O‘zbekistondagi eng baland cho‘qqi – Hazrati Sulton Boysun tog‘larida barqarordir. Shu tog‘larda, shu ulug‘ tog‘lar adog‘ida yashab-yashnab yotgan el-u xalqning jamiki orzu-armonlariga timsol bo‘lgudek bir ne’mat bor. Bu – mo‘miyo! Mo‘miyo tog‘ning odam oyog‘i yetmas joylarida silqib, ko‘zyoshdek tomchilab, yig‘ilib qora mumdek sizib paydo bo‘ladi. Unga kiyik bora oladi faqat. Yarador kiyik shu giyohdan yeb tuzalib ketadi. Burgutlar mo‘miyodan cho‘qib-cho‘qib yeydi, taniga quvvat oladi. Mergan ovchilar mo‘miyoni pastdan turib otib oladilar. Yuragi katta qo‘rqmas alplar beliga arqon bog‘lab yuqoridan osilib-tushib mo‘miyoga yetishadilar. Unga har kim ham yetib borolmaydi. Netongki, ming dardga davo bo‘lgan odamzodning bu taskinbaxsh rizqi ShOIR umrini yodga tushiradi. Asl shoir shu mo‘miyo kabi poklikdan, umiddan, sabrdan, sog‘inch va bitmagan yaralar dog‘idan dunyoga keladi. Asl shoirning paydo bo‘lishi ortida juda katta sabablar bor. Bular yergagina tegishli emas. Unda samovotning qo‘li bor, shubhasiz. Kimgaki katta she’riy quvvat berilgan bo‘lsa, bu katta asosga ega. Yaratganning ulkan mehribonchiligi bor bu yaralishda.
Men bir kishini eshitgandim. Qirchillagan qirq yoshning nari-berisida bedavo bir dardga chalingan. Oddiygina xastalikmas, odamlar qo‘l bilan ko‘rsatadigan kasallik. Afsuski, bu bedavo nasldan naslga ham o‘tarkan. U kishi bir aziz zotning qarg‘ishiga uchraganini aytishardi. Xudo aziz qilgan kishining dilini og‘ritish Xudoning ko‘nglini og‘ritish ekan-da. Harholda, u odam qay ma’noda eldan chiqib qolgan. El bu odamga haromni ko‘p yegan, noma’qul ishlarni ko‘p qilgan va mast bo‘lib kelayotganida oldidan chiqqan Turob degan suvchini urib, qo‘lidagi oylik pulini tortib olib suvga oqizib yuborgan deydi. Bu pul Turobning xotiniga juda zarur bo‘lgan. Uning xotini o‘sha kuni tug‘ruqxonada vafot etgan. Bu noxush voqeani eslashdan muddao odamning ko‘nglidagi kuch ko‘p narsaga qodir ekanini aytish edi. Qo‘yingki, bir notavon odamning eldan chiqib qolishi shu qadar katta omillar asosiga qurilgan ekan, xalq dahosining mahsuli bo‘lib, porillab maydonga keladigan shoirning ibtidosida yanada buyuk boislar bordir. Shoir elning tilovi, uni ochunga keltirguvchi ota-ona tomirida oqayotgan qonning tozaligi, yig‘ilari, pokligidan, ko‘ngillardagi buyuk kuchning so‘roqlaridan so‘ng sodir bo‘ladi. Odam ko‘nglida ham tabiatdagidek vulqonlar ham bo‘lib turadi. Shoir shu vulqonlar poyonidagi muhabbatdan paydo bo‘ladi. Mashhur rus shoiri she’rning yaralishi haqida aytgan gap bejiz emas: “U aytib turdi, men yozdim!” Ha, shoir Xudoning amri bilan yaraladi, she’r ham. Shoir bilan hazillashib bo‘lmaydi. Bu gaplardan kasbi – a’moli she’r yozish bo‘lgan kishilarni mutaassiblarcha avliyo qilib ko‘rsatmoq niyatidamasman, ammo asl shoirning ko‘ngil torlari Yaratganning dargohiga tutashligini aytmoqchiman. Asl shoirda juda ko‘p narsalar yig‘ilgan – mushtarak: nekbinlik, mardlik, adolatga, erkka betiyiq tashnalik, yelkasini mayishtirgan yuk bilan ketayotib ham g‘aribga qo‘l cho‘zmoqlik… shu kabi nodir hislar shoirga xos. Yana g‘urur ham. G‘ururki, kibrdan xoli. Mardona g‘urur! Ana shu narsalar bir ko‘ngil egasida bo‘lsa va unga she’r san’atining siri ham in’om etilgan bo‘lsa, bu endi oddiy, kundalik hodisa emas.
Men o‘zimni juda baxtiyor odamlardan biri sanayman. Negaki, xayolimdagi, orzumdagi shoirga, shoirlarga duch kelganman.
Ularning birovi, shubhasiz, qadrdon Usmon Azimdir.
Usmon akaning “Alpomish va Qorajon” degan hikoyasida Xoliyor baxshi degan obraz bor. Bu obraz hayotiy, chindan yashab o‘tgan baxshining hayoti asosida yaratilgan. Ana shu yurtdan badarg‘a bo‘lib, qatag‘on dovullariga uchrab, dog‘-u firoqda o‘lib ketgan Xoliyor to‘qsoba Usmon akaga qarindosh bo‘ladi. U kishining Boysun bilan vidolashuv aytimlari hanuz el aro mashhur. Iste’dodning suyak suradigan yo‘li borligi rost, ammo Usmon akani shoir qilgan narsa tog‘lar mo‘miyosidek aziz hasratdir – elning qarg‘ishi emas, duosi, tilovi, yo‘qlovi, ko‘ngillarga dog‘ bo‘lib cho‘kkan hijronning teran xo‘rsiniqlari, ya’ni – Xoliyor baxshining azim armonlari hamdir. El falakdan yomg‘ir so‘rab iltijo qiladi. Ammo “Xudoyim, bizga bir shoir yubor” deganini eshitmaganman. Biroq shunday – tilga ko‘chmagan tilaklar ko‘ngillarda qoim bo‘ladiki, buni bir zabardast shoir maydonga kelganidagi quvonchdan anglash mumkin. Usmon Azimni adabiyotimizga ana shunday palak bergan.
Odamzodning fe’li har turlidir. Hayotini o‘zga o‘lchov, o‘zga ravishlarda taqsim qilguvchi talant egalari qatorida Usmon akaning ham xos fe’l-atvori bor. Xossatan, u kishining hayotchan, hazil-mutoyibaga moil so‘zlashuv tarzini yoki uncha-muncha chinovniknamo kaslarni ham ko‘rdim demay, aytarini aytib olishini va doim iste’dodli kishilarni yoqlab yuraverishini ko‘p ko‘raman. Usmon akaning boshi xam, ma’yus bo‘lib, domangir-u g‘amga botganini ko‘rmaganman – ko‘rmaylik ham – u bunday oson yengilish, kechikish shoirga xos emas degan qonun asosida yashaydi. Shu qonunni ham salaflaridan o‘rganganicha o‘rgangan, qolganini o‘zi yaratib olgan. U mardona va halol, g‘am kelsa ham mard bo‘lib ko‘tara olish vazifa, deb o‘ylasa kerak. Kelmishki har ishni taqdirdan, Ollohdan bir xabar, uning yodida ekanligingdek quvonchli mujda deb keta olish; yana bir juda mushkul ish – imkon qadar baland bo‘lib qolaverishni shu shoirda ko‘raman va o‘zimni, boya aytganimdek, baxtiyor sanayman. Shunday yashasa ham, o‘ylasa ham bo‘larkan. Voajab! Usmon aka birovdan nolib o‘tirmay, o‘sha kimsani ko‘rganida to‘g‘ri yuziga ayb-nuqsonini aytishni xush ko‘rdi doim. “O‘ziga ham aytganman bu xatolarini. Ta’sir qilmadi. Qo‘yinglar uni – foydasi yo‘q” degan damlar hayron bo‘lgan bo‘lsak, uning haqligiga keyinroq amin bo‘lamiz. U allaqachon anov kimsaning tuzalmasligini, amalparastligi yoki iste’dodning unga hayfligini yoki o‘rtamiyonalik kasaliga, qarsakbozlikka chalinganini yoxud o‘sha kimsaning mutlaqo yolg‘onchiligini tahlil qilib bo‘lgan bo‘ladi. Suhbatlarda esa ig‘vo va g‘iybatga yo‘l bermaydi. Gaplashadigan gap ko‘p, umr esa qisqa…
Tag‘in, Usmon akaning fe’lida shoirligi – shaxsiyatiga olib keluvchi bir yo‘l, sabab ham bor. Bu – uning dunyoning naq egasiday adl, g‘oz turishi. Butun tiriklik jarayonlariga o‘zi daxldor, ehtimol bu charx quyunining qoq o‘rtasida o‘zi tik turgandek yashashi, shunday o‘ylashi, shunday qiynalishi, shunday quvonishi. Turganda ham g‘am-u quvonchni sokinlik, vazminlik bilan qabul etib, albatta, o‘z bahosini berib, odamlarga yelkadosh bo‘lib, biroq buni imkon qadar sezdirmay yengil va tik qolishidir. Uning goho quvlik – quvlikki hammaga ma’lum, o‘zi ham bundan zavqlanadi – beozor maqtanishlari ham o‘ziga xo‘p yarashib ketadi shu onlarda. Men bunda fazilat ko‘raman, zavq tuyaman. Samimiyat yutib ketishini boz his etaman. Qani endi shunday qilib maqtanolsang, deyman. Va davom qilaman: maqtanadigan ishlaring bo‘lsa…
Ha, mayli, muhimi bu emas… uning ne hasrati bo‘lsa she’r bilan yuzma-yuz bo‘lgan pallada aytajagini keyin, keyinlar, rosti ancha kech tushunganman. Uning adabiyotimiz, san’atimiz, madaniy hayotimiz tarixida katta hodisa bo‘lishi shubhasiz bo‘lgan, nashr etilishi negadir kechikayotgan “So‘ngso‘zlar” asaridan unda-munda parchalar o‘qigach ayrim narsalarni tushunganday bo‘ldim. Shoirning vaqti kamligini, uning bisoti dunyoning o‘zi emasligi va ayni pallada bu dunyo ham bor bo‘yicha, butun sarvati bilan shoirniki ekanini, jahonning g‘am-u qayg‘usi shoirga doirligini anglay turib, yonimda ana shunday ijod sohibi turganini sevinib esga olaman.
Va xayolimni jamlab, parishonlikni quvib Usmon Azimning – mayakovskiycha guldurosning, tog‘dan yumalab kelayotgan katta tosh g‘ayratining, shu toshning qismatiga g‘ussa-la qarab turgan Usmon Azimning she’r bilan yolg‘iz, yuzma-yuz qolishini tasavvur etib ko‘raman. (Aslida) she’r bilan yolg‘iz qolish, sher – arslon bilan tanho qolishday gap. Bu gapda bo‘rttirish yo‘q: har lahzasini oxirgisidek yashagan odam biladi buni.) Dovulli, bo‘ronli bir zimiston kechada zanjir-u g‘ullarini uzguday bo‘layotgan bandi tulporning holi ko‘z oldimga keladi. Ham o‘rtanish, ham zavqli alam, ham dog‘i yoqimli g‘ussalar bir pallada o‘rtaga olgan yurakni boshqa nimaga ham qiyoslash mumkin. Usmon Azim o‘zi tasvirlaganidek lovullayotgan ish stoli tegrasida ana shunday bir ilhom aro kezinadi. O‘zbekparvarligi, turkiyparvarligi, haqparvarligi bir-biri bilan mudom o‘rin talashib yotuvchi, eng savodxon shoirlarimizdan bo‘lgan bu ijodkorda she’rlar juda ko‘p. U chinakamiga ko‘p yozdi. She’rining o‘zi sakkiz-o‘n jildlar chiqar-ov. Qizig‘i, shuncha she’r ichidan yomonini, shunchakisi, zamonabopini, urfdan qolganini topolmaysiz. Bu juda katta yutuq. Aytmoqqa oson. Qon va ter hisobiga, yurakning beto‘xtov azob bilan ishlashi hisobiga maydonga kelgan katta xirmon bu. Keyin bu ijodkorda hamma, har xil she’r bor. Hamma she’riy shakllar, uslublar, tajriba namunalari unda uchrayveradi. Mana, o‘qib ko‘ring:
Necha ming olamni mehrda yuvib,
Zaminga nur tarab yetgan tovush der:
– Quyosh tegrasida davronlar surib,
– Aylanishing qalay? Yaxshimisan, Yer?
– Shukur – deydi zamin, – O‘zingga shukur!
Sening rejang ila inonim – haddim!
Samoda sayr etmoq naqadar surur!
Menga sha’n taqdirni etgansan taqdim!
– Odamizod qalay?
– Ne deyin?.. endi…
Ularga makonman ra’yingga ko‘ra.
Bilasan, qadami Oyga ham yetdi –
Men-ku ko‘nikkanman… oydan holdan so‘ra!”
G‘aroyib suhbatdosh, har qanday yoshdagi, darajadagi odamga o‘ziga yarasha gapini topib ayta oladigan, bu odam qarshisida turib uning cho‘ng dardlarni olib yurgan ko‘ksidan chiqqan satrlarni yodga olaman. Va insonning imkoniyati juda katta, odamning kuchi ko‘p narsalarga yetadi, deb o‘ylayman.
Har bir Xudo bergan kuni – tuyg‘ular bahsidan – hayrat-u hayajonning tarang tortilgan dori ustidan qo‘rqmay yurib o‘tmoqdan – umuminsoniy, abadiy munglarni, beadoq g‘ussani his etib, undan odamni, olamni, Ollohni tanimoqday zahmatlardan – umid va qo‘rquv aro, shukrona-yu isyon kesimlarida yurakni butun olib o‘tmoqdan iborat bo‘lgan Usmon Azim degan shoirni tanimagan, bilmagan odam, uning:
Bosib kelayotir dim havo,
Buncha huvilladi bu adir.
Tog‘lar tanho, daralar tanho,
Ketgim kelayapti qaygadir.
Shamollar soylarda cho‘zildi,
Mezonlar uchdilar betaqdir.
Sabrning eng so‘nggi ipi uzildi,
Xat yozgim kelyapti kimgadir.
Sezdimi kun ketar chog‘ini –
Qarg‘alar aylandi falakda betin.
Qanotli chiroqdek meni sog‘inib
Birov kelarmikan?!
Shom tushar chog‘ida g‘am juda ravshan,
Oqibatni ayon ko‘radi idrok.
Hech kimga ko‘rsatmay bir yig‘lab olsam –
Qorong‘ulik tushsaydi tezroq!..
kabi she’rini pichirlab o‘qisa, o‘qib qolsa… beixtiyor undagi mungni a’zoyi badanida tuyadi. Va qarshisidagi mag‘rur-u, quvnoq odamga shubha bilan boqsa ham ajabmas.
Uning Boysun manzaralari aks etgan yoki Elbek baxshi aytganidek, hayqirib o‘qiladigan she’rlaridagi shasht ham o‘quvchining diliga ko‘chadi va selday shiddat qoshida shoshib qoladi. Bunday she’rlarni o‘qigan o‘quvchi,
Men bu kech ko‘nglimni tinglab o‘tirdim,
Dardiga chidolmay mungrab o‘tirdim.
Qayga ketdi mening aziz do‘stlarim,
Javobin bilsam ham, yig‘lab o‘tirdim.
degan satrlar ham shu ko‘ngilning teran sadosi ekaniga lol bo‘ladi, so‘ng ishonadi.
Usmon Azim katta mahoratga ega, mozaik shoir. U yurak qirralarining har biriga borib ko‘rgan, yurak cho‘qqilarining har birini zabt etgan, tuyg‘ular tovlanishlariga aldanib qolmagan, aksincha kechimlarning rangin olamini qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan yaqinlikda his etgan va buni qog‘ozga muhr etolgan zo‘r kashshof, katta iste’dod.
“Bahor keldimi?
Gulladimi daraxtlar?
Qushlar sayradimi?
…Sen ketsang ham shunday hol ro‘y beradimi olamda?!!!” – deydi-qo‘yadi u! Lol-u hayratdan karaxt qoladi kishi. Uch-to‘rt satrda odamning butun umrlik so‘rog‘ini, dod-u fig‘onini, pinhon g‘amlarini qanday qilib buncha oddiy qilib, zo‘r aytish mumkin?!
Uning ruhida, oqargan sochlarining panasida bolaligi yashab kelayotganini tuyqus anglab qolaman. (Ha, bir zarur gap: bolaliksiz adabiyot yo‘q. Va bolaligi tark etgan odamda ham adabiyot yo‘q, uni olamning bor go‘zalligi tashlab ketgan. U – achingulik odam.) Chinakam san’atkorgina yashab o‘tadigan dardi silqib turuvchi umrga yondosh bo‘lgan juda katta yashovchanlikning uyg‘un tarziga uning she’rlarigina sharh ayta oladi.
Har kuni she’r yozishga tayyor bo‘la oladigan, o‘ziga kayfiyat topa olishga kuchi yetadigan, she’rni, adabiyotni xususiy mulkiday avaylab, ne bir alag‘dalikda yashashni Haqning hukmi deb bilguvchi va muhimi she’ri hayotiday, hayoti qalami bitganday – bir qirda, bir sirda umr kechirib kelayotgan bu shoir o‘zining olamini qurdi. Uning Men uy emas, She’r qurdim, degan satrlarida juda toza iqror bor. Ustoz munaqqid Ozod Sharafiddinov suhbat asnosida Usmon Azim haqida to‘xtalib, “Abdullajon, Erkinjonlar ham zo‘r shoirlar, lekin Usmon boshqachada”, degan edi. Ana shu “boshqacha” bo‘lish, nazarda turib qololish, o‘zini boricha, ayni damda shu borichani ham yo‘l adog‘igacha yelkada olib borishday zahmatni Usmon Azim ijodiy yo‘lida ko‘rdik, ko‘rib o‘syapmiz.
Bir gal bir mashhurgina shoiramiz “shoirlikning yuki og‘ir, uni ayol boshim bilan yelkalab turibman” degan mazmunda gap aytdi. Unga javoban Usmon akaning aytganlari esda qolarli bo‘ldi: “Erkak boshimiz bilan o‘zimizni she’rga berdik. Bu qurbonlikni qilish o‘zi bir azob bo‘lsa, uni endi unutish o‘zi bir azob. Erkalik emas, erkaklik qildik biz ham!” Zalda kulgi ham ko‘tarilganday bo‘ldi. Ammo darrov, o‘z-o‘zidan bosildi. Bu gap ko‘plarga nash’a qilgandi. Ha, erkak boshi bilan harbiy bo‘lmay, chavandoz bo‘lmay, polvon yoki yoyandoz botir bo‘lmay, hech bo‘lmasa futbolchi, hisobchi yoki traktorchi bo‘lmay shoir bo‘lish qismatini bir o‘ylab ko‘ring. Shoir! Kechalar o‘zi bilan o‘zi sirlashib, qog‘oz qoralab, bu bitiklarini Xudodan boshqaga inonmay yurish va bir gazetadami she’ri chiqsa behad quvonish: “shu zayl chuvalgan taqdirning boshi…” deganlaridek, yo‘l boshida qalam tutib turgan ko‘zlari yongan bolalikni yo‘l so‘ngigacha xafa qilmay, dilini qaro qilmay opichlab kelish bu shunchaki ish emas. Bir gap aytsam ishoning, bu ish farishtalar ishtirokida ro‘y beradi! Yuqoridagi ishlarni esa boshqa odamlar o‘zlari eplashaveradi.
“Ota-ona farzandining shoir bo‘lish orzusida ekanini sezdimi, uni to bu xayoldan voz kechgunicha yoki butunlay asl shoir bo‘lib kamolga yetgunicha har kuni kaltaklab turishi kerak”, deydi bir nemis faylasuf muallimi. Bu gapda chuqur ma’no bor. Iste’dod – intizomdir, degan gap bekorga emas. Usmon aka aytganidek, erkak boshi bilan she’r yozish deganda va qurbonlik deyilganda yuqoridagi fikr-mulohazalar ko‘ngilga qalqib chiqadi va bexos titrab ketaman: bu qanchalar mushkul ish ekan va buni Usmon aka qanday uddalabdi! Shu mulohazalarni davom qildirib bir xulosa qilishga oshiqaman: milliy adabiyotimizga Usmon Azim bergan eng katta narsa she’rning g‘urur, nafsoniyat ekanini anglatganidir. So‘zning taqdirdan olingan qarz ekanini tushuntirganidir. (eh, birovga yo‘lni tushuntirish qanday qiyin bo‘lgan dunyoda, bu odam, ko‘p og‘ir ish boshlagan deb qolaman goho).
To‘qqizinchi sinfdaligimda Usmon Azimning “Saylanma”si nashrdan chiqdi. Garchi shoir bilan tanish bo‘lmasak-da, bu ijodkorni ko‘pdan beri “yaxshilar”, hattoki “eng yaxshilar” qatoriga qo‘shib, o‘zimizniki bilib yurganim uchun bu nashr meni ham quvontirgandi. Keyin u bilan chinakam tanishish boshlangan. Bu “Saylanma” nafaqat men – puchmoqdagi bir o‘quvchi uchun, balki butun o‘zbek she’rxoni uchun juda katta voqea bo‘lgan. Bu kitob millat shoirlarining keyingi avlodiga mayoqday xizmat qildi. Bu kitob Usmon Azim zabt etgan baland cho‘qqilardan biri, shubhasiz. Maktabimizdagi she’rxonlar Usmon Azimning “Saylanma”sini o‘qiganlar va o‘qimaganlarga ajralib qolgan edi. Shoirga Xudo shunday bir mashhurlik keltirdi. Shunday bir sharaf berdi. Mayoqlarsiz, kumirlarsiz bizning holimiz qanchalar nigun! Qanchalar g‘arib bo‘lib qolamiz ularsiz? Ey, Yaratgan! Beraringni kam qilma! Bu nidolar minglab yuraklarning arzidir, asli!
Muallifning keyingi va avvalgi kitoblari ham o‘ziga xos nashrlar. Masalan, “Fonus” to‘plami ham, “Kollaj” to‘plami ham, “Kuz” ham… bularning har birining o‘rni, vaqtga yor bermay kelishlarida ijodiy kuchning va dil taqvosining og‘ir mehnati borki, bejizga mavjud emas. Kitob javonda turib umrini yashab bo‘lgan kitoblar ozmi?
Bu olamda nomingni pok tutib turishning o‘zi bir shtat ish. Ammo zo‘r shoir hamda yaxshi odam degan nomning himoyasi esa yana va yana qiyin. Shu qiyinlik, shu iztirob bilan “toshlari tuproqqa aylangan dunyo”ga boqqan shoir yuragining hayratangiz savolini tinglang: “Nahotki, dunyoning eshigi yo‘qdir, Derazasi yo‘qdir bir zum qarashga?!”
Uning “uchib ketayotib o‘ladi bu qush” degan bir azobli satri bor. Bu satrni tinglash, o‘qish mushkul a’mol. Ovchi dunyo yaralagan bu qush bir burchakda emas, uchib ketayotib jon berayapti. Qush-da! Uning qaysi qush ekanini ham bir muddat dard yutgach anglaysiz. Bu shoirning “Tangrim, yolvoraman, qush qilib yarat, Yerga qo‘nmaydigan qushlar bormikan!?” deya hayqirgan yuragining qushga do‘nishi. Va yarador holida qanot qoqishi. Bu haqda, bu mavzuda o‘ylaganda Usmon Azim ijodida qush timsollari galasiga duch keladi o‘quvchi. Uning “Kuzgi bog‘”, “Yozgi bog‘”laridagi qushlar sayri ruhni parvozga shaylab yuboradi. Qafasning ochilgan tilla eshigidan boshini chiqarib ko‘rayotgan qushning ma’sum tasviri, dunyodan daricha izlayotgan shoir yuragiga juda o‘xshab ketadi.
Ushbu she’rni o‘qing:
Qushga qanot dushmandan
qochish uchun berilgan ekan;
Qushga qanot rizq topish uchun berilgan ekan…
Men esa hur parvoz uchun berilgan deb yuribman.
Yoki mana bu satrdagi sog‘inch yuki, harorati, ulug‘likka talpinishlarni qarang: “Tog‘lar, viqoringiz qalbimda mangu!” Bunday satrni o‘ylab, fikrlab, tajriba orttirib yozish mumkin emas. Buni Xudoyjon yuborgan! To‘rtta so‘zdan iborat qanday baland fard! Qadalgan qilichday turadi! Bu satr bir o‘zi ham yashab ketoladi. Chunki uni paydo qilgan so‘zlar ulug‘! (Tog‘, Viqor, Qalb, Mangu) Va bu so‘zlar uyushib kelgan yurakning shiddati, savti kuchli juda! Tag‘in uning “Yurak bo‘lishi yolg‘onmi odamning ichida?!” degan odamni esankiratib qo‘yguvchi savol-satrlari, “Men uyg‘onsam, ovoz bo‘laman” degan qanotli xabarlari o‘qirmanning o‘lgan hislarini takror tiriltiradi. Bitta odamning o‘limidan ko‘ra bitta tuyg‘uning o‘limi katta fojia. Shu hisobga olinsa, bu satrlar o‘quvchiga Xudoning marhamati ekanini tan olish kerak!
Iste’dodli odam haqida gaplashish, fikrlashish zo‘r mashg‘ulot-da. Qiyin bo‘lsa ham, zavqing halol kechadi. Shunday zavq ta’sirida anglab qolaveraman: chin ma’nodagi professional ijodkorlar juda noyobdir bugun. Aslida doim shunday bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bunday ijod kishilari tabiatning in’omi. Bular Omonxonadagi mo‘jizaviy shifobaxsh buloqlar qanchalik noyob va bobarakot bo‘lsa, shunday tabiat hodisasidirlar. Ammo bizlar hamisha ham mo‘jiza bilan shunchaki narsaning farqiga, boravermaymiz.
* * *
Usmon aka ijodiy hayoti va hayotiy ijodida muntazam, sobit, hamisha mas’ul bo‘lib, 70 yilki she’r bergan hayrat tafti elitib, she’r bilan birga kelayotir.
U biroz yozib, biroz sayohat qilib, biroz davlatmandlik yoki amaldorlikka berilib, yana ijodkorligi esiga tushib, esnagancha o‘tmas qalamini qidirib qoluvchilardan bo‘lmadi. Bo‘lolmadi. Uning umri, yashaganiga qiyosan qopladi.
U ellik-oltmish yil burun termizlik shoir Tesha Saydali nashr ettirgan ilk she’rlaridan bugun ijtimoiy tarmoqlarda taralayotgan satrlarigacha og‘ir, chidash mushkul bo‘lgan yo‘lni ijodiy cho‘kishlarsiz, talafotsiz bosib o‘tdi. Yosh bilan bog‘liq ko‘tarilish va tushishlar uning she’riyatiga daxl qilolmadi. U bunga she’rni ko‘ndirdi. Uning ko‘ksida urib turgan otashin yurak ijodiy qismatga tik boqdi. Bunday muntazam tarzda, baland pafosda shoir bo‘lib qola olishning siri nimada?
Taqdir o‘zbekning bu azamat shoiriga juda katta quvvat, ruhiy bardamlik bergan ekan. Bu quvvat vujudga bo‘y beray demaydi. Vujud ham shu ruhiy savt bilan tengma-teng yurishga intiladi. U doim yaxshi shoir bo‘ldi, doim zo‘r shoir bo‘ldi. Mudom qalamidan adolat va mehr, jonfidolik, jo‘mardlik qoni tomchilab turdi. Nega? Qanday qilib erishdi bunga u? (Bular juda muhim, jiddiy savollardir.) Xudo katta iste’dod va ruhiy kuch bergani, jahoniy adabiyotdan boxabar savodxon bo‘lgani uchungina emas faqat. Bilamizki, hayotda iste’dodi va ijodiy qudrati betakror, ammo zo‘r adib yo shoir bo‘lolmay qolganlar bisyor.
Usmon Azimni bugun adabiyotda chinorday ulug‘ qilgan narsa, avvalo, uning ko‘ngil taqvosidir. Bu taqvo dunyoning kir kunjaklarida ajdaho bosib yotgan tilloday nafsni o‘ziga tortuvchi nimarsalardan o‘zni tiymoqdir. Bu taqvo chin so‘zni aytish lozim bo‘lgan pallada aytolmay, tilni tishlab, uzoq vaqt o‘zini kechirolmay yurishdek og‘ir damlarda buzilgan bo‘ladi. U halol yashadi, yuzing-ko‘zing demay haq gapini aytib o‘taverdi hamisha. “Shoirlari yolg‘on aytsa o‘ladi el” degan satrlarni ko‘ngliga solgan Tangrini yuz-xotir qildi mudom. Doim mard bo‘lib, tanti, jo‘mard bo‘lib qolgani uchun ham taqdir uni ShOIR degan sharaf bilan siyladi. Usmon Azim doim halollikning tarafini oldi, yupun, g‘arib, yo‘qsil bo‘lsa-da, haqiqat tomonda turdi. Har lahza bezovtalik bilan qayg‘ura oldi bu haqda. Qismat uning tanglayiga shoirlikning shunday cho‘g‘li tamg‘asini bosganiga ko‘p bor amin bo‘ldim.
Juda yaxshi ko‘rgan uka-singillarining ham adabiyot masalasida ko‘ngliga qaramadi. Zo‘rini tan oldi, alqadi, qo‘llab-quvvatladi. Yomon bo‘lsa, betiga aytdi-qo‘ydi. Uni yoqtirmaganlar iste’dodsizlar, chin gapni tan ololmaydigan, chidolmaydiganlar. Uni xushlamaydiganlar so‘zbozlik bilan bodilik qilib yurguvchilar. U iste’dodning kamolga yetishi uchun jon boricha kurashdi. Qatag‘on qurboni bo‘lib ketgan qarindoshi Xoliyor baxshining do‘mbirasiday “g‘ay-g‘aylab” doim rost so‘zini aytib keldi bu shoir. Xushlamagan odamidan yoki o‘ziga yoqmagan majlisbozliklardan qochish uchun biror bahona topib bo‘lsa-da tezroq uzoqlashadi, chiqib ketadi. Mabodo, bunday holatda me’yoridan ko‘proq turib qolsa, “portlab” ham ketishi mumkin.
Bu so‘zlarni aytish, yozish, tavsiflab baholash oppa-oson. Biroq bu umrni yashab o‘tish ko‘p og‘ir, birodarlar. Uning “Yaxshilab yashasang bu umr – qiynoq” degan iqrorlari behikmat emas.
Uni Yaratgan Egam ana shu taqvosi uchun baland qildi. “Hasadgo‘y ulug‘ bo‘lolmaydi”, deydi shayx Ahmad G‘azzoliy. Usmon Azim hayoti bilan, ijodi bilan shu hikmatni isbot qildi. Yaxshini ko‘rsa quvonib, alqab, asrab, ardoqlab, nomardni ko‘rsa, ming yillik dushmanini ko‘rganday dili qattiq og‘rib, og‘rinib, unga munosabatini yashirmay aytib keldi u. Odam bolasi bu dunyoda kimgadir o‘xshashni orzu qilishi, kimdandir uyalishi, kimgadir ich-ichidan suyanishi, kimdandir hayiqib, kimdandir andisha qilishi kerak! Va albatta, kimdandir qo‘rqishi zarurat! Bo‘lmasa u tezda nobud bo‘lib ketadi! Shoirning asl ishlaridan biri o‘quvchiga ana shu gaplarni ham eslatib turishdir! U o‘z olamini, oydin qalbini pok tutgani uchun ham Usmon Azim degan nomni bunyod qiloldi. U taqlid qilmadi sira. Falonchidan o‘tishim kerak, degan yoki boshqa biror iddao bilan qalam surmadi, bahs boylamadi.
Uning ijodida “Mamarayim baxshining aytgani” degan she’r bor. Oyog‘ingdagi poyabzalinga qarab baho beruvchi bu dunyoda yalangoyoq yashab, dunyo ustidan shu holidayam kulolgan baxshining holi Usmon Azimning dunyoga qaragan oynaklar ortidagi nigohlarida nihondir.
Tag‘in, ko‘pkarida oti o‘lib, egar-jabduq, qamchisini qo‘ltiqlab g‘amgin qaytgan odamga ayolining bergan taskini qariyb qirq yilki yuraklarni o‘rtab, ulg‘aytirib, mardlik baxsh etib turibdi:
Chavondoz uloqdan qaytdi piyoda,
– Ranglaringiz bir hol, ayting ne bo‘ldi?
– Onasi, dardimni qilma ziyoda,
Onasi, otginam, otginam o‘ldi.
Uchib borar edim misoli shamol,
Otginam qoqildi o‘tmasdan bir pas.
Jasadi ustida turib qoldim lol,
Onasi, otimdan ajraldim, xullas.
Chavandoz xo‘rsindi, uh tortdi og‘ir,
Bir chetga jimgina burdi yuzini.
Balki, u erkak-da, istamagandir
Xotini ko‘rishin yoshli ko‘zini.
Olamni tark etdi oftob-u kunduz,
Chavandoz xo‘rsinar o‘ylar otini.
Eriga boqqancha mayin-u ma’yus,
Gapirmas, o‘ltirar sassiz xotini.
Chavandoz xo‘rsinar, ot qayda endi,
Endi qaydan bo‘lsin u rohat, lazzat.
Xotini ham jim-jit o‘ltirar edi,
Na tasalli berdi, va na nasihat.
Chavandoz xo‘rsinar, tong otar edi,
Eng so‘nggi yulduzlar borardi botib.
Xotini shivirlar: “Hech xafa bo‘lmang,
Sizga ot olamiz uy-joyni sotib!”
Shu she’rni yaqinginada izlab topdim, qayta o‘qidim. Va dedim: shuni yozgandan keyin umuman yozmasa ham bo‘lar edi. Mutlaqo boshqa ishning boshini tutib ketaversa ham bo‘lar edi. Hayrat-u hasrat, dilni g‘ijimlovchi o‘ylar, muhabbat, dunyoning qiziqligi, hisobi buzuqligi, yashashning asl ma’nolari va hakozo hamma narsani topish mumkin bu she’r matnida. Beixtiyor, “Shunday shoirimiz bor-a!” deb yuborasan, odam. O‘sha shoir hanuz yozayotir.
Qanday qilib? Savol qalqiydi yana. Bu shoir tiriklikning yuz burib ketish qiyin bo‘lgan matohlariga parvo qilmadi. O‘zining yorug‘ ijodiy olamiga, aziz oilasiga, pokiza do‘st-u yorlari, shogirdlari qoshiga mard, halol, xotirjam holda yorqin tabassum bilan qayta oldi doim.
Shu sabablidir u juda o‘ktam. Shiddati, jur’ati she’rlaridan toshib turgan shoir. Uning ijodida aralash she’r yo‘q: biroz xudbinlik, biroz tantilik, biroz sevgi, biroz xiyonat qorishiq mavhum satr yo‘q. Chunki bu narsalar uning zuvalasida yo‘q. Uning she’rida olmon shoiri Rilke gado ayol qo‘liga ta’zim bilan gul tutaveradi. Shu pallada dunyoni kalxatday aylanayotgan Stalin-u Gitlerlarning topganlari shu birgina qizil gul qoshida hech ekanligiga qattiq ishonasiz. Bu she’r o‘qirmanga juda katta kuch beradi.
Uning she’ri biror joyda chop etilgan bo‘lsa-yu ism-sharifi tushib qolgan bo‘lsa ham qiynalmay tanib olish mumkin. Uning har bir she’ridan ovozi eshitilib turadi. Bu yaxlit taassurotni, ko‘nikmani she’rxon qalbida uyg‘otish uchun shoir o‘z ijodiy qismatiga sodiq, she’r yo‘liga – imon yo‘liga sadoqatli bo‘lishi kerak. Aksincha biri bog‘dan, biri tog‘dan kelgan ohanjama, pala-partish tizmalar paydo bo‘ladi.
Usmon Azimning doim shashtli, tarang tortilgan yoyday she’riyati uning o‘zigagina o‘xshaydigan suvratidir. Boshqasiga alishib, adashtirib bo‘lmaydi. U sira zo‘riqib yozmaydi. Majburiy, o‘gay satrlarga duch kelmaysiz uning she’rida. Hammasi, shakli-yu mazmundan qat’i nazar, dardi yetilib, vaqti kelgach dunyoga kelgan ijod mahsullaridir. Yana bir narsani e’tirof etish zarurki, bu shoirning til masalasidagi ijodiy ishlari. U so‘zlar, so‘z qo‘shimchalari, qo‘shma so‘zlarni tahlil qildi, yangilarini ko‘p topdi, unut bo‘lganlarin qaytardi – ko‘shish qo‘shdi. Bu masala rosti, tilshunoslarimiz uchun alohida bir tadqiqot.
Usmon akaning yoshi yetmishni qoralab qolgan bo‘lsa-da, sira alamzada bo‘lib, kimni ko‘rsa, poshshodan, jamiyatdan, xullas, hammadan noliydigan bo‘lib qolmadi. Shunaqa bo‘lishiyam mumkin-ku. Andisha ham, nazokat ham uni tark etmadi. Hatto maqtanishi ham o‘ziga xos – boladay quvonadi, tinglovchining ham qulfi dilini ochib yuboradi.
Bunga, bularning barisiga qanday erishdi u? Javob oddiy va lo‘nda: uning doim nazari to‘q bo‘ldi! Uxlaganda oyoq qoqmay uxlaydigan darajada xotirjamlikni bergan mardligi uning qalbini asrab keldi.
Bu juda qiyin ish! Bunday halovatga yetish juda og‘ir kechadi.
“Yomon odamning qalbi afsus-nadomatga to‘la bo‘ladi” degan ekan Arastu. Usmon Azimni o‘ksinib, g‘amgin bo‘lib turganini ko‘rmadim desam ham bo‘ladi. Doim qarsillab turadi u. Soxtakorlikdan qancha uzoq bo‘lsa, kulgusi ham shunchalar tabiiydir.
Usmon Azim she’riyati hamisha ot ustida turib, oriyatini himoya etayotgan yovqur suvoriyning shaxd bilan kelishiga o‘xshaydi.
O‘sha to‘qnazarlik, o‘sha parhez shoir qalbini yalang‘och bo‘lib asraydi. Yalang‘och qalbni she’r farishtalari tark etib ketadi. Tark etgach sira ortiga qaytmaydi. Jaloliddin Rumiy: “Qalb ham vujud kabi yalang‘och bo‘lib qolishi mumkin. Uning libosi taqvodir”, degan. Shoir esa buni boshqacha tarzda izhor etgan: “Ko‘nglingga ayt, umringga loyiq ish topsin!” “Loyiq ish”ni topish zahmatidan qo‘rqmaslik ham odamga ko‘p azoblar, murakkabliklar keltiradi. Ko‘ngilning ko‘ngliga qarab yashash ko‘p mushkul. U yana bir o‘rinda:
Albatta, tog‘ning o‘zi aybdor,
Kim aytdi unga baland bo‘lsin deb,
deya bitadi hasratli tabassum bilan. Bu satrlar ham bejiz emas, bu satrlar ham ko‘ngilning maktublaridirki, undan mudom xabar olish kerak.
…Uning istalgan she’rini o‘qish mumkin. Barchasida nekbinlik, jo‘mardlik, otashin shavq g‘olibdir. Uning biroz horg‘in, dardchil, o‘ychil, kuzgi bog‘dagi sayrday hazin satrlarida ham bir tamoyil ustuvor. Bu – mardona bo‘lib, yengilsa-da, halol bo‘lib, sinsa-da, g‘ujur bilan, ayriliqqa uchrasa-da, nomusiga ega holda, mustamlaka bo‘lsa-da, toptalmay qolishdek shiddatni, jur’atni topgani, o‘ziga, so‘ziga singdirganidir…
* * *
Usmon aka haqida, katta, betakror shoir haqida, zo‘r nosir haqida, ziyrak dramaturg haqida, publitsist haqida bir gap ochilib, gurung boshlanganda hamma gapni aytib tashlashning iloji yo‘q. Masalan, uning esselari o‘zi bir ijodkorga yetadigan, bir necha tadqiqodlarga arzirlik ishlar. Boshqalari ham shunday.
Gap shundaki, men bir kuni Usmon akaning rosa 25 yil avval o‘qiganim bir she’rini eslab, qo‘msab, o‘sha she’rdagi bir satrni sarlavhaga olib nimadir yozishni juda istayotganimni his qildim. Dam olish kuni, choy ichib o‘tirgandim. Ammo ish stoliga yetib borish juda qiyin narsa. Bu yo‘l og‘ir yo‘l. Biroq darding zo‘r kelgach u yerga qanday yetganingni bilmay qolasan. Biroq bu dard bo‘g‘zingga yetgunicha vaqt kerak ekan. Vaqt o‘tdi ham. Bir payt yonimizda, bir shaharda yashab turgan bu shoirni juda ko‘rgim, hech bo‘lmasa sim qoqib bir narsalar haqida gaplashgim keldi. Telefonni qo‘limga oldim. Raqamini ham terdim. Ammo chaqiruv ketmasdan o‘chirdim. Soat kechki 12 ekan. Biron narsa qoralash istagi choshgohda kelgan bo‘lsa, men esa telefonni kechki soat 12 da qo‘limga oldim. Shu holda kun o‘tib ketibdi-da, demak. Tavba. Labim tinmay pichirlab bir satrni aytaverdi: Tog‘ boshiga qor tushibdi, qor…
Bu qor meni 25 yilki sehrlagan. Sobir Yadikov ham peshonasi yarqiragan odam. Shu she’rni shoir unga bag‘ishlagan.
Alqissa, men stoldan bosh ko‘tarib derazadan qaraganimda Parkent tog‘larida qorni ko‘rdim. Birinchi qorlar bo‘lsa kerak. Ochig‘i, tog‘lardan ko‘z uzolmay qoldim. Siz yuqorida o‘qigan, men hali nimaligini bilmay turgan bitiklarimning totli charchog‘ining nomi ham shu ko‘zim ko‘rayotgan tog‘lardagidek qorlarga qorishiq ediki, hayajon keldi. Xudoyim menga bu manzarani in’om qilganiga inondim juda. Yengil bo‘lib qolgandim. Oradan bir tun o‘tib ketgan. Bu tunda men Usmon Azim degan tizmaning bir-ikki jilg‘asiga aylanib keldim. Falak esa sog‘inchli qorini tog‘larga tashlab o‘tibdi. Xudoga shukr! Bor bo‘lsin, sog‘inch! O‘lmasin shoirlar!
* * *
Sobir Yadikovga!
Derazaning pardasin surib,
Tongda boqdim ufqqa bekor…
Men bilmabman beparvo yurib,
Tog‘ boshiga qor tushibdi, qor.
Derazadan tog‘larga qadar
Uzunligi hayotimcha yo‘l.
Bir daraning ustida kaptar,
Charx uradi – qanotlari ho‘l.
Yaraqlaydi qishli, quyoshli,
Nur va qorga belangan olam –
Unda meni jim sog‘inadi
Ko‘zyoshlari tugagan onam.
Derazadan beri – to‘rt devor,
To‘rtovi ham dono, faylasuf:
“Kurashaver! Faqat olg‘a bor!..”
Ular menga ta’lim berar… uf!
“To‘g‘ri” deyman… ammo bir larza
Qalbda portlar – ko‘zdan oqar yosh…
Yuragimda sog‘inch har lahza –
Ulkanlashib borguvchi quyosh.
…Xayr, tog‘lar, ish vaqti yetdi,
Ish!.. bormasam to‘xtaydi zamon.
Bag‘ringizda ko‘rimsiz, mitti
Tepa bo‘lib qolaman qachon?
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 5-6-son