa bu hodisadan ruhoniylar va ulamolarni, xalq orasida obro‘-e’tibori bo‘lgan jadidlarni hibsga olishda foydalanish maqsadida, Hamza dindorlar tomonidan toshbo‘ron qilib o‘ldirildi, deb ovoza tarqatishgan. Shu bahona butun O‘rta Osiyodagi jami ko‘zga ko‘ringan ruhoniylar va ulamolar, jadidlar hibsga olingan. Jumladan, Toshkent shahrining o‘zidan 41 nafar ulamo va jadid, shular qatorida Munavvar qori Abdurashidxonov ham hibsga olingan.

— O‘sha kezlari mening otamni ham tuhmatchilar qamatishdi, — deb eslaydi Zulayho buvi. — Unga sud hukmi bilan o‘n yil berildi. Otam boshqa ko‘plab mahbuslar qatori Sibirga jo‘natiladigan kunni bir tanishimiz orqali bildik va o‘sha kuni ertalab hozirgi Oloy bozori yaqinidagi shahar qamoqxonasi darvozasi (ne ajabki, qamoqxona Moskva nomi bilan atalgan — S. A.) oldiga borib turdik. Bir mahal qamoqxona darvozasi ochilib, mahbuslarni saf-saf qilib olib chiqishdi-da, vokzal tomon haydab ketishdi. Ular orasida otam ham, Munavvar qori ham bor edi. Biz otamning ortidan piyoda shahar yuk-tovar stantsiyasigacha bordik. Hozirgi Inqilob hiyobonidan o‘tganda otam borayotgan saf Munavvar qori borayotgan saf bilan tenglashdi. Shunda men qori akaning rang-ro‘yiga razm soldim. Uning yuzidagi ilgariga tiniqlik, taravotdan asar ham qolmagandi, so‘lib, oriqlab ketgandi.

Otam qori akaga bosh silkib, unsiz salomlashdilar. U kishi ham xuddi shu yo‘sinda alik oldilar. Bir mahal Munavvar qori:

— Abduqayumxon, sizning gunohingiz nima ekan? — dedilar.

— Tuhmat balosiga uchradim, qori aka, tuhmat balosiga!.. — dedilar otam mahbuslarni qo‘riqlab borayotgan NKVD xodimlariga olazarak qarab.

Toshkent yuk-tovar stantsiyasida bir uzun yuk poyezdi turardi. Uning qizil vagonlari salla o‘ragan, qari-qartang mahbuslar bilan to‘la edi. Surishtirsak, bu mahbuslar Hamza o‘limi bahonasida O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida, Tojikiston va Turkmanistonda hibsga olingan ulamo va ruhoniylar ekan. Toshkentlik mahbuslarni ham shu poyezdga joylashtirishdi.

— Otam Sibirning atrofni kechayu kunduz nim qorong‘ilik qoplab, tinmay yomg‘ir shivalab urib turadigan olis bir joyida to‘rt yil bo‘lgach, o‘z ishlarining sudda qayta ko‘rilishiga muvaffaq bo‘ldilar va oqlandilar, — deb eslaydi Zulayho buvi. — Ammo sog‘liqlaridan ayrilgan ekanlar. Qodiriya GESi qurilishida biroz vaqt ishlagach, 1934 yilda olamdan o‘tdilar. Munavvar qorini esa ortiq ko‘rmadim.

Munavvar qori Abdurashidxonov 53 yil umr ko‘rdi. Bu umrning o‘ttiz yili haqiqiy kurashda o‘tdi. Buni mardona kurash deyish mumkin. Zero, u tatar shoiri Abdulla To‘qayning quyidagi satrlarini takrorlashni yaxshi ko‘rar edi:

Jumla fikrim kecha-kunduz sizga oid, millatim,
Sen salomat, men farog‘at, illatingdur illatim…

Uning qismati shu satrlar bag‘riga singib ketgan. Abadiyati-chi?!

Munavar qori hamon tirik, oramizda yashamoqda, biz bilan hamnafas. Fazilatmaob ertangi kunimizning so‘qmog‘ini nurafshon yoritib turibdi. Shu bilan birga o‘ziga «millatchi», «islomparast», «turkparast» deb ayb qo‘ygan johillarga qarata «ilmi hol» bilan millatchilikni — shovinizm, islomparastlikni — diniy tahqirlash, turkparastlikni — slavyanparastlik va ozod hayot uchun intilish vujudga keltiradi, deb aytmoqda.

Aslida Munavvar qori millatchi ham, islomparast ham, turkparast ham emasdi. «Ovro‘pa va Omriqo xalqlari havoda uchar, dengiz ostida suzar, dunyoning eng narigi burchaklari bilan vositasiz xabarlashar bir holg‘a, bir madaniyatga yetishdilar», deganida xalqimizni kallavaram bo‘lib qolmaslikka, umumjahon madaniyati yutuqlaridan bahramand bo‘lishga undagan edi. Ha, bu buyuk insonning niyatlari xolis edi. U o‘z xalqining hur, millat sifatida shakllangan, ijtimoiy-siyosiy jihatdan barkamol bo‘lishini orzu qilgan va shu yo‘lda kurashgan edi. Uni mana shuning uchun ham qurbon qilishdi.

Xalqimizning Munavar qori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, G‘ozi Yunus, Ubaydulla Xo‘jayev kabi ulug‘ farzandlarining fojiali taqdiri haqida o‘ylar ekanman, rus faylasufi Lev Shestovning (1866—1938 y.) quyidagi so‘zlari xotiramga keladi: «Agar Leninning tarafdorlari Gegeldan o‘zlashtirgan o‘sha tarixni ko‘rishni chuqurroq mushohada qilganlarida, ular taqdirning o‘yinchog‘i ekanliklarini tushunishgan bo‘lisharmidi — bunday o‘yinchoqlar faqat boshga bitgan balodir. Endilikda bu balo daf bo‘layotgani rost bo‘lsin!

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 5-son