Yigirmanchi asrda ulug‘ adiblarimiz bilan bir qatori fan olamida ham millat iftixoriga aylangan siymolar yetishib chiqdi: Qori Niyoziy, Habib Abdullayev, Obid Sodiqov, Mirzaali Mahammadjonov, Malik Nabiyev, Muhammadjon O‘razboyev, Sa’di Sirojiddinov kabi xalqimizning buyuk farzandlari bilan har qancha g‘ururlansak arziydi. ularning merosini, ma’rifatini keng targ‘ib qilsak, kelajak avlod oldida ma’naviy burchimizni ado etgan bo‘lamiz.
Ma’naviy olamdagi yorqin yulduzlar hayotini yoritishdek o‘ta murakkab, mas’uliyatli vazifani o‘z umri mazmuniga aylantirgan Ozod Sharafiddinovning «Ijodni anglash baxti» kitobi uzoq yillik kuzatishlar, tadqiqotlar, mushohadalar jamlangan yorqin iste’dod namunasidir.
Ozod Sharafiddinov qalamiga mansub tadqiqot va taqrizlar, adabiyotimiz va madaniyatimizning taraqqiyotiga oid asarlar nafaqat soha mutaxassislari, balki biz kabi ziyolilar uchun ham bebaho xazina!
Ozod Sharafiddinov bilan 40 yil davomida muloqotda bo‘lish nasib etganidan, suhbatlarimiz mavzui faqat tibbiyot sohasi emas, balki fan, madaniyat, jamiyat jarayonlari haqida bo‘lganligidan mamnunman.
XX asrning 20-30-yillarida ijod qilgan ulug‘ adib Cho‘lponning asarlarini Ozod Sharafiddinov chuqur tahlil qilib, davr iztiroblarini, shoirga bo‘lgan adolatsiz hujumlarni ochiq-oshkora ko‘rsata bilganligini chinakam olimga xos jasorat namunasi deb tan olish zarur.
Ozod Sharafiddinov yozadilar: «… o‘zini xalqdan ayri holda, zamondoshlarining hayoti, ma’naviy dunyosidan tashqaridaman deb tasavvur ham qilolmaydigan Cho‘lpon deyarli 70 yil davomida qoralab kelindi. Bu davr mobaynida shoir sha’niga aytilmagan bo‘hton qolmadi, yuzlab maqolalarda, kitoblarda, ma’ruzalarda unga «burjua shoiri», «jadid», «mafkurasi buzuq», «bosmachilar kuychisi», «millatchi», «aksilinqilobchi», «Oktyabr inqilobini tushunmagan ovsar», «yoshlar ongini zaharlovchi yot unsur», «xalq dushmani» degan tavqila’nat yopishtirildi. Bir yil emas, o‘n yil emas, salkam 70 yil davomida-ya!»
Shularni yozar ekan, olim haqli bir savolni o‘rtaga tashlaydi: «Nahotki, shuncha yil mobaynida o‘zbeklar orasidan, ko‘p sonli xalq ichidan Cho‘lponni anglay oladigan, uning chinakam ulug‘ shoir ekanini idrok etgan va bu haqiqatni aytishdan cho‘chimaydigan bironta ham orif odam topilmadi?.. Nahotki, bizning odamlarimiz go‘zallik qarshisida shunchalar so‘qir va kar?… Ularning hayoti, fojiasi xalqning ko‘z oldida kechdi-ku! Biroq xalq og‘ziga tolqon solib olgandek churq etmay, sukut saqlardi, oddiy tomoshabin bo‘lib turardi, turardigina emas, kezi kelganda masalaning mohiyatiga yetmay, bilib-bilmay chapaklar chalib: — «Millatchilarga o‘lim!» — deya bo‘g‘ila-bo‘g‘ila xayqirib qo‘yardi!» — deb kuyunib fikr yuritadi.
Ozod Sharafiddinov iste’dodini, kelajakda katta ijodkor olim bo‘lishini Abdulla Qahhordek ulug‘, xalqimiz sevgan adibimiz ko‘ra bilgan va mehr qo‘yib, bag‘riga olgan edi. Abdulla Qahhor suhbatlarining birida Ozod Sharafiddinovni tilga olib: — «Shunday yozmoq kerakki, nosfurush sening kitobing sahifasiga nos o‘rab sotgan bo‘lsa, uyida uni ochib, matniga ko‘zi tushgan odam – «Ie, bu Ozodning gaplari-ku», — deya sahifani ehtiyot qilib, olib qo‘ysin».
Bu haq gapni tan olgan va qadrlay bilgan Ozod Sharafiddinov «…bundek mukammal yozmoq uchun, bu darajada barkamol san’at namunasini yaratmoq uchun ijodkor Abdulla Qahhordek mehnatkash bo‘lmog‘i lozim. Bu esa hammaga ham nasib qilavermaydi. Faqat o‘z Vatanini jon-dilidan yaxshi ko‘rgan, o‘z xalqini har tomonlama barkamol ko‘rishni istagan, ko‘ksida istiqlol yolqini barq urib turgan san’atkorgina bu baxtga musharraf bo‘ladi», — deb qayd etgan edi. Ustozni bunday ulug‘lash va ularga ta’zim qila bilishlik uchun Ozod Sharafiddinovdek adabiyotshunos bo‘lib yetilmoq kerak.
Qadimdan ma’lumki, iste’dodli kishilarga xos fazilatlardan biri — o‘ta kamtarinlikdir. Fanning har sohasida bo‘lganidek, adabiyotshunoslik fanining allomalaridan biri Ozod Sharafiddinovning qobiliyati, ijodi qaysi davrlarda namoyon bo‘la boshlagan? — deb Abdulla Qahhordan bir suhbat davomida so‘raganimda, u kishi — «Adabiyotshunos olimlar ichida yosh bo‘lishiga qaramay, jiddiy fikr yurita oladigan, mustaqil fikr va jasoratga ega Ozoddan adabiyot umid qilsa bo‘ladi, noyob talantli olim», — deganlari hali-hali yodimda. Ulug‘ adibning uzoqni ko‘ra olishlari Ozod Sharafiddinov uchun yuksak umidvorlik va katta xayrixohlik madad bo‘lganligiga, yillar o‘tib, ulug‘ adibimizning orzulari ro‘yobga chiqqaniga hammamiz guvohmiz.
Ozod Sharafiddinovning yozgan asarlari, adiblar to‘g‘risidagi xotiralari endilikda xalq mulkiga aylandi.
Bu odamga xos fazilatlardan yana biri shuki, kundalik ijodiy ishlari bilan barobar kelajakda yoziladigan asarlar bilan xayoli hamisha band bo‘lib kelgan.
2002 yil edi. Kunlarning birida Ozod Sharafiddinov menga telefon qilib: «Maslahatli gaplar bor edi», — deb o‘z huzurlariga taklif qildilar. Shifokor bo‘lganligim uchun, hoynahoy, suhbat Ozod akaning salomatligiga daxldor bo‘lsa kerak degan xayolga bordim.
Yaxshi kayfiyat bilan kutib olgan Ozod Sharafiddinov mehmonxonaga taklif qildilar va bildimki, muddao yangi bir asar yozish ustida ekan.
Suhbatimiz avvalida munaqqid XX asr boshlarida tashkil topgan jadidlar oqimi va jadidlar ilgari surgan g‘oyalar Turkistonda olib borilgan chor siyosatidan jiddiy farq qiluvchi yangi yo‘nalishda bo‘lganini ta’kidladilar. u ham bo‘lsa jadidlar taraqqiyparvar odamlarni o‘z atrofiga to‘plash, xalqning ma’naviy o‘sishini ta’minlash, adabiyot va san’at sohasidagi yangiliklarni targ‘ib qilish, yangi maktablar ochish, bo‘lajak avlod tafakkurini o‘zgartirish kabi katta amaliy ishlardan iborat bo‘lganligini aytdilar. jadidlar mafkurasini yaratganlardan biri — Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev — yangi yozmoqchi bo‘lgan asarining bosh qahramoni ekanligi haqida fikr yuritdilar. Men Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayevning jiyanlaridan biri va u zot bilan muloqotda bo‘lganligim uchun Ozod Sharafiddinov xonadoniga taklif qilinganligimni sezib, biroz g‘ururlandim ham.
Suhbatimiz davomida Ozod Sharafiddinov Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev to‘g‘risidagi ma’lumotlar deyarli to‘liq emasligini aytib, Mustaqillikka erishish yo‘lida jonini fido etgan bunday ulug‘ shaxslar hayotini tiklash zarur ekanligini qayta-qayta takrorlab o‘tdilar.
Ozod Sharafiddinov falsafiy fikr yuritishi bilan ko‘pchilik adabiyotshunos olimlar ichida ajralib turardilar. shuning uchun bu tabarruk insonni adabiyotshunos olimlar sardori deb atagim keladi.
Ozod Sharafiddinov nafaqat o‘z hamkasblari, shogirdlari taqdiriga, balki barcha ziyolilarning hayoti, yaxshi-yomon kunlari, shodlik va qayg‘ulariga hamma vaqt hamdard bo‘lib kelgan.
Ayniqsa, fuqarolarning hayot tarzi, salomatligiga bo‘lgan munosabatlari men shifokorga yo‘llagan satrlarida o‘z aksini topgan:
— «Biz – o‘zbeklar hamma narsani qadrlaymiz, ammo o‘z sog‘ligimizni qadrlamaymiz. O‘z organizmimizga vahshiyona munosabatda bo‘lamiz, yiqilib, to‘shakka yotib qolmaguncha shifokorga murojaat qilmaymiz. Holbuki, arzimagan loqaydlik bilan boshga tushishi mumkin bo‘lgan ko‘p kasalliklarning oldini olishga erinamiz. Sog‘liqqa bo‘lgan e’tibor bizdan hech qanaqa chiqimni talab qilmaydi. Odam o‘zini bolalikdan muntazam chiniqtirib borishi, nafsini tiyib, rasamadi bilan ovqatlanishi, jismoniy ish bilan shug‘ullanishi, ko‘proq piyoda yurishi, mehnatni maromida qilib, dam olishni ham o‘rniga qo‘ya olishi kerak. Shu ishlarni qilsangiz, men aminmanki, 80 yoshda ham ataladay yoyilib ketmay, o‘qlangan miltiqday har ishga shay turasiz. Lekin, ming afsuski, biz shaxsiy gigiyena bobida o‘z sog‘ligimizga insoniy munosabatda bo‘lmay kelamiz».
Olim o‘ta nozik va ta’sirchan tabiatli shaxs sifatida, atrofdagi jarayonlarga hech qachon befarq bo‘lmagan, aksincha, Abdulla Qodiriydek, Cho‘lpondek, Fitratdek, Abdulla Qahhordek ulug‘ adiblar kechirgan iztiroblar olimning qalbini, ruhiyatini azobga solib kelgan.
Bunday ruhiy iztiroblar haqiqatparvar Ozod Sharafiddinovday o‘ta ziyoli olimni befarq qoldirmaganligi, shu tufayli ruhiy iztiroblarga solgani, qalbda tug‘ilgan isyon u kishini qandli diabet kasalligiga duchor etgan sabablardan biri bo‘lgan deb bilaman.
Azal-azaldan sharq odamlariga, ayniqsa, ziyolilariga xos fazilatlardan biri – shogirdning ustozga bo‘lgan ixlosi va hurmatini joyiga qo‘ya bilishidir. Xalq iborasiga ko‘ra : «Ustoz otang kabi ulug‘». Bunday hikmatli iboralar o‘z-o‘zidan yuzaga kelmagan, albatta.
Shogirdning ustozga ixlosi-yu mehr-oqibati, ustozga sadoqati hamma davrlarda ham ibratga sazovor qadriyat hisoblangan. Bu ulug‘ fazilat namunasini Ozod Sharafiddinovning Abdulla Qahhorga bo‘lgan sadoqatida yorqin ko‘ramiz. Uning yozishicha:
«Abdulla Qahhor juda iste’dodli, donishmand va aqlli odam edi. U o‘z davrining mohiyatini ham, adabiyotning san’at sifatidagi tabiatini ham ancha-muncha chuqurroq tushungan. Shuni hisobga olib, uning shaxsiga baho beradigan bo‘lsak, uni o‘sha kezlardayoq istiqlol yo‘lida faol kurashgan o‘tyuraklardan biri, deb aytish kerak bo‘ladi.
U avji turg‘unlik yillarida, hali ham ommaviy qatag‘onlar birozgina tusini o‘zgartirib, aslida mohiyatini saqlab turgan bir sharoitda, haqiqatni erkin aytishga, mustaqil fikrlashga har xil temir qoziqlardan nariga ketishga chorlashdan qo‘rqmagan edi.»
Abdulla Qahhorga, ayniqsa, 60-yillarda, ta’na toshlari otilgan vaqtda Ozod Sharafiddinov hamma vaqt uning yonida hamdard, hamfikr bo‘lib turgani, farzandlaridan ortiq mehr-oqibat ko‘rsatganligi ko‘pchilik ziyolilarga ma’lum.
Ozod Sharafiddinovning adabiyotshunoslik sohasida o‘ziga xos dovyuraklik, jasorat bilan adabiyotga beg‘araz qilgan xizmatlari ko‘p qirralari bilan Abdulla Qahhorning fidoyiligiga o‘xshab ham ketadi.
Ozod Sharafiddinov yozganidek: «Kezi kelganda bir narsani aytib o‘tay, odamlar meni Abdulla Qahhorning shogirdi deyishadi. Ochig‘ini aytganda, men bu unvondan hamisha faxrlanib kelganman. Lekin shu bilan birga, hozirga qadar o‘zimni Abdulla Qahhorning shogirdiman deyishga istihola qilaman. Tilim bormaydi. Biz har qancha u odamga yaqin bo‘lmaylik, lekin Abdulla Qahhor iste’dodi jihatidan ham, aql-zakovati bobida ham, odamgarchilik masalasida ham bizdan bir necha barobar yuqori turar edi. Har qancha yaqin bo‘lmaylik, oramizda hamisha ko‘rinmas bir masofa saqlanib qolardiki, uni bosib o‘tishga haddimiz sig‘mas edi. Shuning uchun hatto hozir ham men o‘zimni baralla u kishining shogirdiman deb aytsam, oramizdagi o‘sha masofa qisqarib qoladiganday, men u kishini buyukliklariga sherik bo‘layotganday bo‘laveradi. Nazarimda: «Abdulla Qahhor shogirdi» degan maqom shu qadar yuksakki, bunga sazovor bo‘lmoq uchun menga o‘xshagan odamlar umr davomida harakat qilishlari kerak bo‘ladi».
Aslida, «ziyoli» degan mo‘tabar tushunchani har bir kishi o‘zicha talqin qilishi mumkin. Birovlar oliygohni tamomlab, diplom egasi yoki fan doktori bo‘lsa, minbarlardan turib: — «Biz ziyolilar…», — deb qayta-qayta takrorlaydilar-u, ayni vaqtda faqat o‘z mutaxassisligi doirasida fikr va mulohaza bayon etadilar. Vaholanki, «ziyoli» degan tushuncha ko‘p qirrali mazmunga ega. «ziyoli»man deb fikr qilgan odam, «ziyoli» so‘zining o‘n qirrasidan bir qirrasini ham to‘la egallamagan bo‘lishi mumkin.
Men bir necha o‘n yillar davomida muloqotda bo‘lgan olimlar ichida katta kashfiyotlar yaratgan, bir necha o‘nlab shogirdlar tayyorlab, ilmiy maktab yaratgan allomalarni – «ziyoli shaxslar» — deb atagim keladi. Ularning ayrimlarini maqola avvalida tilga olib o‘tdim.
Ular bu ulug‘ e’tirofga arzigulik shaxslardir. Binobarin, yuqorida aytib o‘tilgan allomalar o‘z sohasining buyuk olimlari bo‘lishi bilan birga hamisha xalq dardi bilan yashab, yurtning rivoji, farovonligi, taraqqiyoti uchun muhim hissa qo‘shganlar.
O‘zbek millatining g‘ururiga aylangan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Oybek, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzodalarni ulug‘ adib bo‘lishlari bilan birga buyuk xalqparvar, «ziyoli» martabasiga ega bo‘lgan siymolar degim keladi. Ana shu zotlar qatori Ozod Sharafiddinov ham «ziyoli olim»ga xos barcha olijanob fazilatlarni o‘z siymosida mujassam eta olgan dadil tafakkur egasi edi.
Bu fidoyi zot yetuk adabiyotshunos shogirdlar tayyorlashda ham jonbozlik ko‘rsatdi.
Ustoz yo‘lidan kelayotgan shogirdlar qatorida fan arbobi, professor Umarali Normatov, professorlar Abdug‘afur Rasulov, Sanjar Sodiq, fan nomzodlari Qodirjon Pirmatov, Ortiqboy Abdullayev, Qosimjon Usmonov, Boybuta Do‘stqorayev, To‘lqin Yo‘ldoshev, Rahmon Qo‘chqor, Juma Chig‘atoy, Bobur Alimov, Rustam Sharipovlar bor. Ular Respublikaning deyarli hamma viloyatlaridan Ozod Sharafiddinovga ixlos qo‘yib kelgan shogirdlardir. Endilikda ular ham o‘ta murakkab adabiyotshunoslik fanini rivojlantirib, ustoz g‘oyalarini davom ettirib, ustozga bo‘lgan sadoqatlarini namoyish qilib kelmoqdalar.
Ozod Sharafiddinovning insoniy fazilatlari haqida gap ketar ekan, yana bir xotirani tilga olib o‘taman. 2003 yil 7 avgust kuni — yirik faylasuf olim Erkin Yusupov olamdan o‘tdi. Marhumni oxirgi yo‘lga kuzatish oldidan bir qator olimlar Erkin Yusupov xotirasiga bag‘ishlab vido so‘zlarini aytishdi. olimning insoniy fazilatlari, fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqida samimiy fikrlar bildirildi. Dafn marosimida Ozod Sharafiddinov ham so‘zlab, Erkin Yusupov o‘z hayotini millatning ravnaqi uchun bag‘ishlaganini, bu fidoyi olimning vafoti o‘zbek fani uchun juda katta yo‘qotish bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Ozod Sharafiddinov o‘z so‘zlarida o‘ta e’tiborga sazovor bu umr yo‘li silliq kechmagani, ayniqsa, 1980 yilda uni “millatchi”likda ayblab, boshiga tuhmat, malomat toshlari yog‘dirilgani oqibatida og‘ir kunlarga duchor bo‘lganini hayotiy misollar bilan aytib berganida, yig‘ilganlar kuchli iztirob bilan tinglagani sira esimdan chiqmaydi.
Muxtasar qilib aytganda, Ozod Sharafiddinov ulug‘ alloma, o‘zbek millatining g‘ururiga aylangan umri boqiy inson, tom ma’nodagi ziyoli sifatida zamondoshlar qalbida mangu yashaydi. U kishining fan, adabiyot oldidagi xizmatlari, o‘lmas jasorati kelajak avlodlarga o‘rnak va andoza bo‘lib qolaveradi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 10-son